OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiHaykal (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Haykal (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Boqqa kirsam, Stalinning haykalini buzishyapti... Shunday bir kuz kuni edi. Oltmish oltinchi yilmi-ettinchimidi — aniq aytolmayman. Xullas, egnimda mana shu kalominka kitel, mana bu «Za otvagu» ham — koʻkrakda; choy ichgani kirgandim-da boqqa. Eslaysizmi, qanday soya-salqin joy edi! Oʻriklari pishib, toʻkilib yotardi. Ha, apteka qurib, rasvosini chiqarishdi. Hozir park shahardan chetda: birov bormaydi... Stalinning haykalini eslang! Baland supada oppoq boʻlib turardi. Shinel ham, moʻylov ham bir yarashgan. Kitelini ham hech mahal egnidan tashlamagan ekan.

Boqqa kirdim. Choyxonadagi odamlar har yoqqa sochilib-javdirab turishipti. Haykalning poyida ijroqoʻm raisi Boʻtaev bilan muzeyning direktori Xoliqberdiev! Dohiyning poyida karlik boʻlib turishipti. Shunda haykalning orqasidan Qulmuhammad joʻram, frontovik oshnam, chiqib keldi-da:
— Ortiga agʻanaydi. Koʻchatni sindirmaydi, — dedi.

Eshityapsizmi, Stalinning haykali haqida gapiryapti? Dohiyni emas, koʻchatni oʻylayapti...
— Hey, nima qilyapsizlar oʻzi? — deb ularning oldiga bordim.

Boʻtaev puchuq burnini tortib:
— Keling, Kimsan aka. Shuni yiqitish kerak, yoʻqotish kerak boʻp qoldi, — dedi.
— Kimni? Kimni yoʻqotish kerak? Yiqitish kerak?

U hiringlab kuldi.
— Bilamiz, siz veteranlarning bu odamga ixlosinglar baland. Lekin bu — eng katta xalq dushmani ekan, aka... Xrushyov boboning dokladini oʻqimadingizmi?
— Oʻqidim, — dedim. — Balki sizdan oldin oʻqigan-dirman, oʻrtoq rais! Lekin u kishiyam dohiyning haykalini buzinglar demagan...
— Kimsan aka, nervingiz burningizning uchida turadi-ya! Qizishmasdan oʻylash kerak-da... Oʻligi mavzoleydan olingandan keyin haykali bu yerda turadimi? Ming odam kiradi bu boqqa. Yoshlar kiradi... Axir, siyosatgayam qarash kerak-da!

Men jimib qoldim: siyosatni tilga olgandan ke-yin lab-dahaning bogʻlanib qoladi-da. Shunda qistaloq:
— Buzing, Qulmuhammad aka! Hamma koʻrsin! — deb buyurdi.

Haligi beton supaning pastida kattakon gurziday bolgʻa turgan ekan. Qulmuhammad oldi-yu, aylantirib soldi deng! Dohiyning iyagiga urgan ekan, boshi uchib ketdi.

Koʻz oldim qop-qorongʻi boʻlib qoldi. Haykalning orqasiga qanday qilib oʻtganimni bilmayman. Kallaga engashgan edim, bolgʻa yana gursilladi. Shartta izimga qaytdim. Qulmuhammad dohiyning mana shu yeriga — koʻkragiga uripti.
— E, baqqa ber-e, enangdi... — deb bolgʻani tortib oldim. Qulmuhammadning basharasiga shapaloqlab solib yubordim. Keyin bolgʻani Boʻtaevga tutdim. — Oling! Meni uring!.. Men roziman! — Yigʻlab yuboribman. — Shu odamni deb qon toʻkkanman, kantujin boʻlganman. Haliyam biqinda askolka bor!

Odamlar kelib meni ushlashdi. Unga sari jahlim chiqib ketdi.
— Bu odam yurtni oʻylaganda sen qayda eding?! E, joʻjaxoʻroz, politik! ? — Ogʻzimdan u kirdi, bu chiqdi. Esim ham joyida emas, shekilli. — Axir, axir... Bu odam dohiy-ku? — deb baqirdim. — Kecha «Yashasin!» deb yurgan eding... Ha, haromi! — Qulmuhammadniyam soʻkib ketdim. — Urushga «Za Stalin!» deb kirgan kim edi? Kurskiy duga esingdami, iplos? Sen salkam poshist ekansan-ku!

