OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomi«Tolstoyning niyati meni maftun etgan»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 7-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Tolstoyning niyati meni maftun etgan»
Shukur Xolmirzayev

— Shukur aka, bilasizki, tarbiyaning vositalari koʻp. Turli davrlarda odamlar tarbiyaning turli usullariga murojaat qilishgan. Hatto tarbiyada qaysi usul afzal, degan bahslar hamon tugagani yoʻq. Siz dunyo adabiyotining mumtoz namunalari bilan tanishsiz va bu asarlarni yaratgan ijodkorlar hayoti, jumladan, ularning inson tarbiyasiga munosabati haqida ham yaxshi bilasiz. Xoʻsh, Sizning bu masaladagi qarashlaringiz qanday, uni qay tarzda bayon etgan boʻlur edingiz?
— Men ham qay bir darajada «tarbiya koʻrgan» odam sifatida, qolaversa, bir adibning Inson tarbiyasiga ichki bir ehtiyoj-la qiziqishi taqozosi bilan ushbu masala haqida oʻylab-oʻylanib qolardim ba’zan.

Qoʻrni qoʻzgʻaganingiz uchun rahmat.

Endi, buyuk adiblarning Inson tarbiyasiga munosabati haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, kamina juda olislab ketmay, qoʻshnimiz Rusiyaning «oltin asri»da ijod etib, «dunyoning talay qismini zabt etgan» Lev Tolstoy hazratlarining bu yoʻrigʻdagi izlanishlariyu xulosalari haqida gapirsam devdim. Yoki Janubdagi qoʻshnimiz Hindistonning «oltin davri» sohiblaridan Rabendranat Tagor (Txakur)ning bu boradagi izlanishu topildiqlari haqida gapirsammi? Eslarsiz: bu alloma adib 30-yillarda bola tarbiyasi bobida maorifning tutumlarini oʻrganish maqsadida yangi Rusiyaga kelgan va «Rusiyadan xatlar» nomli risolayam bitgan edi.

Keling, Toltoy boboning etagini qoʻyvormaylik.

Ma’lumingiz, Tolstoy Yasnaya Polyanada qoʻnim topib qolganidan keyin beixtiyor Insonning hayotdagi oʻrni, uning Allohga e’tiqodlari, pirovardi, «komil inson» kimu nimadan iborat va oʻsha maqomga qanday yetmoq mumkinligi haqida oʻylab, «Tirilish» romanini ham yozdi. Unda bir pomeshikning bir zamonlar qilgan gunohini Oʻzi oldida — ayni chogʻda Tangri qarshisida yuvmoq — poklanmoq uchun qilgan sa’y-harakatlari, oʻrtanib tortgan iztiroblari tasvirlanadi. Shunisi ajoyibki, unga — oʻsha bosh qahramonga (ismlar yodimdan chiqadi-da! Mohiyati qolaveradi — nima qilay?) bu borada hech kim, hech bir zot maslahat bermagan, deylik, gʻoyibdan qandaydir vahiy-da kelmagan. Ha, u Oʻzi-Oʻzligini poklash, aniqrogʻi, nihoyat, Inson nomiga munosib boʻlmogʻi uchun shu yoʻlni tutadi...

Ofarin! Unga emas, uni Yaratgan zotga ofarin!
— Shukur aka, bir daqiqa. Oʻsha asarni men ham oʻqiganman. Yaxshi. Lekin, ba’zi joylari odamni ishontirmaydi-da. Masalan, oʻsha Maslovaning orqasidan surgunlarga borib yurishlari qandaydir...
— Tushundim. Siz-ku — siz, oʻsha asar e’lon qilinganida, uni dastlab oʻqib chiqqanlardan biri Anton Pavlovich — Chexov janoblari ham, masalan, «men faqat oʻsha murdaning yotishi tasvirlariga ishondim. Murdani qanday goʻzal tasvirlagan. Boshqasi...» va hokazolar degan edi.

Bu — tabiiy hol, albatta. Men ham ishona qolganim yoʻq Nexlyudovning xatti-harakatlariga...

