OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiArpali qishlogʻida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Arpali qishlogʻida (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

«
Oy Barchinim, yor-yor,
Gul Barchinim, yor-yor,
Ultontozga tekkuncha
oʻl Barchinim, yor-yor.

«Alpomish» dostonidan
»

Arpali qishlogʻi soyning boʻyida. Soyning narigi betida bir zamonlar tevarakdagi supalari odam bilan gavjum boʻlgan hovuz bor. Hovuz lablarida oʻsgan gujum, butalar hozir uni oʻrab-chirmab tashlagan. Daraxt shohlariga har xil qushlar in qoʻygan. Hovuzni oʻragan pastak devor ortidagi tosh koʻchadan qachon oʻtsangiz, changalzordan qushlar chugʻurini eshitasiz; hovuzning u tarafidagi supada oq tugʻi oʻngib ketgan tanho qabr koʻrinib turadi. Qishlokda xonadonlar koʻp emas, besh-oltita. Hammasining ham sohibi — podachilar, choʻponlar, yilqichilar. Shuning uchun bu qishloqni «podachi qishloq» deb ham yuritishadi. Shu sababdan qishloq uylarida ham, tor koʻchalari, bogʻ-chorbogʻida ham, hatto odamlarning kiyinishiyu turish-turmushida ham ularning kasb-korlari muhri bosilgan. Soyning oʻrtasidan ikki tegirmon suv oqib yotadi, yozning jazirama kunlarida u qurib ham qoladi.

Arpalining odamlari — Oʻzbekning toʻgʻiz urugʻidan. Ma’lumki, bu elat bir qadar qaysar va betakalluf boʻladi; ularning gʻam-tashvish, sevgi sarguzashtlari ham oʻzlariga xosdir.

* * *

Abray podachining oʻgʻli Abdurasul institutga kirolmay, qishloqqa qaytib keldi. U otasi singari baland boʻyli, keng yagʻrinli; otda koʻp yurgani uchun oyogʻini kerib tashlaydi, ovda koʻp boʻlganidan fikrini qoʻl harakati bilan ham tushuntirib gapiradi.

Abdurasul uch kun uyda boʻldi. Uni koʻrgani olis-yaqindan qarindosh-urugʻ, yor-birodarlari kelishdi. Toʻrtinchi kun uy mehmondan xoli boʻlib, yigit zerikdi va ishtonini lippa urib, soyga tushdi. U bolalikda yoki Toshkent safari oldidan qoldirgan allaqanday narsalarini topadigandek, soyda uzoq kezdi-izgʻidi.

Soyning berigi betiga oʻtib, Xoʻjanazar otaning qabriga qaradi. Uni chakalakzor orasidan zoʻrgʻa koʻrib: «oʻ, xarob boʻpti-ku», deb qoʻydi. Soʻng tor koʻchadan rayonga qatnab oʻqigan chogʻlari — bu mozorot yonidan oʻtayotganda oyogʻi uchida yurganlarini esladi. Hozir seskanmagani uchunmi, ichida mamnun boʻlib, yana suv boʻyiga qaytdi. Suvning kechuviga yetib, xarsangtoshga oʻtirdi va allaqanday alanglagan koʻz bilan atrofni tomosha qila boshladi.

Shunda orqa tomondan qadam tovushlarini eshitdi. Burilib qarab, Bodomgulni koʻrdi. Abdurasul Bodomgul bilan bir sinfda oʻqigan, yoshlikda ikkalasi «beshikkertti» boʻlgan, lekin u qizga beparvo qarar, oʻqishga kirsam, oʻsha yoqlik bittasiga uylanaman deb yurar edi. «Toshkentdan koʻngli qolgani» uchunmi, bu umidi barbod boʻlib, hozir Bodomgul koʻziga oʻt boʻlib koʻrindi. Darhaqiqat, qiz toʻlishgan — qargʻashoyi keng koʻylagi ham uning yetilgan sumbatini koʻzdan yashirolmas edi. Oyogʻida uchi qayrilgan shippak, boshida afgʻoniy durra. «Bu nima qilayotgan ekan hozir?» deb oʻyladi Abdurasul va sekin oʻrnidan turib jilmaydi: — Salom berdik, Bodomoy!

Qiz yigitga qarab quvnab kuldi:
— Alik oldik, Rasulboy!

