OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiKeksa gʻijjakchi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Keksa gʻijjakchi (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Gʻani aka ishshayib, gʻijjakka tikildi. Kamonni oldi-da, gʻiyqillatib chala ketdi. Bu — eski kuy edi. Mashshoq va xonandalar bu kuyga allaqachon tahrir kiritgan, lekin Gʻani aka undan voz kechmas, chalar, bu esa eshituvchilarga yoqmas edi. Shuning uchun Gʻani aka goho xafa ham boʻlar, oʻkinar, lekin yana... Oʻz bilganidan qolmasdi... U gʻiyqillatib chala boshladi. Uning roʻparasida turgan mehmon yigitlar soy tarafga ketishdi; oppoq toshloqdan oʻtib, koʻpirib oqayotgan suvga yetishdi. Yechinib, suvga tushishdi va bir-birlariga suv sachratib, choʻmila boshlashdi.

Gʻani aka chalar edi. Labida oʻsha yumshoq xokisor va allanechuk oʻjar tabassum. Silliq sochlari manglayiga tushgan. Xrom etikli oyoqlarini uzatib yuborgan. Uning yonida tiniq buloq, undan narida ajriqzor, yulgʻunzor... Bu yigitlar shahardan sovxoz direktorining uyiga mehmon boʻlib kelishgan, endi dam olgani chiqib, novvoyxonani ham koʻrishgan va Gʻani aka gʻijjakni koʻtarib, ularga ergashib chiqqan edi... Gʻani aka bir zamonlar teatrda ishlagan, soʻng shahar havaskorlariga boshliq boʻlgan. Nihoyat, aylanib-aylanib, shu sovxozdan qoʻnim topgan; uning ota-bobosi novvoy oʻtgani uchun oʻzi non yopishga chapdast edi — sovxoz direktori bir gal uning nonidan tatib, oʻzining novvoyxonasiga olib kelgandi.

Gʻani aka, nihoyat, xoʻrsinib, gʻijjakni yotqizib qoʻydi. Xomush boʻlib, mehmonlarga tikildi: yaxshi zamonlar oʻtib ketdi! U tushgan davra gullar edi! Ustma-ust kuy chalish, ashula aytishini soʻrar edi mehmonlar. Buyam kam: aylangani chiqishganda ham uni bir qadam oʻzlaridan ajratmas, mana shunday vaqtlarda mehmonlar choʻzilishib, u kishini xizmatga qoʻyishardi: o, u chalish, ashula aytishlar xizmatmidi?

Gʻani aka oʻrnidan irgʻib turdi-da, ajriqzor yoqasida yotgan korzina boshiga bordi. Ochdi, ichidan araq bilan qovurdoq oldi. Araqdan yarim piyolani quyib, otib oldi-da, yana korzinaga joylab qoʻydi... Gʻijjagini koʻtarib, novvoyxonaga qaytdi.

Novvoyxona. Shiftlarini is bosgan, odam boʻyi balandda tandir. Uning pastida uzun peshtaxta. Orqada qop-qop un, chetda yogʻoch karavot. Unga sholcha va koʻrpacha toʻshab qoʻyilgan. Lekin yer toza qilib supurilgan. Shipdagi is, un, koʻmir hidiga qaramay, novvoyxona ozoda edi.

Gʻani aka gʻijjakni mixga ilib qoʻyib, karavotga oʻtirdi. Engashib, sochlarini taradi. Chuqur xoʻrsinib, yana gʻijjakni oldi-da, tagʻin shaxd bilan chala boshladi... Gʻani akaning uchta bolasi, xotini bor, ular shaharda. Novvoy har bozor kuni ulardan xabar oladi. Agar ishi rivoj topib, direktor uy bersa, koʻchirtirib kelmoqchi.
— Salom berdik!

Gʻani aka eshikda tik boʻlgan novcha, galife shim-kitel kiygan, oʻttiz besh yoshlardagi sovxoz direkto-rini koʻrdi.
— Vaaleykum assalom, direktor bobo! — deya karavotdan irgʻib tushdi. Gʻijjakni yotqizib qoʻl qovushtirdi.