Lekin, Tolstoyning NIYATI... meni maftun etgan. Unday insonlar insoniga topingim kelgan. Ha, oʻsha INSONSEVARGA... Xullas, tarbiya otli mavzuimizga qaytsak, Tolstoy Inson Tarbiyasiga oʻta-oʻta jiddiy yondashgan ekan.

Uning — minglab «dushlari» bor dvoryan-boyning dehqon bolalarini yigʻib, maktab ochib, ularni oʻqitganini eslang! Nima zaril kelibdi ekan. Unga bu ishlar? Tagʻin deng, oʻsha jujuqlarga darslik kitoblari ham yozgan-a?

Maktabda — oʻzbekcha darsliklarimizda oʻqiganmiz-ku: «Sher bilan kuchukvachcha», «Ayiq bilan ikki doʻst» va h. Nima keragi bor edi unga bu tashvishlarning?!

Shu tobda oʻzimizda — ayni oʻsha 30-yillarda chiqqan ma’rifatparvar adibu shoirlarimiz, boringki, ziyolilarimiz boʻlmish — Avloniylar, Munavvarqorilar, Fitratlarni eslamay boʻladimi? Oʻz-oʻzidan esingizga tushib ketadi-ya, tavba.

Ana, oʻzim ham xiyol chalgʻidim... Gapning qisqasi, bu alloma adib, bu dvoryan-boyvachcha Barkamol insonning shakllanish jarayonlari haqida (inchunin Oʻzi-oʻzligi haqidayam!) oʻylarga tolib, shunday bir xulosaga keladi.

Men bu xulosani «oʻzlashtirma gap» qilib bayon etaman. Mana, Inson tarbiyasiga zamin boʻlgich omillar bor: MAKTAB (oʻqituvchilar, saboqlar...) bor, OTA-ONA (demak, jamiyat-koʻy ham shu hisobga kiradi) bor. Tagʻin, umumiy MUHIT-da mavjud (davlat siyosati, manfaatlari, tashviqotlari...).

Bu UCHOVLON, aniqrogʻi, ikkovlon yosh vujudning kamol topishi, barkamol inson boʻlib yetmogʻi uchun qoʻlidan kelgan harakatni qiladi: demak, aqli yetgan qadar (oʻzligidan-da kelib chiqib) tarbiya beradi... Ammo, — o, dunyoi qoʻtir, — «tarbiya topgan» jujuqlarning toʻqson toʻqqiz foizi ota-onasiga tortib ketadi…

Tolstoy ota-onasiga tortmagan!

Qarabsizki, biri — anchayin pomeshik-dvoryan boʻlib yetishibdi, boshqa birovi yana «dush»ligicha qolaveribdi... Ularning har ikkisida ham BARKAMOLLIK koʻrinmabdi.

Tolstoy hazratlari bu holga iqror boʻlganlaridan keyin quyidagi tezis-dasturni olgʻa suradilar: «DEMAK, INSON — boʻlajak inson OʻZINI OʻZI tarbiya qilishi kerak!»

Oʻrischasiga: «САМОВОСПИТАНИЕ».
— Qarang, masalaning shu tarafi haqida juda kam gapiramiz-a? Menimcha, gap adabiyotga kelib taqaldi?
— Xuddi shunday... Chunki kitob oʻqiydigan kimsa — yoshmi u, keksami u — qat’i nazar, KITOB bilan yuzma-yuz qoladi. Undagi — asardagi qahramonlar bilan OʻZIChA gaplashadi. Oraga birov tushmaydi! Yoʻq-yoʻq. Kitobxonning oʻzi... oʻzini tarbiya qila boshlaganini sezmay ham qoladi. Siz aytgan «turli usullar»dan Tolstoy domla ayni mana shu usulni «eng samarali usul», deb hisoblaydi va shunga butkul ishonch hosil qiladi. Illo bu holga OʻZI misol — oʻzligi shohid...
— Shukur aka, iltimos, Siz ham oʻzingizdan-oʻzligingizdan biron misol keltirib oʻtsangiz. Tarbiya bobida.
— Endi misollar shu qadar koʻpki, hatto qanday qadam bosishim ham oʻsha — Adabiyot bilan bogʻliqdek...

