OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiChillak oʻyin (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chillak oʻyin (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

«
Bolalar haqida...
Nafaqat bolalarga.

Muallif
»

Izoh. oʻylab qarasam, bolalar oʻyinlarida gap koʻp ekan. Biz oʻsha oʻyinlarda faqat jismonan emas, balki ma’naviy jihatdan ham chiniqar ekanmiz. Qanday odam boʻldik? Bu — chetdan qaraganda ma’lum. Biroq bizdagi, shaxsan oʻzimdagi airim sifatlar zaminini ham oʻsha oʻyinlardan koʻraman. Axir, oʻyinda, gʻirromlik qilgan ayrim doʻstlarimizning keyinchalik, katta boʻlgandan keyin ham Hayotda gʻirromlik qilganliklariga guvohmiz. Yoxud buning aksicha. Qisqasi, bolalik oʻyinlari har birimiz uchun ajib bir sinov davrlari — jabhalari bular ekan. Men bolalar oʻyinlari mavzuida hikoyalar bityapman. (Muallif)

Bahor. Men bogʻimiz adogʻidagi devorning u yogʻida yastangan yalanglikka chiqaman. Onam ishda — ertalab jiyron otimizni minib ketgan. Singlim Ra’no dugonalari bilan qoʻgʻirchoq oʻynaydi. Men nima qilay? Uyda oʻtiraymi? Darslarim tayyor. Kechasi bajarib qoʻyganman. Tushgacha kunni oʻtkazish kerak.

Chillak, ya’ni onasop bilan bolasoshsh olib yoʻngʻichqapoyaga yoʻrtaman. Rahmatlarning devori yoniga borib, bukri yongʻoqning tanasiga onasop bilan bir-ikki uraman. Keyin yerga yiqilgan shoxlarni, butoqlarni savalayman. Ishqilib, ovoz chiqsin. Rahmat zshitsin. Boʻlmasa kim bilan oʻynayman. Guzardagi bari bola ertalabdan maktabga ketgan, birinchi smenada oʻqishadi. Faqat Rahmat bilan men ikkinchi smenada. Toʻgʻri, u mendan bir sinf yuqori oʻqiydi-ettinchida. Shunday qilib, uni qarsillataman, ashula aytaman. Kimnidir chaqirgan boʻlaman. Oxiri «Rahmat goʻppon» chiqib keladi.

U semiz, yelkalari keng bola. Engashib yuradi, yerdan bir narsa topadigandek. Shuning uchunmi unga kimdir «goʻppon» deb laqab qoʻygan-u, uyam oʻsha laqabga oʻrganib qolgan. Lekin oʻzi hoʻkizdek kuchli. Bilaklari yoʻgʻon, chillakni ursa.. O! Chillakbolani ikki adir nariga oʻtkazib yuboradi.
— Ha, Boʻrijon, nima qilyapsan? — deydi u devordan qarab.
— Oʻzim. Chillak oʻynayapman, — deyman. — Keling.
— Sen gʻirromlik qilasan.

Men jim qolaman. Gʻirromlik qilaman unga. Masalan, chillak oʻynayapmiz deylik. Oʻyin oxirida kimdir zuvillashi kerak. Kimdir chillakni uzoqqa otishi kerak. Qurib ketkur, hamma vaqt Rahmat birinchi boʻlib tugallaydi. Ya’ni, men urgan chillakbola, qaerga tushmasin, u otganida naq onasopning yoniga kelib «yotardi». Shu bilan tamom. U urardi chillakbolani. Men uni onasiga yaqinlata olmasdim ham. Keyin nima boʻlardi? U qadamlab sanardi. Marragacha. Keyin yana urardi. Yana boyagi ahvol, Bir vaqt qarabsizki, oʻyin adoq boʻlibdi. Navbat bizni zuvillatishga kelibdi.

Nima qilardim? Qarab turardim. U yenglarini shimarib, onasopni olib bolasopni tepaga otib, pastdan «Bir, ikki, uch, toʻrt» deb, chillakbolani yerga tushirmay koptokdek sapchitib-urib sanayberardi. Bolasopni toʻrt marta sakratib, onasopni unga tegizolgan boʻlsa, toʻrt qoʻl uradi. Bolasopni onasopning tumshugʻidagi kemtikka qoʻyib, bir sakratadi-da, onasop bilan shunday uradi — bolasop kamida oltmish-etmish qadam nariga borib tushadi. Keyin u yerga borib, «ikkinchi chillakni» uradi. Keyin uchinchisini... Toʻgʻri, onasop bolasopga tegmay qolishi ham, bir uchiga «chirt» etib tegibgina ketishiyam mumkin. Lekin Rahmatda hech shunday boʻlmasdi.