Gʻala-gʻovur boʻlib ketdi. Qayoqqa qarayman! Soʻkyapman!.. Endi, ogʻa, bu jon — foydaga qolgan jon. Buyogʻiga nimadan qoʻrqaman? Shunda bir-ikkita musulmonlar ham bor ekan, mening tarafimni olishdi.
— He, shuni olish kerak boʻlsa, buzish shartmi? Ul-bul... — degan gaplar qilishdi.

Chamasi, Boʻtaev ham shunday bir himoyaga mahtal ekanmi:
— Yoʻgʻasam buni agʻanataylik. Mayli, oʻzlaring biron joyga oborib koʻminglar, — deb qoldi.
— Mana, biz olamiz-da! — dedim. — Koʻmamanmi, koʻmmaymanmi — uyogʻi bilan ishlaring boʻlmasin!
— Mayli, biz sizlarning oldingizdan oʻtdik. Biz xalqqayam quloq solamiz, — dedi-da, Xoliqberdievni ergashtirib ketdi.

Endi Qulmuhammadning yigʻlaganini ayting:
— Menga qadri yoʻqmidi dohiyning? Chaqirib aytishdi-da: «Siz siyosatga qarshimisiz?» deb... Ularning gapini qaytarib boʻladimi, joʻra?
— Men sening joʻrang emasman! Bugundan boshlab! — dedim. Keyin bolgʻani otvorib, uf, dohiyning kallasini koʻtardim. Juda ogʻir ekan. Lekin butun. Moʻylabiyam... Iyagi uchgan. Qattiq tsementdan yasashgan ekanmi, xayriyat, uncha shikast yemapti...

Bogʻdan chiqib, bozorga chopdim. Eshak bozorda Par-da qiyshiq aravasini endi minib turgan ekan.
— Jon aka, gap shunday-shunday, — dedim. — Mana, sizga oʻn soʻm! Pensiyamni olsam, yana beraman...
— E, pulni qoʻying, — dedi u bechorayam. — Ishqilib, bizga gap tegmasa boʻldi.
— Tegmaydi!

Qarang, yoli oqarib ketgan shu aravakash ham qoʻrqadi-ya, politikadan. Bir zamonlar «qoʻsh hoʻkizing bor», deb otasi kuloq qilingan-da. Keyin «vrag narod» boʻlib otilib ketgan.

Eshak aravani toʻgʻri boqqa haydatib kirdim. Haykalni koʻchirish, avaylab aravaga yotqizish ham koʻp qiyin boʻldi. Odamlarga rahmat, qarashishdi. Axir ularniyam mana bu yerida bor-da Stalin!..

Keyin uyga joʻnadik!

Koʻchaning oʻrtasidan haydatib ketdim aravani. Odamlar u betdayam, bu betdayam gʻuj boʻlib, ajoyibotga qaraganday qaraydi. Parvoyim palak. Nima boʻlsa, koʻrdim bu olamda: qoʻrqadigan joyim yoʻq. Bolalarim uyli-joyli boʻlib ketgan.

Soʻqqaboshim bilan bir hovlida yotardim! Mana, endi... ikki kishi boʻlamiz.

Ha-ha, toʻppa-toʻgʻri soydan oʻtkazib, uyimga obordim. Darvozani lang ochib kiritdim. He, u yerdayam tomosha! Kim ergashib kelgan, kim meni alqayapti, kim qoʻrqityapti...

Ammo-lekin, uka, shu qoʻrqitish... degan gapimda jon bor: men har qancha botirlik qilgan boʻlsam ham, koʻnglimning osti dir-dir etib turganini tan olaman.

Ha. Endi bizam uncha-buncha koʻrganmiz-da, ogʻa! Lenindan keyin, Stalin bobodan keyin oʻtgan arboblarniyam koʻrdik... Toʻgʻri aytasiz, haqiqatni keyinroq tushundig-u... Ha-ha, oʻrtoq Stalin hayotligidayam rosa gʻalati ishlar boʻlgandi, rost.

Ming-minglab odamlar «xalq dushmani» boʻlib ketgan. Anchayin gapning ustidan...

Endi deng, biz kimsan — Xrushchyovning zamonida stalinchi boʻlib turgan boʻlsak...

Meni oborib tiqib qoʻyishlari hech gap emas edi. Stalinni oqlash — Xrushchyov boboni qoralashga oʻtardi...

Qoʻying-chi, haykalni hovlining oʻrtasiga yotqizib qoʻydik...