Bolalikdan tushsam. Ikkinchi kurs... uzr, ikkinchi sinflarda oʻqirdim. Oʻsha oʻzingizga ma’lumu mashhur «Ikki sandiq» ertak-kitobchani oʻqib qolganman. Bu toʻgʻrida yozganman ham... Unda, masalan, «Zumrad suv olgani jilgʻaga tushsa, gullar egilib salom berardi», degan jumla bor. Oʻlay agar, «gullarning egilib salom berishiga» nainki ishonib qolgan edim, bil’aks, ularni ilgarigidan ham yaxshiroq koʻrib qolgandim. Oqshomlari bargaklari yumilayotgan nomozshomgulni koʻrsam, «uyquga ketayotir», deb kulimsirardim. Keyin hovlining chirogʻini yoqib qoʻysam, qurmagʻur nomozshomgul ochilib ketardi-da, men: «Aldadim, aldadim!» deb kulardim. Keyin unga rahmim kelardi...

Yoki boʻlmasam, oʻsha... yoʻq, ikkinchimi-uchinchimi sinfning «Vatan adabiyoti» darsligida boʻlsa kerak: Quddus Muhammadiyning «Bol ari» degan she’ri bor. She’rning ustida uchib yurgan asalari bilan atirgullarning rasmiyam solingan edi. She’rda shunday satrlar ham bor edi:

Bol ari, hoy, bol ari,
Uchib oʻyin sol, ari.
Bogʻchamizda yayrashib,
Gʻuv-gʻuv nagʻmang chol, ari...

«Vey, asalari bilan gaplashish mumkin ekan-ku?» deb oʻylagan boʻlishim aniq. Oʻylamagan esam-da, arilar bilan gaplashadigan boʻluvdim. Ba’zan ularni quvlagan boʻlib, shu she’rni qoʻshiq qilib kuylardim. Yoki boʻlmasam, oʻsha kitobda Zafar Diyorning:

Toʻrtkoʻz itim oʻynaydi.
Oʻynamasam — qoʻymaydi...

deb boshlanadigan she’rini oʻqiganimdan keyin Qoraboy degan maymoq itimni yanayam yaxshi koʻrib qolgandim. Oʻsha yillar itlar qulogʻidan kasal boʻlishar, keyin qulogʻi... osilib, boshi ham oʻsha tomonga qiyshayib, oʻlib ketar edi. Vo-o, oʻsha it uchun qancha qaygʻurganman:

Endi kim bilan oʻynayman, Qoraboy joʻra,
Seni sogʻinaman, bir oʻylab koʻr-a...

Umuman, «Tabiatni» deyishim mumkin — menga qayta boshdan sevimli qilgan, doʻstga-hamrohga aylantirgan «maktab ham, ota-onam ham» — aslida Adabiyot boʻladi!

Endi, kap-katta yigit, hatto universitetning qaysidir kursida oʻqiyotganimda Adabiyotning menga daf’atan kuchli ta’sir etgan momentlaridan birini aytib bersam.

Oʻshanda Oʻzuvchilar uyushmasi «Pervomayskiy» degan koʻchada — ikki qavatli imoratda edi. Biz — tolibi ilmlarni qaysidir domlamiz oborgan edilar oʻsha yerga — qandaydir yigʻinga. Shunda yoʻlakda sotilayotgan kitoblarni koʻrib, kimningdir maslahati bilan Ernest Xemingueyning yangi chiqqan ikki jildlik ruscha asarlarini 25 soʻmga sotib oldim.