Abdurasul Bodom bilan hech qachon qoʻl berib koʻrishmagan edi, shaharning ta’siri — «madaniyatli boʻlganini» hozir koʻrsatgisi keldimi, qoʻlini choʻzib, unga peshvoz yurdi. Shunda oyogʻiga chagʻir tosh qadalib, hakkalab qoldi, lekin oʻzini dardga bardoshli ekanini koʻrsatgisi keldimi, yana tap etkazib, oyogʻini yerga qoʻydi.

Qiz ham unga qoʻlini berdi.

Abdurasul Bodomgulning biqqi-boʻliq barmokdarini oʻz kaftida sezmadi goʻyo, lekin uning jussasi oʻzidan bir qadam narida boʻlsa ham, uni chuqur his qildi.
— Qani, nima qilib yuribsiz?

Bodomgul charslik bilan javob berdi:
— Buning tashvishi sizga tushib qolgani yoʻq, Rasulboy! Qani, oʻzingiz nima ish qilib yuribsiz bu yerda? oʻqishdan ham guppa yiqilib kelibsiz deb eshitdim.
— E-e, Bodomoy! — dedi Abdurasul siniq jilmayib. — Podachining oʻgʻli institutga kirmaydigan zamon boʻpti. Ishoning!.. Podachi boʻlsang boʻpsan-da, deb «ikki»ni bosdi. Choponni yelkaga tashlab, hayday-berdik buyoqqa.
— Ajab boʻpti! — deb kuldi Bodom. — Vaqtida oʻqing edi, sandiraqlab, ov deb, koʻpkari deb yurmasdan. Ayb oʻzingizda.
— Endi, ayb bizdami, boshqadami, oʻtgan ish oʻtdi.
— Xoʻsh, nima kasb qilasiz endi?
— Hozircha bekorchilik...
— Podachi boʻling! Qoʻy boqing... Nimasi yomon?
— E, siz ham gapirasiz-da.
— Otdan tushsangiz ham egardan tushmang.
— Bodom.. -Ha.
— Yoshlikda bizni.. beshikkertti qip qoʻyishgan-a?
— Esimda yoʻq, — deb kuldi qiz.
— Esingizda bo-or, — dedi yigit. — Toʻgʻri, unda kichkina edik. Leki shunday ish boʻlgan-da!
— Boʻlgan boʻlsa, nima qipti endi?
— Nima qipti deysiz... Mana, yoshimiz ham bir joyga borib qoldi...

Bodom unga oʻtkir tikildi:
— Rasulboy, tushingizni manavi suvga ayting, tuzukmi? Meni... boshqa deganim bor... — Shunday deb qiz yoʻliga ketdi.

Abdurasul uning ortidan koʻz uzmay turardi.
— Hay, Bodom! — qichqirdi u.

Qiz suv yuzasiga chiqib turgan toshlardan yurib, narigi sohilga oʻtgach qaradi.
— Bodom, meni xafa qilma.
— Xafa qilsam, qoʻlingdan nima keladi? — dedi qiz.
— Qoʻlimdanmi... seni olish keladi. Sen... zakunniy qalligʻimsan.
— Bekorlarni aytibsan! — qiz ketib qoldi.

* * *

Arpali qishlogʻining davomi soy chiqib kelayotgan daradan ichkariga ham oʻtadi, dara yuz qadamlar choʻzilib sohillari yoyilib ketadi, soy esa olisdagi archali togʻ etagigacha boradi. Soy boʻyida bir-ikkita yalanglik bor, shunda ham besh-toʻrt oila turadi. Biri — Bodomgullar xonadoni. Qizning otasi dala qorovuli. Tur desa turadigan, yur desa yuradigan toʻriq oti bor. Shuni minib dala aylanadi. U kishi Abray podachi bilan eski oshna. Bodomgulning onasi bundan besh yil burun koʻz yumgan...

Bodomgul soy yoqalab yalanglikka yetgach, oʻtovlari tomon burildi.

Bu vaqtda Abdurasul ham mol qiyi, tappasi ezgʻilanib yotgan tor koʻchadan andak choʻloqlanib ketib borardi. Chorbogʻlari devoriga yetib, kemtikdan oshib oʻtdi. Yoʻngʻichqapoya pushtasidan yurib, ayvonlariga chiqib bordi.