Xoʻsh, u urgan deylik, uch chillak masofani zuvillab kelish osonmi? Gap oson yo qiyinlikda emas. Oʻyinning tartibi shu: yutqazdingmi, zuvillashing kerak.

Lekin men... hali aytganimdek ish qilardimda. Ya’ni, u bolasopni sakratib sanay boshlar ekan, asta nari-beri qarab olardim-da, gʻizillab qochib qolardim. Devorimizdan sakrab oʻtib ketardim. Buyam yetmaganday toʻgʻri uyga kirib, eshikni ichkaridan zanjirlab olardim-u, derazadan qarab turardim.

Rahmat bechora ba’zan devor kemtigidan oshib, uyimizga kelardi. Derazani taqillatardi. Keyin supa labiga oʻtirib olardi. Men derazadan qarab turaman deng. U, zuvillab ber, deb yalinardi.

Xullas kalom, oʻsha kuniyam Rahmat goʻpponni bir amallab devordan bu yoqqa tushirdim.
— Gʻirromlik qilmaysanmi? — dedi u.
— Gʻirromlik qilsam, oʻlay!
— Qasam ichding-a?
— Qasam ichdim.

Oʻynay boshladik. Yana oʻsha ahvol. Sal vaqt oʻtmay Rahmat oʻyinni tamom qildi. Demak, u meni zuvilla-tishi kerak. Keyin men uni zuvillatishim mumkin.

Jim turibman. Rahmat bolasopni irgʻitib urdi. Zingʻillab ketdi. Yetmish qadamlar nariga tushdiyov. Sekin yurib bordik. U menga qarab-qarab qoʻyadi. Men jim. Ikkinchi chillakniyam urdi. Yana shuncha masofaga ketdi. Choʻtlab koʻrsam zuvillab kelolmayman.

Uchinchi chillakniyam urdi-e! Meteostantsyya degan joy bor edi. Ob-havoni tekshiradigan idora. Oʻshaning hovlisiga borib tushdi. Oʻla qolsam ham u yerdan marragacha zuvillab kelolmasdim. Rahmat chillakbola tushgan yergacha bilagimdan ushlab bordi.

Xoʻp, chillakbolani oldim. Chuqur-chuqur nafas ham oldim. Nima uchundir kaftlarimgayam tufladim. Soʻng xuddi oʻljaga otiladigan tozidek oyoqlarim bilan turgan yerimni depsinib «tirnab» ham koʻrdim. Nihoyat, chopdim.

Rahmat ham men bilan yonma-yon chopib kelyapti. Uning ahvoli ogʻir. Chopgani ustiga tagʻin mening ogʻzimga qarashiyam kerak. Chunki nafas olib qolishim mumkin. Unda... yana gʻirromlik boʻladi.

E, chopaverdim. Oxir... yoʻq, boʻlmadi. Chamamda marraga yetar ham edik. Lekin erinchoqlikmi, nima balo boʻldi-yu, yerga tikila boshladim. Bir yumronning iniga koʻzim tushdi. Yaqinda tuproq chiqargan. Sariqqina boʻlib turibdi. Shunga qarab burila boshladim. Boshiga yetganda, chillakbolaning uchiga tupurib, yumronning iniga tashlab yubordim.

Nazarimda, chillakbola chuqur ketmasligi kerak edi. Uning uchginasi koʻrinib qoldi. Oʻzi, oʻyinning qonuni shu: marraga yetolmagan oʻyinchi bolasopni biron teshikka tiqib yuborishi yoki doʻppisining ichiga tupurib, keyin uni doʻppida qisib turishi kerak. Raqib uni onasop bilan urib tushirishi lozim. Lekin Rahmat shoʻrlik yumron iniga tushib ketgan bolasopni qanday urib chiqara oladi? Tagʻin shunisi borki, urib chiqargach, havoda yana toʻxtovsiz urib qolishi kerak. Keyin chillakbola borib tushgan yeridan yana zuvillash lozim.

Rahmat yumron iniga tikildi. Xoʻp tikildi-da:
— Sen uyaga tupurmading, chillakbolaga tupurding, — dedi.
— E, chillakbolaga tupursam nima, — dedim. — Baribir tupugim yerga tegadi.
— Gʻirrom.
— Oʻzingiz gʻirrom.