Men nodonlik qilib, parkdagi tagsupaniyam koʻchirib keltirmagan ekanman. Qaytib borsam, bogʻning qorovuli devorga ishlataman deb buzib-tashib ketibdi, nokas.

Keyin u yoqqa chopdim-bu yoqqa chopdim: uch-toʻrt qop tsement topdim. Soydan shagʻal tashib kelib, su-pani oʻzim yasadim. Qoʻni-qoʻshnini chaqirib, haykalni tikka qildik. Endi haykalning boshini oʻrnatish qolgan edi.

Xayriyat, qoʻshni sovxozda armanlar toshdan imorat qurayotgan ekan, choʻtkachi Rama joʻram: «Shularga bor. Har balo qoʻlidan keladi armanining», dedi.

Borsam, haqiqatan ham biladigani bor ekan. Bir tiyin olmay, kallani joyiga oʻrnatib berdi.

Oʻlay agar-a, xuddi oʻziday qilib berdi. Lekin bechoraning bir kun vaqti ketdi: iyakni yamatgach, ichidan suvadi.

Ishonasizmi, bir tiyin olmay ketdi. Toʻgʻri, keyin uchta tovuq oborib, dimlama qilib berdim joʻralariga. «Pensioner boʻlmasam, qoʻy soʻyardim», dedim.

Ana endi deng, haykal hovlida turipti. Bala-and! Oppoq! Moʻylablari biram xushroʻy. Oʻziga yarashib... Toqqa qarab turipti. Tomdan ham baland-da!
— Ey, dohiy, — deb qoʻyaman onda-sonda. — Qalaysiz, Iosif Vissaranovich?

Oʻlay agar, lablari qimirlaganday boʻladi.
— Yaxshi. Rahmat senga, Kimsanboy. Seni bilar edim. Menga sadoqatli eding! — deganday boʻladi.

Bir kecha haqiqatan ham gapirdi-yov!

Oy chiqib turgan edi. Uyimdan sal narida jar bor, qurib ketgur axlatxona boʻlgan. Rayondagi bari singan butilkani keltirib toʻkishadi. Yana allambalo chiqindilar. Yovvoyi mushuk deysizmi, it deysizmi — makon qilib yuborgandi. Kunduziyam odam borishga qoʻrqardi. Oʻsha oqshom nimayam boʻlib, bir gala it juda uvladi. He, uvladi. Uyqum qochib ketdi.

Tashqariga chiqsam, oy sutdek yorugʻ... Qoʻrqdimmi deyman, eshik tepasidagi lampochkani yokdim. Hammayoq ravshan boʻlib, koʻnglim sal joyiga tushdi.

Dohiy boʻlsa, turiptilar!

Xuddi menga qoʻriqchiday!

Gangib, poylariga oʻtirdim. Chekipshi tashlagan edim, bitta tutatdim. Juda gʻussaga botdim. Endi odam oʻylaydi-da, ogʻa: «Bu inson olamga kelib, nima orttirdi? Bitta shinel, bir juft etik, kalominka kitel, furajka bilan oʻtdi...»

Oʻ, oʻzingizdan qolar gap yoʻq: Hozirgi dumbul rahbar ham «bir narsali boʻlay» deydi. Xalqdan yulay, deydi. Keyingi vaqtda partiya safiga kiraman deb ariza berganlarning toʻqson foizi rahbar boʻlsam, qoʻlim uzun boʻladi deb oʻylaydi...

Axir, rahbar odam — partiya a’zosi boʻlishi kerak-ku bizda?

Sizga yolgʻon, xudoga chin, «Ikki ming soʻm ber, partiyaga oʻtkazaman», degan partkomlarni eshitganmiz...

He, hammayoq buzilib ketdi!

Lekin bu odam... Iosif Vissaranovich xuddi Leninga oʻxshab yashadilar-da!

Toʻgʻri, toʻgʻri, tushunib turibman: Lenin boboyam Stalin haqida biroz...

Ammo-lekin umrini xalqqa berdi-ku buyam!

Ha! Men shunday deb oʻylayman! He, Xrushchyov taxtga oʻtirishidan oldin xalq ham shunday deb oʻylar edi.

Stalin oʻlganda minglab odamning koʻngli ozib qolgani bejiz emas-da! Mening kasalxonaga tushganimga ishonmaysiz-da?

Ana shunaqa, ogʻajon.

