OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiKechagi kun kecha (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kechagi kun kecha (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Sobirova opa oʻn sakkiz yoshida mansabdor boʻldi. Oʻshanda u yozuvni zoʻrgʻa oʻqiy olardi. Keyinchalik Toshkentda partiya kadrlari tayyorlash kursida olti oy tahsil koʻrib keldi. Bor-yoʻq olgan bilimi shu boʻldi.

Uning dastxati nihoyatda xunuk va serxato boʻlar, uni hech kim tuzatmas edi. Biroq bu orada opa koʻp martabali lavozimlarda ishladi. Artelning raisi ham, raykomning ikkinchi sekretari ham boʻldi. Urush yillarida ota-onasiz bolalar uyida direktor boʻlgani holda, tarbiyachilik ham qildi. Koʻpgina hukumat mukofotlari va yorliqlari ham oldi. Nihoyat, yoshi ellikka yetib, unga pensiya tayinlandi, soʻng uni raykom ishdan boʻshatdi. Opa hali ishlashga qurbi yetishini aytib rad etdi, lekin ular unashmadi. Ishlab turgan oʻrni — lesxoz boshligʻi qilib qishloq xoʻjaligi institutini bitirib kelgan qizchani qoʻyganlaridan keyin opa gap nimadaligini tushundi. Bir necha kun alamini yutib yurdi-da, yana raykomga kirib, joyini soʻradi.
— Opa, siz... — dedi raykom sekretari, — qiynalasiz endi.
— Qiynalmayman. Men oʻn bir yil shu ishda ishladim. Hammasini bilaman! — dedi Sobirova.
— Yengilroq bir ish bersak-chi, — degan edi sekretar, opa xafa boʻlib ketdi.
— Men hali holdan toyganim yoʻq. Keksayganim ham yoʻq. Nega yengil ishni qilar ekanman?!

Sekretar opaga, oʻylab koʻring deb, muhlat berdi. Bu muhlat oʻtib ham ketdi. Sobirova opa raykomga qaytib bormadi.

Bir kuni uni eri Shomurod polvon urishib berdi:
— Endi senga ishlashni kim qoʻyibdi! Oʻtiravermaysanmi! Bitta seni boqish qoʻlimdan kelmaydimi! Bolalaring ham odam boʻldi.
— E, siz nimani bilasiz, — dedi Sobirova opa, — ular meni shu yoʻl bilan jamiyatdan chetlashtirishmoqchi. Menga dushmanlik qilyapti ular. Boʻlmasam, nima aybim borki, tinchgina ishlab turgan joyimdan boʻshatishsa!
— Ha, oʻzing bilasan-e, — dedi Shomurod polvon.
— Men obkomga yozaman, — dedi opa, lekin obkomga yozmadi.

Qogʻoz bilan ruchka olib ancha oʻtirdi-da, dastxatining xunukligini oʻylab, yigʻishtirdi. «Savodi kam ekan», — deb oʻylashadi, dedi, uning pensiyaga chiqishi bilan baravar ishdan boʻshatilishining ham sababi shu — savodining kamligi, mavjud savodi bilan endigi sharoitda ishlab ketolmasligi ekanini esa tan olgisi kelmasdi. «Men tajribali rahbarman, men ishning koʻzini bilaman. Yoshlar mendan ish oʻrganish kerak», deb fikr qilardi.

Haftalar oʻtaverdi. Sobirova opa xoʻmrayib, raykom chaqirib ishini qaytib berishini kutib yurdi.
— Men qirq yillik partiya a’zosiman, — der edi u eriga. — Shuncha yil ishladim, endi partiya haqiqat qilishi kerak!

Shomurod polvon bu gaplarni eshitganda esnar, keyin iljayib, xotiniga mayda-chuyda ishlarni buyurar edi.

