OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiBir koʻrgan tanish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir koʻrgan tanish (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Maktabda yaxshi oʻqirdim. Sinfdoshlarim meni hurmat qilishar, muallimlarim: «Salom, Toshboyjon», deb soʻrashishar, qoʻshnilarimiz: «Yaxshi odam boʻladi», deyishardi. Lekin faqat bir kishi — tabiiyot muallimimiz — maktabimizning direktori Zokir oʻrinovich menga e’tiborsiz qarar, hech vaqt: «Salom, Toshboyjon» demas, hatto roʻparalaridan chiqib, koʻzlariga tikilib salom berganimda ham, oddiygina bosh qimirlatib, oʻtib ketardilar. Men, gʻashim kelib, nima qilsam bu kishi ham menga boshqacha koʻz bilan qaraydilar, nomimni aytib soʻrashadilar, deb oʻylardim.

Kunlardan bir kun, erta bozor oqshomi toqqa, togʻamning ovuliga somonga ketdim: otam aravadan olakoʻz, oriq otni chiqarib, «boyloq»qa tashlagandilar (Men uni har erta oʻtloqqa eltib bogʻlardim, kechqurun olib kelardim). Togʻdan kelsam, yangi yerga koʻchib ketgan qoʻshnimizning hovlisiga oʻsha kishi — Zokir oʻrinovich koʻchib kelib, joylashib olibdilar.

Men nima qilib boʻlsa ham niyatimga yetish payiga tushdim: maktabdan qaytishim bilan koʻchaga chiqaman, muyulishdagi aravaning shotisiga oʻtirib olib, kitob oʻqishga «shoʻngʻiyman». Qarshimda oʻrtoq Zokir oʻrinovichning darvozalari! Albatta, bunaqa oʻqishda miyaga bir narsa kirmaydi. Bir koʻzing direktorning darvozasida boʻlgandan keyin ahvoling shu-da.

Ikki kun shunday qildim: bir ish chiqmadi. Oʻrtoq direktor xiyobondan sap-sariq barglarni qisir-qisir bosib, hafsala bilan yurib keladilar-da, shu yurishda darvozadan kirib ketadilar. Meni payqamaydilar ham. Boʻynimni choʻzib qarayman. «Balki hovlidan qarayotgandirlar»... Yoʻq, darvoza past boʻlsa ham hech kim koʻrinmaydi. Aytmoqchi, u kishining boʻylari anchagina past, men bilan bab-baravar. Lekin boshlari juda katta, quloqlari ham shalpangroq, burunlari ham uzunroq. Kiyim masalasida, bizning farqimiz yer bilan osmoncha.

Yakshanba kuni arava yonidan jilmaslikka qasd qildim.

Tong otdi, kun botdi: oʻrtoq direktorning tirnoqlari ham koʻrinmadi.

Qosh qorayganda, yigʻlamoqdan beri boʻlib, uyga kirdim.
— Otni obkeldingmi?
— E-ee... — Oʻtloqdan otni keltirishni ham unutgan ekanman. Oʻtloqqa yugurdim: ot yoʻq! Bu qorongʻida filni ham topib boʻlmaydi. Buning ustiga, hammayoq togʻ, archazor, jardara... Uyga borsam, otam terimga somon tiqadi.

Bitta toshni topib, oʻtirib oldim. Oʻtiraverdim. Ustim yupqa edi, toshdan sovuq oʻtdi. Qoʻzgʻalmoqchi edim, yirokdan kelayotgan tuyoq tovushini eshitib qoldim: tap-tap-tap... Olakoʻzning qadam tashlashiga oʻxshaydi. Olakoʻz! Bitta oʻzi emas, kimnidir koʻtarib kelyapti. Yerdan bir changal hoʻl tuproq olib baqirdim:
— Tush otdan!

Otliq fonarini yoqib, menga tutdi.
— Oliftalik qilma!

«Olifta» yerga tushib, ipni uzatdi.
— Qochib borayotgan ekan, ushlab oldim.

