OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiBahor oʻtdi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm28KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bahor oʻtdi (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Mastura shoʻx, odam bilan kulimsirab gaplashadigan, suhbatdoshiga tezda yoqib qoladigan, suhbatdoshi kim boʻlmasin, unda oʻziga saxiy bir mehr, xayrxohlik uygʻotadigan qiz edi. U koʻp narsani oʻylab, fikr qilib oʻtirmasdi. Lekin, oʻzining yoqimli ekanini bilar va hamisha yoqimli boʻlib qolishiga ishonar edi. Shuning uchun teng-toʻshlariga ham, muallimlariga ham, qoʻshnilari va yolgʻiz onasiga ham erkalik qilar, ters-ters gapirib ketaverardi.

Ularning yigirma sotix tomorqasi boʻlib, unda otasi ekib ketgan xil-xil mevali daraxtlar koʻp edi. Shu bogʻdan keladigan daromad va otasiga toʻlanadigan pensiya puliga kun kechirishar edi.

Masturaning otasi qirq uchinchi yilda sillasi qurib, ishlab turgan magazinida oʻlib qolgan edi.

Mastura shu magazin oldidan oʻtganda otasini eslar va koʻziga yosh olardi. Qishloq kichkina, shuning uchun qizni hamma tanir va oʻtmishi-yu, hozirgi hayotini bilar, yigʻlayotgan qizning koʻnglidagi gʻamni sezib, unga hamdardlik bildirishardi. Mastura battar yigʻlar va yigʻisi tamom boʻlganidan keyin odamlarning unga koʻrsatgan dildrrligini eslab, ichida mamnun boʻlar, xayrxohlik koʻrsatmaganlariga alami kelib, ularni soʻkar edi.

Mastura hamma meni suyadi va suyishi kerak deb hisoblar, ularning nega suyishlari haqida oʻylash esa, xayoliga kelmas edi. Odamlar boʻlsa avvalo uning yoqimtoy, erka qiz boʻlgani uchun, soʻngra, uning takdiriga achingani uchun suyishar va koʻnglini choʻktirmaslikka harakat qilishar edi.

Mastura toʻqqizinchi sinfda oʻqib yurganida uni oʻninchida oʻqiydigan maktab komsomol tashkilotining sekretari Akobir degan yigit yaxshi koʻrib qoldi.

Akobirning ota-onasi u yoshligida oʻlib ketgan, u olti yasharligidan yetim bolalar uyida tarbiyalangan, zehnli, andishali, bir soʻzli va koʻngli yarim yigit edi. Uning bitta togʻasi bor edi. Togʻa bola-chaqasi bilan qishloqning shimolidagi chorbogʻida turar, uning ovdan qoʻli boʻshamas, boʻsh vaqtida choyxonada oʻtirib, ov tafsilotlarini koʻpirib hikoya qilardi.

Akobir togʻasi bilan kam muloqotda boʻlar, oʻzini magʻrur tutib yurar edi.

Ozgʻin, novcha, qirraburun bu yigit Masturani yaxshi koʻrib qoddi. U ilgari ham bir-ikkita qizni yaxshi koʻrgan edi. Ammo Masturani sevib qoldi-yu, unga xiyo-nat qilmadi. Faqat yaxshi koʻrish bilan chegaralanga-nida, balki vaqti kelib unutar, boshqasiga koʻngil qoʻyib ketaverar edi. Chunki, u yosh edi... Biroq, bu andishali, koʻngli yarim yigit qizning tarjimai holi bilan tanishdi-yu, unga bogʻlanib qoldi. Muhabbatiga achinish hissi ham qoʻshildi. Bu ikki tuygʻu bir po-yondoz boʻlib, Masturani uning koʻngliga olib kirib qoʻydi...

Mastura ham unga mayl bildirdi. Ammo tanishgan kunlaridayoq unga erkalik qildi, ters gapirib ketib qoldi. Akobir oʻsha kuniyoq qoʻlini yuvib, qoʻltigʻiga artmoqchi boʻldi, tagʻin uning oilasi taqdirini oʻylab: «Yoʻq, xafa boʻladi. Koʻngli choʻkadi, sagʻir deding-da, deydi», dedi ichida. Bu mulohaza unga keyinchalik ham hamroh boʻlib qoldi. Shuning oqibatida Akobir Masturaning barcha xarxashalarini koʻtara boshladi.

Mastura ham uni yaxshi koʻrib qoldi.

Oʻninchini bitirishgach, Akobir Toshkent Davlat universitetining gyoologiya fakultetiga oʻqishga kirdi. Masturani bir necha sinfdoshlari qatorida maktab direktori Qarshiga eltib, muallimlar institutiga joylashtirdi.

