OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiKoʻkboy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - [[:Turkum:{{{a_cat_0}}}| {{{a_cat_0}}}]]
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png






Koʻkboy (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Choyxonani bekitib qaytayotgan Qalandar aka ovchi oʻrtogʻi Hoshim akaning chorbogʻi yonidan oʻtayotib, uning baland darvozasi qiya ochiq ekanini koʻrdi va yakka kift boʻlib ichkariga kirdi. Oyoq uchida yurib, supaga yaqin bordi. Uy muyulishidan moʻralagan edi, oldiginasida, supurgi yonida gʻujanak boʻlib yotgan koʻk junli kuchukni koʻrdi. Koʻrdi-yu, uning boʻynidan boʻgʻib ushlab, qoʻyniga soldi. Yana yakka kift boʻlib, darvozadan chiqdi va muzlab qota boshlagan koʻchadan jadallab ketdi. Yoʻlda kuchukning boʻynini boʻshatib, choponining bariga oʻrab oldi. Uyga kelib:
— Oxiri qoʻlga tushirdim, — dedi xotiniga. Bagʻridan olib, paxmoq, qora poʻstak ustiga qoʻydi. Kuchuk bola javdirab atrofga qaradi-da, yugurib tunuka pechning orqasiga oʻtdi.
— Chiroyli-a? — dedi Salqin opa.
— Surlon itning bolasi, — dedi Qalandar aka.
— Oshnangiz bilib qolsa, opketmaydimi?
— Bermayman. Bu kuchukvachchangga ishqim tushgan, deb yurardim. Bermayman.
— Dumi kesilmagan-ku-a?
— Shunisi yaxshi. Choʻltoq itdan xunugi bormi?
— Oti nima?
— Oʻzimiz qoʻyamiz-da otini. Ana, Koʻkboy boʻla qolsin. Qoraboy, Oqboy deydilar-ku. Bu — koʻk.

Qalandar aka pechning ustidan egilib, ikki qoʻlini ikki tomondan kuchukchaga yaqinlashtirdi. Kuchukcha tishlarini irjaytirib, burchakka tiqilgandi, boʻynidan shappa ushlab koʻtardi-da, poʻstakka oʻtirib, tizzalari orasiga qoʻydi. Dasturxondan bir burda non olib, unga tutdi. Kuchukcha ogʻzini ochmadi. Qalandar aka bir chaqmoq qand oldi.
— Buni ye, boʻlmasam.
— Qoʻying, it ham qand yeydimi? — dedi Salqin opa.
— Yeydi, — dedi Qalandar aka va Koʻkboyning tumshugʻi yonidan qisib, ogʻzini ochdi-da, qandni tiqib yubordi. Kuchuk bola qih-qih yoʻtalib qoldi. Zum oʻggach, boshini yoniga burib, qandni qisirlatib tishladi. Qand uvalanib ikki boʻlakchasi poʻstakka tutttdi. Koʻkboy shosha-pisha ogʻzidagini chaynab yutdi.
— Aytmadimmi, — dedi Qalandar aka.
— Baloday yedi, — dedi Salqin opa.

Kuchuk bola poʻstakdagi qand ushoqlarini ham qil-pili bilan yeb, lablarini yaladi.
— Endi otboy! — dedi Qalandar aka va Koʻkboyni qornidan koʻtarib, ayvonga chikdi. Oʻchoqqa solib, ogʻzini tos bilan bekitdi. Tos orqasiga tut toʻnkasini tirab qoʻydi. Uyga kirdi.
— Sovqotmaydimi? — dedi xotini.
— Hozirdan koʻnikkani yaxshi, — dedi Qalandar aka va otasining xonasiga oʻtdi.

Kuchuk bola iliq kulga yumshoq panjalarini bosib, oʻchoqning burchagiga bordi va choʻnqayib oʻtirdi. Derazada chiroq oʻchdi. Oʻchoq orqasiga tutib qoʻyilgan kanop qop shamolda patir-putur qila boshladi. Koʻkboy lablarini yalab yonboshladi-da, paxmoq dumi bilan orqa oyoqlari orasiga tumshugʻini tikdi.

