OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomi«Sholoxovning ashaddiy muxlisi edim»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm29KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 32-33-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Sholoxovning ashaddiy muxlisi edim»
Shukur Xolmirzayev

— Shukur aka, oldindan uzr soʻramoqchiman: men ijodingiz bilan batafsil tanish emasman. «Sharq»da tanlangan asarlaringiz nashr qilinayotgan ekan, xudo xohlasa oʻsha jildlarni astoydil oʻqish niyatim bor. Meni hayratga solgan narsa «Boychechak hidlang, amaki!» esseingiz boʻldi. Bu haqda uch-toʻrt yillar muqaddam — ilk tanishganimizda — oʻzingizga aytganman. Oʻsha vaqtda Siz bilan suhbatlashish imkoniyati tugʻilgan edi. Hayron qolganim: esseda sxematizmning umuman koʻzga chalinmaganligidadir. Hozir aksariyat yozuvchilar, hatto modernchilar ham sxematizmdan batamom qutula olishmayapti. Siz bunga qanday erishgansiz?
— Attang, mening yozganlarim bilan deyarli tanishmas ekansiz. Tanish boʻlganingizda, masalan, «Boychechak hidlang, amaki!»ni oʻqib hayron qolmas edingiz. Axir, mening butun ongli hayotim — ijod bobidagi izlanishlarim — mumkin qadar soddalikka yetishish, asar voqealarining mumkin qadar hayotga va uning tabiiy jarayonlariga oʻxshashligiga, qolaversa, asar gʻoyasi — badiiy niyatning ham ana oʻsha voqea-jarayon tizimidan beixtiyor sitilib chiqishi yoʻlida kechib kelayotir. Maqtanish boʻlsa-da, dangal aytaman: bu izlanishlarni Sintezga erishish, deb baholasangiz ham boʻladi.

Endi bu da’voyimni andak misollar orqali sharhlab bersam, nima deysiz?

Illo, talabingiz ham — shu.

Kimdan misol keltirsam ekan? Keling, rus adabiyotining otasi — rahmatli Pushkindan tushaylik. Ma’lumingiz, Lev Tolstoy ham «Pushkindek yozish kerak», deb orzulab oʻtdi. Xotirangizda boʻlsa, Pushkinning «Belkin qissalari»da bir joʻngina jumla bor: «Yozgi ta’til boshlandi. Peterburg boʻshab qoldi. Shaharni soʻrab turganlar dala-hovlilariga koʻchib chiqib ketishdi». «Ana shunday yozish kerak, — deb xitob qilgan edi rus nasrining allomasi. — Naqadar sodda va joʻn, va ayni haqiqatning oʻzginasi!» Xuddi shunday.

Endi Aleksandr Sergeevichning bu soddalikka qanday qilib yetishganini kuzatar boʻlsak, uning proza yozmasidan burun proza-nasr haqida yozgan ayrim maqolalari yodga tushadi. Ilkinchi maqolasida u shunday yozadi: «Masalan, tunda qabristonni tasvirlash lozim boʻlsa, nega endi: «Osmonda oy koʻrinmas, bulbullar sayramas edi», deb yozish kerak? (Masalan, Karamzin ham shunday yozar ekan.) «Osmon bulutli edi, qabristondan chigirtkalarning chirrillashi eshitiladi», deb borini yozish mumkin-ku? — Bu gapdan keyin Pushkin janoblari chatnab ketadi: — Yoʻq, albatta, bulbulni, oyni eslatish kerak... — Keyin shunday xulosa chiqaradi: Borni bordek qilib yozishni yozuvchilarimiz hali bilishmaydi. Eng dahshati shundaki, rus kitobxoni ham bunday joʻn-sodda prozani («golaya proza») tushunmaydi...»

Pushkin ana shu izlanishlardan keyin, xususan, Mixaylovskiyda bir-ikki yil ta’qibda yashab, ozod boʻlgach, shu yillar davomida oʻqigani — ikki arava kitobni (bu kitoblarning aksari ingliz, frantsuz va nemis tillarida boʻladi) Maskovga joʻnatganidan keyin markazda «Literaturnaya gazeta»ni tashkil etgach, oʻz prozasini yoza boshlaydi. Ha, Pushkinning prozasi — sodda, juda-juda ochiq, qitmirligu ortiqcha psixologizmdan (kavlashtirishlardan) xoli prozadir. Va bunga osonlikcha erishgani yoʻq, albatta.

