OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiKimsasiz hovli (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kimsasiz hovli (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

— Oy borib, omon kel, bolam. Sendan boshqa suyanchigʻim yoʻq... — Umar aka oʻgʻli Ummatning koʻksiga peshanasini ishqab-ishqab yigʻlar, Hosila opa uning yelkalarini silab-siypar edi.
— Ena! Ota deyman! Urushga ketayotganim yoʻq-ku, kelaman! — derdi Ummat gʻashlanib va allanechuk quvonib.
— O, bolam, meni!..
— Tez-tez xat yoz!

Mashinalarga chiqishga buyruq berildi. Ota-onaning gaplari ado boʻlmay ogʻizlarida qoldi. Ummat ularning bagʻridan chiqib, mashina kuzoviga intildi. Askar yigitlar allaqachon oʻtirib olishgan edi. Mashina ham Ummatning chiqishini kutib turgandek jildi.

Umar aka bilan Hosila opa ham boshqa ota-onalar qatori orqaga qaytishdi. Umar aka shalogʻi chiqqan «Volga»siga kirib oʻtirdi. Hosila opa ham joylashgach, sekin, qoʻllari qaltiragan holda haydab ketdi.

Shu kuni ular ishga chiqmadilar. Ummatjon harbiyga ketmas boʻlsa, turgan gapki, magazinda boʻlishardi. Er-xotin dam olish kuni nimaligini bilmasdi: birlamchi, ishni sevganlaridan. Ikkilamchi, omborda, magazin ortidagi omborda qancha mol bor! Uni Barbosga ham ishonib boʻlmaydi. Nima, bir itni bir narsa berib oʻldirish qiyinmi?

Qorovul Qadambek piyonista boʻlsayam sergak, lekin bari bir... ichuvchiga ishonib boʻlar eqanmi!

Xullas, bugun Umar aka bilan Hosila opaning necha-necha yillar davomida birinchi marta dam olishga chiqqan kuni edi. Ummatjonning ketishi kerak boʻlib qoldi-da. Yoʻgʻasam-ku...

Ular hovliga yetishdi. Hosila opa temir darvozani ochib kirdi. Ichkaridan oʻtib, gʻishtin garaj eshigini ochdi. Umar aka mashinani ichkariga qoʻyib chiqdi. Hovlidagi gʻarq pishib turgan bir tup xurmo tagiga — eski chipta kresloga oʻtirib, boshini egdi.

Hosila opa garajni yopib, erining qarshisida turgan boshqa kresloga xoʻrsinib choʻkkan ham edi, ancha narida — Ummatjon bilan Qadambek yasagan yogʻoch katak oldida choʻzilib, oʻzlariga loqayd tikilib yotgan Jekka koʻzi tushdi-yu:
— Voy-voy! — deb chayqaldi, — Siz-da, oʻzingiz-da! — dedi eriga. — Shuni opqolsa boʻlardi...
— E, aljima, — dedi Umar aka ijirgʻanib. — Haliyam aqling kirmadi-kirmadi-da. Raykom sekretarining oʻgʻli ketayottanda, hazilmi senga...
— Hoy! — Hosila opa kreslo suyanchigʻiga musht urdi. — Nega meni nuqul aqlsiz deysiz? A! Axir, oʻylab koʻring oʻzingiz...
— Uf! Yana oʻsha gap... E, men oʻlay!.. — Umar aka oʻrnidan turib ketdi.
— Sizniyam topganingiz shu.
— Boʻldi-boʻldi-i! Hozir shu gaplarning vaqtimi? Hosila opa jimidi. Yana koʻzi Jekka tushdi.
— Uni yotishini koʻring! Voy...

Umar aka itga gangib tikildi. Soʻng qoshiga borib choʻnqaydi. Boshini siladi. It tumshugʻini yerga choʻzib koʻzlarini xiyol yumdi.
— Shuyam xafa-ya! — dedi Umar aka.
— Xafa boʻladi-da! Egasi ketdi!
— Bunga bir nima berish kerak... Tashvish bilan boʻlib, itni och qoldirdik.
— E-e... Oʻzingiz bering.

Umar aka koʻksini uqalab oʻrnidan turdi.
— Unday dema, xotin. Zamon tinch. Hosila opa tagʻin yigʻlay boshladi:
— Bari bir-da...

