OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiArosat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Arosat (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

«
Ustoz Abdulla Qodiriy oʻzining toʻngʻich romoni boʻlmish «oʻtkan kunlar»ni «Modomiki, biz yangi davrga qadam koʻygan ekanmiz...» degan serandisha soʻzlar bilan boshlagan edilar. Aslida, ulugʻ bobomiz oʻshanda faqat bitta oʻzining koʻlidan keladigan buyuk ishga qoʻl urgan edilar va zimmasidagi tarixiy vazifani sidqidildan ado etganlar. Vaholanki, u kishiga hech kim «oʻtkan kunlar»ni yozib bergaysiz, taqsir, deb buyurtma bermagan edi. Zero, haqiqiy yozuvchi mudom vijdoni buyurgan ishni bajaradi, ijtimoiy «zakaz»ni esa...

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzaev oʻz vijdoniga, oʻzi ato etgan iste’dodiga sodiq qolgan kamyob yozuvchilarimizdan hisoblanadi. U kishining yangi hikoyasi ham daf’atan «yangi davr buyurtmasi» boʻyicha yozilgandek tuyulishi mumkin. Lekin «Arosat» sinchiklab mutolaa qilinsa, yozuvchi INSONNI TUSHUNISHga harakat ktslayotganini va biz oʻquvchilarni ham INSONNI TUSHUNISHga chorlayotganini anglash unchalik mushkul boʻlmaydi. Darhaqiqat, «insonni tushunish kerak», deb ta’lim bergan edi Ernest Xeminguey. Nazarimizda, yozuvchining birlamchi vazifasi — insonni tushunishdir. Insonni tushunmagan yozuvchi (asar qahramoni emas!) oxir-oqibat Arosatda qoladi.


«Vatan» gazetasi sharhi
»

Zokir oʻrin choyxonada oʻtirgan edi, oyoqlarini soʻridan osiltirib, chalishtirib, uning qarshisidagi soʻridan joy olgan ermaktalab nashavand, farrosh va sartaroshga Eson doʻxtir gap berardi, tik turgancha hovliqib:
— Sizlar ham yuribsizlar-da, joʻralar, dunyodan bexabar... Xoʻjamyor axir Maskovdagi xayriya pondlaridayam ishlab, ishbilarmon boʻlib keldi. Bu orada u ikki marta, yoʻgʻ-e, uch marta Turkiyada boʻldi! Bir marta Amriqoda!.. Biznes ishkolaniyam bitirgan u! Nima deyapsizlar... Yoʻgʻasam, mana — milyoner boʻlar edi!..
— Hov feldsher, qaysi Xoʻjamyorni aytayapsan? — deb tuyqusdan soʻrab qoldi Zokir oʻrin.
— Domla, siz ham gʻaplatda qolgan ekansiz-ku! — deb etsiz basharasini kuydirgan kalladay tirjaytirdi Eson. — Axir, oʻzingizning oʻquvchingiz-chi? Madiyor dallolning oʻgʻli! Surrayib yurardi-ku otasining izidan?.. Menimcha, bir-ikki yil sinpidayam qolgan edi.
— E, shunday demaysanmi, — deya jez tishlarini koʻrsatib iljaydi domla va xursandligi shunchaki, torgina koʻkragi qabarib ketdi. — Ha, uni oʻzimiz oʻqitganmiz. Sinfida qolganiyam rost. — Keyin oʻylanib, yelkasini qisdi. — Yaxshi, unda tijoratga qobiliyat bor ekan. Biz oʻshanda tijorat ahlini oʻgʻri-kazzob deb yomonlar edik.
— Endi oʻzingizga keldingiz, domlajon, — deb bu kishiga gap uqtirmoqqa boshladi doʻxtir. — Holbuki, oʻsha vaqtlardayam «oʻtgan kunlar»dagi Otabekni «milliy qahramonimiz», deb maqtar edingizlar.
— Rost, rost, — tan oldi Zokir oʻrin jiddiy tortib. Soʻng yana qalbaki tishlarini koʻrsatib: — Lekin savdogarchiligiga oʻtmas edik-da... — dedi.

