OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiBir guzar odamlari (novella)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Novellalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
1966- yil


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir guzar odamlari (novella)
Shukur Xolmirzayev

Bir guzar odamlari
1966 yil 26 aprel, tong.
(Shingil novellalar) Devor yiqilgan. Guvalalar hovli sahniga dumalab ketgan. Yer toʻxtab-toʻxtab titrayapti. Er oʻrik tagida choʻnqayib oʻtiripti. Xotin daraxt tanasiga suyanib turipti.
— Tezroq toʻxtasamidi, — dedi er ensasi qotib. — Oʻn birda vokzalga borishim kerak. Loyini qilib tashlar edim devorning. Kechqurun ikkovlashib paxsasini koʻtarib qoʻya qolardik.

* * *

Teshavoyning uyi bosib tushdi. U xotini bilan hovliga zoʻrgʻa chiqib oldi. Tong otgach, gʻizillaganicha otasinikiga ketdi. Egamberdi bobo toʻqson sakkizda. Qulogʻi ogʻir. Garang.
— Baxay? Kallai saharlab yuribsan? — soʻradi chol toʻshagiga oʻtirib.

Oʻgʻil otaga tikilib qaradi. Ota uyqudan toʻyib uygʻongan, xotirjam: yer qimirlaganini sezmagan edi. «Aytib, cholni tashvishga solib oʻtirmay», deb oʻyladi.
— Shunday. Bozorga borayotgan edim, — dedi. — Bir koʻrib oʻtay dedim.
— Omin. Omading kelsin! — fotiha oʻqidi chol.

Teshavoy sinchli uyning shifti, derazasini koʻzdan kechirib, chiqib ketdi...

* * *

Frontovik Elmurod Zafarov karavotdan dumalab tushdi. Xotini oʻrinda yoʻq. Oʻrnidan turar ekan, deraza orqasining yorishib ketganini koʻrdi. Shkaf ustidagi kitoblar titilib toʻkildi. Zafarov bir zum derazaga horgʻin qarab turdi. Soʻng silkinayotgan polda oqsoqlanib, deraza oldiga bordi. Qoʻlini beliga tirab: «Urush», dedi sekin. U asli buxorolik, u yerdagi yolgʻiz onasini anchadan beri koʻrmagan edi. Shuni eslab: «Esiz, koʻrolmadim», dedi.

* * *

Ota kasalxona yoʻlagida toʻlgʻoq tutgan ayoldek yuripti. Olti yashar oʻgʻli operatsiya xonasida, stolda. Oyoq-qoʻli stol qanotlariga chandib bogʻlangan. Koʻrichagi tutgan. Uchinchi tutishi. Hamshira boʻzarib, bolaning oyoq tomonida turipti. Navbatchi vrach oʻtkir pichogʻini olib, bolaning ochiq qorni ustiga engashdi.

Uy ostidan bir kishi tepganday sapchib tushdi. Yon-veridan noma’lum qoʻllar qitiqlayotgan kabi silkina boshladi. Dod soldi bemor bola. Hamshira qiz oʻzini eshikka urdi. Koridordagi ota esa, oʻzini ichkariga urdi. Vrach stol qirrasiga suyandi. Ota kirib, oʻgʻlining oyogʻidagi iplarga yopishdi.
— Chiq! — dedi vrach boʻgʻilib.
— Doktor!
— Opchiqsangiz, tirik qoladimi? Chiqing! Titroq susaya boshladi. Ota koridorga chikdi. Hamshira diydirab xonaga kirdi. Vrach yana bemor ustiga engashdi.

* * *

Pirmat qorovulning xotini yurak oʻynogʻi edi. Yer silkindi. Ikkalovi ham uygʻonib ketishdi. «Yuragi yoriladi!» deb oʻyladi Pirmat.
— Oh! — dedi xotin.
— Hech narsamas. Hozir iziga qaytadi, — dedi er.
— Qimirlayapti-ku?
— Yer boʻlganidan keyin qimirlaydi-da, xotin. «Boʻlgan ish boʻldi», deb oʻyladi Pirmat va xotinini mahkam quchoqlab oldi.

Xotin bir muddat eshikka qarab turdi. Soʻng, shunday qilsa omon qoladiganday u ham erini mahkam quchib oldi.

