OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiJoʻraboshi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Joʻraboshi (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

«
Ukam Xayrullaga
»

— Habilla aka, armiyaga ketasizmi? — deb soʻradi kir-chir panjalarini tuproqqa tirab oʻtirgan kichkina In'om.

Soyaboni uzun shapkasini orqaga surib, ustarada qirilgan boshini kafti bilan silab oʻtirgan Habibulla yer ostidan unga qarab:
— Burningni art, loy boʻlib ketibdi, — dedi.

Habibulla jilmaydi. Unga qoʻshilib atrofini oʻrab, choʻnqayib oʻtirgan «shaykasi» a’zolari xaxolab kulib yuborishdi.

Habibulla davradan chetda, olcha toʻnkasi yonida choʻnqayib oʻtirib, baroq dumi bilan yerni siypalayotgan itiga oʻqrayib:
— Koʻktoy! K-oʻoʻk! Bu yoqqa kel! Idi! — deb tizzasining koʻziga shapatiladi.

Koʻktoy oʻrnidan turdi, boʻynini choʻzib, dumaloq tumshugʻini pasaytirdi, dumini lapanglatdi, ammo kelishga jur'at etolmadi.
— Yoʻl beringlar unga, Nurka! — deb qoʻllarini choʻntagiga tiqib, bir yalang oyogʻi bilan ikkinchi oyogʻi toʻpigʻini qashib turgan qoracha bolaga baqirdi. — Yoʻl boʻshat unga, Nurka!

Nurka laqabli qassobning oʻgʻli Nurali tislanib, itga:
— Oʻt, oshna! Oʻt! — dedi, it yana qiypanglagach, chopib borib, uni boʻynidan quchoqlab tortdi. — Ke, ke deyapman! Ataman bilan xayrlash!
— Qoʻyaver, oʻzi keladi, — dedi salmoq bilan Habibulla va oʻrnidan irgʻib turib, bir oyogʻini oldinga choʻzib, tizzasini bukdi-da, soniga «tap» etkazib urdi.

Nurali qoʻyvorgan Koʻktoy belini u yon-bu yonga qilpanglatib, egasi yoniga keldi. Habibulla tizzasiga yana bir urgan edi, it orqa oyoqlarida tik turib, oldingi changli oyoqlarini Habibullaning tizzasiga qoʻymoqchi boʻldi. Habibulla uning uzatgan oyoqlarini ushlab, oldiga tortdi, Quymuchiga itning oʻmrovini tirab, baroq, oq junlarini siladi, egilib qoramtir tumshugʻidan oʻpib oldi.
— Qoʻzi, — deya bolalarning eng durkuniga murojaat qildi. — Sen qarab turgin bunga. Qarib qolgan, itlar bilan urishmasin, ovqatga unchalik ishtahasi yoʻq, unga goʻsht-poʻsht berib tur.

Uzun, semiz qoʻllarini orqasiga qilib, toʻladan kelgan gavdasini egib turgan Qoʻzi uyquli koʻzlarini ochib yumdi.
— Menga ishonavering, — dedi. — Mana, Nurka kushxonadan kunora ichak-chovoq olib kelib turadi, a, Nurka?
— Boʻpti, men har kuni desangiz, har kuni opkelaman! — deb bidirladi Nurali va yana topshiriq bormi, deganday Habibullaga qaradi.

Habibulla itni qoʻyib yubordi.
— Da, — dedi va pochasi keng qilib tikilgan qalami baxmal shimining orqa kissasidan «Stolichniy» pachkasini oldi. Bitta sigaretani olib, yupqa lablariga qistirgan edi, jingalak sochli, tumshugʻi oldinga turtib chiqqan Ashim:
— Hoy, — dedi, koʻzi bilan pachkaga ishora qilib, mengayam ber deganday boʻldi.

Habibulla pachkaga qarab oʻyga toldi, soʻng saxiylik bilan uch-toʻrtta sigaretaning yarmigacha chiqarib, unga uzatdi.

Ashim bitta sigareta sugʻurib olib, shartta labiga qistirdi. Nurali chizgan gugurt choʻpida yondirdi.
— Boʻlmasa uy-uylaringga boringlar endi, — dedi Habibulla. — Kechqurun men hushtak chalaman.

