OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiHukumat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hukumat (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Urush yillari Kengdalada raislik qilganimda bir qozoq kampir boʻlardi. Bechora yolgʻiz edi, bizning uy ishlarini qilardi. Oʻshanda oʻtovda turardik. Sigir bor, ikkita-uchta sovluq bor, shularni sogʻardi. Kir-chirni yuvardi. Ana shu boyoqish «rais» degan soʻzni bilmasdi-da, nuqul: «Hukumat opoy...» yoʻq, «Oʻqumat opay», deb chaqirardi meni. Yaznangizniyam «Oʻqumat ogʻay» der edi. U kishi — kolxozning raisi, men Shoʻroning raisi edim.

Nima balo boʻldi, men ham qarigandan keyin kattalarni «Hukumat» deydigan boʻldim.

Qodirjonniyam «Hukumat bolam» der edim. Yosh kadr, otalari partiya, sovet tashkilotlarida koʻp yil ishlagan, boobroʻ odam edi. Urushdan qaytmadi. Ot oʻrnini toy bosadi degandek, Qodirjon ham rahbar boʻlib yetishdi.

Agranomlikni bitirganmi-yov, aniq bilmayman. Lekin, bolam, hozir ham rayonda uni juda hurmat qilishadi. Endi... bizga oʻxshagan qariyalarniyam izzatlaydi-da. Koʻpning duosi — koʻl, hurmat qilsang — hurmat koʻrasan.

Shu kishi deng, bizga uncha-muncha qarashib turadi-da. Sovxoz direktori, hamma narsa uning qoʻlida: qozonning boshida... Biz ham axir shu jamiyatni deb xizmat qildik. Vaqti kelganda, och qoldik, qiynaldik. Lekin jamiyatni deb yashadik... He, bolam, boshimizdan koʻp savdolar oʻtgan: savodsizlikni tugatishda oʻzimizning oʻlib ketishimizga oz qolgan, qoʻsh xotinliklarga qarshi kurashishda ham bitta Ja’farov degan kishining meni otishiga oz qolgan. «Enagʻar, xotinlarim rozi boʻlsa, yana nima deysan?» degan. Bir hisobda oʻsha odam ham haq ekan... Lekin zamonning talabi shu edi: uni javobgarlikka torttirdik. Keyin xotinlariyam meni uch yil qargʻab yurdi. Quloq qilish, tilla qidirish vaqtlaridayam koʻp ish qildik...

Ha, endi mana, qarib, pensiyaga chikdik. Men tengi dugonalarimdan ham uchta qoldik. Lekin men sodda ekanman: pul yigʻmapman. Dunyoning ketidan boʻlmapman. Mana, endi pensiyaga qarab oʻtiribman. Yaznangizning ham ahvoli shu. U bechora shuncha yil kolxoz raisi boʻlib, faqat otni minib: «Mashoqni terma! Gʻallani oʻrma!» deb umrini oʻtkazgan ekan. Ammo-lekin u kishiyam juda halol ishlaganlar. Bilamanda. Urushdan keyingi qimmatchilik yillarida ayrimlar kalamush, sichqonlarning uyasini kavlab, gʻalla-don topishardi. Ana shulargacha tortib olib, hukumatga topshirganlar...

Oʻgʻilchamiz shoʻx chikdi. Boshi omon boʻlsin, qolgani — shu... «Kenja bolam, kenja bolam, topganimni sen je bolam», deb yurgich edim. Mana, yoshimiz oʻtgan-da, bu odam boʻldi. Bir nimani yolchitib yedirmadik ham. Qaytamga uning qoʻliga qarammiz.

Shopirning topgani nima boʻladi? Be, siz aytadigan shopirlar boshqacha. Buning mashinasi bir kun ishlasa, ikki kun oʻzi ishlaydi: mashinaning tagidan chiqmaydi. «Ena, yangi moshin obering. Ota, dalolat qiling», deydi.

Bizning gapimiz oʻtmaydi... Qodirjon «yangi mashina kelsa, beraman» degan. Ana shundan keyin Kenjamiz oʻzini oʻnglab olar. Oʻgʻilchasi maktabga boradigan boʻp qoldi: hali qoʻlini halollagani yoʻq...

