OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiBitikli tosh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bitikli tosh (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Boyquvar eshikni asta ochib, boshini suqdi. U yoq-bu yoqqa qarab, toʻrda oqish sharpani koʻrdi.
— Assalom alaykum! — U otilib kirib, yoʻrta ketdi. Shu borishda uzun stol qirrasiga urildi va iljaygancha tislanib, toʻrga tikilgandi, oqish sharpa yorishib, oq kofta kiygan, toʻlagina yuziga dogʻ toshgan Dilnura... yoʻq, Dilnura Qosimova... rayon partiya komitetining ideologiya sekretari koʻrindi.

Shu asno xona ham yorishib va kengayib ketdi. Devorda plakatlar, oʻngda kitob javoni, devor yoqalatib qoʻyilgan stullar va yaxlit derazalar ham oʻzini koʻrsatdi.

Uning koʻzi ravshan tortib ketgan edi.
— Nimaga tentiraysiz? Mastmisiz? Koʻzlaringiz gʻalati? — dedi Dilnura Qosimova va oʻrnidan adil turib, unga dadil qoʻl uzatdi. Keyin, qoʻli birovning panjalarini ushladimi-yoʻqmi, aslo sezmay, stol yonidan joy koʻrsatdi. — Oʻtiring!
— Xoʻsh, xoʻsh... — Boyquvar stulga asta oʻrnashdi-da, oldidagi gazetaga tikilib, uni agʻdarib koʻrdi.
— Nima qib yuribsiz?
— Nima? — Boyquvar ogʻzini katta ochib, sekretarga qaradi. Uning tanish... bolalikdan tanish qiyofasini yaqqol koʻrib jilmaydi. — Hech nima, oʻzim... — Keyin shoshib qoldi. — Chaqirgan ekansiz! oʻrtoq Keldiev aytdilar. Shu bilan chopaverdim. — Keyin nafasini rostlab, xoʻrsindi. — Oʻzingiz ishlab, charchamay yuribsizmi, Dilnura? He, biz juda faxrlanamiz, sinfdoshimiz raykom sekretari boʻldi deb...
— Qoʻying, xushomadniyam eplolmaysiz, — dedi Dilnura Qosimova. — Nimaga otangizning qabriga mar-martosh qoʻydingiz?
— Qanday... A-a! — Boyquvar kulib yubordi. Keyin Dilnura hech narsani tushunmaydigan yoshgina qizaloq-u, oʻzi murabbiydek: — U marmartosh emas, granit, — dedi. — Granit! — Soʻng yengilgina xoʻrsindi. — Marmar topolmadim. Shahrisabzgayam bordim, — kuyunib davom etdi. — Ioʻq deyishdi. Boshqalarga bersa kerak-u, mendan shubhalanishdimi, bilmayman.
— Nimaga tosh oʻrnatdingiz deb soʻrayapman?
— Nimaga... — Boyquvar birpas gangib qoldi. — Nimaga... nimaga qoʻymasligim kerak ekan? — Dilnuraga qaragandi, u yana sharpaga aylana boshladi.
— Dinga qarshi kurash haqida yangi kampaniya boshlandi. Gazeta, oʻqiysizmi oʻzi?
— Qoʻlimga tushgandayam... Oʻqiy olmayman.
— Hayotdan orqada qopsiz... Xoʻsh, javob bering!

Yigit bor kuchini yigʻib unga tikilgandi, tagʻin u jamol koʻrsatdi. Xayolini yigʻib:
— Mening otam u, — dedi. — Urushga ketib, olti joyidan yarador boʻlib kelgan! Shu askolkaning jabrida ketdilar...
— U kishi mulla oʻtgan ekan-da?

Boyquvar angrayib qoldi-da, yana qarshisida yoshgina qizaloq oʻtirgandek xayrixohona jilmaydi.
— Yoʻq, Dilnuraxon... — Keyin tetiklanib ketdi. — Axir, oʻzingiz koʻrib yurardingiz-ku? U kishi qachon mullalik qipti?
— Nega u kishini soʻpi deyishar edi?

Boyquvar yayrab kulib yubordi.
— Ashula aytgani uchun. Ovozlari baland edi-da! Shu yerda turib baqirsalar, oʻzimizning Qurisoyga eshitilardi! E, oʻzlaringni sigirlaring yoʻqolganda, esingizda bormi, gujumga chiqib jar solganlari? He, esdan chiqaribsiz-da, Dilnura.
— Kechirasiz, koʻp Dilnura-Dilnura demang. Biz rasmiy idorada oʻtiribmiz.

