OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiBiz kech qolib yuramiz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Biz kech qolib yuramiz (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Raykom sekretari Alpomish aka ukasi Berdiyorni imlab, chinor ostiga oʻtirdi. Olisdan yugurib kelgan choyxonachi yigitga:
— Bitta choy... Keyin bizga xalaqit bermang! — dedi.
— Xoʻp boʻladi, raykum bobo! — choyxonachi qaytib ketdi. Kabobpazning oldiga borib, shivirlay boshladi. Maktab tomondan boʻlim boshligʻi hovliqib tushib kelayotgan edi, choyxonachi yigit uni ham chaqirib, vaziyatni tushuntirdi.

Alpomish aka koʻcha yuzida «gazik»dan tushib, to stolga kelib oʻtirgunicha kuzatib turgan xoʻrandalar ham undan koʻzlarini uzishdi.

Berdiyor tikdan tikilgan kostyum-shimi ustidan uzun yoʻl-yoʻl yelak kiyib, belini oqish qiyiq bilan bogʻlab olgan edi. Tosh zinadan irgʻib tushdi-yu, buloqqa qarab burildi. Suv labiga choʻnqayib, qoʻlini chaydi, belbogʻiga artib kelib, akasiga uzatdi:
— Salomaleykum, aka.

Alpomish aka unga qoʻlini uchini berib, stolning narigi boshidagi stulni koʻrsatdi:
— Oʻtir!
— Xoʻp, aka. — Berdiyor oʻtirdi, tosh zina boshida qolgan shofyoriga oʻqrayib qoʻyib, akasiga yuzlandi: — Yaxshimisiz, aka? Bu yoqlargayam qidirib chiqqan ekansiz-da? Yangayam yaxshimi, jiyanlarim-chi? Ish bilan boʻlib borolmadim ham... Kampaniya mahali desangiz...
—Onamizdan senday farzand tugʻilganiga ishonmay qoldim, nokas!

Berdiyor uchib tushdi:
— A? Aka... bir gap boʻldimi?

Alpomish aka stolga urmoqchi boʻlibmi boshmaldogʻini koʻtardi, lekin yon-veriga koʻz tashlab, qoʻlini stol chetiga ohista qoʻydi.
— Gapir! — dedi. — Bir boshdan gapir! Nima ish qilib yuribsan oʻzi?
— Aka...
— Taysallama! Hozir uchastkovoyni chaqiraman, koʻkragingga «piyanista» deb yozib, qoʻlingga satil beradi. Koʻcha supurasan. Oʻn besh sutka qamalding deb shu yerda buyruq chiqartiraman. Xoʻsh?
— Aka, endi...
— Sharmanda qilib yurgan ekansan-ku, meni! Akaning nomi bilan ish koʻrishni sen tirmizakka kim oʻrgatdi? Nimaga zagotkontoraning mashinasini raisi minmaydi-yu, sen minasan? Qaerdan chiqqan qiliq bu!.. Nimaga ichasan, a? Nima gʻaming bor! Bolang och qoldimi? Xotining tashlab ketdimi? Akang oʻldimi? Nimaga ichasan? Nima beradi ichkilik senga?.. Ichib olib hamma narsani unutging keladimi? Ishniyam, topshiriqniyam, oilaniyam, a? oʻrganib qoldingmi? Mundan koʻra bir chilvirni olib, oʻzingni osmaysanmi! Har holda, odamlar, nomusli ekan, deydi. Oʻzim ham sezib yurar edim-a! Lekin sen, qorang oʻchkur, mugʻambirlik qilar eding... Yoʻq! Men seni bu ahvolda qoldirmayman. Sen akangni bilmabsan! Menga uka kerak emas, or-nomus kerak! oʻn ming odamga bosh qilib qoʻyibdi meni davlat, bilasanmi, shuni! Men seni, ibrat boʻlsin uchun, eshakka chappa mindiraman, hali...
— Aka...
— Nima?!
—Oxirgi marta... Aka, aka... Toʻxtang-da, endi! Ga-pimni eshiting-da, va’da beryapman-ku!
— Va’da! Piyanistada, masxarabozda va’da boʻladimi!
— Aka, nima qilay? oʻzimni osaymi shu yerda? A? Ayting. Sizning gapingiz — gap. Siz menga ham ota, ham ena, ham akasiz... Aytganingizni qilaman... Birinchi marta... oxirgi marta, aka...