Kvartiramga obkelib, birinchi oʻqiganim — «Imet ili ne imet» degan romani boʻldi. Oʻzbekchasi — «Gardkam!..»mi? Yoʻq — «Boʻlsang-boʻl, boʻlmasang-oʻl». Asar asosan kontrabandistlar haqida... Tagʻin unda Ispan urushidan kelgan bir nogiron jangchi ham bor. U — tagi jurnalist. Oʻsha yigit (tagʻin ismi esimda yoʻq. Mayli, kebqolar) bir kuni dengiz yoqasida sayr qilib yurganida, plashiga oʻranib oʻtib ketayotgan bir juvonga koʻzi tushadi. Juvon ham uni koʻrib: «O, Genri!» deb iziga qaytadi. Koʻrishadilar. Yigit eslaydi: bu — mashhur fohisha. «Qalay endi?» deb ahvol soʻraydi yigit. «E, soʻrama, urush tugadi-yu, qashshoqlik qachon tugar ekan, hayronman», deb javob beradi ayol. Keyin u: «Ey, Genri, meni bir kafega obkirmaysanmi?» deb qoladi. Yigit jilmayib: «Yur, yaxshi boʻladi-da», deb uni ergashtirib ketadi. Kafedan kafe koʻp. Bittasiga kiradilar. Shveytsarga plashlarini yechib berishadi. Keyin oʻzlari umumiy zalga oʻtishadi. Tamaki hidi, viski hidi! Gʻala-gʻovur. Tantsa tushishayotir. Bular ikkovi ham uch oyoqli stol yoniga borib, viski buyurishadi. Biroz ichishganlaridan keyin oʻyin tushayotganlar orasidan jurnalistning bir-ikkita tanishi bularni koʻrib qolib, yonlariga kelishadi. Yana birozdan ichishadi. Keyin ulardan biri Genridan soʻraydi: «Xonim bilan raqs tushsak maylimi?» Genri yana kulimsirab: «Oʻzi biladi. Oʻzidan soʻra», deydi. Fohisha shunday mamnun, chehrasi ochilib ketgan boʻladiki, jon-jon deb uning quchogʻiga kiradi. Ular aylanib-aylanib ketishadi. Bular gurung qilib turishadi. Keyin uyinchining sherigi ham ketib, Genri yolgʻiz qoladi. Tagʻin biroz otadi-da, bitta sigaretni chekib boʻlguncha, xonimni kutadi. Xonim shod-masrur! U yigitdan bu yigitga, bundan yana boshqasiga otilib borib, raqs tushaveradi. Nihoyat, Genri yarim jilmayib, yarim xoʻrsinib qoʻyib zaldan chiqadi. Shveytsardan plashini olib kiyadi. Haqini toʻlaydi-da, unga yana oʻn dollar uzatadi: «Mening kim bilan zalga kirganim esingizda boʻlsa kerak?» — «Ha, ser, esimda. U qizni juda yaxshi tanirdim», deb javob beradi xizmatkor. «Chiqib, meni soʻrasa, mana shu pulni unga bering. Soʻramasa, obqoʻying, keyin bir kirishda olaman». — «Xoʻp boʻladi, ser», deb uni kuzatib qoʻyadi shveytsar.

Oradan ancha kunlar oʻtgandan keyin Genrining yoʻli tushib, tagʻin shu kafega kirib qoladi va shveytsardan: «Oʻsha xonim nima qildi zaldan chiqib? Meni yoʻqladimi?» deb soʻraydi. «Yoʻq, janob (ser). Kayflari bor edi. Tanishlari bilan ketib qoldi», deb javob beradi xizmatchi. Soʻng Genriga oʻn dollarni uzatadi. Genri puldan besh dollarini uning oldiga tashlab, chiqib ketadi...

Tamom.
— Buni oʻqimagan ekanman, Shukur aka. Xemingueyning qahramoni juda olijanob yigit ekan.
— Gap shunda-da... Shuning oʻrnida, oʻsha jurnalistning oʻrnida oʻzimizning yigitlarimizdan birontasi... keling, oʻzim boʻlganimda, nimalar qilgan boʻlardim? Tasavvur etish qiyin emas. Avvalambor, fohishani bunaqa dargohlarga yetaklab kirmasdim. Xoʻp, yetaklab kirganimdayam uning birovlar bilan tansa tushib ketishiga qarab turmasdim. Nihoyat, uning yigitdan yigitning quchogʻiga oʻtayotganini koʻrib, toqat qilolmasdim-da, uch oyoqning ustidagi butilkani olib, sekin ularning yoniga borardim. Ana toʻpolon — mana toʻpolon...