Eson doʻxtir muallimni mot qilib boʻlganday tantanavor kulib yubordi. Unga qoʻshilib domlaning oʻziyam siyrak sochli xumdek boshini irgʻab kularkan, boshqalar ham zoʻr askiya eshitganday xaxolay boshladi.

Keyin domla xayolchanlik bilan choynak yoniga besh soʻm tashlab oyogʻini yerga qoʻydi. Kichkina qorinchasidan pastga siljigan qayishini tirsaklari bilan qisib — koʻtarib olib, soʻri qoshiga kiygiziqlik sargʻish shlyapasini boshiga qoʻndirdi. Soʻng jamoaga ziyolicha ta’zim qilib:
— Xush qolinglar. Rahmat, Esonboy, sizgayam, — deb burilib, xiyobonga chiqdi.

Ana shunda uning kallasiga bir xayol keldi: «Qara-ya, oʻsha bola odam boʻpti. Milyoner tijoratchi boʻpti. Qandaydir korxona ochib, elgayam nafi tegayotganmish. Shunday kunlarda...».

Domla Zokir oʻrin maktabda darslarini oʻtib boʻlib uyiga ketayotganda, azbaroyi chanqaganidan choyxonaga kirgan edi. Binobarin, endi uyiga borishi kerak. Biroq... hozir nechuk choyni ichib tugatmasdan oʻrnidan turgani-yu, xiyobonda toʻxtagani sababini noxos anglab qoldi.
— Hov Esonboy, bu Xoʻjamyorning korxonasi... ish-joyi qaerda? — deb soʻradi ortiga qayrilib.
— Toza hayotdan ortda qop ketgan ekansiz-da, taqsir, — deb yana tantana qildi feldsher. — Axir maktabingizdan tubanda eski qurtxona boʻlardi-ku, Kalinin kolxozining sobiq idorasida. Hovuziyam bor...

Domla eslab:
— Boʻldi. Rahmat, — dedi.
— Oʻshaqqa borasizmi? — soʻrab qoldi Eson doʻxtir.
— Borish kerak, — javob berdi muallim sobitlik bilan. — Bizning oʻquvchimiz shunday kishi boʻpti-yu, biz bir ogʻiz tabriklamasak, uyat boʻladi.
— He, otangizga rahmat! — dedi doʻxtir. — Undaylar koʻpaysin deb duo qiling. Endi zamon ularniki...

Zokir oʻrin davraga tagʻin yengil ta’zim qilib va kichkina, ixcham gavdasiga yarashmayroq turadigan salmoqli yurish bilan choyxona oldidan oʻtdi.

Domla toliqqan edi. Ammo bu yangilik zavqidan va Xoʻjamyorni koʻrish, koʻrishish va himmatli ishlariga baror tilash onlarining jozibasidan charchogʻini ham unutib, maktab qoshidan oʻtib ketdi.

U Xoʻjamyorning bolalik qiyofasini ham, paxta terim mahallarida takasaltang yurishlari-yu, «kachegar boʻlaman» deb oʻchoq boshida qolishlarini ham hisob formulalari kabi eslab borar, shu asno uning oqibat tijoratchi boʻlishida zamin izlar, chunki shu zaminni sharhlab uni shod etishni ham oʻylardi. Biroq harchand bosh qotirmasin, otasi dallolligidan oʻzga sabab topa olmadi. Domla uchun tagʻin achinarlisi shu ediki, Xoʻjamyor naq hisobdan ham oʻrtacha oʻqir edi: ha, biron masala yoki misolni sharillatib, yechib tashlaganini eslolmaydi.

«Lekin qobiliyat keyin ham yuzaga chiqishi mumkin, — deb oʻzicha toʻngʻilladi Zokir oʻrin nihoyat. — Buyam talantday gap...».

Domla roʻmolchasi bilan manglayini artib jilarkan, yoʻl boʻyidagi vodoprovod dastagini bosib chelagini suvga toʻldirayotgan kelinchakni koʻrdi va undan manzilni surishtirmoqchi ekanini fahmladi-yu, yetib kelganini bildi.

