OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiBoychechak ochildi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boychechak ochildi (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Domla Qoʻngʻirot anchadan beri ilmiy ishlar yozmas edi, yozishga oʻtirishi hamono yuragi siqilar, keyin, bu kimga kerak oʻzi, degan xayolga borib qolardi. Bu orada esa aziz umrining oylari, yillari oʻtib borar, sochidagi bitta-yarimta qora ham oqarib, bir zamonlar kitob ustida koʻp oʻtirganining guvohi boʻlgan egik kifti tobora egilar edi.

Bu oʻzgarishlarning hammasini domla bilar edi, juda yaxshi bilar edi-yu, koʻngliga yaqin olgisi kelmas, undagi tugʻma qaysarlik va ruhiy porloqlik oʻtmishdagi dovruq — shon bilan qanoatlanib, oʻshalar panohida orom topar edi.

Chunki oʻshanda nimaiki yozgan boʻlsa, qanday kitob chop ettirgan boʻlsa, bu uning qalb-qalbi tubidan chiqqan, inongan e’tiqodlari mahsuli oʻlaroq yuzaga kelgan edi. Umuman, domla oʻz ruhi, aqidasiga zid bir satr yozmagan, bir kalima ham soʻzlamagan edi.

Domla ijodini sindirgan yirik omil nimadan iborat edi? Bu avvalo lirikani eskirdi deb e’lon qilingan ba’zi oʻtkinchi mulohazalar edi.

Domla buning bir qadar asossiz va oʻtkinchiligini ham yaxshi bilar edi: lirikani rad etishlar fanning misli koʻrilmagan taraqqiysidan kelib chiqqan bir hol, qolaversa, bu fikr tarafdorlari hayotning oʻzi tomonidan rad etildi va inson yaratgan moʻ‘jizalar ichida san'at ham toabad u bilan hamqadam boʻlishi, busiz insonning inson atalishi qiyin bir hol ekani ham isbot etilibgina qolmay, bu eski haqiqat yangi bir toʻsikdan oʻtib mustahkamlandi — domlaga bular ham yaxshi ma’lum edi.

Ana shu odam yaqindan beri oʻzgarib qoldi.

Buning sababi bir qarashda u qadar katta emas, lekin uni inson hayotida kichik deb ham boʻlmaydi.

Domla Kuhitan qishlogʻi etagida, daryo boʻyida joylashgan soʻlim bir qishloqdan edi, qishloq odamlari tabiatan xushsuhbat, shirinsuxan va azaldan she’riyatni, musiqani xush koʻrguvchi kishilar edi.

Domlaning oʻzi koʻp yillardan buyon shaharda — markazda xotini va yagona qizi bilan kun kechirar, taniqli nashriyotda muharrirlik qilar edi.

Goho hushi kelganda, qadimiy forsiy gʻazallarni oʻzbekchaga agʻdarib qolar, shu ish munosabati bilan andak orom olar va doimiy hamrohi andishani ham unutar edi.

Lekin keyin... keyin, hamma bilgan, tanish-bilishiga otning qashqasidek ma’lum, vaqtida zoʻr ilmiy asarlar yaratgan, biroq keyin «ilhomi soʻngan» domlaning oʻzi boʻlib qolar edi.

Darvoqe, u ona qishlogʻiga borganda ham, doʻstlar davrasida oʻtirganda ham, yoshligi-navqironligi kechgan bogʻlarda sayr ettanda ham va ilk muhabbatining guvohi boʻlmish qari yongʻoq soyasida toʻxtaganda ham, oʻsha... oromli kayfiyatini his etar, bir nafas hamma narsani unutar, bu sirli huzurbaxsh on quchogʻiga shoʻngʻir va shunda yashar edi.

Bu yil naq dekabr oyida domla Qoʻngʻirotning oltmish yoshga kirgani munosabati bilan kichkina ziyofat boʻldi, ziyofatda avvaldan oʻziga ixlos qoʻygan tengdoshlari va uning oʻshandagi asarlarini oʻqib, hurmat bilan qarovchi shogirdlari ishtirok etdi.

Ular domlani tabriklab, umriga umr, ijodiga baraka tiladilar.

Domla juda mamnun boʻlib, oʻzini baxtiyor his etdi va haqiqatan ham endi yana qadimgidek kuch-gʻayrat bilan yeng shimarib ishga tushadigandek Nizomiy, Fuzuliy, Navoiy gʻazallarini tahlil etib hamda bugungi yosh iste’dodlar she’riyatini saralab, bulardagi shakl va mazmun bilan ulardagi shakl ham mazmunni chogʻishtirish va mazmundagi umuminsoniylik bilan shakldagi zamonaviylikni topib, uni behad shirin til bi-lan sharhlab beradigandek tuyuldi.