Umar aka, nihoyat, qaddini rost tutib, temir panjarali derazalar tagidan eshik tomon ketdi. Yoʻl-yoʻlakay axlat paqir ichida tikka turgan supurgini olib, yotqizib qoʻydi. Uvalangan raxlari chaplab yamalgan tsement zinadan koʻtarilib, yomgʻir suvidan boʻyogʻi koʻchib ketgan eshikni qoʻsh kalitda ochib kirdi.

Yoʻlakda oʻzini ancha bardam sezdi. Qandil chirogʻi yoqigʻli qolgan ekan. Yon devorlarning zarhal rangda tovlanishi, toʻrdagi eshikka tutilgan yapon ajdahosi ogʻzini ochib turgan harir pardaning jimjimalari, poldagi choʻgʻdek gilam uning koʻngliga allaqanday tasalli bergan boʻldi.

Keyin, u nimaga kirganini eslagandek, shoshib tuflisini yechdi-da, devorga oʻrnatilgan qizil telefon apparatini koʻtarib, tagidan bir juft kalit oldi. Toʻrdagi eshikka yaqin chap eshikni ochdi.

Birpasdan keyin u parqu toʻshakda, chetlari chetlariga moslab buklangan yashil, silliq, yaltiroq ellik soʻmlikdan bir talayini kaftida silab oʻtirar, lekin koʻzlari yoshli edi.

Allanarsani taqir-tuqir tushirib-tepib, Hosila opa kirib keldi.
— Utiribsiz.

Umar aka behol bosh irgʻadi. Hosila opa erining qoʻlidagi yashil pullarni koʻrib, tilla tishlarini shimib oʻylandi.
— Shu pul tuzuk, — dedi. — Oʻntaliklaringiz yaramaydi. Oʻtgan oqshom sandiqni ochsam, ichida mita yuripti. Kim biladi hali...

Umar aka xotiniga olayib tikildi.
— Rostmi? — dedi asta.
— Koʻring oʻzingiz!!
— Uf-f.

Pullarda mitti-mitti hashoratdek dogʻlar koʻri-nar, ular juda beozordek edi. Umar aka sandiqqa engashdi-yu, xotiniga ma’noli qarab: «Bor!» dedi. Hosila opa tashqariga chiqdi. Gʻuborli osmonga, temir darvozaga tutash devorga qoʻshilib oʻsgan tolning sap-sariq barglariga koʻzlari qadalib oʻtgancha, shippagini oyogʻiga ilib-ilmay yoʻlkaga tushdi.

Xonaga qaytib kirib:
— Hech kim yoʻq, — dedi. — Lekin shu tolni kesish kerak. Koʻchadan bir sakrasa, qoʻli yetadi kishining...

Umar akaning qulogʻiga gap kirmas edi: u yumshoq tumbada — oyoqlari orasida uyulgan dasta-dasta pulga termilib oʻtirardi.
— Shular, bir qarasang, oddiy qogʻoz-a. Gugurt chaqsang, yonib ketadi, — dedi, nihoyat.
— Aljimang. Aljib qopsiz.
— He-e, xotin! — Umar aka qoʻllarini tizzasiga tiradi. — Ha, aytmoqchi...
— Nima, «aytmoqchi?»
— Bir nima demoqchi edim.
— It! — deb yubordi Hosila opa. — Shuning boriga shukr.
— Ha... Vey, nimaga ovqat bermayapsan haliyam? Yana esli deydi oʻzini.
— Xoʻp, bularni... — Hosila opa pul uyumiga tikildi-da, birdan titkilay ketdi: pachkalarni olib, oʻngu soʻliga qaraydi. Negadir hidlab ham koʻradi. Ba’zi dogʻli, ezilganlariga koʻzi tushsa, burnini jiyiradi. — Bari bir, — dedi keyin, — elliktalikka aylantirish kerak.
— Ahmoq, oʻntalikda gap koʻp! — dedi Umar aka. — Bor. Itga qara.
— Sob qoʻying joyiga.

Umar aka bosh irgʻab, tagʻin engashib oldi.

Bu pullar unga... ularga osonlik bilan kelmagan.

Rdamlarni aldashning oʻzi boʻlmaydi, har daqiqada yuragingni hovuchlab turasan; OBXSS bor, militsiya, jurnalist degan bir balolariyam bor... Toʻgʻri, ayrimining tomogʻiga tashlasang, labini yalab chiqib ketadi. Lekin shundayam qoʻrqib turasan: koʻnglida nima bor — kim biladi.

