OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiBodom qishda gulladi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm67KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bodom qishda gulladi (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Men burchakda, karavotimda chalqancha yotardim, behol. Koʻkragimda Stendalning «Qizil va qora» romani. Eshikdan oq xalatli, semiz Polina, uning ketidan pakana, qora patli xalatining etagi yerga tegib turgan bir yigitcha kirdi. Uning iyagi oldinga turtib chiqqan, koʻzi chuqur, peshanasi botiq edi.
— Sizlarga yangi mehmon olib keldim, — dedi Polina hammamizga tegishli qilib. Soʻng men tomonda yotgan joʻraboshimiz Ziganshinga qaradi: — Qabul qiling, oʻrtoq starosta. Bu kishining ismi... — U yigitchadan soʻradi: — Ismingiz nimaydi?
— Nosir, Nosirjon! — dedi mehmon hozirjavoblik bilan.
— Ana, Nosirjon ekan, — dedi Polina. — Palataning tartib-qoidasini oʻrgating. — Soʻng elektr choynak qoshida turgan kursini unga koʻrsatdi: — Oʻtiring, Nosirjon. Men hozir kelaman.

Nosirjon onasi ish buyurgan yosh boladek kursiga oʻtirib, kalta qoʻllarini tizzasiga qoʻydi. Soʻng birdan irgʻib turib, dam u, dam bu tomonga qarab:
— Assalomalaykum, assalomalaykum! — dedi.
— Vaalaykum, — dedi Ziganshin. — Endi tanishib olamiz-da. Qani, oʻzlari nima ish qiladilar?
— Kurer, — dedi Nosirjon oʻrnidan turib.
— Oʻtiring... Kurer? Qaerda?
— Aptobus parkida.
— A, nima boʻlib... siz ham jigar kasalmi?
— Jigar! — Nosirjon oʻng biqiniga kaftini bosib qoʻydi. — Hech munaqa kasalim yoʻq edi. Ertalab parkka kelsam, bitta tanish shopir: «Koʻzing sargʻayipti,, medpunktga kir», deb qoldi. Medpunktga kirsam, jigar kasali, deb aytishdi. Keyin «skoriy pomosh»ga oʻtqazib, buyoqqa yuborishdi. Pastda tekshirishdi. Choʻmiltirib, mana bularni kiydirishdi. Keyin bu yerga... Oʻzingiz nima ish qilasiz, aka?

Ziganshin gʻurur bilan kuldi:
— Karavotsozlik fabrikasida injenerman!

Nosirjon juda ulugʻ odamga duch kelganday oʻrnidan turib ketayozdi. Soʻng boshqa bemorlarga ham hurmat va sezilarli qoʻrquv bilan bir-bir qaradi.
— Bu yerda yotgan boshqalar ham... chakana odamlarmas! — dedi Ziganshin. — Anavi odam yozuvchi! — deb meni koʻrsatdi.

Nosirjon menga tikildi. Men unga «shunaqa aybim bor», degandek siniq iljaydim. Lekin uning koʻzlari katta ochilib ketgan edi. Joʻraboshimizning soʻzi davomiga quloq solmay:
— Men shoir Rafiqiyni koʻrganman! — dedi u hayajon bilan. — Apisha zakaz qilish uchun bosmaxonaga boramiz-da! He, koʻcha devorlariga, avtobuslarga yopishtiriladi-ku apisha? oʻsha uchun... Oʻshanda koʻrganman. Oq sochli kishy ekan.

Dam hajviyanamo, dam qasidanamo she’rdar yozib yuradigan, qalam ahli orasida obroʻsiz, menga yoqmaydigan bir tizmakash edi Rafiqiy. Men horgʻin bosh irgʻagan boʻlib:
— Taniyman... Yaxshi, — dedim.

Ziganshin hamxonalarini tanishtirishda davom etdi: bu kishi — tilshunos, institutning ilmiy xodimi; bu kishi — mashhur montyor, ushbu kasalxonaga ikkinchi bor tushishlari: u kishi — Qodir etikdoʻz, ammo zoʻr kitobxon; anavi yigit — buxorolik. Gazli zilzilalarini koʻrgan, xolalarining uyiga kelganda shu kasalga yoʻliqib, bu yerga tushib qolganlar; narigi kishi — militsiya kapitani, yoshliklarida loʻli qizga oshiq boʻlganlar...

Polina kirdi. Qoʻltigʻidagi choyshab va adyollarni burchakdagi boʻsh karavot uetiga qoʻyib, birin-ketin yozdi. Qappaytirilgan oppoq yostiqning yon-veriga tap-tap urib, sochiqni karavot boshiga tashladi. Tumbani ochib, bir pachka qogʻozni gʻijimlab oldi-da,. Nosirga jilmayb, ta’zim qildi:
— Marhamat, Nosirjon!

Nosir sakrab turdi. U ham beoʻxshov ta’zim qilgan boʻldi.
— Shumi mening karavotim, shumi? — deya tumba qoshiga oʻtdi.
— Shu, shu! — dedi Polina faxr bilan.

Nosirni bir men emas, boshqalar ham kuzatib yotishardi. U jilmaygancha oppoq choyshabni silab koʻrdi.

Yestiqqa qoʻl tegizdi. Soʻng toʻshak chetini qatlab, karavot qirgʻogʻiga oʻtirdi. Polina kulib:
— Xoʻp. Tezroq tuzalib keting. Tartib-intizomga rioya qiling... Koʻp harakat qilmang. Hoziroq yoting! — deb chiqib ketdi.

Nosir shosha-pisha xalatini yechdi. Qidirinib, eshik yaqinidagi ilgichga ildi. Keyin zimdan bizning qanday yotganimizni koʻzdan kechirib, asta adyolni koʻtardi. Tovoni qiyshayib ketgan eski tuflisidan kichkina oyoqlarini chiqarib, karavotga tizzalab chikdi. Asta choʻzildi. Adyolni koʻksigacha tortdi.
— Xoʻp, gurung bering endi, Nosirjon! — dedi Ziganshin.

Chindan ham palatada aytilmagan gap kam qolgan, koʻp latifalar ikki-uch marotalab aytilgan, kimning nima toʻgʻrisida gapirishi ham taxminan ma’lum edi.

Bunday vaqtda kishi ermakka muhtoj boʻladi.

Nosirjon Ziganshinga oʻxshab karavotining boshi tomon surilib oʻtirdi.
— Shu bizning ishimiz qiziq-da, — dedi.
— Nimasi qiziq?
— Deylik, oʻzim... — Nosir bu tomonga oʻngarilib oldi. Birdan hayajonlanib: — Odamlarga hayronman! — deb xitob qildi. — Oʻzlari aptovusga chiqadigan bekatning nomini bilishmaydi, aka! Uni bilsa, narigi bekatni bilishmaydi. Uni bilsa, qanday aptovuslar toʻxtab oʻtishini bilishmaydi!
— Oʻshalarni bilish juda shartmi?
— E, qiziq ekansiz-ku, siz ham! Bilmasa adashadi-da!.. Adashadi! — deb ta’kidladi u zoʻr qanoat bilan. Soʻng oʻzicha maza qilib davom etdi: — Desangiz, bizga... menga har oy bepul abonement qogʻoz berishadi. Boʻsh vaqtim boʻldimi, duch kelgan aptovusga tushaman. Shaharni aylanaman... Misol uchun, aptovusda ketyapman. Koʻrib qolamanki, bekatda bir chol alanglab turipti. Sezaman: yoʻlni bilmaydi, adashgan... Shartta aptovusdan tushaman. «Salomalaykum, otaxon! Yoʻl boʻlsin?» «E, bolam, adashib qoldim. Falon joyga bormoqchi edim». Men darrov u kishiga tushuntiraman: shundoq aptovus keladi, oʻshanga oʻtirib, falon bekatda tushasiz... Vassalom. Chol bizni duo qiladi. Men yana aptovuzga tushib ketaveraman. Yana bir bekatda...
— Oʻ, siz juda olijanob ekansiz! — dedi tilshunos qoʻshnim ovozida sezilarli kinoya va quvlik bilan.

Nosirjon yayrab ketdi.
— E, unchalik emas, aka!
— Nosirjon, uylanganmisiz? — deya yotgan joyidan turib oʻtirarkan, soʻradi Eshim montyor.

Hamma kulib yubordi: Eshim ayollar haqida, nuqul oʻshalar haqida suhbatni yoqtiradi va oʻzi ham shundan soʻzlab charchamaydi. Bu borada behayo gaplarni ham aytib yuboraveradi.

Nosir Eshimga tikilib qoldi-da, duv qizardi.
—- E, qoʻying-e! — dedi yosh boladek.
— Iya, nega qoʻyar ekanman! - deya avj qila boshladi montyor. — Hayot — Oʻshalar bilan hayot, uka! Bizni bor qiladigan ham, yoʻq qiladigan ham oʻshalar, sizga aytsam! Masalan, oʻzim! Uylanganman. Ikkita bolam bor... — U davomini aytishdan oʻzini tiyib, Nosirga tikildi. — Hali... yaxshi koʻrganingiz ham yoʻqmi?

Nosirjon battar qizarib, boshini egdi. Soʻng qandaydir titrab...
— Odamdan kulmang-da, aka, — dedi.
— Nega kular ekan? Siz yigit kishisiz! — deya luqma tashladi buxorolik Aminjon.

Nosirjon oʻzining yigit kishi ekanini ilk bor eshitgandek, Aminjonga hayrat, aralash oʻqraydi. Keyin oʻzicha jiddiy tortyb, bemalol shiftga bokdi. Oʻylandi.
— Yoʻq, — dedi.

Uning jiddiyati ham kulgili, ham yoqimli edi.
— A, bolapaqir-a! — deya xitob qildi Ziganshin. — Dunyoning lazzatidan benasib yurgan ekansan-ku, uka! O, muhabbat! — Yana bir parda koʻtarildi: — San'atsiz turmush — vahshiylik, deymiz. Lekin muhabbatsiz turmush-chi?!.

Nosir «Rosti bilanmi?» degandek joʻraboshiga uzoq tikylib qoldi-da, soʻng birdan menga qaradi. Oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi ham boʻldi. Polinaning gapini esladi shekilli, yana yotdi.

Men bunday sodda yigitni koʻrmagan edim.

Osma ukollarni olib kelishdi. Odam boshiga bittadan. Sepoya ustiga shisha idish oʻrnatilgan, idishning biqinida — qizil rezina ichak. Ichak uchida — igna. Shu igna bilak tomiriga sanchib qoʻyiladi. Idishdagi qonni tozalovchi suyuqlik shu orqali tomirga oʻtadi. Qon suyulib, badan sovib ketadi.

Navbat Nosirjonga yetganda Polinaning ishi oʻngidan kelmadi. Palatamizga qarovchi vrach — Qobil doktorni chaqirdi. Qobil doktor, odatdagicha — labida sigaret, Nosirning boshida xoʻb kuymandi. Oxiri:
— Siz dorili suv ichasiz. Stakanga qoʻyib bering, Polina! — dedi-da, mening yonimga keldi. — Qalaysiz, shoir? — U qoʻllarini xalati kissalarini yirtgudek qilib tirab, menga tikildi. Yonboshimdan Stendalning kitobini oldi. — A, — dedi. — Buyam she’r yozganmi?
— Men she’r yozmayman, — dedim.
— Bari bir, — dedi u. — Eski zamonda hammalaringni, shoir deb atashgan.