Rahmat bolasopni urib chiqarish uchun xoʻp oʻyladi. Iloji yoʻq. Nihoyat, onasop bilan chillakbolaning uchiga bir turtdi-da, indamay ketib qoldi.
— Ho, — deb baqirdim. — Men zuvillayman!
— Zuvillasang, zuvillayver!

Bolasopni indan chiqarib olib, bir zuvilladim. Hademay marraga yetib bordim. Keyin onasopni oʻnglab, Rahmatning yoʻliga chiqdim.
— Qayoqqa?
— Sen bilan oʻynamayman.
— Zuvillaysiz.

Bechora bir oz oʻylab turdi-da:
— Mayli. Lekin keyin oʻynamayman, — dedi.
— Boʻpti. — Ikki chillakkayam zuvillasa harna-da deb, onasopning kemtigiga bolasopni qoʻydim. Sakratib, tik-tik ura boshladim. Qarangki, beshta boʻldi.

E, mening xursandligim! Buning ustiga, birinchi chillagimoq kamida oltmish qadam joyga borib tushdi. Ikkinchisi undan nariga. Xullas, men ham bolasopni meteostantsiya binosidan oshirdim. Rahmat goʻppon eran-qaran borib, chillakbolani oldi. Marraga qarab yugurdi. Men u bilan yonma-yon boryapman. Terlab ketdi. Qizara boshladi. Chamamda, koʻkara boshlaganda, marraga yetib bolasop qoʻyiladigan chiziqqa tupurdi-da, bir-pas dir-dir titrab turdi. Keyin «oʻh-oʻh» deya yoʻtalib, uyiga ketdi.

Men ham xursand boʻlib uyga qaytdim.

Oradan yana bir kun oʻtdi.

Yana chillakni koʻtarib, hayatga oʻtdim. Rahmatlarning devori tagiga yetdim. Bukri yongʻoqdan tushgan shoxlarga qarsillatib soldim. Keyin yontoqning tanasiga tushira boshladim. Qobiqlari koʻchib ketdi. Qani endi Rahmat chiqsa!

Keyin chillakbolani havoga irgʻitib, har tarafga ura boshladim. Qurib ketgur deng, endi uchadi! Sakson kadamlar nariga borib tushdi. Shunaqangi qilib toʻrtta chillak ursam, Rahmat goʻppon zuvillab kelguncha oʻpkasi tamom boʻladi. Shunday qilib, chillakni qarsillatib urayotgan edim, Rahmat devordan qaradi.

Uyam zerikadi, bechora. Oʻynagisi keladi. Toʻgʻri, u oʻrtacha oʻqirdi. Lekin mening nima ishim bor?!

Maqtanish emas, aytib qoʻyay, maktabda yaxshi oʻqirdim. a’lochilardan edim. Lekin haligiday qitmirlik deysizmi... shundan ham oz-moz bor ekan-da.
— Oʻynaymizmi? — soʻradim.
— Gʻirromlik qilmaysanmi? — dedi. Nimagadir bu gap menga ogʻir botib ketdi.
— Agar oʻynamasangiz, sizni «goʻppon» deyman! — dedim.

Shunday kelishuvimiz bor edi. Bir kun u yalingandi-da: «Boʻrijon, shunday dema. Mayli, boshqalar aytsayam sen aytma. Qoʻshnimiz-ku, uka».

Rahmat orqasiga burildi.
— Ra-mat aka, aka-a!
— Nima deysan?
— X,azillashdim. Keling aka, oʻynaylik... Endi gʻirromlik qilmayman!

U bir oz jim turdi. Keyin devordan oshib tushdi.

Oʻsha kuni bozor edi. Lekin, nima uchun Rahmatni soʻrab chiqqanimni bilmayman. Boshqa bolalarniyam soʻroqlasam boʻlardi. Kim biladi, unga oʻrganib qolgan ekanmanmi...

Oʻynay boshladik. Men endi jiddiy, ehtiyotkor edim. U boʻlsa har ikki gapning birida mening qachon qochib ketishim, qachon gʻirromlik qilishimni aytar, kulim-sirardi. Oh, mening joni-jonimdan oʻtib keta boshladi, uning gaplari!..

Chillak oʻyin odatdagicha tamom boʻldi. U bolasopni sakratib, tagidan asta-sekin urar ekan, oʻzim ham sanar edim: sakkizta boʻldi.

«Oʻldim!» deb oʻyladim. Lekin negadir qochgim kelmas edi. Mugʻombirlik qilishniyam oʻylamasdim.

