OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiFarzand (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Farzand (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Oʻgʻlini yaxshi koʻradi, «yaxshi koʻradi» degan gap oʻgʻliga boʻlgan muhabbatini ifodalashga ojizlik qiladi. U oʻgʻlini koʻrganda, yuragi uvishib ogʻrib, to uni bagʻriga bosib yigʻlatib, oʻzidan bezdirmaguncha qoʻlidan qoʻymaydi. Muzey direktoriga yordamchi boʻlganidan buyon ular ayniqsa inoqlashib ketishdi; direktorning mashinasi uni olib ketgani har kuni ertalab keladi, u oʻgʻlini ham bogʻchaga ola ketadi, kechqurun yana shu mashinada olib qaytadi.

Oʻgʻil ham otaga shunchalik oʻrgandiki, u bilan birga yotadigan boʻldi.

Islom endi oltiga qadam qoʻygan, xuddi otasi tuqqanga oʻxshar, muzeydagilar ham: «Oʻgʻling yeeni kichkina maketing», deb ta’riflashardi. Mengboy goho oʻgʻliga tikilib, uning xislatlarida ham oʻziga oʻxshashlik topar va behad mamnun boʻlib, oʻzidek bitta inson yaratganidan zavqlanar edi.

Bir kuni Sora gap topib keldi:
— Otpuskani yana qishloqda oʻtkazamizmi?
— Albatta! Surxon boʻiida — baliq ovida oʻtkazamiz, — dedi Mengboy.
— Hamma kurortga, chet elga boradi, bizning nimamiz kam ulardan?
— Bizning hech narsamiz kam emas ulardan, lekin, har kimning ta’bida!
— Men bormayman! Oʻzingiz baliq ovingizni qilavering!
— Shundaymi?
— Ha, yetti yil boʻldi turmush qurganimizga, bir yerni koʻrganim yoʻq. Hozir koʻrmasa, qachon koʻradi kishi. Kampir boʻlgandan keyin tomoshaning nima keragi bor?
— Hm... — Mengboy xoʻmrayib, birpas oʻylanib oʻtirdi: «Haqiqatan ham, toʻgʻri. Koʻrishi kerak. Uyoqni koʻrgisi kelar ekan, koʻrsin. Mening koʻrgim kelmaydi, men daryo boʻyiga ketay».
— Xoʻp, sen borasan! — dedi va... xotinining otpuska puliga oʻzinikidan ham qoʻshib, putyovka izidan tushdi. Naq Sochiga topib keldi. — Mana, xotin! Maza qilib dam ol!.. Keyin koʻramiz, kim yaxshi dam olganini.

Xotin mamnuniyat bilan yoʻllanmani qoʻliga oldi:
— Rahmat!

Shu kecha u bolaga yaxshi qarashni, bolani daryoga yaqin olib bormasligi lozimligini eriga xoʻp tayinladi.
— Vahima qilma! — deb kuldi Mengboy. Lekin xotinining gaplari haqida oʻylab: «Toʻgʻri, ehtiyot boʻlish kerak!» — dedi oʻziga oʻzi.

Xotin samolyotga chiqar ekan, oʻgʻli yigʻladi. Meng-boyning alami kelib: «Hayronman, qanday qilib bolasini tashlab ketyapti? — deb oʻyladi. Soʻng yana xotinini oqladi: — Toʻgʻri, u bechora ham dam olishi kerak-da! Bola boʻlsa yigʻlaydi».

Besh kundan keyin oʻzi ham otpuskaga chikdi. Qarmoq, chumchuqpay va eski-tuski kiyimlarni toʻpladi. Direktorning mashinasini bir kunga soʻrab, qishloqqa otlandi.

Shofyor yonida, oʻgʻlini tizzasiga oʻtqazib, derazadan cheksiz daryolarga, olisdagi qorli togʻlarga tikilar ekan, qalbi quvonchga toʻlib, hammasini oʻziniki his qilar, shoir Shukrulloning bir bayt she’rini takrorlar edi:

Quchogʻim boʻlganda edi bir dunyo

Seni qamrab olardim birdan!

Oldindan salqin shabada esa boshladi, yoʻl qishloqning tutzor koʻchasiga kirdi. Bir oz yurganlaridan soʻng chap tomonda yastanib yotgan daryo qirgʻogʻi koʻrindi.
— Toʻxtating! — dedi Mengboy.