U tabobatdan ham oʻsha zamonlar muolajasini koʻproq tan oladi. Ota-bobosi tabib oʻtgan.
— Bu gashgagiz toʻgʻri, doktor, — dedim.
— Oqshom bir she’r olib kiraman. Koʻrib berasiz.

U nuqul Usmon Nosirning she’rlaridan koʻchirib kelib, menga koʻrsatadi. Men unga «Yaxshi she’r yozibsiz», deyman. U: «Men bari bir shoir boʻlmayman. Shunchaki koʻngil uchun...» deb qoʻyadi. Oʻzining ahvoli-ku, ma’lum, mening yolgʻon gapirishimni ham bilsa kerak. Mayli-da. Vaqtni ayamay bir shoirdan she’r koʻchiribdimi... yaxshi koʻrganidan koʻchirgan. Rafiqiyga oʻxshash da’vogarlardan shular tuzuk-da.
— Nosirga... ichishni buyurdingizmi?.. — deb soʻradim.
— Tomiri et orasida qolib ketgan. Yoshligida raxit boʻlgan. Nichevo, — dedi u. Keyin sigaretini bemalol buruqsatib chiqib ketdi. Polina havoda suzayotgan pagʻa-pagʻa tutunni sochiq bilan yelpigan boʻlib, zorlandi:
— Qobil aka hammani hayron qiladi, tavba!
— Lekin qoʻllari yengil-a? — dedi montyor.

Polina koʻzlarini katta ochib:
— Voy, asta soʻramang! ToshMIgayam chaqirib turishadi! — dedi.

Idishdagi suyuqlikning kamayishi, tamom boʻlishini kutib yotish kerak. Kishi zerikadi. Qoʻl uvishadi.

Polina chiqib ketgach, Nosirjon tumba ustiga olib qoʻyilgan idishdagi suyuqlikni birpasda ichib boʻldi. Keyin, oʻziga favqulodda bir yengillik berilganu, biz bechoralar atay mashaqqatga solingandek, mamnuniyat bilan jilmayib karavoti qoshida bir oz turdi. Soʻng qoʻshnisi — Aminjonning yoniga asta oʻtdi. Engashib uning bilagiga qaradi.
— Oʻ, qon chiqyapti-ku, yana!
— Bor ekan, chiqadi-da, — dedi Aminjon. Nosirjon bosh chayqab kuldi.
— Mening tomirimni topisholmadi, — dedi quvonch bilan. — Ilgariyam topisholmagan. Keyin oyogʻimga ukol qilishgan.

Bemorlar tomirlaridan igna chiqib ketmasligi uchun ohista kulishdi. Nosirjon har bir bemor yonida bir toʻxtab, mening qoshimga yetib keldi. Stulni olib oʻtirganida Ziganshin toqat qilib turolmadi:
— Mulla yigit, hamshira nima dedi sizga?.. Nega yuribsiz? Jigar kasal deydilar buni! Jimgina yotish kerak!
— Rost, — dedim men ham. — Sizni bu ahvolda koʻrsa, urishadi.

Nosirjon sapchib stuldan turdi-yu, nochorlik bilan eshikka qarab, bir zum tek qoldi. Keyin:
— Sizdan bir-ikkita gap soʻrayman, — deb shivirladi menga...

Polina sepoyalarni ikkitadan-uchtadan qilib koʻtarib chiqib ketgach, eshikdan Qobil doktor koʻrindi. Menga koʻz qisib, xotinim kelganini, hozir kirishini aytdi.

Uyga qishlokdagi bir doʻstimdan xat kelgan ekan. Sadaf shuni olib kelibdi. Xatga bir baxshi shoirning toʻrt qator she’ri ham qistirilgan ekan. Menga yoqdi. Shoir osmondan turnalar karvoni oʻtayotgani, allaqaerdan sumalak hidi kelayotgani, havolar ipakdek mayin boʻlayotganini aytib: «Enajon, bilmadim, navroʻz keldimi», deb she’rni yakunlaydi. Ayniqsa, shu satri yokdi.
— «Enajon, bilmadim, navroʻz keldimi...» Yaxshi-ya? — dedim xotinimga.

U ham yigʻlamsirab, ham kulimsirab:
— Tashqarida esa qish! — dedi.
— Qor qalinmi?
— Hammayoqni qoplab yotibdi. Sirpanchiq... Anavi vrach yaxshi. Meni kiritvordi.
— Yaxshi. Boʻpti. Jigar kasal ham yuqumli. Qaytaver endi.

Nosirjon karavot qoshiga kelib turgan ekan.
— Assalomalaykum, kennoyi! — dedi.

Sadaf alik oldi.
— Tuzalyapsizlarmi? Tezroq tuzalib chiqing-lar-e.
— E, hademay otday boʻlib ketamiz! — dedi quvonib Nosir. — Bu yerning sharoiti!.. Jannatda topilmaydi! Qarang, kennoyi, hammayoq oshyuq, ozoda... Hozir osma ukol qilishdi! Shu deng, men dorini ichdim. Bari bir foydasi boʻlar ekan!

Turgan gap, Sadafga uning xunuk qiyofasi yoqmadi. Lekin u andishali ayol — bildirmadi:
— Doktorlar tanishingiz boʻlsa kerak-da, — deya kulib qoʻydi.

Hamisha hammaning gapiga qulogʻi ding Eshim montyor gap otdi:
— Bu ukamiz ustasi farang ekan, kelin!

Tushlik ovqatni ahvoli ogʻirroq bemorlar toʻshagida oʻtirib yeydi. Bu yerga oldinroq tushganlar, ya’ni tuzalib qolayozganlar esa oʻrtadagi stolda tamaddi qilishadi. Kastryul va boshqa idishlar qalangan aravachani ham koʻpincha Polinaning oʻzi gʻildiratib kiradi.

Polina asli yahudiy boʻlsa ham, juda oʻzbeklashib ketgan, nuqul «oʻzimizning oʻzbeklar-da...», deb gap boshlaydi. Kasallarga mehribon. Ichida Qobil doktorni yaxshi koʻrsa kerak. Ayniqsa, zond yutgan paytlarimizda unga suyanib qolamiz. Zond — yarim gazdan oshadigan rezina ichak. Bir uchidan asta-sekin yuta boshlaysan. Tomogʻing qichimsirab ketaveradi. Oʻqchisang, boʻgʻilib qolasan. Polina dalda berib: «Oz qoldi. Yigitsiz-ku! Ha, boʻling!» deb turadi. Zondni sugʻurib olish oʻzingning qoʻlingdan kelmaydi. Boyoqish hamshira ikkinchi uchidan sochiq bilan ushlaydiyu koʻz ochib yumguncha chiqarib oladi. Juda yengil tortib ketasan.

Tushki ovqatdan keyin bir muddat gangir-gungur suhbat; soʻng uyqu elitadi. Jigari ogʻrigan bemorlar juda zaif, madorsiz boʻlarkan. Ovqatning ham mazasi yoʻq. Kuchli taomni esa doktorlar yoʻlatmaydi.

Tush koʻribman shu kuni. Tomda turgan emishman. Koʻkdan turnalar karvoni oʻtayotganmish. Osmonning u yer-bu yerida pagʻa-pagʻa, quchoq-quchoq oppoq bulutlar. Yosh bola emishman. «Enajon, navroʻz keldi!» deb baqirarmishman.

Biz uygʻonganda Nosirjon uxlab yotardi. Uning gʻiy-bati boshlandi. Tilshunos qoʻshnim yonboshlab:
— Kechirasizu men shu yigitchani... maymunga oʻxshatdim, — dedi.

Men kulib qoʻydim. Tilshunos shivirlab gapirgan boʻlsa ham, qoʻshni — Qodir ztikdoʻz eshitgan ekan.
— Abdulla Qahhorning «Sinchalagi»da Eshon bor-ku, xuddi oʻshaning oʻzi! — dedi.

Aminjon ham uni Eshonga oʻxshatgan ekan. Joʻraboshimiz Ziganshin:
— Kelinglar, uni Eshon deb ataymiz! — dedi.

Militsiya kapitani jilmayib:
— Har qaysilaringning bittadan-ikkitadan bolalaring boru oʻzlaring bolaga oʻxshaysizlar-a! — dedi.

Oshpaz uygʻur yigit:
— E tangrim, oʻzing kechir, — deb qoʻydi.

Bu yigit ellik beshinchi yillarda Qashqardan buyoqqa oʻtgan, koʻp xudojoʻy, koʻp kuygan banda edi.
— Jim! Qimirladi! — Eshim montyorning shu gapidan keyin gʻiybat toʻxtadi.

Nosirjon uygʻonib, birdan turib oʻtirdi. Bir daqiqa bizga begona nazar bilan qaragach, oppoq pishiq tishlarini koʻrsatib jilmaydi:
— Yaxshi uxlab turdilaringmi, akalar?
— Oʻzingizdan soʻrasak? — dedi Ziganshin.

Nosirjon jilmayib, tizzasidagi adyolni ikki tomonga qaratib siladi. Oppoq devorlarga quvonch bilan boqdi. Uning ancha faqir oilada oʻsgani koʻrinib turardi. U jilmayishini qoʻymay birpas oʻtirdi-da, karavotdan tushdi. Sochiqni olib:
— Betni yuvish kerak, betni yuvish kerak, — deb chiqib ketdi.
— Ichimizda yolgʻiz musulmonimiz shu ekan! — deb xitob qildi uygʻur yigit.

Uning gapida jon bor: uyqudan keyin istaganlar chiqib bet-qoʻlini chayib kelar, istamaganlar turiboq turpmi, olmami kavshashga tushar edi. Sirasi, hadeb yoʻlakka chiqaverishimizni vrachlar, hamshiralar ham xushlamasdi. Ayniqsa, endi tushgan kasallarning chiqishini... Shu kuni Nosirning qili-gʻimi, oshpazning gapimi ta’sir qilib, hammamiz yuvinib keldik.

Nosir mening yonimga keldi.
— Aka, muhabbat nima?

Men horgʻin kulimsiradim.
— Uni boshidan kechirmagan odam bilmaydi... U yurakka sodir boʻladi, Nosirboy. Uni koʻrsatib ham boʻlmaydi. Jahlingiz chiqqanda, birovni urasiz. Quvonganda — suyasiz... Muhabbat ham shunga oʻxshash narsa... Lekin u nodir his. Boyagi hislar ham, kezi kelganda, unga boʻysunadi, ukam. — «Qizil va qora»ni qoʻlga oldim. — Mana shu kitobni yozgan odam, hayotning asl ma’nosi muhabbatda, deydi...
— Oʻ-oʻ!

