OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Shukur Xolmirzayev. Bahor (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiBahor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bahor (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Azimovning qizi seni velosipedda koʻripti. Yiqilibsan. Onasiga aytipti...

Onamning bu gapi mening tinchimni yoʻqotdi: demak, Bibigul meni koʻripti, yoʻq.. menga e’tibor qilipti. Yiqilganimga achinipti. Hatto onasiga ham aytipti!
— Ena, men dashtga ketaman! — dedim.
— Hozirmi? Shu kundami! — hayron boʻldi onam. — Yogʻin-sochin mahali, bolam. Dashtda chaqmoq yomon boʻladi, bir choʻponni urib ketipti!
— Hechqisi yoʻq. Men oq kiyim kiymayman-ku!
— Kim bilan borasan dashtga?
— Oʻzim. Oʻtkinchilar bilan. Chorbozorchilar bor. Ana, eshagim!
— Nimaga... birdan boradigan boʻlib qolding?
— Enajon, hademay yoz boshlanadi. Velosipedimni opkelaman!
— Axir, hozir velosiped minib boʻladimi? Bari bir keltirib omborga qantarib qoʻyasan.
— Bari bir borgim kelyapti. Dashtniyam sogʻinyapman!
— Kutsang boʻlardi bir-ikki kun. Ayttirib yuboraman. Akang oʻzi opkeladi.
— Yoʻq. Erta shanba. Tushdan keyin joʻnayman. Bozor kuni qaytib kelaman.
— Oʻzingga ehtiyot boʻl-da.

Shanba kuni tushdan keyin joʻnadim. Havo iliq. Bahor osmoni tiniq. Tollar kurtak chiqargan. Hovlimizdan chikdim. Rayon ham orqada qoldi. Biyday dasht. Soʻqmoq... Bu soʻqmoq menga koʻpdan tanish. Esimni taniganimdan buyon yuraman. Avval dashtda yashardik. Soʻng rayonga koʻchib keldik. Uyoqda oʻtovimiz, uyimiz qolgan. Akam doktor. Kuzda mototsiklini sotib, velosipedimni minib ketgan edi. Borib opkelishimga vaqt boʻlmadi. Oʻqish boshlanib qoldi... E-he, bu dashtlar menga tanish! Guli, koʻkati bilan! Qushlari, kengligi bilan! Soʻqmoqlari, oʻrlari bilan tanish!
— Eh-he, oʻzlari-ku! — deb qarshi oldi akam.

Akam Aliqul oʻrta boʻy, yelkador yigit. Shoʻx, koʻzlari qiyiq. Men onamga tortib, qirraburun, chaqnoq koʻz boʻlganman... Ana oʻtovimiz! Ana yolgʻiz qayragʻoch. Ana pastlikda... Gʻorkamar! Narida daryo, uning gʻish sohillari. Adirda qoʻy-qoʻzilar!
— Ha, keldim, — dedim. — Velosipedga keldim.
— E, ukam-e, ovora boʻpsan-da. Oborib berardim.
— Oʻzim keldim, sogʻindim dashtni!
— Bu boshqa gap. Yur oʻtovga. E, qoʻyib yubor eshakni, qaerga ketadi. Uzum obkemadingmi?
— Sob boʻldi. Osma uzumniyam yeb qoʻydik.
— Bizda qatiq, qaymoq, goʻshtdan boʻlak narsa yoʻq.
— Shu yaxshi-da. Bizda ana shulardan kamchil!
— Velosipedni qanday qilib olib ketasan? Egningga ortasanmi, yo eshagingni unga ortasanmi?
— Bir yoʻlini qilarmiz-da, aka!
— Sovqotmadingmi? Hey, kampir! Mehmon keldi. Yangam bilan ham soʻrashdim. Oʻtov... Oʻtov. Ana silliq uvuqlar, shaxmatnusxa keraga. Ana sanoch, doʻmbira. Kigizlar, quroq koʻrpalar. Oʻrtada oʻchoq. Bu oʻchoqda bozillagan shuvoq choʻgʻida qancha isinganman. Qoʻylar qoʻzilaganda, tashqari sovuq boʻlsa, ichkariga kiritardik. Tapir-tupur qilib, uyqu berishmasdi. oqshomlari tashqaridagi supada yotardik. Otam doʻmbira chertar edi. Uning ovozi! Past, qandaydir dagʻal va xasta. Biroq uni eshitganda koʻngling kengayib ketadi. Koʻz oldingda behad adirlar koʻrinadi... Oʻtov! Qaymoq ham yedim. Qatiq ham ichdim, goʻshtga havm toʻydim.