Shu, yaqinda deng, afgʻon shamoli boʻldi-yu, anavi ogʻilning ustini ochib ketdi. Kenjaboy irimiga devor koʻtarib, ustini taxta-karton bilan yopgan edi: tovuqxona qilgan edi. Shuning tomini koʻtarib tashladi. E, qiyomat boʻldi oʻsha kuni. Koʻp ziyon yetkazdi u shamol.

Shunda jiyaningiz aytib qoldi-da: «Ena, qani, oʻkumatingizga boring endi. Toʻrtta shipr bersin», dedi.

Shu gapi menga negadir oʻtib ketdi.
— Boraman! — dedim. — Sen mening hukumatimga piching qilma! Hali yosh bolasan! Biz uni qurganmiz! O, qanday qiyinchilik bilan qurganmiz!..

Rost-da, ugʻlim, shu kolxoz tuzilish yillarida men oʻn uch-oʻn toʻrt yoshlarda edim. Enam bechora otamdan qolgan qoʻsh hoʻkiz bilan qoʻzili sovligʻimizgacha kolxozga bergan edi. «Boʻlsin, ishqilib, shu jamiyat boʻlsin. Hukumat oyoqqa tursin!» der edik...

Endilikda shakkoklar koʻpaygan, bolam. O, ba’zan bir gaplarni eshitasan, bir gaplarni! Odamlarning ogʻzi mana munday boʻlib ketgan. Bizning zamonlarda u ogʻizlarni allaqachon yirtib qoʻyishardi. Hozir tartib-intizomdan putur ketgan. Organlar ham yaxshi ishlamaydi, men sizga aytsam...
— E, boring! Shu Qodir hukumatingizga bir uchrang! — dedi Kenjaboy.
— Uchrayman! — dedim. Anavi tuflimni kiydim. Leninning yuz yilligida, Oktyabrning oltmish yilligida berilgan medallarni takdim. Cholga qarasam, boshi xam. Joʻnadim.

Mana shu tor koʻchadan oʻtib, mosh ekilgan dalaga chiqdim. Biram havo yaxshi. Mosh pishgan. Qirs-qirs yoriladi. Ariqlarda suv. Qurbaqalar qurillaydi.

Juda koʻnglim ochilib, hee, oʻggan-ketgan kunlarni eslab, katta yoʻlga chikdim. Koʻpqavatli imoratlar tushayotgan ekan, shularning orasidan oʻtib, sovxoz idorasiga bordim.

Bu — eskidan qolgan imorat edi. Peshayvoni bor. Yeri taxta-pol qilinmagan. Lekin mengayam qandaydir yaqin imorat edi. Qodirjon shu yerda ishlardi.

Kirib bordim.
— Assalomu alaykum, xolajon, — dedi. Oʻrnidan turib, kelib koʻrishdi. Munday joydagi divanga oʻtqazib, bir piyola choy berdi. — Damliginamisiz, xolajon? Boboy yaxshimi? Jiyan qalay?.. Yaqinda yangi mashina keladi, albatta beramiz...
— He, mishta kiring, ogʻajon, — dedim. — Otangiz oʻzi ulugʻ odam edilar-da!
— Xizmat, xolajon?
— E, oʻgʻlim, — dedim. — Kechagi shamolni bildingizmi?
— O, asta aytasizmi! Bizning qirqta shshshrimizni uchirib ketdi. Parcha-parcha qilib tashladi. Qancha tsement, albastr koʻkka uchdi. Oʻziyam yarim soat orasida hammayoqni toʻs-toʻpolon qilib yubordi-da!

Shiprni tilga olganida, damim sal ichimga tushgan edi. Baribir aytdim:
— Shunday-shunday... Katakning usti ochilib qoldi. Tovuqlar sochilib ketdi. Kenjaboyingiz jinni boʻlib yuripti. Bizda qoʻy yoʻq, sigir yoʻq. Shu toʻrtta tovuq...

Qodirjon indamay qoldi. Indamay choy ichdi. Xudo ursin, uni hech munday ahvolda koʻrmagan edim: hamma vaqt «yoʻq» demasdi... Axir, bilasiz, bir zamonlar bu hukumatimiz bizga qaram edi. Endi biz unga qaram boʻlib qoldik: qarashib tursa yomonmas-da! Toʻgʻri, odam xijolat boʻladi. Ammo noiloj.

Yoʻq-yoʻq, men yilida kelsam, bir marta kelardim. Iltimos bilan. Shundayam davlat narxida pulini toʻlab olardim. Endi, bir qop-yarim qop kamikormami, bugʻdoymi, arpami, ishqilib... «yoʻq» demasdi-da.