Yoxud oʻtgan asrning dunyo adabiyotiga meteordek kirib, deyarli butun olam adabiyotlarida taqlidchilari paydo boʻlgan, oʻquvchilarni esa daf’atan hayron etgan Ernest Xemingueyning oʻtaketgan sodda nasriga nazar tashlaylik. Tavba, butun boshli asar faqat dialogga qurilgan deysiz. Toʻgʻri-toʻgʻri, odamlar odatda shunday gapirishadi. Ammo bu gaplarni deyarli natural holda oʻqish — bora-bora odamni zeriktirar ekan. Va oʻquvchi: «Axir, bular nega oʻylamaydi hech?!» deb ham hayron qola boshlar ekan. («Xeminguey «aysberg koʻrinishiga qiyosan yozgan», har bir dialogining tagida olam-olam ma’no bor. Yozuvchi ongli ravishda oʻsha ma’nolarni anglashni oʻquvchiga havola qiladi!» deb koʻpirib maqtagan tanqidchi-olimlarning soʻzlarini bir chetga qoʻyib turaylik.) Gap shundaki, bu xil — sovuq, dialogga qurib asar yozish keyinchalik Xemingueyning oʻziga ham yoqmay qoladi. Va: «Men eksperiment qilgan edim-ku? Taqlidchilar buncha koʻpayib ketdi!» deya, oʻz kamchiligini mana bu tarzda tan oladi: «Men tuygʻular oqimini yaxshi bilolmas edim, shuning uchun uni yozishdan qochardim. Masalan, oʻlim oldidagi kimsaning holatini tasvirlash kerak boʻlib qoldi. Bu narsaga oʻsha kimsaning ichki olamini tasvirlamasdan erishib boʻlmaydi. Ispaniya urushiga ketishimning bosh sababi ham shunda...»

Xeminguey «Chol va Dengiz»dan keyin ochildi. Ayniqsa, uning vafotidan keyin chiqqan — «Xeminguey — gazetachi» degan maqolalar toʻplamiga kirgan «Miss Merining arsloni» qissasida (bu qissa yozuvchi hayotligida bosilib chiqmagan) Ernest Xeminguey — batamom boshqacha, lirikaga (lirikaga!) yoʻgʻrilgan, tabiat tasvirlarini qayta-qayta oʻqiging keladigan, ayoliga behad mehribon va kamsuqum, oʻta ta’sirchan va olijanob bir Inson-Yozuvchi boʻlib koʻrinadi.

Mobodo oʻsha qissani oʻqigan boʻlsangiz, Bahromjon, eslarsiz. Xeminguey Keniya hukumat boshliqlari bilan kelishib, mahalliy aholiga koʻpdan-koʻp ziyon yetkazayotgan odamxoʻr arslon, qoplonlarni ham otish uchun «safar»ga (qiziq, oʻzimizdayam safar — safar, a?) xotini Meri bilan boradi va Meriga arslonni... ottiradi. Ayol sezadiki, oʻqi yirtqichga tegmaydi, «Yoʻq, sening keyin otgan oʻqing uni yiqitdi», deb turib oladi. Xeminguey boyaqish tavallo qiladi: «Yoʻq, sening oʻqing tekkan edi. Lekin qochib qutilishi mumkin edi, keyinchalik oʻlsa ham. Ana shuning uchun men ham oʻq boʻshatdim», deb yalinadi ham. Voy, qanday shirin asar. Xemingueyni biram yaxshi koʻrib ketasizki!.. Axir, «Xeminguey — sovuqqon odam, shafqatsiz odam! Yozuvchi sifatida ham shunday...» deyilgan yorliqlar hamon bor.

Xullas, Xeminguey ham Hayotni oʻzidek qilib tasvirlamoqqa erishish uchun koʻp zahmat chekkan.

Men bir zamonlar Mixail Sholoxovning ashaddiy muxlisi edim. «Tixiy Don»ni ruschasida yalab oʻqiganman. Uchinchimi-toʻrtinchi oʻqishimda gʻalati holga tusha boshladim. Masalan, adib yozadi: «Gʻarbdan — bulutlar orasidan shamol esdi...» Demak, Gʻarbdan shamol esibdi. Qiziq, nega Sharqdan emas? Demak, bu yerda bir gap bor... Kuzatib borsam... hech gap yoʻq. Demak, shamolning yoʻnalishini tasvirlaganda ham Asar voqeasiga daxldorligi koʻzda tutilishi kerak, degan xulosaga keldim. Keyingi kuzatishlardan fahmlab qoldimki, «Tinch Don» romanining taxminan toʻrtdan bir qismi tabiat tasviridan iborat ekan. Demak, Tabiatni u oʻziga xos obraz darajasiga koʻtargan. Bu hol — oʻz-oʻzicha yaxshi, albatta. Ammo asar mazmuniga qanchalik daxldorligi — jumboq. Shu tobda ustoz Abdulla Qahhorning (u kishi tabiat tasviriga oʻta xasis edilar) mumtoz hikoyalaridan biri — «Ming bir jon»dagi tabiat tasvir(cha)i haqida aytganlari yodimga tushib ketdi. Eslasangiz, asar qahramoni Saida kasalxonada ogʻir yotibdi. Oʻlikrang... Kech kuz. Derazadan bulutli osmon koʻrinib turadi. Quyosh ba’zan bulutlar ortida koʻrinmay ketadi. Qahhor shu tasvir haqida gapirib: «Quyosh bulutlar ortidan chiqqani menga kerak edi. Chunki oʻsha paytda Saidaning murdarang qiyofasi yaqqol koʻrinadi...» Siz quyoshu bulutlar tasviriga shunchaki «kuz havosi-da», deb qaraysiz. Ammo oddiy kuz havosi ham bejiz tasvirlanmagan ekan... Yoxud Abdulla Qodiriyning «Oʻtgan kunlar» romaniga material jamgʻarish asnosi eski qabristonda bir tunni oʻtkazganini eslang. Boyqushlar... Asar soʻnggida juda kerak boʻlarkan-da.

