OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiOʻzbek xarakteri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm37KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻzbek xarakteri (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Men bir voqeani aytib beray.

Ikkinchi kursda paxtaga bordik. Oʻsha Boʻka rayoniga. Chetdagi bir kolxoziga. Mana shu oʻzimizning Surxon vohasiga oʻxshab ketadigan joylar ekan: har qadamda qiyoqlar oʻsgan. Bogʻ-bogʻ yosh qamishning tagi bilan oʻtqazib qoʻyganday. Yeri jiqqa ajriqzor. Mol oʻtlaydigan, bolalar chillak oʻynaydigan yer-da!

Qadrdon, men uning oʻzimga, mana shu koʻngil qurgʻurga yoqqan joyini aytdim: bunaqa joylar yoqadi-da!

Xullas, ana shu ajriqzordan sal oʻtgandan keyin qishloqcha boshlanadi. Yigirma-oʻttiz xonadon tursa kerak. Tomlari bari — loysuvoq, devorlari guvala. Biz borganda jami tomlarga pichan uyulgan, yomgʻir yogʻib oʻtgan payt edi, pichanlar sap-sariq. Ba’zisining ustida yosh bolakaylar oʻtirardi.

Bizni koʻrib qiyqirib yuborishdi. Bechoralar... Toshloq koʻchada mashinamiz toʻxtadi. Oʻqituvchilar oʻzaro kelishdilar. Bizni shu yerdan burib, pastlikka endirib ketishdi.

Bitta brigadirning bitmay qolgan peshayvonli imoratiga joylashadigan boʻldik. Buyam shunchaki somon suvoq qilingan. Deraza-romlari yoʻq. Yer zax. Odatdagi... baraklardan farqsiz edi. Fargʻonalik, toshkentlik bolalar orasida mendan yoshi ulugʻlari koʻp edi: birlari armiyani bitirib kelgan, birlari texnikumni... Biz endi, oʻzingiz qatori oʻnni bitiriboq, universitetga kira qolgan edik. Shuni aytish kerakki, savod masalasida ham ulardan kam emas, ba’zan balandlik ham qilib qolardik: harqalay oʻnni bitirib, toʻgʻri universitetga kirgan bolamiz. Bilimlar hali svejiy... Bundan tashqari, oʻzingizga ma’lum, kamina kutubxonaning, ayniqsa, fundamental kutubxonaning faol oʻquvchilaridan.

Lekin uyatchanligimiz ham bor. Baribir ularga — vodiylik, toshkentlik bolalarga nisbatan qishloqimiz-da, toʻgʻrisi. Balki «uddalik» bobida ham ancha joʻn edik.

Yoʻq? E! Sizni oʻsha uyga joylab qoʻysa, nima qilardingiz? Kolxoz idorasidagi bugʻaltirning xonasidan pechni qoʻporib kelarmidingiz? Kelolarmidingiz? Yoʻq. Deraza oʻrniga nima tutar edingiz? Toʻl... Uni qaerdan topardingiz? Ana shunday... Men endi «udda» deyapman, gap shundaki, oʻsha paytda ular menga hatto olgʻir boʻlib koʻringandi... Ha-da, uy isib qolgandan keyin albatta yoqadi!

Oʻrmon degan bir kurskomimiz bor edi. Novcha, oriq yigit. Uch yil universitetga kirolmagan. Sibirga pomidor, piyoz oborib sotgan. Poezddagi sarguzashtlarini eshitsangiz, hee... Pishiq. bolalar-da! Komsorgimiz ham Azimjon degan yigit edi. Nuqul Remark bilan Xemingueyni oʻqib: «Bizning yozuvchilarimiz yolgʻonchi», deb yurardi. Men? Albatta unga qarshi turardim!..

Shunday qilib, joylashib oldik. Yerga poxol toʻshadik, ustiga chodir yoydik. Keyin, koʻrpa-toʻshakni yozdik. Choynak, chelak ham topib kelishdi.

Kech boʻlib qolgan edi. Bilasiz, dastlabki kecha uxlash qiyin. Latifa aytishardi bolalar: «Siz koʻrgan oʻsha afandi, siz bilgan oʻsha afandi...»