...Oradan uch yil oʻgib, kuchuk bola juda boʻlimli it boʻldi. Egasi bilan bir necha bor ovga borib, uni xursand qildi. Mukofotiga hovuch-hovuch qand oldi. U zanjir koʻrmay oʻsganidan odamlarga yomon koʻz bilan qaramasdi. Qalandar akani ertalab darvozada kuzatar, kechasi u kishining qaytish vaqti boʻlganda, choyxona oldida hozir boʻlardi. Uni butun qishloq tanirdi: koʻchada dumi uzun, quloqlari qalin jun orasiga yashirinib ketgan, oyoqlari ingichka koʻk itning paydo boʻlganini koʻrishsa, toʻxtab uni tomosha qilishar, maqtashar edi.

Qish kunlarining birida Qalandar aka Koʻkboyni ergashtirib, tong qorongʻisida ovga ketdi. Choshgohlarda Yoʻlbars daraga roʻpara boʻldilar. Boʻyin junlari hurpaygan Koʻkboy oldinda ketayotgan edi, taqqa toʻxtab, qorga belangan dumini quyrugʻi ustida gajak qildi, bir narsaga tashlanmoqchiday, boshini ichiga tortib, pasaydi.

Pakana archa orqasidan churq-churq ovoz keldi va dahshat ichida churillab bir kaklik uchdi. Uning izidan yana bir gala kaklik koʻtarildi. Ular daradan chikdi. Qalandar aka ham izma-iz koʻtarildi. Kakliklar qordan chiqib turgan yantoqlar oralab ketishardi. Ovchi oʻq boʻshatdi. Ikkitasi qorni titib qolishdi-yu, qolganlari nariroqqa uchib borib, yana qorga bota-bota ketishaverdi. Qalandar aka yiqilgan kakliklarni soʻiib, beliga osib oldi. Yana yoʻlga tushdi. Yana oʻq boʻshatdi. Uchtasi tipirlab qoldi. Bularni ham olib qoʻzgʻalgan edi, qayokdandir bir gala kaklik uchib keldi-yu, oldindagilarga qoʻshildi. Ular uzoqqa ucholmas, sovqotgan, muzlagan qanotlari bunga imkon bermas edi. Asta-sekin kakliklar, qizishib, uzoqroqqa ucha boshladilar. Qalandar aka ham endi chopqillab borardi. Kakliklar doʻnglar osha, jarlar osha ucha boshladi. Qalandar akaning koʻziga kaklikdan boshqa narsa koʻrinmay qoldi. Shu koʻyi ular ancha yoʻl bosishdi. Nihoyat, oldinda tuman koʻrindi-yu, kakliklar tumanga kirib gʻoyib boʻlishdi. Ovchi toʻxtadi. Atrofga qaradi. Qaerga kelib qolganini bilmoqchi boʻldi — bilolmadi. Orqasidagi doʻnglikka koʻzi tushdi-yu, «shuning ustiga chiqib qarayman», deb oʻyladi. Qadam bosgan edi, belidagi kakliklar ogʻirlashib ketganini sezdi. Bir necha odim yurgach, shuncha yukni koʻtarib bu yergacha qanday chopib kelganiga hayron boʻldi. Shunda oyogʻi qaltirayotganini sezdi. Doʻnglikni qoʻyib, yaqinginada koʻrinib turgan archaga qarab yurdi. Archaga yetgach, belbogʻini yechib, qorga qoʻydi. Yonidan pichogʻini olib, choʻqqayib oʻtirdi-da, kakliklarning ichini yorib, ichak-chavogʻini chiqarib tashlay boshladi. Koʻkboy hurpayib, yeyishga tushdi, soʻngra toʻyib, choʻzilib yotdi. Ovchi hamon kaklik tozalardi. Nihoyat, Qalandar aka kakliklarni sanadi. Yigirma oltita edi. U hech mahal buncha kaklik otmagan edi. Ulardan belbogʻidan popukday osilgan iplarga qanotlaridan bogʻlab, oʻrnidan qoʻzgʻolgan edi, yuz-tuban yiqilib tushdi. Ogʻiz-burni qorga botdi. It choʻchib, koʻzlarini chaqchaytirdi. Ovchi qorga qoʻlini tirab, boshini koʻtardi. Qaddini koʻtarmoqchi edi, yana yuztuban tushdi. It gʻingshib, dumini koʻtardi. Tuman bularning ustidan bosib oʻtib ketdi. Ovchi yana boshini koʻtardi va uzoq yoʻl yurgach birdan choʻnqayib oʻtirgani uchun oyoqlarining tomiri tortishib qolganini payqadi. Bir yonbosh boʻlib, taqimini uqalashga tushdi. Lekin torday tarang boʻlib qolgan tomir yumshamasdi. Shunda ovchining koʻzi birdan tinib ketdi. Dumalab ketadiganday qorni changalladi. Nafasi qisila boshladi. Ovchi buning sababi haqida oʻylolmas, bu uzoq yoʻl yurib, birdan toʻxtashning oqibati edi. Ovchi itning hurayotganini eshitdi-yu, lekin, it teskari boʻlib koʻrindi. Ichi yonib borardi. U qorni yamlay-yamlay oʻzidan ketdi.