Attangki, yoshi bizdan ulugʻ yozuvchilarimiz ijodidan bunaqa misollarni topish mahol. Chunki, nazarimda, ular «YOZISH» haqida kam oʻylaganlar va deyarli izlanmaganlar. Darvoqe, Hamid aka (Hamid Gʻulom) bir uchrashuvda shunday degandilar: «Ba’zan tabiatning chiroyli koʻrinishlarini yondaftarga yozib olish kerak. Chunki roʻmoningizga bemalol kiritib yuborishingiz mumkin...»

Bu gapning xulosasi — oʻzingizga havola.

Qisqasi, Hayotning oʻzidek qilib Yozish-tasvirlashga zoʻr mashaqqatlar, izlanishlar oqibatida erishiladi. Men bunga qanchalik erishganman — buyam oʻzingizga havola.
— Umuman, shunaqa savollarni berishimizga bois yozuvchi shaxsiyati haqida koʻp yozgansiz. Odil Oʻqubov, Oʻlmas Umarbekov, Uchqun Nazarovlarning ham boshqalarga oʻxshamagan jihatlari asarlaringizda aks etgan. Shu oʻrinda bir qiziq holat. Oʻzbek mentaliteti bu yangligʻ ochiqlikni qabul qilmasmikan yo? Ana oʻsha sabab bois Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat, Oybek, Gʻafur Gʻulom shaxsiyati jumboqlari biz uchun mavhum. Hozirgi katta avlod vakillari ham sirli tuyuladi. Anchayin sipo. Lekin bunday hodisot qachongacha davom etmogʻi mumkin? Qachon biz ularni oʻzimizga oʻxshagan rosmana odam ekanliklarini, deylik, ishq-muhabbat bobida ham barqaror emasligini hayotiy faktlar asosida bilamiz? Chingiz Aytmatov «asror daftari»ni ochdi. Oʻzbek yozuvchilari ham bir kunmas bir kun «ochilarmikanlar»?
— Avvalo, «oʻzbek mentaliteti» haqida. Siz uning eng xarakterli jihatiga tegib oʻtgansiz va gapni yozuvchilarga burgansiz... Men ana oʻsha «istisno» darajasidagi xarakterli jihat (balki sifat!) haqida ikki ogʻiz soʻzlasam.

Bu «oʻzbek» deganingiz yuzlab urugʻu qabilalardan tarkib topgan boʻlsa-da, shunday bir mushtarak jihatga egadirki, u haqda oʻylab oʻyingizga yetolmaysiz.

Bu mushtarak jihatning nomi-atamasi — nima? Or-nomusmi (bu tuygʻularning behad kuchli ekani va xalq uni mahkam tutishimikan)? Yoki «oʻzim kal boʻlsam ham — koʻnglim nozik» deganlaridek Gʻururning (or-nomus ila bogʻliq, balki shu tuygʻular zamiridagi Gʻururning-da) oʻta kuchli ekanidamikan? Ajab, bu borada asrlar davomida ishlanib, quyma holga kelgan maqolu hikmatlari ham serob. Masalan, «Er yigitning uyalgani — oʻlgani. Uyat — oʻlimdan qattiq. Uyat-e, uyat...» yoki «Nomussiz hayotdan nomusli oʻlim afzal. Nomuslarga oʻldim... Benomusda hayo nima qilsin? Orimni olib kelding, bolam...» va hokazolar.

(Kechirasiz, «eshak eshakdan orqada qolsa, qulogʻini kes!» degan gap ham bor.)