Qobiliyatli Akobir yaxshi oʻqib ketdi. Bir necha durust-durust qizlar unga roʻpara boʻla boshladi, lekin, Akobir ular bilan yurmadi. «Mastura eshitsa, xafa boʻladi», dedi. Mastura faqat sevgilisining bevafoligidan emas, oʻz taqdiridan ham xafa boʻladi, deb oʻyladi.

Mastura oʻrtacha oʻqiy boshladi. Maktabda muallimlar baho yoʻrigʻida ham saxiylik qilishar edi. Bunga oʻrgangan Mastura institut domlalarining oʻziga hamma qatori qarashlarini tushunmadi. «Bular qiziq, qarshilik», deb ularni yomonlar edi u. Keyin, kursdoshlari ham unga hamma qatori muomala qilar, Mastura buni ham tushunmas edi. Toʻgʻri, ba’zi yigitlar uni koʻrganda miyigʻida jilmayib, unga ishora qilar, goho uning bichimi kelishgan qiz ekanini yuziga ham aytar, Mastura bulardan mamnun boʻlar, biroq, shulargina uni qanoatlantirmas edi.

Sevishganlar xat yoza boshladilar.

Akobir Masturaning xatlarida nolish ohanglarini uqa boshladi. Ikki yil badalida stipendiyasini tejab-tergab, bir gal bahorda, bir gal qishda Qarshiga kelib ketdi.

Bu harakat ularni bir-biriga yana ham yaqinlashtirib qoʻydi. Akobirning sevgisi ham, Masturaning muhabbati ham oshib-toshib ketdi. Bu vaqtda Mastura hamma kursdosh qizlar bilan urishgan, muallimlar ham unga sovuq munosabatda boʻlib qolishgan edi. Negaki, Mastura uch-toʻrt marta hammaning koʻz oldida darsdan chiqib ketdi.

Bora-bora Masturaning oʻqishdan koʻngli sovidi. Uning xayoliga nuqul koʻzi shilpiq onasi, katta bogʻlari kelar; maktabdagi muallimlari va qoʻni-qoʻshnilarining kulimsiragan chehralari namoyon boʻlar; keyin, bular ortida ufqni toʻsib, Akobir turar edi. Mastura xohlasa, uni oyogʻiga poyondoz qiladi, xohlasa yelkasiga minib uchadi. Akobir uni istagan manziliga eltadi, u hamma yerda hamqishloqlarining mehribon chehralarini koʻrib turadi.

Uchinchi yili Mastura: «men oʻqimayman», deb xat yozdi Akobirga. Akobir Baxmaltogʻda edi. Xatni sakkizinchi kuni oldi va «bir falokat boʻlgan... Bir shp boʻlgan... Yuzi chidamay ketgan», deb oʻylab koʻngli Masturani orli, nomusli qiz faxmlab, Qarshiga yetib keldi. Bu vaqtda Mastura qishloqqa ketib qolgan, xatiga Akobirdan tezda javob olmagani uchun undan qattiq xafa boʻlgan edi. Akobir institut ma’muriyati bilan gaplashib, oʻzining shubhasi behuda ekaniga ishondi. Masturaning oʻzi oʻqishni xohlamay ketganini eshitdi. Biroq: «Yoʻq, bu mumkin emas. U oʻqishni yaxshi koʻradi. Axir biladi-ku, u oʻqishi kerak. Oilasi uchun ham... Qishloqdan oʻqiyman deb chiqqan. Keying «oʻngli oʻksik uning. U boshqalardan kam emasligini isbotlash uchun ham oʻqishi kerak», deb oʻyladi va Qarshida eshitgan gaplariga ishonmay, qishloqqa joʻnadi.

Kelib tushgach: «Agar hozir undan xabar olmasam» battar ranjiydi», deb yetim bolalar uyiga burilmay, toʻgʻri ularnikiga ketdi.

Mastura Qarshidan qaytib kelayotganida, bu ishi hamqishloqlari orasida albatta, har xil gumon va mishmishlarga sabab boʻlishini tasavvuriga ham keltirmagan edi. Mashinadan tushgani hamono buni his etdi-yu, figʻoni falakka chikdi.

Kutubxonachi rangpar ayolning: «Bahay? Tinchlikmi?» degan savoliga: «Yoʻq, urush boʻldi, hamma qirilib ketdi», deb javob berdi.

Akobir yuzi oqargan holda chimirilib kirib kelganida, Mastura jonidan toʻyib, alamini kimdan olishini bilmay oʻtirgan edi.
— Namuncha daragingiz yoʻq? — dedi supa labidan turmay. — Xatga ham javob bermaysiz! Yo toshkentlik qizlar qoʻlingizni bogʻlab qoʻyganmi?

Akobir tushunmadi.
— Masturaxon, Toshkentdamasdim, praktikada edim, — dedi atrofga xavfsirab qarab.
— Yuravering edi! Bevafo!