Oʻng qoʻldagi yap-yangi temir darvozaning bir tabaqasi ochiq, u yerdan tomlar uzra yuksalgan balx tutining egik shoxlari koʻzga tashlanib turardi: ha, bu tut ham domlaga tanish. Bolaligida... hu yiroq zamonlarda uning kichkinaligini pesh qilib, daraxtning uchki novdalarini kesish uchun chiqarishar edi, Zokirboy odobli bola boʻlganidan barg kesish bahona tutga qorin toʻydirib tushishni ham oʻylamasdi.

«Bu yil kesishmaptimi?.. E, pilla terib boʻlindi-yu, «kesishmapti» emish...»

Domla shu oʻydan keyin Eson doʻxtir aytganidek — chindan ham «hayotdan ortda qolgani», aniqrogʻi, mamlakatdagi tashqi siyosatu hayotdagi tovlanishlardan toʻygani uchunmi — turmushning boshqa yoʻriqlariga xiyla loqayd boʻlib qolganini tan olgani holda, darvozadan kirdi.

Katta chorkunj hovuzni koʻrishi lozimmidi — asfalt yotqizilgan yoʻlkada turgan koʻk «Volga» bilan kumushrang xorijiy moshinaga koʻzi tushib, hayron boʻldi. Keyin keng yoʻlkaning soʻlga burilgani va qari tutning egik shoxlarini koʻrib, mamnun tortdi: tut... Oʻzini kutib olayotganday tuyuldi.

Shu hisning quvvatida — bu yerda bemalol yurishga haqqi bor kabi moshinalar yonidan bemalol oʻtdi-yu, bahaybat daraxtning tagida stol atrofida oʻtirishgan uch-toʻrtta kishiga roʻpara boʻldi. Ulardan bitgasi tanish edi: yaqindagi doʻkon qorovuli.
— Assalom alaykum! — dedi domla qoʻngʻirokdek ovozda.

Tanimol oʻrnidan sapchib turib, mehmonga peshvoz chiqdi.
— Valekum assalom. Keling, Zokir oʻrinovich!

Domla salmoqli yurishda borib, u bilan koʻrishdi.
— Him, rahmat... Xoʻsh, oʻzingiz qalaysiz? — deb soʻradi xuddi shu qorovulning ahvolini bilgani kelgandek.
— Shu Xoʻjamyor akaning apcharkasi boʻlib yurippiz, domlajon, — deb javob berdi u iljayib. — Ha, xush koʻrdik... Xoʻjayin kerakmi?

Domla tek qoldi.
— Kerag-u... — dedi domla. — Lekin nega «xoʻjayin» deysiz? Nega Xoʻjamyor sizga «aka» boʻlar ekan?.. Shoshmang-da! Tagʻin «afcharkasi boʻlib yuribman» emish... Bu nimasi?
— Endi... — «Apcharka» qiynalib-qipsinib, loʻmsa yuzini siniq iljayish qoplagan holda, xoʻrsinib yubordi. — Boriyam shu-da, domlajon.

Zokir oʻrinning astoydil jahli chiqib:
— Ajabo, men bilmay yurgan ekanman. Qoching yoʻldan, — dedi. — Hov, Xoʻjamboy Madiyorov!

Tutning orqasida — tomiga yaltiroq tunuka qoplangan binoning oʻng tarafidagi gulzorga ochilgan derazalarining biridan Xoʻjamyor... ha, oʻsha ot yuzli yigitchaning yirik nusxasi qarab turgan ekan.
— Marhamat, domla. Biz shu yerdamiz... Abdiboy, eshikni koʻrsating! — dedi.

Zokir oʻrin Abdining ishora-iltifotini qoʻl harakati bilan keskin rad etib, eshikka yoʻnaldi. Peshtoqdagi yozuvga boqmay, ammo hoʻl toʻshanchaga poshnasi allaqachon qiyshayib ketgan tuflisini artib, chogʻroq xonaga kirdi. Roʻparada yaltiroq stol ortida oʻtirgan xushbichim qiz oʻrnidan turar-turmas, soʻl yondagi oʻymakor eshik ochilib, jigarrang tufli, malla kastyum kiygan novcha yigit chetga tortildi.
— Kiravering.

Domla ostonaga qoqinib, choʻgʻdek gilamga oyoq bosdi va boʻsagʻadanmi, gilamdanmi uzr soʻragan kabi gʻoʻngʻillab, Xoʻjamyorga talpindi.