Men ham zerikkan edim, shunday mavzularda uzoqroq gapirishni istardimu, lekin hamxonalarning diqqatini ortiqcha jalb etish, ularga mahmadana boʻlib koʻrinishdan choʻchirdim.
— Shunaqa, — deb qoʻya qoldim. — Ha, siz chindan ham biron qizni...
— Qoʻysangiz-chi, aka.
— Ota-onangiz bordir, Nosirjon?
— Otamiz hayot...
— Aka-ukalar?
— Yoʻq. Yolgʻiz farzandmiz.
— Nechanchi sinfni bitirgansiz?
— E! — dedi u kulib. — Beshinchidan oʻqishni tashlab ketganmiz, aka! — Soʻng shod-xurramlik bilan davom etdi: — Shoʻx boʻlganmiz-da, yoshlikda! Lekin bir bola uzun temirni boshi ustida aylantiraman deb bizning boshni yorib qoʻygan. Shunda oʻzimdan ketib qolgan ekanman... Olti oy kasalxonada yotdim. Tuzalishga tuzaldim-u, harfni tanimay qoldim, aka. Keyin javob berishdi. Lekin «oʻqima», deyishadi. Bu qanaqasi, dedim. Maktabga chopdim. Sinfga kirib oʻtirdim. Lekin, aka, doktorlar rost aytgan ekan, salga boshim ogʻrib qolaverdi. Boshim ogʻrisa muallimga aytaman. U kishi menga javob beradi. Oxiri: «Boshing ogʻrisa, bemalol chiqib ketaver», dedilar. Keyin, istagan paytimda darsga kirib, istamaganimda chiqib yuraverdim. Bolalarning menga havasi kelardi... Bitta fizika oʻqituvchimiz bor edi. He, yettinchiga oʻtganda! Yettigacha maktabga qatnadim-da. — Nosirjon qah-qah otib kuldi. — Lekin meni sinf jurnaliga yozishmagan ekan. Beshinchi sinfda qolavergan ekanman... Oʻsha fizika oʻqituvchimizni yaxshi koʻrardim... Ba’zan oʻzlari: «Endi bor!» der edilar. Men chiqib, boqchadan u kishining bolasini uylariga oborardim. Hovlisida ishlardim. Gul kesardim, meva terardim...

Polina kirdi. Nosirjon karavotiga qochib bordi. Hamshira bizga bittadan harorat oʻlchagich berib, Nosirga barmogʻi bilan poʻpisa qildi-da, tagʻin chiqib ketdi.

Jigar kasalining tuzalayotgani haroratda ham koʻrinadi. Biroq, eng ishonchli belgisi — koʻz bilan badandan sariqning ketishi, kishi oʻzini tetik tuta boshlashi. Yana biri — jigardagi shishning pasayishi, yoʻqolishi. Nihoyat, qonning tozalanishi.

Oldinroq tushgan kasallar jigarining usti qichiy boshlasa, shish qaytyapti, deb quvrnishardi.

Shu kuni harorat oʻlchagichni olgani qaytib kirgan Polina shivirlab, militsiya kapitaniga ikki kundan keyin javob berilishini aytdi. Hammamiz quvonib ketdik, u kishiga havas bilan boqdik.

Kechki ovqatga bir oz vaqt bor, har kim oʻz ishi bilan mashgʻul. Birov kavshanadi, uygʻur oʻrtogʻimiz karavoti tagiga yashirib qoʻygan bankadagi baliqqa tikilib oʻtiradi. Aminjonning ikki koʻzi derazadan tashqarida. Men «Qizil va qora»ni oʻqiyman. Ziganshin bilan Eshim oʻzaro shivirlashib, piq-piq kuladi. Men onda-sonda ularga qarab qoʻyaman. Aniq esimda: Nosirjon karavotda qoʻllarini tizzasiga qoʻyib, jiddiy, allanarsani oʻylab yotardi.

Xubbijamol kirib keldi. Xonamiz toʻlib, goʻyo hammamiz tuzalib qolganday boʻldik. U TashMIning toʻrtinchi kurs studenti. Bizning nomi xunuk kasalxonamizda praktikasini oʻtar, haftada ikki-uch kun navbatchilik ham qilar edi. Uni hali vrach deb boʻlmasdi, albatta. Biroq, koʻzlari xiyol qiyiq, xipchagina bu qizda kishining ruhini daf’atan koʻtaradigan, uni olis kengliklarga undaydigan va yaxshi kunlarini yodga soladigan bir oʻktamlik, hayotbaxshlik bor edi.
— Assalomu alaykum, akajonlar!

Nosir oʻrnidan turib ketib, hammamizdan oldin alik oldi:
— Vaalaykum. Keling, opa!

Xubbijamol Nosirga qiziqish bilan tikildi. Chehrasida kinoya ham, istehzo ham, yigitchaning maymunga oʻxshash qiyofasidan hayronlik alomati ham koʻrinmadi. Ichimda qizdan minnatdor boʻldim.
— Siz... qachon keldingiz? — deb soʻradi qiz.
— Bugun, bugun! — dedi Nosirjon hovliqib. — Hali... tushdan oldin. Shu deng, opa, hech munaqa kasalim yoʻq edi. Ertalab garajga kelsam, bitta shopir: «Koʻzing sargʻayipti, medpunktga kir», deb qoldi. Medpunktga kirsam, sen «jeltuxa» deb, mana... — U mungʻayib yelkasini qisdi. — Hozir...

Xubbijamol allaqanday suyib yigitchaning kiftiga qoqdi.
— Oʻtiring. Yoting... Ismingiz nima?
— Nosirjon! — dedi Ziganshin.
— Yoʻq. Eshon... Eshonjon! — dedi Qodir etikdoʻz.

Eshim ham kulib, uning soʻzini ma’qulladi.
— Yo tavba. Qulogʻiga azon aytib qoʻyilgan oti bor-ku! — deya xitob qildi uygʻur yigit.

Xubbijamol qah-qah otib kulib, Nosirga:
— Qaysi ism yoqadi sizga? — dedi.
— Menga.. Oʻzimniki-da! Bizda eshon oʻtmagan, — dedi Nosirjon.
— Boʻpti. Boʻlmasa, sizni Nosir eshon deymiz. Yoqadimi?

Nosirjon «Bu kishiga nima deyin?» deganday, biz tomonga koʻzlarini kattartirib qaradi.
— Rozi boʻlmaysanmi? Rozi boʻl! Shunday qiz... seni eshon deb tursa-ya! E, Xubbijamol, menga aytmaysizmi, haqingizga duo qilardim!

Nosirjon endi Xubbijamolga qaradi.
— Ixtiyor oʻzingizda, — dedi qiz.
— Yoʻq. Mayli! — dedi Nosirjon birdan hayajon bilan. — Xohlasangiz, Nosir eshon deyavering, opa! Mayli!
— Hah, yoqmay qolsin, — deya qiyqirib kuldi Eshim.

Xubbijamol ham kulib:
— Boʻpti! — dedi. — Siz bugundan e’tiboran — Nosir eshonsiz!
— Ura! — dedi etikdoʻz.

Xona kulgiga toʻldi.
— Boʻlmasa, Nosir eshonim, siz ham bu akalaringizga oʻxshab yotasiz! — dedi Xubbijamol va nihoyat biz tomon burildi. Biroq uning «eshonim» degani yangidan kulgi uygʻotgan edi. Har kim Nosirga har yoqdan gap otadi. Eshim esa, hammaning soʻzidan xulosa chiqargandek, men tomon kelayotgan Xubbijamolga sirli ovozda:
— Bu, juda gʻalati boʻldi-ku! — dedi. — A, singlim? Eshonim dedilar... Hoy, Nosirboy, nima balo qilib qoʻydingiz hozir? Xubbijamolning soʻzini eshitdingizmi ?
— Nimani eshitdim? — dedi Nosirjon gap nimadaligini uqolmay.
— Axir, sizni «eshonim» deb, oʻzlariniki qilib gapirdilar-ku?

Nosirjon yalt etib, hatto koʻzlari olayib qizga qaradi. Xubbijamol kula-qula:
— Ha, nega endi oʻzimniki qilib gapirmas ekanman! — dedi. — Balki...

Xona yana qiyqiriqqa toʻldi.
— Balki... balki-ya! — deb oh chekdi Eshim. — Oʻ, eshon! Baxting bor ekan, uka! Yoki boʻlmasa... Oʻlgudek uxajur ekansan, uka! Birpasda shunday qizning boshini aylantirib tashlading-a!

Nosirjon qoʻrqib, ammo ishshaygancha dam unga, dam bunga boqar edi. Xubbijamol karavotim oldiga kelib, uni toʻsib qoʻydi. Qiz shu kungacha bizning har birimizni oʻrganib boʻlgan, har birimizga tegishli gapni allaqanday ichki sezgi bilan his qilib aytar edi.
— Kitob... Haliyam kitob! Zerikmaganingizga hayronman! — dedi menga. — Kennoyimning oʻrnida boʻlga-nimda, kitobdan boshqa narsalar ham bor, der edim...
— Xuddi xotinimning gapini aytdingiz, singlim, — dedim.

Qurmagʻur yigitlar shu gapdan ham qiyiq topib kulishdi.

Xubbijamol tilshunosga uning tuzalib qolgani, vrachlar nima uchun javob berishmayotganiga hayron ekanini aytdi: holbuki, uning koʻzidan hali sarigʻi ketmagan edi. Montyorga:
— Kasalxona sizga yoqipti. Bu gal ham chiqqandan keyin tuxumdan koʻproq yeng. Oʻzimiz opkelamiz! — deb hazillashdi.

Yana qiyqiriq, yana kulgi boʻldi. Eshimboy oʻtgan gal tuzalib chiqqach, xotiniga bozordan oʻnta tuxum keltirtirib, oʻnovini ham paqqos yutib, ertasi kechga qolmay yana kasalxonaga kelib tushgan ekan.

Xubbijamol Ziganshinga kasalxonadan chiqqach, koʻproq ichishni «maslahat» berib, Aminjondan:
— Gazlini sogʻinmayapsizmi? — deb soʻradi. Soʻng shunday barvasta yigitga kasal boʻlib yotish yarashmasligini aytib, kapitan bilan soʻrashdi. Oshpazga yetganda karavot tagiga qarab olib: — Rahmingiz kelsin-a? — dedi.

Yana Nosirjonning yoniga qaytib, unga qandaydir ham achinish, ham mehr bilan bokdi. Soʻng yana hammamizga tegishli qilib:
— Akajonlar, bugundan boshlab yana xizmatingizdamiz! — deb chiqib ketdi.

Nosirjonning Xubbijamol bilan uchrashuvi shunday boʻlgan edi. Buning davomi... Davomini kim oʻylabdi deysiz!

Oʻsha kuni Xubbijamolning Nosirga «eshonim» deganini eslatib, men ham qandaydir ilmoqli gaplar qildim. Eshim-ku tinmadi. Hatto militsiya kapitani ham Nosirjonga: «Sizga juda boshqacha qaradi», — dedi. Keyin, qizning xonaga kiriboq Nosirga qiziqqani yana ancha gap boʻldi...

