OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiKulgan bilan kuldirgan (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/09
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kulgan bilan kuldirgan (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Odamlarni faqat tirikchilik uchun harakat qiladi, deb oʻylaydigan kishilar ularning tirikchilik gʻamidan yuksakroq tashvishlari ham borligini tushunmaydilar. Yo buning aksi: oʻsha yuksakroq tashvishdagi odamlar faqat tirikchilik gʻamida yurganlarga qandaydir past nazar bilan qaraydilar.

Sovxoz direktorining kabinetiga maktab tabiiyot oʻqituvchisi Ehson e’tiborov kirib keldi. Salom berib, sovqotgan qoʻllarini bir-biriga ishqalaganicha, devor pech yonidagi stulga oʻtirdi:
— Oʻrtoq Eshquvvatov, oldingizga bir iltimos bilan keldim.

Eshquvvatov telefon trubkasini joyiga qoʻyib, ustarada qirtishlab olingan boshini kafti bilan siladi. Oʻmrovini stol qirrasiga qoʻyib:
— Xoʻsh, xizmat? — dedi.

Ehsonning koʻzlari nochor javdiradi, soʻng pang ovozda bidillab ketdi:
— Oʻrtoq Eshquvvatov, vaqtingizni olganim uchun uzr. Lekin idorangizga kirishga majbur boʻldim.

Togʻdagi qushlar, parrandalar qirilib ketyapti. Kecha bir chorbozorchi keldi. Xurjuni toʻla kaklik. Qaerdan olding desam, kamarda tirishib qolgan ekan, terib oldim deydi. Bu qanaqa gap, oʻrtoq Eshquvvatov! Axir, kakliklar, parrandalar — bizning boyligimiz, tabiatimizning koʻrki-ku, shunday emasmi? Biz maktab bolalariga, qushlarni sevinglar, ardoqlanglar, deb oʻrgatamiz. Bahorda qushlar in qoʻyib, bola ochsin deb oʻquvchilarga yashik yasashni oʻrgatamiz. Bu narsani matbuotimiz ham targʻib qiladi. Qolaversa, tabiatni qoʻriqlash asrimizning muhim masalalaridan biri boʻlib qoldi. Bundan xabaringiz bordir, albatta...
— Xoʻp, xoʻp. Qisqa qiling, — dedi Eshquvvatov. — Maqsad nima? Ketishim kerak. Koʻrdingiz, raykom chaqirdi.

Ehson xoʻrsinib, battar tajang boʻldi:
— Kerak boʻlsa, men raykomga ham kirishim mumkin. Lekin avval sizning oldingizdan oʻtay, dedim. Nimagaki, bu togʻ-toshlar sizning savxozingiz territoriyasida. Demak, u yokdagi parrandalar ham sizniki. Shunday emasmi?

Eshquvvatov dik etib oʻrnidan turib, seyf ustidan sur telpagini oldi. Uni silab, bir qoshini koʻtardi:
— Xoʻsh, maqsad nima, maqsad?
— Maqsad shuki, oʻrtoq Eshquvvatov... — Ehson ham oʻrnidan turib ketdi, — axir, gapga quloq soling-da, bunday! Nima, men gapirayotgan masala muhim emasmi?

Eshquvvatov hayron boʻldi. Ehsonga zimdan oʻqrayib qaradi. Telpagini boshiga qoʻndirib, kresloga choʻkdi.
— Eshitaman.

Ehson ham stulga oʻtirdi.
— Shuning bir chorasini koʻrasizmi, deb kelgan edim-da, — Ehson shoshib, davom etdi. — Oʻrtoq Eshquvvatov, bir hisobda bu unchalik qiyin masala emas. Uchta rabochingizni chaqirib, uchta ulov berasiz. Uch sentir gʻalla. Ular toqqa chiqib, qor tushmagan kamarlarga sepib keladi... Vassalom.

Eshquvvatov xomush tortdi. Oʻrnidan ogʻir turib, stolni aylanib oʻtdi. Pechga yaqinlashib, baqrayib turgan Ehsonga tikildi, xoʻrsindi va:
— Boʻsh boʻlsangiz, bizga yordam bermaysizmi? — dedi. — Dovonni qor bosib qopti, buldozer agʻdarilib ketibdi. Ishchilarimiz dovonni kurashyapti, — direktor oʻylanib, qoʻshimcha qildi: — Mayli, haqini undirib beraman. Xoʻpmi? Kelishdikmi?