Abray aka shipda osilgan lampochkani teskari bu-rab, chiqarolmay qiynalar edi.
— Muni tiliga tushunasanmi, ulim? Manavi kattakonini qoʻyib qoʻy, roʻshan boʻp tursin! — dedi.

Abdurasul lampochkani qoʻyib, uyga kirdi. Uning avzoyidan xafalikni sezgan ota ham ergashdi. Abdurasul quroq koʻrpachaga oʻtirib, chordana qurdi. Abray aka chakmonini yechib, poygakka choʻkka tushdi.
— Ha, Rasulboy?
— Ota... meni uylab qoʻying...

Ota unga zehn solib tikildi-da, sekin turib, eshikdan qaradi, baqirdi:
— Hay, enasi! Berman ke!

Mayram opa, boshidagi poʻtasi eshik tepasiga tegmasin uchun ham boʻlib, ichkariga kirdi.
— Ulingdan gap soʻra, nima deyapti bu? Mayram opa eri yoniga choʻnqayib, oʻgʻliga tikildi:
— Rasuljon?
— Soʻra, soʻra, — qistadi ota.
— Soʻrayapman-ku. Rasul?..
— Meni uylab qoʻyinglar deyapti uling! — tushuntirdi ota.

Mayram opa miyigʻida iljayib, kigizga yopishgan guruch donasini olib tashladi, oʻgʻliga mehr bilan boqib:
— Shundaymi, bolam? — dedi.
— Shu... bizni kichkinalikda... — mijgʻovlandi Abdurasul.

Ona eriga suyanib oʻtirib oldi-da, qoʻllarini siltab keng yengini tirsagiga tushirdi.
— Chol, qoʻlingizdi koʻtaring, ovmin deng! — dedi.
— Endi... — chaynaldi Abray aka.

Abray aka Xoʻjanazar otaning mozoridan fayz ketib, hovuz boʻyi oʻrmonga aylanib qolganidan beri urfu odat yoʻriqlarida oʻylab fikr aytadigan boʻlgandi.
— Koʻtaring qoʻlni! — qizishdi Mayram opa. — Bodomgul buniki boʻlmay, kimniki boʻladi. U kutib yotibdi-ku buni!
— Yoʻgʻ-a? — dedi podachi ichdan mamnun boʻlib.
— Ha. Rahmatli enasi oʻlmasdan burun kunora shuning gapini qilgich edi. Sheraliboy ham bir-ikki marta menga quda deb qoʻydi.
— Ovmin boʻlmasam, — dedi Abray aka. Mayram opa fotiha oʻqib, irgʻib turdi:
— Men ertan-mertan ularning yurtiga boraman.
— Men ham katta-kichik bilan maslahat qilay boʻlmasam.

* * *

Ertasi kuni kechki payt Sheraliboy qizi bilan oʻtovda betma-bet oʻtirar, Bodomgul Mayram opaning bugun kelib ketganini bilar, shuning uchun diqqat, lekin oʻzidan koʻngli toʻq edi. Sheraliboy «yangilik»ni qiziga aytolmay, koʻp andisha qildi, hamsoya kampirni chaqirib, ayttirishni ham oʻyladi. Oxiri bu fikridan ham qaytib:
— Qizim, men senga ota emas, enayam boʻp qolganman, shuning uchun ba’zi gapni ochiq aytsam, koʻnglingga ogʻir olma, — dedi.

Toʻlib turgan Bodomgul ham shu tarzda javob berdi:
— Boʻlmasam, ota... men sizga ochigʻini aytaman.
— Barakallo! — Shunday deb, ota qiziga xavfsirab qaradi: — Nima? Eshitdingmi? Yoʻq... deysanmi?

Qiz qip-qizarib eshikka yuzlandi.
— Ayt, bolam, Koʻnglingda armon boʻlib qolmasin.
— Oʻylab qoldim-da, ota, — dedi qiz. — Siz... men tarafda boʻlmasangiz, unda nima boʻladi...

Ota boshini egdi.
— Otang aylansin, oʻzbekning gapi bitta boʻladi.
— Unday boʻlsa, ota, — qiz otasiga qarab oldi, — meniyam gapim bitta.
— Shoshma...
— Aytaberaymi?
— Ayt-chi.

