OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiNotanish odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Notanish odam (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Ovga borayotgan edim, havo aynidi. «Bahor havosi-da, bir sevalab oʻtar», deb ketaverdim. Biroq sal oʻtmay yomgʻir shunday quyib berdiki, birpasda ust-boshim hoʻl boʻlib, badanimga yopishib qoldi. Shunda, turgan yerimdan ikki yuz qadamcha narida jar va jarga tushaverishda ovchilar, yoʻlovchilar qoʻnib oʻtadigan kamarcha borligi yodimga tushdi. Jarga yaqinlashishim bilan shuvoq isi aralash tutun dimogʻimga urdi. Kamarga kirdim. Oʻrtada gulxan yonar, chetroqda oqchil chakmon kiygan, oʻrta boʻy bir kishi eshagining ayilini boʻshatardi.
— Salomaleykum.

Notanish odam menga qaradi-da, boshimdan-oyogʻimgacha koʻz yugurtirib chiqdi. U qirgʻiz bashara, lekin qoshlari quyuq, qirq yoshlardan oshgan, baquvvat kishi edi.
— Aaalekum.

Oʻt boshiga choʻnqaydim. Etigimni sugʻurib, tagini olovga qaratib qoʻydim. Pidjagimni yechib, tizzamga yoydim. Notanish odam gulxan yoniga qaytdi, bir dasta shuvoqni tagiga qoʻyib oʻtirdi.
— Xoʻ-oʻsh, yoʻl boʻlsin, yigit? — dedi u. Uning ohangida allanechuk kinoya borga oʻxshab ketdi.
— Ovga, qishlokdan, — qisqa javob berdim.
— Hali ovchiman dang? — daf’atan pixillab kuldi u va gulxanga oʻtin qalay boshladi.

«Ovchiman! Buning nimasi kulgili?!» deb jerkib bergim keldi-yu, «ha!» deb qoʻya qoldim.
— Nega yomgʻirda qoldingiz? — soʻradi u jilmayishini qoʻymay.
— Qoldim-da.
— Yomgʻir yogʻishini bilmadingizmi?
— Qaydan bilay.
— Bulutni koʻrib edingizmi?
— Ha.
— Gallamang, koʻrganingiz yoʻq.
— Obbo, mendan... nima istaysiz oʻzi, amaki?

Suhbatdoshim menga xotirjam koʻz tashlab oldi.
— Kerakli narsani koʻra bilishingizni istayman xolos. Koʻrgan boʻlsangiz: bulut togʻdan emas, choʻldan koʻtarilayotgan edi. Koʻrinib turiptiki, bu bulut toʻkkan yomgʻir ancha-muncha mahalda tinmaydi. Agar bulut togʻdan pastlagan boʻlsa, uning yoʻrigʻi boshqa edi. Shuni koʻra bilganingizda, ilgariroq oʻzingizni panaga tortardingiz, suvga choʻmilib, bunday qunishib oʻtirmas

edingiz.

Men tishimni tishimga bosib, jim qoldim.

Yomgʻir quyyapti. Kamarning «pesh buruni»dan tosh «ostonasi»ga sharillab loyqa, qizgʻish suv toʻkilyapti. Nam shuvoq hidi anqiydi. Notanish odam oʻrnidan turdi.
— Xafa boʻlmang, yigit.

Chaqmonning yoqasini koʻtarib, boshini qopladi, kamardan chiqdi. Sal oʻtmay yarmisi hoʻl bir quchoq oʻtinni koʻtarib kirdi. Uni kamarning toʻrrogʻiga eltib tashladi-da, menga qaramay, «isina bering», deya yana chiqib ketdi.

«Isina bering? Olovini minnat qilganimi!» Pidjakni kiyib, oʻrnimdan turdim. Kamardan chiqarkanman, notanish odamni koʻrdim. U pastda, soyning yoqasida yugura-ela, daryo toshqini toshlarning tagiga tiqib tashlagan shox-shabbalarni terardi. «Ha, pishiq odam. Bu oʻtinlarni uyga olib ketadi. Eshagiyam tayyor». Notanish odam oʻtin uchun kamar bilan soy orasida yana uch-toʻrt marta qatnagach, kiyimlarini siqib, joyiga kelib oʻtirdi. Menga koʻz qirini tashlab, oʻchayotgan choʻgʻlarni dagʻal barmogʻi bilan titkiladi.
— Tomosha qiling, yomgʻirning yogʻishida koʻngilga yoqadigan bir dilgirlik boʻladi, — dedi u. — Koʻp yaxshi narsalar yodga tushadi. Ayniqsa oʻt yonida oʻtirib tomosha qilsang. Keling-e, yigit, oʻtiring.

Men, oʻzim ham bilmayman, nima uchundir yumshab qoldim.

Belbogʻini yechib oʻrtaga yoydi. Eshakdagi xurjundan bitta yogʻliq patir bilan beshta qoʻy qurtini olib belboqqa qoʻydi:
— Dasturxonga qarang.
— Rahmat, qornim toʻq.
— Rahmatni yegandan soʻng aytasiz.

Men bitta qurtni olib shimiy boshladim.

Ikkalamiz ham jim, tashqarida shuvillab yogʻayotgan yomgʻirga qarab oʻtiribmiz. Soy sohiliga koʻkchil tuman oʻrmalayapti. Sohilning soʻl tomoni bugʻdoyi kuyib ketgan paykalday qorayib koʻrinadi. Uning ustiga bulutlardan yoʻl-yoʻl zangor chiziqlar osilib tushgan. Bora-bora u chiziqlar oqardi, qorayib koʻrinayotgan yerlar ham yorishdi. Atrof oydinlashib, ufq kengayib ketdi. Quyosh chikdi. Biz ham kamardan chiqdik.
— Xayr, yigit, ovingiz baror olsin, — dedi u. — Mening gaplarimdan xafa boʻlmang.

U eshagiga mindi. Mening xayolimga u terib kelib kamarga tashlagan oʻtinlar keldi.
— Amaki, oʻtiningizni unutdingizmi deyman?
— Yoʻq, yigit, unutganim yoʻq, — kulimsiradi u, — siz uyga olib ketadi deb oʻyladingizmi? Uyimda oʻtinim bor. Mana, seryomgʻir kunlar boshlandi. Sizu bizga oʻxshagan biron yoʻlovchi bu kamarga kirib qolgudek boʻlsa, sovuqqa qunishib oʻtirmasdan, tayyor oʻtinni yoqib isinadi, shular uchun terdim.

U ketdi. Men kamar ogʻzida, undan koʻz uzolmay qarab qoldim.

1960