Shofyor mashinani chetga chiqardi. Mengboy uxlab qolgan oʻgʻlini orqa oʻrindiqqa yotqizib, eshiklarni mahkam bekitdi va ariqchadan hatlab, sholipoya boʻyiga chiqdi. Tizzaga uruvchi sholizorga tikildi. Nazarida hozir bir oʻrdak yo bir tustovuq uchib chiqadigandek boʻldi. Soʻng bu faslda bundoq qushlarning mutlaqo uchib chiqmasligini eslab, kulib yubordi va qoʻllarini manglayiga soyabon qilib, olisda, tumanlanib, bugʻlanib oqayotgan Surxonga qaradi. Qalbida quvonch gupurib, xuddi oʻgʻlini quchganidagi kabi entikdi. Buning ustiga, bu ajib manzara uning miyasida xayollar uygʻotdi: bolaligi, shu daryo yoqasida turib, qandaydir qiz haqida surgan xayollari yodiga tushdi va chuqur xoʻrsinib, birdan xoʻmraydi.
— Ketdik! — dedi shofyorga. Ichkariga kirgach, oʻgʻlini yana tizzasiga oldi va haligina esiga tushgan xayollaridan endi uyalib, bolaning yuzlaridan oʻpdi.

Borilayotgan manzil: hamqishloq doʻstining uyi, shundoq yoʻl yoqasida, oʻzi yaqindagi maktabda oʻqituvchi. Mengboy «ona qishloq» deb kelgani bilan akasi yo opasinikiga bormay, oldin shu doʻstinikiga qoʻnar, goho shuning uyidan qaytib ketar edi. Negaki, akasining xotinini yoqtirmas, opasi esa Mengboy shaharlik qizga uylanganidan xafa edi.

Mengboy yoʻl yoqasida mashinadan tushib, oʻgʻlini koʻtarib oldi. Shofyor lash-lushini orqaladi. Birgalashib, ariq labidagi yolgʻizoyoq soʻqmoq bilan uy oldiga bordilar. Doʻsti Gʻaffor uy biqinida oʻra qaziyotgan ekan. Sochi quloqlari ustiga tushib, yetib keldi.
— Qani, bir koʻrishaylik! — deb quchogʻini ochdi. Oʻpishib koʻrishdilar. — Sora qani?
— Sorani Sochiga joʻnatdik! — xitob qildi Mengboy.
— E, bekor qilibsan-da! Xotin... mana, bizning xotin! — deb uyga ishora qildi u.
— Yoʻq, notoʻgʻri! — dedi Mengboy. — Ular ham ishlaydi, axir. Bizning katta kamchiligimiz shuki, koʻpincha oʻzimizni oʻylaymiz. Xotinlarimizning in-tilishlari, qiziqishlari bilan hisoblashmaymiz.
— Ha, gumanniyliging qolmadi-da, — Gʻaffor uni uyga boshladi. Kirib, Soraning kurortga ketganini aytdi va: — Buning yurishiga qara! — dedi. — Undan koʻra xotin boʻlib qoʻya qol!

Gʻafforning xotini kulib kelib bolani oldi. Shofyor bir soatlardan keyin qaytib ketdi va doʻstlarning dam olishi... baliqchiligi boshlandi!
— Bolaga ehtiyot boʻling, kelin. Uygʻongandan keyin olib boring! — deb tayinladi Mengboy.
— Olib borib nima qiladi, kechqurun kelamiz, — dedi Gʻaffor.

Mengboy rad qildi:
— Yoʻq! Buyam baliq tutishni bilishi kerak!
— Bu baliqni biladimi?
— Biladi! Bilmasa, bildiramiz!

Kechki payt ular qarmoqlarni sohilga bogʻlab qoʻyib, kattagina oʻlja bilan qaytdilar. Oʻljaning bir qismini qovurib yegach, Gʻaffor qishloqni aylanib kelishga taklif etdi. Ikkalasi qayta kiyinib, boyagi yalangoyoq baliqchilarga oʻxshamaydigan chiroyli, xushbichim ziyolilarga aylanishdi.