Yoki, yoki anovu shveytsarga meni esidan chiqargan ayolning esiga yana tushib qolib, meni surishtirganida: «Berib qoʻying», deb oʻn dollar bergan boʻlurmidim? Toshni berardim...

E, yana buyogʻiyam qiziq: biron haftadan keyin oʻsha kafega qaytib kirib, oʻsha jonon meni soʻragan-soʻramaganini surishtirganimda, oʻzbek shveytsar nima deb javob bergan boʻlur edi?

Bu yogʻini tasavvur etishni Sizga qoʻyaman...

Oʻshanda juda yolgʻizlikni his etganman. Oʻzi, haqiqatan ham yolgʻiz oʻzim edim kvartiramda. Oʻzimu kitob! Oʻzimu Genri bilan fohisha... Oʻzligim haqida keyin qanchalar iztirob bilan oʻylab qolganimni tasavvur etishingiz qiyinmas. Oʻzimni shu qadar yuragi tor, yana allambalolardek his qilgandimki, qoʻyavering.

Keyin, tabiiy ravishda, oʻsha jurnalistday Odam-Inson boʻlgim kelgan edi-da! Tagʻin deng, oʻsha paytda — oʻsha yillarda sovet siyosati har soniya miyamizga quyardi: «Amerika — imperialistik davlat. Chirib borayapti. Xalqi johil va och. Ularda boʻrilar qonuni amalda! Bir-birini yeyish payida kun koʻradilar!» va h.k.

Badiiy asar — Kitob — Adabiyot... mening koʻzimni ochib yuborgan edi, desam ishonasizmi?

Mana — Adabiyotning kuchi.

Mana, u bilan yolgʻiz (atrofda odamlar boʻlsalar ham, baribir yolgʻizlikda suhbatlashasan asar qahramonlari bilan) qolganingda koʻnglingdan kechadigan — kishi bilmas oʻylar-xayollar, mulohaza-fikr, hatto — taqlidu qiyolashu qiyoslanishlar...

Bir olam TARBIYA beradi (har yoʻsinda) bu moʻ‘jiza-Adabiyot! O, uning sadagʻasi ketay... Shu yerda «misol»ga nuqta qoʻyib, boshqa bir narsani aytsam, maylimi?
— Qani-qani?
— Bundan uch-toʻrt oy muqaddam desammikan, televizorda — xato qilmasam, — Alisher degan ukamiz «ADABIYOT» mavzuida davra suhbati oʻtkazdi. Him, oʻrtada yana ikkita yigit: biri — shartli ravishda qoralovchi, biri — oqlovchi. Ularning ortida — yigit-qizlar...

Oʻshanda pachoqqina, surroq kulimsirab turgan bir yigitcha boshlovchining savoliga javoban — taxminan shunday dedi: «Adabiyot menga kerak emas. Mening maqsadim bor, kompyuterni oʻrganaman. Shu maqsadimga mos keladigan ilmiy qoʻllanmalarni oʻqiyman. Maqsadimga, albatta, yetaman!»

Men oʻshanda oʻzimcha shivirladim:
— Maqsadingga yetarsan-u, attang, baribir odam boʻlolmas ekansan-da, nodon. — Keyin jahlim chiqa boshladi. — Uning ishshayib turishini qara. Xuddi bir narsani qoyil qilib qoʻyganday... Obbo, qaerdan chiqdi oʻzi bunaqa gaplar-a: «Har kimning oʻz FIKRI boʻlishi kerak!» Ha-ha-ha, fikri boʻlishi kerak!

Lekin olamda shunday haqiqatlar borki, jumladan, Yaxshiligu Yomonlik, Nodonligu Johillik, Rahm-shafqatu bularning aksi... Bu tamoyillarga nisbatan har xil ema-as, BIR xil fikr, bir xil koʻzqarash boʻlishi kerak-ku! Aks holda...