Boyquvar qizib, hatto terlab ketdi.
— Kechirasiz, — dedi ovozi zoʻrgʻa chiqib. Keyin oʻylanib qoldi. — A, nima? Soʻpi deganlari yomonmi?
— Siz koʻp talmovsiramang, oʻrtoq Boyboʻriev! — Stolga ruchkasini urib qoʻydi sekretar. — Savolga javob bering. Nima uchun otangizning qabriga... granit tosh qoʻydingiz? Unga «Mulla Boyboʻri oʻgʻli Boyquvvatovga», deb yozdirdingiz? Tagʻin «oʻgʻlingiz Boyquvardan», deb ham yozdiribsiz... Chektiribsiz! Kim u ishni qilib berdi?
— Shahrisabzda qilib berishdi, — dedi Boyquvar. — Bitta armaniga yozdirdim. Toshdan uy qurar ekan, toshyoʻnar ekan... Ular bunday ishga juda usta boʻladilar.
— Nimaga yozdirib... qoʻydingiz?

Boyquvar unga qarab-angrayib turarkan, tagʻin sekretar bir zumga uzoqlashib ketdi va tagʻin yaqinlashdi.
— E, oʻrtoq Qosimova, siz qiziq savollar berasiz-a! — dedi u jiddiy tortib. — A, nima boʻpti tosh qoʻydirsam? Ha-a... — Yana kulimsirab, kulib yubordi. — Bizda rasm emas-a? — Keyin uni koʻzdan yiroqlatmaslik uchun tikilgancha soʻradi: — Siz Toshkentda boʻlgansiz-a? Chigʻatoy qabristonida-chi? — Keyin oʻz xatosini tuzatdi: — Albatta, boʻlgansiz-da. Sekretarlar har hafta Toshkentga borib keladi...
— Menga qarang, nimaga «Mulla Boyboʻri oʻgʻliga...» deb yozdirib...
— A, nima deb yozdirishim kerak edi? Shunchaki...
— Siz meni kalaka qilyapsiz.
— Voy, voy! oʻlay agar, Dilnuraxon... Axir men... biz siz bilan faxrlanib...
— Bas!
— Xoʻp, xoʻp.
— Chiqing! Karidorda kutib turing. Oʻzimiz chaqiramiz!
— Xoʻp boʻladi.

Boyquvar tislanib ta’zim qildi. Burilgandi, tagʻin koʻz oldi shafaqlanib qoldi. Turtinib ketmaslik uchun tavakkal qilib toʻgʻriga yurdi. Eshikni paypaslab ochib chiqdi. Mashinistka qiz yonidan oʻtayotganda, koʻz oʻngi xiyol yorishdi-yu, nimqorongʻi yoʻlakka chiqqach, devor yoqalatib qoʻyilgan stullarni zoʻrgʻa topdi.

Dilnura Boyquvarning chiqib ketishini beixtiyor kuzatib turardi. «Bechoraning koʻzi xiralashgani rost, — deb koʻnglidan kechirdi. — Qurib ketsin butifos degani... E, oʻzidan koʻrsin! Kim unga samolyot dori sepayotganda kultivatsiya qil, depti?»

Xayolidan shu oʻylar kechgach, shoshib telefonda nomer tera boshladi.
— Oʻrtoq Keldiev? Salom... Bir keling! Hozir! Boshlangʻich partiya tashkiloti sekretariniyam ola keling! A? Ha-da! Shu yerda... E, gapini tushunib boʻlmaydi! Baribir... Bir ish qilaylikki, qarorga javob boʻlsin. Ha... Him, shundaymi? Boʻlmasam, oʻzim ham boraman. E, bemalol.

Dilnura Qosimova javon yonidagi shkafdan oblast Sovetining deputatlik nishoni qadalgan kostyumini olib kiydi. Chiqib, mashinistka qizga, oʻzining internat-maktabga shoshilinch ish bilan borayotgani, agar Birinchi yoʻqlab qolsa, darhol Keldievning kabineti bilan ulashni uqtirdi.

Boyquvar stulda boshini xam qilib, koʻzini yumib oʻtirar, otasining qabri ustidagi bahaybat yam-yashil gujumlar naq qarshisida shildirab turar, ular shoxidagi qushlarning shaddod chugʻurlashlarini ham eshitar, ustiga malla tuproq uyulgan qabr va uning bosh tomoniga tuproqqa sanchib, tagi somon qorishmasida suvalgan qoratosh xuddi yaraqlar edi.

«Ha-a, juda chiroyli boʻldi-da! Lekin bularga uning nima ogʻirligi tushdi? — deb oʻylar edi. — Marmar emas... Marmar qimmat-a! Men oʻttiz soʻmga oldim, xolos! Agar marmar boʻlganda, qimmat turardi, chogʻi. Ana unda buning pulini qaydan topding, desa, haqqi bor edi...

