OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiJarga uchgan odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jarga uchgan odam (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Islom tugʻilgan uy eski, vassalari qorayib ketgan, bitta keng derazasi ellik qadam naridagi qishloqning daraxtlarga burkangan tomoniga ochilar edi. Uyning ustida Boysuntogʻning musaffo osmoni osilib turar, uning orqa tomonida toʻlqinsimon sargʻish adirlar togʻ tarafga emgaklab ketgan, adirlar ortida esa chagʻir toshli qirlar va ular orqasida mol podalariga oʻxshab archazor qoplagan togʻ koʻrinar edi. Togʻning osmonga qadalgan oʻrkachlarida parquv bulutlar suzib yurar, ular togʻ bilan zangori osmonni bir-biriga qoʻshib turganga oʻxshar edi.

Islom ana shu uyda tugʻilib, shu manzaralarni ilk bor koʻrgan edi. U qishloq markazidagi maktabga qatnay boshladi. Darsdan boʻshashi hamono uyiga chopar, kelgach, oʻzini erkin, baxtiyor his etar edi.

Islom maktabni tugatgach, harbiyga joʻnadi. Baxtiga, u Belorussiyaning shimoli-sharqidagi oʻrmonlardan biridagi qismga tushdi. Togʻdan ayriliq azobi oʻrtab yurgan qalbiga belorus oʻrmonining mayin, yashil manzaralari taskinlik berdi.

Lekin u oʻsha oʻrmonda turib ham oʻz uyini, etakdagi qishlogʻiyu shimoldagi togʻlarini yanada sevib qolganligini tuydi, ularni juda-juda koʻrgisi keldi.

Islom kishlogʻiga keldi, uyiga kirdi, togʻlariga sayrga ham chiqdi. Ana shunda u endi bu yurtdan bir umr judolikda yashay olmasligini, jasadi ham albatta shu yerda dafn etilishi kerakligini chuqur his qildi.

Hayotning, yashashning talab va qonuni oʻzgacha.

Islom oʻrmonchilik fakultetiga kirish uchun Toshkentga yoʻl oldi. Qishloq xoʻjalik institutiga hujjatlarini topshirdi. Ammo konkursdan oʻtolmadi. Bu hol yana ikki yil takrorlangach, uning oʻqishdan koʻngli sovidi va qishlogʻiga qaytib kelib, yoshligida oʻzi saboq olgan maktabda badantarbiyadan dars bera boshladi.

U darsdan boʻshagan mahallarida tomga chiqib oʻtirar, poʻstak yozib chalqancha yotar, shunda charchogʻi tarqab, olam-olam zavq olar edi.

Uni kichkina qishlokda hamma tanir, u ham hamqishloqlarini bilar edi. Biroq u davralarga kam qoʻshilar, yolgʻizlikni, oʻz xayollari ishqi tushgan manzaralari bilan ulfat boʻlishni istardi.

Darvoqe, Islom shimoldagi togʻlar, oʻrmonlar, undagi hayvonotu parrandalar zotini ham yaxshi bilardi. U miltiq koʻtarib yursa-da, kamdan-kam oʻq boʻshatadigan bu gʻalati ovchini togʻ ham, sokin oʻrmonlar ham, yovvoyi hayvonlaru beozor parrandalar ham bilishar edi.

Zamonning zayli bilan qishloq rayonga aylandi, unda redaktsiya ham tashkil topdi. Bir kuni Islomni oʻzi dars berayotgan maktabning sobiq direktori, peshanasi doimo terlab yuradigan Omon Fatullaev, ya’ni «Togʻlar sadosi» gazetasining muharriri chaqirib qoldi.