... urgʻochisi gʻajiyotgan soʻngakni tishlab tortib olgan yirtqich sirtlondan nima farqimiz qoladi?

Ha, bunaqa — nigilist yigitchalar oʻz MAQSADlariga yetish yoʻlida soʻngakdan kattaroq oʻljalarniyam oʻmarib ketishlari mumkin... Rahmdillik? Nega rahmdil boʻlishlari kerak? «Maqsad» yoʻlida olgʻa bosayotgan shovvozning birovga mehr-shafqat koʻrsatib oʻtirishga vaqti yoʻq, axir! Oʻxud bir mungli — qaygʻulardan hikoya qiladigan mumtoz musiqa yangrayotir deylik. Uni tinglashga vaqti bormi uning? Vaqti boʻlgan chogʻdayam ting-la-maydi. Axir, bu kuy uni oʻylatadi... Unga esa, oʻylatmaydigan, MAQSAD sari yurishiga koʻmak beradigan yo kayfini chogʻ qiladigan yengil, oʻyinqaroq va qichimol qoʻshiqlar kerak...

Yunusobod bozoriga kiraverishda har gal eshitaman shunday qoʻshiqlarni: «Oqshom kel, bir maza qilaylik...», «Do-od», deb chinqirib qoʻyadi musiqa yozilgan kassetalarni sotayotgan yigitcha gijinglab. Unga boshqa sheriklariyam qoʻshiladi va oʻsha kassetani xarid qilishadi... Ha bizning oʻsha — MAQSAD sari intilishga ahd qilgan puchuq yigitchamizning oʻziga xos maslakdoshlari — bular...

Y-oʻoʻq, bunaqalar bilan bir okopga tushib qolishdan Xudo asrasin. Misol uchun-da...

Unga jon kerak: maqsad sari intilishi uchun... Himoya, doʻstni yolgʻiz qoldirish?

A, nima boʻpti!

Dahshat-a?

Oʻsha koʻrsatuvning oxirida yana bitta — qandaydir savolga oʻsha yigitcha shunday javob berdi: «A-a, «Oʻtgan kunlar»mi? Oʻqimaganman. Otebk («Otabek» emas) degan yigitning fojiasi yozilgan emish. Televizorda koʻzim tushgan... Yoʻq, oʻqimayman. Axir, aytdim-ku, mening adabiyotgayam oʻz nuqtai nazarim bor. Oʻz fikrim bor...»

Vassalom.

Keyin boshlovchimiz ham nazarimda, qovun tushirdilar. «Mana, ma’lum boʻldiki, — deya palagʻdagina tovushda xulosa yasay boshladi boshlovchi ukamiz, — har bir masalaga har xil yondashish boʻlganidek, adabiyotga ham ikki xil qarash mavjud ekan. Bu — tabiiy hol...»

E, bekorlarni aytibsiz!

Tavba.
— Shukur aka... Bundan ancha yillar burun chiqqan bir ma’ruza-maqolangiz «Adabiyot oʻladimi?» deb nomlangan edi. Oradan shuncha yil oʻtdi. Haqiqiy adabiyot taqdiriga doir munozaralar esa hamon davom etib kelayapti... Havaskor shoiru nosirlar topsa — oʻz puliga, topmasa — uddaburrolik qilib — oʻziga yaqin tashkilotlarning boshini qotirib, mashqlarini kitob qilib chiqarayaptilar. Hatto ba’zilari oʻsha — bir pulga qimmat kitoblarini kutubxonalargayam joylashtirib, pul ishlayotirlar... Shu oʻrinda ikkita narsa oʻylantiradi. Birinchisi — oʻsha pul qaysi manbadan olinishidan qat’i nazar, baribir — jamiyatning boyligidir. U behuda sovurilayapti! Ikkinchisi: mayli, qogʻoz, bosmaxona haqini aytmagan taqdirda ham, ularni kitob qiyofasiga keltirish uchun nashriyotlarda mehnat qilayotgan qanchadan-qancha ijodkorlar aqliy mehnatlarini samarasiz ishga sarflamoqdalar... Boz ustiga haqiqiy adabiy mehnat bilan qiyomiga yetmagan asarlarini jurnallarda, kitoblarda turfa janrlar bilan bostirib, oʻquvchilar didini oʻtmaslashtirayotganlar-da yoʻq emas.
— Avvalo, oʻsha ma’ruzamga «Adabiyot oʻladimi?» deb nom qoʻygan boʻlsam, bu — Adabiyotning kuni toʻlayotganidan xavotirga tushganimdan emas edi! Men ushbu sarlavhani qoʻshtirnoq ichiga olgan edim va bir-ikki sahifadan keyin shu mazmundagi gaplar qulogʻimga chalinayotganini ilova qilgan edim. Shu bois birovning gapini qoʻshtirnoqqa olib, sarlavhaga chiqargandim. Zero, bu sarlavha oʻquvchilar diqqatini koʻproq tortsa oʻziga, degan niyatim ham yoʻq emas edi.