Toʻgʻri-da, internat qorovulida katta pul qaydan boʻladi? Marmar qoʻyganimda, internatdan bir nimani oʻgʻirlab sotibsan desa boʻlar edi... Tavba, oʻgʻirlab sotadiganlar ham bor-a? Bolachalarning haqiga jabr qilib... E, dunyo!»
— Boyquvar!
— Labbay! — Oʻrnidan turib ketdi yigit va qarshisida gʻira-shirada Dilnura Qosimovani tanidi.— Ha? oʻzingiz chiqibsiz?
— Yuring! — Sekretar yoʻlak boʻylab ketdi.
— Qayoqqa? A-a...

Boyquvar unga ergashib ketaverdi. Zinalardan tushdi. Kattakon oynaband eshik.

Eshikdan chiqishi bilan goʻyo uyqusi ochilib ketgandek, tevarak-atrofni yaqqol koʻrdi.

Quyosh porlab turibdi. Beton lavhalar yotqizilgan maydon adogʻida, yashil qaragʻaylar ostida tumshugʻini bu yoqqa qaratib turgan turli mashinalar.

Dilnura yoʻlakda kelayotganda Boyquvarni oʻzi bilan birga olib ketishni oʻylagan edi. Endi, tashqariga chiqqach, hali juda katta xatoga yoʻl qoʻyishiga oz qolgandek, shart burilib:
— Internatga oʻting! Hozir... Oʻsha yerda gaplashamiz! — dedi.
— Internatga? Xoʻp, xoʻp. Hozir yetib boraman. A, siz...

Qosimova uning gapini eshitmay jildi. Mashinasiga yaqinlasharkan, qaragʻay ortidagi beton hovuzcha boʻyida choʻnqayib oʻtirgan shofyori turib kelib, kabinaga kirdi.
— Shkola-internatga! — dedi Dilnura ham kabinaga kirgach. Keyin Boyquvarga shuncha qaramay desayam mashina burilayotganda koʻzi tushdi.

U kalovlanib, hovuzcha yonidan toʻgʻriga tushgan zi-nalardan enmoqda edi. Yana unga achinib ketdi.

Internat. Direktor Husan Keldievning kabineti. Jamoat jam ekan. Boshlangʻich partiya tashkilotining sekretari Shoyim Shaydulov bilan uning byuro a’zolari ham irgʻib-irgʻib turishdi.

Dilnura Qosimova ular bilan iliq jilmayib koʻrishdi. Har biridan boʻgʻiq, yasama shoʻxchan ovozda ahvol soʻradi. Soʻng Shoyim Shaydulovga hazillashdi:
— Oʻzingizam namoz oʻqisangiz kerak-a?

Past boʻyli, yelkalari keng, yuzi chorkunj, boshida tuk yoʻq Shaydulov juda zoʻr askiya eshitgandek boshini egib, pix-pixlab kuldi.
— Qaror chiqmasayam shunday dermidingiz? — Keyin siyrak qoshlarini kerib gapirishga, demak, oʻzining namoz oʻqishdan necha-necha chaqirim naridagi odam ekanini soʻzlashga shaylangan edi, uning sergapligini biladigan Dilnura:
— Xoʻsh, nima qarorga keldinglar? — dedi.

Barvasta, sargʻishdan kelgan, koʻkragi baland Husan Keldiev:
— Nima boʻlardi, oʻchiramiz-da, — dedi. — Uyogʻini soʻrasangiz, Dilnuraxon, u kommunist boʻlib goʻr boʻlarmidi. Vaqtida choʻlquvar deb oʻtkazib qoʻyishgan-da.
— Shu, shu. Kampaniyachilik juda avj olgan edi-da! — deb gapga qoʻshildi Shoyim Shaydulov. — Men, masalan, oʻttizinchi yillarda...
— Oʻzingiz borib koʻrdingizmi qabrni? — soʻradi Dilnura direktor Keldievdan.
— He, oʻtgan kuni lagerni koʻrgali oʻtayotib, mashinani toʻxtatdim. Borsam, bir parcha qora doska turipti. Yozuviyam bor.
— Qora doska emas, granit, — dedi Qosimova. — Shahrisabzdan opkepti. Shundan shuncha joyga borib kepti. Unga qolsa, marmar olmoqchi ekan.
— Oʻ, azamat! — dedi Shaydulov. — Marmar-a! Ammo-lekin, oʻrtoq Qosimova, hammamiz ham gʻaflatda qolib yurganga oʻxshaymiz.