Oqibatda Nosirjon oʻylanib qoldi. Odamzod qiziq-da: uning jiddiy oʻylanishi ham yoqimli, qiziq; ham kulgibop, ermakbop edi. Agar bu gap-soʻzlar oqibati Nosirni qanday koʻylarga solishini ilganimizda... Yoʻq. Aksincha, unga hazil qilish, qizni eslatish bizga yoqar, bunga sari Nosirjonning Xubbijamolga qiziqishi ortar edi. Buni koʻrib, biz xudai yolgʻon-yashiq gaplar bilan bir muhim natijaga erishayotgandek tuyardik oʻzimizni.

Bular — keyingi gaplar. Lekin oʻsha kunning er-tasi Xubbijamol Polina bilan xonaga kirganda Eshim:
— Singlim, eshoningiz tuni bilan kiprik qoqmay chiqdi! Oshiqi beqaror boʻlib qolganga oʻxshaydi! — dedi.

Qiz qah-qah otib, ukasining yelkasini silagandek, Nosirjondan:
— Shundaymi? — deb soʻradi engashib.

Nosirjon, koʻzlari katta ochilib, asta karavotdan

tusha boshlagan edi, qiz uning tizzasiga shap-shap urib: «Yoting, qimirlamay yoting!» — dedi. Nosirjon yotdi-yu, lekin qizdan koʻz uzmadi.

Ha, Xubbijamol oʻziga xos goʻzal, barno qiz edi. Boʻyi Nosirjondan bir yarim qarichcha baland.
— Agar shu gap rost boʻlsa, boʻldi! — dedi Xubbijamol qaddini koʻtarib. — Gʻanimlar kuysin! Toʻgʻrimi, eshonim?
— Sevgilim, dengda-e! — dedi Eshim.

Qiz qoʻllarini orqasiga qilib, qaddini koʻtardi.
— Sevgilim, desam, nima qipti!
— Ura! — dedi Qodir etikdoʻz.
— Ura-a! — dedi Ziganshin.
— Aytmovdimmi, siz... zoʻr yigitsiz! — dedi Aminjon.

Nosirjon bir uning ogʻziga, bir buning ogʻziga qarar, koʻzlari yana ham kattarib ketgan, koʻrinib turibdi, ichidan qattiq hayajonlanar edi. Polina, odatdagicha, yana bittadan harorat oʻlchagich ulashdi. Harorat oʻlchagichni qoʻltigʻimizga qisib, uyoq-buyoqdan gaplashib yotdik: tashqari qor... Oʻzga xonalardagi kasallar. Kimdir Polinadan: «Qobil doktor qaerda?» deb tagdor qilib soʻradi. U qizarib ketib: «Eng yomon palata, shu, Jamol... Tagʻin siz shu xonaga kirasiz-a!» — dedi. Bu gap yana yigitlarning jagʻini ochib yubordi.
— Nega kirmasinlar? Bu yerda sevikli eshonlari yotipti-ku!
— Obbo eshon-e! Usta ekansiz, pirim!
— Ura!..

Yarim soatlardan keyin Qobil doktor sigaret tutatib kirdi. Har bir bemorning qornini ochib, ji-gari ustini chertib koʻrdi. Tiliga, koʻziga tikildi. U aytgan gaplarni, odatdagicha, Polina yozib oldi. Chiqa turib:
— Shoir, kecha ish chiqib qoldi, bugun kiraman, — dedi menga.

Ovqatlandik. Gurung. Kimlardir uxladi. Men ham bir oz mizgʻib, kitobni qoʻlga olgan edim, Nosirjon bir-bir bosib qoshimga keldi.

Tumba oldidagi stulga oʻtirdi. U ancha horkin edi. Kulgim qistadi.
— Kecha yaxshi uxlamaganingiz rostmi? — deb soʻradim.
— Men? Yoʻq... Uxladim, — dedi u nimadandir hayiqqandek. Soʻng eshikka qarab oldi-da, qizarib, asta shivirladi: — Oʻzlari chiroyli-ya opaning?

Tilshunos eshitib yotgan ekan:
— Nega opa deysiz? Nega? — dedi birdan doʻq qilib. Uygʻoqlar kulib yuborishdi. Nosirjon endi oqarib:
— Opa-da! U kishi mendan katta! — dedi.
— Vey-vey, oʻlaman! — deb nido qildi Eshim montyor. — Shu kattami? Xoʻp, katta boʻlsa boʻpti-da... Mening xotinim ham oʻzimdan besh yosh katta. Boʻyi ikki qarich baland!

Yana kulgi boʻldi. Uygʻur yigit:
— Yo oblo! Buzildinglar, joʻralar! — dedi. Kapitan ham uni quvvatladi:
— Bularning gapiga ishonmang, Nosirjon. Nosirjon menga tikilib turdi-turdi-da:
— Shundaymi, aka? — dedi.

U mening «Shunday emas», deyishimni kutardi. «Nega buning koʻnglini choʻktiray?» deb oʻyladim-da:
— Kim biladi, — deya yelka qisgan boʻldim. Nosirjonning chiroyi ochildi. Tagʻin eshikka qarab qoʻydi. Shunda men bir adib sifatida... odamda boʻlayotgan oʻzgarishni koʻrdim; uni kuzatish ahdim boʻlib qoldi. Yozuvchilik kasbi ba’zan shafqatsizlikni talab etadi. Deylik, aybdorni soʻroq qilishyapti. Uning qarindoshlari yigʻlayapti, tomoshabinlar hayratda. Tergovchi esa pinak buzmaydi. Yozuvchi ham ba’zan shunday holga tushadi. Biroq, sizni ishontirib aytaman, uning tergovchidan farqi bor — u qiynalib, oʻrtanib kuzatadi, «suroq qiladi». Ammo, tabiiy, buni sirtiga chiqarmaydi. Toʻgʻri, u ham odam, ba’zan sirtiga tepib ham qoladi.
— Rahmat, rahmat, aka, — deb shivirladi Nosirjon va joyiga qaytib ketdi.

Yana osma ukol kirdi. Nosirjon shisha idishdagi dorili suvni stakanga quyib yana ichib oldi. Keyin lablarini yalab:
— Menga yokdi. Men tuzalyapman, akalar! — dedi.

Polina sepoyalarni yigʻib chiqarkan, Nesirjon unga bir nima demoqchi boʻlib koʻp shaylandi. Nihoyat uning orqasidan chiqdi. Eshim montyorning ham ketishiga sanoqli kunlar qolgan, qoni tozalanayotgan edi. Endi oʻziga ehtiyotkor boʻlib qolgan. Shunga qaramay, karavotdan shoshib tushib, eshikdan moʻraladi. Anchadan keyin qornini ushlagancha qaytib joyiga keldi. Piq-piq kulib:

— Priyomniy pokoygacha bordi, — dedi. — Qobil quvib soldi... Xubbijamolni soʻramoqchi edi!

Kulga koʻtarildi. Nosirjon shumshayib kirib, joyiga oʻtdi.
— Bor ekanmi? Gaplashdingizmi? — dedi Eshim.
— Kim? — deya talmovsiradi Nosir.
— Kim boʻlardi, jonon-da. Nosirjon sovuq oʻqraydi. Menga qarab:
— Aka, jonon degani yaxshimi, yomon? — dedi.
— Qanday aytilishiga bogʻliq, — dedim men. — Menimcha, Eshim akangiz begʻaraz...

Nosirjon Eshimga ishonchsizlik bilan qarab qoʻydi. Keyin toʻshagiga chiqib yotdi. Shu boʻyi tushki ovqatgacha gap qotmadi. Turib-turib mening unga rahmim kelar, lekin uni koʻnglida kechayotgan xayollaridan ayi-rishga koʻzim qiymas edi. Buning ustiga, bu holatlarning davomi menga qiziq tuyular, nazarimda, shunchaki oʻyin boʻlyapti-yu, Nosirjon buni payqagach, kulib yuboradigandek... edi!

Ovqatdan keyin ham Xubbijamol koʻrinmadi. Kechki uyqudan uygʻonsam, u eshik ogʻzida qoʻllarini qovushtirib turibdi. Hamma uygʻoq. Chamasi, men kitobga berilib, kech uxlagan edim.
— Mening qadrimga yetmadinglar, endi ketaman... — deyayotgan ekan u. Ovozidan shirin bir shoʻxlikni, beozorlikni uqdim. Ilgarilari ham ketayotganida, chamasi, shunday der edi. — Yoʻq, imtihonlarimiz boshlanib qoldi, — deya davom etdi Ziganshinga qarab. Soʻng yonida tik turgan Nosirjonga uqtirdi: — Har imtihonni topshirgandan keyin kelib sizni... mana bularni koʻrib ketaman!
— Voy-voy, chidolmayman! — deb baqirdi Eshim. — Sizni... dedingiz-a, Xubbijamol?!

Xona yana kulgiga toʻldi. Bir qarashda, shirinsuxan hamshiralar bilan bunday hazil-huzul oʻzga xonalarda ham boʻlishi mumkin edi. Lekin ulardan farqi... bizning xonadagi hazil «cheti»da titrab-qaltirab Nosirjon turar, chamasi, Xubbijamolning ketayotganidan u qattiq iztirobda edi.
— Xoʻp, eshonim, hozircha xayrlashamiz, — dedi qiz nihoyat. Keyin bizlarga ham bir-bir qarab, bir ogʻiz-yarim ogʻiz gap otib, yana Nosirjonga boqdi. Unga qattiq tikildi-da, kulib yubordi. Kulgisida qandaydir achinishni aniq sezdim. — Nega mundoq turibsiz? — dedi. — Oʻtiring!.. Yoting. Ha-ha, yoting, darrov yoting! Xafa boʻlaman!

Nosirjon «Rosti bilanmi?» deganday, unga xoʻmrayib boqdi-da, shosha-pisha karavotiga chiqib oʻtirib oldi. Xubbijamol qoʻlini orqasiga qilib xiyol egildi.
— Muvvaffaqiyat! Faqat «besh» boʻlsin! «Besh», — deya tilak tiladi yigitlar.
— Lekin, — dedi qiz birdan qovoq solib, — men «besh» olib kelganimda, sizlar ham bemalol yuradigan boʻlmasalaring, bilasizlarmi, xafa qilaman!

U eshikdan chiqar ekan, Nosirjonga tagʻin iliq, xayrxoh tabassum hadya qildi.

Men Nosirjonni kuzatar edim. U bir nafas qotgancha oʻtirdi. Keyin qovogʻini uyib karavotdan tushdi. Tuflisini oyogʻiga ilib, kichkinagina boʻlib, eshikdan chikdi. U chiqqan zahoti Qobilning shovqini eshitildi. Nosirjon qochib kirib, shu boʻyi yotib oldi.

Keyin Qobil kirib:
— Nima ish qilsang, qil, lekin hozir yotishing kerak, bola! — dedi... — Qadimdayam tabiblar yotqizib davolagan!.. Oʻzing dori ichib yotibsan. Tomirlaring... haligiday! Koridorda nima bor?!
— Nima, nima... yoʻqmi? — deya toʻngʻilladi Nosirjon.
— A?

Nosirjon teskari qarab yotdi. Qobil shoshilmay kelib, karavotim yonidagi stulga oʻtirdi. Katak daftar varagʻiga yozilgan she’rni uzatdi. Ilk jumlasini oʻqib, kulimsiradim. Bu ham Usmon Nosirning she’ri edi.