Ehson e’tiborov anqayib qoldi:
— Bilardim sizdan bir gap chiqmasligini. Esiz! — deya shapkasini boshiga qoʻndirdi. Soyabonini koʻzigacha tushirib, Eshquvvatovga oʻdagʻayladi: — Hozir... hozir raykomga boraman! Birinchi sekretarning oldiga kiraman. Masala shunday, shunday deyman! Bu odam, bu... Oʻrtoq Eshquvvatov koʻra-bila turib, xalq mulkiga xiyonat qilyapti, deyman!

Eshquvvatov bir qadam orqaga tashladi. Ehson shitob bilan yoʻlkaga chikdi. Direktor chuqur nafas oldi:
— Qayting! — dedi oʻqituvchining toʻxtaganini koʻrib, dadilroq ovozda takrorladi: — Qayting! Bu yoqqa keling... — Ehson kirib eshikni yopdi. — Xoʻsh, kim sizni bu yoqqa yubordi? — dedi direktor. — Kim? Bu provokatsiyami? A? Direktoringiz mashina soʻraganda bermovdim, oʻsha yubordimi sizni? A? oʻtgan yili xotiningizni tovuq fermasidan boʻshatib yuborgan edim, xotiningiz shikoyat qildimi? Togʻda parrandalar och qolyapti emish... Alhazar! Bu qaerdan chiqqan gap? Qachondan beri sovxoz togʻdagi yovvoyi qushlarni ham boqadigan boʻlib qoldi! Bunchalik vatanparvar ekansiz, chorvaga chiqing! Unga yem-xashak yetishmayapti. Toʻrtta otarimiz qor ostida qolib ketdi. Vertolyot ham topolmadi. Chiqing! Bilishimcha, siz ovchilik ham qilar ekansiz... Togʻ yoʻllarini yaxshi bilasiz. Bizga yordam bering, men bir emas, yoningizga oʻnta odam qoʻshib beraman! Qalay, ma’qulmi?.. Mayli, men haqingizni ham toʻlayman, bir emas, ikki hissa qilib toʻlayman! Boʻldimi? Togʻdagi parrandalarga yem bering emish... Astagʻfirullo!
— Shunga meni qaytardingizmi? — dedi Ehson. — Esiz... — U burilmoqchi boʻldiyu toʻxtadi: — Hoy, nimaga hadeb haq toʻlayman, undirib beraman, deysiz? Nimaga? Men... Xoʻp, hozir... Umuman, sizning gapingiz haq. Birinchi navbatda chorva kerak, dovonni kurash kerak. Ha! Lekin oʻrtoq Eshquvvatov, siz shuning uchun bu idorada oʻtiribsiz... ana shularning gʻamini yeng! Hozir emas, bahorda yeyishingiz kerak edi. Yoʻq! Meni qoʻrqitmang! Chorvangiz ham oʻz joyida, dovon ham toza! Shunchaki oʻzingiz gapga quloq solgingiz kelmaydi, ichingiz qora! Bundan tashqari, men aytgan masalalar... Umuman, siz qoloq odamsiz!

Eshquvvatov manglayini siladi, choʻntagidan siga-reta olib tutatdi.
— Rost, — dedi vazminlik bilan u, — odam yoʻq hozir. Yordam berolmayman. Mayli, endi raykomga boravering. Yuring, birga boramiz.

Ehson joyidan jilmadi, sigareta olib tutatdi. Yoʻlakka chiqib olgan direktor:
— Yuring. Eshikni bekitaman, — dedi.

Ehson uning kichkina koʻzlari, turtib chiqqan goʻshtdor yonoqlariga qaradi, ovozi boʻgʻilib:
— Rostdanmi? — dedi.
— Rost, — dedi direktor, soʻng oʻylanib toʻngʻilladi: — Mening aytganim bilan chiqishmaydi ham! Negaki, bu xizmat smetaga kirmaydi, haq toʻlanmaydi.
— Yana haq deysiz-a, — Gʻoʻddiradi Ehson va koʻksi koʻtarilib tushdi, — Oʻrtoq Eshquvvatov, bir minutga bu yoqqa kiring. Iltimos... Hm, mayli, men oʻzim boraman! — dedi. — Ha, oʻzim boraman. Ahvol shunday ekan, boshqa iloj yoʻq... Haqiqatan ham bugun-erta boʻshman. Oʻzim boraman!