Endi chiqishmoqchi edi, Islom ergashdi.
— Xoʻp boʻladi! — deb koʻtarib oldi Mengboy. Lekin bu gal Gʻaffor qattiq turib:
— Nima keragi bor muncha suyukdik qilishning? — dedi. — Bola yigʻlaydi. Biron yerda yuz gramm-ellik gramm ichib qolsak... esingda boʻlsin, ichishniyam oʻrganadi keyin!

«Toʻgʻri, bu tomoniyam bor! Haqiqatan ham bolani hadeb olib yuraverish yaxshi emas!» deb oʻyladi Mengboy va oʻgʻliga jiddiyat bilan uqtirdi:
— Maketik, qolishing kerak. Biz tezda qaytamiz. Senga morojenoe olib kelaman. Bir soatda qaytib kelaman!
— Yoʻq, ikkita morojniy! — dedi bola.
— Xoʻp, ikkita!

Bola qoldi. Ikki doʻst koʻchaga chiqishi bilan avtobus koʻrindi, ular qoʻl koʻtarib toʻxtatishdi. Avtobusdayoq Mengboyning tanishlari uchradi va ularni markazga ketaverishda tushirib, manamen deb turgan restoranga olib kirishdi. Restoranda ham Mengboyning tanishlari uchradi, uzoq qolib ketdilar. Chiqqanlarida hammasi shirakayf, koʻngillari yana ichimlik tusar, hatto ba’zilari shuni taklif ham qilar edi. Lekin Mengboy keyingi ichish hech qachon yaxshilikka olib bormasligini oʻz tajribasida sinagani uchun qat'iyat bilan: «Yoʻq, bas!» — dedi.

Markazga oʻtdilar. Gazsuv ichdilar. Choyxonaga ki-rib chikdilar. Keyin Mengboy allamahal boʻlganini anglab qoldi.
— Endi ketish kerak, oʻrtoqlar. Biz dam olgani kelganmiz. Bunaqada charchab qolamiz! Ha, biz... xotin bilan garov bogʻlaganmiz.

Erta yana uchrashadigan boʻlib xayrlashdilar. Endi avtobusni kutishga asablar chidamadi va Gʻaffor taksi tutdi. Taksida qaytib kelishar ekan, Mengboy oqshom shu yoʻldan kelayotganini esladi va birdan tizzasiga urdi.
— Islom morojenoe degan edi-ku! Gʻaffor, morojenoe topmasak boʻlmaydi.
— E, morojenoe topiladimi hozir. Oʻgʻling allaqachon uxlab qolgan, — dedi Gʻaffor.
— Yoʻq, u uxlamaydi! — xitob qildi Mengboy va shofyordan mashinani toʻxtatishni soʻradi.
— Lekin aeroportda boʻlishi mumkin, yangi restoran ochilgan, — dedi shofyor.
— Haydang! Koʻramiz aeroportni ham!

Ular qishlokdan chiqib, sayhon oʻrtasida qoʻnqayib turgan, oldi oynavand binoga yetib toʻxtadilar. Mengboy chopib ketdi. Gʻaffor shofyorga pul berdi.

Binoning narigi tomoni ham oynavand boʻlib, undan uchishga shaylanayotgan samolyotning qizil chiroqlari koʻrinar, zalda odam siyrak edi. Oʻrtada alanglab toʻxtagan Mengboy dadil yurib, burchakdagi uch oyokdi baland stullar ortiga — bufetga bordi.
— Morojenoe bormi?
— Yoʻq, — dedi bufetchi ayol.
— Nahotki?
— Yoʻq-da. Ertaga boʻladi.

Mengboy hayrat bilan doʻstiga qaradi. Gʻaffor parvo qilmay, bufetchidan bir shisha suv bilan ellik grammdan konyak soʻradi. Mengboy «e» deganicha qoldi, soʻng shiddat bilan stakanni koʻtardi, shokoladdan gazak qilib, zalni tomosha qildi.
— Gʻaffor, yaxshi! Shahardagi aeroportlardan qolishmaydi!
— Bir-ikki yil orasida bu yerda ham shahar boʻladi.
— Choʻldan neft chiqdimi?
— Allaqachon.

Mengboy mamnuniyat bilan atrofni yana koʻzdan kechirdi. Keyin, bolasi kutib qolganini aytib, jilmoqchi edi, Gʻaffor:
— Anavi eshikdan chiqayotganga qara! — dedi.