Siz ta’kidlagandek, ma’ruza-maqolaga (ma’ruzamning uchdan biri oʻshanda «OʻzAS» sahifalarida qisqarib chiqqan) nisbatan turli-tuman munosabatlar bildirildi. Hatto bitta tuzukkina yozuvchi ukam: «Shukur aka, adabiyot oʻlmasligini bilaman. Shuning uchun oʻsha yigʻinga bormay qoʻya qoldim», degan edi. «Ajab, men buni bilmas ekanmanmi?» deb kulimsirab qoʻygan edim men ham...

Endi bozor iqtisodi sharoitida har xil qoralamalarning kitob holida chiqib ketayotganiga kelsak, bunday mualliflarga ergashayotgan ayrim yozuvchilarni ham ana oʻsha «havaskorlar» safiga qoʻshmoq kerak. Chunki ularning adabiy saviyasi ham, nom chiqarishga ishqibozlik darajalari ham bir xil.

Shu tobda rahmatli Asqad Muxtorning bir muloqotda aytgan gaplari yodimga tushib ketdi: aytmasam boʻlmas... «Asqad aka, — deb soʻraganman men, — nimaga bu odam chol-moʻysafid boʻla turib, bunchalar nodon-a?» Asqad aka javob berganlar: «Chunki, Shukurjon, ular yoshliklaridayam nodon edilar. Demak, nodon yoshlardan dono qariyalar paydo boʻlmas ekan». Zoʻr gap-a?
— Asqad aka — donishmand odam edilar-da!
— «Xoʻsh» deganingizdan bildik — oʻzbek ekansiz, deganlaridek, bir-birimizni tushundik. Endi men sizga bir emas, ikkita misol aytaman-da, keyin birgalashib oʻylab koʻramiz... Ostap Bender rolini kinoda oʻynagan mashhur aktyor, hozirda rejissyor (ismi nimaydi? Rurevmi, Gurevmi — shu-da!) televizorda muxbirga intervyu berar ekan, «Nima uchun bemaza sahna asarlariyam koʻpayib ketdi?» degan savolga ancha oʻylanib qolib, aftidan ne-ne andishalar bilan shunday javob bergan edi: «Bizda tsenzura yoʻqotildi. Bu, bu — juda yaxshi ish boʻldi. Ammo lekin badiiy asarni oʻqib chiqib, mulohaza bildiradigan, kerak boʻlsa — uni tahlil qiladigan, kerak boʻlmasa — qaytarib yuboradigan zukko muharrirlar ham gʻoyib boʻlishdi. Yozganingni chiqaraver — qoʻlingdan kelsa, demokratiya zamoni bu!» deyildi, demak. Ana shuning uchun «Yaxshi asar» bilan «Oʻmon asar»ning farqiga borolmay qoldik. Bu sohada «zamona — zoʻr grafamanniki yo puldorniki boʻlib ketdi».

Bu teran va achchiq mulohazalar — boyoqish rejissyorning yuragidan sitilib chiqqan dard — bizning ham dardimiz emasmi?..