Xoʻjamyor uni bagʻriga olib va kiftiga asta-asta qoqib:
— Domlam-e, Zokir oʻrinovich-e, bormisiz-e, — der ekan, domla Zokir oʻrinning koʻzlari gʻilq yoshga toʻldi: dami qaytib, yiroq zamonlar bilangina emas, oʻzining yoshligi bilan ham uchrashgandek piqilladi va tabiiy, u kishi ham qoʻlini tepaga uzatib, shogirdining yelkasini silar edi.

Nihoyat, Xoʻjamyor domlani boʻshatib, yon yoqda saf tortgan oʻrindiqlarga ishora qildi.
— Oʻtiring, domla. — Uzi esa uzun stolning boshida oʻqida aylanguvchi, suyanchigʻi baland — taxtsimon kursiga borib oʻtirdi. Va selektr tugmasini bosdi. — Asal, choy, — dedi. Keyin likopchadek hovuchini ochdi. — Potiha qilib qoʻyamiz-da, domla? Harholda musulmonmiz, buning ustiga, din modaga kirdi.

Zokir oʻrin koʻzlarini artgan roʻmolchasini shosha-pisha choʻntagiga solarkan:
— Ha, albatta... Lekin din hech vaqt modadan chiqmagan, — deya qoʻllarini fotihaga koʻtardi.
— Omin. — Xoʻjamyor jilmayib yuziga fotiha tortgach, stol chetidagi xorijiy sigaretdan birini chiqardi. — Haliyam munozaraga oʻchsiz-a, domla?
— Gap munozarada emas, — deya Zokir oʻrin ham kissasidan «Astra»sini oldi. — Din hamma vaqt odamlarning qalbida boʻlgan, Xoʻjamboy. Lekin bechoralar tazyiq ostida...

Xoʻjamyor xorij sigaret qutisini domlaning oldiga surib yubordi.
— Mundan cheking.
— Men shunga oʻrganganman... Qur'oni karimda ham aytilar ekanki, e’tiqod zohiran va botinan boʻlishi mumkin... — Zokir oʻrin sigaretni oʻzi chaqqan gugurt oʻtida tutatib, «munozaraga» kirisharkan, Xoʻjamyor uning soʻzini yana boʻldi:
— Ha, dinni dinchilarga qoʻyaylik, domla... Oʻzingizdan soʻrasak? Uy ichlari, kayfiyatingiz qalay? Jiyanlar... Jiyanlar koʻpayib qolishgandir?

Zokir oʻrinning koʻzlari birdan quvnab:
— Juda! — dedi va kuldi. — Qilgan ishimiz shu boʻldiki, oʻzbek xalqining koʻpayishiga hissa qoʻshdik, xolos. Boshqa — na ilmga, na amalga deganday... qiziqishlar soʻnib ketdi. Biroq bola tarbiyalash ham oson ish emas... — Boshini koʻtarib, tagʻin sun'iy tishlarini koʻrsatib jilmaydi. — Mana, oʻzlaringiz ham oʻzimizning maktabdan chiqqansizlar. Bevosita tarbiya berolmagan boʻlsak ham, bilvosita ta’sirimiz oʻtgan boʻlishi mumkin. Shundayki, men sizning, Xoʻjamboy, bunday zamonaviy biznes boshliqlaridan biri boʻlib kelishingizni oʻylamagan boʻlsam ham, buni koʻrib, ham eshitiboq gʻoyat xursand boʻldim. — Soʻng oʻylanib, izoh berdi: — Kechirasiz meni, gʻaflat bosib deng, vaqtliroq kelmadim qutlagani...

Xoʻjamyor sigaret kulini billur kuldonga qoqib, endi kuldonni domlaga surib qoʻydi.
— Parvo qilmang, domla... — Soʻng yana selektr tugmasini bosib. — Asal? — dedi. Va u yokdan darhol javob qaytdi: «Labbay, Xoʻjaka!» — Sen anavilarga ayt, bizga naturalniy teri kerak, xoʻpmi? Qancha boʻlsayam olamiz aytilgan narxda. Uni Turkiya chegarasiga oborish ham bizning boʻynimizda... Ular bilan ortiqcha savdolashib oʻtirishga vaqtim yoʻq... Aziz mehmonim bor!