Qiz oʻrnidan turdi, keragaga roʻpara boʻldi:
— Ota... men unga tegmayman!

Sheraliboy qiziga angrayib qarab qoldi. Soʻng:
— Yoʻgʻ-e, — dedi ovozi titrab. — Bu gaping bekor gap, bolam. Bizning labzimiz bor, jon qizim... Meni sharmanda qilib qoʻyasan... Bir umr ulardan qutulmaymiz keyin...

Bodomgul xoʻrsindi:
— Shu yerga kelganda, ota... siz menga onalik qilolmadingiz. Enam oz boʻlsayam ra’yimga qarar edi... Mayli, ikki kun muhlat bering boʻlmasam.

Ota oʻrnidan turdi:
— Oʻylab ol, oʻylab ol. Labzidan qaygan qavmidan qaytgan boʻladi, bolam.. — deb chiqib ketdi.

* * *

Ertasi kun choshgohlarda rayon yoʻlida yuk mashinasi doʻqillab kelar, undan koʻtarilgan qizgʻish chang yoʻl yoqasidagi quvrab qolgan qoʻziquloqlar ustiga qoʻnar edi. Kabinada Eshquvvat bilan Bodomgul.

Eshquvvat ham Abdurasullar bilan bir sinfda oʻqigan, u ham Rasul kabi baland boʻyli, keng yelkali, kizgʻish yuzli, bodomqovoq yigit. Burnogʻi yil Bodom bilan til topishib, bir-biriga koʻngil bergan... Bodom beshik-ketti boʻlganiga parvo qilmas, Eshquvvat esa bir kun emas-bir kun bu yoʻrigʻda gap qoʻzgʻalishini sezar edi. Qolaversa u Abdurasul bilan tengqur, bir-birining siridan xabardor, oʻquvchilik yillari bir-birining uyiga kelib yotib ham ketar edi. Arpaliga bir doʻng qolganda, qiz:
— Toʻxtating, men piyoda ketaman, — dedi.
— Haydayberaylik, betma-bet gaplashamiz-qoʻyamiz-da, — dedi Eshquvvat.
— Toqatim yoʻq u bilan gaplashgani, — dedi qiz.

Eshquvvat bosh irgʻadi. Qiz tushib, kabina eshigini yopdi. Yigit qizga chang tegmasin uchun mashinani bir oz masofagacha sekinlatib bordi-da, soʻng yana sur'atni oshirdi.

U Arpaliga yetib, soyning kechuvidan oʻtdi. Sohil yoqalatib borib, Abdurasullarning chorbogʻ devori ostida toʻxtatdi.

Mayram opa ayvonda kuv pishar edi. U kelguchiga qiziqib qarab, yogʻli qoʻllarini artib turaverdi. Eshquvvat ayvonga chiqib bordi:
— Salomalaykum, xola.
— A-lekum, bolam! — opa qoʻlini yengi ichiga tortib, yigit bilan koʻrishdi va uyga qarab: — Rasul? — deb qoʻydi-da, Eshquvvatdan gina qildi: — Ha, qorangizniyam koʻrsatmaysiz, Eshquvvatboy? Oshnachilik munday boʻlmaydi-da. Bir kunlik yoʻldan odamlar kelib ketishdi... Ha, nasibasi ekan, institutga kirolmapti...

Abdurasul uyda yangi kostyumini kiyib koʻrayotgan edi. Chikdi. Sobiq sinfdoshlar quchokdashib koʻrishishdi.
— Tortinglar. Tortinglar uyga, — dedi uy bekasi.
— Anavi olchaning ostiga bir toʻshanchi soling, uyga qamalib oʻtiramizmi, — dedi Abdurasul.

Lekin Eshquvvat rad etdi:
— Xola, men qaytaman, ishim zaril... Rasulboyni bir koʻray deb yoʻldan burildim.
— E, allagʻaytib bir kepsiz. Borasiz-da, bolam.

* * *

Mayram opa ularga olcha tagiga joy qildi. Koʻrpachalarni toʻshab, loʻlabolishlarni qoʻydi.
— Yonboshlanglar. Enasi aylansin shunday joʻralardan! — opa qaytib ketdi.