Oddiy xaridorlarning ichidayam olasi uchrab turadi.

Bu pullar oʻz-oʻzidan kelmagan, shuni deb er-xotinning umri sovurildi hisob...

Qurib ketgur ayrim baza boshliqlari yomon-da!

E-e, hammasining ogʻziga bir narsa tutishingga toʻgʻri keladi, hatto yuk ortuvchisi ham umidvor.
— Hoy, Jek ovqat yemayapti.
— Nimaga?
— Men qaydan bilay! — Hosila opa shunday deb, yana koʻziga yosh oldi. — Ummatjon boʻlsa...

Umar aka shosha-pisha pullarni sandiqqa tashladi.
— Shubangni ol! — dedi jahl bilan. — Oʻshani chiqarganing uchun bunga haligilar tushgan!
— Qish kelyapti deb...
— Bari bir kiymaysan-ku?
— Uyda kiyaman!

Umar aka miyigʻida iljayib, chiqib ketdi. Hosila opa yoshligida oʻyinchi boʻlgan. Oʻshanda rosa kiyinib yurardi. Umar akayam uni oʻsha kezlar rosa oʻynatgan oʻz doyrasiga...

Oʻshanda u kishi... yosh yigit — doyrachi edi. Odam boshda tutgan kasbini unutolmas ekan. Hosila opa ba’zan xushi kelganda, ya’niki, moʻmay pul qoʻlga kirganda: «Bitta cherting-e, yigit!» deb qoladi. Umar aka childirmani tizzasiga tirab qoʻyib, bilagidan chiqqancha qotib qolgan qiyshiq qoʻli bilan chaladi.

Otasi doyra chalib, onasi oʻyin tushganda Ummat-jon yotib-yotib kulardi. Bular xafa boʻlishmasdi. Ummatjonning kulgisi begʻubor edi. Uning kulgisi sabab bularning zavqi oshardi. «Cherting-e, yigit!» — derdi Hosila opa battar avjlanib.

Jek hamon tumshugʻini choʻzib, koʻzlari moʻltirab yotar, oldidagi sirli kosada turgan kolbasa kesimlariga qaramasdi. Umar aka tagʻin uning boshini siladi. It quloqlarini boʻyni tomon pasaytirib, koʻzlarini xiyol yumdi, xolos.
— Tavba! — Umar aka inqillab oʻrnidan turdi. — E, xotin! Qorni ochsa, yeydi.
— Ha, men ham shuni oʻylab turibman.

Yoʻq, Jek boshqa qaytib ovqat yemadi. Hafta oxirida oʻldi.

Umar aka bilan Hosila opa Jekning oʻlimidan qattiq qaygʻurishdi. Ummatjon Jekni yaxshi koʻrardi.

Ketar oldidan iti bilan rosa yalashib-yulqashgan, hattoki katagini ham yangilab bergan edi.

Bu fojiani unga sirayam bildirmasliklari kerak: xafa boʻladi, tagʻin xafachilikda biror ishkal chiqarmasin.

Har qalay, bu ahvolning ham tabiiy chorasi topildi: magazin omboridagi Barbosning bir bola-sini Qadambek orqali topib keltirdilar. Ajab! U Barbosdan ham koʻra Jekka koʻproq oʻxshab ketardi.

Hosila opa hovli devori ustini aylantirib tikanli sim bilan oʻratdi. Bu ancha xunuk edi; nimasi bilandir qamoqxona devorlarini eslatardi.

Biroq... olam hodis, bir nima deb boʻlmaydi.

Ichkarida ancha mol bor...

Sandikdagi pullar — ularning bir ulushy.

...Endi bular tarixidan ikki shingil soʻzlash ham mumkindi. Umar aka oʻn olti yoshida otasini poezd bosib ketgach, undan meros qolgan doyrachilikni kasb qilgan — rayondagi xalq teatrida biroz ishlab, ke-yin sayoq otarchilarga qoʻshilib ketgan edi. Koʻp yurdi, koʻp topdi, topganini sovurdi. Albatta, u pullar suyuq ayollar yoʻliga ketdi.

Bu orada Farhod kanali qurilishida ham boʻldi. U yerda doʻkonchilik qilib yurganida, bor molini bir kavkazlik oshnasi urib ketib, oʻzi u sovgʻa qilgan bir papogʻu bir xanjar bilan qoldi. Xayriyat, sogʻ chikdi.

Keyin yana doyrachilik...

