OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiNasib etsa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nasib etsa (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

«
Nasib etsa kelar Shomu Iroqdin,
Nasib etmasa — ketar qoshu qaboqdin.
»

Elyor Boʻritosh opasini juda yaxshi koʻrardi. U madaniyat uyidan qaytib keldimi, atrofida parvona boʻlib, biron narsa bilan uning koʻnglini ovlashga harakat qilar, soʻng yoniga oʻtirib, gap soʻrar edi:
— Uylaring mana shu togʻni orqasidami?
— Ha, oʻsha yokda edi... Endi yoʻq.
— Nega yoʻq? Unda ota-onangiz qaerda turadi?
— Oʻsha yerda, uy ham oʻz joyida. Lekin men ularga begona boʻlib qoldim. Endi, Elyorjon, mening uyim ham mana shu — sizlarning uyingiz boʻladi.
— Ur-re-e!... Opajon, togʻ qoʻrqinchlimi?
— Juda. Lekin akang qoʻrqmas yigit... Qoʻrqoq boʻlganda meni buyoqqa opqochib kelolmas edi.
— Akamni yaxshi koʻrasizmi? -Ha.
— Meni-chi?
— Seniyam. Sen shunday aqllisan! Katta boʻlsang, albatta yaxshi odam boʻlasan. Mard, qoʻrqmas... Haqiqat uchun kurashadigan, haqiqatchi!
— Mayli. Mard, qoʻrqmas...
— Haqiqatchi — rostgoʻy degani. Aytishadi-ku, boshingga qilich kelsa ham toʻgʻri gapir, deb.
— Boʻpti... Opa, sizga oʻxshab dutorchi ham boʻlaymi?
— Aylanay sendan. Mayli.
— Togʻ juda qiziqmi? Meni qachon olib borasiz?
— Nasib etsa.
— Qachon nasib etadi?
— Toʻy oʻtsin... Men shu yerda qoladigan boʻlay. Keyin boramiz. Berdiyor akang, sen, men, momomlar, amakimlar — hammamiz.
— Boʻritosh opa, kecha onam akamni chaqirib urishdilar...
— Nimaga?
— Men tushunmadim.
— Endi tushun... Xoʻpmi?

Elyorning chorbogʻi keng. Odokda olchazor, u tigʻiz oʻsib changalzorga oʻxshab qolgan. Devorning bir joyi oʻpirilib tushgan. Elyor ola sigirni oʻsha kemtikdan oʻtkazib, podaga qoʻshadi. Podachi mollarni tor koʻchadan tez haydab, dalaga chiqaradi, u yerda zigʻirpoya bor, chetda yolgʻiz tol, eski chayla, zigʻirdan chetlatib adirga olib oʻtadi.

Boʻritosh opaning boʻyi baland, xipchadan kelgan, bodomqovoq. Gavdasini gʻoz tutib yuradi. Faqat Elyorning otasi Quvondiq aka yoʻlddn kelganida boshini egib, past ovozda soʻzlaydi. Elyorning akasi Berdiyorning boʻyi ham novcha, oʻzi sariqqa moyil, mallarang qoshlari ostidagi yirik koʻzlari kulimsirab boqadi.

Elyor bugun oqshom buvisining ham Berdiyor aka bilan qattiq-qattiq gaplashganini eshitib qoldi:
— Nima boʻlsayam birovning farzandi u! Endi boyoqishni kuydirma... Ayol kishining qargʻishi yomon boʻladi!
— E qoʻying! — dedi Berdiyor. — Men unga yur debmanmi. Havaskorlar, oʻyinni bilar ekansiz, deyishgandi, oʻzi ergashib keldi.
— Unda uyiga joʻnat boʻlmasam yoki boshqa bir joyga koʻchir. Sen yoshsan, u yosh qiz... Guzarda gap boʻlyapti! Oʻziyam chigʻatoylardan ekan, yaxshi ayol... vaqtida dovrugʻi ketgan el. Qoʻlli-oyoqli qiz... Haliyam shundan qolma, bolam.
— E-e!

Toʻrt oydirki Elyor Boʻritosh opasining yonida yotadi — buvisi tayinlab qoʻygan. U bir-ikki marta kechasi opaning Berdiyor aka bilan gaplashayotganini eshitib, uygʻonib ketgan. Momosining nasihatiga amal qilib «Aka, keting. Joyingzga borib yoting!» degan.
— Boʻritosh opa-chi... momom ham urishdilar akamni.