Boyquvar ochiq darvozadan kirib, gʻunchalab qolgan gulzor yoqasidan turtinmay-qoqilmay (oʻrganib ketgan) oʻtib, toʻgʻri direktor xonasiga yetdi. Yerdagi toʻshanchani qaramayoq topib, kirza etigini artdi-da, eshikni dangal ochdi.
— Mumkinmi?

Krupskayaning portreti yonida uymalashib turgan kattalar burilib toʻzib qolishdi.
— Kir, kir! He, uying bugʻdoyga toʻlgur, — dedi Husan Keldiev. — Boʻldi... Oʻsha yerga oʻtir!
— Xoʻp, bobo.
— Him, qani oʻrtoqlar... Oʻrtoq Qosimova, bu yoqqa oʻting. Shundaymi? Mayli. Xoʻsh, hamma bor. Majlisimiz ochiq. Demak... E! Shoyim aka, oʻzingiz turing!
— Ha, byuroni partiya tashkiloti sekretari oborishi kerak, — dedi Qosimova.
— Marhamat, — dedi Husan Keldiev. — Lekin qisqaroq boʻlsin, Shoyim aka.
— Xoʻp, xoʻp. — Shoyim Shaydulov sal toʻrga oʻtib, sollanib, kostyumining yengi juda uzun-u, osilib ketayotgandek har ikkala qoʻlini ham tepaga koʻtarib, yengini tirsak tomon tushirgan boʻldi. — Gapning qisqasi, masala bitta, — dedi. — U ham boʻlsa, kommunist, bizning storoj Boyquvar Boyboʻrievning kommunistlik sha’niga aslo toʻgʻri kelmaydigan... kommunist degan nomga dogʻ tushiradigan, kechirasizlar, dogʻ tushirgan, shuning bilan birga bizning Krupskaya nomli internat maktabimiz boshlangʻich partiya tashkilotining obroʻsini toʻkkan... rayon partiya komiteti oldida yuzimizni shuvit qilgan, xoʻsh...
— ...ishini muhokama qilish, — dedi Keldiev.
— Ha, muhokama qilish! — takrorladi Shoyim Shaydulov. — Oʻrtoqlar, bizlar ateistlarmiz. Kechagi qaror esa bizni yanada hushyorlikka...

Dilnura unga ijirgʻanib qaradi.
— Biron kishiga soʻz bering!
— Da. Juda toʻgʻri!
— Men gapiraman, — deb oʻrnidan turdi Husan Keldiev. — Oʻrtoq Qosimova, byuromizga kelganingiz uchun rahmat. Biz oʻzimiz bu bolani muhokama qilib, koʻzini joyiga tushirib qoʻymoqchi edik... — Keyin Boyquvarga tepadan tikildi. — He, oʻl-e, senday otali! Kim biladi, shu otadan boʻlgansanmi, boshqadanmi?

Dilnura unga ogʻringan koʻz bilan qaradi.
— Oʻrtoq Keldiev...
— E, endi, odamni quyushqondan chiqarib yuboradi-da! Mana, shuni deb ishdan qolib oʻtiribmiz. Buyam mayli... raykom oldida, Shoyim aka aytganlaridek, yuzimiz shuvit boʻldi! — Yana Boyquvarga doʻq qildi. — Erta meni raykomga chaqirib soʻrasa, bu nima degan gap? Bir odamingiz mulla otasining qabriga tosh qoʻyipti, desa... nima deyman, ahmoq?!
— Soʻkmang!

