OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiHayot abadiy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hayot abadiy (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Sovxozning bosh agronomi Nodir Roʻziqulov majlisdan qattiq tanqid yeb chiqdi. Uyga kelib, oʻzi yoqtirmaydigan qaynanasining «hemirisi yoʻq ekspeditori ham yangi uchastka qurib olyapti, yer boʻlsa sizni qoʻlingizda» degan gapini eshitib: «Mening boʻlgan turganim shu. Chidamasangiz qizingizni olib ketavering!» — dedi. Xotini ham shuni kutib turganday qizchasini koʻtarib, onasiga ergashdi.

Nodir koʻchaga chiqib, oʻzini qopmoqchi boʻlgan qoʻshnisining itiga kesak otgan edi, itga qattiq tegdi shekilli, u shunday vangʻillab qochdiki, endi koʻknori ichib, boshiga choponini tortayotgan bangi qoʻshnigor kayfi uchib, darrov devordan qaradi. Nodirni koʻrib nima gapligini soʻradi. Nodir aybini boʻyniga olgan edi, u: «Hayf sizga-ey, xoʻjayin, kuchingiz shu tilsiz maxluqqa yetdimi! Kuchingiz juda oshib, qoʻlingiz qichiyottan boʻlsa, sekin meni chaqirmaysizmi!» deb, Nodirning ta’bini tirriq qildi, buyam yetmaganday, itini ayvonga chaqirib, unga shunday baqirdiki...

Nodir huvillab yotgan uyga kirib, qizchasining toʻshab qoʻyilgan koʻrpachasiga koʻzi tushdi, borib uning ustiga choʻnqaygan edi, bolasining ona sutini eslatuvchi isi dimogʻiga urildi-da, koʻngli buzilib ketdi. Chopib tashqariga chiqdi, yuziga sovuq shamol tegib, toʻxtab qoldi. Bir nafas koʻksini ochib, ayvon panjarasiga oʻtirdi va toʻsatdan shu qadar boʻshashib ketdiki, yerga guppa yiqilib, oʻlib qoladigandek boʻldi. Haqiqatan ham guppa yiqildi...

Shamol qattiq esib, bujmaygan tok barglarini uning ustiga opkelib sochdi. Tongga yaqin shivalab yomgʻir yogʻa boshladi. Bu ilk kuz yomgʻiri edi. Qovjiroq koʻkatlaru daraxtlarning turfa hidi atrofga anqib ketdi. Soʻng yomgʻir tinib, havo ochildi, unda oppoq yulduzlar yarqirab yona boshladi. Atrof shu qadar sokin ediki, hatto yaproqlardan tomgan tomchilarning chakillashi ham eshitilardi. Shabada esa boshladi. Atrof salqin, birdaniga sovuq tushganday boʻldi.

Bu ajoyib oʻzgarishlarni Nodirgina koʻrmadi, chunki u tirishib, oʻlib yotibdi. Oyoq-qoʻlini yozib, koʻzlarini yumib, iyagini koʻtarib bogʻlab qoʻyadigan bironta odam boʻlmaganidan tirishib, kulala boʻlib qoladi-da. Esiz, yomon oʻlim topdi-da, it qavmida ketdi, deyishadimi buni? Vasiyat ham qilmadi, yosh ketdi. Qizchasini ham koʻrib, diydoriga toʻyolmadi, xotinidan ham rozilik ololmadi. Sovxoz ishchilari... Har holda uni hurmatlaydigan kishilar koʻp edi. Ayniqsa, Cha-Chaning onasini aytmaysizmi. «Yogʻoch topib bering, direktor yoʻq dedilar. Qish tushyapti, uyim bosib qoladi» deganida uchastka qurish niyatida bir kunlik yoʻldan olib kelib, sim bilan oʻrab qoʻygan taxtalarini unga berib yuborgan edi. «Kam boʻlmang, umringiz uzoq boʻlsin, oʻlgunimcha sizni duo qilaman», degan edi kampir boyoqish. U eshitsa, albatta yigʻlaydi, boʻmasam-chi?!