Sobirova opa goho xilvatda oʻtirib yigʻlab ham olardi. U qandoq prezidumlarda oʻtirgan, minbarlarda turib qandoq nuqtlar soʻzlagan! Uni kishilar qandoq hurmat qilishar edi! Endi boʻlsa, eri ham nazariga ilmay qoʻydi. Opaning tengqur, xizmatchi dugonalaridan ham koʻngli qoldi. Ilgari haftada oʻchrashib, bazmlarga taklif etib turishardi, endi boʻlsa eslashmaydi ham, aftidan... opa rahbariy ishlarda yurib roʻzgʻordan chiqib ketgan edi. Koʻnikish juda qiyin. Roʻzgʻor ishlari uni ba’zan tahqirlagandek boʻlar, bunga faqat eri sababchidek tuyular edi. Tez-tez yuragi siqiladigan boʻldi. Toshkentda oʻqib, oʻsha yerda qolgan oʻgʻlining uyiga faqat toʻyda borgan edi. Endi oʻsha yoqqa ham borib keldi. Andijon pedinstitutida oʻqiydigan qizidan olti oy ichida ikki marta xabar oldi. Lekin Sobirova opa koʻchada koʻp yurmaydi. Oʻziga bir vaqtlar ta’zim bilan salom berganlardan uyaladi...
— Nima, mening Malikovadan qaerim kam? U ishlab yuribdi-ku, — deb qoladi u goho eriga. — Bu yerda boshqa gap bor. Kimlardir menga dushmanlik qilgan. Raykomga yomonlagan meni. Siz kulasiz-da... — Lekin Sobirova opa tengqur dugonalarining oʻz oʻrnida ishlab yurganiga bois — vaqti kelganida ular bilimini oshirib qolishgani, maxsus kurslarga bolalarini yolgʻiz qoldirmaslik uchun u borolmaganida, ularning oʻqib kelgani — shuni Sobirova opa tan olgisi kelmas edi. Kunlarning birida rayon matlubot kooperatsiyasining raisi — dugonasi Unsinova, gazetaga ikki kilo shokolad oʻrab kirib keldi. Sobirova opa oʻzida yoʻq shod boʻlib, uni oʻtqazgani joy topolmay qoldi.
— Urinmang, Sobirova opa, — dedi u, — men tez ketaman.
— Hoy, xudo yarlaqab bir kepsiz...
— Ish koʻp-da, opajon.
— Rost, — dedi Sobirova opa ichida zil ketib, keyin birdan koʻziga yosh oldi. —Koʻrmaysizmi, Unsinovajon, mana shunday qilib qoʻyishdi meni. Jamiyatdan chiqarib tashlashdi. Xudoyo dushmanlarimning koʻziga choʻp suqilsin!
— Qoʻying, opajon, xafa boʻlmang. Raykom haqiqat qiladi. Siz koʻp yillik kommunistsiz. Davlatga koʻp xizmatlaringiz singgan.
— Albatta, albatta, — ilib ketdi Sobirova opa. — Men ot minib togʻ-toshda yurganimda, hozirgilar burnini artolmay yurar edi. Oʻzingiz bilasiz-ku.
— Bilaman, opajon, bilaman.

Sobirova opa tuxum qovurishga tushdi. Sopqondan qushlarga tosh otib yurgan kichkina oʻgʻlini chaqirib:
— Chop, otangning oldiga, goʻsht bilan guruch olib berarkansiz de, — dedi. Lekin Unsinova bolani yoʻldan qaytardi;
— Men ketaman, Sobirova opajon. Oʻtiring. Sizga gap bor.

Sobirova opa oʻzidan uch yosh kichik dugonasiga umidvor koʻzlarini tikib, koʻrpachaga choʻkdi.
— Yaqinda men Samarqandga borib keldim, — dedi Unsinova.
— Eshitganim yoʻq... shunaqa, eshitmas boʻlib qoldim, — dedi Sobirova opa.
— Koʻktosh qishlogʻidan qimmatchilikda bir sagʻir bola chiqib ketib, endilikda professor, doktor boʻlgan ekan. Oʻsha odamning ellik yillik yubileyini SamDUdagilar nishonlayotgan ekan. Meni ham taklif qilib qolishdi. Men ham koʻktoshlik emasmanmi, domla bilan taklif qilgan ekan. Men ham nutq soʻzladim. Hamqishloqlarim nomidan tabrikladim. Keyin u kishi banketga ham taklif qildi. Uyiga bordim. Iigirma mingga qurgan hovlisi bor ekan. Xotini ham odamning joni ekan, deng. Ikki oʻgʻli bor ekan. Aspiranturada oʻqishar ekan. Banketdan keyin meni olib qoldi, koʻnglida dardi bor ekan, yordi: «Hamqishloq, men yetimlikdan shu darajaga yetib keldim. Hamma orzularim ushaldi, lekin endi keksayganim uchunmi, koʻnglimga bir tashvish tushdi. Men endi Koʻktoshga borib, u yerda yasholmayman. Ilmiy ishlarim uchun bu yer qulay. Mana, katta oʻgʻlim uylandi. Kichigiga navbat kelib qoldi. Shuni koʻktoshlik yaxshi bir qizga uylantirsam. Shunday qilmasam, Koʻktoshdan ildizim uziladi, men oʻlgandan keyin bolalarim uni eslaridan chiqarib yuboradi».