Boyquvar shunday degach, garangsib, stol tevaragida oʻtirganlarga qaradi. Soʻng bor kuchini koʻziga toʻplab, bir-bir tikilib chiqdi-da, Shoyim Shaydulovning hali aytgan gaplarini esladi. Keyin hayron qolib va nafasi boʻgʻilib, Keldievga koʻz tikdi. Soʻngra Dilnuraga qaradi-da: — E, — dedi. — Sizlar meni muhokama qilyapsizlarmi?
— Tavba! — deb jilmaydi Shoyim Shaydulov. — Artistlikdan ham ancha-muncha bor ekan. Biz koʻrganmiz...
— Nima balo, merov-perov boʻlib qolganmisiz? — dedi Dilnura Boyquvarga.
— Nima... men.. Yoʻq! Yoʻq! Men tushunmayapman, xolos, — deb Boyquvar oʻrnidan turdi. — Qaror... qaror chiqaveradi-da!
— Oʻtir-e! — dedi Keldiev. Soʻng Dilnuraga murojaat qildi: — Oʻrtoq Qosimova, bu yigit... dinni prapaganda qilgani uchun, bizning xuddi shu kunlarda yuritayotgan... juda gʻayrat bilan kirishib yoʻlga qoʻyayotgan ateistlik prapagandamizga qarshi borgani, atay qarshi borgani uchun uni... buni darhol partiyadan oʻchirishni taklif etaman. Bu bilan mayda-chuyda gap qilib oʻtirishga hojat yoʻq! Kimlar qarshi? Kimlar...
— Oʻrtoq Keldiev... — dedi yana Dilnura zorlangan ovozda. — Siz axir rais...
— E, kechirasiz, Shoyim aka!
— Oʻrtoqlar! — deb yana sollandi Shaydulov va dam Dilnuraga, dam direktorga manglay ostidan qarab: — Boʻlmasam men... ovozga qoʻyaman, — dedi.
— Shoshmang, — deya unga ham oʻrnini koʻrsatdi Dilnura. — Xoʻsh, Boyquvar, aybingizga iqrormisiz?
— Nima... ga? — Angrayib, yana oʻrnidan turdi-da, baqirib yubordi. — Qanaqa aybim bor? E, odamni... Axir, odamsizlar-ku? Kommunistsizlar-ku?
— Mulla otangizning qabriga...
— Tosh qoʻydim!
— Nega?
— A, nima... — U koʻzlarini katta ochdi. — Meni dinchi... dinni targʻib qildi deb ayblayapsizlarmi?
— Tavba, hamma narsani tushunib turipti-yu... — Shaydulov boshini chayqab iljaydi. — Lekin...
— E! Sizlar qiziq ekansizlar-ku? Nimaga... Toshkentda... Chigʻatoy qabristoniga borganmisizlar? Yoʻq...

Demak, bormagansizlar! oʻ, u yerda... — Keyin mingʻirlab qoldi. — Bizda esa, qabristonda eshak yuradi... Shoyim Shaydulov Dilnuraga olayib qaradi-da:
— Esa ovozga qoʻyaman. Men «za!» — dedi.
— Men ham, — deya Husan Keldiev ham qoʻlini koʻtardi.
— Esiz, yigit... — deya Dilnura ham barmogʻini koʻtardi.

Shu bilan boshqa uch kishi ham ular qilgan ishni qilishdi. Soʻng Shoyim Shaydulov:
— Demak, siz partiyadan oʻchdingiz, — dedi Boyquvarga. — Qani, biletti opkelib qoʻying bu yerga!

Boyquvar xuddi qopqonga tushgan hayvondek ularga moʻltirar edi. Birdan hushyor tortib:
— Yoʻq. Bermayman! — deya chap koʻkragiga kaftini bosdi.
— Opkelib qoʻying!
— Yoʻq!
— E! Senga milisa chaqirish kerakmi? — dedi Husan Keldiev. — Kerak boʻlsa, milisaning ishiniyam oʻzimiz qib qoʻyamiz. Chiqar! Keltir! Ahmoq boʻlma.
— Men, men... — Boyquvar koʻkragiga qoʻlini bosgancha, chamasi, qochib ketish uchun alang-jalang boʻlib oʻrnidan turayotgandi, Dilnura juda ezilib ketib:
— Boyquvar, menga ishonasizmi? — dedi.
— Endi yoʻq.
— Unda oʻzingiz bilasiz. Men aytmoqchi edimki, — yon-veridagilarga zimdan koʻz tashlab, davom etdi: — ma’lum bir vaqt oʻtsin... Siz, umuman, yomon xizmatchi emassiz. «Paxtakor»da koʻzni chatoq qilib kelganingizniyam bilamiz. Bu yerdayam, umuman, xizmatingiz yomonmas ekan. Mana, oʻrtoq Keldiev ancha ijobiy fikr-da... Him, quloq solyapsizmi?
— Ha, ha!