Direktor ichkariga kirib, uyoq-buyoqqa qaradi:
— Qani, zerikmay yotibsizmi?
— E, zerikish qayda, ogʻajon!
— Boʻlmasam gap munday! Shu haftaning oxirida toʻychigʻimiz bor...
— E-e, qulluq boʻlsin!
— Yoz ham oʻtib ketyapti. Toʻyni qilib olmasak boʻlmaydi.
— Umrlari uzun boʻlsin!
— Endi bir gʻayrat qilasiz-da, Gʻani aka. Bir-ikki yuzta non yopib berasiz!
— Xoʻp boʻladi, jonim bilan! Andak... siyodona kerak boʻladi. Biron kilo kunjut boʻlsayam zarar qilmasdi. Agar, qizdirilgan yogʻdan ham boʻlsa, nonni koʻp chiroyli qiladi, ogʻajon!
— Hammasini topib beramiz. Lekin siyodonani... Oʻzingiz toping. Men pulini beraman.
— Xoʻp boʻladi, xoʻp! Qoʻshni sovxozga borib kelishga toʻgʻri keladi-da. Agar bir ulov boʻlsamidi...
— Kechga tomon mehmonlar ketishadi. Keyin mashinalar boʻshaydi. Ular soydami?
— Soyda...
— Xoʻsh... xoʻp. Boshqasi haqida keyin gaplashamiz. Direktor chiqib ketdi. Gʻani aka karavotga oʻtirdi yana. Gʻijjakka mungʻayib qaradi va: «Artist ham kerak, — deb oʻyladi. — Kimlarni chaqirtirar ekan... E, zamon oʻtdi, Gʻanijon!»

Maslahat oqshomi Gʻani aka ayvonda shofyorlar va boʻlim xizmatchilari bilan oʻtirar, ichkarida qoʻshni sovxoz direktorlari, rayon xodimlari ham bor, ular bemalol kulishib gaplashar, bular esa, bir qadar past ovozda, imkoni boricha ularga xalaqit bermaslikka tirishar edi.
— Xoʻsh, bizdan maslahat soʻrasangiz, maslahat shu! — dedi bir mahal ichkaridagi mehmonlardan biri. Hamma jimidi. Tashqarida oʻtirganlar ham jimidi: — Toʻyni katta qilmaysiz, oʻrtoq direktor! Bilaman, bir marta ham uyingizga mehmon chaqirmagansiz. Hammasining hissasini biryoʻla chiqarmoqchimisiz... Lekin bu har xil gapga sabab boʻladi, doʻstim! Tushunyapsizmi? Direktor sovxozni yeb ketdi, shunday toʻy qilyapti, degan gaplar ham chiqadi. Ha-ha! Shofyor dangʻillama toʻy qilsa, uning gapi oz boʻladi. Sizniki koʻp boʻladi, doʻstim!.. Bu yogʻini hisobga olish kerak! Soʻngra, bir iltimos sizdan, artist chaqirmaysiz! Zinhor yodingizda boʻlsin shu! Pul qistirish, artistga haq toʻlash — bu masalalar koʻp nozik, doʻstim! Bizgayam gap tegadi... Odamlarni tiyib boʻladimi?! Biri bir soʻm qistirsa boʻldi, kim osharga aylanib ketishiyam hech gapmas! Xoʻp... agar, juda istasangiz, rayondan havaskorlarni chaqiring! Ular kelib gullatib ketishadi. Domkulturada bor-ku, besh-oʻnta havaskor! Shundan foydalanish kerak... Qarshilik yoʻqmi?

Hech kim qarshilik bildirmadi. Biroq koʻplar, ayniqsa, tashqaridagilar xomush tortdi. Gʻani aka ham oʻylanib, bosh chayqab oʻtirdi.