Zokir oʻrin bu gaplarni eshitayotgan esa-da, ma’nosini uqishga harakat qilmay turardi. «Aziz mehmonim...» soʻzini eshitgach, ma’no anglash qobiliyati ishlab ketgandek chehrasi yana ham yorishib:
— Rahmat, — deb qoʻydi.
— Shunaqa... ish, ish, ish, — dedi Xoʻjamyor va xoʻrsinib nafas oldi. Keyin: — Xoʻsh, domla... — deya Zokir oʻringa tikilib qaradi-da, miyigʻida iljaydi. — Sal qartayibsizmi deyman?

Zokir oʻrin sergak tortib:
— Ha, shu endi, eskilar aytganidek, olma bilan oʻrik boʻlarmidik, Xoʻjamboy, — dedi.

Xoʻjamyor bemalol hiringlab:
— Rost aytasiz, — dedi. — Mana, biz ham... Sochlarni qarang. Ha, lekin, domla, dunyoni koʻrish kerak ekan. — Shiftlarga qaradi. — Turkiya, Olmoniya, Amriqo... Bularni koʻrmasdan yashashni men endi tasavvur qilolmayman. — Soʻngra domlaga hasrat qilgandek dedi: — Bu mamlakatlarning har biridayam oʻzbeklar bor ekan, qarang-a!
— Albatta, bor, — dedi Zokir oʻrin jiddiy bosh irgʻab. — Hatto, Avstraliyada ham bor emish...
— Lekin hammasi tijorat bilan shugʻullanarkan, — goʻyo domlaning gapini davom ettirdi Xoʻjamyor. — Yashashlarini koʻrsangiz! Shunday ofislari borki!.. Masalan, Istanbulda shunday bir markazga kirib qoldim, boyoqishlar biram xursand boʻlib deng, «Byuriniz», deb turishipti. Darrov kofe... — U oʻz soʻzini boʻlib, boz selektrni bosdi. — Asal, choy nima boʻldi? — «Tok kelmay qoldi» degan javob qaytdi uskunadan. — Ana shu-da ahvolimiz, — goʻyo soʻzlariga yakun yasadi Xoʻjamyor. — Biz shu qadar orqada qolib ketganmizki, domla... — U boshini ogʻir chayqadi. Keyin bu holni, oʻylayverib boshogʻriqqa yoʻliqqandek chakkalarini qisdi.
— Ha, rost. Na chora, biz uchun ibrat — boshqalar edi... — deb hamsuhbatining fikrini ma’qulladi Zokir oʻrin. — Dunyodan uzilib vokuumda yashaganmiz-da.
— Oh-oh, ot-tangizga rahmat! — dedi Xoʻjamyor. — Vakumda yashagan ekanmiz, vakumda... — Soʻng elan-qaran oʻrnidan turdi va sigaretni avaylab tutgancha stolni yonlab kelarkan, domla kuldonni unga surib qoʻydi-yu, u sigaretni idishga bosganicha Zokir oʻringa qiyalab tikildi. — Ahvol qalay, domla?
— Ahvol yaxshi, — dedi domla. Keyin siniq jilmaydi. — El qatori. Elga kelgan toʻy-da, bu kunlar ham...
— Himm, sizlarning maoshlaring koʻpayib qoldi-ya? — Xoʻjamyor burilib, joyiga qaytdi.
— Ancha! — darhol javob qaytardi Zokir oʻrin va boz jilmaydi. — Toʻgʻri, pulning qadri tushib ketayotgan paytda bu unchalik bilinmaydi. Ammo yashasa boʻladi... Chidaymiz-da, Xoʻjamboy! Chidash kerak. — Soʻngra ilhomi tosha boshladi. — Mustaqil boʻlishni shuncha yil kutdik. Uni deb kuyib-kul boʻlib oʻtdi ulugʻlarimiz, allomalarimiz...