Bi-ir mahal shivirlab qoldim:
— Oʻrtoq Stalin, bu ishlar... qandoq boʻldi? — Keyin sekin oʻrik soyasiga oʻtdim.
— Parvo qilma, Kimsanboy, — dedi u kishi. — Bu kunlar ham oʻtadi. Hali mening qadrimga yetadigan kishilar keladi taxtga... Xrushchyov ham oʻtadi. U aslida meni xush koʻrmas edi. Men uni pisand qilmas edim. «Nikita» der edim.

Balki, balki bu gaplar xayolimda kechgandir? Balki men qoʻshib aytayotgandirman. Ammo gaplashdik!
— Kurskiy duga esingizdami? Tankada yonib ketayozgan edim?
— Esimda... Kremlda oʻtirgan boʻlsam ham, koʻrib turib edim! — dedi dohiy. Ha-da, u koʻrib turardi. Be, ishonmas ekansiz-da odamga...

Bir vaqt qarasam, yigʻlayapman. Keyin asta uyga kiraman degan edim, haligi itlar yana uvlab yubordi. Turib qoldim: «Dohiyni qoʻrikdayaptimi ular ham?»

A? Ha-da, haykalni koʻrgani har xil odamlar kelib turishardi: biri yashirincha, biri oshkor. Biri qiziqib, biri mendan ahvol soʻrash uchun. Ishqilib, bizning hovli Xoliqberdievning muzeyiga oʻxshab qola boshladi.

He-he-he! Bilet sotsangiz boʻlar emish! Yoshsiz-da! Undan koʻra oʻldirib qoʻyarman oʻzimni...

E! Sizlar — boshqa avlod!

Xudoni bilasizmi? Bilmaysiz. Paygʻambarni-chi? Yoʻq. Toʻgʻrisi, men ham bilmayman. Koʻrganim yoʻq, oʻzi kechirsin... Lekin ahli musulmon xudoga ishonadi, toʻgʻrimi?

Xoʻp, qoʻrqadi deylik.

Stalindan ham ana shunday... Yoʻq, u kishiga ishonar edik.

Ishoning shu gapimga: Stalin — biz uchun ham xudo, ham paygʻambar edi!

Ularga qarshi borib boʻladimi? Ularga sigʻinish mumkin, tavof qilish mumkin, xolos.

Ana shundan keyin...

E, e, tilingizga shakkar, kelishdi-da gruzinlar! Ikkitasi. Mana shunday yerga oʻtirishdi. Qaydan bilishgan bu savdoni? Xudo biladi. Keyin tusmolladimki, toshtarash armanilar borib aytishgan boʻlsa kerak? Kapkazga borganda...

«Pakayaniy?» Darvoqe, yaqinda qulogʻimga chalindi: gruzinlar shunday kino qilishipti. Stalinga oʻxshagan — rasmiga xalq sigʻinadigan kishini koʻrsatipti deyishdi.

Ha, rost: kinoda xalq qoʻrqqanidan sigʻinar emish... Ammo hayotda oʻz-oʻzidan sigʻinar edi, ogʻajon!

He, falak, unday odamlar bitta oʻtadi! Xudo haqqi, Stalin tirikligida Lenin boboniyam esdan chiqarib qoʻygandik. Endi, asosiy ishlar, qiyinchiliklar Stalin davriga toʻgʻri kelgandi-da... Ha-ha, lekin Stalin inqilobniyam tepasida turganlardan, axir.

Gruzinlar ketishdi.

Bir hafta yotishdi. Qoʻy soʻydik. Oʻzlari opkeldi. He, yashik-yashik vino...

Qoʻshnilarniyam ogʻzi tegdi.

Ular ketgandan keyin bizni raykomga chaqirishdi. Bordik. Birinchi bilan Boʻtaev oʻtirgan ekan. Boʻtaev aytdi:
— Siz nima qilyapsiz oʻzi?
— Nima qippan? Stalin sizlarga kerak boʻlmasa, menga kerak, — dedim. — Xoʻp, ana, bitta-yarimta qiziqqan oʻrtoqlar borishadi. Koʻrsa nima? Men ularga tashviqot qilmasam. Stalin yaxpti edi demasam... Miq etmayman. Tomosha qilib-qilib ketishadi. — Keyin Boʻtaev jigʻimga tekkan edi, jahlim chiqib ketdi. — E, oʻrtoq rais! — dedim. — Ogʻzingizga qarab gapiring: men ham shu yurtning bir patriotiman. «Chet ellarda» emish! «Shu odam insoniyatni oyoqosti qilmoqchi boʻlgan!» deb koʻrsatishar emish!.. Oʻrtoq Stalinning nomini eshitsa, zir titrashar edi. Ular xursand... Menga oʻxshagan...
— Yoʻqoting, — dedi Boʻtaev. — Mendan ham ayb oʻtgan ekan, oʻrtoq sekretar...