Endi, ikkinchi misolni aytaman. Bir kuni Anton Pavlovich shogirdi Bunin bilan Qora dengiz sohilida sayr qilib yurib, ittifoqo toʻxtab qolishadi. Tolstoy... Lev Tolstoy suv yoqasidagi bir qoyada qoyadek boʻlib oʻtirganmish. Oppoq soqoli yelpinib, yelkalariga ucharmish. Chexov oʻziga xos nazokat va doʻxtirlarga xos xotirjamlik bilab debdi: «Ivan, Tolstoy qaridi. Yaqinda oʻladi. Bilasanmi, uning oʻlimi meni unchalik hayajonga solmaydi. Boshqa narsa hayajonga soladi: adabiyotimizda qalangʻi-qasangʻi yozuvchi, xom-xatala asarlar bodrab ketadi. Didning buzilishi boshlanadi. Demak, odamga ziyon yetadi... Tolstoyning avtoriteti adabiyotimizni ana oʻsha loyqa oqimlar bosqinidan asrab turibdi hozir...»

...Buyuk avtoritetlar, Adabiyotni vijdoni pok holda koʻtarib turguvchi bilimdon iste’dod sohiblari... Qani? Qahhoru Oybek qatoridagi chinorlarimiz qulab ketdi. Tanqidchi-adabiyotshunos olimlarimiz haqidayam shu gapni aytish mumkin. Masalan, Ozod aka Sharafiddinov batamom publitsist boʻlib oldilar. Domla Qoʻshjonov anchayin havaskor adibning ham boshini silayaptilar, xolos. Umarali aka shoirona ehtiroslarga beriladigan boʻp qoldilar. Norboy aka, umuman, safdan chiqib ketdi. Ibrohim Gʻafurov boshqa yoʻlda ijod qilayapti. Qozoqvoy Yoʻldoshev zoʻr-u, ba’zan uning shaxsiy «men»i «shunos»ligini bosib ketadi...

Xayol qilamanki ba’zan, aziz umrlarini adabiyotimizga tikkan bu olimlarimiz xuddiki seldan — boʻtana toʻlqinlar qa’ridan sohilga chiqib bir qattiq silkinishda ancha-muncha loyqa suv zarralarini sochib tashlab, atroflarga chimirilib qaragan tulpordek, bi-ir silki-ib olsalar, olam guliston boʻlib ketadigandek.

Ammo ayni chogʻda sezib ham turaman: bularning ortida suyanadigan togʻlari boʻlishi bilan birga qoʻllari ham uzun — nashriyotu jurnallarga bemalol yetadigan boʻlishi kerak... Oʻzini hurmat qiladigan yozuvchi ham yirik janrdagi har qanday asarini shu soha mutaxassislari muhokamasiga qoʻymasdan e’lon qilib yuborishni... or bilgani tuzuk.

Ha, shunday boʻlishi kerak. Aks holda kitobxonning saviyasi — bizning saviyamiz orqaga ketishi tayin... Holbuki, biz komil inson, barkamol jamiyat yoʻlini tutganmiz. Shundaymi?
— Albatta... Charchatib qoʻymadimmi, Shukur aka?
— Yoʻq... Aytdim-ku, bu masalalarda maslahat berishga men ham «yoshlik qilaman». Siz aytgan muammolarga birmuncha munosabat bildirdim, xolos.
— Mayli. Suhbatingiz uchun, rahmat, Shukur aka.
— Sizgayam...

Suhbatdosh: M.Abdullayev



Adabiyotning oʻlimi — Insonning halokatiga toʻgʻri keladi: illo bu insoniyatning tadrijiy takomilidagi aqliy va hissiy Oʻsuvining hosilasidirki, Inson undan kechib orqaga — ibtidoiy sezimlaru fikrlash tarziga qaytolmaydi. Bil’aks olgʻa borib, Adabiyotning yangidan-yangi imkoniyatlarini ochadiki, Adabiyot, oʻz navbatida, ana shu Inson(iyat)ning aqliy va hissiy takomili darajasini oynadagidek koʻrsatib turadi: bular — uzanggi-yoʻldoshdir.