Xoʻjamyor tagʻin domlaning soʻzini boʻldi:
— Menga bir gapingiz nash'a qilib ketdi, rostini aytsam. Xoʻsh, «yashasa boʻladi» deganingiz. — Soʻng derazaga ma’noli termilib qoldi. — Yashasa boʻladi... — Shu tobda undan teran ma’noli, hayotiy mulohazalarga toʻla hikmatlarni kutish mumkindek edi. U esa: — Umuman, aytganda, shunday, rost, — deb joyiga oʻtirdi. — Demak, hali ahvol yomonmas ekan.
— Yomonmas, — dedi Zokir oʻrin. — Biroq, Xoʻjamboy uka, kimga qanday? Gap mana shunda... Mamlakatimiz ahvolini tushunib, boriga qanoat qilib yashayotganlar ham bor. Tushunishni istamay, kechagi kunni qoʻmsayotganlar ham bor. Ammo ularniyam tushunish mumkin: har kimning ham yaxshi yashagisi keladi.
— Uh, ana bu — dono gap! — deb yubordi Xoʻjamyor. — Har kim ham yaxshi yashashni istaydi! Xoʻsh, biz singari biznesmenlarning vazifamiz esa xuddi mana shu ahvolni baholi qudrat yengillatish... Fikrimni tushuntiroldimmi, domla?
— Juda! — dedi Zokir oʻrin hayajonlanib. — Lekin rahmat siz... sizlarga! Ana, choyxonadan keldim hozir. Oʻsha yerdayam sizlarni... E, rahmat-e! Keling, qoʻlingizni bitta qisib qoʻyay, iltimos. Yurakdan!
— He, domlaginam-e.

Xoʻjamyor qoʻlini qistirib, joyiga ketgach, domla battar ta’sirlanib, bosh egib qoldi-yu, koʻzi soatiga tushib, birdan hushyor tortib ketdi.
— Demak, him, gapimning xulosasi shulki, — dedi,— seni... koʻrib, koʻp xursand boʻldim, Xoʻjamboy. Yoʻlda... yoʻlakay huv oʻquvchilik davrlaring esimga tushib ketdi: ajib bir davrlar ekan! — deya birdan xitob qildi. — Paxta terimida yosh bolalar azob chekardi, bu hol ularni ekspluatatsiya qilish bilan teng edi, deb qancha va’zxonlik qilmaylik, oʻsha davrlar — bizning kechagi kunimiz, yaqin tariximiz, yoshligimiz boʻlib qoladi. — Soʻng uh tortib yubordi. — Bolalik bizga hamma vaqt ajib, jozibali tuyuladi... Ana shuning uchun aytamanki, kechagi yillar — yoshligimiz ham — biz uchun shubhasiz azizdir!

Xoʻjamyor boshini qiyshaytirib, domlani tinglarkan:
— Ha, albatta... Oʻsha bolalik boʻlmasa, bugungi kunga yetarmidik, — deb qoʻydi.

Zokir oʻrin chalgʻiganini fahmlab, endi soatiga bemalol qarab oldi-da:
— Endi bizga javob berasiz, — dedi.

Xoʻjamyor tomogʻini ohista qirib:
— Yoʻgʻasam, bizga boʻlarini aytasiz, — dedi. — Bizga nima xizmat bor?

Zokir oʻrin yelkasini qisdi.
— Xizmat... Sogʻ-salomat boʻling, shu.
— Yoʻq, unday emas, domla.
— Yana nima deyishim mumkin?

Xoʻjamyor yangi sigaret olib, barmoqlari orasida siypalar ekan:
— Domla, uyalmang, iltimos, — dedi. — Men umuman... ahvolni tushunaman. Bizga kundek ravshan. Maskov koʻchalarini koʻrsangiz bir! Qaysi kuni ertalab mehmonxonadan chiqib ketayotsam, axlat yashikni agʻdarib koʻrishayapti. Ikkita xotin. Durust kiyingan, intellegentga oʻxshaydi... Meni koʻrib deng, biri biriga nima deydi: «Moya koshka lyubit vot etu kostochku». Ikkinchisi suyakni koʻrsatib: «Mening itim bunaqasini yaxshi koʻradi», deydi. Tushundingizmi?