Oʻzi, men sizga aytsam, bolam, bu tilanchilik emas. Xudo asrasin: endi, odam... hadding sigʻib kelasan-da. Oʻzingning hukumating, axir.

Toʻgʻri endi, bu hukumatimiz ham ancha pishiq boʻlib ketdi: bir vaqtlar, bayramlar boʻlsa, Oktyabr, hayitlar kuni bozorjoyda qozon-qozon osh damlanardi, choy, non — bari bepul. Oʻyin-kulgi. Bayram, toʻy toʻydek oʻtardi. Keyin... bunaqa supralar ham ochilmaydigan boʻp ketdi. Qaytamga ba’zi odamlar kattaroq toʻy qilsa: «Boy boʻp ketdingmi?» deydiganlar koʻpaydi...

Men oʻgʻri, kazzoblarni koʻzda tutmayman, bolam... Ular haliyam bor. Oxiri oʻz haqini oladi: xudodan topadi. Xudodan topmasa, hukumatning oʻzi koʻrsatib qoʻyadi.

Qarigandan keyin ezma boʻlar ekansan kishi.
— Ha, Oʻqumatjon? Munday oʻylanib qoldingiz? — dedim.
— E, xolajon, hozir zamon oʻzgarib ketdi, — dedi Qodirjon. — Men sizdan hech narsani ayamayman, bi-lib qoʻying! Hukumat oʻz veteranlaridan ayamaydi...
— Rahmat! Hukumat paqat xalq farovonligini koʻzlaydi.
— Gap shundaki, xolajon, birinchidan, bizda hamma narsa qattiq hisob-kitobli boʻlib qoldi. Qurilish materiallarining ham narxi oshdi... Shunga qaramasdan sizga yordam qilish kerak... Ammo, xolajon, oʻzingizdan qolar gap yoʻq, etaqdagi choʻl oʻzlashtirilgandan keyin sovxoz boʻlindi.
— Boʻlindi?
— Ha. Ikkita sovxoz boʻldi-da... U sovxozga koʻp joylarimiz tushib ketdi.
— Qaerda u?
— Ana shu katta yoʻldan bora bersangiz, astanovka keladi... Hali eshitmab edingizmi?
— Qaydan?
— Shu yerdan qizil avtobus oʻtadi. Uchta astanovkadan keyin chapga burilib toʻxtaydi. Qaragʻay ekilgan bogʻ keladi. Ana shu yerda yangi sovxozning idorasi...
— Xoʻp, idorasi boʻlsa boʻlar, — dedim. — Men sizdan yordam soʻrab keldim-ku?
— Men ham aytyapman-ku, sizning yeringiz oʻsha sovxozning territoriyasiga tushib ketgan.
— Xoʻsh?
— Shuning uchun... shuning uchun yordamni oʻsha sovxoz qiladi endi. Direktori yosh yigit, aqlli... Xolajon, tushunmayapsizmi?
— Yoʻq, tushundim, tushundim, — dedim. — Lekin sizning idorangizga piyoda keldim, unikiga aptobus bilan borsam, u bizga yiroq ekan. Qodirjon, menikiyam bir gap-da: sizning sovxozingizda turabersak-chi, qola bersak-chi?
— He, xolam-e, xolaginam-e, xolaginam-e! — deb kuldi u. — Mumkin emas!

Men bilar edim: mumkin emas. Lekin yoʻliga aytgan edim-da.
— Xoʻp, oʻsha sovxozda boʻla qolaylik. Lekin siz... Oʻntagina shiprga qogʻoz bersangiz, men pulginasini toʻlab...
— Xolajon, men nima deyapman? Kechirasiz, tushuntirolmadim shekilli... Xoʻsh, eng muhim gap shundaki, bizda ham haligiday xoʻjalik hisobi, samofinansirovanie degan gaplar amalga oshyapti... Bundan ham muhimi, xoʻsh, hamma narsa shu qadar hisob-kitobli boʻlib ketayaptiki, men sizga bitta shipr bersam ham, bu yerda gap qilishadi. Sovxoz mulkini begonalarga talon-taroj kildirdi deb...