Ittifoqo bir qish muzda sirgʻalib yiqilib, qoʻli bilagidan chiqib ketdi. Tabibga soldirgan edi, qiyshiq bitdi. Keyin toʻgʻrilataman deb nogiron qilib qoʻydi.

Bu uning uchun fojia boʻldi: doyrani ilgarigidek zoʻr chalolmas edi...

Oʻshanda bir oʻyinchi qizga koʻngil berib, u — «tegarman», bu — «olarman» boʻlib yurgan edi. Uyinchini topish osonmi! Toʻy koʻp mahali edi. Izlab-izlab ma’shuqasi xizmat qiladigan otarchilarni topdi. Lekin qiz ketib qolgan ekan.

Tavakkal qilib, uyiga borgan edi, bir poʻrim bi-lan oʻtirgan ekan. Uni «erim» deb tanishtirdi. Umar indamay chiqib ketdi.

Tentirab yurib, shu rayonga kelib qoldi-da, ochning koʻngli holvaga ketibdi degandek, qoʻgʻirchoqlar doʻkoniga kirib qoldi.

Qarasa, mudira koʻziga tanishday. Bir zamonlar oʻz doyrasiga oʻynatib yurgan Hosilaxon...

Soʻrashdilar. Umar unga ahvolini aytdi. U doʻkon ichkarisiga kiritib, oldiga ul-bul qoʻydi. Ishdan keyin, bir oz-bir ozdan ichishdi. Keyin Hosila dangaliga shunday dedi:
— Menga uylanasanmi? Umar oʻylandi:
— Odaming yoʻqmi?
— Aftimga qara.

Ertasiga Umar unga uylanar boʻlib shart qoʻydi:
— Oyogʻingni qiyshiq bossang oʻlasan!.. Keyin, meni «siz»laysan.

Hosila yiqqan bisotini sarflab ancha tuzuk toʻy qildi. Umar uning bir xolasidan qolgan hovliga «yigʻilib» bordi. Keyin, Hosila toʻyda bosh boʻlgan magazin direktoridan iltimos qilib, erini ham qoʻshni non doʻkoniga ishga oldirdi.

Umar savdo ishidan xabardor edi, eplab ketdi.

Oydan oy, kundan kun oʻtib, bular bir magazinda ishlay boshladilar.

...Ummatjon besh yoshga kirganda, Hosilaga hozir ishlayotgan magazin direktorligi tegdi. Saldan keyin direktorlikni erining nomiga oʻtkazib, boshqa hamma ishni oʻz qoʻliga oldi. Magazin katta. Uchta boʻlimi bor: birida mebel sotiladi, birida — gazmol, yana birida — roʻzgʻor buyumlari.

Qoʻllarida oʻzlaridan boʻlak yana uchta qizcha ishlaydi.

Toʻgʻri, bu magazinni olish oson boʻlmadi. Hosila bultur urilib ketgan shahar savdo boshligʻiga koʻp narsa va’da qilgan edi: uni uzguncha boʻlari boʻldi.

Lekin, keyin...

Ular ishga pishiq-puxta edilar: ikki savdo xodimining tili bir boʻlsa, koʻp ish qilsa boʻlarkan.

...Qisqasi, ularning imoni ham, umrlari ma’nosi ham pul boʻlib qoldi. Planni bajarish — bi-rinchi oʻrinda, albatta. Biroq magazinga borishdan maqsad — bugun nima tushadi, degan talabni qondirish, xolos.

Biroq ular kamtar, koʻrinishda kamsuqum, koʻpchilik oʻrtasida koʻzga tashlanmasdi ham.

Qadambekni aldab-suldab hayhotdek hovlisini sotib olishgach, endi orzu-havas koʻyiga tushdilar: pishiq reja bilan imorat boshlashdi. Darhol uning atrofi xom gʻisht bilan oʻralib, ichki tomon tsement suvoq qilindi. Imorat bitgach, derazalariga ichkaridan temir panjaralar oʻrnatildi.

Bunga ancha xarajatga tushdilar.

...Bu yokda Ummatjon oʻsib kelardi.

Endi ular boshlashdi.

Pul, pul, pul...

Uning yoʻlida vijdon, andisha, odamiylik — sariq chaqa.

Agar ularning moli tekshirilsa, shu rayonda emas, qoʻshni rayonlarda ham «yomonotliq» boʻlib, bir «Jiguli»ni varillatib yurgan manman degan olifta magazinchining molidan oʻn chandon koʻp chiqadi.