Eshquvvatov oʻqituvchidan bir nafas koʻz uzmay turdi, soʻng oyogʻi uchiga qarab, xonaga kirdi. Paltosi tugmalarini qaday boshladi:
— Shundaymi? oʻzingiz boradigan boʻldingizmi? — soʻradi u.
— Ha, oʻzim boradigan boʻldim, — dedi Ehson. — Chindan ham ahvollaringiz chatoq boʻlsa kerak... Rost, men ovchilik ham qilaman, togʻ-toshlarni bilaman. Ulovim ham bor...

Eshquvvatov uyqudan qolgan kishidek koʻzlarini uqaladi:
— Demak, sizga gʻalla kerak, shundaymi?
— Ha, — dedi Ehson. — Gʻalla kerak... Uyimda boʻlganda, sizdan soʻramasdim. Oʻzingiz yaxshi bilasiz, uyda non yopmaymiz, doʻkondan olamiz. Gʻallam yoʻq. Bozordan olay desam, bugun shanba... Keyin... maoshgacha ham ancha bor.

Eshquvvatov miyigʻida jilmayib, Ehsonning yonidan oʻtdi, darpardani tortib, oynaga qaradi. Hovuz boʻyidagi tollar ham koʻrinmaydi. U derazani tirnagan boʻldi va oʻqituvchiga boqdi:
— E, Esonboy, — dedi, — Esonboy, shuni boshda hovliqmasdan, yotigʻi bilan aytsangiz boʻlmasmidi? Haligi gaplarning nima keragi bor, xoʻsh, asrimizning problemasi, u-bu... Axir, sovxozning ham ahvoli chatoq ekanligini bilar ekansiz-ku? E, Esonboy-e!

Ehson ham jilmaydi:
— Oʻrtoq Eshquvvatov, axir, men tabiatshunosman, yuragim achiydi, tabiatga yetkazilgan har bir zarar menga yetkazilganday boʻladi.
— Rosa ezma ekansiz-ku? Bir ximiya oʻqituvchimiz boʻlardi. Biz uni «Azim ezma» derdik. Xuddi oʻshanga oʻxsharkansiz. Bolalar darsingizda zerikmaydimi?
— Lekin siz ham bu sohada mendan qolishmaydigan koʻrinasiz, — dedi Ehson.
— Xoʻp. Qancha gʻalla kerak? — direktor stoli tomon yurdi.

Ehson oʻylanib, unga ergashdi:
— Qancha boʻladi... Bir eshagim bor. Bir sentir yetadi. Bu qorda eshak shuni zoʻrgʻa koʻtarib yursayam xoʻp gap.

Eshquvvatov stol tortmasidan qogʻoz oldi-da, orqasiga ilkis qaradi:
— Nima? Bir tsentner? Bir tsentner uchun shuncha gʻovgʻami?

Ehson e’tiborov badani qichishayotganday qimirlab, stol qoshiga keldi:
— Endi... men imkoniyatimni aytyapman-da, oʻrtoq Eshquvvatov. Harna-da...
— Yoʻq, bu masalada mening yonimga qayta kirmang. Uch tsentner yozaman!
— Yoʻq-yoʻq, oʻrtoq Eshquvvatov, yoʻq... Mayli ikki tsentner yozing. Bir amallarman. Oʻzim piyoda ketarman.

Eshquvvatov tagʻin oʻqituvchiga tikilib, iljaydi. Bosh silkitib:
— Boʻpti, — dedi-da, yozib uzatdi, — omborgy borasiz. Kechikmay boring.
— Rahmat, oʻrtoq Eshquvvatov! — dedi Ehson.

Ular birga idoradan chiqishdi, bulduruq qoplagan tollar tagidan oʻtib, katta koʻchaga tushishdi. Muzda yurish xavfli boʻlganidan, qor kechib ketishdi. Direktor yoʻlovchilar salomiga alik olib, har tarafga qarab borar, Ehson tuflisiga qor kirmasin deb ehtiyotlab qadam bosar edi.
— e’tiborov deyman, — dedi Eshquvvatov.
— Labbay, oʻrtoq Eshquvvatov.
— Hm... Qancha maosh olasiz?
— Maoshimmi? El qatori. Yuz oʻn soʻm!
— Xotiningiz ishlamaydi-a?
— Uni oʻzingiz boʻshatgansiz-ku... Ishdan koʻngli sovigan. Keyin ma’lum boʻldiki, joʻjalarning oʻlimiga bizning xotin aybdor emas ekan.
— Lekin, xotiningizning achchigʻi tez ekan.
— Ha, bu tomoni ham bor... Yana kim biladi deysiz, oʻrtoq Eshquvvatov, men shaxsan nervim joyida emasligini bilaman. Oʻqituvchilarning toʻqson protsentida asab degani barvaqt ishdan chiqadi... Umuman-ku, ishning yengili yoʻgʻ-a? Sizlargayam qiyin. Boshqalargayam. Men sizga aytsam, oʻrtoq Eshquvvatov, asrimizning oʻziga xos kasalliklaridan biri ham shu... asab kasalligi boʻlyapti.