Masturaning koʻngli toʻlib ketdi birdan. Qarshiliklarning muomalalari, hamqishloqlarining munosabatlari yodiga tushib, tomogʻini boʻgʻdi.
— Men baxtsiz tugʻilganimdan koʻra oʻlsam boʻlmasmidi. Otajon, qaerdasiz? Kelib qizingizni koʻring! — deb yigʻlab yubordi.

Ona chiqib qizini ovutdi.
— Ayb boʻladi, — dedi. Mastura:
— E!.. — deb urishib berdi. Akobir qoʻshildi oraga.
— Qoching siz ham! Siz menga nima qilib berardingiz. Boring, Toshkentdagi oyimchalaringiz oldiga!

Ona yana oraga tushdi. Akobir yupatdi.

Mastura oʻziga keldi. Koʻzlarini artib, boqqa baqrayib qarab oʻtirdi.

Bu manzarani kuzatgan begona kishi, albatta, Masturani — shaddod kelin, Akobirni — aybdor kuyov, onani — kelishtiruvchi qaynana deb oʻylar edi.

Akobir kechgacha shu yerda boʻldi. Qoʻshnilarga oʻchakishgan erka Mastura unga javob bermadi. Akobir harchand uyalmasin, dam oʻtmay tevaragiga qaramasin, bari bir: «Ketsam, yaxshi boʻlmaydi. Gap bor...» deb oʻzini tutdi.

Endi, yallachi xotinlardek chapanilik va ishonch bilan oʻrik ostidagi ariq labiga yalpayib oʻtirib olgan Mastura nihoyat, koʻnglini yordi:
— Oʻlim bersin oʻqishlariga! — dedi yigʻlamsirab va toʻliqib. — Meni u yerda qiynadilar. Kun bermadilar. Begonasiradilar. Nima, men koʻchada qolganmanmi?
— Men ular bilan gaplashaman. Vijdonsizlar! — dedi Akobir.
— Kerak emas, — dedi Mastura. — Men endi oʻqishga bormayman.

Akobir nechogʻlik harakat qilmasin, Mastura unamadi.

Akobir oqshom bolalar uyiga ketdi. Mastura tor bogʻ koʻchada uning orqasidan qarab qoldi.

Shu kecha Mastura xoʻrozlar bir qichqirguncha shirin bir hordiq qoʻynida yotdi. Uning koʻngli allanechuk toʻlib, chehrasi ochilgan edi. Keyin, Akobirning ertaga ketib qolishini esladi-yu, birdan otajak tong unga qorongʻi boʻlib tuyuldi. «Ketmaydi! Ketib ham koʻrsin-chi!» dedi.

Akobir yetim ukalari yonida koʻngli ma’yus bir shirin tuygʻuni tatiganicha Masturaning kelajagi haqida oʻylab yotdi: «Endi nima boʻladi?»

Mastura ertalaboq bolalar uyiga yoʻl oldi. Devor kemtigidan oshib, buzoq oʻtlatib yurgan «Afandi» laqabli boladan Akobirni soʻradi. U chaqirib keldi.
— Rostini ayting, yaxshi koʻrasizmi? — dedi qiz yigitga mugʻombirlik bilan qiya qarab.
— Endi... nima hojati bor, oʻzingiz bilasiz-ku? — dedi yigit.
— Agar bilsam, siz ham oʻqishga bormaysiz! — dedi Mastura.

Akobir kalovlanib qoldi.
— Mastura, bu qanday gap?
— Shunday gap. Men oʻqimayman, siz ham oʻqimaysiz. Toshkentga qaytib bormaysiz.

Akobir oʻylanib, xoʻmrayib javob berdi:
— Hech boʻlmasa, bittamiz oʻqishimiz kerak axir, Mastura.

Masturaning koʻngli gʻash boʻlib qoldi:
— Fu! oʻqimaganlar ham yashayapti. Oʻlib borayotgani yoʻq.
— Toʻgʻri, hech kim oʻlmaydi, lekin, oʻqish kerak...

Akobir Toshkentga ketdi. Bir oydan keyin izidan xat oldi.

«Meni bular uzatishmoqchi. Harakatingiz bormi... Yigʻlayverib xun boʻlib ketdim», deb yozgan edi Mastura.

Akobir universitetning partkomiga uchrashdi.
— Shunaqa... qishloq joy. Uzatib yuborishlari hech gapmas. Oʻzingiz tushunasiz... Mana, xati, — deb koʻrsatdi.

Partkom kasaba soyuzining qarorini chiqartirdi. Soyuz raisi: «Bu yerdagi toʻyni oʻzimiz oʻtkazamiz. Fakultetdan pul toʻplaymiz», deb uyoqdagi xarajatlar uchun pul berdi.