Islom hayrat va kiziqish bilan uning huzuriga bordi.
— Islomjon, — dedi u, koʻk baxmal sirilgan stolning qoshidagi stulni koʻrsatib. — Oʻtiring. Sizga bir iltimos bor edi.
— Marhamat. Rayon tashkil boʻlganda bir marta xursand boʻlgan boʻlsak, redaktsiya tashkil boʻlganda ikki marta xursand boʻldik, — dedi Islom.
— Rahmat, Islomjon. Gap shundaki, oʻzingiz aytganingizdek, rayon ham, gazeta ham yangitdan tashkil boʻldi. Hali ikkalasi yosh, tajribasi kam... Maqsadimiz avvalo, rayonni tiklab, qaddini koʻtartirib olish. Soʻngra, gazeta ishlarini ham yaxshilash. Oʻzingizga ma’lum, gazeta, dohiy Lenin aytganidek, tashkilotchigina emas, tashviqotchi hamdir. U partiyamizning ideologiya quroli. Islomjon... xullas, maqsad shuki, biz rayonimizning koʻrkam-obod boʻlishiga, xalqimizning boy-badavlat yashashiga gazetamiz bilan yordam berishimiz kerak... Biz kecha muharrir muovini, boʻlim mudirlari bilan gaplashib, gazetamizni qanday chiqarish, qanday masalalarni koʻtarib chiqish xususida kelishib oldik. Siz gazetchilikdan bexabarsiz... Rubrika degan narsa boʻlarkan. U sarlavha degani. Umumiy sarlavha. Shu sarlavha ostida gazetaning har bir sonida bittadan maqola berilishi shart, boʻlmasa, gazetamizning obroʻyi tushadi... Bizda bir necha rubrikalar bor, ular bilan keyincha tanishasiz. Bular ichida «Tabiat va Odam» degan rubrika sizga tegishli.

Islom qiziq bir gap eshitgandek yengil tortib ketdi, muharrirning soʻzlarini jon qulogʻi bilan eshitdi.
— Ana shu rubrikani boshqarib, uni materiallar bilan ta’minlab turadigan bir xodim kerak bizga. Bu rubrikani joriy etmasak boʻlardi. Lekin oʻzingizga ma’lum, rayonimiz togʻli, oʻrmonli, bogʻli... Bu bir. Ikkinchidan, hozirgi davrda tabiatni qoʻriqlash... uni asrash eng muhim masalalardan biri boʻlib qolgan. Bu hol biz togʻliklarga ayniqsa katta mas’uliyat yuklaydi.
— Yaxshi... Rahmat, — deb pichirladi hayajonlanib ketgan Islom.
— Bilasiz, raykomimiz sekretari olim odam. Sirasini aytganda, bu rubrikaning joriy etilishi u kishining tavsiyalari bilan boʻldi. Lekin uni boshqara oladigan, tabiatimizni behad sevguvchi bir kishi kerak, uni topinglar oʻzlaring, deb maslahat berdilar. Biz Islomjon... Oʻylab-oʻylab shu ishga sizni jalb etmoqchi boʻldik. Nima deysiz shunga?

Gazeta chiqarish nima, rubrikani maqola bilan ta’minlash nima, uni uyushtirish va boshqarish nima — bu narsalar haqida zarracha tasavvurga ega boʻlmagan Islom...
— Domla, men tabiatni sevaman, uning shaydosiman, — dedi. — Lekin... bu ish menga qalay boʻlarkin? Men avvalo, bu sohalarni tushunmayman. Keyin... Oʻn sinf ma’lumotim bor. Hozirgi davrda bu gʻirt savodsizlik.
— Islomjon, biz sizga yordam beramiz, ishni oʻrganib ketasiz. Hamma gazetchilar ham ishni ona qornidan oʻrganib tushmagan. Ikkinchidan, biron yil oʻtsin, biz sizni jurnalistlik oʻqishiga yuboramiz. Sirtdan oʻqiysiz. Unga kirish uchun kishi avvalo redaktsiyada ishlagan boʻlishi kerak. Agar maqolalaringiz bosilmagan boʻlsa, bosilgan maqolalaringizdan nusxa olib bormasangiz, hujjatlaringizni qabul qilishmaydi... Hammasidan muhimi, siz tabiatni sevasiz. Bordiyu... shunday boʻlishiga qaramasdan bari bir, bu ish sizga toʻgʻri kelmasa, unda maktabingizga qaytib ketaverasiz. Xoʻpmi?

Islom «xoʻp», deb chiqib ketdi. Uyga borib, gapni xotiniga aytdi.
— Shunday qiling, — dedi xotini. — Maktabni boshingizga urasizmi? Oʻqishga ham yuboramiz, deyishibdi. Qachongacha tomga chiqib oʻtirasiz, togʻ-toshda darbadar kezasiz... Roʻzgʻorimizga ham yaxshi boʻlar edi.

Bir oy oʻtdi.

Islom ishga chunonam berilib ketdiki, gazeta nimayu uni chiqarish nima, rubrika nimayu unga material uyushtirish nima — bular haqida birovga maslahat bergulik darajaga yetdi.