Sevgi, Sening shirin tilingdan

Kim oʻpmagan, kim tishlamagan...

Uning hurmati uchun she’rni oxirigacha oʻqidim, ichimda maza qilib oʻqidim. U bemalol sigaret tutatar, mening hukmimni kutar edi.
— a’lo she’r! — dedim.
— Shunaqa. Boʻsh vaqtda yozamiz, — dedi u. — Men bostirishga qiziqmayman... Sizda qolishi mum-kin.
— Rahmat! — dedim. U chiqib ketdi. Tilshunos qoʻshnim varaqni soʻrab olib, bir oz tikildi-da, baland ovozda oʻqiy boshladi:

Sevgi! Sening shirin tilingdan

Kim oʻpmagan, kim tishlamagan...

Men bu she’rni ilk marta oʻqigan chogʻlarimni, erta bahor sobiq omborxonani darsxonaga aylantirib, lampachiroq shu'lasida oʻtirgan kezlarimni eslab, koʻzimni yumdim.

Yigitlar she’rni oʻzlaricha muhokama qilishdi, qoʻldan-qoʻlga oʻtkazib oʻqishdi. Qattiq kulgidan koʻzimni ochdim. Varaq Nosirjonning qoʻlida, u titrabgina turardi. «Ajabo, yigitlar uni aldayapti-ku! — deb oʻyladim. — Chakki boʻldi, Xubbijamol ham uni aldadi. Yoki hazillashdi, balki koʻnglini koʻtarmoqchi boʻldi... Umuman, u har birimizga ham shu taxlit hazillar qilishi mumkin...»
— Nimaga kulasizlar? — dedi Nosirjon. — Oʻqishni bilmayman, vassalom... ana, yozuvchi domlaga aytdim, yoshlikda kasal boʻlganman. Odamdan kuladi bular! — U karavotga tappa oʻtirdi-da, Aminjonga favqulodda hayajon bilan soʻzlay ketdi: — Lekin kinoapishalarni birov oʻqisa, darrov yodimda qoladi...

Aminjon xoʻrsindi.
— Ishqilib, kurerlikdan xursandmisiz, uka?
— Juda! — dedi Nosirjon ishonch bilan. Garajni shunday yaxshi koʻraman! Bir kun bormasam, benzin hidigacha sogʻinib qolaman. — U yana yayrab hikoya qila boshladi: — Meni butun shopirlar taniydi... Ish buyuradi. Oʻzinikiday... Direktorga bozordan somsa opkelishga chiqsam, ulargayam opkelaman.

Hayotda kim nochor kimsalarni koʻrib, ularga achin-magan? Ha, achinish mumkin, xolos... Biroq Nosirjon achinishdan «baland» yigit edi. U oʻz ishini yaxshi koʻrardi, unda odamiylik ham moʻl-koʻl edi. Eng muhi-mi — soddadillik, ishonuvchanlik...

Bunday kishini hurmat qilmay boʻladimi? Lekin bunday moʻrt kishilarni har koʻyga solish ham odamlarning qoʻlida. Ayniqsa, zerikkan, ermakka zor kimsalar qoʻliga tushsa...
— Xullas, bu she’r siz uchun bitilgan, Nosirjon eshon! — dedi Eshim.

Nosirjon bu gapdan xayron boʻlib, varaqqa qarab oldi. Keyin yana asta yurib, qoshimga keldi. Varaqni uzatib, iltimos qildi:
— Oʻqib bering, aka.
— Yedlaysizmi? — dedim.
— Ha! — dedi u hayajonlanib. — Mening xotiram yaxshi!
— Mayli... — she’rni oʻqimoqchi boʻldimu undagi Otello, Shekspir, Dezdemona kabi nomlarni Nosirjonga qanday tushuntirsam ekan deya oʻyladim. Keyin, bu she’r faqat sevgi haqida ham emas, zero unda:

...Qanday qabohat,

Ki odamning oʻziginamas,

Hissini ham xarob qilsa davr! —

degan gaplar bor.
— Nosirboy, siz shu qatorni yaxshi bilib, tushunib olsangiz yetar, — dedim. — Shoir bu satrlarda: «Sevgi zahmatini chekmagan, sevgi uchun qonlar yutmagan odam bormi?» deyapti... Menimcha, shoir oʻzi bilgan odamlarni koʻzda tutyapti. Holbuki, sevgi nimaligini bilmay oʻtib ketadiganlar ham boʻladi...
— Sevgi nima? — deya shivirladi Nosirjon yana.
— Kecha aytdim, shekilli.
— Sevgi... sizning Xubbijamolga boʻlgan munosabatingiz! — deya uqtirib qoldi tilshunos. — Bildingizmi? Uni koʻrgingiz kelyaptimi? Rostini ayting!..
— Ayting-da, endi! — dedi Eshim ham,
— Oʻ, koʻrgisi kelganda qandoq! — dedi Zyganshin.
— Ana oʻsha his — sevgi... sevgining boshi! — deb xulosa yasadi tilshunos.

Uyalib, qimtinib turgan Nosirjon koʻzlarini yirib menga tikildi. Soʻng varaqni olib oʻrnidan turdi.
— Menda tursin-a? — dedi. Keyin bir-bir bosib kelib, qulogʻimga shipshidi: — U kishiga beraman... opaga.

Men kulib:
— Mayli, — dedim. — Lekin opa demang-da.
— A, shundaymi?
— Uyat boʻlar.
— Ha, rost aytasiz.

Nosirjon karavotiga borib yotgach, varaqqa uzoq tikildi. Allanarsalar deb pichirladi. Chogʻimda, oʻsha ikki satrni takrorladi.

Kechki ovqatdan keyin yana suhbat boshlandi. Aminjon bilan kapitan qarta oʻynamoqqa tushdi. Uygʻur oʻrtogʻimiz karavot tagidan baliqli bankani oldi. Eshim Ziganshinga oʻzining ishqiy sarguzashtlaridan hikoya qila ketdi. Nosirjon dam yoʻlakka chiqadi, dam xonaga kirib, polga toʻkilgan tarvuz urugʻlarini teradi; kapitanning kichkina qoʻl priyomnigini qulogʻiga tutib, qoʻshiq eshitadi, dam mening yonimga kelib, sevgi haqida bir nimani soʻraydi.

Polina kirib, yana haroratimizni oʻlchadi.

Men «Qizil va qora»ni oʻqishda davom etdim: Sadaf bilan qanday tanishganimiz, sovuq qish kezlarida kimsasiz, qor bosgan istirohat bogʻida yurgan chogʻlarimiz bir-bir koʻz oldimdan oʻtdi.

Chiroq oʻchirilgach, Eshim montyor kapitandan loʻli qiz bilan yana qanday sarguzashtlar boʻlganini soʻradi. Kapitan:
— Ertaga ketaman, uka, — dedi. — Unaqa gaplarni erkak odam koʻp eslamasligi kerak. Tajribadan-da, bu... Xotinning oldidayam ogʻizdan chiqib ketsa bormi, barcha toat-ibodat bir pul boʻladi!

Aminjon uning gapini ma’qullab, Gazlida tanishgan qizini mast holda xotinining nomi bilan chaqir-ganini aytib berdi. Ziganshin qaysidir yoz kuni ikki oʻrtogʻi bilan butun boshli bir tovuqni yeb qoʻyganlarini hikoya qildi. Uygʻur yigit xoʻrsinib Qashqarni esladi...

Kechasi shamol turib, derazalarni zirillatdi. Men bu koʻklam shamoli boʻlgani uchun qorlarni tezda eritib yuborishi, havo mayin tbrtib qolishini oʻyladim. Tilimga xotinim keltirgan xatdagi satr tushdi: «Enajon, bilmadim, navroʻz keldimi...»

Nazarimda, Nosirjonning oʻzgarishi asosan shu kunning ertasidan boshlandi. U ruhan tetik boʻlib uygʻondi. Ha, kasalga sira oʻxshamasdi. Shisha idishdagi dorili suvni ichib boʻlgach, sepoyalarni olib chiqishda Polinaga koʻmaklashdi. U harchand doʻq qilib, yotishni buyurmasin, Nosirjon bilganidan qolmadi. Polina ikki-uch sepoya koʻtarib ketishi hamon yana bittasini yoʻlakka chiqarib qoʻydi.

Tushki ovqat mahali Polina taqsimchani qoʻlimga berarkan:
— Domla, Nosirga nima boʻldi? — deb shivirladi. — Nuqul Xubbini soʻraydi. Telefon qilsalar, salom ayting, deydi.

Men yelka qisib qoʻydim:
— Parvo qilmang, opa... Balki sevib qolgandir? Boʻlishi mumkin-ku?
— Hay-hay, unday demang-a!.. Xubbining bir yigiti bor, havasingiz keladi!

Buni bilmas edim.
— A-a? — dedim. — Unga arzisa, yaxshi.
— Bir-biriga munosib!

Shu kuni tushdan keyin militsiya kapitaniga javob berildi. Biz u kishini havas bilan kuzatib qoldik. Boshqa joylarda, salomatlikda uchrashaylik, dedik, niyat qildik. Koʻpincha bir xonada yotgan bemorlar, sogʻayib chiqqach, tez-tez uchrashib turaylik, deb bir-birlariga adres beradilar. Ammo keyin juda ozchiligi bordi-keldi qiladi.

Kapitan Nosirjon bilan xoʻshlashayotib:
— Nosir eshon, bularning gagshga ishonmang, inim. Amakingiz loʻli qizning gapiga ishonib loʻli boʻlib ketishiga oz qolgan, — dedi.

Nosirjon kulib, zavqlanib xayrlashdi: kapitanning gapi unga, chamasi hech narsa bermadi.

Tungi shamol koʻklam shamoli esa-da, qish qishligini qildi. Kechga tomon qor yogʻa boshladi. Qor derazamiz koʻziga shitirlab uriladi. Xonamiz iliqqina. Men «Qizil va qora»ni yarimdan oshirib qoʻydim. Unda mashhur youvchining hayot qatlamlarini naqadar mahorat bilan bera olgani haqida oʻylayman. Xayolim oʻz asarlarimga ogʻadi; ministrlar, davlat arboblari haqida asar yozishni istayman. Istaymanu bari bir yoza olmasligim, ular qalbini ochadigan kalitim yoʻqligiga iqror boʻlaman.

Kunlar tez oʻtar edi. Men ham vujudim bir yengillik sezadigan, yoʻlakka chiqib chekib keladigan boʻldim. Ana shunday kunlarning birida Eshim montyor, ham xonani tark etdi. U bilan ajralish ancha ogʻir boʻldi. U ketgach, ikki-uch kun aziz bir narsamizni yoʻqotgandek boʻlib yurdik.

Eshim har birimiz bilan oʻpishib xoʻshlashdi. Nosirjonni oʻpar ekan:
— Xubbiga aytib qoʻy, rashk qilmasin. Ha-ha-ha! — deb kuldi. Keyin uning kiftidan quchib: — Hazil», hazil, — dedi. — Hazilni tushunasan-ku, uka!