Sobirova opa bu gaplardan ta’sirlanib, boshini xam qilib qoldi. Unsinova xotirjam davom etdi:
— Men, yaxshi oʻylabsiz, domla, dedim. Avvalambor, bu bizning baxtimiz, dedim. Keyin, oʻylab-oʻylab, opa sizning qizingiz Naimaxonni aytdim. Bizda bir qiz bor, yaxshi oiladan, onasi kommunist, dedim. Siz shunga nima deysiz, opa?

Sobirova opa Naimani erga berish toʻgʻrisida hech oʻylab koʻrmagan, bilimsizlik koʻngliga tashvish solib yurganidanmi, «qizim, sen oʻqi, aspiranturalarni bitir», deb yurar edi. Albatta, koʻplar ogʻiz solishar, ayniqsa, oʻzining qadimgi tanishi mana shu olifta bilan uning chiroyli yosh xotini gohida fotiha qilish haqida gap ochishar edi. Uning harbiyda xizmat qilayotgan oʻgʻli, opaning Toshkentdagi farzandi Kamolning yaqin doʻsti boʻlib, bir oyogʻi shu xonadonda boʻlib yurganida, qizining unga, uning qiziga zimdan qarab qoʻyishlarini opa sezar, lekin bunga: ham e’tibor bermas edi. Shuning uchun Samad olifta; bilan uning xotiniga ham boshqalarga beradigan javobini takrorlab qoʻyar edi: «Oʻqiyversin-chi...» Sirasini aytganda, Naima ham juda koʻhlik, aqlli, iboli qiz edi. Uni maktabda boʻlsin, tanish-bilishlar orasida boʻlsin, maqtamagan kishi kam edi...

Sobirova opa hayron boʻlib, bir zum oʻylanib qoldi. Koʻz oldida koʻzoynak taqqan professor, uning atrofidagi boshqa olimlar gavdalandi. Keyin uning aspiranturada oʻqiydigan oʻgʻli, soʻng banket koʻrindi. Opaning nazarida, bir chetda qizil boʻyoqqa boʻyalgan minbar ham koʻrindi. Opa bir zumga oʻzini shu davrada ishtirokchi kabi sezdi va siniq dili oʻkinch bilan zavqqa toʻldi... Lekin Naimani erga berish toʻgʻrisida hali hech oʻylab koʻrmagan edi. Koʻngliga allanechuk vahima tushib:
— Unday kishilar bilan quda boʻlish haqiqatan baxt, — dedi. — Lekin Unsinovajon, men qizimni hali erga bermayman.
— Opajon, domla ham kelinni darrov tushirib olmoqchi emas. U kishi ham qizni oʻqitmoqchi. Oʻzlarining xohishi ham shu: oʻqigan, madaniyatli qiz boʻlsin, dedilar. Oʻzingiz bilasiz-ku, olimlar oilasiga tushadigan kelin qanday boʻlishi kerak. — Unsinova dugonasiga zimdan qarab, qoʻshimcha qildi: — Shu ish boʻlib ketsa, hammamizga ham yaxshi boʻlar edi-da... Balki shundan keyin rayon rahbarlari sizning kimligingizni ham yaxshiroq bilib olarmidi...
— Hm-hm... — deb bosh qimirlatdi Sobirova opa ichida titrab: «Toʻgʻri-da, kimsan, professorning qudasi boʻlaman... Ha, dushmanlarimning uyiga oʻt tushsin!»

Shu suhbatdan keyin Sobirova opaning dilida bir choʻgʻ paydo boʻldi. Bu choʻgʻ goh koʻzoynak taqqan professorning, goh uning atrofidagi olimlar, uning oʻgʻli va xotinining yuzini yoritar; oʻzini oʻshalarning davrasida koʻrsatar; goh oʻzining bu katta chorbogʻini munavvar qilib, unda toʻy-tomoshalar namoyon boʻlar edi.