Bolalar darhol toʻrni, yon tomonlarni egallab olishgani uchun menga eshik ogʻzidagi joy tekkan edi, bilmadim, kechasi eshik ochilib ketganmi, sahar tursam, burun bitib qolgan.

Havoda zildek ogʻir, qoramtir bulutlar aylanar, lekin etakdagi paxtazor yaqqol koʻzga tashlanar edi. Ikkinchi terimdan chiqqan. Koʻp gʻoʻzalar barg toʻkib, sargʻayib qolgan.

Ayvon ustuniga suyanib, tomosha qila boshladim: paxtazor chetida tutlar. Oʻsha tutlar... U yer-bu yerda chugʻurchuqlar galasi uchadi. Tutzorning narigi tomonida boʻzrang bir uzun imorat koʻrinardi. Uning oldida bakni qaynatishyapti shekilli, bak karnayidan qizil alanga chiqib qolardi.

Keyin, shundoq pastlikdagi — paxtazorni bizdan ajratib turgan ariq boʻyidagi yolgʻiz kulbaga koʻzim tushdi. Uning ham tomiga pichan bosilgan. Pichan ustida chumchuqlar gʻujgʻon: chiriq-chiriq... Ariq boʻyida esa bir qoraqalpoq kursdoshim, ha, oʻsha — Saparboy maykachan boʻlib chopib yuribdi.

Bet-qoʻlni yuvgani pastga endim.
— Yechin. Yugur. Fizkultura qil! — dedi Sapar.
— E, piskulturam chiqib turibdi, — dedim. Shunda qarasam, haligi kulba... odam yashaydigan uycha ekan. Men, bilmadim, uni bostirma deb oʻylabmidim, hayron qoldim. Kichkina derazasi bor.

Uychaning oldida esa, bilasizmi nima, oʻrmak... Oʻrmak tikilgan. Bir ayol katta taroq bilan gursillatib urib, kalavani qatimlar orasidan u yoq-bu yoqqa otib, sholcha toʻqiyapti. Sekin unga yaqin bordim: bu manzara ham bizning koʻngilga yaqin-da, qadrdon!

Ayol sharpamni sezib, boshidagi gardi roʻmolini peshonasiga tushirdi.
— Salom alaykum, hormang, opa? — dedim.
— Keling, uka, — dedi u. — Xush kepsizlar... Yaxshi joylashib oldinglarmi?
— Ha, rahmat. Juda-a yaxshi joylashdik... Shu uyda yashaysizlarmi ?
— Ha, — dedi u. — Xoʻjayin molga ketgan. «Molga ketgan!»
— Mol ham boqasizlarmi? — dedim.
— Ha, kolxoz bir otar berib qoʻygan.

«Bir otar!» O, Toshkentda bu soʻzlarni eshitmaysiz-da, mexribonim. Ana shunday qilib, bularga birdan koʻnglim ilidi.
— Echkimi, qoʻymi? — dedim.
— Aralash.

Qarasam, uychaning nari tomonida uzun qoʻra bor. Tevaragi shox-shabba bilan oʻralgan. Sekin oʻtdim. Qiy hidi... Ha-ha-ha! Qoʻraning engaragidan qaradim: yetmish-sakson mayda mol sigʻarkan... Men nimagadir, bu yerlarda ham odamlar faqat paxtani biladi deb oʻylardim. Endi deng, mol tufayli paxtayam koʻzimga yuz chandon yaxshi koʻrinib ketdi.

Buning ustiga, havo yumshoq. Gʻoʻzalar yuvilgan, namxush. Barglari, poyalari sariq. Ariqchada tiniq zilol suv oqyapti... O! Oʻsha paytlar Boʻkadayam suvlar toza boʻlgich edi. Ximikatlar ham kam sepilardi, nazarimda. Lekin men bu tomonlariga e’tibor qilmaganman... Chunki oʻzimiz tarafdayam ximikat, suv notoza, ul-bul degan gaplar kam boʻlardi.

Xullas, men Surxonning bir burchagiga kelib qolgan edim.