Nihoyat u ura boshladi. Birinchi chillak, ikkinchi chillak, uchinchi chillak...

Meteostantsiyadan ham oʻtib ketdi. «Ibrat» kolxozining hovuziga boradigan ariqqa yetdik.

Bolasop ariqning ichida.

Uni oldim. Oldim-u, nima jin urdi meni, shartta ariqqa tushdim. Muzdekkina. Loy.
— Zuvillaymi? — dedim.
— Zuvilla, — dedi Rahmat.

Oʻylab turib, doʻppimni oldim-da, buklab tishladim. Sezib turibman, Rahmat xursand boʻldi. Bunaqada nafas olaman desang ham, ololmaysan.

Lekin marraga yetishim ham... e-he, bir soat nafas olmay yugursam ham, yetishim gumon. Birdan zuvillab joʻnadim. Rahmat yonimda. Ogʻzimga tikilib boryapti. Koʻzi menda boʻlgani uchun qoqilib ketadi. Bir-ikki yiqildi. Lekin men vaqtdan foydalanib, nafas olsam boʻlardi. Negadir ololmabman. U yana menga yetib oladi.

Ketyapman. Sezdim. Qizara boshladim, qandaydir shishib ham ketdim. Keyin, yaqinda Rahmat koʻkarganidek koʻkarishgayam tushdim deyman. Lekin ketyapman.

Oxiri.. boʻlmadi-da! Nafas olmay boʻladimi? Bora-bora tekisroq joyga yetganda, doʻppini ogʻzimga oldim-u, oʻt ustiga tupurdim. Rahmat mamnun boʻlib kulimsiradi.
— Tuzuk-tuzuk, — deb oʻziyam nafasini rostlab oldi. Keyin chillakbolani xuddi tupurgan yerimga qoʻyib, uchiga shunday turtgan edi, u xuddi chigirtkadek dik etib sakrab ketdi. Shu paytning oʻzida Rahmat ura qoldi.

Bilmadim, bolasopning qaeriga urdi. U uchgandan uchib, yolgʻon emas, koʻrinmay ketdi.

Qarangki, xuddi hovuzning boʻyiga borib tushibdi. Rahmat chillakbolani olib, menga berdi. Men uni olib, tagʻin doʻppimni buklab tishladim. Tagʻin zuvillay ketdim. Ariqdan oʻtayotganda toyib yiqildim. Lekin zuvillashdan toʻxtamadim. Toʻxtasam, u yana chillak urishi kerak.

Tura solib, yana chopa ketdim. Boyagi yotgan yerimga yaqinlashish qayda... ancha berida holdan toyib, toʻxtab qoldim. Doʻppini ogʻzimdan olib yerga tupurdim. Tupugim bir toshga tushgan ekan.

Rahmat chillakbolani shu toshga qoʻyib tagʻin sal urgandi, u sapchib ketdi. Endi, ishoning-ishonmang, chillakbola hovuzning naryogʻidagi hammom hovlisiga borib tushdi. Saldan keyin qarabsizki, qishloqdan chiqdik. Pillachilarga mingbosh oʻradigan dashtdamiz. Rahmatning oʻziyam holdan toygan ekanmi, endi chillak urishga shoshilmadi.

Birpas u yoq-bu yoqdan gaplashdik. Keyin men:
— Uring! Hozir kech boʻladi! — dedim.

U jahl bilan yana urdi...

...Dashtning adogʻida Koʻkqiya boshlanadi. Oʻsha yerga yetdik. Menda qadam bosishga majol yoʻq. Rahmat ham charchab boʻlganicha boʻlgan.
— Boʻrijon, ke, boʻldi qilaylik, — dedi nihoyat.
— Nima deyapsiz? — baqirib yubordim. Qiziq! Odam shunaqa boʻlib qolishi mumkin ekan. — Urasiz. Zuvillayman! — dedim.
— Boʻlmasa, zuvilla!
— Xoʻp.

Mingbosh oʻradigan dashtimizning yarmigayam yetolmadim: Ishoning-ishonmang, kun botib ketgan edi. Podalar qaytadigan paytdan ham osha boshladi.

Rahmatning chillagi endi Koʻkqiyaning soyiga tushib ketdi. Biz tepalik yoqasiga yetganda Rahmat mening bilagimdan ushladi.
— Boʻrijon, qoʻy. Oʻzim senga chillakbola yasab beraman.
— Yoʻq. Nima deyapsiz siz? — Endi chinqirib yubordim. Koʻzimga hech narsa koʻrinmasdi. — Yuring! — dedim. — Chillakbolani topamiz. Men zuvillab chiqaman.