Eshquvvatov kulimsiradi. Ular qori kuralgan xiyobonga chiqishdi. Koʻprikka yetganda Eshquvvatov toʻxtadi:
— Boʻpti boʻlmasam, sizga muvaffaqiyat! — dedi, soʻng oʻylanib jilmaygancha soʻradi: — Bu qishdayam ovga chikdingizmi?
— Yoʻq... Ha,bir oy avval bir-ikki marta chiqqan edim, keyin ish koʻpayib ketdi, chiqolmadim!
— Xoʻp, baroringizni bersin! — direktor bir qadam qoʻyib, yana muallimni toʻxtatdi: — e’tiborov, sovxozimizga ishga oʻtmaysizmi? Ish yoʻq emas, bor... Mana, klub quryapmiz. Maoshiyam yaxshi! Keyin, oʻzimizning odamimiz boʻlasiz, har holda qarashardik-da, a? Kechirasiz, menga shu... Oʻqituvchilar, redaktsiya xodimlari yoqmaydi. Sal igʻvogarroq boʻladi. Toʻgʻri, oʻqituvchilar bizniyam oʻqitgan, gazeta ishimizga yordam beradi... Xoʻsh, taklifim yokdimi?

Ehson e’tiborov boʻshashib, qorga tikildi:
— Yoʻq, oʻrtoq Eshquvvatov! — dedi. — Men kasbimni yaxshi koʻraman! Maoshi kam boʻlsa ham uni boshqa ishga alishmayman. Tushundingizmi?
— Tushundik, tushundik...

Sovxoz direktori ketdi.

Ertasi tongda qora eshagiga bir xurjunu bir qop donni ortgan Ehson e’tiborov paltosiga oʻralib, quloqchinini tushirgancha qishloqdan chiqib ketdi, roʻparada oppoq qorga burkangan togʻ uyqusirab koʻrinar edi.

Tabiiyot oʻqituvchisi togʻ ungurlarida, daralarida, jarliklarida kechgacha yurib, oʻndan ortiq kamarga don sochdi. Chetda-chetda turib, don sepilgan goʻshalarga parrandalarning qoʻnishini koʻrdi. Bu asnoda u bir necha marta qorga botdi, ikki bor yomon yiqildi, bir gal eshagi yotib olib, unga koʻp azob berdi. Qosh qorayganda u qishloqqa kirib keldi.

Sovukdan qotib, tarasha boʻlib qolgan kiyimlarini xotini Mayna choʻyan pech ustidagi dorga ildi. e’tiborov qichimsirayotgan oyoq-qoʻllarini qashib oʻtirgan edi, darvoza taqillab qoldi. Mayna eshikka chiqib kelib:
— Eshquvvatovning shopiri, direktor sizni chaqirayotganmish, darrov borarkansiz, — dedi.
— Nima ishi bor ekan... Mashina ketdimi?
— Yoʻq, kutib turibdi. Turing, kiyining.

e’tiborov turib, quruq kiyimlarini kiydi. Chiqib, direktorning mashinasiga oʻtirdi. Mashina taqa-taq muzlagan koʻchadan borib, birpasda direktorning darvozasiga yetdi. Shofyor:
— Toʻxtab turing, — deb, ichkariga kirib ketdi.

e’tiborov bugun togʻda qilgan ishlarini eslab, mamnun holda nari-beri yurib turdi. Hovlida oʻtin yorilar, kimlarningdir baqirib-chaqirgani eshitilar edi.

