OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiKoʻngil (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻngil (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Qor tushishi bilan bizga jon kirardi. Tong boʻzarganda qarabsizki, miltiq yelkada, hali iz tushmagan bogʻ koʻchadan gʻizillab ketib boryapmiz toqqa qarab.

Goh oʻrtoqlar bilan chiqsak, goho... yakka oʻzim chiqardim. U yerda Nazrulla degan oʻrtogʻimning tomi — keksa tollarga koʻmilgan uylari bor. U yolgʻiz onasi bilan yashardi. Otasi urushda oʻlgan. Qiziq bola edi u. Kim, ovga yur desa, ergashib ketaverardi. Bu yokda maktab bormi, dars bormi — Oʻylab oʻtirmasdi. Uning miltigʻi ham yoʻq edi. Lekin, u nolimas, onasiga, miltiq olib ber, demas, ovga borayotganlarga ergashib ketaverardi. Ovga borgach, kiyimlarimizni poylab, olov yoqib oʻtirar, ovimiz baror olgan boʻlsa, bizdan ortiqroq quvonardi.

Bir kuni saharda ayvonga chiqsam, laylak qor yogʻib turibdi. Shunday tez yogʻyaptiki, chorpoya tagida chirqillashayotgan chumchuqlarni ham koʻrib boʻlmaydi.

Shosha-pisha uyga kirib kiyindim. Yarimta nonni boʻlib, kissaga soldim-da, miltiqni olib, devor osha ketdim. Bunday vaqtda birov koʻrmasin deysan. Lekin, albatta koʻradi. Devorlarning tagi bilan pishillab ketayotsam, toʻp etib yelkamga bir loʻmboz qor tushdi. Nariga oʻtib qaradim. Nurmat Kachal degan odam kuragining sopini koʻkragiga suyab qoʻyib, hovuchiga kuhlayapti.
— Ovlar baror olsin! — dedi u. Bosh irgʻadim.
— Poylab oʻtirarkanmiz-da? Iljaydim.

...Nazrulla uxlab yotgan ekan. Meni koʻrib darrov gap nimadaligini tushundi.
— Axir maktabing bor-ku? — dedi onasi.
— Maktab qochib ketmaydi, enajon, — dedi Nazrulla.

Qor boʻralaydi. Togʻ koʻrinmaydi. Lekin, oyokdarimiz adashmay olib boryapti bizni. Doʻnglikka chiqib bordik. Bu yerda tuman bor edi. Shuning uchun qor siyrak va yumshoq yogʻardi. Atrofga quloq soldik. Kaklik sayrashi eshitilmadi. Engashib, qorni koʻzdan kechirdik. Iz ham yoʻq edi.
— Shapaloqxonaga boramiz, — dedi Nazrulla.

Bordik. Kirib chikdik. Toshlarga yopishib yuradigan choʻponaldargʻich qushidan boʻlak hech narsa yoʻq edi.
— Huk daraga boramiz.

Ketdik. U yerda ham hech narsani uchratmadik.
— Haydar buloqqa boramizmi?

Ketdik. U yerdayam kaklik zoti yoʻq edi.

Hafsalamiz pir boʻldi. Kunning qay mahal boʻlganini ham bilib boʻlmasdi. Osmon ham oppoq. Bir kamarga kirib, bodomchadan olov qildik-da, nonlarimizni choʻgʻga isitib yedik.
— Men katta yoʻl bilan ketaman, — dedim Nazrullaga. — Miltiq uylaringda turatursin.

Kelishdik. Biroq qishloqqa olib tushadigan, ertalabki doʻnglikka chiqqan ham edik, chap tomonimizdan, «kak-kak... kakiba-kakiba...» degan ovozlarni eshitib qoldik. Negadir men jahl bilan Nazrullaga «yot!» dedim-da, choʻnqayib yugura ketdim. Doʻnglikning labiga — yerdan yorib chiqqanday uyum toshlar yoniga borib, pastga moʻralasam, bir gala kaklik turnaqator tizilib, yonbagʻirni qiyalab boryapti. Qoq belini koʻzlab otdim. Kakliklar chugʻurlab koʻtarildi-da, qanotlarini dumlari tomon qayirganicha doʻnglikning orqasiga oʻtib ketishdi. Faqat bittasigina yerga tusha boshladi. Otdim pastga oʻzimni. Dumalay-dumalay, yiqila-surila kaklikka yetdim va qoʻllarimni yoyib, oʻzimni uning ustiga tashladim. Kaklik qoʻlimda! U dirillaydi, quralay koʻzlarini jovdiratib, qip-qizil oyogʻini tarang choʻzadi. Pichoq Nazrullada edi, uning kelishini ham kutmay tishim bilan kaklikning kekirdagini uzib tashladim. Shu bilan ovimiz baror olib ketdi. Yoʻlda yana bitta kaklik otdik. Nazrullaning quvonchini! Nuqul yelkamga urib, «yasha, yasha, joʻrajon!» deydi yigʻlamsirab. Shunday qilib, ikkita kaklikni belga osib, qishloqqa qaytdik. Men toʻgʻri uyga ketmoqchi edim, Nazrulla qoʻymadi:
— Isinaylik.