Quloqlarim chippa bitdi: roʻparamda oʻsha kishining oʻzlari — Zokir oʻrinovich turardilar.
— Oʻlay agar, muallimjon, men sizni boshqa kishi deb oʻylabman.
— Zarari yoʻq. — Yurib ketdilar. Kiftlarida ryuk-zaksimon xalta, ustlarida uzun paxtali, boshlarida telpak. Hozir koʻrsa hech kim u kishini direktor deb oʻylamasdi. Men otni yetaklab, shosha-pisha ergashdim. Ichimda otni soʻkaman: «Tentak! Borib-borib shu odamga tutqizasanmi?» oʻrtoq direktor bir tekis qadam tash-lab borar, bellariga osilgan allanarsalar yonlariga shap-shap urilardi.
— Ovdan kelyapsizmi, oʻrtoq muallim? -Ha.
— Uning hammasi kaklikmi? -Ha.
— Shuncha koʻp otdingizmi? -Ha.
— Otam ovga chiqsalar, hech nima otolmay keladilar.

Javob boʻlmadi.
— Muallim, meni kechiring.
— Zarari yoʻq.
— Oʻrtoq muallim... men ham ovni yaxshi koʻraman.
— Yaxshi. Ovning oʻzi yaxshi-da.
— Men ham siz bilan chiqsam-chi?
— Marhamat.
— Siz qachon chiqasiz?
— Shanba kuni. Kechqurun.
— Keyin oʻsha yokda yotib, ertasi ovlaysizmi? -Ha.
— A, qaerda yotasiz?
— Ovulda.

Azonda otni minib toqqa joʻnadim. Togʻamni oʻtin yorayotgan yerida topdim.
— Togʻajon, shu kelayotgan shanbada kechqurun maktabimizning direktori bilan kelaman. U kishini bilasizmi, Zokir oʻrinovich deydilar. Juda zoʻr odam. Palovni damlab turasiz-da, togʻa! Uyat qilib ketmasinlar.
— Xoʻp, jiyan, otdan tush.
— Darsga kech qolaman, bu oʻlgir ot ham imillab yuradi. Togʻa, jon togʻa, miltigʻingizni bering, obkelaman oʻsha kuni.
— Jiyanjon... bilasan-ku, irimim bor.

Otamning yiroq bir oshnasidan miltigʻini olib keldim. Bizda miltiq yoʻq. Direktorimizga aytgan gaplarim yolgʻon, dadam umrida ovga chiqmagan. Oʻzim ikki yil burun, yangi yerga koʻchib ketgan qoʻshnimiz Mirzaqobil ovchiga ergashib ikki marta chiqqandim.

Shanba. Kechqurun. Men oʻtlokda otdan tushib, Zokir oʻrinovichni qarshi oldim.
— Oʻrtoq muallim, otga mining.
— Rahmat.
— Mingashaylik boʻlmasa. Siz egarga oʻtiring.
— Rahmat. Joʻnadik.

Oʻrtoq direktor otni oʻz holiga qoʻyib borar, ara-vaga qoʻshiladigan ot — Olakoʻz charchagan eshakday boshini osiltirib, elan-qaran qadam tashlardi: tap-tap-tap... Koʻnglimga oʻt tushdi: «Bu yurishda togʻamnikiga qachon yetamiz?»
— Oʻrtoq muallim, ot zoʻr, qattiqroq haydayvering.
— Hojati yoʻq.
— Oʻrtoq muallim... men kaklikning konini bilaman.
— Yaxshi. Kaklik qaerda koʻp boʻlsa, oʻsha yerga boramiz.
— Lekin u yer uzoq-da. Otni tezroq haydasakmi deyman?
— Mayli. Unday boʻlsa, mayli.

Ot jadalladi. Men ham otning biqiniga niqtay boshladim.
— Soat necha boʻpti, oʻrtoq muallim?
— Oʻn. Toʻgʻri ketyapmizmi?
— Ha. Huv, soydan oʻtib, tepaga chiqamiz. Yana ikki tepalikdan oshib, pastga tushamiz. Oʻsha yer — kaklikning koni.

Mana, oxirgi tepalikka chiqib keldik. Past qop-qora archazor. Yiroqda oʻt miltillaydi. Itlarning choʻziq-choʻziq hurishlari eshitiladi.
— Soat necha boʻpti?
— Bir. Ohho, tez yetib kelibmiz-u. Shu yermi aytgan joying?
— Shu yer. Pastga tushaylik.
— Hojati yoʻq.
— Oʻrtoq muallim, hov ovulga borsak-chi? Yaqingina.
— Anchadan beri mana shunaqa, yalang yerda — archa-zorda yotmagandim. Mana, ikki kishimiz. Yotamiz. Tush... Juda gashtli boʻladi. Har gal bir oʻzim chiqardim. Ovulda tunardim.
— Men ancha kundan beri ovulda tunaganim yoʻq.
— Keyingi kelishda tunaymiz. Qani, tush endi. Bunday kechalarni qadrlash kerak. Hademay sovuq tushib qoladi.