Tong otdi. Koʻchadan oʻtib ketayotgan boʻlim mudiri oʻzining ishga erta ketayotganini bildirish uchun devordan moʻralab qaradi-yu, odatdagidek, Nodirni ayvon oldidagi kosagullar yonida koʻrmadi. «Uxlab qoptilarmi?» deb oʻylab, «Oʻrtoq Roʻziqulov!» deb chaqirdi. Unga hech kim javob bermadi. «Nima, bular qirilib ketganmi?» deb ichkariga kirgan edi, ayvonda gʻujanak boʻlib yotgan bosh agronomni koʻrib qoldi. «Nima balo, mastmi? Bu koʻp ichsa ham hech mast boʻlmasdi-ku?» deb oʻylab, uni chaqirdi. Bir vaqt agronomning oʻlib qolganini koʻrib, dodlab yubordi.

Tumonat odam yigʻildi... Albatta yigʻiladi-da, kimsan sovxozning bir rahbari olamdan oʻtadi-yu, odam yigʻilmaydimi. Marhum koʻplarga yaxshilik qilgan edi...

Hanifaning yigʻlashini koʻrsangiz edi! «Vo, toʻram! Meni kimlarga tashlab ketdingiz, o toʻram! Qizingiz: «Mening dadam qani?» desa, nima deyman? Enamnikiga ketmay oʻlay! Bunday boʻlishingizni qaydan bilibman? Yoningizda oʻtirsam boʻlmasmidi? Vo, toʻram!»

Ha, shunday! Kishining yaxshiligi keyin bilinadi. Hali bu xotin koʻp yigʻlaydi. Qaynanasi-chi? E, tang, kuyovingni shunchalik sevar ekansan, hayotligida nega uni tergayverding, loʻli! Yo bu samimiy yigʻlayaptimi? Balki yigʻisi samimiydir. Bir hisobda maddoh kampir ham haq edi. Shular biron narsaga zor boʻlmasin, der ekan-da. Toʻgʻri, Nodir oilasiga koʻp beparvo edi. Xolxoʻja milisaning: «Sen gʻirt proletarsan!» deganida jon bor.

Hammasi oʻtdi-ketdi, endigi pushaymon oʻzingga dushman.

Direktor ham yigʻlayaptimi? Ha-a, yigʻlayapti. Nodirbek, halol bir agronom dunyodan oʻtsa-yu, u koʻziga yosh olmaydimi!..

Axir, Nodir tuzuk xodim edi. Direktor nima oʻylayotganikin? Nodirning favqulodda oʻlimi uni hayron qoldirayotgan boʻlsa kerak-a? Ehtimol kecha majlisda tanqid qilgani uchun afsus qilayotgandir? Chidolmagan, nohaq gapni koʻtara olmagan, deb albatta. Shunday boʻladi. Bilib tanqid qilish kerak. Bu odam qobil, tanqidga chidaydi deb doʻpposlayveradimi kishi deganni.

Mana, kafanga oʻralgan bosh agronomni tobutga soldilar, koʻtar-koʻtar qilib, Qizilqoya qabristoniga olib ketdilar.

Hammasi orqadi qoldi. Xotin, bola, uy. Araz, diqqatpazlik, gʻiybat... Ish. Sovxoz. Ishchilar...

Qishloq ham orqada qolib ketdi.

Xalqimizning yaxshi odati bor-da. Eshakda ketayotgan bir odam shartta pastga tushib, chopib kelib, tobut shotisini yelkasiga oldi. Ellik qadamcha koʻtarib bordi-da, boshqaga berdi. Fotiha oʻqib, orqada qoldi. Ana bir shofyor ham mashinasini toʻxtatib, kabinadan tusha solib, tobutga qarab chopdi.