Asta-sekin uning maqolalari ham bosila boshladi. Oldiniga hamqishloqlari unga qiziqsirab qarashdi: «Ie, yozuvchilik muborak boʻlsin», deganlari ham boʻldi. Keyinchalik unga koʻnikdilar va Islomdek tabiatni xush koʻruvchi, uning ishqibozi boʻlgan kishi shu ishni qilishi lozim-da, degandek fikr yuritadigan boʻlib qoldilar.

Islom tabiatning turli-tuman mavzularida maqolalar yozar edi, bir tup archaning yonbagʻirda turishi, quyonning bolalashi haqidami, burgutning kaklik ovlashi haqidami yoki togʻ ayiqlarining xulq-atvori haqidami, xullas, har xil mavzularda yozar edi.

Oradan bir yil oʻgib, uning nomi qishloqqagina emas, hatto oblastta ham besh barmoqdek ma’lum boʻlib qoldi.

Uning «Togʻlar sadosi»da bosilgan tabiat lavhalarini oblast gazetasi ham koʻchirib bosar, undan bu maqolalar oʻzga rayonlarga ham tarqalib ketar edi.

Islom bir holga amin boʻldi:

Togʻni, oʻrmonlarni, hayvonotu parrandalarni — umuman, Boysuntogʻ bagʻridagi tabiat boyliklarini faqat oʻzigina emas, hamma, hamma odamlar ham sevar ekan...

U oʻzidan mamnun boʻlib ketdi va asta-sekin oʻzini atrofdagi tabiatning ilk oshigʻi, uning jonkuyar himoyachisi, uning ilk targʻibotchisidek his qila boshladi.

Bu hol uni tabiatga yana ham koʻproq bogʻlab qoʻydi.

Kunlarning birida rayon partiya komitetining tashviqot-targʻibot boʻlimidan Islomni chaqirib qolishdi.

Boʻlim mudirasi oʻrtoq Sotiboldievaning yonida qirraburun, sochiga oq oralagan, oʻttiz besh yoshlar cha-masidagi bir yigit oyoqlarini bir-biriga chalishti-rib, chiroyli qizil paypogʻini koʻrsatib oʻtirar edi.

Islom xonaga salom berib kirdi.
— Tanishing, bu kishi shahardan. Kinorejissyor. Bizning Boysuntogʻ tabiati haqida film yaratmoqchi ekanlar. Shuning uchun kelibdilar, — dedi mudira.
— Xush kelibsiz, — dedi Islom u bilan koʻrishib.
— Islom deganingiz shu kishi boʻladilarmi? — stolda turgan qoʻli bilan koʻrsatdi uni rejissyor.
— Ha, shu kishi, oʻrtoq Ismoil Yusupovich!
— Marhamat, oʻtiring, — dedi Ismoil Yusupovich qarshisidagi stulga ishora qilib.
— Tashakkur.
— Siz men bilan ikki kun birga boʻlasiz. Oʻrtoq Sotiboldieva redaktsiyadan sizga javob olib beradilar. Shundaymi?
— Shunday, — tasdiqladi mudira.
— Siz meni togʻdagi, imkoni boʻlsa, hamma qiziq-gʻaroyib narsalarni koʻrsatasiz. Oʻzi nimalar bor togʻ-da?
— Togʻda hamma narsa bor, — dedi Islom jilmayib.
— Qanday hayvonlar, qanday qushlar bor?
— Gazetchilikda sir saqlash degan gap bor... Yaxshisi, toqqa chiqqanda koʻrasiz. Koʻrsataman.
— Kelishdik. Rahmat. Qachon chiqamiz?
— Buguncha rayonimizni aylaning, oʻrtoq Ismoil Yusupovich, — gapga qoʻshildi mudira. — Xohlasangiz, oʻzim aylantiraman. Qurilishlarimiz koʻp, yangiliklar koʻp. Balki bular ham sizga kerak boʻlib qolar. Kechqurun, dachamizda dam oling. Ertalabdan sayohatni boshlaysiz. Ismoiljon, sayohatni qay tarzda olib borish mumkin?
— Shu... biznikiga boramiz. Eshak bor, tongda minib, toqqa chiqib ketamiz.

