OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiIkki koʻrgan bilish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ikki koʻrgan bilish (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Oʻsha togʻ safaridan soʻng menda shunday bir fikr paydo boʻlgan edi: «Endi birovga yoqaman deb hech urinmayman. Yoʻqolsin xushomadgoʻylik!»

Bir kuni — Oʻshanda qish edi — bozor oqshomi dars tayyorlab boʻlib, deraza yonida turgandim. Tashqarida shitirlab qipikday quruq qor yogʻar, ayvon ustunidagi chiroq yorugʻida yiltillab, aylanib-aylanib tushardi.

Darvoza taqillab qoldi. «Otam keldi», deb oʻyladim. Qarindoshimiz toʻy qilib, bizni chaqirtirgan edi. Onam yosh goʻdagi borligi uchun, men darsim koʻpligi uchun uyda qolgandik — otam ketgan edi. Pidjagimni kiymasimdan, xonam devori dukulladi. Tushundim: narigi uydan onam dukullatyapti — darvozani och, degani.

Darvozani ochsam, roʻparamda novcha otam emas, oʻzim bilan teppa-teng bir kishi yelkasini qisib, junjikib turibdi. Ust-boshi oppoq qor, qorboboga oʻxshaydi. «Qorbobo»ning beliga osigʻliq allanarsalarga koʻzim tushdi-yu tanidim: Zokir Oʻrinovich!
— Salomaleykum.
— Salom, — dedi u kishi. — Bu, yangang bir yoqqa ketgan koʻrinadi. Darvoza qulf. Kalitni sizlarda qoldirmadimi?
— Yoʻq, — dedim. Onamdan soʻrab chiqqim keldi-yu bu kishi xushomadgoʻylik qilyapti, degan xayolga boradi deb, qimirlamadim.
— Chatoq! — dedi Zokir Oʻrinovich. Etiklarining qorini qoqib, atrofga qarab oldi. — Balki onangga tashlagandir. Soʻrab chiqmaysanmi?
— Mayli. Soʻrab chiqaman, — dedim. Yugurib bormoqchi boʻldim-u, oʻzimni bosdim. Salmoqli qadam tashlab ketdim. Onam Zokir Oʻrinovichning ismini eshitishi hamon irgʻib turdi.
— Kalit yoʻqmi, shuni ayting? — dedim.
— Yoʻq-yoʻq, kelinoying kech tushmay kelaman, devdi.
— Boʻlmasam, oʻtiring, borib shunday deyman. Nimaga turyapsiz?
— Seni qara-yu, u kishi sovukda qotib tursinlarmi uyoqda?

Men indamay qoldim. Rostdan ham bunday sovukda koʻchada turishi yaxshimas. Onam chiqib Zokir Oʻrinovichni boshlab qaytdi.
— Hali zamon kelib qoladilar, domlajon.
— Asli oʻzim ham bugun qaytmoqchi emas edim, — dedi Zokir Oʻrinovich, — qarasam, qor hali-veri tinmaydigan. Qayta qoldim.

Ular gaplashib ayvonga chiqishdi. Men xonamga kirayotgan edim:
— Shu uyga kiramizmi? — dedi Zokir Oʻrinovich. Men eshikni ochgan koʻyim beixtiyor toʻxtadim.
— Yoʻq, bu Toshboyjonniki, shogirdingizniki, — dedi onam.
— Qani, qani, — Zokir Oʻrinovich yonimdan ichkariga moʻraladi. Xonam, maqtanmayman, aytsa aytgudekkina edi. Roʻparada, burchakda tunuka pech lovillab turibdi. Undan narirokda, javonda kitoblarim taxlogʻliq. Shiftga osilgan chiroq uychamni yop-yorugʻ qilib yuborgan.
— Durust, durust, — dedi Zokir Oʻrinovich. — Shu yerga kira qolaylik boʻlmasam.