Onasi darrov koʻrpacha toʻshadi, pechkaga koʻmir soldi. Men pech yoniga — poʻstakka oʻtirib, muzlab tarashaday boʻlib qolgan shimim pochalarini oʻtga toblay boshladim.
— Goʻsht qovurib beraymi? — dedi Nazrullaning onasi.

Men yoʻq dedim. Lekin, qovurdi. Yeb boʻlganimizda, kech tusha boshlagan edi. Etigimni kiyib, kakliklarim bogʻlangan belbogʻimga qoʻl choʻzdim-u, lekin, tomirlarim tortib qoldi: «Axir kakliklarning bittasini Nazrullaga berishim kerak-ku! Men bilan kun boʻyi yurdi... Lekin, bersam, unda bitta kaklik bilan uyga kirib boramanmi? Nurmat Kachal koʻrsa, «Ha, arang bitta otdingmi?» demaydimi? Yoki, «Aslida, otolmabsan-u, birorta ovchidan yalinib olibsan-da», deydi. Ota-onam-chi?»

Belbogʻni unutgan boʻlib, etigimning qoʻnjini torta-torta eshikka chiqdim. Nazrulla ayvonda belbogʻni chiqarib berdi.
— Nima, ikkoviniyam menga bermoqchimisan?

Kulimsiradi. Yerga qaragancha belbogʻni belimga bogʻlay boshladim.
— Unisi semiz ekan, — dedi Nazrulla yalanib, — bunisi oriq ekan, mazasi yoʻq.

Men miq etmay belbogʻni bogʻladim. Onasi bilan xayrlashdim-da, bu yoqqa oʻtib kaklikning bittasini beraman, deganday:
— Narzi, senga bir gapim bor, — dedim.

Darvozadan chiqqach:
— Xayr endi, — dedim. — Tezroq borishim kerak uyga.
— Hm... — dedi Nazrulla. — Lekin bunisi judayam ogʻir ekan...
— Ha... — dedim va ketdim. Lekin, koʻchaga burilayotib, oʻgirilib qaradim. Nazrulla boʻynini qashib turar, menga pastdan tikilardi.

Orqa-oldimga qarayman, sakrab-sakrab ketaman, kaklikni koʻproq qimirlataman. Lekin, Nurmat Kachalning chorbogʻiga yetguncha bironta ham yoʻlovchi uchramadi. Kachalning darvozasiga yetgach, toʻxtadim-da, miltigʻimning top-toza qoʻndogʻini qor bilan arta boshladim. Milini ham artdim... Yoʻq, Kachal yoʻq. Kerak boʻlmaganda koʻchalarda lapanglab yurardi. Hozir yoʻq. Juda sovuq qotdim. Bor-e!

Uyga borsam, na onam bor, na otam!
— Bozorqoʻm xolang chaqirib ketdi, — dedi momom.

Kakliklarni dahlizdagi tashlandiq shkaf ustiga otdim-da, shart yechinib koʻrpaga kirdim.

Kun boʻyi yurib boʻlganimcha boʻlgan ekanman. Toshdek qotib qopman. Ertalab hech kimga gap qoʻshmadim. Nonushta qilayotgan edik.
— Qalay, boʻrimi, tulkimi? — dedi otam.

Churq etmay dahlizga chiqdim. Shkafning ustiga qoʻl choʻzdim. Hech narsa ilinmadi. Stol qoʻyib chiqib boqdim. Hech balo yoʻq!
— Qani kaklik? Momo?!
— Men qanday bilay, bolajon! — dedi buvim. — Menga bergan boʻlmasang. Gapgayam javob bermading-u.

Eshikka otildim. Bogʻning adogʻidan, loyxonadan topdim... patlarini... Soʻng miltiqni oʻqlab, kun boʻyi deraza yonida oʻtirdim. Mushuk kelmadi. Ertasi bozor kuni edi. Qor tingan. Yana miltiq olib tongda yoʻlga tushdim. Nazrulla hovlilari sahnidagi qorni kurayotgan ekan. Meni koʻrib, qizargan burnini bir tortdi-da, ishini qilaverdi.
— Narzi... Yur, — dedim. U bosh qimirlatdi.
— Bugun otganimning hammasi seniki, — dedim. Nazrulla boshini keskin koʻtardi.
— Nima keragi bor! Zor emasman! Gap... Gap koʻngilda, tushundingmi? — dedi u va kurakni qorga zarb bilan sanchib uyiga kirib ketdi.

1961