Lekin bular kamtar — faqir: xaridorlar bilan yetimchadek muomala qiladilar.

Ular kulgini yaxshi koʻrishadi. Kunduzlari ishlab, tunlari totli suhbat asnosida, kimni qanday «tushirganlari», kimga chap berganlarini aytib, xaridorlarning ustidan kulishadi. Oʻzlari dono, aqlli. Chunki ular pul topish yoʻlini bilishadi. Ularning pullari bor!

Keyin... istiqbol haqida shirin xayol surish bosh-lanadi.

Ummatjon! Ummatjon!..

Mana, Ummatjon harbiyga ketdi. Uning iti ham oʻldi. Oʻrniga keltirilgan kichik Jek gurillab oʻsyapti... Er-xotin esa magazinda: xaridorlarni aldashyapti, ular ustidan kulishyapti... Oʻzlariga ola qaragan bitta-yarimta shubhali «xit»ning koʻnglini ham ovlab, keyin shubhalari qiynogʻida ham qolishyapti. Endi ularning ashaddiy dushmanlari — OBXSS odamlari yo militsionerlar yoki jurnalist, yoki shubhali shaxslargina emas...

Ular hammadan qoʻrqishadi.

...Ummatjon ketgandan beri bir yil oʻtdi. Undan xat kelib turipti. Xizmati chegarada. «Sizlarni so-gʻinaman. Lekin bu yerda qolib ketishim ham mumkin», deb yozadi. Keyin, albatta: «Mahallaga salom, Qadambek boboga salom... Jekka salom!» deydi.

Umar aka bilan Hosila opaning quvonchlari!.. Keyin uning «qolib ketishim ham mumkin» degan gapidan gʻoyat hayron boʻlishib, bir-biriga tikilib qolishadi.

Holbuki, Ummatjon bolalikdan ota-onasini hayron qoldirishni yaxshi koʻrardi. Ba’zan shkafga kirib olib, ularni kunlar sarson qilar, keyin chiqib, qah-qah urib kulardi.

e’tirof etish kerak: u sodld, qingʻirlikdan yiroq yigit edi.

Bular kabi ota-onaning bolasi unday boʻlmaydi, deb oʻylash mumkin. Lekin gap shundaki, Umar aka bilan Hosila opa koʻpchilikda qoldirib yurgan «yaxshi» taassurotlarini oʻgʻillariga qoldirishni istamaganlaridanmi, oʻz qingʻirliklarini Ummatjondan zinhor yashirishar, bolaning nazarida, ota-onasi sutdek oq, musichadek beozor edi.

Ha, ular qanday kamtar, kamsuqum.

Ishdan boshqa narsani bilishmaydi...

Bir kuni kechqurun «subbotnik»dan qaytib, barg yozib qolgan xurmo tagida, kreslolarda horgʻinlikdan mast boʻlib oʻtirishar, Hosila opaning ovqat qilishga hushi yoʻq, oʻrtadagi uchoyoqli stolchada taomning «qurugʻi»dan kolbasa, yaxna goʻsht, ikra bor edi.
— Qarang, shu xurmo «odam» boʻldi-ya!
— E! Hozir Toshkentdayam oʻsyapti.
— Yeng endi!

...Taomlardan choʻqinib, qorinlarini «aldashgach», iliq koʻklam oftobida mizgʻigilari kelib turarkan, oʻrtada beozor suhbat davom etdi:
— Bahor ham oʻtib ketyapti!.. Biz magazinga qamalib yotibmiz.

Umar aka javob bermadi: u temir darvoza tagida qulogʻini ding qilib yotgan Kichik Jekni koʻrsatkich barmogʻi bilan imlardi. Nihoyat, amr ohangida;
— Je-ek! — degan edi, avlodi boʻrilardan aynigan, biroq egasiga binihoya sodiq ovcharka uchib keldi va Umar akaning tizzasiga suykalib, unga porlab turgan koʻzlarini bir muddat tikdi-da, asta yerga bagʻrini berib yotdi. Umar aka uni silab-siypadi. — Xotin, xuddi Katta Jekning oʻzi-ya! Yo qudratingdan!
— Ummatjon kelsa taniyolmaydi, — dedi Hosila opa.
— Lekin otpuskaga kelsa, bari bir biladi...
— Unda mayli!
— A-a... ungacha buyam toʻpposday boʻlib qolar.
— Eshshakday boʻladi, deng... Vey-vey hoziroq... aftiga qarang. Undan ham ziyrak!
— Barbosdan tarbiya olgan-da.