Zokir oʻrin ogʻzini ochib qarab turardi.
— Yo tavba!
— Xoʻsh, domla?
— Nima, «xoʻsh?» Tushundim: bechoralar bir-biridan ham uyalishsa kerak...
— Men sizdan boshqa narsani soʻradim, domla. Bu gap shunchaki daromad gap.
— Nimani soʻradingiz?
— Nimani istihola qilyapsiz, domla?
— Tushunolmadim?

Xoʻjamyor bilagidagi oltin soatiga koʻz tashlab oldi.
— Mana, salkam chorak soat oʻtiribmiz... Him, siz istihola qilib aytmagandan keyin men nima qilay?
— Nimani-nimani? — zoʻriqib soʻradi Zokir oʻrin. — Men hech narsani istihola qilayotganim yoʻq. Mutlaqo!.. Istiholani oʻylasam, hatto...
— Nima?
— Bu yerga kelmas edim.
— Kepsizmi, soʻrang-da endi, — dedi Xoʻjamyor undan koʻz uzmay. — Axir, men sizga begonamasman, — davom etdi qandaydir ranjinib. — Hali oʻzingiz aytdingiz, bizga bevosita ta’sir oʻtkazmagan boʻlsangiz ham, bilvosita... Albatta, tarbiyangiz oʻtgan. — U sigaretni soʻrib, jahl bilan pufladi. — Bilaman, ahvolingiz yomonmas... Umuman, oʻzbekistonda yashasa boʻladi. Mayli-da!
— Inshoolloh, yaxshi boʻladi, — deb qoʻydi domla.
— Ha, endi, inson orzu-istak bilan yashaydi, deydilar... Buyam dono gap.
— Bu — haqiqat, — dedi Zokir oʻrin va endi oʻzi Xoʻjamyorga tikildi. — Uka, nima demoqchisiz? Ayting, eshitay. Vaqtingizni oldim. Ketaman.
— Yoʻq, siz uchun vaqt bemalol.
— Rahmat.
— Xoʻ-oʻsh, — Xoʻjamyor suyanchiqqa yastanib, sigaretni rohatlanib soʻrdi-da, gʻalati kulib yubordi: kulgisi tomogʻidan chiqdi, chunki hissiz edi.

Zokir oʻrinning esa nafsoniyati ogʻrinib ketdi. Oʻzini ermak qilinayotgandek tuyib:
—Boʻpti, bizga javob, — deya oʻrnidan turdi. — Samimiy suhbat uchun rahmat. — Xoʻjamyor soʻzini boʻladigandek shoshib davom etdi: — Him, Turkiya, Amriqo safarlaringiz haqidayam eshitdim... Ha-ha, ularda hayot boshqacha! Bizlar qoloq...

Oʻrnida miq etmay qolgan Xoʻjamyor:
— Domla, — deya uning kursisini koʻrsatdi. — Oʻtiring joyingizga!
— Rahmat. Lekin, lekin... inson yoʻl topadi! Hukumat ham! Harqancha qiynalib boʻlsayam. Axir, yangi yoʻlga tushgan chaqaloq ham qoqiladi-ku?
— Uf, agar xafa qilib qoʻygan boʻlsam, uzr soʻrayman, — dedi Xoʻjamyor va asta qoʻzgʻalib, stol yonidan yurib kelarkan, Zokir oʻrin tislandi. — Obbo!

Domla behol tortib ketdi. Keyin:
— Xoʻjam, men konkret gapni yaxshi koʻraman. Bilasan-a? — deb soʻradi.
— Bilaman. Shuning uchun hayron boʻlyapman-da, — dedi Xoʻjam.
— Qiziq. Nimani konkret gapirmadim?
— Gapirish... — Xoʻjamyor soʻzini chala qoldirib, Zokir oʻringa tepadan tikildi. — Domla, siz rosti bilan meni tabriklagani, shunchaki qutlagani bu yerga keldingizmi?