Sotiboldievaning rangi oʻzgardi.
— Yoʻq-yoʻq, unday demang, ayb boʻladi. Mashina bor. Mashina borgan joygacha borasizlar. Keyin, odamlarga aytib qoʻyaman, ular sizlarga ot berishadi... Xoʻpmi?
— Yaxshi taklif! — dedi rejissyor.
— Mayli, — dedi Islom. — Lekin ot chiqolmaydigan joylardan ham yurishga toʻgʻri keladi-da, oʻrtoq Ismoil Yusupovich.
— Boraveramiz, chiqaveramiz.

Kelishdilar.

Kechasi soat oʻn ikkidan oshganda, Islom Ismoil Yusupovichni raykomning qishloq janubida joylashgan bogʻidan uyiga olib keldi.
— O! Juda sodla yasharkansiz-u? — dedi shirakayf rejissyor Islomning uyini koʻrib.
— Lekin oʻzimga yoqadi, oʻrtoq Ismoil Yusupovich.
— Oʻzingizga yoqadi, buni bilaman. Shuning uchun yashayapsiz-da. Lekin buning boshqa birovlarga ham yoqishini oʻylab koʻrishingiz kerak.
— Mening uyimga mehmon kam keladi. Redaktsiyaga oʻtganimdan keyin ham... Men ham birovlarning uyiga kam boraman.
— Da-a, qiziq!

Islomning xotini eri bilan mehmonga tomga joy solib berdi.

Soat toʻrtlarga yaqin uy etagiga kelib toʻxtagan raykomsomolning «gazik»i signal berdi. Islom bilan mehmon pastga tushib, tamaddi qildilar. Villisga oʻtirib, toqqa joʻnadilar.

Ular ikki kun togʻda aylanishdi. Islom Ismoil Yusupovichga uchragan har bir giyoh haqida gapirdi, har bir qushga ta’rif berdi, uning xulqi haqida soʻzladi. Lekin rejissyorni koʻpincha bunaqangi ikir-chikirlar emas, gʻayritabiiy manzaralar va hayvonlar qiziqtirar, ularni qanday qilib suratga tushirish haqida bosh qotirar edi...

Ammo Ismoil Yusupovichning togʻni yaxshi koʻrishi, tabiatdan zavqlanishiga ham shubha qilib boʻlmas edi.

U goho yugurgilab baland qoya ustiga chiqib ketar, olmurutlarga tosh otib qolar, kaklikning sayrashiga quloq berar edi.

Shunday paytlarda Islom hayajonga tushar, tabiat bu mehmonga zavq bagʻishlaganidan faxrlanib, unga mehr qoʻyganidan ichida shodlanar edi.

Ular choʻqqilarga chiqib hilollarning sayrashini ham kuzatishdi, tulkilar ini ogʻzida olov yoqib, ularni qochirishdi, boʻri inlari ogʻzida papiros chekishdi, qoya oʻrkachidagi burgut bolalariga doʻppilari pastga tushgudek boʻlib qarashdi.
— Men oʻn besh kundan keyin operatorim bilan kelaman, — dedi Ismoil Yusupovich, ular qishloqqa qaytishar ekan.

Mashina togʻ oraliqlaridan chiqib, Yetim choʻqqi ostidan oʻtayotganda Islom mehmonni yana bir xursand qilgisi keldi:
— Mashinadan tushamiz! — dedi, soʻng shofyorga: — Siz bir oz oʻtirib turing, biz choʻqqiga chiqib kelamiz, — deb uqtirdi.

Ular choʻqqining yarmisiga yetganda, Islom terga botgan rejissyorga sirni aytdi.
— Ayiqni koʻrsataman, bolalari bor.
— Shuni ilgariroq aytmaysizmi? — hovliqib ketdi Ismoil Yusupovich. — Tirik ayiqmi?
— Tirik.
— Odamga tegmaydimi? Toʻxtang...
— Tegmaydi. Odam tegmasa, tegmaydi jonivorlar. Ularni oʻzlariga dushman qilib qoʻygan odamlarning oʻzi, mehmon.
— Har holda... Miltiqni olvolish kerak edi-da.
— Koʻrsa, polvonning achchigʻi chiqadi.

Bir necha qadam bosishgach, rejissyor taqqa toʻxtab, buyruq qilayotgandek dedi:
— Iltimos sizdan, miltiqni olib keling pastdan.