Dilnura chaynalib:
— Xullas, bizda ayb... abadiy qolmaydi, — dedi. — Hatto xalq dushmanlari ham amnistiya qilingan vaqtlar bor...
— Tushundingmi? Buyogʻi oʻzingga bogʻliq! — deb Dilnurani tang holatdan qutqardi Keldiev. — Toʻgʻrimi, oʻrtoq Qosimova?
— Ha. Men ham shunday demoqchi edim.
— A-a, uning uchun nima qilishim kerak?
— Birinchi navbatda... — Shoyim Shaydulov tagʻin yengi tushib ketayotgandek qoʻlini tepaga koʻtarib koʻydi. — Sen hozir borib... xoʻsh, — jamoaga maslahatomuz qarab oldi, — hozir borib, qabrtoshni olib tashlaysan! Yoʻqotasan! Toki hech kim uni eslamaydigan boʻlsin. Birov qiziqmasin.
— Ana! Eshitdingmi? — dedi Husan Keldiev partkom sekretarining taklifidan favquloddd mamnun boʻlib.
— Eshitdim, — dedi Boyquvar. — Lekin...
— «Lekin-pekin»i yoʻq!
— Unda... — Boyquvar chap koʻkragidan qoʻlini oldi. Keyin birdan baqirib yubordi: — Keyin aldamaysizlarmi?
— E, yosh bolamisan?!
— Hmm, mayli. — Boyquvar qoʻyniga qoʻl solib, chiroyli qizil jildga solingan biletini chiqardi-da, kaftida biroz avaylab ushlab turgach, qoʻzgʻaldi. Stol yoniga kelguncha ikki bor toʻxtab oʻylandi. Keyin uni shartta stolga qoʻydi. — Mana!
— Endi bizga javob, — dedi Dilnura. — Boyquvar, siz bilan — endi direktoringiz gaplashadi...

Dilnura Qosimovani kuzatib partkom kotibi ham chiqqach, Husan Keldiev stol qoshida bir qoʻlini beliga tiragancha ikkinchi qoʻlini choʻzib:
— Ana, qogʻoz, ruchka... Yoz, yoz! — dedi stulda burgutdan koʻrqqan tovukdek pisib oʻtirgan Boyquvarga. — Rasmi shu, uka. Ariza. Tushunding? Yoz! oʻzim seni uch-toʻrt oydan keyin...
— Ishga olasizmi?
— Olaman! — dedi Keldiev derazaga qarab. — Raykom sekretarining gapini eshitding-ku?
— Ha..
— Ana shu-da!
— Unday boʻlsa... — Boyquvar sharikli ruchkaning uchini labiga tegizib olib, qogozga engashdi. Bir zumlik zoʻriqishdan keyin nigohi ravshan tortib va bundan allanechuk shoshilib yoza boshladi: «Krupskaya nomli internat direktori... shul hakdakim, meni oʻz ixtiyorim bilan storojlikdan ozod...»

Keldiev arizani tortib olib:
— Senga javob. Ozodsan, — deya toʻrga oʻtdi.
— Men endi...
— Shoyim akaga uchra! Gap bor.
— Xoʻp.

Boyquvar tashqariga chiqqanida gardishi tepaga qayirib qoʻyilgan shlyapasini boshiga kiygan Shoyim Shaydulov bitta byuro a’zosining «Moskvich» mashinasi yonida edi.
— Kel, kel-e, uka! Anavi ketmonniyam ola kel! Ol! — dedi.

Boyquvar gulzor yoqasidan ketmonni olib keldi. Shoyim Shaydulov shofyorning yoniga kirib oʻtirdi.

Boyquvar turtina-turtina orqa oʻrindiqqa joylashib, ketmonni butlari orasiga qiyshaytirib qoʻydi.

Mashina hademay rayonni chetlab oʻtib, Qurisoyga endi. Undan oʻrlab, katta traktga qoʻshiladigan asfalt yoʻl yoqasida — yuz qadamlar ichkarida yashil «bulut»lardek hurpayib turgan gujumzor tomon bu-rildi.

Shoxlardagi qushlar chugʻurlashib uchdilar. Atrofni bir maromdagi shitir-shitir ovozlari tutib ketdi. Bu yer juda salqin, shu bilan birga togʻ tomondan shabada esardi.

Qabrning biqinidan qizgʻaldoq ungan ekan. Nozik bargaklari titrar edi.
— Ha, qaranglar-a! — dedi Shoyim Shaydulov qoʻllarini orqasiga qilib, salqi qornini oldinga chiqargancha qarshisida kirdi-chikdi, toʻlqinsimon boʻlib yoyilib yotgan qabristonga qarab. — Ana, birov ot bogʻlapti!
— Shu, shu, — dedi Boyquvar ketmonga suyanib, qabrda bir narsa bor-u, uni koʻradigandek tikilib turarkan.
— Ha. Buz, buz, — dedi Shaydulov. Keyin tuproqqa xiyla botgan qora yapaloq tosh ustiga borib engashdi. Iljaygancha dona-dona qilib oʻqidi: — «Mulla Boyboʻri... Boyquvardan». Ta-ak! Yoʻqot! — Bir narsadan xazar qilgandek chekindi. — He, nodon bola! Olib tashla! Sindirib tashla!

Boyquvar ketmonning sopini qoʻyvorib, engashgancha tosh oldiga bordi. Keyin oyoqlarini kerib, toshning ikki chetidan ushlagancha tilini tishlab, tortdi.