Akam bilan gʻorkamarga tushib chikdik. Oʻsha kamar, ichi keng, yuz bosh qoʻy soyalashi mumkin. Burchakda, qoyalar orasida bir tup tut oʻsgan. Uning shoxlari pastdagi serqamish koʻlga tegib turardi. Shu koʻlga tushgan narsa qaytib chiqmaydi deyishadi: uning tagi yoʻq emish. Bir tuya choʻkib ketib, toʻqimi yuz chaqirim naridagi boshqa koʻldan chiqqanmish... Biz yozda bu kamarda ham koʻp boʻlardik. Chunki bahorda oshqovoq ekardik. Ichkariga kirib, koʻchmak oʻynardik.
— Xayr, aka.
— Eshaging boʻlmaganda bir moshinga solib yuborardim.
— Hechqisi yoʻq.
— Qani, menga qara. Qiynalmaysanmi?
— Yoʻq.

Men eshakda oʻtiribman, velosiped ramasini goʻyo qiyib olganman. U yelkamda, rama ichidan boshim chiqib turipti. Gʻildiraklari ikki yonda. Eshakni haydab yurish noqulay. Lekin bunga ehtiyoj ham yoʻq: eshagim qayoqqa borayotganini yaxshi biladi.
— Xayr, aka.
— Ochqasang, xurjunda goʻsht bor, olib yo. Qatikdan qoʻshnilargayam beringlar.
— Xoʻp, aka.

Yoʻlda yomgʻir yogʻdi. Chaqmoq boʻldi. Men shalabbo boʻldim. Sovqotdim. Qoʻrqdim...

Kechqurun uyga yetib bordim. Yelkam uvishgan, koʻtara olmas edim. Ertasi tushdan keyin velosipedga yel berdim. Artdim. Gʻildiragi qiyshayib qolgan ekan, tuzatdim, toʻgʻriladim. Yomgʻirli, loyli tor koʻchamizga minib chikdim. Undan markaziy koʻchaga oʻtdim. E, hamma menga qaraydi! Hozir kim velosiped minadi? Menga oʻxshagan biron «olifta» bu ishga jazm qilmasa, boshqasi qilmaydi... Chorraha!

Bu chorrahayam men uchun aziz. Chunki pastga tushgan yerda Azimova opamning uyi bor. Derazasi koʻchaga qaragan, Bibigul yoz, bahor oqshomlari shu deraza yonida kitob oʻqib oʻtiradi. Shu deraza yonidagi darchadan satil koʻtarib suvga chiqadi. Men uni... maktabdan kelayotganimda koʻp koʻraman. Nima uchundir... uni koʻrganda oyoq bosayotgan yerim esimdan chiqib ketadi. Bir-ikki marta ariqqa tushib ketganman. Yurak-bagʻrim eziladi, ichlarim ogʻriydi. Panaga oʻtganda yigʻlagim keladi. Nimaga?.. Qishda «Robin gud» degan kino boʻldi. Birinchi oqshom kirib Bibigulni koʻrdim. Yonma-yon tushib qolibmiz. Keyin har kech kinoga kiradigan boʻldim. Lekin u boshqa kirmadi. Tizzagacha loyga belanib uyga qaytardim...

Bibigul! Ana Bibigul!.. U ham menga oʻxshab ketadi, faqat rangi tiniq, oq! Qarashlari mayin, kulib turganday hammavaqt.

Bibigul!..
— Qani! — deb pedalni bosdim. Xuddi buyurganday unga yetganimda, yoʻq, chorrahadan burilib, derazalari oldidan oʻtayotganimda gʻildiraklar birdan toyib ketdi. Men, telpagim bir yoqqa uchib, otilib tushdim... Qizarib va iljayib oʻrnimdan turdim.
— Koʻzingga qarasang boʻlmaydimi! Hammavaqt yiqilib yurasan-a! — dedi Bibigul va... darvozalaridan kirib ketdi.

Men velosipedni turgʻizib xiyobonga chiqardim. Yigʻlagim kelardi...

Keyin bildim: u menga qiziqmagan, menga achinmagan. Onasiga ham shunchaki gapirgan ekan.