Mengboy qarab, eshikdan chiqib kelayotgan oʻrta boʻy, boshida pilotka, formasi kelishgan qomatini quchib turgan qizni koʻrdi. Uning yuzi andak keng boʻlib, qora koʻzlari chaqnab turar, xiyol uzun burni va gavdasining tikligi unga yoqimli, lekin erkak kishini bir qadar hayiqtiradigan magʻrurlik baxsh etar edi. Mengboy gangib qarab turar ekan, qiz toʻgʻri bufet oldiga keldi-da, bufetchiga:
— Haligini bering! — dedi.

Bufetchi Mengboyga qarab qoʻyib, oʻzicha toʻngʻilladi, peshtaxta ostidan yaltiroq temir idishda morojenoe chiqarib, qizning oldiga qoʻydi.

Qizning oʻzini tutishiyu qiyofasi mahv etgan Mengboy, bufetchi bilan qizning bu munosabatiga tushuna olmadi: bu unga qiziq tuyuldi. Bari bir, u bufetchiga bir oʻqraydi-da, qizga oʻtkir tikildi. Shunda bir tirsagini peshtaxtaga qoʻyib, qoshiqcha bilan morojenoe yeyayotgan qiz ham Mengboyga qarab qoʻydi va beparvolik bilan mashgʻulotini davom ettirdi...

Mengboy xuddi ayb ish ustida qoʻlga tushgandek qizarib, oʻzini bu qiz oldida ojiz his qildi. Gʻafforni bir turtdi-da, eshikka yoʻnaldi.
— Kim u? — dedi ogʻzi qaqrab Mengboy.
— Shu yerda ishlaydi, — dedi Gʻaffor. — Yaqinda keldi.
— Taniysanmi?
— Kim tanimaydi, shu yerda ishlaydi-ku!

Ular koʻchada. Mengboy xayolga tolib, derazaga qaradi. Qiz deraza orqasida tumanlanib yana ham sirli boʻlib koʻrindi.
— Senga aeroportni, uchrab qolsa bu jononni ham bir koʻrsatay dedim-da... Otpuskadagi odamsan. Yur endi, ketdik!

Mengboy soʻzsiz ergashdi. Lekin, yana unga qaradi va bir vaqtlar oʻzi orzu qilgan qiz shunga oʻxshab ketadiganday tuyuldi. Keyin shu xayol ogʻushida rohat-lanib uyga ketdi.

Islom uxlamagan edi.
— Morojenoe! — deb chikdi.
— Ertaga... Albatta ertaga boʻladi! — dedi Mengboy, keyin, Islomni bagʻriga bosib, erkalab yotdi.

Ertasi daryo boʻyiga joʻnaganlarida ham, kechki payt qaytganlarida ham qiz uning koʻziga aniq-aniq koʻrinaverdi.

Ovqatdan keyin tagʻin koʻchaga otlandilar. Mengboy oʻgʻliga uchta morojenoe olib kelishga va’da berdi.

Tanish-bilishlari bilan uchrashib, ularga aeroportdagi restoranga borishni taklif qildi. Restorandan chiqishgach, Mengboy, bufet oldiga keldi va konyak bilan suv soʻradi. Keyin, restorandan qattiq qogʻozga oʻrab chiqqan morojenoeni peshtaxtaga qoʻyib:
— Balki bugun morojenoengiz bordir? — dedi.
— Yoʻq, — dedi bufetchi.
— Kechirasiz, u goʻzal xonim uchun ham yoʻqmi?
— Yoʻq!
— Juda soz!

Mengboy tanishlarini uzatdi, keyingi mashinada boradigan boʻlib, yana Gʻaffor bilan bufetga qaytib kirdi. Kechagi jonon bufetga yaqinlashayotgan ekan.

Kelib:
— Haligini oling! — dedi.
— Yoʻq... erib oqib ketibdi! — dedi bufetchi va Mengboyga xoʻmrayib qaradi.

Qiz chimirildi, endi burilmoqchi edi, Mengboy:
— Kechirasiz, menda bor, berishim mumkin! — dedi. Qiz qaradi. Uning ohu koʻzlarida na magʻrurlik, na bir boshqa ma’no bor edi. — Oling! — dedi Mengboy qoʻli qaltirab.

Bufetchidan tarelka soʻrab, unga soldi va qoshiq bilan qizning oldiga qoʻydi.
— Rahmat, — dedi.
— Marhamat, oling!