Domla koʻchaga chikdi, tanish shahar manzaralarini koʻrdi, tanish kishilarni uchratdi, tanish munosabatlarni eshitdi.

Yana aynidi.

Biroq bu daqiqadan boshlab qalbida oʻzining yashashidan qandaydir qanoatlanmaslik hissi tugʻyon ura boshladi, qandaydir sirli-sehrli kuch ilk bor qalam olib, qogʻoz ustida oʻtirgan manziliga tortayotganini sezdi.

Bu sezgi soʻnay-soʻnay deganida, bahor yetib keldi, domla har gal yozda qishlogʻiga borar edi. Bu gal bahorda qishlogʻiga borgisi keldi, chunki bahor — odamdagi jonlanish, tiklanish domlaning qalbidagi sirli-sehrli intilish tuygʻularini junbishga keltirdi.

Domlaning bir qadar barvaqt kelishidan tanish yurtdoshlari uni odatdagidan zoʻrroq ehtirom bilan kutib oldilar. Odatdagi oʻtirishlar, suhbatlar boshlandi. Domla oʻziga tanish qadamjolarga bordi. Sukut qildi.

Shaharda boshlangan bahor togʻ etagidagi qishlokda endi yuz ocha boshlagan: dov-daraxtlar yalangʻoch, qishdan qolgan izgʻirinda tunlari junjikishar, kunduzning iliq oftobida isinib ulgurolmas edilar.

Faqat qishloqning u yer-bu yerida tansiq bodomlar oppoq bulduruq bogʻlagandek gullab turar, ularning ham shamol yoʻlida turganlarini sovuq urib, oq gullarini sargʻaytirib qoʻygan, tomorqadagilari omon — ostida kechasi buruqsitilgan tezak tutuni ularni ayozdan asrar edi.

Hech mahal bahorda, yana bahorning ham xuddi hozirgi uygʻonish davrida kelmagan domlaga ushbu manzaralar, yangiliklar qattiq ta’sir qildi.

Bir kecha domlaning doʻstlridan biri koʻkrak kissasini kavlayverdi, kavlayverdi va afsuslanib, bosh chayqadi:
— Esiz, tushib qopti, boychechak opkelgan edim bir dona, — dedi.

Domla Qoʻngʻirot boychechakning qandoq boʻlishini ham ancha yillardan beri unutib yuborgan edi, u kishi birdan hovliqib, xuddi yosh boladek quvonib:
— Qani? Hay-hay-hay!.. Qaerda ekan, qaerda ochilibdi? — deb soʻroqlab ketdi.

Choʻntagini kavlagan kishi hamsuhbatlarining taajjubiga qarshi, boychechak qishloqda emas, naq togʻning kungay betida ochilgani, uni kecha ovga chiqqan oʻgʻli olib kelganini soʻzladi.
— Boraylik, meni olib boringlar oʻsha yerga! — turib oldi domla.

Davrada oʻtirgan ijroqoʻm raisi:
— Xoʻp boʻladi, ertaga olib boramiz! — deb soʻz berdi.

Ertasi saharlab ijroqoʻmning yap-yangi «Villis» mashinasida yoʻlga chiqdilar.

Biroq, mashina togʻ etagiga yetganda shofyor:
— Naryogʻiga borolmaymiz, domla. Kun koʻtarilib ketsa, eruvgarchilik boʻladi, qaytolmay qolamiz, — dedi.

Domla irgʻib mashinadan tushdi-da, paltosi yoqasini shaharchasiga koʻtarib olib, muzlab qatqaloq boʻp qolgan soʻqmokdan ildamlab ketdi.
— Borish kerak! — dedi ijroqoʻm raisi.
— Bu juda qaysar, yoʻlidan qaytmaydi, — dedi hamrohlaridan biri.

Soʻng, boychechak ochilgan kungay betga yetishlariga hali anchagina masofa borligiga afsuslanib hamda kecha suhbatda boychechak toʻgʻrisida gap ochgan sheriklaridan nolib, domla izidan tushdilar.

Domla shu topda qalbida gʻayritabiiy bir kuch sezib oʻzini xuddi navqirondek his etar, qarilik — kam quvvatlikni ham unutgan, goʻyo shu ketishda togʻlardan ham oshib ketgudek vajohatda edi.