Koʻkboy egasining tevaragida gʻingshir, hurar edi. Keyin uning choponi baridan tortqilay boshladi. U egasini hech mahal bunday holda koʻrmagan edi. Nihoyat, ovchining boshida choʻnqayib oʻtirdi-da, tumshugʻini osmonga koʻtarib ingichka uvladi. Soʻng yalanib, yana egasiga qaradi. Yana uni tortqilashga tushdi. Egasi qoʻzgʻalmas, lekin uning burni tegib turgan qor asta-sekin sargʻayib borardi. Nihoyat, it uning oyoq tomoniga oʻtib, choʻzilib yotdi.

Quyoshning qaerda ekanini bilib boʻlmasa-da, it kech boʻlganini sezdi. Ular hamisha qorongʻiga qolmay, uyga yetib borishardi. Koʻkboy turib, yana ovchining atrofida aylandi va yana tortqilashga tushdi. Ovchi qimirlamagach, uning etagidan tishlab oldinga, orqasiga tislanib sudray boshladi. Boya oʻzlari qoldirib oʻtgan izlarga yetib toʻxtadi. Tagʻin egasini aylanib vov-vovladi, hurdi. Egasi miq etmay yotar, uning boʻyinlariga qor kirgan, telpagi yoʻlda tushib qolgan edi. Koʻkboy ovchini yana sudrashga tushdi. Doʻnglikka olib chikdi-da, koʻzlariga qon tepib, atrofga qaradi. Shunda birdan qorongʻi tushib qolganini sezdi. Doʻnglik etagiga qarab hoʻl burnini qimirlatdi. Keyin ovchini ikki marta aylandi va doʻnglik pastiga otilib tushib ketdi. Qorongʻi tumanda itning oʻtkir koʻzlari oʻzi bosib kelgan izlarni yaqqol koʻrar, u izdan chiqmay, doʻngliklar, jarliklar osha uchib borardi. Dimogʻiga qishloq hidi urilib, battar jadalladi. Qishloq koʻchalari, devorlaridan koʻz ilgʻamas tezlikda oʻtib, tanish darvoza yonida toʻxtadi. Boʻgʻiq hurdi. Hovlidan cholning ovozi eshitildi. It ortiga tislanib, devorga sapchib va tomorqaga oʻtib, ayvonga chiqib bordi.

Ochiq eshik oldida hassasiga tayanib turgan chol manglayi tagidan itga tikilib iljaydi, yoʻlkaga qaradi. Yoʻlkada hech kim koʻrinmagach, yana itga bokdi-da, uning yirtqich vajohatidan qoʻrqib ketdi. It gʻingtib, supa tuprogʻini tirnab pastga otdi. Soʻng tumshugʻini osmonga choʻzib, hovlini boshiga koʻtarib uvladi. Eshikda Salqin opa paydo boʻldi.
— Qizim, kuyovingga bir gap boʻlgan, — dedi chol, — itning avzoyi buzuq.