Birpasdan keyin Berdiyor koʻchaning nari betidagi taqir doʻng ortida, toshloqda oʻtirar, hovuchida bir necha shagʻal toshni oʻynab, labini alam bilan tishlardi.
— Berdiyor aka!

Berdiyor burilib tepadan tushib kelayotgan shofyori — Shoniyozni koʻrdi. Shoniyoz kelib, olislarga tikildi.
— Nima deysan?
— Oʻzim...
— He, uka... chatoq boʻldi!

Shoniyoz sekin choʻnqayib, yerdan xas oldi.
— Alpomish aka bilan gaplashdingizmi?
— E, uka, yurgiligim qolmadi. U odam mening pushtipanohim edi, meni yomon soʻkdi. Zoʻrgʻa oʻtirdim, uka... Menga qara! Akam meni yomon koʻrib qoldi! — u irgʻib turib ketdi. — E, uying kuysin, ichkilik! Uyginang kuysin! Men shunga qachon oʻrgandim oʻzi?.. Chatoq boʻldi!
— Endi...
— Nima «endi?»
— Endi bir ish koʻrsatasiz-da!
— Ishmi? Hoʻ-oʻ! Ishni men koʻrsataman-da! Meva opkelishmi, men opkelaman. Tuxummi? Men opkelaman. Junmi, men opkelaman... Men odamlar bilan muomala qilishni bilaman. Oʻlaman sattor deganda ham har balo qilib sotib olaman! E, uka! Men zagotovitel boʻlib ishlayotganimga necha yil boʻldi? Sen bilmaysan. Unda sen yoʻq eding... bizga ishga oʻtmagan eding unda... Toʻxta, sen qanday boʻlib, nuqul men bilan yuradigan boʻlib qolding, a?.. Ha, bungayam oʻzim aybdor, oʻzim. Yur desam, ketavergansan-da, a? Ha... Axir, kimsan, raykum sekretarining ukasiman! Lekin bizning rais ham odammas ekan, bir ogʻiz vaqtida aytmadi-ya! Uyam qoʻrqqan-da, mendan? Qoʻrqqan... Akasiga aytadi, chaqadi, degan, ha, yaramas! Oxiri aytipti-ya! Aytgandayam boplab aytipti! Boʻlmasam akam muncha qizishmas edi. Chatoq boʻldi! Uka, u odam menga aka emas, ota-ona ham! Shu meni katta qilgan, bilsang! Men unga suyanar edim. Uning qattiqqoʻlligini bilar edim. Meni nima jin urdi... Endi, aytganingday, ishda koʻrsataman oʻzimni, ishda, men oʻnta zagotovitelning ishini qilaman! oʻntasining! Lekin sen... menga qara, sen men bilan yana uch-toʻrt kun birga boʻl, xoʻpmi? Keyin seni raisga topshiraman! Boʻlimni bir obxod qilaylik.
— Mayli. Men ham shuni aytmoqchi edim.
— Borakallo, aqling bor seni, Shoniyoz... Shoniyoz uka, men aslida yomon odam emasman.
— Kim sizni yomon deyapti, Berdiyor aka. Men bir ogʻiz qattiq gapingizni eshitmaganman.
— Borakallo. Lekin oʻzim aybdorman, Shoniyoz. Mana, uch-toʻrt oydan beri zagotkontoraga bir kilo meva berganim yoʻq, bir kilo jun... Uch yuzta tuxum nima boʻladi, a? Haliyam raisning bagʻri keng ekan. E, men senga aytsam, akam hali toʻgʻri gapirdi, ichkilik oʻlsin! Lekin odamlar ham gʻalati-ya? Qaerga borsang, koʻrpacha yozadi, darrov qozon osadi, goʻsht qovuradi, araq tayyor boʻladi. Anavi besh-olti rayonga bekor borib keldik, rais shundan keyin oʻchakishgan menga. Toʻgʻri-da, nima haqim bor oʻzi?.. Boʻpti! Ishlaymiz, endi ishlaymiz. Boʻldi! Araqning uyi kuysin! Yana ichsam, til tortmay oʻlay! Bola-chaqamga otalik qilmay...
— Ey, qoʻying shu gaplarni!
— Hozir koʻzimga dunyo koʻrinmaydi!