Akobir qishloqqa kelib tushib, yana Masturalarning chorbogʻiga oʻtib bordi.

Mastura bu vaqtda nihoyatda zerikkan, koʻngli yana Qarshini, institut quchogʻini qoʻmsar, lekin, endi u dargohga bora olishi haqida oʻylamas, u, qizga oʻlib ketgan otasidek tuyular edi. Qoʻni-qoʻshnilardan tamoman koʻngli sovigan, koʻzi shilpiq onasini qon qilib yashar edi.

U Akobirni koʻrib, turgan yerida koʻziga yosh oldi. Akobir Masturadan koʻz uzmay kelar ekan, qiz behol burilib, devorlari oqlanmagan uylariga kirib ketdi. Akobir ayvon oldida bir dam serrayib turdi-da, atrofga xavfsirab qarab, uyga moʻraladi. Burchakda oʻziga tikilib, munisgina boʻlib turgan qizni koʻrdi. Ikkilanib ichkariga qadam bosdi.
— Keldingizmi? — dedi Mastura piqillab.

Bu uy va qizning bu holati yigitga ta’sir qilib ketdi. Koʻnglida olijanob hislar qoʻzgʻalganicha, uning qoshiga bordi.

Mastura egilib, uning koʻksiga boshini qoʻydi va yelkalaridan ushlab yum-yum yigʻlay boshladi. Akobir nima qilishini bilmay, uning kiftini silar ekan, qizning xatidagi soʻzlariga bus-butun ishondi. Uning boshiga katta falokat tushgandek, undan faqat oʻzi qutqazadigandek boʻlib tuyuldi unga va bagʻridagi qizning toʻla, doʻmboq gavdasi, oʻzining yelkasiga issigʻi oʻtayotgan uning momiq kaftlarini tuyib, oʻzini chindan ham baxtiyor sezdi.
— Nima boʻldi? Kim?
— Meni bu yerdan olib keting, — dedi Mastura.
— Bilasiz-ku, uyim yoʻq, — dedi Akobir. Mastura yigitga yalt etib qaradi. U, bu tomonini oʻylamagan, yoki yuqoridagi gap shunchaki ogʻzidan chiqib ketgan edi.
— Men yasholmayman, yasholmayman!
— Oʻqishga opketay boʻlmasam?
— Oʻqishga? Kerak emas! — Mastura birdan chekindi. — Men shuning uchun sizni chaqirdimmi?
— Boʻlmasam, nima qilamiz? Men tayyor boʻlib keldim. Toʻy qilamizmi?
— Mayli, — dedi Mastura. — Keyin... siz ketasizmi?
— Men oʻqishni bitirishim kerak. Atigi ikki yil qoldi.
— Nima, meniyam Toshkentga olib ketasizmi boʻlma-sam?
— Mayli... Lekin, Mastura, qiynalib qolamizmi...
— Nimaga?
— Men stipendiyaga oʻqiyman... Yo siz oʻsha yerda biron ishgami, oʻqishgami kirasizmi?

Masturaning yuragi siqilib ketdi. Bu gaplar unga yot tuyuldi. Yana yigʻlab, Toshkentdan ham qaytib keladigandek his etdi oʻzini.
— Yoʻq, men bormayman! — dedi.
— Boʻlmasam... Sizni rostdan ham birovga berishmoqchimi?
— Ha, berishmoqchi. Hasan kal deganga, — dedi Mastura.

Mastura bu gapni tavakkal aytgan, Hasan kal degan kishi bor-yoʻqligini ham bilmasdi. Akobirning nazarida, Hasan kal puldor, boyvachcha qiyofasida koʻrindi. Taqdirdan nolib, Masturaga chinakamiga rahmi keldi. Oʻzini qizning birdan-bir panohi kabi sezdi.
— Boʻpti. Toʻy qilamiz, — dedi. — Keyin, sizga hech kim ogʻiz ocholmaydigan boʻladi.

Xatda oʻzi chorasizlikdan yozgan bu gap endi Masturaga qiziq tuyuldi, toʻy qilgandan keyin hayoti boshqa izga tushadigandek boʻldi.
— Mayli. Tezroq, — dedi shunga ilhaq boʻlib yurgan kishidek.

Akobir, nihoyat, qoʻshni xonada jun titib oʻtirgan boʻlajak qaynanasi bilan soʻrashdi va toʻgʻri bogʻma-bogʻ yurib, togʻasining uyiga yetib bordi.

Eshqobilov koʻchaga chiqib ketgan ekan. Kutdi. Yangasi kaklik goʻshti bosib, shoʻrva pishirdi. Kechga tomon togʻa qaytib keldi. Eshqobilov jiyanini koʻrganidan, albatta xursand boʻldi va choyxonada aytib tugatolmagan ov haqidagi hikoyasini bunga ham aytib, xumordan chiqishni oʻyladi.