Ta’bingiz, ta’bingiz, — dedi onam. Zokir Oʻrinovich oʻsha yerda etigini yechmoqchi edi, onam: «Etigingiz muzlab qoladi», deb qoʻymadi, Zokir Oʻrinovich ichkarida yechindi. Onam u kishining etigini yerga yotqi-zib, tagini pechga qaratib qoʻydi, uzun paxtaligini qoziqqa ildi. Zokir Oʻrinovich pechga qoʻllarini tob-lab bir oz isitgach, kaftlarini bir-biriga ishqay-ishqay, javon yoniga bordi. Onam stol ustini tartibga solar, karavot qoshidagi kiyimlarimni olib, qoziqlarga ilar, tinmay ivirsir va ogʻizlari ham tinmas edi:
— Domlajon, shugina oʻqisin, odam boʻlsin deymiz-da. Otasi ham, men ham bundan hech narsamizni ayamaymiz. Xudoga shukur, bu ham yuzimizni yerga qaratmay kelyapti.

Men bir chetda gʻijinib turardim, onamning ba’zi gaplari koʻnglimning qaerigadir yoqib-yoqib ketsa-da, bari bir gʻashimni keltirardi.
— Qani, domlasi, oʻtiring, ustalga oʻtiring, — dedi onam. Zokir Oʻrinovich stulga oʻtirib, uyni koʻzdan kechira boshladi.
— Yaxshi, yaxshi, — dedi u kishi. — Endi, xola, hammamiz ham shular odam boʻlsin deymiz-da.
— Rahmat, oʻrgilay, rahmat. Domlasi, siz bemalol oʻtiravering, men hozir kelaman.
— Hech narsaga ovora boʻlmang.
— Ovoragarchiligi bormi, domlajon. Allagʻaytib bir kiribsiz uyimizga. — Onam chiqdi. Men toqatim toq boʻlib, Zokir Oʻrinovichning qarshisidagi stulga choʻkdim.
— Xoʻsh, ishlar qalay? — soʻradi u kishi.
— Yomonmas, — dedim yonboshimga qarab.
— Bu, ovni ham yigʻishtirib qoʻydingmi deyman? Men bosh irgʻadim.
— Yaxshimas, yaxshimas, — dedi u kishi. — Kishilar uzoq-uzoq shaharlardan ov uchun togʻimizga kelishadi. Sen esa bu yerda turib, qadrlamaysan. Yaxshimas. Oʻsha odamlar shu yerga kelguncha qancha mashaqqat tortadilar, pul xarj qiladilar. Olib ketadigan boyliklari esa ikkita-uchta kaklik. Lekin ular bundan aslo xafa boʻlmaydilar. Bu yerda gap bor-da.

Men bosh qimirlatib oʻtirardim.

Onam choy qaynatib keldi. Stolga shokolad va men mazasini totmagan marmeladlar ham keltirildi... Onam yana qaytib chiqdi, shu payt tashqarida oʻtin yorilayotgani eshitildi.
— Onang bir nima qilmoqchi, ayt, ovora boʻlmasinlar, — dedi Zokir Oʻrinovich.

Men chiqdim.
— Ona... qoʻying...
— Nima? — Onam hayron boʻlib qaradi.
— Qoʻying... Oʻzlari shunday deyaptilar.
— Jinni boʻldingmi? Desalar deptilar-da.
— Xushomadgoʻylik qilmoqchimisiz?
— Yo, pirim, bu nima deganing? Boʻldi-boʻldi, bor, kir ichkariga. Gaplashib oʻtir u kishi bilan, zerikib qolmasinlar. — Onam meni chirt burib, yelkamdan itarib yubordilar.

Zokir Oʻrinovich devordagi dars jadvalimni koʻzdan kechirayotgan ekan.
— Onam unamadi, oʻrtoq muallim, — dedim. Zokir Oʻrinovich menga ohista burildi-da, tikilib qaradi, soʻng jimjilokdari bilan koʻzlarining pastini qashib, oʻychan soʻradi:
— Nima dedilar u kishi?
— Odamgarchilikni bilmas emishman. — Men yelkamni qisdim va «uzr, oʻrtoq muallim, onam sal xushomadgoʻyroq» deganday, kulimsiradim. Nazarimda, u kishi ham kulimsirayotgan boʻlishi kerak edi. Ammo qarasam, u kishi tamom jiddiy, buning ustiga, chimirilgan.
— Boʻlmasam sendan iltimos, — dedi Zokir Oʻri-novich allanechuk temirdek jarangli tovushda, — shu kakliklarning birini u kishiga chiqarib ber. — Turib, kakliklarning bittasini olib berdi. Men hayron boʻlib u kishiga qaradim.
— Nega?
— Bor-bor.