Ular chinorlar soyasidan oʻtgan koʻchaga tushganda Berdiyor yana xuruj qildi.
— Menga qara, Shoniyozboy. Sen shu yerda tura tur, xoʻpmi? Men magazindan yarimta olib chiqay. Shu tepaga opchiqib, urib maydalay. Ha, hamma koʻrsin!..
— Berdiyor aka, qizishmang.
— Shu yerda tur! Keyin dappta ketamiz... Men jun topaman, jun! Men chorvadorlarning tilini bilaman, oshnam!

Berdiyor magazinga kirganda, peshtaxta ortidagi eshikchadan kiriladigan omborda Alpomish aka ichimlik yashiklarini sanab, rabkoobning boshligʻiga bu mollarni kamaytiring, deb turgan edi.
— Hov, doʻkonchi bobo, beri keling! — baqirdi Berdiyor.

Eshik ogʻzida qoʻrqibgina turgan doʻkonchi orqasiga qaradi.
— Oling anavi polvondan yarimtani!

Doʻkonchi taysallab qoldi, omborga moʻraladi, kimdir unga nimadir dedi, u nimadir deb javob qildi. Shundan keyin ham doʻkonchi oʻsha yoqqa bir muddat qarab turdi, nihoyat Berdiyorga oʻgirildi:
— Yarimta dedingizmi?
— Ha, yarimta! — xitob qildi Berdiyor. — Xohlasangiz, butun qiling! Men u haromi bilan olishay, qani, kim yiqitar ekan!

Doʻkonchi gazmol tokcha ostidan bitta shishani olib, kir latta bilan artgan boʻldi. Oyogʻi ostidan qogʻoz topib, oʻrab berdi. Berdiyor doʻkonchiga besh soʻm tashlab, qaytimini ham soʻramay chiqdi. Soʻng, chinor ostiga yetganda, shishaga oʻragan qogʻozni shilib tashladi-da, uning boʻynidan ushlab, namoyishkorona yurish bilan Shoniyozning yonidan oʻtdi:
— Koʻrasanmi? Tomosha qilasanmi?

Shoniyoz u bilan borishga uyaldi shekilli:
— Oʻzingiz bir yogʻli qilib keling, — dedi va buloq boshidagi oʻrindiqqa oʻtirdi.

Berdiyor mamnuniyat bilan tepaning oʻrkachiga chiqib bordi. Koʻkragini kerib, kunbotardagi Quhitan tizmalariga qaradi-da, araqni yerga oʻrnashtirib qoʻydi. Soʻng, iljayib, undan bir-ikki aylandi. Kaftlarini bir-biriga ishqab, nari ketdi.

Yerdan bir necha tosh olib, oyoqlarini yerga tira-gancha, sal yonboshlatib ota boshladi. Qani tegsa!
— Ha, seni chiqarganni! — xitob qildi Berdiyor va yugurib borib, uni koʻtardi, boshidan aylantirib, etak tarafga otdi. Shisha chir aylanib borib toshloqqa tushib chil-chil sindi.

Berdiyor qaytib kelganida Shoniyoz yoʻq edi. Uyoq-buyoqqa qarab chaqirdi:
— Shoniyoz! Shoniyoz!
— Hov magazinga chaqirib ketdi, — dedi oʻrindikda oʻtirgan yoʻlovchi.
— Magazinga? Ha, mayli. — Berdiyor buloq boʻyiga tushib, yana nima uchundir qoʻllarini chaydi, belbogʻiga artdi. Iljayib chiqib mashina yonida qaqqaydi. — Shoniyoz!

Yoʻlovchi kulimsirab gap qotdi:
— Jonivorni uch minutda sob qildingizmi, joʻra?
— Bizmi? Biz ana shunday! — dedi Berdiyor. — Obering siz ham birini, shu yerda tinchitib qoʻyaman!
— Zoʻr ekansiz, vajohatingizdan hech bilinmaydi.
— Ha, biz ana shunday zoʻr!