Hol soʻrashdilar.
— Toshkentda oʻqib yuripmiz deng?
— Ha, togʻa. Men sizga bitta iltimos bilan kelgan edim.
— Xoʻsh?
— Olim magazinchini bilasizmi?
— Olim magazinchi... E, bilaman!
— Shuning bitta qizi bor. Men shunga uylanaman. Sizdan maslahat soʻragani keldim.
— Anavi, oʻqib yurardi...
— Oʻshanga. Taniysiz.
— Taniyman, taniyman, — dedi Eshqobilov burnini jiyirib. — A, qachon?
— Shu haftada. Oʻqishga qaytib ketishim kerak.
— Hm... Uylanadigan odamning taraddudi boʻlishi kerak edi. Uy-joyi boʻlishi kerak edi... Sen boʻlsang... Oʻzing student boʻlsang...
— Zarari yoʻq. Keyin boʻladi hammasi. Hozir yonim-da yuz soʻm pulim bor...
— Hm... Nimayam derdik... Mayli. Lekin yuz soʻm... Mayli, oʻzimiz ham qarashib yuboramiz...
— Detdom direktori yordam beradi.
— Yaxshi... Lekin, lekin, jiyan, xafa boʻlma... U Qarshida oʻqir edi-ya!
—Ha.
— Bu oʻqishni nimaga tashlab kelgan ekan?
— Togʻa, buning ahamiyati yoʻq.
— Endi jiyan, sen turmushni bilmaysan...
— Togʻa, uning tarjimai holi meni qiziqtirmaydi. Sirasini aytganda, men oʻzim ham unga oʻxshayman.
— Qalay? Qizning koʻngli bormi oʻzi senda?
— Bor...

Eshik ogʻzida suhbatga quloq osib turgan yanga yen-gini qoqib tushirib, choʻnqaydi.
— Kimning gapi? Anavi oʻlgan magazinchining qizini gapiryapsizlarmi?
— Ha, jiyanim shunga uylanmoqchi, — dedi Eshqobilov.
— Buv-v! Odam quribdiki! Nima, qiz qurib qoldimi? Erta-indin oliy ma’lumotli boʻlasiz, bola!

Akobir idamadi.
— Keyin, oʻzining ham oyogʻi yengil deydilar. Bekorga Qarshini tashlab kelmagan. Oʻzi oʻlarday qaqajon... Voy, bilaman men!

Akobir quloq solmadi.
— Togʻa, oʻzingiz sovchilikka borasiz-da? — dedi.
— Nima qilardik, — deb kuldi Eshqobilov, — u qushcha yuragidan uripti, jiyanimizni, xotin. Boʻpti. Ishqilib, jiyan, sen tinch boʻlsang, bizga davlat shu.

Akobir bolalar uyiga borib, oʻzini tarbiyalagan frontovik maktab direktoriga ham voqeani aytdi. Ular ham pul jamgʻardilar...

Ikki kundan keyin Eshqobilov oʻzining Malik degan ovchi oʻrtogʻi va bolalar uyining direktori bilan Masturalarnikiga bordi. Koʻzi toʻrt boʻlib oʻtirgan Mastura beixtiyor ravishda ulardan qochdi. Uy orqasiga oʻtdi-da, baland yongʻoqqa chikdi. Keyin, dumbul boʻlgan yongʻoqni otib, odamlarni chalgʻitib oʻtirdi...

Mastura toʻyda ham, odamlar ketganida ham oʻzini telba quvonch va qandaydir gʻashlik qoʻynida his qildi. Telba quvonchiga sabab shuki, oʻziga yovqarash qilib yurgan qoʻshni xotinlar, qiz-juvonlar uni quchib tabrikladilar, unga tabassum qidilar, uning aytganini shak-shubhasiz bajo keltirdilar. Mastura oʻzini uch yil burungi Masturadek his etdi. Gʻashligining sababi shuki, u ilgari koʻrgan toʻylar dangʻillama boʻlardi, bu toʻy qandaydir ma’yusgina boʻldi. Mehmonlar ketdi.
— Mastur, biz yaxshi yashab ketamiz, — dedi Akobir.

Mastura koʻz oldidagi chimildiq pardalari oppoq shohi pardalarga aylandi; kir vassalar uzoqlashib, oʻrnini antiqa boʻyoq qilingan tekis shift egalladi; yonboshidagi taxmon uzoqlashib, oʻrnida shifoner paydo boʻldi. Oʻtirgan toʻshagi koʻtarilib, loʻlabolishlar parqut yostiqlarga aylandi.
— Qachon? — dedi gangib Mastura.
— Men oʻqishni bitirayin, — dedi Akobir. — Geolog boʻlaman... Sizni hech kimga xafa qildirmayman.