Yigitlar oʻtirib, taomilga koʻra fotiha oʻqigan boʻlishdi. Bir muddat uyoq-buyoqdan gaplashishdi...
— Xoʻjanazarbobo xarob boʻpti-da.
— Ziyoratchilarning ham esidan chiqib ketdi.
— Yoʻngʻichqa oʻroqqa kep qopti-ku?
— Uch-toʻrt kun dam olay, oshna. Ish qochib ketmas... Aytmoqchi, otam meni uylab qoʻymoqchi. Yoʻq desam ham koʻnmayapti, — deb qoldi Abdurasul.
— Kimga? — soʻradi Eshquvvat.
— Hey, Bodom bor-ku. Bodom? oʻzimizning sinfdosh! Bizga beshikkertti boʻlgan-da vaqtida, bilasan-ku, endi muhlat yetdi, boshlaringni qovushtirib qoʻyaylik deyishyapti bular.. Sen nima deysan?
— Oʻzingning xushing qalay?
— Xushim endi... Bodom oʻlgur ham boʻpti-da, suxsurday qiz boʻpti. Eshquvvat, shuning birov bilan gapi bor deb eshitdim, shu rostmi?
— Bilmayman.
— E, qoʻy, bilasan!..
— Bilsam... aytsam, xafa boʻlmaysanmi?
— Nimaga xafa boʻlaman. Lekin...
— Endi, oshna, oʻzingdan qolar gap yoʻq, hammamiz ham maktab koʻrgan, oʻqiganmiz... oz boʻlsayam. Toʻgʻrimi? Eskicha urfu odatlar bizga koʻp ham toʻgʻri kelmaydi endi.
— Toʻgʻri-yu, labz bor-da orada! — dedi Abdurasul.
— Labzidan qaytgan nomard! Lekin labz deb, birovni juvonmarg qilish ham insofdan emas-da?
— Gapingning tagida gap borga oʻxshaydi. Kim bilan yuradi? Tagʻin oʻzing yurgich boʻlib chiqma?
— Rost, — dedi Eshquvvat, — peshona ekan... Xafa boʻlma, senga nasib qilgani ham bor, albatta...
— Oʻ, shunda xatoga ketding, oshna! Gap peshonada boʻlsa, u tugʻilgan zamoniyoq mening peshonamga bitgan...
— Bu gaping kelishmaydi, Rasul. Biz yoshlikdan joʻramiz, oramizga sovuqchilik tushmasin. Bir urugʻdanmiz... aloqalarimiz buzilmasin. Men seni qoʻrqitmoqchi emasman. Bu zamonda birov-birovdan qoʻrqmaydi. Faqat aytib qoʻyayapman...
— Nima, undan kech deysanmi? -Ha.
— Agar... yoʻq desam-chi?
— Yoʻq desang, aloqalarimiz buzilib ketadi-da.
— Nima qilasan? Obqochib ketasanmi? Yoki... raykomlarga xabar berasanmi?
— Oshna, qoʻlimdan kelgan ishni qilaman-da. Bodomning oʻziyam tek turmas.
— Oʻzi bilan kelishdik de?
— Kelishmasak ham bu boʻlarli gap.
— Boshqa soʻzing yoʻqmi?
— Yoʻq... Oʻzingdan gapir, nima boʻldi, oʻqishga kirish qiyinmi shunchalik?

Abdurasul oʻrnidan turdi:
— Oshna, boʻlmasa yoʻlingdan qolma! — dedi. — Ikkinchidan, sen oʻzing ham nomard bola ekansan. Shuni menga atab qoʻyganlarini bilar eding. Bilib turib, nomardning ishini qipsan... Men harakat qilaman yana. Ololmasam, unda bizni yuz koʻrmas boʻlib ketdi deb yuraber!
— Uni... mencha yaxshi koʻrmaysan-ku? Uyam seni yaxshi koʻrmaydi.

Abdurasul olcha shoxini sindirib oldi.
— Tur, men kigizni shipiraman!

* * *

Mayram opa Eshquvvatning vaqtli turganini koʻrib, qolishga koʻp undadi. Soʻng: «Oshnangiz ham aytgandir. Yaqinda toʻyi boʻladi. Mashinangiz bilan kelib, bir xizmat qilasiz-da, ulim! Rasulboy ham vaqti kelganda qaytarar», deb qoldi. Eshquvvat: «Xola, biz xizmatdan qochmaymiz. Lekin Abdurasul bilan bir tuzuk-toʻrali gaplashib oling», deb ketdi.