Agar oʻsha biqiq va teran tuygʻuning nomini «Or-nomus» deb dangal ataydigan boʻlsak, buning sharhiga misollar toʻlib-toshib yotibdiki, har qadamda uchratamiz va olimona fikr qilsak: «Ha, oʻzbek mentalitetining asl belgisi shu-yov!» deganimizni bilmay qolamiz. Mana, Sizga bir necha misollar keltiraman. Chunonchi, bir faqir oilani koʻz oldingizga keltiring. Uyiga mehmon keldi. Uy xoʻjasiyu bekasi nima qiladi? Shoshib, hayajonga tushib, dasturxon tuzash taraddudini boshlaydi. Uyida bir kaft uni yoʻgʻ-u, qoʻshnidan bir juft boʻlsa-da zogʻora non olib chiqib, dasturxonga qoʻyadi. Agar bir yovgʻon piyova pishirayotgan boʻlsa, oʻlganning kunidan qozonga yarim choydish objush quyib yuboradi. Va mehmon berajak odatdagi savollarga: «Yaxshi, juda yaxshi...» deb javob beradi. Oʻzining kambagʻalligini bildirmaydi, aniqrogʻi, yoʻqsilligini yashiradi... «Voy, bu qanday oila boʻldi?» deb hayron qolasan kishi. Nima, bir zamonlar bu oila — bagʻoyat boy, dasturxoni ashir-nashir edi-yu, endi faqirlikka tushib qolibdi hamki, otsiz chavandozdek egardan tushmas ekanmi? Bu yerda uyat hissi ham bor: illo, kambagʻalligini... uyat qilib ketmasliklarini istaydi. Vo, ajab!

Yana shunday mehmondoʻstlik ham bor: mehmonning kelishi ma’lum boʻlsa, bir hafta burun hozirlik koʻra boshlanadi: qarz-havola qilib, barcha noz-ne’matlar muhayyo qilinadi. Kelgan tansiq mehmon bu xonadonga... qoyil qolib ketishi mumkin (ayniqsa, u xorijlik boʻlsa). Mezbonlar xursand boʻlib, ularni kuzatib qolishadi. Keyin, keyin esa, oylab qarz-havola toʻlanadi. Oʻsha kezlar xonadonda qozon ham qaynamaydi: qozon suvga tashlab qoʻyiladi.

Vey, nega bunday qilar ekan-a?

Endi deng, toʻylarni olib koʻraylik. Toʻy, toʻy, toʻy... Oʻzbekning nimasi koʻp — toʻyi koʻp: oʻgʻil toʻyi, qiz toʻyi, beshik toʻyi... Hatto bir zamonlar oʻsmirlarning moʻylabi qirilishi-da marosim boʻlib, toʻychuq berilgan. Hatto bir kimsaning oʻgʻli boshqa bir kishining oʻgʻli bilan doʻst kirishar ekan, bu ham marosim tusini olib, boʻlajak joʻralarga boshdan-oyoq sarupo kiygizilar, rosmana toʻycha berilar ekan. Tabiiyki, unday doʻstlik tom aylanguncha emas, abadiy boʻlarkan. Navoiy bobo bilan Husayn Boyqaroning doʻstliklari esga tushib ketdi-e... e, nimalar deyapman? Alpomish bilan qalmoq farzandi Qorajonning doʻstligini eslang. Tushida Alpomishga ixlos qoʻyib, u ila doʻst kirishgan va oʻngida ham shu hol sodir boʻlgan Qorajon doʻsti uchun... oʻz qalmoqlariga qarshi turadi, hatto ular bilan soʻkishadi. O, yana esga tushdi: huv rivoyatdagi doʻstni eslab koʻring. Aybdorning — ya’ni, dorga tortilishi lozim boʻlgan yigitning oʻrniga kim osilishga rozi boʻladi, deb poshsho savol tashlaganda, oqibat, kim oʻrtaga chiqadi? Aybdorning doʻsti.

Qiziq, qadimgi grek-yunonlarning tilida «doʻst» degan atama boʻlmagan ekan. Ammo shunday tushuncha mavjud boʻlib, u «qarindoshlik» degan ma’noni ifodalar ekan.

Ha, gapimiz toʻy haqida edi. Bahromjon, gapni choʻzmasdan aytib qoʻya qolay: «Elga katta toʻy beraman» deb beli mayib boʻlgan millatdoshlarimizdan nechasini bilasiz?.. Ha, bilarkansiz. Toʻgʻri, endi bugungi bozor iqtisodi sharoitida, aniqrogʻi, «tejamlilik shart va zarur» boʻlib qolgan sharoitda katta toʻylar ortiqcha sarf-xarajatlari bois matbuotda, televizorda tanqid ostiga olinyapti. Mahallalarda «oʻrtacha toʻylar qilish» aftidan urfga kirayapti.

Ma’qul, durust... Ammo meni shu tobda bunaqangi toʻy-ma’rakalarga u yoki bu darajada munosabat bildirish emas, balki... shu urflarning ijro etilishi ila bogʻliq Odat, uning mohiyati, uning milliy xarakterdan kelib chiqayotgani, pirovardi, bu hol – milliy mentalitetning azaliy belgisi ekani qiziqtiradi.

Endi, Bahromjon uka, Siz sanagan mumtoz adiblarimiz — Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat, Gʻafur Gʻulomlarning oʻzlari va yor-doʻstlari haqida deyarli ochiq yozib qoldirmaganlariga kelsak, bu «jumboq»ning siri ham oʻsha «mentalitet»da emasmi, deb oʻylab qoldim.