Toʻy kechasi Gʻani aka novvoyxonada edi. Peshma-pesh yopilgan nonlar yetmas, dastyor bola non tashib ulgurmasdi... Soat oʻn ikkidan keyin toʻyxona tinchiy boshladi. Gʻani aka dam olgani oʻtirdi va dastyordan soʻradi:
— Bizni unutishmadimi? Biron narsa opkeling, ukam!
— Allaqachon opkelib qoʻyishgan! — dedi dastyor.

Yarim soat ichida novvoyxona toʻyxonaga aylandi.

Gʻani aka shirakayf koʻzlarini suzib, gʻijjak torini tortar, xirillab ashula aytar, dastyor bola chirpirak boʻlib oʻyin tushar, har ikkalasi ham «dod», deb qoʻyishar edi. Bir mahal tashqarida tapir-tupur boʻldi va:
— Gʻani aka! — dedi kimdir.

Boʻlim boshligʻi ekan:
— Yuring-e! — dedi u. — Toʻy emas, bir gʻalati ish boʻldi, aka! Havaskorlar gastrolga ketgan ekan. Kelishmadi. Hamma xomush boʻlib oʻtiribdi. Ashula, oʻyin boʻlmasa boʻladimi! Yuring! Oling!...

Gʻani aka tomogʻini qirib qoʻzgʻaldi va yana oʻtirdi:
— Ukam, biz eski, asbob ham eski, ashula ham... Qandoq boʻlarkin?
— E, hozir shunisigayam zormiz! Direktor yubordilar meni! Boʻling!

Gʻani aka allanechuk qaltirab, qoʻzgʻaldi.
— Sabr, qilasiz endi! — deya, kostyumini yechib tashlab, dastyoriga buyurdi: — Suv quy, uka. Yuvinay.

Yuvinib, artindi. Karavot tagidan eski chamadon chiqarib, yangi oq koʻylak olib kiydi, qora galstuk taqdi. Yangi kostyum kiydi va etigini artib, gʻijjakni qoʻliga oldi.

Toʻngʻillab, diqqati oshib oʻtirgan boʻlim boshligʻi yoʻl tortdi.

* * *

Gʻani aka toʻyxonadan soat uchlarda qaytdi. U kayf qilgan, lekin tetik, ogʻzi qulogʻida edi. «E!» deb novvoyxona oʻrtasida toʻxtadi. Asbobni joyiga ilib, karavotga oʻtirdi va boshini quyi solib, nimalar boʻlganini esladi:

Gʻala-gʻovur, shovqin-suron. Odamlar turib ketishgan. Supa pastida qur tutib olishgan. Oʻynamagan odam qolmadi. Har maqomda oʻynashyapti. Ayniqsa, oʻyin bilmaydiganlar koʻp. Gʻani aka gʻijjakni qorni ustida tutib olib, muqom bilan chalyapti. Toʻxtamaydi: kuylar bir-biriga ulanadi. Odamlar qiyqiradi, rahmat aytadi... Usha eski, eshitishni istamagan kuylarini ham jon deb eshitishgan, oʻsha eski, xonandayu mashshoqlar qaramay qoʻygan ashulalarga ham joʻr boʻlishgan... Direktor qizishib, Gʻani akani oʻpadi, bitta katta serkani yetaklab kelib, chilviridan tutqazadi. Gʻani aka uyaladi, qizaradi.

Tong otdi. Gʻani aka boshi ogʻrib uygʻondi. Kiyim-boshini almashtirib soyga oʻtdi. Suvga tushdi. Qaytdi. Buloq boshida toʻxtadi. Yaqindagi dard-alamlarini esladi. Xomushlandi. Nihoyat... Oʻzini baxtiyor sezib, balki umrida birinchi marta toʻla baxtiyor sezib, novvoyxonaga qaytdi. Ehtimol bundan keyin u hech mahal bunchalik baxtli boʻlolmas — biroq u bu hakda oʻylamas, kimlardandir oʻch olganday, kimlargadir oʻzini tanitganday sezar va endi hamma narsaga — har qanday gʻam-hasratga ham rozidek, mamnun koʻrinardi... Gʻani aka gʻijjakni joyiga ilib qoʻyib, yenglarini shimardi. Ishga tushdi.