* * *

Itlar vovullar, daraxt tepasida chumchuqlar shatir-shutur qilib chugʻurlar, devor osha erkaklarning uzuq-yuluq uyquli ovozi kelar edi. Kampirining bilagidan ushlab yoʻlakda turgan gʻolib bobo oʻgʻli Samadning uyidan eshikning taqillagani, nevaralarining bagʻillashgani va kelinning: «Musulmonlar!» degan boʻgʻiq ovozini eshitdi.

Chol bundan toʻrt yil muqaddam oʻgʻlining Karomatga uylanish niyati borligini eshitib, undan qoʻlini yuvgan edi. Emishki, qizning ammasi Xadicha xola vaqtida oyogʻi yengil... boʻlgan emish. «Shu nopokning jiyanini kelin qilamanmi?» dedi chol. Lekin, Samad Karomatga uylandi. Toʻy kuni gʻolib bobo miskarlik doʻkonida boʻldi. Ertasiga oʻgʻlining roʻzgʻorini boʻlib tashladi. Hovlining oʻrtasidan devor oldi. Samad ham shu kuni koʻchadan darcha ochdi. Samad oʻgʻil koʻrdi, qiz koʻrdi. Beshik toʻyi qildi, sunnat toʻyi qildi. Chol uning uyiga qadam bosmadi.

Samad — militsioner, kechasi navbatchilik qilar, Karomat uyining ichkarisidan zanjirlab yotar edi.
— Ularga bir nima boʻldi, — qoʻrqa-pisa pichirladi kampir.

Gʻolib bobo esa esi oqqan kishi kabi devorga tirmashdi. Umbaloq oshib, tandir ustiga tushdi. Yugurib borib, Samadning eshigini tortdi. Oyogʻini kesakiga tirab, uchinchi marta tortishda zulf uzilib, eshik ochi-lib ketdi. Chol duch kelgan oʻgʻil-nevarasini bagʻriga bosib, xolis yerga qochdi. Karomat qizini quchoqlab, qaynatasining orqasidan chopdi.
— Otajon, nima boʻlyapti? — dedi u dagʻ-dagʻ titrab.

Chol birdan toʻxtab, Karomatga bir zum tikilib qoldi. Birdan esi oʻziga kelgan kishi kabi:
— Ol, bolangni! — deb nevarasining yelkasidan itarib yubordi. Yana devorga tirmashdi. Endi osholmadi. Soʻkinib, darchadan chiqib ketdi.

* * *

— Ketasizmi, yoʻqmi? — dedi kuchanib Sora opa.
— Ahmoq, nega baqirasan? Qaerga ketaman! — dedi Norqul aka.
— Boʻldi, oʻzim ketaman.
— Ketaver.

Yoʻlakda choʻnqayib oʻtirgan Sora opa gʻizillab uyga kirdi. Norqul aka baxmal gullar tagini chopiq qilaverdi. Yer qattiq titradi. Sora opa «voy-voy»lab chopib chiqdi.
— Burun ketmasam ham endi ketaman.
— Ketaver.

Sora opa gilos tagida bir fursat ikkilanib turdi. Soʻng eshikning boshqa tavaqasini ham ochib Qoʻyib, uyga kirdi. Shkaf tortmasidan kiyimlarini yulqib olib, divanga otdi. Choyshabga oʻrab, qaytib chiqdi.
— Men ketyapman.
— Ketaver dedim-ku.

Sora opa darvozaga yetib, toʻxtadi. Shipillab yurib, erining boshiga keldi.
— Aylanay sizdan. Yer choʻkib ketadiganday boʻlyapti.
— Men ketmayman bu yerni tashlab. Tushundingmi? Kun toʻlgan boʻlsa, shuncha odamning bittasimiz-da.
— Yoʻq. Yoʻ-oʻq.

Sora opa tugunini qoʻltigʻiga qisib ketdi. Vokzalga borib, «Toshkent—Chirchiq» avtobusiga oʻtirdi. Kechqurun daryo boʻyiga tutttdi. Suvga chiqqan kelinchaklar uni oʻrab oldi.
— Vulqon chiqdimi?
— Suv bosdimi?
— Choʻkib ketdimi?