Abdurasul onasining savollariga javob bermadi.

* * *

U Bodomgulni soydan suv olayottan yerida topdi. Qiz suvga toʻla satilini oʻt ustiga qoʻyib, yulgʻun butogʻini oʻynab turgan Abdurasulga qaradi.
— Bodom.. mening Eshquvvatdan nimam kam? — soʻradi u nihoyat.
— Seni Eshquvvatdan kam joying yoʻqdir, — dedi qiz. — Lekin ortiq joying boʻlgandayam, Rasul, men uni deganman! Shuning uchun oʻzingni tort... insofga kel. Bilasanmi, barimiz bir elat bolasimiz... Otalarimiz bir-biri bilan eskitdan oshna. Mozorimiz bir, koʻchamiz bir. Sen bizlarni ajratib yuborma. Oʻylab koʻr. Sengayam sochini tarab oʻtirgan bir qiz chiqar axir? Koʻrgan koʻzing men boʻlib qoldimmi... Avvallari parvoyam qilmas eding.
— Endi... yaxshi koʻrib qolgan boʻlsam-chi?
— Unda kechikibsan, Rasul. Endi vaqt oʻtdi. Tanangga oʻylab koʻr, janjal chiqmasin orada. Eshquvvatning odatini bilasan. Men ikki boshdan qaytmayman oʻz gapimdan. Otamga rahmim keladi...
— Meni oʻylamayapsan, men ham ularga aytib qoʻydim, — dedi Abdurasul.
— Gapingni qaytib ol!
— Yoʻ-oʻq, bu menga oʻtirishmaydi, Bodom.
— Boʻlmasam, qoʻlingdan kelgan yomonlikni qil, Rasul. Lekin mendan ham yaxshilik kutma.

Bodomgul satillarini koʻtarib, hamon shudring ketmagan oʻtzorga oraladi. Abdurasul butoqni suvga tashlab, qirgʻoq yoqalab iziga qaytdi.

Shu kuni Abdurasul kechgacha daraning oʻrkachida miltiq ushlab, chumchuq otib oʻtirdi. Keyin uyiga borib, toʻshak solib yotdi. Oqshom ota-ona uning atrofini oʻrab, gap soʻrashdi.
— Labzi yoʻq ekan ularning, ota, — dedi oʻgʻil oqibat.

Ota-ona hayron... Bir mahal ikkalasi ham ayvonga chiqishdi. Mayram opa supa labida choʻnqayib, Xoʻjanazar otaning mozoriga qaragancha xoʻp duoyibad qildi. Abray aka boʻlsa, Sheraliboyni qidirib ketdi.

Uni xirmondan topdi:
— Nima gap oʻzi?

Sheraliboy yelkasini qisdi. Soʻng podachidan uning oʻgʻli aytgan gaplarni eshitib, oʻylanib qoldi va:
— Oshna, men ham qizning koʻngliga qaramasam boʻlmas ekan. Meni gapida turumi yoʻq desang ham mayli, — dedi.

* * *

Oradan bir oy mudlat oʻtib, Eshquvvatlar uyidan Bodomgullar yurtiga sovchi keldi. Sheraliboy qizini berishga rozi boʻldi. Hafta oʻtib, toʻy boshlandi. Toʻyga aytgani Sheraliboyning oʻzi otlanib, Abray podachining uyiga bordi. Biroq, eski oshnasi unga qayrilib ham qaramadi. Mayram opa esa, oʻgʻlining bilagidan tortib, uyga kirib ketdi. Toʻy dabdaba, rasm-rusmi bilan oʻtdi.

Toʻydan qaytgan toʻyxoʻrlar toʻyxonadagi sir savdoni muhokama qilib ketishar, ular bu zamonda labzga ehtiyot boʻlish qiyin ekani, shuning uchun bu yoʻrigʻda zinhor oʻylab-choʻylab ish tutish kerakligi haqida soʻzlashardi.

Abdurasul toʻy kechasi soyda kezib, qudalardan «qaysisining otiga shikast bersam, qaysisining eshagini yorib tashlasam», deb koʻp oʻyladi. Oxiri qoʻl siltab, rayonga tushib ketdi.

1973