Nihoyat, tosh tagiga yopishgan qorishma bilan birga koʻchdi. Boyquvar uni bir on tutib turdi-da, qoʻyvorgandi, tosh agʻanab, pastga dumaladi. Buloqdan chiqib koʻlmaklab turgan suvga tushdi. Bir qismi botib qiyshayib qoldi.

«Ketdi, — deb oʻyladi Boyquvar toshdan koʻz uzmay.

Nazdida, otasining murdasi ham qayoqqadir ketgandek edi. Keyin choʻnqayib oʻtirdi-da, bulturgi yantoqdan sindirib olib, beixtiyor tishini kavladi. Keyin tupurib tashlab, oʻrnidan turdi. Toshga tikilib: — E, buni sindirish kerak edi-ku?» dedi.

Biroq ketmon bilan sindirishning imkoni yoʻq.

Boyquvar uni urish, parchalash uchun boshqa tosh izlab qarandi. Bu yerda yilt etgan tosh yoʻq. Bari goʻrlar yam-yashil. Oʻt-oʻlan. Ayniqsa, baxmal gullar koʻp.
— Boyquva-ar!

Yigit choʻchib tushib:
— Ha! — deganicha ularning qoshiga halloslab bordi.
— Boʻldimi?
— Boʻldi.
— Lekin qayta qoʻysang...
— E, nega...
— Shunday boʻlsin, oʻgʻlim. Zamon nozik... Ketmonni ol. Mashinaga sol. — Goʻrga qiya qaradi. — Turaversin. Erta-indin oʻt-oʻlan bosib, bilinmay ketadi.

Boyquvar yana qabrga tikilib qolgan, tosh koʻchirilgan joyda endi chumolilar gʻimirlashar, ular juda koʻp, ba’zisining ogʻzida oq-oqqina tuxumi bor edi.

«Moskvich» birdan gurillab, Shaydulov:
— Xayr esa! — dedi.

Boyquvar ketmonni mashinaga solishni unutgan, zero, shofyorning oʻzi olgan edi.
— Xayr, — deb pichirladi yigit. Mashina silkina-silkina ketdi. Toshloq yoʻlga tushdi, burildi. Keyin asfaltga oʻtib, rayonga qayrildi.

Boyquvar ma’nosiz nazar bilan qarab turarkan, beixtiyor choʻnqaydi-da, yana nimanidir timirskilab oldi. Qoʻyning qumalogʻi ekan. Ezib tashladi.

Keyin oʻrnidan turib, yana qabrga boqdi. Soʻng buzilgan joyini apil-tapil tuzata boshladi-yu, xuddi birov uni poylayotgandek birdan chekindi. Shunda qoʻlini chumoli chaqdi. U qashinib, toʻngʻillab, eng katta gujum ostiga bordi. Uning tanasini siypalab, boʻrtma qobigʻini koʻchirib, biroz turdi-da, birdan chopib, toshloq yoʻlga oʻtdi. Toʻxtagandi, koʻz oldi qop-qorongʻi boʻlib qoldi.

Biroz vaqtdan keyin nazari tiniqlashgach, xuddi yana dunyosini qorongʻilik bosadigandek shoshilib, shu yoʻl bilan shimolga joʻnadi. Bora-bora oʻrikzor boqqa kirdi.

Bir necha oy oʻtdi.

Boyquvar uch marta raykomga borib, «oʻrtoq Qosimovaga» ishi borligini mashinistka qizga bildirdi. Qiz chiqib, bir gal: «U kishining vaqti yoʻq», dedi, keyingi ikki gal: «Kutar ekansiz. Oʻzlari chaqiradi», dedi. Boyquvar internat maktabga ham uch marta bordi. Husan Keldiev uch gal ham: «Opaning gapini eshitding-ku? Sabr qilasanda endi!» deb javob berdi.

U koʻchalarda tentirab yurar, uyiga bormas... borsa ham na kamgap xotini bilan, na-da olti yashar qizalogʻi bilan gaplashar, ba’zan hovlisida kun boʻyi ketmon chopar va tol ostida uxlab qolardi. Keyin yana chiqib ketar edi.

Bora-bora odamlardan chetda yurgani bilan boshiga tushgan «savdo»ni hamda uning sababini ular allaqachon bilib ketganlariga ishondi-da, choyxonalarga kiradigan boʻldi.

Asta-sekin mingʻirlab, duch kelgan hamsuhbatga oʻz dardini aytadigan odat chiqardi:
— ...Men tushunmayman. Men oʻzim ateistman! Qanday qilib, dinni targʻib etarkanman?