Bolalar asta-sekin tarqala boshlashdi. Habib koʻchalari tomon jildi. Koʻktoy gungursday gavdasini qilpillatib unga ergashdi: egasining oyogʻiga oʻralishar, boldirini tishlaydiganday tumshugʻini surkardi.

Ular orqasidan sigaretasi choʻgʻiga tuf-tuf deb kelayotgan Ashim qoʻngʻiroq sochli boshini orqaga tashlab:
— Hoy, Habib! Otangga Ashim tovuqlarga don berib turadi deb aytdingmi? — dedi ildam qadam tashlab.

Habibulla otasi uyda ekanligini eslab, qayrildi, sigaretasini uch-toʻrt marta soʻrib-soʻrib tortdi-da, u ham uchiga tufladi, soʻng qutini olib, ichiga ehtiyotkorlik bilan solib qoʻydi.
— Yur, koʻramiz dakangni, — dedi.

Ashim ham sigaretasi qoldigʻini paxsa devor kovagiga tikdi-da, yoʻtalib unga ergashdi.

Ular lang ochiq darvozadan kirib, suvi kamayib, rangi aynib ketgan hovuz boʻyiga kelishdi. Habibulla shaxdam yurib, bir vaqtlar akasining uyi boʻlib, u koʻchib ketganidan keyin esa tashlandiq holga kelgan va ayvoni bosib qolgandan soʻng oʻzi kaptarxonaga aylantirgan uy tomon burilar ekan, achinib hovuzga qaradi.
— Ota! — deb baqirdi hovuzning narigi tomonidagi shosupada choʻt urib oʻtirgan Eshqul akaga tumshugʻini choʻzib. — U qistaloqlar nega suv bermadi-ya, hovuzga qarang!

Ota unga koʻzlarini pirpiratib qarab:
— Ha, oʻgʻlim, suv serob boʻlganda, oʻzim hovuzni toʻldirib olaman-da, — dedi-da, yana ishga mashgʻul boʻldi. Biroq Habibulla bilan Ashim uy biqiniga taqab, toʻr simdan yasalgan katak oldiga yetmay, ota soʻradi:
— Hoy, Habib, koʻchaga chiqmaysanmi? — gapiga oʻzi javob qildi: — Hech qayoqqa chiqma, oʻgʻlim. Ertaga ketasan, bugun koʻchaga chiqmasang, hech narsa boʻlmaydi.
— Xoʻp, — deb toʻngʻillab qoʻydi Habibulla va katak oldiga borib, ichkarida don terib yeb, aylanib yurgan oq tovuqlarga, katak shiftidagi yogʻochda turgan qizil xoʻrozga qaradi. — Besh, olti, yetti, — dedi oʻziga-oʻzi. — Ikkitasini kecha soʻydik... Ashim, Sharif akam kelsa, har kuni bittadan soʻyib yeydi. Habib soʻymasinlar, deb menga tayinlab ketdi, de, xoʻpmi, koʻnmasa otamga ayt. Otam bunga yoʻl qoʻymaydi, men unga tayinladim. Dondan qarashib turasan-da. Eshaklaring bor, bolalarni olib, bir dalaga chiqsang, lyuboy xirmondan bir qop chor opkelasan, xoʻpmi?
— Xoʻp. Men onda-sonda bitta-yarimtasini olsam, maylimi? Anavi makyonni uyga oborib tuxum bostiraman, joʻjalari katta boʻlgandan keyin, keltirib qafasga solib qoʻyaman, xoʻpmi?
— Malades!
— Sen kelguncha koʻpayib qoladi. Ikki yil oʻtadi-ketadi.

Habibulla bir muddat oʻylanib turdi, soʻng oʻt-oʻlan bosib ketgan eski gulzorni oralab qafasning narigi tomoniga oʻtdi. Bu tomonda ham kichkina qafas boʻlib, unda patlari toʻkilib kettan, boʻyni sariq yirik dakangxoʻroz yolgʻiz turar edi. Habib kissasini kavlab novvot ushogʻi topdi, kaftiga qoʻyib, unga tutdi:
— Ma, ol! Ol, dakang!