...Bundan toʻrt oycha muqaddam Qadambekning masla-hati bilan Barbosni oʻn kun kunduzi uyga keltirib qoʻyib, undan goʻyo hadis oddirishgan edi: Barbos hovli sahniga qoʻngan musichani ham qoʻymas, nari koʻchadan bir sharpa eshitilsa ham darvoza tagiga borib pisib yotardi.

Oʻzi, ajoyib hayvon-da, bu zot! Itni oʻzimizda odamlar hurksin, hovlini qoʻrisin, ovozi chiqsa, oʻgʻri ham qochadi, deb saqlashadi koʻpincha.

Bu jnivor esa — xuddi boʻrining oʻzi: na huradi, na odamni qoʻrqitadi. Indamay yotsa-da, vajohatini koʻrgan odamning imoni qirq gaz uchadi.
— Hoy, siz bir narsani oʻylaysizmi hech?— soʻrab qoldi Hosila opa. — Ummatjon armiyadan kelsa...
— Nimani oʻylashim kerak? — dedi Umar aka. — Kelishi sharofatiga restoranda ziyofat qilib berasiz...
— Restoranda?
— Res-toran-da! — uqtirdi Umar aka. — Hali hammani shu yerda toʻplaymiz, deb ham qolarsiz?
— Yoʻgʻ-e...
— Sen menga shuni ayt, uni qaysi oʻqishga joylab qoʻyishimiz kerak? Oʻgʻling ancha sodda...
— A-a, uni bilaman.

...Ummatjonning soddaligi mahalla odamlariga ham besh qoʻlday ayon, uni koʻplar maqtashar edi. Oʻzi ham katta-kichik demas, bemalol aralashib ketaverardi.

Ummatjon Qadambekka ham yoqardi. Yigitcha unga uylaridan gazak oʻgʻirlab oborib berar, uning alkash-chalkash gurunglarini gʻoyat qiziqish bilan tinglardi.

Umar aka irgʻib turdi.
— Oʻzi kelsin!.. Diydoriga bir toʻyay! Bas... Keyin aytganini qilamiz! Borimiz oʻshaniki-da!
— Oʻshaniki!
— Ey, uch-toʻrt yildan keyin magazinni topshirsak...
— Unday demang! — dedi Hosila opa koʻzlari ola-kula boʻlib. — Keyin nima qilamiz?
— Aqlliman deysanu oʻylamaysan...
— Xoʻsh?

Umar aka turdi-turdi-da, kulib yubordi.
— Oʻzim ham bilmayman.

...Shundan keyin ular bugungi hashar haqida, rayon prokurorining nemischa mebel kerak, deb iltimos qilgani, unday mebeldan bir emas, bir nechtasi doʻkon ortidagi omborda turgani holda, unga «yoʻq» deganlari va unday mebel kelishi hamon u kishining uyiga telefon qilishlarini aytganlarini. Eslashib kulib oʻtirishdi.
— Lekin oʻzi yaxshi odam-a, — deb qoldi Hosila opa.

Umar aka xotiniga ola qaradi:
— Ha, yoshgina yigit...
— Tavba! Qarisangiz ham quyilmaysiz-da!
— Yoʻq, oʻzingizga boqing...
— Xoʻp. U yomon odam!
— Bu boshqa gap.
— Bir kelib qolgandi-da.

Umar aka itni yana bir oz siladi-da, chuqur xoʻrsindi.
— Odamning-ku, yaxshisiyam koʻp, — dedi asta. — Lekin sen, men shunday joydamizki..
— Tushunaman-e!
— Oʻgmishimizni esla...

Hosila opa erining gapini oʻzicha tushundi:
— Yana boshlayapsizmi?
— Obbo! — Umar aka yana kulib yubordi. — Hali aytdim-ku, ishdan chiqsak deb...
—Xoʻsh?

U miyigʻidi kuldi.
— Ilgarigidek... yashab ketaolamizmi? — Keyin darhol xotiniga qaradi. — Yoʻq, — dedi. — Hozir, shukr, obroʻyimiz ham bor. He, ilgariyam...
— Koʻryapsizmi, davlatning, xalqning savdosini deb, yeyish-ichishimizda halovat yoʻq dedim, Xushbekovga.
— Sen boplaysan ammo-lekin!..