Shu payt uydan — yotogʻimizdan bolalar ham birin-ketin koʻzlarini uqalab, har yoqqa qarab tushib kela boshladi. Ba’zisi Saparga qoʻshilib chopishga tushdi. Ba’zilari paxtazorga oralab ketishdi. Oʻrmon aka oʻrmak toʻqiyotgan ayolning qoshiga keldi.
— Qalaysiz, opa? Hormang!
— Bor boʻling, uka... Kelib zap ish qildilaring-da...
— Ha, endi, sizlarga yordam bermasak boʻladimi? Koʻk choy bormi? Qurugʻidan.
— Bor, bor. — Ayol etagini apil-tapil tushirib, taroqni tashlab, kulbaga kirib ketdi. Oyogʻida eski kirza etik, uzun sochlari uchida sochbogʻ. Rangi oʻngib ketgan koʻylagi gʻijim. Sal oʻtmay bir banka bilan bir parcha gazeta koʻtarib chikdi. Gazetani Oʻrmonga berib, ustiga bankani engashtirdi. Bir hovuchlar choy toʻkildi. Oʻrmon:
— Boʻlar, rahmat, — dedi.
— Kerak boʻlsa...
— Kerak boʻlsa, yana soʻraymiz...
— Bemalol, ogʻajon. He, paxta, paxta... Mana, sizlar ham oʻqishlarni qoldirib, ota-onalaringni tashlab keldinglar. Baraka topinglar. Rahmat...
— Endi, terish kerak-da! — dedi Oʻrmon aka... — Ha, paxtaning kilogrami necha tiyindan?
— Shu, oʻn tiyinmi, besh tiyinmi, men koʻpam farqiga bormayman.
— E! Unday boʻlmasa kerak! — dedi Oʻrmon aka. Keyin kuldi. — Yaznamiz (pochcha) bilsalar kerak?
— Ha. U kishi biladilar.
— Yaxshi... Sizlar ham biron yoqdan kelganmisizlar deyman?
— Yoʻ-oʻq, biz shu yerning odami.
— Bundan boshqa uchastkalaring ham bordir-da?
— Yoʻq, ogʻajon. Bori shu... Buyam yaxshi. Oʻzimiz uch jon. Jiyaningiz otasi bilan ketgan... Choʻpon boʻlaman deydi. Halizamon kep qoladi. Choyni qaerda ichasizlar?
— Choyni? Hm, buguncha endi yotoqda. Keyin yana oʻylab koʻramiz.

Men Oʻrmon akani hozir qitmir, suqatoy qilib ta’riflayotganga oʻxshayman. Yoʻq, bir hisobda u oʻzicha haq edi: bizniyam oʻylardi, harqalay.

Shundan keyin terimga joʻnadik.

Kun chiqib, uyam sargʻayib nur sochyapti. Biz etaklarni boʻyinga ilib, xuddi oshhalolga borayotgan podachiday ketyapmiz. E, doʻstim, menga mana shunday kun zarda berib chiqayotganda namxush soʻqmoqlardan yurish ham yoqadi-da!

Tepangda chugʻurchiqlar oʻynaydi. Oyogʻingga hoʻl yaproqlar oʻralashadi. Unda-bunda xirmon joylardan bugʻ koʻtariladi. Koʻrganmisiz? Gʻoʻzaning qavachogʻi yonishga mahtal boʻladi. Uzoq vaqt uyulib yotsa, tutun ham chiqib ketadi.

Oʻsha kuni terdik. Uyat oʻlimdan qattiq... El qatori terdim. Lekin burun ochilmadi.

Qaytayotganimizda haligi kulba biqinida qozon qaynayotgan ekan. Endi Azimjon aka qozonga yaqin borib, hidlab koʻrdi-da:
— Osh, — dedi bizga qarab.
— Hu, — dedi Oʻrmon aka, — qozoni kichik ekan-da.
— Yuring, yuring.
— Shoshmang. Ho, xoʻjayin!

Uychadan kalovlanib, qotma, qora choponining tirsaklari yirtilib paxtasi oqqan, soqoli oʻsiq, chuvak yuzli yigit chiqdi. Xuddi oʻngirini bosib oladigandek surilib-shoshilib kelib, biz bilan bir-bir koʻrishdi.
— Xush kepsizlar, xush koʻrdik! Qani, uyga marhamat!
— Oldin yuvinib olaylik-chi, — dedi Oʻrmon aka. — Aytmoqchi, bir ukamizning tomogʻi shamollab qopti. Burning ham bitgan-a? — deb soʻradi mendan. — Shu, shu... Dori-pori topiladimi? Medpunktlaring markazda ekan, bu yer — Kamchatka.
— E, topiladi-da. Dori topiladi! — Yigit etigini qoʻlantayoq kiyib chiqqan ekan, oyogʻidan tushib qoladigandek talpanglab uyga kirdi.