Qiz qoshiqni oldi, yeya boshladi va:
— Kechirasiz, bu morojenoe kimga olingan edi? — deb soʻradi.
— Ugʻlimga, — dedi bir narsaga oʻchakishtandek Mengboy. Qiz xijolatli kulimsiradi.
— Chakki boʻlibdi-da, oʻgʻlingizning rizqini qiydim.
— Hechqisi yoʻq, yana topiladi.
— Oʻgʻlingizni juda yaxshi koʻrar ekansiz.
— Juda!
— Onasini-chi?
— Onasini... Sevgi boʻlishi shartmi? — dedi nima deyishini bilmay.

Qiz qoshini koʻtarib qoʻydi.
— Men sevgisiz yashashni tasavvur qilolmayman.
— Chunki siz turmush koʻrmagansiz, bola nimaligini bilmaysiz!
— Aksincha, — deya Mengboyga qaradi qiz, — erga tekkanman, ikki yil yashaganman ham. Bolam ham bor...

...Ertasi kechqurun ular shu yerda uchrashdilar. Mengboy restoranga taklif qildi. Burchakdagi stol yoniga oʻtirishdi. Mengboy ikki kishiga gʻoyat ortiqchalik qiladigan yeyimlik va ichimliklar buyurdi. Shunda sezib qoldiki, butun restoran ahli bularga qarayapti. Mengboyning achchigʻi chiqib, bir-ikkitasiga oʻqrayib qoʻydi. Qiz sezib miyigʻida kulimsiradi. Mengboy ochiq soʻzladi:
— Bizga qarashyapti, toʻgʻrirogʻi, sizga qarashyapti!
— Qarashsa qarashaversin, shu yerlikmisiz?
— Bu yerlik edim, shaharlik boʻldim.
— Xotiningiz shaharlikmi?
—Ha.
— Nega xotiningizni olib kelmadingiz?
— Kurortga ketdi. Men buyoqqa keldim oʻgʻlim bilan. Biz baliq ovlaymiz!
— Xotiningizni rashk qilmaysizmi?

Mengboy hayratlandi: haqiqatan ham xotinini hech kimdan rashk qilmas, bu toʻgʻrida oʻylash xayoliga ham kelmas edi.
— Yoʻq. Negadir rashk qilmayman, — dedi.
— Yaxshi koʻrmas ekansiz xotiningizni! Bilasizmi, mening orzuim shuki, erim meni rashk qilsa! Men hamisha uning yonida boʻlsam... Qiziq, men ham baliq ovini yaxshi koʻraman. Kurort nima! Hozir bizlarga yarashmaydi. Qariganda borib dam olsa, durust. Hozir oʻzimizning yurtimizni koʻrish kerak!

Mengboy hayrat bilan: «Bu xotinimning aksi, xuddi oʻzim istagan qiz», deb oʻyladi.
— Hayronman, men odamlarga ishonishni istayman!.. Xotinimga ham ishonaman...
— Baxtiyor ekansiz. Men yigitlarga ishonmayman, — dedi qiz. — Mana, erimga ishonardim. Ishonchimni oqlamadi. Koʻp erkaklar ayolning tashqi koʻrinishiga maftun boʻladilar, lekin uning yuragida nima bor, bu bilan ishlari boʻlmaydi... Erim, erim ham shunaqa edi.
— Eringiz unday boʻlsa, bolasi...
— Bolamni jonimdan ham yaxshi koʻraman! Onam bilan ikkimiz tarbiya qilib olamiz.

Mengboy entikib ketdi, nima deganini oʻzi ham bilmay qoldi:
— Men sizday kishining borligiga ishonmas edim. Ishonardim-u, uni koʻrmayman deb oʻylar edim! Ismingiz nima?
— Hanifa.
— Juda soz! Hanifa, qishloqni tomosha qilib kelmaymizmi?
— Mayli.

Mengboy hisob-kitob qildi. Tashqariga chiqdilar. Pastda koʻzini koʻkartirib, taksi turar edi. Mengboy mashinaga taklif qilishni oʻyladi-yu, olib chiqqan puli tamom boʻlgani yodiga tushdi. «Zarari yoʻq, yoʻl-yoʻlakay Gʻaffordan olaman!» — dedi oʻzicha. Mashinaga oʻtirib ketisharkan, Mengboy birdan qiziq taklif aytdi:
— Surxon boʻyiga boramiz! Daryoni tomosha qilamiz. U bugʻlanadi kechasi. Sirli boʻladi!
— Mayli.