...Oradan yana bir yil oʻtdi. Umar aka bilan Hosila opaning yurish-turishida ilgari koʻrilmagan bir shoshqaloqlik paydo boʻlgan, bunga faqat Ummatjonning kelish muddati yaqinlashgani sabab, deb boʻlmas, undan kattaroq pinhoniy sabablar ham borga oʻxshardi.

Toʻgʻri, Ummatjon chegarada xizmat qilayotgani uchunmi, yoʻl uzoq, bir yoʻla bitirib boraman, deb otpuskaga kemadi. Shu bois Umar aka bilan Hosila opa toza diqqat boʻlishdi, sal narsaga bir-biri bilan aytishib qolgan paytlari ham boʻldi. Bu — bir. Keyin buyogʻi — savdoning ham mazasi qochdi. Mol koʻp, xaridor koʻp, lekin kimdan olaringni bilmaysan. Tekshir-tekshir... Xaridorlarning ham tilginasi chiqib qolgan, bir tiyinning ustida ming marta oʻlib-tiriladi. Savdoda ikki xil baraka bor, biri — davlatu xalqniki, ikkinchisi — eplagan sotuvchiniki. Shu ikkinchisiga putur yetdi-yu, vahimasi ham er-xotinni tentiratib, asabiy qilib qoʻydi. Endi uncha-muncha tanishga ham «aka-uka» deb oʻtirishmas, mabodo magazinga tumonli kirib qolsa, ikkisi bir ogʻizdan «talab berishardi».
— Gap bormi? Ayting... Yoʻq, biz siz oʻylaganlardan emas!.. Ishonmasang, ana OBXSSga bor, melisaga bor!.. Bizlar bir oylikxoʻr odamlarmiz! Savdodan yomonlar, ustiga qoʻyib sotarlar chiqqan boʻlsa, chiqqan! Bizga nima!..
— Mana, bizning turish-turmush!..

Haligi odam bunday gapni eshitgandan keyin izza boʻlib chiqib ketardi.

Er-xotin esa, shu asno oʻzlarini yanada dono va udda-burro sezishardi. Aqchalari koʻpaygandan koʻpaymoqda: oʻntalik qizil pullar yashil elliktaliklarga aylangan, endi oʻn qator dasta bilan bir qator dastaning boʻyi tenglashib qolgan edi.

Er-xotinning pulga mukkalari bilan ketishiga sabablardan yana biri — vaqtning ziqligi, harna, ularni bu yerga bogʻlab qoʻyishgani yoʻq, bir kunmas-bir kun ishdan ketishlari tayin. Boshqa sabablarini bilgich odamlar bunday ta’riflashadi: pul — baloyi azimki, domiga tushgan kimsa oʻzini toʻxtatolmaydi.

...Bir kuz kechasi. Yoʻlaklarda daraxtlardan toʻkilgan yaproqlar shildirab yugurishar, esayotgan shabada juda yoqimli edi. Kichkina shahar ahli uyquga ketib qolgan. Faqat koʻcha soqchilari, mast-alastlar hamda vokzallardagi avtobus va poezd kutayotgan yoʻlovchilar uygʻoq.

Toshkent poezdidan bir necha askar bolalar ham tushishdi. Aksarini kutgani chiqqanlar bor ekan — ular toʻxtab qolishdi-yu, bir yigit chamadonini yengil silkitib, perronga chiqdi.

Atrofga qaradi. Bekatga bordi. Odam koʻp. Xiyobon oralab piyoda ketdi.

U rayondagi eng yirik magazin oldidan oʻtayotib toʻxtadi-da, gulzor chetida, choʻtkachilarning boshpanasiga oʻxshab turgan yogʻoch uychaga qaradi. Unda chiroq bor edi.

U ildam oʻtib bordi.
— Qadambek bobo!

Buklama karavotda engashgan koʻyi uxlayotgan qariya choʻchib boshini koʻtardi. Qoʻli yonboshida yotqizib qoʻyilgan miltiqqa yugurdi.
— Tanimayapsizmi? Ummatjonman-ku, men! — dedi yigit. — E, yashang-e! Toza mast boʻpsiz... Bermayman endi! Sizga deb «Pertsovka» olib edim.