Xoʻroz «chugʻ-chugʻ» deya ikkilanib yaqinlashdi va chiroyli boshini gʻoz tutib, turib qoldi. Habibulla kaftini silkitib, novvot uvoqlarini katakka sochib yubordi. Dakang xursand boʻlib, chugʻillab yubordi va «churq-churq»lab, ushoq tushgan yerda aylana boshladi. Narigi qafasdagi tovukdar bezovta boʻlib toʻr devor yaqiniga keldi. Shunda oʻsha qafasning tepasida turgan yosh qizil xoʻroz «parr» etib yerga tushdi va tovuqlar galasiga oʻzini urdi. Ular qaqalashib toʻzib ketdi. Yolgʻiz qolgan dakangga qarab, chugʻillaganicha nari-beri borib kelaverdi.

Habibulla bilan Ashim miyiqlarida jilmayib, bu holni kuzatib turishardi.
— Bechora, ol oʻzing. Ol! — dedi Habibulla dakangga.
— Oʻzi, shu yoshini yoʻqotish kerak! — dedi Ashim. — Dakang boʻladi bir oʻzi.
— Yoʻq, uyam yaxshi, — dedi Habib. — Uyam dakang boʻladi.
— Boʻlmasam buni soʻyish kerak.
— E, bunda goʻsht nima qilsin! Hammasi pay boʻpketgan. — Habibulla doʻstiga olayib qaradi. — Tagʻin buni birov soʻyib yubormasin. Xoʻpmi?
— Xoʻp.

Ilgari bu sariq dakangxoʻroz tovuqlar bilan bir qafasda turardi. Habibulla shu qizil xoʻrozga ikkita kaptarni almashib olib kelgach, mehmon qari mezbon bilan chiqishmay, uni choʻqib tashladi. Habibulla dakangni ajratmasa, uning ahvoli tang boʻladiganga oʻxshadi. Shundan keyin, u yolgʻiz oʻzi bir qafasda yashaydigan boʻldi.
— Habibjo-on, ha, Habib, bu yaqqa ke endi, biz bilan ham birpas gaplashib oʻtir, bolam!

Habib qayrilib qarab shosupada otasi yonida tik turgan onasini koʻrdi, uning qoʻlida katta bir bosh qora uzum bor edi.
— Yur, ketdik. Qorning toʻqmi? — dedi Habibulla.
— Toʻq, — dedi Ashim. — Yaqinginada qovun yegan edim... Habib, men uyga boray. Chaqirasan-da.
— Mayli, — deb Habibulla gulzordan sakrab-sakrab qadam tashlab olmaga tirmashib ketgan tok ostiga oʻtib oldi. U yerda soʻyilgan qoʻyning pashsha talab yottan ichak-chovoqlarini chetlab, supa oldiga bordi.

U supa labiga omonatgina oʻtirdi.
— Bu yoqqa chiq, bu yoqqa chiq, jonim sadaqa boʻlsin senga! — dedi ona va otasi oldidagi dasturxonning chetidan ushlab, Habib tomonga tortdi.
— Surmang, qoʻlim yetadi, — dedi Habibulla va ijirgʻanib kulimsiradi. — Otam yemasayu biz yesak, qanday boʻlarkin?

Eshqul aka jilmayib, choʻtni kursiga qoʻydi. Habibulla oʻng boʻlib, chordona qurdi.
— Qani, ol... Hm, oshnalaring bilan xoʻshlashdingmi?
— Ha, picha gaplishib oʻtirdik, — dedi uzumdan bir shingilni tirnogʻi bilan uzib olar ekan Habib.
— Tovuq-xoʻrozlaring bilan ham gaplashdingmi? — dedi ota va qarshidagi uyning tunuka boʻgʻotlarida tizilishib turgan kaptarlarga qaradi. — Anavilar bilan-chi? Ular bilan ham xoʻshlash-da, endi biryoʻla.