Mengboy mashinani Gʻafforlar uyi oldida toʻxtatganida ham ruhi lazzat, sirlilikning ogʻushida edi. Ariqdan hatlab oʻtishi bilan: «Islom, Islom», — dedi va alamdan, uyatdan zir titrab ketdi. Ular ichkari uyda televizor koʻrib oʻtirishgan ekan, Mengboy eshikdan roʻpara boʻlishi bilan, Islom:
— Dada! — deya yugurdi, kelib uning tizzasidan quchdi. Mengboy koʻtarib bagʻriga oldi.
— Morojniy qani?
— Morojenoe... opkelaman!
— Men ham boraman morojniyga!
— Hozir... — Mengboy bolani qoʻyib, Gʻafforni tashqariga imladi. Burchakka oʻtkazib: — Puldan bormi? Ber picha, — dedi.
— Nima qilasan?
— Ob-bo! Keyin aytaman! Chiqar. Keyin, mening chamadonimdan ol!

Gʻaffor yigirma soʻm chiqarib berdi. Mengboy pulni olib, burilgan edi... Islom kelib, tagʻin otasining tizzasidan quchdi. Mengboy uni koʻtarib oldi:
— Besh minutda kelaman, maketik! Besh minut-a! Beshta morojenoe opkelaman! Axir, sen uchun ketyapman!
— Yoʻq, boraman... Boraman. — Soʻng, bola nochor-likdanmi, «opa!» deb yigʻlab yubordi.
— Hoy-hoy, — dedi tomogʻi boʻgʻilib Mengboy.
— Bolani yigʻlatma, qol, Mengboy! — dedi Gʻaffor.
— Oʻzing hammavaqt bolani qoldir der eding...
— Lekin... bolani qiyna demas edim!
— Sen nimani tushunasan!

Mengboy oʻgʻlini koʻtargancha mashinaga qarab chopdi. Shartta kirib oʻtirdi. Shofyorga:
— Haydang, daryo boʻyiga! Pristanga! — dedi va Hanifaga bokdi.
— Mana oʻgʻlim, Hanifaxon. Mening oʻgʻlim!

Hanifa tepadagi chiroqni yokdi. Bolaga tikildi, qoʻliga olmoqchi edi, Islom otasiga yopishib oldi.
— Kechirasiz, qolmadi. Qoldirolmadim, — dedi Mengboy.
— Hechqisi yoʻq...

Daryo sohilida mashinadan tushdilar. Mengboy shofyordan toʻxtab turishni iltimos qilib, oʻgʻlini koʻtar-ganicha Hanifa bilan sohilga qarab yurdi. Oy daryo ortidagi tuman ichida sargʻayib suzar, tuman sargʻish, sirli koʻrinar, daryo boʻgʻiq ovoz chiqarib, afsonaviy bir maxluqdek kilkillab oqar edi.
— Oʻgʻlim, mana shu Surxon! Hanifa, shu Surxon! — dedi Mengboy.
— Ha, — dedi kulimsirab juvon.

Shunda Mengboy titrab-qaqshab oʻz orzusiga, nihoyat yetganini oʻyladi. Shu daryo tumanligi, sirliligi qoʻynida xuddi shuningdek tumanli va sirli ayol bilan turganini, u bilan uchrashganini his qildi.

Biroq oʻgʻli shabadadan junjikib, boʻyniga talpinar ekan, oʻrtalarida... boshqa buyuk bir nima turganini qattiq his qildi-yu, mashina sohil boʻylab jilar ekan, endi Hanifa bilan vidolashayotganini oʻyladi... haqiqatan ham, aeroport yonida xayrlashayotganda:
— Birga sayr uchun rahmat. Endi koʻrishmasak kerak, Hanifa, — dedi Mengboy.
— Tushunaman! — dedi juvon va ichkariga chopib kirib ketdi.

Mengboy mashinaga oʻtirdi. Uyga kelgandan keyin Islom morojenoeni yodiga soldi. Mengboy javob bermay, uyquga ketdi. Keyin bir hafta azoblanib yurdi va otpuskasi tugamay, shaharga qaytdi.

1975