Birinchi boʻlsa, kuldi.
— Mening qarshiligim yoʻgʻ-u, Kimsan aka, — dedi. — Lekin shu haykal sizniyam boshingizga bir tashvish solmasa deb qoʻrqaman. Meni tushuning, aka... — Keyin Stalin davrida qirilib, «xalq dushmani», deb qoralanib, otilib ketgan odamlar, juda katta-katta rahbarlar, oʻzimizning oʻzbeklardan ham uch-toʻrttasini tilga oldi. Keyin: — Sizgayam kasofati tegmasa deb qoʻrqaman, — dedi.

Kasofati tegmaydi! — dedim. — Men frontovik! Men Stalin deb jangga kirganman. Balki shu gap menga quvvat boʻlib, oʻlmay qolganman! — dedim. — Chunki Stalin: «Biz gʻalaba qilamiz!» der edi. Mana, gʻalaba qildik.

Keyin ikkisi mingʻirlab, menga bir gaplarni, bir gaplarni aytishdiki, asti soʻramang...

Aytaveraymi ?
— Siz siyosatning oʻzgarib turishini bilmaysiz, aka, — dedi birinchi. — Ha. Xudo koʻrsatmasin, «xalq dushmani» degan gap tilimizdan yoʻqolgan emas...
— E? — dedim. Ammo sizdan yashirmayman: boʻgʻinlarim boʻshashib ketdi. — Haliyam bormi?
— Axir siz rasmiy siyosat bilan oʻynashyapsiz-ku?
— Qachon?
— Mana shu qiligʻingiz nimadan dalolat beradi?
— Ey, oʻrtoq kotib! — dedim. — Men printsipli odamman, ogʻajon! Men agar bu ishni oshkora qilayotgan boʻlsam, boshqalar ichida... yaxshi koʻradi Stalinni. Xoʻp, yosh bolalarni qoʻying...
— Siz xavfli odam ekansiz, — dedi Boʻtaev.
— Gap tamom. Uni oʻz qoʻlingiz bilan biryoqli qiling,— dedi sekretar. — Hech boʻlmasa, koʻzdan pana qiling!

Bir yoqli... qilamanmi men? Oxiri oʻylay-oʻylay, ustiga chodir yopib qoʻydim. Oʻrabgina. Shunday turibdi... Ha, onda-sonda ochaman. Kechalari...

Ochib qoʻyib gurunglashaman. Ishonmaysiz-da? Bilasizmi nima, oʻzi ishonmaydigan odamlar... nima de-sam ekan, oʻzingiz sinab koʻring bir narsaga qattiq ishonsangiz, u narsa tosh boʻlsayam tilga kiradi! Xudogayam odamlar ishongani uchun uni «bor» deb yurishadi. Ha, endi hammamiz ateist boʻp ketganmiz-u, baribir-da...

Yoʻq, hozir hech kim bezovta qilmayapti. Odamlar ham oyogʻini tortib qolgan.

Ikki yildan beri gruzinlar ham kelmay qoʻydi.

Stalin bobo davrida haligiday boʻlganlar haqida boʻlsa, gazetalar har kun yozishyapti...

Ha, endi ta’sir etadi mengayam, bir gapni hadeb qaytaraversangiz, ta’sir qiladi-da...

Lekin men... tushunmayman, nimanidir kutganday, kutib yurgandayman.

Bir oqshom shu toʻgʻrida Stalindan soʻradim ham.
— Bekor gap. Senga oʻzim ziyon yetkazmasam, hech kim ziyon yetkazmaydi, — dedilar.
— Bu nima deganingiz, oʻrtoq Stalin?
— Qara, kechagi dovulda qimirlab qoldim. Bosib tushsam, oʻlasan.

Nachora?.. Bu yogʻiniyam aytayin. Bir oqshom Rama joʻram bilan tagʻin bir-ikki oshnalarni obkelib, dohiyni yotqizdik. Ustiga chodirni yopganimizdan keyin, ishoning-ishonmang, devning murdasiga oʻxshab qoldi. Keyingi kuni oʻzim u kishing ustiga tuproq uyub qoʻydim.

Nazarimda, dohiyning oxirgi vasiyatini ado etganday edim.

1988