Qolaversa, «ochiq-oshkor» esselar bitish oʻshanda rasm boʻlmagan. Ammo, birodari aziz, ular bu xususda boshqacha yoʻsinda yozganlar. Masalan, Fitratning «Hind sayyohi sarguzashtlari» asariga koʻzingiz tushgandir. U hind sayyohi tilidan bor borligʻini, dardu hasratini ochadi. Xoʻsh, Boburni eslasangiz-chi? Balki Sharqda «ochiq yozish» mumkinligini ul buyuk haqiqatchi boshlagandir-u... Qarang, Bobur oʻzining eng yomon odatlarini ham qoralab yozgan-a? Qaysi bir bozorda qandaydir bir oʻsmirning orqasidan tushgani esingizdami?

O, uncha-muncha realist ham tilga chiqarmaydigan sir edi-ku!.. Boshqa mumtoz adiblarimiz oʻzlari xususida badiiy asarlarida yozib qoldirishgan. Oybekning «Bolalik» asarini eslang. Hatto Qodiriy ham «Oʻtgan kunlar»da asar voqeasini toʻxtatib qoʻyib, ushbu voqealarning ma’lum bir qismini oʻz otasidan eshitgani haqida soʻzlab ketadi...

Ul mumtozlardan keyingi avlod yozuvchilari bu borada batamom mum tishlab kelishlarini... oʻzim ham tushunmayman. Ammo, nazarimda, ular bir-birlari haqida yozsa, faqat qoralar edi. Va tabiiy, oʻzlarini oppoq qilib koʻrsatishar edi...

Mana, Said Ahmad aka bu yoʻrigʻda bir necha xotiralar yozdilar. Mirtemir domla haqida, Turob Toʻla haqida, yana... Ammo oʻzlari haqida deyarli ogʻiz ochmadilar. Nazarimda, ogʻiz ochmaydilar ham. Hatto bir-ikki oylik qamoqdagi hayotlari haqida ham tuzukroq bir nima bitmadilar. Oʻrisning Soljenitsini esa naq epopeya yaratib qoʻydi... Yoʻq, biznikilar undaylardan ham ibrat olishmaydi... Darvoqe, Ozod Sharafiddinov bu borada ancha dadil va rostgoʻy chiqdilar. «E’tiqodimdan qaytishim...» asarini eslang.

Shu tobda boshqa bir fakt esimga tushdi. Bundan besh-olti oy burun domlamiz Laziz Qayumovning «Biz bilmagan Hamza» nomli maqolasini «Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati»da oʻqidim. Haqiqatan ham biz bilgan Hamza – deyarli toʻqilgan Hamza ekan.

Laziz akam oʻz «kashfiyot»larini shunday misollar orqali isbotlaydilar, Hamzaning shunaqangi «turkona» she’rlarini misol qilib keltiradilarki, yoqa ushlaysan kishi.

Ammo maqolaning biron joyida, masalan, «Men shu narsani bilardim. Ammo vaqti zamonida aytolmasdim», degan anchayin ilovani ham uchratmaymiz!

Axir, Laziz Qayumov «Biz bilmagan Hamza»ni bugun kashf etmadilar-ku! Axir, u kishining deyarli butun ijodi, ilmiy faoliyati Hamzaga bagʻishlangan edi...

Ochiq yozsalar, qanday suyumli boʻlardimi!

Bu tarzda koʻngil ochmaslikni... nima deb baholash mumkin? Ichki sirni koʻchaga chiqarmaslikmi bu?

Balki bunday harakatning-da ildizi... «milliy mentalitet»dadir? Hay-hay, unday emas-ov, deging keladi... Axir, Ozod aka ham — shu oʻzbek xalqining (Bobur kabi) farzandi. Darvoqe, Matyoqub Qoʻshjonovning «Degish» degan xotiralariga koʻzingiz tushdimi? Kattagina kitob. Aytish mumkinki, tarjimai holga oʻxshab ketadigan esselar toʻplamidan iborat. Domla unda oʻzining qaysarligi, hatto bir qizdan «...Oʻlganing yaxshi!», degan qargʻish eshitganlarini ham ochiq yozgan... Yana yozayotir...