Mastura bu gaplarni yaxshi uqmadi. Bu mulohazalar unga yot tuyuldi. Soʻng, negadir otasi birdan yodiga tushib ketdi, birdan ta’sirlanib:
— Bechora otam, — dedi u. — Hozir boʻlganida edi...

Akobir turib oʻtirdi.

Masturaning koʻnglidagi gʻashlik birdan kuchayib, Akobirning yelkasidan quchoqladi. Bu ishlarga, taqdiriga Akobir sababchidek, uni bagʻriga qattiq bosdi va tiz-tiz yosh toʻkdi.

Akobirning koʻngli iyib, Masturaning bu harakatlaridan oʻzini olam qadar baxtiyor his etdi. Unga boʻlgan mehri yuz chandon oshib ketdi.

Ikkinchi kuni ertalab Akobir sochlari toʻzgʻib, yuztuban uxlab yotar ekan, Mastura yoqimli horgʻinlik ogʻushida shiftga qarab yotar, vujudida shuncha yoshga kirib tatimagan totli bir osoyishtalik va orombaxsh bir parishonlik yoyilgan edi... Endi oʻz uyi — goʻshasini yaqindagi xayolidagidek koʻrish uning orzusiga aylangan va oʻzining bu yangi holatini ham idrok etgan. Bu holatni va bu orzularni ham hayotida hamishaga tatish va koʻrish uning xayoliga oʻrnashib qolgan edi.

Toʻyning uchinchi kuni Akobir Toshkentga joʻnab ketdi. Yigitning ham qizdan, qizning ham yigitdan ajralishi ogʻir boʻldi.

Hijronli yillar oʻtdi.

Mastura bu yillarni boʻlajak uy-joy, kelgusi baxt orzusida, Akobir bilan uchrashuv onlari orzusida oʻtkazdi. Bu yillarda uning vujudini toʻy kuni egallagan gʻashlik ham tark etib ketgan, vujudida oʻshandagi quvonch hokim boʻlib qolgan edi.

Darhaqiqat, qoʻshnilar va tanish-bilishlarning unga munosabati avvalgidek davom etar, Mastura ularga erkalanar, u yana beixtiyor ravishda hurmat talab va mehr talab boʻlib qolgan edi va buni hayotda har qadamida koʻrar edi. U yana oʻz tabiatiga xiyonat qilmagan: odamlar munosabati unga nechuk oʻzgarib qolganini mushohada etmagan, buni tabiiy bir holdek qabul qilgan, ularning yaqindagi munosabatlarini izsiz unutgan edi.

Akobir Toshkentda talashib-tortishib, qishloqlari etagidagi sahroga yoʻllanma oldi. Kelib, neft qidiruv ishlarini boshladi.

Asta-sekin ularning orzulari roʻyobga chiqa boshladi.

Akobir uch yuz soʻmdan maosh olar va «neft-razvedka»ga zarur boʻlgan barcha xomashyolar uning ixtiyorida edi.
— Xoʻsh, qaerdan uy quramiz? — dedi bir oqshom Akobir horgʻin.

Bu masalani Akobirdan oldin Mastura onasi bi-lan hal qilgan edi.
— Bu ota yurtni nima qilasan? — dedi ona. — Meni tashlab ketasizlarmi?
— Yoʻq, olib ketamiz, — dedi Mastura.
— Bu hovlini sotasizlarmi?

Bu mulohazalar Mastura uchun yangilik edi. U onasiga diqqat qildi.
— Yoʻq, qizim, — dedi ona koʻzlarini pirpiratib. — Mening ham besh kunligim bormi, toʻrt kunligim bormi — noma’lum. Shu joy sizlarga qoladi. Shu yerni obod qilinglar. Har holda, ota yurting. Otangni arvohi ham shod boʻladi.

Mastura uchun ortiqcha gapning hojati yoʻq edi.

Mastura eriga ham shunday dedi.

Akobirning bu borada fikri oʻzgacha edi: bu koʻngli yarim boʻlsa ham, andishali va magʻrur yigit oʻzicha mustaqil yashashni orzu qilar, qandaydir mulohazalarga borib, oʻzining borligini isbotlamoqchi boʻlib yurardi. Keyinchalik esa, Masturada ham shunday maqsad bor deb avvalambor uni sevgani, soʻngra takdiriga achinganidan mamnun boʻlgan edi.

Masturaning gaplarini eshitgan Akobir unga tikilib qaradi.
— Mastura, sening aytganlaringni qilaman, ammo, rejamiz boʻlakcha edi-ku?
— Oʻylab koʻrdim, — dedi Mastura. — Axir, men otamning yurtini tashlab ketolamanmi?