Siz shu yerning odamisiz, oʻrgangansiz, oʻzingizni himoya qila bilasiz. Men shaharlikman, birodar!
— Xoʻp, lekin miltiqni unga koʻrsatmaymiz-da.
— Yaxshi. Miltiq yonimizda boʻlsa, quvvat boʻladi har holda. Hayvon quturgan boʻlishi ham mumkin...

Islom sakrab-sakrab pastga tushib ketdi, miltiqni olib chopib keldi.

Rejissyor uni maqtadi.
— Haqiqiy togʻ yigiti ekansiz! Sizni bekorga maqtashmagan ekan.

Ular choʻqqiga chiqib bordilar. Choʻqqining usti keng maydon, bu yerda olma, olmurut va pistalar changal boʻlib oʻsib yotar edi. Oyoq ostida kech bahorning qalam-qosh gullari.

Islom mallarang ulkan qoya yaqiniga borib:
— Shu yerda, mana, izlari ichkariga ketgan. Chiqadi, kutamiz! — dedi va mehmonni ergashtirib, iziga qaytdi. Ular choʻqqining labiga yetib, qoya toshlar orasiga kirib oʻtirishdi.

Bu joyni Yetim choʻqqi deganlaricha bor. Uning atrofini chuqur daralar oʻrab turadi, choʻqqi bamisoli atrofi suv bilan oʻralgan qadimgi qasrni eslatadi. Faqat, bu «qasr»ning usti oʻrmon.

Quyosh ufqqa yonboshladi, daraxtlarning soyasi kunchiqarga qarab choʻzildi. Olisdagi, pastlikdagi qorongʻi tusha boshlagan qishlokda chiroqlar yondi.
— Hozir chiqadi, olma yeydi.
— Mana shu yer surat olishga qulay ekan, birodar.

Nihoyat, gʻordan moʻralab sariq, baroq junli maxluq chikdi. U yoq-bu yoqni iskadi-da, «ma-a» deb boʻkirdi. Soʻng ichkariga kirib ketdi.
— Hidimizni oldi shekilli, — dedi Islom va yana ham chetroqqa borib shamol yoʻlida oʻtirishni maslahat berdi.

Yarim soatlardan keyin yana ona ayiq gʻordan chikdi, yana is oldi va dam osmonga, dam qizarayotgan ufqqa qaradi. Soʻng uning orqasidan bir juft choynakdek-choynakdek ayiqchalar ergashib chikdi va onasining jun toʻsib turgan qorniga intila boshladi. Ona ularga parvo qilmay, rezgi olma daraxti tagiga keldi. Dik etib, orqa oyoqlarida turib oldi va daraxtning yosh tanasiga tirnoqlarini botirib, gʻayritabiiy silkidi, bir qancha jajji-jajji «paxtaseb» olmalar «duv» yergatoʻkildi. Ayiqchalar chopqillab, ularni terib yeya boshladi.

Ona oʻrtada turib oldi-da, choʻnqaydi va yana xavotir-la atrofga razm sola boshladi.

Shunda Islom rejissyorning miltiqqa qoʻl choʻzayotganini koʻrdi.
— Nima qilmoqchisiz?! — dedi.
— Juda yaxshi turibdi-da, hozir...
— Ha, jonivor miltiqning hidini sezgan, xavotiri bor koʻnglida, — dedi Islom.
— Bundan boshqa joylardayam ayiq koʻpmi?
— Bor.
— Menga bering miltiqni.
— Otsangiz xafa qilaman, mehmon.
— E, qiziqmisiz! Bitta ayiq nima boʻpti? Yirtqich hayvon.
— Sizga zarari tegmayapti. Qaytanga biz uni bezovta qilyapmiz...
— Menga qarang, shuni siz otib bering menga. Terisi... juda kerak edi. Xotinim juda tayinlagan edi. Axir, bu sovgʻa-da! Men sizni maqtab yuraman, buni bir zoʻr ovchi yigit otib berdi deyman. A?
— Birinchidan, hozir hayvonlarni otish mumkin emas. Ikkinchidan, qarang, uning ikkita bolasi bor, ularni yetim qilib nima qilasiz. Ochdan oʻlib ketishadi.
— Ochdan oʻlmaydi, tutib, zooparkka topshirish mumkin, ularga kerak.
— Mehmon, siz meni bilmaysiz... Mening onam ham, otam ham, doʻstim ham ana shu tabiat. Meni togʻ shaydosi deyishadi. Bu xayolni boshingizdan chiqaring. Vaqti-soati kelganda, oʻzim bironta qarisini otib beraman... yuboraman sizga.
— Menga qarang, bu sizning shaxsiy molingiz emas-ku, davlatniki!
— Davlatniki boʻlsa yanayam yaxshi. Siz aqlli, oʻqigan odamsiz...
— Ketamizmi?
— Ketdik.
— Turmang oʻrningizdan. Sekin tushib ketamiz. Bilib qolsa, tosh otishi mumkin.
— Tegmaydi odamga dedingiz-ku, oʻzingiz?
— Biz miltiq opchikdik, miltiq — uning dushmani... Jonivor niyatingizni tushunganida, sizni dabdala qilib tashlar edi.
— Uf... Men bu yerdan tusholmayman, tosh dumalaydi bari bir!
— Boʻlmasa, u ketguncha oʻtiramiz.
— E, meni qamab qoʻymaydimi hukumat?!