Ana, biz begona boʻlib qolgan ekanmiz. Voy, men tushunaman, gʻalcha emasman: hukumatning gapi gap. Qarorlari — qaror! Ularning, misol uchun, plan bajarishda koʻp amal qilmasayam, mana munday yoʻriqlarda juda amalda!

Lekin men endi beshta shipr deb yursam... Kenjaboydan ham uyalaman: «Hukumatingiz nima qildi desa, nima deyman? Hukumatim oʻzgaripti, deymanmi?»

Qodirjon yana bosh egdi. Bildim: bolaning iloji yoʻq. Boʻlmasa, u bunday qilmas edi.
— Ha, bolam, yaxshiligingni koʻr, — dedim. — Sen oʻksima, Qodirjon... Unga boʻlsa, unga boraman-da...

Qodirjon xoʻrsinib turib ketdi.
— Biz bir qattiq boʻlsak, toshdan oʻtib ketamiz! — dedi. — Bir saxiy boʻlsak...

Men kuldim.
— Saxiy boʻlganimizni haligacha koʻrganim yoʻq. — Keyin uning koʻnglini koʻtardim. — Biz, bolam, hukumat... hukumatimiz kattalariyam yoʻqsildan chiqqan. Oʻzimiz ham. Boylarniyam yoʻqsil qilganmiz. Bunday mamlakat, hukumat... koʻrpasiga qarab oyoq uzatishi kerak. Tushunaman, ogʻajon. Menikiyam bir gap-da.
— Aqlli xolajonimdan aylanay, — dedi.

Shunday dedi.

Men uni duo qilib chiqdim. Aytganidek yoʻlga tushib, bekatga bordim. Avtobusiyam aytganiday ekan, keldi. Oʻsha qaragʻayzorga burilganda, tushib qoldim.

Qarang-a, uyda oʻtirib qolganingdan keyin jamiyatdan chiqib ham qolar ekansan. Gazeta koʻp, koʻp olamiz. Jurnallardan ham... Dunyoning u chekkasidagi gapni bilib turar ekansan-u, yoningdagi oʻzgarishlardan bexabar qolar ekansan.

Bu taraflar, hee, toza oʻzgarib ketgan ekan... Esimda bor. Kechagiday: qirqinchi yilmidi, oʻshanda Shoʻro majlisini oʻtkazish uchun shu tomondagi bir ovulga borib, kech qaytgandim. Bir choʻpon bechora: «Qizim, otingiz yaxshi ekan. Lekin bemahalda yurmang, jondor uchraydi», deb edi. Men... yosh ekanman: olovlik. Otimga ishonib hayday berdim. Qurisoy degan joyga yetganda, bir boʻri ergashdi. Tavba, qoʻrqmapmanmi deng. Boshimda katta shol roʻmolim bor edi. Shuning bir uchidan ushlab, bir uchini osiltirib kelaverdim. Boʻri oʻlgur roʻmol bilan oʻynaydi deng. Eshitganman-da, boʻri otning dumidan oladi deb. Xavotirim shundan edi. Bir mahal roʻmolni tishlab bir tortdi, qoʻlimdan chiqib ketdi. Ana endi, oʻldim, deb oʻyladim. Otni haydadim. Qor, muz, sovuq. Boʻri ergashdi. Buyoqda qorongʻi tushayapti. Soydan chiqib, endi qirga oʻrlagandim, boʻri yetdi... Otim bir sapchib ketdi-yu, yiqildi. Shunday yonboshlab qoldi. Qarasam, boʻri-moʻri yoʻq. Ot sogʻ. Pishqiryapti. Shunday boʻyniga osilib olib: «Chuh, jonivor!» dedim. Gapim dalda boʻldimi, ot jonivor sapchib turib ketdi. Hey unday joyga borganda egarga minib oldim. Qarasam, boʻri... ot yiqilganda tagida qolgan ekan. Oqsoqlanib chetga chiqyapti. Birdan uvlab yubordi. Men otni surib haydadim yana. Jiydali degan joyga yetganda, bir aravani uchratdim... Shunday qilib, omon qolgan edim...

Nima deyatgan edim?

Ha, bu dashtlar ham oʻzgarib ketgan ekan.

Idorani topib kirdim. He, bashang. Zinalari marmardan. Raykomning binosiga oʻxshaydi. Bir cholgina divanda oʻtirgan ekan, direktorning xonasini koʻrsatib qoʻydi.
— Assalom alaykum, hukumat bolam, — deb kirganimni bilaman, u talab tashladi.