Eshim bu gapi bilan nimani koʻzda tutganini tusmollash mumkin. Biroq, Nosirjon bu gapni ham oʻzicha tushundi:
— E, nega rashk qilar ekan! — deb qoʻydi.

Nosirjon Xubbijamol haqida xuddi bir-biri bilan allaqachon oila qurishni ham kelishib qoʻygandek, gapirar, oʻqtin-oʻqtin uning boʻyi balandligini aytib, «koʻchada uyalsalar kerak», der edi. Ba’zan shaharda kvartira olishning mashaqqatlariga qiziqar, lekin shu ondayoq oʻzining koʻpincha garajda — buzuq avtobusda yotib qolishini zavq-shavq bilan hikoya qilar edi: «Qorovul menga ishonib qolgan. Shuning uchun u kishi uyga ketsalar, oʻzim qorovullik qilaman... E, menga hamma ishonadi, aka... Ammo-lekin garajni sogʻindim. Benzinning hidini bilasizmi! oʻ!..» Ba’zan Xubbijamolning qiyofasini oʻzicha tahlil qilib ketadi: «Chiroyli, a?..»

Unga faqat uygʻur oshpaz dakki berar, qizni eslamaslikka undar edi. Shunda Nosirjon unga sovuq tikilar, gapi ado boʻlgach: «Oxun aka, siz ovqatni biling... Muhabbat boshqa narsa!..» deb yoʻlakka chiqib ketar edi.

Asta-sekin biz Nosirjonning Xubbijamol haqidagi gaplariga parvo qilmaydigan boʻlib qoldik. Bu holga koʻnikdik. Shundoq gapirar ediki, ular chindan ham bir-biri bilan oshiq-ma’shuq... Nosirjon kasalxonadan chiqqach, Xubbijamol uni kutib oladi... Keyin u Xubbijamolga uylanadi. Ha, darvoqe, u yaqinda imtihonlarini topshirib boʻlib, qaytib keladi. Lekin Xubbijamol imtihonlarining bir-ikkitasini allaqachon topshirib boʻlganiga shubhamiz yoʻq edi, shunga qaramay, kelmayotgani uchun parvo ham qilmas edik.

Qiziq boʻldi: bir kuni hammamizdan qon olishdi. Ertasi natijasini bilsak, Nosirjonning qoni top-toza chiqdi! Uni Qobil doktor ham tabrikladi. Polina quvonib: «Hammadan oldin siz ketadigan boʻldingiz!» — dedi. Nosirjon oʻsha kuni talay vaqt hech kimga gap qotmadi.

Aminjonga javob berildi. Bu novcha, qirraburun, yosh esa-da, koʻp sarguzashtlarni boshidan kechirgan yigit bizni Buxoroga chin dildan taklif etdi. Adresini qoldirdi. Nosirjon bilan xoʻshlashar ekan, unga negadir oʻychan boqib:
— Siz havas qilsa arziydigan yigitsiz. Biz... boʻlgancha boʻlganmiz, uka, — dedi.

Ziganshindan keyin Qodir etikdoʻz bilan uygʻur oshpaz ham ketdi. Xonada tilshunos, Nosirjon va men qoldik. Xona, bizlar chiqqach remont qilinishi kerak edi, shuning uchun odam qoʻyilmadi. Xonamiz huvillab qoldi. Koʻp karavotlar boʻsh. Toʻshaklari buklanib qoshiga suyab qoʻyilgan. Xonaning issigʻi ham odamlarning tafti bilan ekan. Isitgich batareyalar kechayu kunduz qizib tursa-da, endi sovuq tuyular edi.

Polina kirib, men bilan tilshunosga harorat oʻlchagich berdi-da, Nosirjonning yoniga borib:
— Oʻynang, oʻynab bering, eshonim! Keyin bir gap aytaman! — dedi.

Nosirjon hayajonlanib, hatto sal qoʻrqib:
— Nima gap? — dedi.

Shu tobda u nimani oʻyladi, kim biladi. Otasiyu qarindosh-urugʻini oʻyladi, ular hayotida biron-bir yangilik sodir boʻlganini gumon qildi, deyish qiyin: shu paytgacha uni soʻroqlab birov kelmagan edi. Nosirjonning oʻzi ham birov kelishini, chamasi kutmas, shunga qaramay oʻsha birovlar haqida yaxshi soʻzlar edi. Nojoiz boʻlsa-da, aytib qoʻyish lozim: jigar kasaliga doktorlar, ayniqsa, hoʻl meva va sabzavot yeyishni buyurishadi. Albatta, bunda yotib ketgan yigitlarga shunday yemaklardan kelib turardi. Oʻz-oʻzidan ma’lum, qishda bunday tarmevalarni topish mahol... Biz, albatta, oʻzimizga kelgan mevadan Nosirjonga ham berardik. Dastlab men: «Olmas, uyalar», deb oʻylagan edim. Yoʻq, u ikkilanmay, biroq siniq jilmayib oldi. Keyinchalik kim qogʻoz xalta koʻtarib kelsa, u kirishi hamono oʻrnidan dast turib borib, xaltani qoʻlidan olar, eltib tegishli yigitning tumbasi ustiga qoʻyar, kelgan kishiga kursi qoʻyib berar edi. Albatta, uning bu harakatlarini kuzatish kishini allaqanday azoblaydi. Biroq, oʻylab qaralsa... bunga ham koʻnikish mumkin. Xullas, Polina harorat oʻlchagichni orqasiga qilib: «oʻynab bering, bir gap aytaman», deganda Nosirjon nima uchun qoʻrqdi, nima uchun qattiq hayajonlandi — bilmayman. Faqat, gʻira-shira tusmol qilish mumkin: bunda Xubbijamolga aloqador bir nima boʻlishi kerak.
— Nima u? Oldin ayting. Ayta qoling! — deb birdan yigʻlamsiradi Nosirjon.
— Xubbijamol sizga salom aytdi!
— Menga?
— Sizga... «Eshonimga, sevgilimga!» dedi.

Xiyol enkayib turgan Nosirjonning qoʻl-oyogʻi titrab ketganini tilshunos ham koʻrgan ekan. Tilshunos:
— Hoy, Polinaxon, yotigʻi bilan ayting-da. Oʻzini tashlavordi-ku! — dedi.

Nosir tilshunosga yeb qoʻygudek boʻlib qarab:
— Ishingiz boʻlmasin! — dedi. Soʻng Polinaga yaltoqlandi. — Salom dedilarmi?

-Ha.
— A, eshonimga... yana... hm...
— Ha-ha.
— Oʻynab beraymi?

Polina bizga qaradi. Chehrasida ayanch bor edi. Boshini sarak-sarak qildi-da:
— Keyin, keyin, — deya harorat oʻlchagichni berib chiqib ketdi.

Ajoyib ayol bu Polina!

Nosirjon karavot chetiga oʻtirdi. Soʻng tura solib yostiqni koʻtardi. Tumbani ochib qaradi. Hamxonalar bergan mevalarni u tumbaga solib, asrab yer edi. Barini chiqarib qoʻyib, tortmaning toʻridan bir qogʻoz oldi. Koʻziga tutib qaradi. Tanidim. Usmon Nosirning she’ri bitilgan oʻsha qogʻoz. U birdan shoshib lapanglab mening qoshimga keldi. Qogʻozni koʻrsatib kuldi.
— Qarang, — dedi. — Salom aytiptilar.
— Sevgilimga salom ayting, deptilar, — deya qoʻshimcha qildi tilshunos.

Nosirjon unga yana oʻqraydi-da:
— Ha, — dedi. — Alam qilsin!
— Obbo!

U yana menga yuzlandi.
— Qiziq-a?

Mening unga boʻlgan butun achinishim, u haqdagi oʻylarim, ikkilanishlarim — bari bir zumda qaytadan yangilandi. Unga aytgan gaplarimizning bari yolgʻonligi, buning esa oʻta ishonuvchanligi yana miyamga sanchildi. Shu tobda oʻzimizni ham, ishoning, Nosirjonni ham bir zumga yomon koʻrib ketdim. Keyin xayolim Xubbijamolga ogʻdi... Oʻylanib qoldim: unda nima ayb? Ehtimol, Nosirjonning tez tuzalib ketishiga uning oʻsha hazillari sabab boʻlgandir? Biroq, bu... Nosirjonning hozirgi qiliqlari... Gʻashni keltiradi-da.

Oʻzimni bir amallab bosib, ichimda: «Mayli, quvonsin. Uyam quvonsin, deb salom aytgan-ku», dedim-da:
— Ha, qiziq, — deb uni ma’qullagan boʻldim.
— Muhabbat haqiqatan qiziq boʻlarkan! — deya davom etdi Nosirjon hayajon bilan. — Men, men... tez-tez tush koʻraman, aka... siz yozuvchi, bilasiz-ku? Tushimda hu bola paytlarimni koʻraman. Uyimiz oldi-da chuchmomalar oʻsardi. Biz ularni boʻtakoʻz deb terar edik. Qoʻziqorinning sigirquyruq degani boʻladi. Oppoq!.. — U tilshunosga qarab olib, gapdan qoldi.

Xonaga gurs-gurs yurib kirgan Qobil doktor:
— Nosir eshon, veshmeshokni hozirlang, ketasiz! — dedi. — Haliyam biz gumonsirab sizni besh kun tutib turdik.

Nosir sekin oʻrnidan turdi.
— Qaerga?
— Qaerga?.. Uy bormi, uy?
— Uy... bor.
— Ana oʻsha uyga-da! — U Nosirjonni chetga surib, stulga choʻkdi. — Qalaysiz, shoir?

Men oʻrtadagi vaziyatni yumshatish uchun:
— Haliyam meni shoir deysiz-a? — dedim.
— Bari bir. Mana... yana bitta yozgan edim. Bu Polinaga bagʻishlanadi.
— Oʻ, zoʻr-ku! — Uning qoʻlidan oʻshandoq katak daftar varagʻiga bitilgan she’rni oldim. — Polinani, a?
— Sevamiz-da, — dedi Qobil doktor.

Men varaqqa koʻz yugurtirdim:

Yaxshi qol,

Oq dengiz, yaxshi qol,

Toʻlqinlar, qoʻynimga qizdek kirdingiz...

Bu ham Usmon Nosirning navbatdagi she’ri edi.
— Nima, siz ham biron yoqqa ketmoqchimisiz? — dedim.
— Ha, ilmiy-tekshirish institutiga chaqirishyapti. Oʻqing... Qalay?

She’rni oʻqib chiqdim: xayolimda oppoq koʻpiklang gan toʻlqinlar oʻrmalayotgan dengiz jonlandi. Bu orada Nosirjonning tashqariga chiqib ketganini payqaganu, lekin oʻzimni payqamaganga solgan edim. She’rni maqtab, tilshunosga uzatdim.
— Shunaqa, — deb oʻrnidan turdi Qobil doktor. — Yozib turamiz... Bu bola qaerga ketdi? oʻzi ul-buli bormi? — U tumbochkani ochib qarayotganda Nosirjon kirdi. Aftiga qarab hayron boʻldim. Rangida rang yoʻq, boshi sochiq bilan bogʻlangan. Ogʻzini qoʻli bilan toʻsgancha karavotga hansirab oʻtirdi-da, birdan turib, oʻrtadagi stol tagidan korsonni oldi. Engashib ogʻzini ochishi bilan yarim paqircha suv otildi... Bu yerdan ketgisi yoʻq. Shuning uchun vodoprovoddan suv ichib kelgan. Oʻzini kasallikka solmoqchi.