Muzlagan patlari yumshab hoʻl boʻlgan kaklikni koʻtarib chiqdim... Onam qaytarib olib keldi. Lekin Zokir Oʻrinovich: «Xafa boʻlaman», deb qoʻymadi.

Men yana hayron edim. Nazarimda, Zokir Oʻrinovich ham onamga xushomadgoʻylik qilayotgan edi.

Shoʻrva ham keldi. Ichildi ham. Albatta, mening tomogʻimdan oʻtmadi. Choy ustida suhbat yana menga koʻchdi. Onam yana menga yaxshi sharoit yaratib bergani, meni oʻqitish va yaxshi odam qilish niyatida ekanligini gapirdi.
— Yaxshi, yaxshi, — dedi Zokir Oʻrinovich. — Biz ham shularni odam boʻlsin deb harakat qilyapmiz. Lekin bilasizmi, xola, nazarimda, hammamiz ham juda oddiy bir narsani unutayotganga oʻxshaymiz. Bu eng oddiy odamgarchilik nima? Kishilarga qanday muomalada boʻlish kerak? Jamoat orasida oʻzini qanday tutish kerak? Yoki boʻlmasam, mehmondoʻstlik nima? Bular haqida kam ta’lim berayotganga oʻxshaymiz. Maktabda ham odamgarchilik toʻgʻrisida fan kiritsakmikin deb oʻylab qoldim.

Direktorning gaplarini bosh qimirlatib ma’qullab oʻtirgan onam birdan qizarib ketdi-da, menga qarab oldi, siniq kulimsiradi. Zokir Oʻrinovichning gaplari toʻgʻridan-toʻgʻri menga qaratilganini sezib, oʻzim ham muzlab ketdim: «Lekin... nega? Nega axir? Men xushomadgoʻylik qilishni istamadim, xolos!»
— I-e, bizning hovlida chiroq yonibdi! — deb qoldi Zokir Oʻrinovich.

Haqiqatan, u kishining hovlisida chiroq yongan edi.

Zokir Oʻrinovich onamga qoʻsh-qoʻsh rahmat aytib, oʻrnidan turdi. Onam rahmatning hech hojati yoʻqligi, u kishining izzatini joyiga qoʻyolmaganlarini aytdi. Zokir Oʻrinovich kiyinib, kakliklarni oldi. Chiqdik. Darvoza yonida ham onam bilan u kishi bir muddat haligiga oʻxshash gaplar qilishdi: onam u kishidan kalit yonlarida boʻlgan chogʻdayam kirib turishlarini soʻradi. Zokir Oʻrinovich va’da berib, onamni ham uyiga taklif etdi.

Onam tirsagimni bir chimchiladi-da, roʻmolini pe-shonasidan pastroqqa tushirib, hovliga kirdi. Men qimir etmadim.

Zokir Oʻrinovich darvozasi yoniga bordi-da, mening hali ham turganimni koʻribmi, toʻxtadi. Soʻng sekin yurib, yonimga keldi.
— Sen bir gap aytmoqchiga oʻxshaysan?
— Ha, oʻrtoq muallim, — dedim men, — sizga yana yoqmadim... Negadir boshqalarga ham yoqmay qolyapman.

Zokir Oʻrinovich bir muddat oʻylanib turgach, javob berdi:
— Chunki xushomadgoʻylik bilan odamgarchilikni farqlay olmayapsan. Tushundingmi?.. Xoʻp, bu haqda hali koʻp gaplashamiz. Aytmoqchi, tayyorgarligingni koʻrib yur, kelgusi hafta ovga boramiz.
— Mayli, — dedim sekin.

Qor yogʻar, uyda meni onam kutardi.

1965