Biz soyga endik. Chillakbola shoʻrsuv oqayotgan jilgʻaga tushgan ekan. Oldim. Rahmat menga qarab turibdi.
— Boʻrijon, — dedi. Tavba, koʻzi jiqqa yoshga toʻlgan edi. — Men kechdim.
— Kechmaysiz. Biz oʻynayapmiz!
— Axir, charchading! — U oʻtirib oldi. — Meniyam qornim ochib ketdi. Joʻyak olaman deb hech narsa yemagan edim.
— Menga baribir.

Rahmat irgʻib turdi.

Men yana zuvilladim. Koʻkqiyaning oʻrkachiga chiqdim deganda yuztuban yiqilib qoldim. Rahmat kelib koʻtarmoqchi boʻlgandi, siltanib, oʻzim oʻtirib oldim. Lekin hadeb oʻtirish, dam olish ham tartibni buzish sanaladi. Entikib oʻrnimdan turdim-da, chillakbolani uning qoʻliga berdim.

U bir bolasopga qaradi, bir menga. Keyin uni yerga tashladi. Men shosha-pisha yerga tupurdim-da, chillakbolani qoʻydim. Rahmat uzoq oʻylandi. Keyin yengini shimarib, tagʻin bir turtgandi, chillakbola oʻynab ketdi. Rahmat yana onasopni siltadi. Keyin chillakbola qayoqqa uchdi? Rahmat ham, men ham bilolmay qoldik.
— Yuring. Topamiz.
— Topolmaysan.

Jinni boʻlgan ekanman-da!

Uning yengidan ushlab oldim. Ana shunda Rahmat birdan yerga oʻtirib oldi-da, uyalmay-netmay yigʻlab yubordi.

Men hayron.
— Ramat aka?
— E, bor-e, — u oʻrnidan turib keta boshladi. Men uning yoʻlini toʻsdim.
— Nima deysan axir? Oʻynamayman sen bilan, — deb baqirib yubordi.

Shunda sal-pal oʻzimga keldim, shekilli. Endi uni tutib turishdan foyda yoʻqligiga aqlim yetdi.
— Boʻlmasa nima qilamiz?
— Ketamiz. Mayli, sen yutding! — dedi u.
— Yoʻq, siz yutdingiz.
— Boʻlmasam, kel, ikkovimiz birga zuvillaymiz. Bu gʻalati taklif edi.
— Mayli-yu, gʻirromlik boʻladi-da, — dedim.
— Nimasi gʻirromlik! Men roziman.
— Baribir, Ra-mat aka.
— Uf... Qornim ochdi! — U yana yigʻlay boshladi. Semiz odamlar tez ochqasa kerak-da.
— Boʻlmasa qolganini ertaga zuvillab beraman.
— Mayli, mayli.

Shunda meni yana jin urdi.
— Yoʻq, ertaga kelmaysiz!
— Rost, kelaman, — dedi Rahmat. — Bugun boʻldi. Ketaylik. Jon uka, sen gʻirrom emassan. Bildingmi? Seni gʻirrom desam, oʻlay agar.

Men jim qoldim. Shu gapni eshitmoqchi edimmi? Bilmayman. Lekin koʻpdan beri aytilib yurilgan bu soʻz, demak, yoqmas ekan-da menga?

Shunchalik shumlik, shaytonlik qilib, uni oʻzimga olmay yurar ekanmanmi?

Balki qiynalib boʻlsayam gʻirrom boʻlmaslikka aqlim yetdimi? Uniyam bilmayman.

... Lekin, bir narsani endi qayd etishim mumkin: oʻsha kundan keyin Rahmat bilan yana oʻyinimiz davom etishga etdi-yu, men qochmaydigan boʻldim. Hatto u toʻgʻrida oʻylashdan uyalardim. Koʻkqiyaning boshigacha borganimiz, shoʻrsuvli jilgʻagayam tushganimizni eslasam, oʻzimdan oʻzim xursand boʻlib ketardim.

Qandaydir... Gʻirromlik boshqa, ha-ha, qandaydir juda katta, chidam, bardosh, hatto mardlik talab qila-digan ishlarga ham qodirdek sezardim oʻzimni.

Toʻgʻri, keyinchalik u qadar mard boʻlib qololmadim. Biroq shu yoʻldagi ilk qadam oʻsha kun qoʻyilgan edi.

1992