Aytmoqchi, bu yoʻrigʻda yana bir misol. Olim va dramaturg Izzat Sulton (Xudo rahmat qilgan boʻlsin) bundan necha yil ham muqaddam Oʻzuvchilar bogʻida menga bir kitobcha tutqazdilar. «Yassaviy tariqati haqida. Qirq yil oʻylaganman, ana shuning hosili. Bir oʻqib koʻr-chi», dedilar. Domla ilgari bunaqa kitob-pitob bermagandilar menga. Darhol tadqiqotni oʻqiy boshladim. Vay, oʻzim boshqa olimlar, dinshunoslar asarlaridan oʻqib bilganlarim... Toʻgʻri, yana nimalardir bor. Tahlillar ham uchraydi. Ertasi kuni domlaga yoʻliqdim. «Oʻqib chiqdim, — dedim. — Lekin oʻzingiz yoʻq-ku, asarda?» «Kak eto tak?» — dedi u kishi. «Vot tak, — dedim men. — Izlandim, oʻrganib yurdim, degan gaplarni ogʻzingizdan eshitdim, xolos. Asaringizda bu gaplar yoʻq. Axir, siz Yassaviyni bir shaxs, Sovet olimi sifatida oʻshanda qanday qilib...» «Tushundim, tushundim, — dedilar domla. — Sen menga yaxshi mavzu berding. Ikkinchi kitobim ana shunga bagʻishlanadi. Yassaviyni qabul qilish jarayonimni... Qiziq asar boʻladi».

Afsus, oʻsha suhbatdan keyin ham uch-toʻrt yil yashadilar. Ammo yozmadilar. Menimcha, yozolmas ham edilar.

Bahromjon, savollaringizga birmuncha javob berib boʻldim. Endi, oxirgi gapingiz — «...ularning (adiblarning) rosmana odam ekanliklarini, deylik, ishq-muhabbat bobida ham barqaror emasligini hayotiy faktlar asosida qachon bilamiz?» deb soʻraysiz.

Sizga qarshi savol: «Shularni bilishingiz judayam shartmi, uka?». Odatda, unday sirlar — koʻngilning mulki boʻladi. Uni hadeganda bozorga chiqarishavermaydi. Xususan, biz — Sharq erkaklari. Boringki, buyam oʻsha «milliy mentalitet»ga kirar?..

Endi, Chingiz Aytmatovning «asror daftari»ga kelsak, kamina uni mutolaa qilayotib, koʻp bor xijolat tortdim... Vey, birodar, Adibning qalbida kitobgayam chiqmaydigan qandaydir muqaddas sirlar qolishi kerak-ku?!

Lekin, doʻstim, boshqa bir haqiqat – tom haqiqatdir. Ya’ni, yozuvchi-adibning barcha beqarorliklari ham uning asarlarida (yoʻli bilan) aks etadi.

Bu hol, ayniqsa, Shoirlar ijodida yaqqol koʻrinadi. Siz Mirtemir domlaning «Surat» poemasini oʻqigandirsiz? Oʻsha – boʻlgan voqea. He, boshqa shoiru shoiralaringizning ham yozganlarini chinakamiga oʻqib va uqib tahlil etilsa, ularning-da barcha ishqiy sarguzashtlarini bemalol bilib olsa boʻladi.
— Oʻsha savollarning uzviy davomi: xalq ertakmonand yozilgani bois «Oʻtgan kunlar»ni berilib oʻqigan. Hozir ham shunday. Qodiriy mahoratiga zarracha til tekkizmagan holda aytish mumkinki, rosmana turmush bunday kechmaydi. Misol tariqasida «Kecha va kunduz» romanini tilga olamiz. Miryoqub — haqiqatan ham yashagan, yashayotgan odam. Ana endi savol tugʻiladi: Qodiriy va Choʻlpon adabiyotni tushunish jabhasida oʻzaro muxolif boʻlmaganmikanlar? Masalan, Fridrix Nitsshe ideal odamni tan olmagan. «Qanaqasiga? Buyuk odam? Men uning timsolida oʻz idealini qoyil-maqom qilib oʻynayotgan aktyorni koʻraman», deb yozadi u...
— Men muddaongizni tushundim. Ayting-chi, Sotti Husayn bilan Qodiriyning munozarasini oʻqiganmisiz? A-a, men oʻqigansiz ekan, deb oʻylovdim. Oʻshanda, «Oʻtgan kunlar» romani e’lon qilinganidan keyin oʻsha zamonning zukko tanqidchilaridan Sotti Husayn romanda favquloddaliklar va mantiqan asoslanmagan oʻrinlar ham borligini tanqid qilib, «Qizil Oʻzbekiston» gazetasiga maqola yozadi. Uning izidan Abdulla Qodiriy ham chiqish qiladi. Munozara jiddiy tus olib, bir qancha vaqt davom etadi. Qodiriyning bitta kalimasi, masalan, menga roman uslubiyu voqealar bayoni haqida deyarli batafsil ma’lumot bergan. «Men romanni Ovrupo-modern (ya’ni realistik yoʻlda) usulida yozishim mumkin edi, — deydi A.Qodiriy. – Ammo men asarni ertak va doston oʻqib yurgan xalqimga (moslab) yozdim...» (Koʻchirmada biron soʻz xato ketgan boʻlsa, ayb menda — Sh.X.) Demak, ushbu izohotdan ochiq-oydin koʻrinadiki, Qodiriy qanday yozayotganini, demak, ayrim oʻrinlarda reallikdan chekinganini ham (ertaksimon asarlar ohangida atay yozayotganini ham) yaxshi bilgan... Ushbu usulga anchayin sodiq qolganini muallifning asarga yozgan qisqagina soʻzboshisidagi ushbu jumladan ham bilib olsa boʻladi. Ya’ni, «Har bir zamonning oʻz Tohir-Zuhralari boʻladi. Biz ham...»