Chol turib, koʻziga yosh oldi.
— Afv et, boʻtalogʻim! — U qattiq intilib, Ummatjonni quchdi. U beti, bu betidan oʻpdi. — Oʻtir, oʻtir, boʻtaloq... — Oʻzi oʻtira solib, gap boshladi. — Seni sogʻinar edim! Meni hurmat qilarding, bilaman...
— Albatta hurmat qilaman!
— Kam boʻlma! — Chol shunday deb, boshini egib bir zum jim qoldi-yu, birdan xurrak torta boshladi.

...Ummatjon birpas jilmayib turdi. Keyin tislana-tislana uzokdashdi.

Ummat yaxshi xizmat qilib, koʻp narsani koʻrib, yetilib, koʻp narsaga fahmi yetar boʻlib qolgandi-ku, biroq haligacha soddalik, begʻuborlik va bolalarcha shoʻxlik uni tark etmagan edi...

U uylariga yetib, darvoza tirqishidan qaradi. Hech narsa koʻrinmadi. Ota-onasi yo darvozada tirqish ham qoldirishmagan, yoki hovli chirogʻi oʻchiqligi uchun shunday «koʻrindi».

«Nima qilay? — deb oʻyladi. Qoʻli elektr qoʻngʻiroqqa choʻzildi-yu, ortga tortildi. — Syurpriz qilaman!»

Soʻng darvoza tagiga engashib qaragan edi, nimaningdir pish-pish etgani eshitilib, yuragi qinidan chiqqudek boʻlib ketdi.
— Jek, Jek! — dedi.

Darvoza gʻalati tirnaldi-yu, jimidi.
— E, Jek ogʻayni! — dedi-da, devordan oshib tushish uchun tislanib qaradi. Koʻcha chirogʻi nurida harbiylikdan tanish tikanli sim koʻrindi. — Obbo!..

Otam ham, onam ham qiziq-da! — dedi-da, qoʻngʻiroq tugmachasini bosdi.

Bolalikdan tanish qoʻngʻiroq ohista jiringladi. U kuta boshladi; boshqa sas eshitilmadi.

«Qattiq uxlashipti-da», dedi-yu, hayrat bilan es-ladi: oldin ham bir necha shunday ovora boʻlgan edi.

Umar aka bilan Hosila opa kechasi eshik ochishni allaqachon tark etishgan edi.

...Ummatjon yana devor boshlariga qaray ketdi-yu, birdan koʻzi tolga tushdi. «Oʻ-oʻ!» deb yubordi. Soʻng oʻylanib, chamadonini garaj ustiga otdi: hali oladi. Olmasa... bir hisobda olmagani ham tuzuk. «Oʻgʻri tunadi», deydi, ularni bir oz qoʻrqitadi, keyin...

Qah-qah otib kuladi.

U shahd bilan tolga tirmashdi-ku, lekin boʻlmadi — etiklari tiygʻondi. Soʻng yugurib kelib, bir sakradi-da, shoxga osilib oldi.

U devor ustida!

Ana, hammayoq barala koʻrinyapti.

...U pastga qaradi; hovlilari. Sekin simdan oʻtib, bir qoʻli tol butogʻidan tutdi-da, pastga sakradi. Shu... bir balo gardanidan bosdi.. Tipirchilab agʻdarilgan edi, boʻyniga yopishdi.

Hosila opa, odatda, vaqtli uygʻonib, hovlini bir kezib chiqar, keyin, choy qoʻyib, Umar akani uygʻotardi.

Bugun ham barvaqt tashqariga chikdi-yu, hovli yuzida yotgan, chaynalgan askarcha shapkani koʻrib qoldi. Gangib borib, egilmoqchi boʻlib turganida, xuddi birov unga: «U yoqqa qara!» deganday boʻldi.

Qarab...

...Xotinining boʻgʻiq ovozidan uygʻonib ketgan Umar aka ham shoshib tashqariga chiqdi. Zinadan tushganda, koʻzi uyqudan arimagan edi.

Nihoyat u ham...
— O, bolam!.. O, men!.. — deya oldi.

Kichik Jek, zoʻr ish qilganu egasidan siylov-siypalash va yana allanimalardan umidvordek xurmo tagida choʻnqayib oʻtirardi. U Umar akaning ham yiqilganini koʻrib, qoʻzgʻaldi. Asta yurib kelib u kishini, soʻng Hosila opani hidlab koʻrdi.

Keyin, tol tagiga qarab qoʻyib, yana xurmo ostiga bordi-da, choʻnqayib oʻtirdi.

1984