Shoniyoz koʻrindi, Berdiyor qoʻllarini beliga tirab uni qarshiladi:
— Ha, zakuskaga ketganmiding?
— Yoʻgʻ-e, — dedi shofyor, u xafa koʻrinardi.
— Ketdik boʻlmasam. Toʻgʻri dashtga, oshna! Shoniyoz unga gʻalati qaradi:
— Ketamizmi?
— Ha! Ketamiz-da, endi! oʻtir mashinaga. Shoniyoz bir qadam qoʻyib toʻxtadi:
— Bugun dam olsakmikan, Berdiyor aka.
— Yoʻq, bugun ayni ishlaydigan kun-ku? Shoniyoz yer chizdi.
— Ha? — dedi Berdiyor. — Kelishdik-ku? Yo, sen ham aynidingmi? Mayli, unday boʻlsa!

Shoniyoz xoʻmraydi, ildam oʻtib mashinaning eshigini ochdi. Berdiyor kirib oʻtirdi. Shoniyoz motorni oʻt oldirdi. Borti shiqillab qolgan eski yuk mashinasi gurillab jildi.

Hademay qishloq markazidan oʻtib, tepaga chikdi, tekis nishabdan keta boshladi. Nihoyat, soyga yetdilar. Soy keng boʻlib, unda oʻsib yotgan yulgʻunlar sargʻayib, guldan qaytgan edi. Suv miltillab koʻrinadi, soy yoqasi-da bir parcha qamishzor.
— Toʻxta! Bur pastga, Shoniyoz! — buyurdi Berdiyor.

Chamasi, Shoniyoz uchun qaerga borishning ahamiyati yoʻq edi. Rulni keskin burib, mashinani nishabga soldi. Undan tushirib, yulgʻunzorga oralatdi.
— Sekinroq hayda, oshna. Ha? Nima boʻldi?
— Hech nima. Ovulga boramizmi?
— Ha-da, shu yerdan ishni boshlaymiz... Yusufning ovuli shekilli bu?
—Ha, oʻzi yoʻqmi deyman. «Moskvich»i koʻrinmaydi.
— Da-a, unda jun undirish qiyin. Yusuf boʻlgan-da, gapga koʻnar edi. Kampiri ziqnaroq. Oʻtgan yili kelganimiz esingdami?
— Oʻtovga qarang. Kimdir qarayapti, kampiri emasmi?
— Shunga oʻxshaydi.

Soyning narigi sohilidagi taqir doʻnglik etagida ikkita oʻtov koʻrinar, oʻtovlardan biri oldida koʻylagi qizil bir ayol qoʻlini peshanasiga qoʻyib, qarab turardi.

Shoniyoz iljaydi:
— Bizni tanidi, deyman... Orqaga qaytdi.
— Yoʻlga solamiz, oshna! Biz oʻzimiz uchun unnayapmizmi!

Mashina suvga yetib toʻxtadi, suvdan oʻtishi mumkinu lekin narigi tik betga chiqishi gumon edi.
— Tushamiz, azob bermang mashinaga.

Tushib, qamishzor oralab yoʻl izlashdi. Soʻng, soydan kechib oʻtishdi.
— Hov, kayvoni! oʻtovdan sas chiqmadi.
— Berdiyor aka, iti yomon.
— E, it nima qiladi hozir, molning ortidan ketgan-da.

Ular oʻtovlar orasiga yetib, toʻxtashdi.
— Hov yanga! Hov, checha!.. Odam bormi? Mehmon keldiyam demaysizlar!