Butun tarixni, oqibat, sevgi sarguzashtlariga qurilishining ham sababi shunda. (Ba’zan real tarixning anchayin fon boʻlib qolishining-da sababi shunda, deb oʻylayman.)

Endi, Choʻlpon bilan Qodiriyning «oʻzaro muxolif boʻlmaganmikan» degan taxminingizga kelsak, yoʻq – aslo muxolif boʻlmaganlar. Aslida juda yaqin maslakdosh-ulfat boʻlishgan. Hatto Qodiriy Choʻlponning «Tong kuylari» she’riy toʻplamiga soʻzboshi yozgan... Ammo ijod bobida, aniqrogʻi, asar yozish usuli yoʻlida ularning orasida ancha-muncha farq boʻlgani shubhasiz.

Deylik, Qodiriy roman mavzuini ham «olis, qora oʻtmish»dan oladi. Va bir qadar ertaknamo unsurlardan-da foydalanib asarni yaratadi. Qiziq, shu tobda mening yodimga Abdulla Qahhorning «Oʻtmishdan ertaklar» kitobi tushdi. Ertaklar emish... Ha, muallif asarga Tursunoy ayamikan – bir ayaning shu soʻzlarini epigraf qilib olgan. Him, shunday voqealar oʻtgan ediki, sizlarga ertak boʻlib tuyuladi... Taxminan shunday.

Chindan ham bizga moziy voqea va hodisalari ertaksimon boʻlib tuyuladi...

Xoʻsh, yana bir gap: Abdulla Qodiriy roman yozishga kirishishdan oldin material toʻplash bobidagi izlanishlarini qisman yozib qoldirgan-u, roman haqida, pirovardi, dunyo romanchiligi, dunyo adabiyoti haqida oʻz bilganlaridan juda ham oz narsani aytib ketgan. Masalan, Qodiriyning Arab dunyosi va romanchiligidan xabardorligi hammamizga ma’lum...

Endi, Choʻlponning nasr bobidagi izlanishlari haqida gapiradigan boʻlsak, uning birgina «Buyuk hindu» maqolasini oʻqish bizga koʻp narsa beradi. Unda ulugʻ shoir totor adabiyoti, turk adabiyoti, ozor adabiyoti bilan ham yaxshi tanishligini yozib, nihoyat hind adabiyoti – Tagorga kelganda, «qonganini» aytadi va Robendranat Tagorning ijodini ulugʻlab: «U – Gʻarb bilan Sharq orasidagi koʻprikdir», deydi.

Xoʻsh, bizga yaxshi ma’lumki, Tagor hindning milliy ozodlik yoʻlidagi izlanishu kurashlarini ilkinji yozuvchi-san’atkor sifatida bayon etgan. Uning «Gourmahon» (Oq hindu) romani bu borada – eng buyuk asari hisoblanadi.

Ma’lumki, Qodiriy ham, Choʻlpon ham millatimizning ozodligi yoʻlida kurashib oʻtdilar. Lekin, oʻylashimcha, Choʻlpon bu borada ancha ildamlik qilgan: uning barcha she’rlari bunga dalil. Qolaversa, u oʻzining «Kecha va kunduz» romanida sof milliy uygʻonish bobidagi izlanishlarni tasvirlaydi. Tagorga oʻxshab ketadimi? Albatta... Qolaversa, Choʻlponning ingliz adabiyotidan ham boxabar ekanini bilamiz. Chunonchi, yaqinda «Hamza» teatri sahnasida yana oʻynala boshlangan «Gamlet»ni oʻzbekchaga ilk bora Choʻlpon tarjima etgan. Ammo, rahmatli san’atkorlarimiz Shukur Burhonning qat’iy e’tiroficha, oʻsha oʻttizinchi yillardan beri «Gamlet» Choʻlpon tarjimasida oʻynalar ekan... ekan-u, oʻzingizga ma’lum sabablarga koʻra, boshqa mualliflarning tarjimasi bu, deb koʻrsatilarkan.

Endi, Bahromjon, faylasuf Nitsshening «ideal odam hayotda boʻlmasligi», «idealman deganlar... anchayin aktyordir» deyishiga kelsak, ha, gʻoyadagi, ya’ni insoniyat orzusidagi «Ideal odam» – idealligicha, ideyaligicha qolib kelaveradi. Oddiy insonlar esa... unga intiladilar, xolos. Ammo lekin, bizning Sharqda «ideal insonlar oʻtgan-ov» deb hisoblayman. Masalan, oʻzimizda Mansur Halloju Mashrab, Kulolu Robiya bonularning qanday «ideal odam»dan kam joyi bor? Ular – ideal-ov. Demak, ular superodamlardir...