Habibulla otasi gapiga parvo qilmay, shingilning bandidan tutib, labida uzib-uzib yer, bir qoʻlidagi burda nonni ora-chora tishlab qoʻyardi.
— Habib? — dedi bir tizzasida choʻkallab oʻtirgan ona va uzungina burnini tortdi, soʻlgʻin betlari titradi. — Men endi sensiz nima qilaman? — deb yigʻlab yubordi. — Chol, shuni armiyadan opqolsak boʻlardi. Sizam qari, men qari boʻlsak. Bizga kim qaraydi bu ketsa. Shu hakda arz qilib borsak degan edim, chol?
— Qoʻying, qoʻying! — deb baqirib yubordi Habibulla va oʻrnidan turib ketdi, supa chetida turgan paqirni koʻtarib, suv ichdi, yoʻtaldi: — Qoldiraylik emish-a! — dedi. — Eshitgan odam nima deydi? Nima, men goʻdakmidim? Boraman, hamma qatori xizmatimni oʻtab kelaman... Nima, qolib, hammaga kulgi boʻlib yuramanmi?
— Qoʻy, kampir, kuyma, mayli, borib kelsin, — dedi ota. — Bu yerda bir qarich bolalar bilan koʻcha changitib yurib, hech narsa orttirmaydi, qaytaga armiyadan odam boʻlib keladi. Ikki yil hech narsa emas, oʻtadi-ketadi. Oʻtir, nondan ol. Yo oshnalarga va’da berganmiding? Koʻchaga chiqasanmi?
— Ha, nima qilaman bu yerda oʻtirib? — dedi Habibulla. — Ana, oʻt oʻrdim... Suvga ruxsat olgan boʻlsangiz, bolalar bilan bogʻlab kelardik.
— Hech qayoqqa chiqmaysan, dedimmi, chiqmaysan, oʻtirasan shu yerda! — dedi ona.

Habibulla qoʻl siltadi-da:
— Men darrov qaytaman, ota, — dedi, ulardan javob ham kutmay, hovuzni aylanib chopib ketdi.

Tovuqxonaga tutash uy yonidagi tol tagida qolgan Koʻktoy yana irgʻib turib, unga ergashdi.

Habibulla darvozadan chiqib, hushtak chaldi. Soʻng koʻcha adogʻidagi tuprogʻi oʻynab ketgan, toʻp oʻynashadigan maydonga bordi. Qoʻllarini beliga tirab, yana hushtak chaldi va boshidagi soyaboni uzun shapkasini bostirib, qiyshaytirib kiyib oldi.

U maydon oʻrtasidagi poʻsti archilmagan ikki yogʻochga oʻrnatilgan toʻr toʻsiqqa qarab oʻyladi: «Buni bittasi gum qiladi. Qoʻzining qoʻli egri, shu oladi. Oʻrnimga Ashimni boshliq qilsam qanday boʻlarkin...»

Birpasda darcha-darvozalardan chiqib kelgan yetti-sakkiz bolakay Habibullani oʻrab olishdi.
— Ashim, gitarangni opchiq! — dedi Habibulla.

Qosh qorayganda bolalar kinoteatr oldidagi ariq boʻyida davra qurib turishardi. Habibulla qiyshiq daraxtga suyanib shapkasi soyabonini yana ham pasaytirib kiyib olgan, uning yonida Nurali bir oyogʻini Koʻktoyning ustiga qoʻyib turardi. Qoʻziboy egilib oʻtgan-ketganga loqayd qarab, pista chaqyapti. Ashim choʻnqayib, birgina simi qolgan gitarani tingʻillatyapti. Kichkina In'om oʻrtada:
— Bugun devorning kemtigini urib qoʻyishdi, Habib aka... Qoʻzi aka, yana buzamiz-a?
— Hey, Qoʻzi, — ded Habibulla kinolardagi dahshatli shayka boshliqlariga taqlidan xoʻmrayib. — Sen bolalarga ehtiyot boʻl, ularni xafa qilma, xoʻpmi?.. Agar joʻraboshilik qoʻlingdan kelmasa, oʻrningdan tushasan. Buni menga Ashim yozadi, oʻrningdan olib tashlayman seni. Bildingmi?
— Bildim, — dedi Qoʻzi.
— Kecha men bozordan oʻgʻirlagan qovunni bu kishi uylariga olib ketdilar, — dedi itning ustidan oyogʻini olib Nurali. — Ha, shunaqa boʻldi, Habib aka.
— Eshityapsanmi? — dedi Habibulla. — Unaqa qilma... Sen ham Nurka, oʻgʻirlik qilma, ukdingmi? Qoʻlga tushib qolsang, seni kim qutqaradi?
— Xoʻp, mayli, Habib aka, — dedi Nurali va iljayib unga qaradi. — Qovun oʻgʻirlash oʻgʻirlikka kirmaydi, Habib aka. Ushlasayam qoʻyvoradi... «Biz ham yoshlikda shularday boʻlganmiz» — hazillashib degan edi bir milisa otamga.
— Bari bir, nasihatni quloqqa olishing kerak... Qushxonadan ichak-chovoq tashish esingdan chiqmasin. It endi sizlarniki boʻldi! Oʻzlaring qaraysizlar unga. Kaptarlar ham endi sizlarniki, ularga hech kim tegmasin.
— Tushundim, akajon, — dedi Nurali.
— Eshitdinglar-a? — dedi Ashim. In'omcha bosh irgʻab qoʻydi.
— Eshitde-ek, — dedi choʻzib Qoʻzi.