Nihoyat, chetdagi oʻtovdan engashib, oltmishlardan oshgan kampir chiqdi.
— Salomaleykum.
— A-lekum... — Berdiyor kampirga qaramay, u bilan qoʻl berib koʻrishdi, gaplasha boshladi: — Yaxshimi? Bachalar chopqillab yuribdimi? Yusufboy qani? Shaharga ketganmi, deyman?
— Ha, erta-mertan tushib ketgan edi, maylis bor ekanmi.
— Xoʻsh, kampir, bizning vaqtimiz yoʻq. Choy-poyga unnab yurmang! Bizning nima uchun kelganimizni bilsangiz kerak!
— Ha, siz nimaga kelardingiz, junga-da, — dedi kampir.
— Balli! Biz zagotovitellarning ishi shu, kampir!
— E, qoʻying, inim. Zagotovitelniyam koʻp koʻrdik. Koʻp kelib turadi, yoʻq desak, qaytib ketaveradi.
— Biz qaytib ketmaymiz, — dedi Berdiyor va va’z qila ketdi: — Gap shundaki, momo, xoʻsh... davlat bu yil jun planni katta bergan. Xoʻp, deb turing... Menga qarang, bir toʻshakcha opchiqing-e. Yoʻq-yoʻq, uyga kirmaymiz... Shunday qiling!.. Hoʻ, rahmat... qatiq ham opchiqasizmi? Mayli... Bir yoʻla chalob qila qoling... Rahmat, endi oʻtiring, momo!.. Gap shundaki, oʻzingiz tushunadigan xotinsiz, planimiz katta! Lekin savxoz oʻz moli bilan uzolmaydi... Toʻxtang-da! Bizda individualniy plan deganiyam bor-da. Bu planni tushunasizmi? Sabr qiling! Bu degani — aholidan ortiqcha juni bormi, tuxumi bormi, terisi bormi — sotib oling, degani... Bilaman, bilaman, kampir! Menga qarang, kampir, shu junni mana munga oʻxshagan kigiz qilasiz! Kigizdan nima foyda! Gilam olsangiz-chi? Ham arzon, ham chiroyli... Xoʻp, bir qop soting, mayli, qolganini toʻqim qilsangiz ham oʻzingizga! E, enajon-e! Baraka toping, enaboy! Shoniyoz, tur, oshnam!.. Ana bu ishdan keyin yuz gramm ichsang ham arzir edi... Lekin endi yoʻq, yoʻq, yoʻq!.. Narxi oʻsha-oʻsha, a? Yo koʻpaytirib beraymi? Mayli! Ana, hozir faktura tuzamiz, xoʻsh... Mana, bu yerga qoʻl qoʻying! E, chizib qoʻying-da, bilmaysizmi!.. Shunday! Yusufboyga bizdan salom ayting... Kampir, agar yana sotiladigan jun chiqib qolsa, iltimos-da, bizdan boʻlakka sotmang, xoʻpmi? Nima boʻlsayam, hammamiz bir urugʻning odami! He, oʻzimning Qoʻngʻirotimdan!

...Ular kechgacha bir necha ovullarda boʻlishdi, xiylagina jun, teri xarid qilishdi. Berdiyorning kayfi chogʻ boʻlib ketdi. Lekin Shoniyozning chehrasi ochilmasdi.

Qishloqqa tushib keldilar. Choy ichgani chinorlar ostiga oʻtishdi. Salqin tushib qolgani uchunmi, suv qattiq sharillar, shoxlarni toʻldirgan maynalar chugʻurlar, choyxona va restoranga olib boradigan tsement yoʻlka atrofidagi rayhonlar xushboʻy hid ufurib, ular oʻrtasidagi elektr chiroqlari porlar edi... Odam hamon gavjum, ayniqsa, Shahrisabzga oʻtadigan shofyorlar koʻp.
— Qani, Shoniyozboy, oʻtiring oshna! Buyuring! Ichkiliksiz buyuring!

Namozshom mahali Shoniyoz Berdiyorni uyi eshigiga olib borib tushirdi.
— Salomat boʻling! — dedi Berdiyor. — Ertalab saharroqda keling-da! Uzunchuqurni obxod qilamiz... junga ehtiyot boʻling, bolalar titib ketmasin. Ertaga topshiramiz buni. Endi men koʻrsataman ish qanday boʻlishini. Lekin Shoniyozboy, qovogʻingiz ochilmadi-da, uka!.. Sir bekitmas edingiz?
— E, Berdiyor aka, — dedi Shoniyoz.
— Xoʻp, siz ham charchadingiz, boring, ertaga gaplashamiz!
— Ertaga... men kelolmayman, — dedi Shoniyoz.
— Kelolmayman? Uch-toʻrt kun birga boʻlamiz, deb kelishdik-ku?
— Gap unda emas.
— Xoʻsh, nimada boʻlmasa?
— Sizni ertalab ishdan boʻshatishgan. Meni magazinga akangiz chaqirgan edi. Araq olganingizni koʻribdi... Aytdim, ishonmadi. Ishonmayman, dedilar... Shu yerda boʻshatildi, hoziroq raisni top, dedilar. Yuzingizdan oʻtolmadim, Berdiyor aka... Gap shu.

1972