Sobirova opa bir oqshom bu gapni eriga aytgan edi, Shomurod polvon:
— Unsinovang shuning uchun kelgan ekan-da. Men aytdim, qanday shamollar uchirdi? — deb kuldi. Keyin oʻzining fikrini aytdi: — Qiz mardum bari bir birovga tegadi. Lekin, kampir, bunday katta odamlar bilan quda boʻlishga mening hushim yoʻq. Kamol ham menga oʻxshaydi. U yogʻini oʻzing bilasan.

Yana may oyining issiq kunlaridan birida Unsinova qogʻozga shirinlik oʻrab keldi.
— Sizni bir tomoshaga olib chiqmoqchiman, — dedi. — Oʻzim ham zerikdim, bilaman, siz ham zerikkansiz.
— Qaerga Unsinovajon? — xushvaqt boʻlib soʻradi Sobirova opa.
— Samarqandga, — dedi Unsinova xotirjamlik bilan. — Bir-ikki tanishlarim bor. Bir kelib keting, deb yurishadi koʻpdan. Bir tandir kabob yeb, maza qilib kelaylik.
— Xoʻp, Unsinovajon, xoʻp, — dedi Sobirova. — Sizday dugonam bir yerga olib boray deb keladi-yu, men yoʻq deymanmi? — Lekin ichida: «Shu professorning uyiga olib boradi», deb oʻyladi. Xayolida tanish manzaralar yana birma-bir oʻtdi. Koʻnglini vahima aralash quvonch qopladi. Unsinovaning ham koʻnglida bu gap bor ekan.
— Xohlasangiz, domlaning uylariga ham olib boraman, — dedi. — Oʻzingiz koʻrasiz, gaplashasiz u kishi bilan. Lekin, opajon, xursand boʻlasiz.
— Mayli, mayli, — dedi Sobirova opa. — Ammo u kishiga qizim haqida va’da berolmayman.

Unsinova erkaklardek xaxolab kuldi.
— E, opaginam-ey, uning tashvishini qilmang. Hali gap koʻp.

Sobirova opa bu xabarni eriga aytgan edi.
— Xotin, sening aqling kamayib boryapti chogʻi, — dedi Shomurod polvon. — Oʻrtoq Unsinovang seni professorning uyiga eltib, ogʻzingni bogʻlab kelmoqchi. Boʻlmasam, seni aylantirib yurish unga nima zarur? Shuncha vaqtdan beri ishsiz yotding, holing ne deb bir

xabar oldimi?

«Toʻgʻri», deb oʻyladi Sobirova opa. Gʻashi kelib, koʻngli qolib yurgan dugonalaridan biri ham shu — Unsinova edi... Biroq, ertalab tor koʻchaning boshida qoldirilgan Unsinovaning «Volga»sini koʻrdi-yu, amirkon etigi, qora atlas koʻylagini kiyib, yoʻlga chikdi.

Samarqandga borganlarining ikkinchi kuni Unsinova dugonasini Akbarovning uyiga olib bordi. Darhaqiqat, professorning uyi yigirma ming soʻmga qurilgan desa arziydigan edi. Lekin ortiqcha jim-jimadorlik yoʻq, ham kamtarlik, ham salobat seziladi. Professorning oʻzi buzilgan vodoprovodini tuzatayotgan ekan. Yosh yigitlardek qah-qah otib kulib: «Yerliklarim, hamqishloqlarim!» deb, bularni qarshi oldi.

Akbarovning bu ochiq, kamtar gapi uni Sobirova opaga juda ham yaqin qilib qoʻydi. Shu kecha professorning uyida ziyofat boʻldi. Qoʻni-qoʻshnilar ham ishtirok etib, hamqishloqlarning topishganidan mamnun ekanliklarini aytishdi... Bazm chogʻida yuzlari qizargan Sobirova opa bir onga oʻzini haqiqatan ham orzu qilgan xayolidagi manzara qatnashchisi deb oʻyladi. Dilini faqat zavq va shodlik egalladi. Bundan keyingi hayoti ham hamisha shundoq oʻtadigandek tuyuldi... Lekin opa bu davrada oʻzining yopishmay turganini bilolmadi. Arzimagan. qochiriqlarga ham qah-qah otib kuldi. Holbuki, bu vaqtda bazm ishtirokchilari oddiy jilmayish yo tabassum bilan cheklandilar. Nihoyat, Unsinova dugonasini nomzod koʻrsatilgan qizning onasi ekanini aytdi: Akbarov bundan juda xursandligini izhor qildi.