Domla togʻ unguriga yetganda qiyshiq yoʻl bilan pastga yurdi.

Yoʻlning soʻl tomoni uncha chuqur boʻlmagan jarlik, jar tubida muzlarni yalab jildirab suv oqyapti — rangi sargʻish, qaerdadir sariq tuproqqa ishqalanib kelyapti. Yoʻlning oʻng tomoni nishab yonbagʻir, unda-bunda maysalar koʻkargan, lekin hali ulardagi nam koʻtarilmagan, sabzalar chiroyi ochilmagan.

Yana bir oz yurganlaridan keyin, domla bu yoqlarga bir emas, bir necha marta kelganini xotirladi va endi... nechun shuncha yillardan beri hech kelmaganini, axir bu yerlar ham oʻzi uchun oʻta tabarruk qadamjolar ekanini oʻylab, qattiq oʻksindi.
— Shu manzil ilgari ham bormidi, taqsirlar? — dedi.

Hamrohlar kulishib, domlani gapga tutish payida boʻldilar, bu orada ulardan biri belgilangan manzil shu yer ekani, shu yerlardan ham boychechak topish mumkinligini aytdi.
— Darhaqiqat... toʻgʻri! — dedi domla.

Izlab ketdilar.

Domla gangib parishonhol, yoʻl yoqasidagi gʻadir-budur xarsangga suyanib oʻtirdi. Unga qoʻlini tekkizdi, muzdek. «Hali sovuq, shuyam muzlagan-a!» deb oʻyladi. Keyin xarsangga xiralasha boshlagan koʻzlarini tikarkan, uning u-bu yerida miltirayotgan jajji tomchilarni koʻrdi, barmogʻini tekkizdi, qoʻli hoʻl boʻldi.

Domla xoʻrsinib, narigi betdaga qorayib koʻrinayotgan oʻrkach-oʻrkach togʻlarga, ular ustidagi oppoq qorlarga qaray boshladi va bir damga oʻzini unutdi, tez-tez yurib, pastga tushdi, suvdan hatlab, aylanma bilan tepaga koʻtarildi.

Kiftiga oftob tegdi, koʻzlari qisinqirab, qarshisida million-million yulduzchalar misol porlayotgan qorga tikildi.

Tunlari bu yerdan izgʻirin-shamollar koʻp esgan, ular qor betini yalab, choʻtir qilib ketgan, ba’zi joylardagi qor surilib, qiyshayib qolgan, ba’zi joylarda u shu qadar yupqaki, xuddi doka pardaga oʻxshaydi, tagidan muz qotgan xas-xuslar koʻrinib turadi.

Domla teparoqda ola poʻstin kiygandek koʻrinib turgan archani koʻrdi va gʻayrishuuriy bir quvonch bilan halloslab shu tomonga yoʻnaldi.

Lekin unga yetishi ancha qiyin boʻldi: qor yupqa joylarda yurish oson, qor qalin joylardan botib qolgan oyoqni koʻtarish malol kelardi.

Domla hansirab, kattakon bir moʻ‘jizani topgandek, archaga iljayib tikila boshladi. Qiziq: xuddi unda xayollarida azaldan oʻrnashib, endi xiralashib qolgan qandaydir ranglar, yoʻqolgan — Oʻtmaslashgan tuygʻularini koʻrayotgandek angrayib qoldi va asta-sekin atrofini aylana boshladi. Nihoyat, sovqotayotganini, oyoqlari karaxtlanganini sezib tursa-da, bu tansiq holatdan oʻzini opchiqish haqida asti oʻylamay, sekingina archa tagiga kirdi, choʻnqaydi va bekinmachoq oʻynayotgan boladek, yelkalariga archa shoxlari tegdi, yerga oʻtirib oldi.

«Dunyoga kelganimga shukur. Tirikligimga shukur. Shu goʻzalliklarni koʻrib turibman!» deb shivirladi u.

Ana shunda qalbida boshqa bir gʻalayon — bu tuygʻularni aytish, hayqirib aytish, yoʻq... yozish istagi joʻsh urayotganini payqab qoldi.

Keyin... Domlaning bu tomonga ketayotganini koʻrib izidan tushgan hamrohlari yetib kelishdi va uni shu alfozda koʻrib, sogʻligʻi haqida oʻylab, yalina ketdilar:
— Ketdik, domlajon, ketdik!
— Axir, sovuqqa oldirasiz oʻzingizni!
— Biz kennoyimizga nima javob beramiz keyin? Ular yoʻlga qaytib tushdilar.