Habibulla orqasi bilan daraxtga tiralib, qaddini rostlab oldi. Ashim gitarani tingʻillatgancha uning yonida, boshqalar esa ortidan joʻnab ketishdi.

Bolakaylar mahallaga kelishdi, toʻp oʻynaladigan maydonga kelganda, Habibulla:
— Men endi uyga ketaman, — dedi. — Otam-onam koʻchadan tezroq ke deyishgan... Mana bu setkagayam ehtiyot boʻlinglar, boshqa koʻchaning bolalari opketmasin, xoʻpmi?

Habibulla toʻdaning har bir a’zosi bilan qoʻl berib xayrlashdi. Ularning: «qachon ketasiz» degan savoliga:
— Ertaga voenkomatdan joʻnatishadi! — deb magʻrurlik bilan javob berdi.

Ertasi choshgohlarda Habibulla oʻzi qatori harbiyga joʻnaydiganlar bilan mashinaga chikdi, uni onasi, otasi, doʻstlari va Koʻktoy iti kuzatib, har kim oʻzicha unga oq yoʻl tilab qolishdi.

Kechki payt. Termiz vokzali. Odam gavjum. Bolalar vagonga chiqishyapti.

Habibulla zinapoya yonida sigareta chekib, xoʻshlashayotganlarni tomosha qilib turar, oʻzini bu yerda kuzatadigan hech kimi yoʻqligiga ishonar edi. Bir payt poezd chinqirdi. Harbiyga ketuvchilar shosha-pisha vagonlarga chiqa boshlashdi. Habibulla shoshmasdan sigareta chekar, poezd jilishi bilan sakrab, zinaga chiqib olishni moʻljallar edi. Poezd ham silkinib, fosh-fosh etib jildi. Habibulla endi sigaretani tashlagan edi, orqasidan: «Habib-ib, Habibullaka! degan ovozlar eshitildi, shunda it hurdi, xoʻroz qagʻillab yubordi.

Habibulla orqasiga oʻgirilgan edi, vokzalga kirib kelayotgan Ashim, Qoʻzi, Nurali, In'om va Koʻktoyni koʻrdi. Ashimning quchogʻida dakangxoʻroz, Qoʻziboy gitarani koʻtarib olgan edi.

Habibulla poezdga qarasa, ancha joyga borib qolibdi, u zinaga qarab chopti, uning tutqichidan ushladi-da, yana orqasiga qaradi, oyoqlari yerda sudralib bordi. Doʻstlari u tomon chopib kelishardi.

Habibulla sakrab zinaga chiqib tutqichni mahkam ushlab oldi. Bolalar hamon xuddi poezdga yetib oladigandek chopishar, it oldinda, xoʻroz qoʻltiqda qiynalganidan qiyqirar, «Habib, Habib aka!» deb baqirar edi.
— Xayr, xayr, — deb qoʻlini siltadi Habibulla va beixtiyor koʻzlaridan yosh oqib kelayotganini oʻzi ham sezmay qoldi. — Xayr, xayr!

«Shayka» toʻxtadi. Qoʻl silkita boshladi. In'omcha itning boʻynidan quchoqlab olgan edi. Poezd uzoqlashgan sari ular orqada qolib ketishdi.

Habibulla entikib qarab turar ekan, nazarida, oʻzi kattarib ketgandek tuyuldi.

1971