«Toʻgʻri, buning gapi ham toʻgʻri», deb oʻyladi Akobir va oʻz ota-onasining qabri qaerdaligini hatto bilmasligiga achindi. «Albatta, mening ota-onam boʻlganida, men ham oʻshalarning yonida boʻlishni afzal koʻrardim», dedi oʻziga.
— Yaxshi, — dedi Akobir va roʻparasidagi uyga, boqqa yangi bir koʻz bilan qaradi. Uyni aylanib, bogʻni kezib chiqdi.
— Asta-sekin geologlarning toʻrt gʻildirakli mashinasida a’lo sifatli taxta-yogʻochmi, tsementmi kela boshladi. Togʻasi yaxshi ustalardan topib berdi. Ammo u, endi achindi.
— E, jiyan, chakki qilyapsan-da, — dedi. — Ichkuyov kuchuk kuyov deydilar. Turmushni bilmaysan. Oʻzingai qafasga solyapsan...
— Togʻa, u gaplar eskirdi, — dedi Akobir. — Mening uchun farqi yoʻq: bu hovli nima-yu, boshqasi nima.

Biroq, Masturani bir narsa ranjita boshladi. Akobir sahroda ishlar, haftasida bir kecha kelib yotib ketar edi.
— Shu yerda turib ishlasangiz boʻlmaydimi, axir? — dedi Mastura.
— Boʻlmaydi, Mastura. Men boshliqman. Ishimiz mas’uliyatli, — dedi Akobir.

Bu ranjishlar Masturaga boshqa haqiqatlarni ocha boshladi.
— Axir, biz ham odamlarga oʻxshab yashaymizmi oʻzi? — dedi bir kecha. — Hamma erkaklar sakkiz soat ishini qilib uyiga keladi. Xotinining yonida boʻladi. Siz boʻlsa! Nima, yo u yerda bitta-yarimta topganingiz bormi?

Akobir uning mulohazalarini toʻgʻri deb topdi.
— Mastura, qizishma, — dedi. — Gaping toʻgʻri. Lekin, nima qilay, ishim shunaqa.
— Qurib ketsin shunaqa ish ham, — koʻziga yosh oldi Mastura.

Akobirning koʻngli iyib, Masturani: «meni sogʻinadi, yaxshi koʻradi», deb oʻyladi va chuqur xoʻrsinib:
— Bu tomonini boshda yaxshi oʻylamapmiz-da, — dedi. — Albatta, sahroga borib sen yashay olmaysan. Uning issigʻiga chidab boʻlmaydi. Men bunga yoʻl qoʻymayman. Qiynalib qolasan!

Shundan keyin Akobir kunora kechasi kelib, tong otmasdan ketadigan boʻldi. Biroq, juda ozib ketdi. Basharasiga qaragan kishi burnini koʻradigan boʻlib qoldi.

Bu orada esa, Masturaning homilador boʻlgani ma’lum boʻldi. Unda ilgari koʻrilmagan injikdiklar paydo boʻldi.

Bu yokda... uy bitib borardi.
— Tashlaysiz ishingizni, boʻlmaydi! — dedi Mastura.

Akobir ikki oyga otpuska olib keldi. Uy bitdi. Chorbogʻ yoʻlkalari ham qoʻldan chiqdi. Akobir bogʻni oʻrab turgan uvada devorni buzdirib, bir gʻisht qilib qayta devor urdira boshladi.

Mastura endi oʻzi orzu qilgan hayotiga yetgan edi...

Biroq, bu unga hech qiziq tuyulmadi. Asta-sekin bu yangiliklarni unutdi va bularga qadimdan bor narsalardek qaray boshladi.

Akobir esa, oʻz ishidan magʻrur va mamnun, Masturani ham shunday deb oʻylar edi.

Bir kuni Mastura ishkom ostida oʻtirdi, oʻtirdi-da:
— Bitta tandir qurib bering, bu isqotida non turmaydi, — dedi.
— Xoʻp, — dedi Akobir. — Bugun kech boʻldi. Ertaga tuproq opkelaman.
— Ertaga deb yurasizmi? Erta-indin yana sahroga deb ketib qolasiz.

Akobir yelkasini qisdi. Ikki paqir va ketmon koʻtarib, qishloqning gʻarb tomonidagi tepalikka qarab ketdi. Tepaning tuprogʻi qizil va pishgan boʻlib, uni tandir qurish va tom suvashga ishlatishar edi.

Akobir borib, chuqur, nam gʻorga kirdi. Yoʻlakdagi axlatlarni ketmon bilan surib tashladi. Gʻorda choʻnqayib oʻtirib, tuproq qaza boshladi... Bir payt tuproq ichidan bita sopol parchasi chiqdi. Uni paqir labiga urib qoqdi va tomosha qilarkan, sahrodagi ishini esladi. «Bir hafta qopti», deb oʻyladi, soʻng xotinining «ketasiz» degani yodiga tushib, «endi nima boʻladi?» — dedi oʻziga-oʻzi.