Domla, hali suyanib oʻtirgan xarsangga yetganda yana unga oʻtirgisi keldi.
— Boychechak topdilaringmi? — birdan soʻrab qoldi u. — Axir, boychechakka chiqqanmiz-ku, taqsirlar!

Hamrohlar afsus bildirishdi:
— Yoʻq, shekilli. Balki bitta ochilgandiru uni shu bola uzgandir.

Kulishib, domlani endi orqaga yurishga undadilar.
— Xoʻp, man bir oz damimni rostlay, — dedi u va tagʻin xarsangga oʻtirdi. Qoʻtir xarsang ustidagi qirov endi «erigan», uning hamma yeri nam edi.

Domla quyoshga qaradi-yu, xuddi uni birinchi marta koʻrayotgandek boʻldi, bu oftob oʻziga azaldan tanish, juda qadrdon oftob ekaniga iqror boʻldi.

Shunda birdan uning xayoliga guvillab, allaqachon hayot rad etgan tabiatga qarashlar — quyoshga ham oddiy bir sayyora deb qarash, olamda uning shu nurlari misol dahshatli zarralar kezib yurgani xususidagi vahimalar quyilib keldi.

«Yoʻq, bu toza oftob! Agar fazoda biron yomon narsa bor boʻlsa, u yoʻqolishi kerak. Axir, insonlar buning uchun kurashishi kerak... Mana shu oppoq qorlar bor boʻlsin, archalar, suv, xarsang.. Koʻkatlar!»

Domla bir daqiqa oʻzini anchadan beri hayotning goʻzalligi uchun kurashmayotgan kishidek, allaqanday koʻzboʻyamachi — jinoyatchidek his etdi va bir zamonlar yozib qoʻygan risolalari, poetik taxlillari oʻz qimmatini hamon yoʻqotmaganiga, ularning vijdonan yozilganiga, ular insonlar yashashiga yordam berishi, insonlarning yana ham goʻzalroq yashashlari uchun kerakli ekanligini oʻylab qoldi.

Bu his domlaga qattiq ta’sir etib, uni mahzun qildi.

Ana shunda bu holatdan yana tabiatning oʻzi qutqardi: naq xarsang yonida qandaydir gulning ingichka, och pushti boshi chiqib turganini koʻrib qoldi. Domla apil-tapil burilib, barmoqlari bilan uni siypay boshladi.
— Boychechak! Boychechak! — deb hayqirib yuborishdi hamrohlar.

Boychechakning ipdek tomiri chuqur edi.

Domla ishga berilib ketdi, barmoqlari sovqotdi, tirnoqlari qizarib zirqiray boshladi — u sezmaganday edi, oxiri gulni tortib, uzib oldi. Puflab, iskadi va oʻta nozik, unutilayozgan bir hidni tuydi.

«Muncha qoʻpollashib ketmagan boʻlsam!» deb oʻyladi u battar ta’sirlanib va yana hiddadi. Endi domla yosh goʻdakning pokiza, oʻtkir sezgisi bilan hidni yaxshi payqadi, yana... yoshligiga qaytdi.

Shunday qilib, ular orqaga jildilar. Ijroqoʻm yoʻldagi bir xonadonga ovqat buyurgan ekan, u uyga kirdilar.

Domla Qoʻngʻirot shaharga qaytdi.

Uni koʻrgan xotini ham, qizi ham chehrasidagi shodiyonalik, barq urib turgan koʻtarinkilikdan hayron boʻlishdi, bu holni uning doʻstlari va shogirdlari ham payqashdi.

Endi, tanish his — yozish hissi domlaning qalbida tamom oʻrnashib boʻlgan edi.

Biroq domla stulga oʻtirishi bilan qiziq hol sodir boʻldi.

Xuddi yozajak maqolasini kimlargadir achchiq qilib yozadigandek, nimalarnidir inkor etadigandek tuyulayotganini sezdi va bu hol ham uni yozishga undadi.

U kutubxonasiga kirib, azaliy doʻstlari — zavol bilmas ogʻaynilari — javonidagi kitoblariga tikildi.

Biz domla Qoʻngʻirot bilan shu yerda xayrlashaylik, mayli, kimgadir achchiq qilib ham yozsin, lekin bizga ma’lumki, «kimgadir» nomli shaxs — uning oʻzi, gumonlari.

Oʻzini esa yaqin-orada yengadi.

1971