Eshik gʻiyq etib ochildi. Tomoq qirib, Berdiyor kirdi. Kesaki yonida qaqqaydi.
— Chiroqni yoqmang, — dedi Boʻritosh.
— Haliyam yoqmayman. Bu... uxladimi?
— Uxlaganim yoʻq! — dedi Elyor. — Keting.
— Bir yoʻla poyloqchi boʻlib olding-ku! Uf... Boʻritosh, charchadim. Oblastdan odam keldi. Oblast havaskorlarining festivali boʻlar ekan. Tayyorlaninglar, dedi. Qayokdan ham xalq teatri degan nom berishdi bizga! Tinim yoʻq.

Elyor oʻrnidan turib oʻtirdi:
— Berdiyor aka, toʻylaring qachon boʻladi? Keyin Boʻritosh opamlar meni toqqa olib bormoqchi. Togʻ qoʻrqinchli... Siz yurgan yoʻllardan yuraman.
— Hamma gapni biladi-ya bu?.. Momom chaqiryapti seni, bor!
— Yolgʻon. Gapingiz rost boʻlsa, boraman!
— Rost, rost!

Elyor chiqib ketdi. Momosi:
— Seni aldapti u, — dedi. — Opangni yonidan jilma!

Elyor qaytib eshik tutqichiga qoʻl uzatdi-yu, tek qoldi. Ichkaridan ularning soʻzlari eshitilar edi.
— Berdiyor aka, men sizni deb keldim-ku, — der edi Boʻritosh opa. — Bilasiz-ku! Boʻlmasam bu rayonda menga nima bor? Uyoqda, oʻz rayonimizdayam madaniyat uyi bor...
— Lekin meni xafa qilyapsiz-da, Boʻritosh, — toʻngʻilladi Berdiyor aka. — Nega meni yoningizga yoʻlatmaysiz? Yana sevaman deysiz? Ishonmay qoldim, sevgan odam munday boʻlmaydi. Oʻgʻriga oʻxshab kiraman, haydab chiqarasiz!
— Men sizga oʻynash boʻlaman deb bu yerga kelganim yoʻq, Berdiyor aka...
— Harholda... Ungacha... Buyoqda toʻy harakati taxt emas. Otam yoʻlda... Hatto bir oʻptirganingiz yoʻgʻ-a?

Elyorning xayoli uchdi: «Akam Boʻritosh opamni oʻpmoqchi. Nega oʻpadi? Hozir...»

Eshik taraqlab ochildi. Berdiyor qaramay, chiqib ketdi.
— Yolgʻonchi! — deb qoldi Elyor.

Boʻritosh uni yoniga yotqizib, peshonasiga tushgan qoʻngʻiroq sochlarini siladi:
— Elyorjon, men ketsam, xafa boʻlmaysanmi?
— Nega ketasiz? Ketmaysiz... Endi bu uy mening ham uyim boʻladi dedingiz-ku?! Ketmaysiz!.. Toʻy qilamiz, ota-onangiz kelishadi. Keyin meni toqqa olib borasiz... Akamga ayting... men siz aytgandek mard, haqiqatchi boʻlaman.
— Rahmat... Hali gaping uzilib qoldi: momong akangga nima dedilar?
— Him... Ishqilib, momom sizni maqtadi, akamga qattiq-qattiq gapirdilar.
— Elyorjon, Berdiyor akang mendan boshqa ayol bilan ham gaplashadimi?
— Rostini aytsam, Zumrad opa bilan gaplashadi! Zigʻirpoyada koʻrganman.
— Qachon? Hozir ham gaplashadimi?
— Hozir bilmayman.
— Elyorjon, akangni bir kuzatmaysanmi, qani, oʻsha opang bilan yana gaplashadimi, yoʻqmi ekan? Keyin... meni yaxshi koʻrishingga butkul ishonaman!
— Men sizni yaxshi koʻraman...

Ertasiga Elyor buvisi atrofida oʻralashib, kunni choshgoh qildi: katakdagi tovuq tuxumlarini terdi, buvisi ish tikmoqchi edi, ignasiga ip oʻtkazib berdi. Ola sigirning buzogʻini zigʻirpoyaga yaqin eltib oʻtlatdi. Yarim xalta pechak yulib keldi.