Keyin bir bogʻ ituzum olib chikdi.
— Shu boʻladi, tomoqqa bogʻlasalar, — dedi.
— Boʻladi, boʻladi! — dedim. — Ozginasi boʻladi.
— E, ozginani nima qilasan? — dedi Oʻrmon aka. — Hali yana kerak boʻladi.

Ituzumni olib yotoqqa keldim. Unga tikilaman: tanish-da bu oʻsimlik ham! Qadrdon, bizdayam bir momo boʻlgich edi. Bobomiz bosmachilarning otlariga xashak bergani uchun «xalq dushmani» deb otilib ketgan, undan qolgan oʻn bir kursoqni boqaman deb umrini toq oʻtkazgan kampir edi. Ularniyam birin-ketin yaratganiga topshirib, bizning maymoq ota bilan qolgan...

Oʻsha kampir davolardi shunaqa ituzumlar bilan... tomoqlarimizni. Tildan tersak chiqsa, oq gulbutani quritib-ezib, kukunini separdi. Hech narsa koʻrmagandek boʻlib ketardik.

Omborimizda mana shunday ituzum bogʻlaridan yogʻoch qoziqlarga osib qoʻyardilar.

Biz ham devordagi bir mixga osib qoʻydik. Keyin mevasidan bir hovuch olib, boʻz etakning chetidan bir parchani yirtib, mevani ezib-ezib tomoqqa koʻtardik.

Ertasi koʻzimiz charaqlab ochilib, terimga chiqib ketdik.

Bizga choy qaynatiladigan bak ortidagi kulbalarning orqasida hududsiz dalalar bor, biz oʻshayokda paxta terardik. Har joy-har joyda mitti-mitti shiyponchalar qoʻnqayib turardi. Yeri zax, devorlari qabarib ketgan, atrofida tuproq oʻynab yotar, unda sichqon-kalamushlarning izlari koʻp edi.

Biz goho oʻshanday kulbachalarga kirib dam olardik.

Men, men oʻzim oʻshanaqa joylarda izgʻishni yaxshi koʻrardim. Shunday shiyponchalarning yaqinidan albatta biron ariq oʻtgan boʻlar, uning qirgʻoqlaridan qamishlar gʻovlab koʻtarilgan, qamishlar ichida turfa tikanlar qizil, sariq boʻlib gullagan, oʻshalarning ham yolgʻiz tomoshachisi biz edik.

Ba’zan egatlar ichida tarvuz, qovun palaklari chiqib qolardi. Albatta, bitta-ikkita burishgan, tirishgan tuynak boʻlardi. Ammo uni yorib yesangiz, mazasi... tilni yoradi. E, azizim, menga — bir faqir studentga shunday tuyulgan-da! Boʻlmasa ichi tushgan, ayniy boshlagan tarrakning nimasi shirin? Balli, odam degan munday injiq boʻlmaydi: boriga qanoat qilish kerak...

Terimda esa, hamma vaqt qorningiz toʻygan qoʻzining qorniday boʻlmasligi oʻzingizga ma’lum... Bir tuyur goʻshtu makaron solinib qaynatilgan shoʻlan-shoʻrva mana shunday... joningizga tegib ketadi: rahmat.

Hozir paxtani yomonlash, uning mehnatini olamdagi eng ogʻir mehnat deb atash modada. Bir hisobda, haqiqatdan ham, shunday. Biroq, terim paytidagi romantika!

Tonglarni eslang! Tuprogʻi nam tortgan soʻqmoqlarni. Yiroqda arava yoʻldan koʻtarilgan changni ufkdan endi bosh koʻtarayotgan quyosh yogʻdulariga yoʻgʻrilib, zarrin bir toʻzonga aylanib turishlarini eslang! Buning ustiga, oʻsha paytda: «Eng ulugʻ ishni men qilyapman! Oʻzbekning milliy iftixori uchun kurashyapman!» deb oʻylab tursangiz. Bitta oʻrtogʻingiz oʻyinqaroqlik qilib, kamroq paxta tersa, koʻzingizga yov boʻlib koʻrinsa...