«Endi nima qildik?» degan savol koʻndalang boʻlganida:
— Mayli, domlajon, siz bizdan qiz soʻraysizu biz yoʻq deymizmi? — deb yubordi Sobirova opa.

Shunday qilib, Sobirova opa Naimani ularga ke-linlikka berishga rozi boʻlib qaytdi. Ular Naimani koʻrish uchun Andijonga borishlarini aytib, xayr-xoʻsh qilib qoldilar.

Akbarovlar kelishidan ikki kun oldin Naimaning oʻzi ham ta’tilga chiqib, u yokda Kamol ham otpuskaga chiqib, xotini va yosh oʻgʻilchasi bilan kelib qolishdi. Uy toʻlib, xursandchilikning cheki boʻlmadi. Soʻng Sobirova opa boʻlajak fotiha haqida ularga gap soldi.

Naima:
— Men bilmayman, — deb rangi oqarib turib ketdi-yu, Kamol tajang boʻlib oʻshqirdi:
— Bu gap qaerdan chiqib qoldi? Nima uchun? Nai-maning sizga ogʻirligi tushyaptimi?

Ona yotigʻi bilan tushuntirishga harakat qildi, ammo oʻjar bola:
— Kerak emas, professor boʻlsa oʻziga! Bunaqa odam-lar bilan qarindosh boʻlishni jinim yoqtirmaydi, — dedi.
— Bolam, sen yoshsan. Turmushni bilmaysan, — dedi Sobirova opa

Akbarovlar kelishganidan keyin, masalani koʻndalang hal qilinishiga fursat yetdi. Uy bekasi mehmonlar bilan sarhovuzda taxmondan tushmaydigan baxmal koʻrpachalarda — davrada oʻtirar ekan, Kamol singlisini bolaxonaga boshlab chikdi. Yoniga, sim karavotga oʻtqazib:
— Gapni qisqa qil, sen nima deysan? — dedi.
— Men bilmayman, — dedi Naima yerga tikilib.
— Sening taqdiring hal boʻlyapti-ku, goʻdak! Sen bilmay, men bilamanmi? — boʻkirdi Kamol.
— Men bilmayman, — dedi Naima yana.
— Singlim, sharm-hayoning vaqti emas, — deb pastga tushdi Kamol. — Agar bironta koʻnglingda oʻylaganing boʻlsa, uni ayt menga. Men hoziroq chiqib rad qilaman.
— Qoʻying, akajon, — dedi Naima.
— Samad oliftaning oʻgʻli-chi? Mening sezishimcha...
— Yoʻq-yoʻq... — soʻng «Onam...» deb mingʻirladi.

Kamol singlisini onasining soʻzidan chiqmasligini yaxshi bilardi. Shuning uchun «menga nima? » deb oʻyladi alam bilan: «Bir kuni aybdor boʻlib qolaman».

— Boʻpti boʻlmasam, men betarafman! — deb oʻrnidan turdi Kamol.

Shu kuni fotiha qilindi. Toʻy, qiz oʻqishni bitir-ganidan keyin boʻladi, degan qarorga kelindi. Ikki kundan keyin Kamol onasi bilan janjallashib, xotin-bolasini olib Toshkentga ketib qoldi.

Sobirova opa qattiq xafa boʻldi. Lekin: «Hali esidan chiqib ketadi. Et-tirnoq ajralarmidi?» dedi oʻziga-oʻzi. Endi orzularining amalga oshuviga shubhasi qolmagan edi. Opa beixtiyor toʻyning tezroq boʻlishini istay boshladi. Haqiqatan ham ish yurishib ketdi. Bir oy oʻtmasdan Unsinova kelib:
— Opajon, domlaning xotinlari meni bezor qilyaptilar har kuni telefon qilib, — dedi. — Naimaning mehrigiyosi bor ekan. Dilimga tushdi. Shuning toʻyini tezroq qilsak-chi? Bu yerda ham institutlar bor, oʻqiyverar edi... deydi.
— Unsinovajon, axir kelishdik-ku, — dedi Sobirova opa.