Eshquvvatov choponiga oʻranib, shoshib chiqdi:
— A, Esonboy?
— Keldim, oʻrtoq Eshquvvatov.
— Qalay boʻldi, toqqa borib keldingizmi? -Ha.
— Yaxshi, — Eshquvvatov miyigʻida jilmayib, Ehsonga tikildi. — Ovlar baroridan keldimi?

e’tiborov ham jilmayib:
— Baroridan kelganda qandoq! Jonivorlar mening kelishimni kutib turgan ekanmi, kamardan chiqmasimdan «gur» yopirildi-ya! Juda alqab qoldi-da... Sizniyam, oʻrtoq Eshquvvatov. Lekin yaxshi ish boʻldi. Harna-da. Axir, oʻsha jonivorlar ham sizning sovxozingizga qaraydi. Bu ishimizning ahamiyati katta.
— Yana diydiyoni boshladingiz, — dedi Eshquvvatov. — Asrimizning masalasiga koʻchmasingizdan burun, Esonboy, men... sizga dangalini ayta qolay. Men tushunaman ahvolingizniyam. Lekin boshqa narsani ham tushunaman... Faqat siz gapni burmang, iltimos, vaqt ziq. Erkakcha gaplashaylik. Bizdan qaytmay qolmaydi. Xohlasangiz, ertaga yana boring idoraga, ikki tsentner emas, toʻrt tsentner don beraman... Mana ilgari uzoq boʻlsak, endi yaqin boʻlib qoldik, nima dedingiz? Xoʻp, gap bunday, Esonboy, uyga mehmonlar kelib qoldi, yaqin ogʻaynilar. Shular desangiz togʻli joyga keldik, kaklik yeymiz, deb turib olishsa boʻladimi. Qoʻy goʻshti teshib chiqadimi, deyman? Qani koʻnishsa. Oxiri Esonboy, shofyorni sizga yuborishga majbur boʻldim... Men, oʻzingiz tushunib, besh-toʻrtta kaklik opkelasizmi deb oʻylagan edim. Afsus... Endi, Esonboy, mashina sizni uyingizga olib boradi. Koʻp emas... Oʻnta demayman, beshta kaklik berib yuboring. Xoʻpmi, uka? Hoy shopir, mashinani zavadit qil!

Ehson e’tiborov es-hushidan ayrilganday angrayib turar edi.
— Ha? — dedi Eshquvvatov. — Bugun sovxozning ahvolini bila turib oʻzingizni bilmaganga olganday, yana nutq soʻzlamoqchimisiz? Qoʻying, Esonboy, biz katta odamlarmiz... Xoʻpmi? Xoʻp, gʻallaning bir tsentnerini uyda qoldirgan boʻlsangiz, bir tsentnerini toqqa eltib sochgan boʻlsangiz kerak. Bilaman, parrandalarning ahvoli ogʻir. Aytganingizday, birpasda toʻdalanib qolgan. Shunday emasmi? oʻzingiz boʻlsa ovchi yigitsiz. Munaqa vaqtda bir oʻq bilan oʻn-yigirmatasini agʻdarish hech gap emas... A? Keling, gapni koʻpaytirmaylik. Men bunday masalada birovga hech iltimos qilgan emasman. Hozir majbur boʻldim-da. Qaytadi mendan. Va’da beraman... Mayli, sovxozga ishga oʻtmasangiz ham sizga qarashib turaman. Xoʻp, boʻlmasa, shu ikki tsentner bugʻdoy haqiga beshta kaklik bering! Nimaga anqayib turibsiz? Biron narsa oʻylayapsizmi?.. Ey, shu oʻqituvchilar bilan gazetachilar oʻlgudek xayolparast boʻladi-da!
— Oʻrtoq Eshquvvatov, siz past odam ekansiz, — dedi Ehson e’tiborov loqayd, past ovozda. — Ajabo! Bu qanaqasi boʻldi? Qanaqasi? A?! — e’tiborov direktorning yoqasidan ushlaydigandek unga yuzlandi.
— Eshquvvatov tislanib:
— Nima gap? — dedi garangsirab. Soʻng telpagini orqaga surib qoʻydi-da, chuqur xoʻrsindi. Xomush tortib:
— Xayr, — dedi. — Rahmat...
— Yoʻq, toʻxtang! — qichqirdi muallim.
— Rahmat, Esonboy, diydiyo eshitishga toqatim yoʻq. Shopir, bu odamni uyiga oborib tashla. Rahmat. Sizdan buni kutmagan edim.

Ehson e’tiborov ketdi.
— Hayronman... Voy, pastkash-e! — dedi oʻqituvchi va izgʻirinli koʻchani boshiga koʻtarib kulib yubordi.

1972