Haqiqatan ham u qusib boʻlgach, Qobil doktorga qaramay karavotiga borib choʻzildi. Ustiga adyolni tortdi. Soʻng qizargan koʻzlarini katta ochib:
— Men hali tuzalganim yoʻq! - dedi.
— E! E! — Qobil doktor kelib, korsonga tikildi. Hidlab koʻrdi. — Suv-ku bu!
— Suv boʻlsa, suv! — dedi Nosir.
— Tavba! Ha, bu yer yoqib qoldimi?
— Yoqib qoldi!
— Hey, bola... odamlar bu yerdan tezroq ketishni istaydi. Sen boʻlsang...
— Men kasal!

Qobil doktor shoshilmay sigaret tutatdi. Bizga qarab yelkasini qisdi. Chiqib ketdi. U chiqishi bilan Nosirjon oʻrnidan turib oʻtirdi. Ovozi hirillab:
— Akalar, men qolishim kerak!.. Xubbijamol keladilar. U kishini koʻrishim kerak! — dedi va boʻgʻilib davom etdi: — Axir, oʻylab koʻringlar, men qanday qilib ketaman? Uyat boʻladi-ku? Mana, salom aytiptilar... Keladilar. Sevgilimga, deptilar! Axir, men ham yigit kishiman! Axir, muhabbat nimaligini bilasizlar... Koʻnglimda orzularim bor... Men u kishini oʻshandan beri kutaman, axir! Kecha-kunduz kutaman!..

Polina kirdi.
— Eshonim?
— Yoʻq, opa! Men ketmayman! — dedi Nosirjon va tagʻin yotib oldi. — Koʻrib turibsiz, yotibman. Kasalman. Ana, qusdim!..

Polina turib-turib xoʻrsindi.
— Xubbijamolni chaqiraymi?

Nosirjon boshini koʻtardi. Soʻng yarim turib oʻtirdi. Qoʻllarini oldida qovushtirib:
— Jon opa, jon Polina opa!.. — dedi. — Men, vaqti kelsa, ishingizni qilaman. Adresingizni ayting. Bogʻchangiz bormi? Mening qoʻlimdan ul-bulni tuzatish ham keladi, opa...

Tushdan keyin tilshunosga ham javob boʻldi. Men uni «tilshunos» deb atadim. Oʻzining gapi bu. Ammo uning oʻz sohasi toʻgʻrisida bir ogʻiz ham eshitganim yoʻq. Onda-sonda uzr soʻrab, bir ogʻiz-yarim ogʻiz qitmir gap qilardi, xolos. Menga oʻzining adresini yozib berib, Nosirjonga:
— Doʻstim, joʻraboshimiz Ziganshin bir yaxshi gap aytgan edi... Bizdan oʻtgan boʻlsa, uzr. Koʻnglimizda tirnoqcha gʻayirlik yoʻq. Men sizni hurmat qilaman, — dedi.

Bir necha marta doʻq qilgan, yovuz koʻz bilan qaragan Nosirjon juda xijolat chekkandek karavotdan tushib, unga qoʻl berdi.
— Siz kechiring, aka. Biz yosh, biz yosh, — dedi.

Ha, Nosirjon kekni bilmaydigan yigit edi.

Nosirjon bilan ikkimiz qoldik. Xona nihoyatda kengayib ketgandek tuyuldi. Mening ham erta-indin ketishim aniq; ikki tekshirishda ham qonim toza chiqdi. Nosirjonning esa bu yerda yolgʻiz qolishini tasavvur qilolmayman. Nazarimda, Xubbijamol kelsa, ular oʻzaro nimadir deb gaplashishadi-da, keyin Nosirjon ham takdirga tan berib, avtobus parkiga yoʻl oladi...

Tushki ovqatdan keyin deyarli uxlamadim. Nosirjon karavotda mushtdek boʻlib oʻtirar, oʻqtin-oʻqtin yostigʻi orasidan Usmon Nosirning she’rini olib qarab qoʻyar va menga kutilmagan savollar berar, oʻzicha jiddiy mulohazalar yuritar edi.
— Aka, bir yaxshi ishlar qilgim kelyapti! — deb qoldi endi koʻzim ilinganda. — Oʻsha kishi uchun!.. — deya soʻlgʻin davom etdi. — U kishi bir joyda adashib qolgan boʻlsalaru men aptovusdan tushib koʻrsam-da, kulib, yoʻlga solsam... — U birdan quvnab, hatto jilmayib menga tikildi. — A, yaxshi-ya! — dedi hayajonlanib. — Men bilaman, u kishiyam shaharning hamma yoʻllarini bilmaydilar... Hech kim bilmaydi, menchalik! E, qancha odamlarni...

Yoʻlakdan doʻq-doʻq qadam tovushlari eshitildi. Nosirjon dong qotdi. Qadam tovushlari oʻtib ketdi.
— Ammo-lekin havo iliyapti, — deya Nosirjon karavotdan tushdi. Yaxlit oynali deraza qoshiga bordi. Deraza baland. Oyogʻi uchida koʻtarilib pastga qaradi. — Iya, gulzor bor ekan, aka! Ana, u yer-bu yeridan qor ketipti! Qarang-a, koʻrmagan ekanman!... Aka deyman, shu oʻzimizning pushti gul bor-ku, oʻsha soʻliy boshlaganda tagini kovlab shamollatish kerak ekan. Mana shu barmoqday-barmoqday qurt tushar ekan-da, tomirini yer ekan... Koʻrganman...

Nosirjon mening yonimga hali yetib kelmagan edi, eshik ishonch bilan tortilib, ochildi. Bir jonon kirdi. Egnida belgiya paltosi. Yoqasida oppoq moʻyna. Oyogʻida poshnasi baland qizil etik. Qoʻlida tasmasi uzun sumka. Men Xubbijamolni faqat oq xalatda va shippakda koʻrar edim. Bu parizodning, ziyoli koʻri-nishli qizning oʻsha Xubbijamol ekaniga daf’atan ishonmadim. Lekin bu kulcha yuzli, yonoklari xiyol chiqiq, koʻzlari xiyol qisiq, oppoqqina, chehrasida shoʻxlik va hayotbaxsh bir nur yogʻilib turgan qiz Xubbijamol edi.
— Vey, nima boʻldi sizlarga? Yo, bu xonaga kasal kirmasin, deb ketishdimi yigitlar? Huvillab qopti-ku! — Xubbijamol tez-tez gapirar, biroq ichdan hayajonlanayotgani sezilib turar edi.
— Ha, yigitlar nomardlik qilib bizni tashlab ketishdi, — dedim.
— Yoʻq! Sizlar nomardlik qilib yotibsizlar! — dedi u. Soʻng Nosirjonga bokdi. — Eshonim, sizni allaqachon tuzalib ketdi, deyishgan edi.
— Men tuzaldim... Men... allaqachon tuzalib ketdim! — dedi Nosirjon hapriqib.
— Boʻlmasam...
— Siz bilan...
— Xayrlashay deb yotibsiz? — U qah-qah otib kuldi. — Hurmatli yozuvchi, mana, eshonimdan oʻrnak olinglar! Sadoqatni qarang! Rahmat sizga, Nosirjon... — Soʻng ovozidagi hayajon bosilmagani holda, qandaydir hisob berayotgandek davom etdi: — Imtihonlar ogʻir... Soʻnggi imtihonlar... Qiyin boʻldi! — U yana kuldi. — Lekin telefonda soʻrab turdim... Hammangizni... Voy-voy! — Xubbijamol uning yelkasini silamoqchidek ikki qadam bosdi-yu, ikkilanib toʻxtadi. — Albatta soʻrayman-da! — dedi. — Busiz boʻladimi? Ammo-lekin xursandman. Hammalaring otday boʻlib ketibsizlar... Yozuvchi aka, siz ham ertaga chiqarkansiz!
— Shunday gap bor.
— Kennoyimga telefon qilib qoʻyaymi?
— Oʻzim...

Xubbijamol taraddudlanib, soatiga qaradi. Unga bu chiroyli ust-boshigina emas, shu holatda soatiga qarash ham yarashardi.
— Boʻlmasa, eshonim, qoʻlni bering, — deb u Nosirjonning qoshiga dadil keldi. Nosirjon kalovlanib, qoʻlini uzatdi, soʻng darhol tortib, kaftigsira-di, yana uzatdi. Xubbijamol oʻzining barmoqdari uzun, oppoq qoʻliga Nosirjonning barmoqlari kalta-kalta, biqqigina qoʻlini olib silkitdi. — Omon boʻling, Nosirjon... Bir-birimizdan sira xafa boʻlmasligimiz kerak. Bir-birimizni tushunishimiz kerak. Biz tabib edik, siz bemor edingiz. Toʻgʻrimi? Sizning vazifangiz boʻlak edi, bizning vazifamiz boʻlak. Toʻgʻrimi?
— Ha. Albatta! Sizdan minnatdormiz, — dedi Nosirjon. Soʻng xayolidan chalgʻidi. — Oʻrtoqlar ham keta turib, sizga rahmat aytishni tayinlashdi. A, domla! Menga aytishdi...
— Salomat boʻlishsin! — Xubbijamol shunday deb qoʻlini tortdi. Men tomon ikki qadam bosib: — Yotib oʻqish — ziyon, — dedi. — Siz hali koʻp oʻqishingiz kerak-ku, koʻz jonivor kerak boʻladi... — Tabassum qildi. — Xayr.

Men oʻrnimdan turdimu qoʻl uzatmadim, uning ham qoʻl berishiga harakat koʻrsatmadim.
— Rahmat, — dedim.

Xubbijamol shoshib sumkasidan charm qoʻlqop oldi. Bittasini kiya-kiya eshikka yoʻnaldi. Yetganda burilib, Nosirjonga tikildi.
— Nosirjon, ortiqcha hazil-huzul qilgan boʻlsam, koʻngilga olmaysiz, — dedi. — Maylimi?

Nosirjon hovliqib:
— E, nega?! — dedi. — Rahmat, opa!