Erta kuz kunlaridan birida Kamol: «Singlingning toʻyi boʻlyapti. Tezda yetib kelinglar!» degan telegramma oldi. Telegrammani yirtib tashladi.

Toʻy dangʻillama boʻldi. Rayonning barcha rahbarlari keldi. Sobirova opa raykomning birinchi sekretari bilan qadah urishtirib ichdi. Ish haqida shu yerda gap ochmoqchi ham boʻldi-yu, oʻzini bosdi. Faqat Samad olifta ichib kelib, darvoza oldida bir oz janjal chiqardi. Uning yosh xotini bu hovlidan chiqayotgan childirma va ashula ovozlari ostida uyida oʻtirib yum-yum yigʻladi. Ertasiga kechki payt toʻy tarqadi va Sobirova opa eri bilan Akbarov tushgan «Volga»ga oʻtirib, yana uchta mashina safida Samarqandga yoʻl oldi. Samarqandda ham dangʻillama toʻy boʻldi. Stolning boshida oʻtirgan Sobirova opa oʻzini chinakam baxt ogʻushida his etdi. Toʻydan faqat Shomurod aka bir oz ranjib keldi:
— Boy boʻlgani bilan xasis ekan bular, — dedi. — Bergan choponiga qara, tizzamga yetmaydi. Nima, men koʻchada qolganmidim?.. Lekin kampir, Naimangni qaynanasi zahar koʻrinadi.

Qaytib kelganlarining ertasigayoq Sobirova opa ishda kiyadigan poshnasi yoʻgʻon tuflisi va odmi atlas koʻylagini kiyib, raykomga bordi.
— Xoʻsh, Sobirova opa, mana, ma’rakalardan ham qutulib oldingiz. Oʻzingiz ham ishsiz yurib zerikkansiz chogʻi? Nima boʻldi, oʻylab koʻrdingizmi endi? Qanaqa yengilroq ishni tanlaysiz? — dedi sekretar.

Sobirova opa oʻzini yoʻqotib, koʻzoldi qorongʻila-shib, bir oz qotib oʻtirdi-da yigʻlab yubordi.
— Mening nima yomonligim oʻtgan ekan kishilarga?! — deb pichirladi, shartta oʻrnidan turib chiqib ketdi. Uyga borib, boshi ogʻrib yotib qoldi. — Men nega oʻlmadim, esiz jonim, — deb yosh toʻkdi. — Kamoljon, onangni kelib koʻr, — deb nola qildi. Shomurod polvon gap nimadaligini bilib, xotinini ovutgan boʻldi. Lekin bu Sobirova opaning diliga taskin bermadi. Keyin bir oy oʻtib, kuyovi bilan qudasini chaqirdi. Keyin oʻzi bordi. Biroq bu gal ilgarigidek xursand boʻlib kelmadi...

Opa bosh ogʻrigʻiga yoʻliqib, yotib qoldi.
— Bolamni chaqiring, Kamoljonni bir koʻray, — derdi. Shomurod polvon kichkina oʻgʻliga ayttirib xat yozdirdi: «Oʻgʻlim, yetib kelmasang, onangni koʻrolmay qolasan, deb qoʻrqaman», degan gaplarni ham bittirdi.

Kamol endi qishloqqa bormayman, deb ahd qilgan edi. Biroq, bu xatni oldiyu onasini koʻrishga shoshildi. Sobirova opa yotgan yerida qoʻl uzatib oʻgʻlining boshidan quchdi. Bir zumda ona-bola ittifoq boʻlib qoldi. Ertasi kechqurun Shomurod polvon:
— Oʻgʻlim, oʻtgan ishga salovat. Singlingda ayb yoʻq. Uni koʻrishing kerak. Qaynanasi, qaynatasi, eri ham soʻrarmish. Borib koʻrmasang, yaxshi ish boʻlmaydi. Yolgʻiz singling, musofirchilik... — deb Kamolni Samarqandga borishga undadi.