Betma-bet oʻtiribmiz. Oʻrtamizda ovchilarning, yoʻlovchilarning doimiy hamrohi — gulxan. Gulxanning ikki chetida ikki baland tosh. Ular ustida yashil kastryulka. Hali zamon choy qaynaydi. Etakda buloq bor edi, oʻrtoq direktor buyurdilar, kastryulkada suv olib keldim.
— Ovda kastryul yaxshi, nima deding, ovqat pishirish ham mumkin, choy qaynatish ham.
— Ha, oʻrtoq muallim.
— Xafa koʻrinasan?
— Oʻzim... yoʻq...
— Xursand boʻlish kerak. Zavqlanish kerak. Zavqlana bilish ham yaxshi narsa. Qara, mayin shabada esyapti. Koʻklamnikidek yumshoq emas, ozgina dagʻal. Kuzniki-da, kuzniki. Xususan, mana shu kunlarniki. Bundan rohatlanish kerak. Zavq olish kerak.

Iljayaman — Oʻzimni rohatlanayotganday koʻrsatmoqchi boʻlaman.

Zokir aka davom etadilar:
— Biz koʻp xato qilamiz. Koʻp zavqli manzaralar qarshisidan beparvo oʻtib ketamiz. Koʻp zavqlardan bebahra qolamiz. Toʻgʻri, turmush tashvishlari bor. Ammo ulardan ustun kelish kerak. Aks holda tashvishlarga koʻmilib ketasan. Turmush tatimaydi... Sen nimadandir xafasan?
— Nega, oʻrtoq muallim?
— Gapim zeriktirgan boʻlsa, bas qilaman, — kastryulkaning qopqogʻini ochdilar. Oppoq bugʻ koʻtarildi. Suv sutga oʻxshab koʻrindi. — Hozir qaynaydi. — Ryukzaksimon xaltalaridan quruq choy va krujka oldilar. Soʻng allanechuk alahsib, xaltani avaylab titkiladilar-da bir shisha chiqardilar: qornida «Vodka» deb yozilgandi. Araq! Sal kamaygan. Tiqini ham ochilgan.

Demak, oz-moz ichilgan. «Hozir yana ichadilar. Maktab direktori oʻz oʻquvchisining oldida ichadi! Undan keyin... undan keyin...» Ot kishnab yubordi. Zokir aka beixtiyor miltiqqa qoʻl choʻzdi. Shitir-shitir yurib kimdir kelardi. «Togʻam olovimizni koʻrib kelayotgan boʻlsa-ya?»

Umrimda koʻrmagan bir odam keldi. Habashday qop-qora, boshida juni toʻkilib ketgan yargʻoq telpak, oyogʻida choriq. Qoʻshqoʻllab koʻrishdi:
— Yov bismillo, yov bismillo.

Qoʻllari juda dagʻal edi. Yelkasidan miltigʻini olib choʻkkaladi, boshini egib:
— Soʻrang, aka, — dedi direktorimizga.
— Siz soʻrang, — dedi direktorimiz.
— Yoshingiz ulugʻ, siz soʻrang.

Eski qadrdonlarday soʻrashdilar. Kelgan odam faqat: «Shukur, shukur» dedi, direktorimiz, «rahmat, rahmat», dedi.
— Ovga chiqibsizda?
—Ha.
— Biz ham ovga chikdik. — Menga oʻgirildi. — Siz, inim, Salim moʻylovning jiyanimasmi?

Men yerga qaradim.
— Yoʻq.
— Attang, attang.
— Nima edi? — deb qoldilar Zokir aka.
— Salim moʻylov degan odam bor-da anavi ovulda. Shunikidan kelyapman. Rayondan jiyani direktorini olib kelmoqchi ekan. Bechora bir qoʻy soʻyib, osh damlab oʻtirdi. Kelishmadi. Koʻp xafa boʻldi-da moʻylov.

Endi direktorlar katta odam-da, a, aka? Miltigʻin-gizni bir koʻray. — Miltiqni oldi, nilining uzun-ligini koʻzi bilan chamaladi. — Soz miltiq, soz. — Soʻng menikini oldi. — Oʻ-hoʻ, ichini kir bosib ke-tipti-ku? Moylamapsiz-da, inim-ey.