Yana:
— ...Kimga boray? Kim tushunadi?

Oqibat, hech kim bilan chaplashmay, odamovi boʻlib qoldi.

Bir kuni dovdirab, Qurisoyga tushib yuvindi-da (kun issiq edi), asta gujumzorga chiqib bordi. Biram salqin! oʻsha qushlar ovozi! oʻsha shabada!

Boyquvar birdan hansirab otasi qabriga yetdi. Goʻr ustidagi oʻt-oʻlanlar qovjirab bitgan, goʻrning oddiy doʻngchadan farqi qolmagan edi. Shunda qabrtoshni eslab, buloq boʻyiga chopdi. Tosh yoʻq. Kimdir olib ketibdi.

Yigit boʻshashib, yana qabr boshiga qaytdi. Keyin qoʻllarini qovushtirib, bir qadam beriga oʻtirdi-da:
— E, ota, ota, — dedi. — Qayokdan ham senga tosh qoʻyish xayolimga kelgan ekan? Attang... — Keyin Toshkentga borgani (choʻldan kelgach), Chigʻatoy bozorchasida yurganida bir tobutni koʻtarishish asnosi kirib qolgani qabristonni esladi. Yashil daraxtlar, qaragʻaylar. Haykallar oʻrnatilgan, katta-katta marmartoshlar qoʻyilgan qabrlar xayolida koʻrindi. Bir zumga maza qilib, hatto iljayib oʻtirdi (U xayol surayotganda koʻzini yumar edi). Soʻng koʻzini ochdi-yu, qarshisida befayz, gʻarib, tosh qotgan tuproq uyumini koʻrib, ingrab yubordi.
— Bu, nima ahvol oʻzi? Chigʻatoy qabristonigayam shu kunlar tushadimi? Yoʻ-oʻq. U yokda esli odamlar koʻp. Rahbarlar boshqacha boʻlishi kerak! Yoʻgʻasam... hamma yoq eshshak oʻtlaydigan dashtga aylanar-ov... — Keyin beixtiyor bulutli osmonga qarab qoldi-da, oʻsha bulutlar ortida sirli bir olam-u sirli va qudratli zot bordek tuyuldi. Va shu zahoti unga tavallo qila ketdi: — Ey, Tangrim, agar bor boʻlsang, bu ahvblni... mening ahvolimniyam koʻrib turibsan! Senga topinguvchi musulmonlarga muruvvat qilur emishsan... Mana, men ham senga yolvorayotibman. Chunki sendan boshqa zot qolmadi...

Boyquvar beixtiyor qoʻllarini oldinga choʻzib shu tariqa tavallo qilar ekan, uni toshloq yoʻldan kuzatib turgan bir kimsa (qabrga tosh qoʻyganini raykomga yozib bergan qari veteran) miyigʻida jilmayib qoʻydi-da, gʻizillab yoʻlga tushdi.

Shundan keyin Boyquvar goho kunora, goho uch kun-toʻrt kunda bir marta nimadir tortayotgandek boʻlib bu manzilga kelipshi odat qila boshladi: illo, bu yerda u endi hordiq chiqarar, halovat topar, goho tili oʻz-oʻzidan koʻzga koʻrinmas Zotga ibodatmi-tilovatmi qilib qolar va nazdida, hayotida oʻzgarish boʻlayotgandek tuyulardi. Va, darhaqiqat, uyiga-bogʻiga qaytib borgach, gʻayrati qoʻzib, ketmonni qoʻlga olar, qandaydir — kimgadir bergan va’dasining ustidan chiqadigandek bir shahd ila goh joʻyak tortib koʻchat oʻtqazar, goho daraxtlarning tagini yumshatar, goh goʻng tashir va sochar ediki, bundan kamgap xotinida xursand boʻlib, unga choy tutar, qizalogʻi esa quvnay-quvnay izidan ergashib yurardi...

Alqissa, ilgari ishlagan joyi — maktab-internat ham, uning rahbarlari ham, hatto sobiq maktabdoshi — raykom sekretari Dilnura ham unga uzoq oʻtmishdek tuyuladigan boʻla boshladi.

Ha, u qandaydir tabiiy va ibtidoiy hayot tarziga tushgan, buni butun borligʻi bilan his etar va boshqa e’tiqodu botiniy ishonchlar unga madad berar edi.

Tabiiyki, Boyquvarning mozorchaga qatnashi va otasi qabri boshida oʻtirib, yuziga fotiha tortishi tuman ahliga ovoza boʻlib ketgan — bu holdan ba’zilar xursand esa, ba’zilar kinoyali jilmayishar edi.

1987