Kamol singlisini yaxshi koʻrar, uni sogʻingan edi. Borib koʻrmasa, singlisining sha’niga durust gaplar boʻlmasligini tushundi. Oʻgʻlining Samarqandga borish xohishini eshitib, Sobirova opa ham inqillab oʻrnidan turdi.
— Men oʻzim olib boraman oʻgʻlimni, — dedi. Eri kasalligiga ishora qilsa ham koʻnmadi. Ikkinchi kuni ona-bolani Shomurod polvon avtobusga oʻtqazib joʻnatdi. Ular Koʻktoshdan oʻtganlaridan soʻng, Samarqandga boradigan avtobusga tushib ketdilar.

Kamol Akbarovning hovlisiga yot koʻz bilan kirib, yot koʻz bilan chikdi. Shuning uchun bu odamning dilkashligi va shoʻxliklariga oʻzga ma’no berdi. Naima ozib, koʻzlari kirtayib qolgan, yuzlarini dogʻ bosgan edi. Kuyovning ortiqcha odobliligi ham Kamolga yoqmadi: hamma zalda oʻtirishganda, onasi necha marta tashqariga chiqib kirsa, kuyov bola shuncha marta oʻrnidan turib uni qarshi oldi. Singlisi ochiq aytmagan esa-da, uning qiynalayotganini sezdi. Professor haqiqatan ham Naimani SamDUga joylab qoʻygan ekan... Albatta Kamol qaynananing oʻzgalarga balanddan qarashini ham payqadi. Ayniqsa, qaytib chiqayotganlarida, oʻzi qishloqdan zoʻrgʻa izlab topgan ikki joʻra atlas hamon karzina ichida turganini koʻrganida, behad gʻazablanib ketdi.

Sobirova opa allanechuk titrab:
— Olish eslaridan chiqibdi, — degandi, u bilan urishib ketishiga oz qoldi. «Begonamiz... Bizlar bu oilaga begonamiz!» deb chiqdi. Kuyov yigit bularni avtobus toʻxtaydigan bekatgacha kuzatib bordi. Shunda Kamol:
— Endi hamisha shu oilada turaverasizlarmi? — deb soʻradi.
— Yoʻq, Naima bilan maslahat qildik. Sektsiyaga chiqmoqchimiz. Shuni otamga aytamiz, — dedi kuyov.

Kamol bu gapdan bir oz qanoatlanib:
— Yaxshi, shunday qilinglar, — dedi. Ona-bola «ZIL» avtobusga oʻtirib, yoʻlga tushdilar.
— Qalay, onajon, xursandmisiz? — dedi u yoʻlda yonma-yon oʻtirishar ekan.

Sobirova opa mashaqqat bilan kulimsiradi:
— Albatta, xursandman, bolam. Singling yaxshi oilaga tushdi. Baxtli boʻldi.

Kamol zaharxanda kuldi:
— Siz nimalik boʻldingiz, onajon? Tushunolmayman...
— Men... — Opa gʻoyat ta’sirlanib, barbod boʻlgan orzulari, aldamchi hislari qalbida junbishga kelib derazaga qaradi, koʻzlaridan yosh oqib ketdi.

Kamol onasi bilan Samarqandga boradigan avtobusga oʻtirgan yerlarigacha birga keldi. Keyin, xayrlashib, Toshkentga oʻtib ketdi.

Sobirova opa bugʻdoy ortgan bir mashinaning kabinasida qishloqqa qaytdi. Opa derazadan yalanggʻoch, boʻr qatlamlari chiqib turgan togʻlarga mungʻayib qarab borar ekan, oʻzining darhaqiqat keksayganini, ham jisman, ham ma’nan horiganini his qildi. Shunda loqaydlik bilan yaqinginada ot minib, togʻ-toshda yurgan chogʻlari, prezidiumlarda nutq soʻzlaganlari, hamqishloqlariga magʻrurona rahbar koʻzi bilan qarashlari xayolidan bir-bir oʻta boshladi. Ularni qayta tiriltirish qoʻlidan kelmasligi, buning uchun har qanday urinish — ertangi kunni ham qisqartirish boʻlishini oʻyladi. Shunda oʻzining savodsizligi, soddaligi va oʻjarligiga ham iqror boʻldi. Endi yoshlarga yoʻl berish fursati yetganiga ishondi... Beixtiyor oʻzining bu ahvoli bir kunmas-bir kun tengqur dugonalari boshiga tushishini oʻyladi.

Sobirova opa bir haftadan keyin horgʻin qadam tashlab, oʻziga yarasha ish soʻrash uchun raykomga yoʻl oldi.

1968