Qodiriyning, Choʻlponning asarlaridan keyin nechuk boʻlib Fridrix Nitsshening «ideal odam» haqidagi fikrini eslab qoldingiz? Nazarimda, Qodiriyning Otabegi... idealmi, ideal emasmikan, deb soʻramoqchiga oʻxshab tuyulyapsiz.

Otabek — albatta ideal qahramon emas. U – oʻz davrining ilgʻori-qahramoni, xolos.

Yana Nitsshega qaytgim kelib qoldi. Ma’lumingiz, Nitsshe olamdagi barcha-barcha e’tiqodu tushunchayu aqidalarni Shubha ostiga olgan va bu yoʻrigʻda oʻz mulohazalarini aytib ketgan faylasufdir. Eslasangiz, u hatto er-xotinning oilada – birga yashashlariga nisbatan ayrim-ayrim yashashlari foydaliroq boʻladi, roʻzgʻorlarining buzilib ketishidan asraydi, deb ham yozgan...

Bu gap endi — nima desam ekan, uylanmasdan boʻydoq oʻtgan faylasufning «hazili» degim keladi. Axir, bu aqida... insoniyatning beshigi boʻlmish — oilaga shak keltirmoqdirki, odam bolasining aqliga sigʻmaydi bu gap.

Nitsshe «San’at — illyuziyadir» degan gapniyam aytganlar... Darvoqe, men uning Zardushtiy haqidagi poema-risolasini oʻqib, hech narsani tushunmadim. U esa, Zardushtga sigʻinadi va oʻzi bilan ul paygʻambar orasida koʻpdan-koʻp yaqinliklarni koʻradi.

Bas!
— Tabiiyki, Nitsshe kabi faylasuflar, Kamyu, Sartr kabi yozuvchilar xos adabiyotga mansub daholardir. Bularning yozganlari oʻz zamonida torgina doirada oʻqilgan. Lekin baribir dunyo adabiyotini shu shaxslar fenomeni belgilab bergan. Ayni vaqtda biz adabiyot mavqeini ommaviy mutolaaga qarab aniqlaymiz. Sizning «Adabiyot oʻladimi?» nomli maqolangizda ham shu hadik-xavotir aksini topgan edi. Adabiyot takomilida ommaviy mutolaa qay vazifani ado etadi? Odamlar kitobga qiziqmasa, omma orasida yozuvchi shaxsiyatiga qiziqish susaysa, adabiyot oʻlishi mumkinmi? Oʻki bu adabiyotning tamomila yangilanish jarayonini koʻrsatadimi?
— Shu savol-mulohazangizga javobni qisqa qilayin. Maylimi? Xoʻsh, Adabiyotga, demak, «xos adabiyotu ommabop adabiyot»ga munosabat ham menga qandaydir modaga qiziqishni eslatadi. Va, aminmanki, bu holning sababi — mavjud tuzumu yashash sharoitining taqozosida yuz beradi... Deylik, Bugun oʻzbek kitobxonining koʻpchiligi oldi-qochdi – detektiv asarlarga qiziqib, ularni mutolaa qilayotgan boʻlsa, erta-buruskun jiddiy-xos adabiyotga ham nigohini qaratadi.

Tarixda bunday «toʻlqinlar», evrilishlar koʻp boʻlgan. Istiqbolda ham boʻladi...

«Oʻzuvchi shaxsiyatiga qiziqish...» susayadimi deysiz? Ha, balki hozirgi paytda — yozuvchilar faqiru haqir — nazardan qolgan zamonlarida ularga qiziqish susaygandir. Ha, rost-rost: men bir necha yildan beri televizoru radioyu matbuotda yoshlarimizning kasb egallash xususidagi orzularini tinglab, oʻqib kelayotirman. Deyarli hamma kasblar tilga olinadi. Ammo biron shovvozning... «Men yozuvchi boʻlaman!» deganini eshitganim yoʻq. Mayli. Kunlar kelar — orzumandlar chiqar...

Ammo, Bahromjon, bir narsani Sizga uqtirib aytishni burchim deb hisoblayman: masalan, oʻz qadrini biladigan anchayin qalamkash ham oʻz shaxsiga qiziqish susayganidan zigʻircha gʻam yemaydi. Masalan, menga kelsak, parvoyim palak.

Meni butkul unutsalar ham – gʻam yemayman. «Na chora?» deb qoʻya qolaman va «ilhom kelsa» – Tagorning eng soʻnggi romani, ya’ni, oʻzini unutayotgan yoshlar haqida yozgan «Soʻnggi doston»idek biron narsa bitib qoldirarman.

Suhbatdosh: Bahrom Roʻzimuhammad