Qabriston. Negadir bu yerning tuprogʻi qizil. Nodir dinga ishonmas edi. Ammo shu qabriston oldidan oʻtayotganda, koʻngliga allaqanday vahima tushar edi. Kechasi oʻtganda ovozini chiqarmas, u yerdan eshitilayotgan boyqushning sayrashi Nodirni qishloq yoʻliga tushgancha ta’qib etar edi: «Bu yerda oʻliklar qoʻrqmasdan qanday yotisharkin-a? I-e, ular axir, hech narsani sezmaydi-ku? Axir, oʻlik oʻlik-da. Kesak nima-yu, oʻlgan odam nima?..»

Mana, marhum qabrgayam qoʻyildi. Mehribon ota goʻrga birinchi boʻlib tuproq tashladi. Odamlarga hayronsan! Muncha shoshishmasa? Bosh agronom tezroq koʻzdan yoʻqolsin deganday goʻrga tez-tez tuproq tashlashadi-ya.

Jimjitlik. Oʻlik sukunat. Mozor, qizgʻish uy, manavi qaqqaygan qari tut daraxti hech narsani sezmaganday turibdi. Uning kovagiga chumchuqlar har vaqtdagidek shoshib kirib chiqyapi. Ana, namgina tuproq uyumi ustiga bir qargʻa qoʻndi.

Inson hayoti shu ekan-da. Tugʻildi, oʻsdi, oʻqidi, ishladi, odamlar bilan urishdi, yarashdi. Roʻzgʻorni oʻyladi, tashvish tortdi. Sevdi... nihoyat, oʻldi.

Oilada bir necha kun yigʻi-sigʻi, rasm-taomillar. Keyin? Uni eslab yurish...

Bu orada sovxozga boshqa kishi, ikkinchi boʻlimning boshligʻi bosh agronom boʻldi.

Ota ham, ona ham asta-sekin gʻam bukkan qaddini tiklashdi. Yosh kelinga sovchi keldi. Sovchi uchinchi kelishida qaynana koʻndi.

Keyin?.. Yoshgina qizi, onasining keyingi erini otam deyishga oʻrgatadi uni qaynana. Yo?..

Nodir boʻlsa sezmas, eshitmas boʻlib qabrda yotibdi.

Darvoqe, u qanday boʻlib oʻldi?

Oʻsha kuni majlisdan tanqid yeb keldi, qaynanasi bilan uy xususida janjallashdi, xotini ketib qoldi, koʻchada itni urib, egasidan dakki eshitdi...

Keyin eshikka chiqqanda koʻkragiga sovuq shamol urildi.

Bu kuz shamoli shunchalik yoqimli, huzurbaxsh ediki, Nodirning xoʻrligi keldi. Keyin... bu adolatsizliklarga chidolmay, oʻzini achchiq ustida oʻldirib qoʻydi.

Bu kimga foyda boʻldi? Kim uni maqtadi? Nima boʻldi, keyin nima?

Oʻsha kechagi seryulduz osmon ham, oppoq yulduzlar ham oʻz oʻrnida. Daraxtlar, yomgʻir... Shabada.

Hayot Nodirsiz ham davom etyapti.

...Ayvon panjarasida boʻshashib oʻtirib qolgan Nodir choʻchib boshini koʻtardi va chuqur xoʻrsinib oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Sigareta chekib yana bir nafas turdi-da, koʻchaga chikdi. Qoʻshnining koʻngli yumshab, itga achinganini aytdi va «mashoyixlar aytibdiki, Ka’baga oʻt qoʻyib, butga choʻqin, lekin moʻrchani ogʻritmagil, ha, shunaqa boʻladi-da», dedi. Nodir bolalarini olib kelgani qaynanasinikiga yoʻl oldi. Yoʻl boʻyi oqshom eshitgan tanqidini eslab, tahlil qilib, xatolarni bartaraf qilish yoʻllarini rejaladi.

Hali Nodir panjarada xayol surib oʻtirganida, boʻyniga bir necha tomchi yomgʻir tomgan edi, endi shivalab yogʻa boshladi. Qovjiroq oʻt-oʻlanlar, daraxtlarning taxir yozgi hidi anqib ketdi.

1970