Xotin otilib chiqib, olazarak boʻlib turgan itning oldiga bordi. It oʻqrayib, uni tishlamoqchiday vovulladi. Shunda noxos sergaklanib, koʻzlarini chaychaqtirdi-da, shart burilib chopa ketdi. U yana qishloq koʻchalaridan uchib oʻtdi. Qirga oʻrladi. Endi u boyagidan ham zoʻr shiddat bilan uchib borar, uning afsona-lardagina kuylangan itlik tabiati bir xavfni sezgan edi. Darhaqiqat, tanish doʻnglikka chiqib borarkan, qordagi qorayib yotgan jasad yonida bir-biri bilan talashayotgan ikkita kulrang hamjinsini koʻrdi. Otilib borib, ularga oʻzini urdi. Bunday boʻlishini kutmagan boʻrilar ikki tarafga qarab qochdi. Lekin oʻttiz qadamcha nariga borib toʻxtashdi. It ovchini gir aylanib hidladi va shaxd bilan boʻrilarning biriga otildi. Koʻkboy bu xil hamjinsi bilan boʻladigan uchrashuv ikki tomondan birining oʻlimi bilan tamom boʻlishini yaxshi bilardi. Uning yelkasiga sapchib, boʻyniga ogʻiz soldi. Safdoshi bilan oʻlja talashib urisha-urisha holdan toygan boʻri qorga yotib qoldi. Koʻkboy uning kekirdagini uzib tashladi. Soʻng burila solib, doʻngga qarab chopdi. Jasad ustiga kelib qolgan ikkinchi boʻri tishlarini takillatib uni qarshi oldi. Lekin Koʻkboy hozir tap tortadigan emasdi. U ashaddiy yirtqichga aylangan, koʻziga hech narsa koʻrinmasdi. Borib koʻkragi bilan uni urdi. Koʻkboy bu raqibni ham choʻziltirgach, egasining yoniga choʻnqayib, boʻri tishlagan yerlarini yaladi.

Tong otib, tuman tarqaldi. Doʻng pastida shovqin-suron qilib kelayotgan odamlarning qorasi koʻrindi. Koʻkboy hurib, dumini likillatib, ovchini aylanardi.

Qalandar akani koʻtarishganda, u oʻtirib oldi. Ammo Quloqlari va chakkasida oppoq qor yopishib turar, uning ham muzlab qotib qolishiga sal qolgan edi. Uni choponga solib koʻtarishdi. Boʻrilarni ham sudrab olib ketishdi. Ovchining xotini sochini yulib yigʻlar, chol «boʻtam»lar edi.

Shu kuni tush mahali marhumni goʻristonga eltib koʻmdilar. Odamlar yigʻladi-siqtadi va qishloqqa qaytishdi. Goʻrkov ham, chol ham qaytdi. Goʻristonda faqat Koʻkboy qoldi. U goʻrning qoshida uzoq choʻnqayib oʻtirdi, muzlagan tuproq uyumiga bagʻrini berib yotdi n tumshugʻini old oyoqlari ustiga qoʻydi. Biron kimsa uni chetdan kuzatganda, malla koʻzlaridan yosh oqib tushayotganini koʻrardi.

Kechki payt Salqin opa itni izlab keldi. It hamon ertalabki alfozda yotardi. Opa oʻkirib yigʻladi va itning boʻynidan quchokladi. It paxmoq dumini qimirlatib, ayolning qoʻlini yaladi. Soʻng, Salqin opa itning boʻynidan tortdi, ammo it qoʻzgʻalmadi. Kesak bilan urdi, turmadi. Uning bagʻri goʻrga yopishib qolganga oʻxshardi. Opa yana yigʻladi va uyga qaytib, noy bilan bir hovuch oq qand olib kelib, itning oldiga qoʻydi. It ularga sovuqqina qaradi-yu, ammo hidlab ham koʻrmadi. Ayol tagʻin uni uyga olib ketmoqchi boʻldi. It tagʻin jilmadi.

Koʻkboy yana ikki kun shu koʻyi yotdi. Uchinchi kuni odamlar uning muzlab qolgan jasadini koʻrdilar.

1966