Xubbijamol tez burilib chiqdi. Eshikni zichlab yopdi. Nosirjon eshikka tikilgancha bir on turdi. Keyin «nega unday?» degan kabi menga hayrat bilan boqdi. Soʻng oshigʻich eshikka bordi. Lang ochib, qaradi-da, darrov boshini tortdi. Qobil doktorni koʻrdi, shekilli. Birpas turgach, yana ochib qaradi. Yana yopdi. Soʻng shoshib deraza qoshiga keldi. Men endi bu yerda chekish mumkin deb oʻyladimmi, sigaret chiqardim. Tutatib, Nosirjon qatori derazadan qaradim. Biz uchinchi qavatda edik. Pastga qarayapmiz. Past — oppoq. Gulzordagi qorga koʻmilgan ba’zi gullarning yuzi ochiq — qori yo erigan, yo shamol uchirgan. Yiroqda baland darvoza — kasalxona darvozasi. Undan berirokda «Tez yordam» mashinasi turibdi. Orqasidan tutun chiqyapti. Nosirjon deraza rafiga qoʻlini tirab, oʻsha tomonlarga ham bir-ikki qaradi-da, yana chopib eshik ogʻziga bordi.
— Nosirjon, nima gap? — dedim.
— E, qiziqmisiz! — dedi u va ilgichdan patli xalatini olmoqchi boʻldi-yu, chiqara olmadi. Oq koʻylak, oq lozimda yoʻlakka chiqdi. Men borib, ortidan qaradim. Boshyalang, «Priyomniy pokoy» tomon ketib borardi. Oʻsha yerdagi oq parda bilan toʻsilgan joyda kimgadir duch keldi. Gaplashdi. Soʻng burila solib, zinadan pastlab ketdi.

Izimga qaytdim. Deraza oldiga keldim. Xona chindan ham huvillab qolgan, nazdimda. Oʻzim yolgʻiz boʻlib qoladigandek edim.

Derazadan pastga qarab turardim. Qora paltoli... Xubbijamolni koʻrdim. U mashina tomon borayotgan, mashina oldida esa novcha, timqora qunduz telpak kiygan yigit turar edi. Xubbijamol unga yetay deganda sal toygan edi, yigit chaqqonlik bilan uni bilagidan tutib qoldi. Shunda Xubbijamolning ortidan xuddi kasalxonadan qochgan jinnidek oq koʻylak, oq lozimda oppoq qor kechib borayotgan Nosirjonga koʻzim tushdi. Derazaga intildim. Nosirjon kaltabaqay qoʻlini qimirlatib nimadir der edi. Xubbijamol toʻxtadi. Nosirjon qizga yetib oldi. Qizning oldida u yosh boladek edi. Shunda bu yokdan ularga qarab lapanglab borayotgan Polinani koʻrdim. Nosirjon Xubbijamolga allanimalar dedi. Xubbijamol kuldi, chogʻi. Keyin, u Nosirjonning kiftiga qoʻl qoʻyib, bu yoqqa qaratdi. Polina yetib borib, Nosirjonning bilagidan ushlab tortdi. Qunduz telpakli yigit Xubbijamolning tirsagidan olib mashina tomon jildi. Nosirjon Polinaning qoʻlidan chiqib chetlandi. Ular orqasidan qaradi. Polina tagʻin uni sudradi. Telpakli yigit mashina kabinasini ochdi. Xubbijamol Nosirjonga qarab qoʻl silkitdi-da, ichkariga kirdi. Ortidan yigit ham kirdi. Tutun taratib turgan mashina jildi. Darvoza qiya ochiq edi, katta ochildi. Mashina chiqib ketdi.

Polina hamon Nosirjonning qoʻlidan tortar, u tislanib chiranar edi. Nihoyat, unga boʻysungandek yurdi-da, gulzor yoqasida qaqqaygan bir tup daraxtdan ancha oʻtganda toʻxtab qoldi. Yana Polinaning qoʻlidan chiqib, daraxt tagiga bordi. Qori supu-ilmagan skameykaga oʻtirdi. Daraxt shoxlariga qaradi.

Bu manzara mening yodimdan chiqmas boʻlib qoldi.

Nosirjonni olib kelishgach, uni oʻrab yotqizishdi. U hech kimga qarshilik koʻrsatmadi. Qobil doktorning doʻq-poʻpisalariga ham miq etmadi. Ular chiqib ketishgach, yoniga bordim. U bugʻriqib ketgan, naq yonar edi. Menga siniq iljayib:
— Ketdilar, — dedi. — Meni, eshonim, dedilar. Hamisha eshonim boʻlib qolasiz, dedilar. Lekin bir yigit bilan ketdilar...
— Hayot shunaqa, doʻstim, — dedim men.
— Hayot... — deya oʻyga choʻmdi u. — Qiziq... Ammo-lekin muhabbat ham qiziq ekan!
— Siz uni chindan ham...
— E, gʻalatimisiz, domla! Siz oʻzingiz kennoyimni sevganmisiz?..

U jiddiy gapirar, biroq rangi qizarib bormoqda, peshanasiga, chakkasiga parcha-parcha jigarrang dogʻ tushgan edi. Badanim uvishib, yoʻlakka chiqdim.

Nosirjonning darhol issigʻi chiqdi. Alahsiray boshladi... Bir amallab tunni oʻtkazdim. Hamxonalarning bu sodda yigitchaga qilgan muomalalarini eslab, juda-juda oʻkindim. Oʻzimni ham soʻkdim. Biroq, tagʻin nimadir menga tasalli berar, nimaligini bilmas edim.

Ertalab tursam, Nosirjon olti oylik kasaldek. Koʻzlari sap-sariq, bir holatda. Lekin u menga jilmaydi.
— Aka, muhabbat qiziq... Muhabbatni bilmabsiz, bu dunyoga kelmabsiz... Ha! — U qandaydir ichki faxr bilan qimirlab qoʻydi. — Men buni... garajga borsam, aytib beraman. Direktorgayam aytaman!.. — U siniq jilmaydi. — Otam yoʻq... Aldagan edim sizlarni. Boʻladi-ku! U kishiyam qazo qilganlar. Lekin hovli-joyimiz bor! — deya hayajonlanib davom etdi. — Gulzorimiz bor! — Soʻng bir zum koʻzlarini yumib qoldi-da, yana charaqlatib ochdi. — Pastdagi daraxt bodom ekan! Gullapti! — Oʻrnidan turmoqchi boʻldi. — Ana, qarang! Ana... Gullapti... — Soʻng boʻshashdi. — Lekin sovuq uradi.
— Ha, bevaqt gullagan daraxtni sovuq uradi, — dedim. Dedimu bu gapimdan ramziy bir ma’no chiqmasligi uchun, demakki, Nosirjonni chalgʻitish uchun deraza yoniga borib qaradim. Bodom gullari menga koʻrinmadi.

Tushga yaqin menga ham javob berildi. Uyga telefon qilib, xonaga qaytdim. Polina kiyim-boshimni chiqarib berdi. Kiyinib, xotinimning kelishini kuta boshladim.

Nosirjon uxlab yotar, biroq hamon ahyon-ahyonda baqirar, alahlar edi.

Polina ohista kirib, Nosirjonga qaradi. Boshini sarak-sarak qildi. Labini qimtib kelib:
— Tushavering endi, — dedi.
— Rahmat, Qobiljon shu yerdami?
— Institutga ketdilar. Shoshilinch chaqirishdi. U kishini bilasiz-ku, zigʻircha odamgarchiligi yoʻq.
— Unday emas. Sizni... yaxshi koʻradi.
— E-e!

Men Nosirjonning tepasiga bordim. U terga botib yotardi. Oʻzi odatda shunday boʻladi: ba’zan uxlab yotganingda ustingga birov kelsa, darhol sezasan. Nosirjon ham sezdimi, bir qimirlab koʻzini ochdi. Menga yovuzlarcha tikildi. Keyin shosha-pisha tagiga qoʻl suqdi. Gʻijimlangan she’rni oldi. Varaqqa bir qaradi-da:
— Unutibman. Bermoqchiydim, qarang. Mang, — deb menga uzatdi.
— Qolaversin. Sizga, — dedim.

U gʻamgin jilmayib, qogʻozni oʻziga qaratdi. Shunda men bir moʻ‘jizani koʻrdim... Uning koʻzlari qinidan chiqqudek boʻlib ketdi. Koʻkragi koʻtarilib tushadi. Lablari pichirlaydi. Birdan menga boqdi. Xudli men —- men emas, oʻzi ham — Oʻzi emasdek boqdi. Yana qogʻozga tikildi. Lablari pichirlaydi. Tagʻin menga tikildi-da:
— Aka, — dedi behollik bilan. — Men oʻqiyapman-ku... Oʻqiyapman. Mana, qarang... «Sevgi, sening shirin tilingdan...» oʻqiyapman! — U boʻgʻiq, yovvoyi ovozda chinqirib yubordi-da, yuzini yostiqqa bosib hoʻngradi. Soʻng oʻrnidan turmoqchi boʻldi, madori yetmadi.

Men hayron edim: ha, u harfni tanimay qolgan ekan... Ajab! Nahot bu kutilmagan toʻlgʻoq uning ongi-da oʻzgarish yasadi! Eshitganman: qoʻrquv yo hayajon asnosi tildan qolganlarning, tagʻin qattiq qoʻrquv ta’sirida tilga kirganlarini... Ammo bu holni... Endi men Nosirjonni tanimagandek unga tikildim.
— Unday boʻlsa, juda yaxshi.

U shart burildi.
— Yaxshi-da, yaxshi-da!.. Men ham odam... Yarimtaman deb yurardim. Muni qarang, aka... Mana, mana... «Tilingdan... kim oʻpma...» oʻqiyapman, Polina opa!

Polina yigʻlar edi.
— Men juda xursandman, — dedi va «toʻgʻri gapirdimmi?» degandek menga qarab qoʻydi: u Nosirjonning oʻtmishini bilmasdi. Men «toʻgʻri» deganday bosh irgʻadim.

Keyin sezdimki... juda xursandman. Xursand ekan-man! Sezdimki, oʻsha yigitlarning shoʻxligi, oʻzlari bilib-bilmay ermak qilganlari... Oʻshalardan ham xursandman. Boringki, «Olijanob boʻlaman», deb buni yoʻldan qaytarishga urinmaganim uchun oʻzimdan ham xursandman... Toʻgʻri aytadilar: hayotning har bir koʻrinishi oʻz natijasini beradi. Uni sun'iy ravishda buzmaslik kerak.

Deraza pastida taksi signal berdi.
— Nosirjon, endi men ham ketaman, — dedim.
— Rahmat... — Nosir qoʻllariga tiralib oʻrnidan turmoqchi boʻldi. Polina uni bosib yotqizdi. — Ha-ha, yotishim kerak, — deya boshini yostiqqa qoʻydi. Soʻng qoʻlini uzatdi. Qisdim. Barmoqlari lov-lov yonardi. — Aka, qarang, oʻqidim... Oʻ! — U behol kuldi. — Oʻsha... haligining kuchida buyam?
— Rost aytasiz, — dedim. Nimaga ishora qilgany, chamasi, Polinaga ham tushunarli edi. — Endi tezroq tuzalish payida boʻling.
— E, men tuzalaman! — dedi u. — Albatta... — Keyin menga yana siniq tikildi. — Ketdilar-a?
— Ketdilar.
— Ha-ha... Oʻzim ham... Ha, mayli! Lekin, — deb jilmaydi u, — men unutmayman... U kishiyam aytdilar. «Eshonim, sizni unutmayman», dedilar...
— Men ham sizni unutmayman.
— Kennoyimni soʻrang...

Shundan keyin men Nosirjonni koʻrmadim. Qaysidir kuni avtobus bekatida koʻzlari yoshli bolakay bilan choʻnqayib turib gaplashayotgan yigitchaga koʻzim tushdi. Mashinada edim. U Nosirjonmidi, boshqamidi — bilolmay qoldim.

1984