«Mastura yana janjal qiladi. Ishimni tashlashim kerakmi? Uni olib borolmayman... Haftasiga uch marta qatnaydigan boʻlsam, oʻlib boʻlaman... E, erta-indin koʻzi yorisa! Qiziq boʻldi-ku?»

Akobir yana ketmon ura boshladi. Ketmon qattiq narsaga tegdi — uning koʻza ekani ma’lum boʻldi. Koʻzani sindirmaslik uchun atrofini oʻyib, tuprogʻini ola boshladi. Oqibat, koʻzaning bir yoni chikdi. Akobir tuproqni irgʻitib tashlab, yana ketmon urdi va ustidan bir narsa bosayotgandek, uni tashvish qoplab tepasiga qaradi, boshiga yaqinlashib qolgan tuproq-shiftni koʻrdi. Burila solib, eshikka otildi. Iiqilib tushdi va ulkan tuproq uning boʻynigacha bosib qoldi. Akobir ixtiyorsiz ingradi, butkul ichak-chavogʻi boʻgʻziga tiqilgandek boʻldi. Nafasi boʻgʻildi va koʻzlari otilib chiqqudek boʻlib qoldi. Qimirlamoqchi boʻldi, nazarida qimirladi ham va «oʻlamanmi endi?» dedi-yu, oʻzidan ketdi.

Adirda qoʻzi boqib yurgan bolalar tuproq olinadigan gʻorning qulab tushgan tovupshni eshitib qarashdi, gʻor ogʻzidan yengil chang koʻtarildi. Ular taajjublanib chopishdi va gʻor ogʻziga tushib, Akobirning tuproqdan chiqib turgan boshini koʻrishdi.
— Akobir aka? — deb baqirdi naychining oʻgʻli.
— Tuproq bosipti, — dedi juvozchining nevarasi.
— Chaqiringlar... — zaif ovoz chiqardi hushiga kelgan Akobir.

Bolalar atrofga alanglashdi va toʻgʻri Masturalarnikiga chopib ketishdi.
— A? Tuproq bosdi? — gangib turib ketdi Mastura. — Do-od! — dedi-da bolalarning izidan yugurdi.

Yetib kelganlarida Akobirning lablari tuproq boʻlib ketgan edi.
— Odam chaqiringlar... — dedi u yana zoʻrgʻa.

Mastura: «Voy, yordam beringlar!» deb qichqirdi.

Olisda uning izidan chiqib, biri toʻxtab turgan, biri ergashib kelayotgan ikki suvchi yigit bularga qarab yugurdilar.

Akobirning ikki oyogʻi va beli sinib ketgan edi.
— Qimirlatmanglar, oh! — dedi u.

Suvchi yigitlar kasalxonaga chopib ketishdi... Uni zambilga yotqizib, koʻchaga olib chiqishdi, keyin, u yerda turgan «tez yordam» mashinasiga solib olib ketishdi. Mastura yoʻl boʻyi dod solib tizzalariga urib bordi.
— Men oʻlay! Nimaga tuproq olishga yubordim! — deb yigʻlardi u.

Shu kuni Akobirni shaharga olib ketishdi.

Birga borgan Mastura hovlidagi akatsiya daraxti ostida oʻtirib, tugʻadigan xotindek kuta boshladi. Bir soatdan keyin hamshira chiqib kelib, imladi.
— Vaqtida opkelishmapti. Zarajenie boʻp ketipti, etidan sopol sinikdari oldik, — dedi doktor.

Mastura dodlab, xuddi doktor ayblidek unga yopishdi.
— Voy, tuzatib berasizlar, tuzatasizlar-ar! — deb baqirdi.

Uni Akobir yotgan xonaga kiritdilar.

Akobir koʻkarib ketgan, yuzini tanib boʻlmas, yarim belidan pasti shishib, oq choyshabni koʻtarib turar edi.
— Men oʻlay! — deb uning yoniga choʻkkaladi Mastura.

Koʻzlari ichiga choʻkkan Akobir jim yotar, ogʻzi ochilib, pastki jagʻi osilib qolgan edi...

Akobirning qirqi oʻtgach, Mastura uni asta-sekin unuta boshladi va uni otasini eslagani singari eslaydigan boʻlib qoldi. Lekin qoʻshnilar undan yana yuz oʻgirishgan edi. Endi tajribali Mastura fikr qildi: «oʻzi odamlarning tayini yoʻq. Bir kun qarasang, yaxshi koʻradi, bir kun qarasang, yomon koʻradi. Fu! Yana bitta erga tegay, keyin yana kim yaxshi — Masturaxon yaxshi boʻladi».

1975