Men Zokir oʻrinovichga qaramaslik uchun bu odamdan koʻz uzmasdim. U archadan novda kesib keldi. Tilini chiqarib tishlab, dudama pichogʻi bilan novdani bu-talay boshladi.
— Kaklik qalay? — bir ozdan soʻng soʻradi Zokir oʻrinovich.
— Bor, tovushqon ham bor. Bultur xiyla koʻp edi, burnogʻi yil undan ham koʻp edi. Shu shahardan kela-digan oʻgʻri ovchilar kamaytirib tashladi. Saratonda ovga keladi-ya. Boʻgʻoz tovushqonni ham otadi, tuxum bosib yotgan kaklikni ham. No-marddar. Endi, aka, qasd qildim, boshqa odamlarimiz ham qasd qilgan. Shunday nomard keldimi, gʻippa ushlab hukumatga top-shiramiz. Mana, hozir ovlasin, qishda ovlasin, halo-li boʻlsin. Kaklik ham bor, tovushqon ham. Qoplon ham uchrab qoladi. Ha. Bultur yozda birini oʻzim koʻrdim. Qurgʻur qoʻlimda miltiq yoʻq edi. Shu novdaday xivchi-nim bor edi. Buzogʻimni axtarib borayotsam, oldimdan chiqib qoldi. Muni qarang, uni urmoqchi boʻlib, shu xivchinni koʻtaribman. Taqqa toʻxtadi u ham.

Men oldinga surildim. Tizzam tegib, araq agʻanab ketdi. Darrov koʻtardim. Hikoyachi boʻlsa, bir menga, bir direktorimga oʻqrayib qaradi-da, miltigʻini olib sekin oʻrnidan turdi:
— Aka, biz endi ketsak ham boʻladi. — Javobni kutmay qorongʻilikka kirdi-ketdi. Zokir aka: «Birodar!» deb chaqirganlaricha qoldilar. Men hayron. Ammo Zokir oʻrinovichga qarolmayman.

Ancha vaqt jim qoldik.

Zokir oʻrinovich ustma-ust uch krujka choy ichdi-lar. «Nimaga araqni ichmayaptilar? Mendan uyalyapti-larmi? Nega boʻlmasam uni menga koʻrsatdilar? Mana, hali ham oldimizda turibdi. Yashirmaydilar».
— Yot, mizgʻib ol.
— Uyqum kelmayapti, oʻrtoq muallim.
— Undoq boʻlsa, men uxlayman. Mana, soat hozir bir. Toʻrtda meni uygʻotasan.

Uygʻotgim kelmadi. Lekin oʻzlari choʻchib uygʻondilar.
— Yot, endi sen uxlab ol.
— Uyqum kelmayapti.
— Gapni koʻp qilma.

Uyqudan turganimda Zokir aka miltiqlariga oʻq joylar, soatlarining mili yettining ustida edi. Tong yorishib qolgan, kakliklarning shoʻx-shoʻx sayrashi eshitildi. Turayotib araqqa koʻzim tushdi. Kechagidan qittay ham kamaymagan edi: ichmabdilar.

Choshgohgacha archazorni kezdik. Oldimizdan sela-sela kakliklar uchdi, quyonlar qochdi. Biroq hech nar-sa otolmadik. Nishonga olgan kakligimizni ham, ustidan chiqib qolgan quyonimizni ham kechagi odam otib oldi: allaqaerdan yetib kelib, bizga soyaday erga-shib yurdi, lekin biz bilan na soʻrashdi, na gaplashdi.

Kakliklarning sayrashi kamaydi, quyonlar ~ gʻoyib boʻldi. Ov «muddati» tugadi. Qoʻshxonamizga qaytdik. Endi oʻtirgan edik, tepamizdan bir gala koʻk qargʻalar uchib oʻtdi. Zokir oʻrinovich oʻq boʻshatdilar. Bittasi yiqildi. Olib keldim. Zokir oʻrinovich bir qoʻllariga qargʻani, bir qoʻllariga «araq»ni olib, buloq to-mon ketdilar. Ergashdim. Haligi odam mukka tushib, bulokdan suv ichayotgan ekan. Nariroq bo^edi-da, Zokir oʻrinovichga qarab toʻxtab qoldi. Zokir oʻrinovich qar-gʻani yorib tozaladilar. «Araq»ni ochib, qargʻaning ichiga qulqillatib quya boshladilar.
— Endi bu qotadi, — dedilar menga.
— Qotadi?
— Ha. Bu qotiradigan dori.