Ismoil Yusupovich miltiqni shartta tortib oldi-da, ayiqni moʻljalga oldi, Islom unga qoʻl choʻzgan edi, oʻq ovozi yangrab ketdi. Islom titrab-qaqshab boshini egdi va oʻq ayiqqa tegmasa goʻrgaydi, deb kutdi.

Ona ayiq birdan boʻkirib yubordi va oʻq chiqqan tomonga otildi. Ammo oʻmbaloq oshib tushdi, oʻrnidan yana turdi-yu, qaddini koʻtara olmay, oʻrmalab kela boshladi.

Ayiqchalar qochib gʻor ogʻziga kirib ketishgan edi, oʻrmalab borayotgan onalarining toʻxtab qolganini koʻrdilar-da, atrofga qoʻrqa-pisa qarab, chopqillab keldilar.

Miltiqni yerga tirab choʻnqaygancha ayiqni kuzatib, qaltirab oʻtirgan Ismoil Yusupovich Islomga qiya qarab:
— Oʻldimi? — deb soʻradi.

Islom xuddi onasi oʻlganu nafasi ichiga tushib ketgandek baqrayib qolgan edi.
— Oʻldi shekilli qimirlamay qoldi, — dedi rejissyor va yana Islomga qaradi, soʻng qoʻzgʻalmoqchi boʻldi, yana oʻtirdi-da, qizishib dedi: — Buncha xafa boʻlasiz? Boʻlgan ish boʻldi-da... Men hech ovchilik qilmaganman. Islom, menga qarang... Men sizni xursand qilaman. Oladigan filmimning bosh qahramoni oʻzingiz-ku, axir? E, qoʻying-ey.

Ismoil Yusupovich ayiqdan besh qadamcha berida toʻxtab, unga tikildi. Oʻq uning manglayini yorib ketgan edi. Islom botayotgan quyosh shu'lasi bir yelkasini qizartirgan holda, sekin yurib, ayiq boshiga keldi.

Ayiqchalar odamlardan hayiqishmadi, ular tamshanib, oʻlik onalarining sut toʻla emchagini choʻzib-choʻzib emishar edi.
— Nima qilib qoʻydingiz? — dedi Islom rejissyorga.
— Qiziqmisiz? Oʻldi... Bolalarini ham opketamiz.

Islom gangib atrofga qaradi. Oʻrmonlar, togʻlar, osmonu yerga — tabiatga koʻzi chizilib oʻtdi. Shunda birdan qulogʻi shangʻillab ketdi. Nazarida, bola qalbiga allaqachonlar kirib, uni oʻz asiriga aylantirib qoʻygan tabiat uvvos tortib faryod koʻtarayotgandek tuyuldi.

Islom oʻzini shu tabiatning yagona qoʻriqchisi, sodiq doʻsti, vafodori deb hisoblar edi.

Agar unga qilingan bu jabr uchun dushmandan qasos olmasa, oʻzini xiyonatchi, xoin, sotqin boʻlib qoladigandek his etdi. Va... Ismoil Yusupovichning qoʻlidan miltiqni tortib oldi-da, qulochkashlab uning boʻyniga tushirdi. Rejissyor ovoz chiqarmay kesilgan shox kabi uchib ketdi, apil-tapil oʻrnidan turdi-yu, yana yiqildi, uning gavdasi jardan quyiga uchdi.

1971