Sora opa hovliga kirar-kirmas xotin-xalaj yetib keldi.
— Mening oʻgʻlimni koʻrdingizmi? Talabalarning yotogʻi ham yiqilganmish.
— Koʻrdim. Eson-omon. Yotoq ham joyida.
— Erim ToshMIda edi.
— Sogʻ-salomat. Sizga salom aytdilar.
— Siz nimaga keldingiz, Soraxon?
— Nimaga kelmas ekanman! — qichqirib berdi Sora opa. — Oyimning koʻnglini tinchitay deb keldim, inson!
— Toʻgʻri, toʻgʻri.
— Oʻzingizning uyingizga ziyon yetmadimi?
— Xudoga shukur. Oʻrnida turipti.
— Eringiz qalay?
— Yaxshi. Meni yubordilar. Ishonasizmi, u kishi hozir gullarni chopiq qilyaptilar.
— Ilohi, omon boʻlinglar jumla-jahonning qatorida.
— Xotirjam boʻlinglar.
— Endi qachon qaytasiz, Soraxon?
— Bir-ikki kun turaman.
— Bizga bildirmay ketmang, aylanay.
— Albatta. Ayollar ketishdi.
— Xotirjamlikmi, bolam? — soʻradi Zinnat buvi.

Sora opa yigʻlab yubordi.
— Qochib keldim. Kuyovingiz qoldi. Oʻlguday oʻjar.
— Ishqilib, tinchlikmi?
— Tinchligi ham qursin. Likillab turipti! Birov unday deydi, birov bunday.
— Norquljonni bekor qoldiribsan-da.
— Voy, qancha yalindim. Unamadilar.
— Hay, oʻzing omon boʻl.
— Hozir ham qimirlagandir.

Sora opa radioning qulogʻini buradi. Diktor e’lon qildi: «Besh ball».
— Oh! — dedi Sora opa. — Uyim yiqildi. Derazalarning oldi darz ketgan edi.
— Norquljon kunduzi ishlaydi-ya?
— Kechasiga balo bormi?

Sora opa ayvonga chikdi. Togʻlar qoraygan. Olisda daryo shovillaydi.
— Kel endi. Bir piyola choy ich, — dedi dahlizdan Zinnat buvi.

Sora opa qaytib kirdi.
— Xavotirlanyapman.
— Xavotirlansang, uyingda oʻtir edi-da, qizim.
— Oʻtirib boʻlmadi-da, oyijon.

Yarim kecha. Uy orqasida bir narsa «gup» etdi. Soraxon oʻrnidan turib ketdi.
— Yer qimirlayapti!

Kampir uygʻonib, quloq soldi. Yana «gup, gupur-gupur» etgan tovush keldi.
— Eshak-ku, — dedi Zinnat xola. — Oʻyin qilyapti. Sora opa koʻkragiga «tuf-tuf»lab, toʻshakka oʻtirdi.
— Juda qoʻrqibsizlar-da, bolam.
— Oyijon, koʻnglim gʻalati boʻlyapti.
— Opkelolmapsanmi, oʻzingdan oʻtipti. Qoʻy endi. Shu kecha tinch uxla.

Sora opa ertalab koʻchaga chikdi. Avtobus bekatiga borib turdi. Toshkentdan kelgan avtobusdan somon shlyapali yigit tushdi. Sora opa uning oldiga bordi.
— Siz ham Toshkentni soʻraysizmi? — dedi yigit boʻgʻilib. — Toshkent sob boʻldi. Tamom!
— Ogʻzingizga tosh! — dedi Sora opa.

Sora opa qaytib kelib, choyshabda tugilgan kiyimlarini koʻtardi.
— Ketasanmi?
— Ketaman.

Kampir fotiha berdi. Koʻchaga chiqishi bilan uni yana kelinchaklar oʻrab oldi. Bekatga yetmasidan xotin-xalaj qurshovida qoldi.
— Mening oʻgʻlimni soʻrang. Xat yozsin.
— Erimga aytib qoʻying. Bozor kuni oʻzim boraman.
— Voy, yuragingizga balli. Shu yerda turib, biz qoʻrqyapmiz. Siz boryapsiz!

Sora opa «Chirchiq—Toshkent» avtobusiga oʻtirdi. Tush mahali Salorga yetib keldi.

Darvozadan kirdi.

Norqul aka devordan yiqilgan kesaklarni belku-rak bilan olib, burchakka tashlar edi.
— Keldingmi? — dedi.
— Keldim, — dedi Sora opa jilmayib. Soʻng qovogʻini solib, uyiga kirib ketdi.

1966