U odam esa asta yonimizga keldi, choʻnqaydi, barmogʻini butilkaning ogʻziga tegizib hidladi.
— Isi yoʻq-ku?
— Yoʻq, — dedi Zokir aka. — Kakligingizni bering. Qotirib beraman. Uyingizga qoʻyasiz. Xuddi ti-rikday turadi.
— Tirikday? Tirikday tursa, qiziq boʻladimi deyman-a, aka?
— Qiziq boʻladi.
— Mana, mana, ichini tozalaymi? Xoʻp... mana... e, yashang, kam boʻlmang. Aka deyman, siz ovdan maza qilmadingiz-a? — dedi ma’noli qilib.
— Ha, — dedi Zokir oʻrinovich.
— Hozir maza qilasiz. Inim, siz bu tovushqonning terisini shilib turing. Ketdik, aka, toʻxtang, bittadan miltiq boʻshataylik... ana uchishdi, qoʻzgʻab yubordik. Ketdik.

Quyonning terisini bir amallab shildim, jirriq labini tomosha qilayotgandim, ular kelishdi. Zokir oʻrinovichning bellarida bitta quyon va ikkita kaklik osigʻliq, u odam kechagi hikoyasining davomini aytib kelardi:
— Ikkovimiz bir-birimizga qarab turibmiz. Oramiz uch qadam. Xivchinni koʻtarganimga kulgim keladi. Es ketgan-da, es ketgan. Aka, yoʻlbarsda qirq yigitning haybati bor, bir yigitning kuchi bor; qoplonda bir yigitning haybati bor, qirq yigitning kuchi bor, deydilar. Bekor gap ekan. Bir yigitning haybati boʻlsa, mening esim ketarmidi? Keyin desangiz, bir-

birimizga qarab turaverdik, turaverdik. Kiprik qoqqanimiz yoʻq. Ishonasizmi, aka, shunda men kiprik qoqsam, qoplon meni olar ekan. Qoʻrqqanimdan baqrayib turaverdim-da. Bir vaqt desangiz, asta iziga qayrildi. Ikki qadam yurib, menga yana bir qaradi, ketdi, ha, ketdi. Ana shu mardlikni qarang endi.

Ovqatni yedik. Men ham bir kaklik otdim. Charchab oʻtirgan edim, oldimga kelib qoʻndi, otdim.

Qosh qorayishiga yaqin qaytdik. Direktor u kishi bilan oddiygina xayrlashdi. U odam esa bizni uyidan kuzatayotganday:
— Xushvaqt boringlar, — dedi. Balandda, sadaqayragʻochga oʻxshagan archaning yonida uning jikkak gavdasi uzoq vaqt koʻrinib turdi.

Ketyapmiz.

Olakoʻz qadam tashlaydi: tap-tap-tap... Oʻrtoq direktor egarda, men egar korsonidan ushlab oʻtirib-man. Boshim xam. Bir payt direktorimiz soʻrab qoldilar:
— Bu odam senga yoqdimi?

Nima deyishimni bilmay qoldim:
— Sizga-chi, oʻrtoq muallim?
— Yoqdi, juda yokdi.
— Nimasi?
— Sofligi, toʻgʻriligi. Lekin, u, bu kishilarga yoqay deb hatto oʻylaganiyam yoʻq. Koʻngli nimani tusagan boʻlsa, shuni qildi.

Indamay qoldim. Goʻyo tildan qolgan edim...

Kunlar oʻtdi.

Men shotida oʻgirib kitob oʻqishni ham, ovga chiqishni ham yigʻishtirib qoʻydim; oʻsha kunning ertasi togʻam kelib, mendan xoʻp ranjidilar. Bir haftadan keyin esa bozorda moʻylovlarini burab: «Direktoring ovulimizda tunadi», dedilar. Lekin... men xursand boʻlmadim. Mundoq qaraganda, men oʻz niyatimga yetgan edim: Zokir oʻrinovich ham menga boshqacha koʻz bilan qaraydigan, nomimni aytib, qoʻlimni tutib soʻrashadigan boʻlib qoldilar. Ammo u kishining qarashlari ham, soʻrashishlari ham boshqa muallimlarnikidan farq qilardi.

1965