Yoʻq, sira tanimadim. Yoshgina. Koʻzlari oʻynoqlabgina turgan yigit. Oʻttizlarning nari-berisida. Qodirjonga oʻxshab jaydari kiyinmagan ham. Boʻynida galstuk, oppoq koʻylak.
— Nima dedingiz oʻzi? Kim hukumat? — deb boshladi.
— Hay-hay, til oʻlgur oʻrganib qolgan-da, — dedim. — Hovliqmang, bolam. Biz ham, hey, sondan chiqqan uy xotini emasmiz... Vaqtida raykomlardayam ishlaganmiz. Kissamizda partiya biletimiz bor!
— Hech oʻxshamaydi-da, oʻxshamaydi, — dedi. — Ha. Xoʻsh, maqsad nima? Tezroq boʻling, vaqtim ziq!

Bu gapdan keyin unga bir nimani dangal aytib boʻladimi?
— Direktor bolam, — dedim. — Bilsangiz, eshitgan boʻlsangiz, meni falonchi opa deydilar. Keksa...
— Opa, veterandan koʻpi yoʻq! — dedi gapimni kesib. — Haliyam bitta veteran chol kelib ketdi. Qiladigan ishi — magazindan davlatning goʻshtini sotib olib, tashqarida ikki marta qimmatga pullash ekan! Veteranlar uchun hamma narsa bezochirid-da! Shundan foydalanar ekan, noinsof.
— Ha, endi nochorlikdan...
— Opa, muddao nima?

Juda xoʻrligim keldi: axir, meni rayonda bilishardi. Har yili Oktyabr bayramlarida bizni chaqirib siylashardi. Dugonalarimniyam. Koʻrganlar salom berardi.

«Bu yigit boshqa rayondan kelgan ekan-da», deb oʻyladim-da, muddaoga oʻtdim:
— Oldin Qodirjonning sovxoziga qarardik...
— Qaysi Qodirjon?.. Ha-ha, Qodir Sobirjonovich! Xoʻsh?
— Endi sizning sovxozingizga oʻtipti bizning yerlar.
— Juda yaxshi boʻpti! Bu sovxozning kelajagi katta! Him, bolalaringiz ishlaydimi?
— Ha, bir oʻgʻilchamiz... Kenjaboy shopir. Lekin... Lekin... Lekin bilmadim, u sizning sapxozingizdami, yo haliyam Qodirjonning sapxozidami?
— Xoʻsh, maqsad? — Keyin hech ikkilanmay: — Tayin biron iltimos bilan kelgan boʻlsangiz kerak? — dedi.
— Ha, — dedim.
— Oʻzim ham payqagan edim...
— Shu birgina bostirmamiz... tovuqxonamiz bor edi. Kechagi dovul tomini buzib, kartonlarini uchirib ketipti, oʻgʻlim. Shunga bir qarashasizmi deb...
— Shipr yoʻq.
— A?
— Bizda qurilish brigadasi bor. Samofinansirovaniyaga oʻtgan! Bu gapni tushunasizmi? Kooperativni-chi? Xozraschyotni? Him... Gap shundaki, siz oʻshalarga uchrashasiz. Ular borib, kami-koʻstingizni bitirib berishadi.
— Oʻzlari-ya?
— Oʻzlari! Lekin tekinga emas!
— Ha, albatta... Davlat narxida boʻlsa...
— Davlat narxida emas! Ilgari biz ba’zi qari-

qartanglarga qarashganmiz... qarashganlar. Sovxoz bahosida ul-bul ishlar qilib berilgan. Endi u narsa bekor qilindi. Hali bora-bora quruvchilarimiz ham mustaqil boʻlib ketishadi.
— Tushunmayapman. Ular... qimmat oladimi?
— Uh! Hozir, opa, qurilish materiallari ikki karra qimmatlab ketgan. Bilasizmi shuni?
— Yoʻq.
— Xullas, biz yordam berolmaymiz... Boshqa savollar bormi? Oʻsha Kenjaboyingizga ayting... Sizni veteran deb choptirib qoʻymasin, xoʻpmi? Hozir bari yoshlar nuqul veteranlarni choptirishadi... Bilib oldik! Endi bunga barham beriladi...
— Endi biz...
— Mening sizga yordamim — mana shu!
— Nima?
— Tushuntirdim-ku?
— Sal-pal tushundim... Lekin sizni hukumat deb... Axir, hukumatdan boshqa kimimiz bor, oʻgʻlim? Sizlar yosh edinglar, balki tugʻilmagan edinglar...
— Men bu gapni haligina eshitdim.
— E, amaling boshingda qolsin! Sadqai hukumat ket! — Shunday dedim-da, chiqib ketdim.