U koʻchaga chiqqanida guzar bolalari chillak oʻynashayotgan ekan. Ergashali soʻrab qoldi:
— Boʻritosh opani nima deb chaqirasan?
— Opa deb.
— Ha-ha. Yanga deb chaqir... Yoʻq, kennoyi deb, televizorda aytadi-ku.
— Bekor aytibsan. Xotini emas! Yaqinda toʻy boʻladi. Keyin yanga deyman. Xohlasam, checha deyman... Bor!

Kechga tomon Boʻritosh ishdan qaytdi. Elyorni uyga olib kirdi.
— Elyorjon, koʻchaga chiqsang... Akang oʻrtoqlari bilan gaplashib qoldi, dorixonaning oldida. Bugun oʻsha, sen aytgan opa kelib ketdi! Akangni bir kuzat...
— Xoʻp.

Elyor dorixonaga yetib, akasining sartaroxshonaga kirganini koʻrib qoldi. Ariqdan hatlab oʻtib bordi.

Eshik ogʻzida kursi qoʻyib oʻtirgan moʻylovli sartarosh unga tikilib qaradi.
— Akam ichkariga kirdi-ya? — soʻradi Elyor.
— Berdiyor sening akang boʻladimi? Ha. Kirdi. Elyor kosagullar ochilib yotgan pol pushtasiga choʻqqaydi:
— Amaki, nimaga hammavaqt shu yerda oʻtirasiz?
— Sen sochingni oldirasanmi?
— Yoʻq. Buzib qoʻygansiz bir gal, onam urishgan...
— Ana sen ham menga soch oldirmaysan-u, ichkariga kirib oʻtirmaysiz, deysan yana.

Elyor derazadan moʻralab qaradi. Sartarosh akasining yuziga atir purkar, Berdiyor iljayganicha aftini tirishtirib boshini qimirlatar edi. Elyor birdan tek qoldi: «Kuzatsam, oʻzimni koʻrsatmasligim kerak-da!» U tagʻin koʻchani kesib oʻtib, dorixona oldiga borgandi, roʻparasiga yuk mashinasi kelib toʻxtadi, undan fufaykasini qoʻltigʻiga qisgan Quvondiq aka sakrab tushdi.
— Ota!
— E, oʻgʻlim! — ota uning oyogʻini yerdan uzib, manglaydidan oʻpdi. — Meni kutgani chiqibmiding?
— Yoʻq... Ha.
— Unda uyga ketamiz.
— Ota, men akamni kuzatishim kerak.
— Nima?
— Boʻritosh opam iltimos qildilar. Akam Zumrad opa bilan uchrashmasligi kerak, toʻgʻrimi?

Quvondiq aka qoshini uydi:
— Yur, akang bilan oʻzim gaplashaman.

Qoraboy it darvozaga oʻynokdab chikdi. Quvondiq aka uni erkalab kulib qoʻydi. It yana oyogʻiga oʻrala-shavergan edi, tepib yubordi. Elyor orqada qoldi. U supaga chiqib borganida, boloxonada onasi bilan gaplashayotgan otasining soʻzlari baralla eshitilar edi:
— Ey, qoʻy... Bu oqshom kelsin, qoʻlidan mahkam ushlab oʻtqizaman. Shu haftada toʻy qilib yuboraman. Buning nimasi yomon oʻsha qaqajondan?! Odobni bilsa, ishni bilsa... bir aybi oʻgʻlingning gapiga uchib kelganimi! E, nomard oʻgʻil!
— Biram yaxshi qiz, choljon, biram achinaman...
— Achinishdan foyda yoʻq, harakatingni qil! Elyor yugurib uyga kirdi.
— Boʻritosh opa... akamning qoʻlidan ushlab oʻtqazar ekan. Shu haftada toʻy... Nimaga indamaysiz?
— Elyorjon, bu gapni men ham eshitdim. Akang meni aldagan ekan...
— Aldagan boʻlsa sirini ochamiz! Men bari bir uni kuzataman. Hozir koʻchaga chiqaman.

Podaning qaytadigan vaqti boʻlgan edi. Elyor bogʻ oralab ketdi. Olcha butasidan xivich sindirib olib, kemtikdan oʻtdi. Zigʻirpoyaga yetib toʻxtadi: «E... Akam Zumrad opa bilan anavi yerda turishgan edi. Chayla...»

Tepa bagʻridan mollarning ma’ragan ovozlari kela boshladi.