Domla unga angrayib qoldi.
— Bu qanaqa savol? — dedi shivirlab. — Yoʻq, bunga ishonmaslikka senda.. ha, senda qanday asos bor?
— Hamma gap shundaki... — Xoʻjamyor iyagini kafti bilan ishqab chaynaldi.
— Xoʻsh?
— Endi... — Xoʻjamyor keskin burilib ketdi. Taxt-kursi qoshiga borib, yana qayrildi. — Bu yerga biznesga aloqasiz odamlar nima uchun kelishadi? Bilarsiz-a?
— Biznesga aloqasiz... — Zokir oʻrin ittifoqo choyxonada Eson doʻxtirdan eshitgan gaplarini eslab qoldi: «Undaylar koʻpaysin... Endi zamon ularniki». Soʻngra Xoʻjamyorning Maskovda qandaydir xayriya idorasida ishlagani, ha-ha, oʻzining, ya’ni Zokir oʻrinning-da «Elgayam nafi tegayapti» degani yodiga tushib ketdi. — Ha, endi, nochorlikdan ham kelishar...
— Ana bu boshqa gap! — dedi Xoʻjamyor, nihoyat, yengil tortib. — Har kuni kelishadi muhtojlar... Barining hojatini chiqarayapman, domla. Minnat emas bu! — Keyin mayin kulimsiradi. — Toʻgʻri, u bechoralar ham, albatta, meni tabriklagani kelishadi...
— Lekin men... — dedi domla, — Ont ichaman, uka... — Keyin birdan koʻzi charaqlab ochildi-yu, portladi: — Hov, hali shuning uchun boyanadan beri savolga tutayotgan ekansan-da?
— Axir, bu tabiiy-ku, — dedi Xoʻjamyor. — Siz ziyoli odamsiz. Madaniyatli...
— Nima, «ziyoli, madaniyatli» odam faqat... tabriklagani kelmaydi deb oʻylaysanmi?

Xoʻjamyor chuqur xoʻrsinib, kursiga choʻkdi.
— Sizga javob, — dedi.
— E, meni haydaganingmi bu? Xoʻjamyor shartta selektr tugmasini bosdi.
— Asal! Abdini ayt!

Zokir oʻrin kalovlanib, «Astra»ni choʻntagiga soldi, soʻng gardishi hilviragan shlyapasini boshiga qoʻndirdi.

Shu payt pakana, tuksiz loʻmsa yuzi osilgan Abdi kirib keldi.
— Bu kishini kuzatib qoʻy, — dedi Xoʻjamyor va derazaga qaradi.

Abdi Zokir oʻringa iljayib, ta’zim bilan eshikni koʻrsatdi. Zokir oʻrin tamshanib:
— Bu nima qiliq? — dedi goʻyo oʻziga oʻzi. — Hov, Xoʻjam? Meni haydab chiqarayapsizmi?
— Bu kishi Xoʻjam emas, Xoʻjamyor Madyorov, — dedi Abdi va domlaning tirsagidan ushladi. Domla:
— Qoʻlingni ol! Afcharka, — deya chetlanib ketdi.

Abdi intilib domlaning bilagidan tutdi va buriliboq tortgandi, Zokir oʻrin oʻymakor eshik ogʻziga borib qoldi.
— Marhamat, domla.
— Hov, Xoʻjam? Xoʻjamyor qaramadi.
— Abdi!

Shunda Asal eshikni ochdi va Abdi Zokir oʻrinni quchib koʻtarib tashqariga chiqardi,
— Domla, darvozadan ham chiqarib qoʻyaymi?
— Qoʻyvor, ablah! — dedi Zokir oʻrin. — Oʻzimning... oyogʻim bor! Hozircha bor! — deya eshikka qarab baqirdi. — Hoy, biznesmen! Tilanchi emasman, xudoga shukur. Seni oʻquvchim deb... Bema’ni, odobsiz!.. Odamlarga bunday qarash uchun kishi naqadar tuban boʻlishi kerak...

Abdi jila boshlagan Zokir oʻrinni yana dast koʻtarib oldi-da, gʻizillab ketdi. Koʻchaga chiqarib qoʻyib, darvozaning ochiq tabaqasini berkitdi.

... Xoʻjamyor yumshoq kursida soʻlgʻin tortib oʻtirarkan, Asal kirdi. Xoʻjayinga termilib biroz sassiz turgach, soʻradi:
— Nima boʻldi, Xoʻjaka?

Xoʻjamyor ham kotibaga biroz sassiz tikilgach:
— Oʻzim ham tushunmay qoldim, — dedi
— Nimani?
— E, soʻrama.

1993