Endi deng, yigʻlagim keladi. Qayoqqa borishni bilmayman... «Xor boʻldim-da oqibat!» deb qaragʻay tagiga bordim. Oʻtirib xoʻp yigʻladim. Buyogʻi qanday boʻldi endi?

E, bolam, biz oʻylar edik-da: «Oʻlimlik ham yigʻmaganmiz. Hukumatning oʻzi koʻmadi», deb...

Qarang, odamlar qanday shafqatsiz boʻlib ketayapti. Yoshgina bolaning gapini...

Suvga tushib, quruq chiqqanday boʻldim, uyga joʻnadim. Lekin oʻpkamni bosolmayman: oʻlay agar uning gaplaridan bir narsani tushungan boʻlsam...

Shunday qilib, avtobusga chiqdim. Bir yoshgina yigitning yoniga oʻtirib qoldim. U Afgʻonistondan kelgan ekan. Bir oyogʻi yoʻq ekan. Men yigitchaning turib joy bermaganidan ham sal oʻksigan edim. Keyin tushundim-u, gurunglashib qoldik. He, u shoʻrlik ham veteran ekan... Menga aytmadi-yu, qandaydir ishi bit-maganini payqadim. Keyin avtobusdan tushib, uyga piyoda joʻnadim.

Oʻzimcha oʻylayman deng: «Ha, nimalardir oʻzgaripti. Xozrashyotmi, samofinasmi boʻpti... Yaxshilikka boʻlsin! Lekin biz shu hukumatni deb umrni oʻtkazdik. Endi u bizga...»

Yoʻq, bolam, uyga borolmadim. Boshim qotib qoldi. Moshzorga yetganda tagʻin qaytibman deng.

Orqaga-da.

Bir vaqt qarasam, eski sapxozning idorasidaman. Qodirjonning oldida turibman.
— Ha, xolajon? — dedi.
— E, bolam, mening hukumatim... sen ekansan. Shu sapxoz ekan, — dedim.

Ha, shunday dedim.

Bekorchilikdan «Ming bir kecha»ni oʻqigan edim. Bir poshsho bir gʻaribning hikoyasini eshitib, unga qoʻshilib yigʻlaydi. Shunga kulib edim. Qarasam, Qo-dirjonning ham koʻzi gʻilq yoshga toʻlgan.
— Xolajon, uyingizga boring. Boring, xolajon. Men oʻzim yuboraman shiprni, — dedi. — Nechta kerak?

Ana shunda oʻzimga keldim. Keyin... uyaldim. Endi shipr keraksiz boʻlib qolgan edi.
— Ilojingiz yetar ekan-da? — debman.
— Buyogʻini surishtirmang, — dedi.

Ketdim.

Shu oqshom Qodirjondan ikki davangiday yigit oʻnta katta shiprni bir mashinaga ortib kelib, bos-tirmaning ustini yopib, tagʻin birini zapasga qoʻyib ketishdi.

Oʻzimcha hayron boʻlib, Qodirjonni ham alqab, ham ichim ziq boʻlib oʻtirgandim. Kenjaboy kelib qoldi. Bostirmani koʻrib xursanddir deb oʻylasam, qovogʻi soliq.
— Ha? — dedim. — Oʻkumatim qilib bergan ishni koʻrdingmi?
— Koʻrdim, — dedi u. — Qodir aka uyidagi shiprini yuborgan ekan. U kishiyam bir ogʻil-pogʻilga ishlataman deb opqoʻygan ekan.
— Voy, shoʻrim...

Mana, sizga aytmoqchi boʻlgan gapim shu, oʻgʻlim. Siz tagʻin bu opamiz ta’magir ekan... Xoʻsh, hukumatdan norozi boʻlipti, demang, bolam. Sirayam unday emas: hukumat oʻzimizniki. Axir, biz uni deb yashadik. Umr poyoniga yetdi.

Albatta, albatta. «Vrag narod»largina hukumatni yomon deydi. Biz undaylarni kuritib kelganmiz.

1988