Sigirni haydab kelgan Elyor buzoqni ushlab turib sogʻdirdi. Buzoq dumini likillatib, tumshugʻidan oppoq koʻpik tomchilar, sigir boʻlsa, «hr-hr» ovoz chiqarib, buzogʻining quymuchini yalar, oyoqlarini kerib turib olgan edi. Elyor tovuqlarni ham qaqolatib quvib, katakka qamadi.

Oy chiqib qishloqni yoritganda Elyor zigʻirpoyaga tutash oʻqariqda choʻnqayib oʻtirar, koʻzlari yalt-yult qilayotgan Qoraboyning baroq boʻynidan quchib olgan edi. Zigʻirning yoqimli, bir oz taxir hidi keladi. Qaerdadir baqa qurillaydi, chigirtkalar sayrashi avjida. Oʻqariq nam, botqoq, chirik yaproq hidi keladi.

Ufqni toʻsib turgan tepalik bagʻrida ikkita qora koʻrindi, ular oqarib turgan soʻqmoqdan oʻtib, chayla ostiga kelishdi. Elyor ularning kulgisidan payqadi: biri akasi, biri tovushi yoʻgʻon Zumrad opa.

U shosha-pisha orqasiga burildi, itning boʻynidan quchib tortdi. Shunda ularning gap-soʻzlari qulogʻiga chalina boshladi:
— Voy, suv bosipti bu yerni...
— Koʻtarib olay.
— Tegmang!.. Anavi togʻdan optushgan qushchangizni koʻtaring! Sizda hech insof yoʻq! Buydoqsiz... Xoʻp, havaskorlarning rahbari boʻlsangiz boʻpsiz, uni uyingizda saqlashingiz nimasi?! Meni aldamang... Ana, domkulturaning kattalariga murojaat qilsin, unchalik zarur boʻlsa... Boʻlmasam qishlogʻiga ketaversin!
— Yaqinda ketadi, sekinlik bilan. Lekin bitta iltimos...
— Nima?
— Shu... indamay kelib, indamay ketaveradimi? Yoʻq, toʻxtang-toʻxtang! Men uni... yaxshi san'atchi boʻladi, deb oʻylagandim. Kim biladi deysiz. Oʻzidan bilib, ketay demaydi ham.
— Sizga yoqadi! Yoqmay oʻlsin!

Elyor itni torta-torta soʻqmoqqa yetdi. Uyga qarab chopdi. It shingʻillab chaylaga qaradi, hurdi va Elyorga ergashdi.
— Opa... Boʻritosh opa, sizni ketsin, dedi. Zumrad opa! Akam ham yaqinda ketadi, dedi... Shunaqa dedi. Yurishipti. Chaylada, zigʻirpoyada...

Boʻritosh rangi oqarib karavotda oʻtiradi:
— Rahmat, aylanay. Menga katta yordam qilding, — dedi.
— Endi nima qilasiz?.. A... ayting... Lekin ket-maysiz! Hech qayoqqa ketmaysiz... toʻy boʻladi! Chigʻatoydan ota-onangiz keladi. Keyin biz ham boramiz... Opajon, ketmang! Men aytganingizdek boʻlaman, mard, haqiqatchi.
— Men ishondim, ukam.

Ertasi Elyor uygʻonib, tashqariga chiqqanda, Boʻritosh tugunchasi qoʻlida, boloxona tagida turishgan uy egalari bilan xoʻshlashar edi:
— Momojon, rahmat. Onaxon, sizga ham. Otajon, men yengiltaklik qilib, bu kishining soʻzlariga kirgan ekanman...
— Axir bu yolgʻon gap! — baqirib yubordi Berdiyor. — Mana bu shipiyonbachchadan chiqqan bu gap. Hu koʻzingni...

Elyor supadan tushdi. Yigʻlab, Boʻritosh opasining tuguniga yopishdi:
— Opajon, qoling... Aka, nega baqirasiz?! Men haqiqat gapni aytdim! Boʻritosh opa, haqiqatni aytganim uchun ketasizmi?!

Boʻritoshning ham koʻziga yosh toʻlib, bolani quchdi.
— Sen haqiqatchi boʻlib olding, — dedi entikib. — Endi orqaga qaytmaysan, jonim!.. Haqiqat shunday narsa: u shafqatsiz boʻladi, u yigʻlatadi. Buning uchun gap eshitishing ham mumkin... Lekin haqiqat hamma narsani joy-joyiga qoʻyadi. Yolgʻonchilik, aldanishga barham beradi...
— Axir...

Boʻritosh uy egalariga tagʻin bir ta’zim qildi.

'