Bitta goʻzal, nozik qiz ipakdek barmoqlari chanoqlarga tilinib, qoni chiqib, doka bilan bogʻlab olib, endi zoʻrgʻa terayotganini koʻrsangiz: «E, shaharlik oyimqiz! Soyapar-da, soyapar!» deb ichdan haqorat qilar edingiz!

Ha-da, avvalo, oʻzim haqimda gapiryapman! Yo hikoyamni tugatib qoʻya qolaymi? Mayli...

Rasvo boʻlib, shalabbo boʻlib yotoqqa yetib keldim. Ertasi saharlab turish kerak, terimga chiqish kerak. Yomgʻir, qor — paxtaning oldida kapeyka!

Kiyim-boshni yuvib, pechga tutib sal-pal quritdim. Keyin bir dono oʻrtoqning maslahati bilan: «Toʻshakda qurib qoladi», deb kiyib yotdik. Ertasi rasvogarchilik.
— Juda nozik ekansiz-da, shoir, — dedi Oʻrmon aka.

Nozik, xayolparast odamlarni «shoir» deb atash oʻshanda rasm boʻla boshlagan edi. Qandaydir redaktsiya xodimidan chiqqan deyishadi bu gapni... Bizning tarix-arxeologiya gruppamizdagi studentlar orasidayam redaktsiyalar bilan yaqin yigitlar bor edi. Kamina ham redaktsiyalar bilan bogʻliq gaplarga qiziqardim.

Men kecha «anavi qizlar» yotogʻidan kelayotganimda loyga belanganimni ayta boshlagandim, Azimjon aka dakki berdi:
— Ayrilganni ayiq yer, boʻlinganni — boʻri! Siz ketvoribsiz! Biz rosa izladik.
— E, u joy oʻzi...

Saparboy — haligi qoraqalpoq yigit menga yaqin edi. Kim biladi, Surxondagi ayrim elatlarni oʻzlariga yaqin olishadimi, deb oʻylardim. Endi albatta bu narsani yaxshi bilamiz... Oʻshanda shunchaki doʻst, hamfikr edik. Shu yigit:
— Qol, sen uchun ikki fartuk paxta terib beraman, — dedi.

Ikki fartuk paxta — bu olamjahon mehnat! Bu — kamida ikki-uch ming marta egilib-koʻtarilish degani. Yana qancha mashaqqati bor... Koʻnglim buzilib, unga nima minnatdorchilik bildirishni bilmay qoldim. Boshim aylanar, ichim oʻz-oʻzidan yonib ketayotgandek edi. Azimjon aka ham peshonamga qoʻl qoʻyib:
— Qoling. Mumkin emas. Jon ham kerak, — dedi.

Qarang, odamlar qanday realist.

Qoldim. Bolalar ketishdi. Uyda yotib qolgan bemor uchun ham shart shu edi: u yoq-bu yoqni supurib-sidirib qoʻyishi kerak. Biratoʻla qutulay deb uyni supurdim. Ayvonlarniyam tozaladim. Axlatni imorat orqasiga oʻtkazib toʻkib qaytayotgan edim, bir manzarani koʻrib qoldim.

Joʻxoripoya chetida, yovvoyi supurgi panasida bitta oʻn-oʻn bir yoshlardagi bolakay qoʻlchalarini tizzasiga tirab nari tomonga qarayapti. U yoqda boʻlsa, paxsa devorga taqab toʻkilgan somon ostida bir sariq it yotibdi.

Men ham qiziqib, bolaning yoniga bordim. Shunda it gʻingshib, sapchib turdi-da, devordan oshib oʻtdi. Saldan soʻng mushtdek kuchukvachchani tishlab, buyoqqa sakrab oʻtdi. Yerga qoʻyib yaladi. Yana yotdi.
— Qiziq-a? — dedim.

Bolakay choʻchib tushdi. Aft-basharasi kir, telpagining qulogʻi peshonasiga tushgan edi.
— Ha, — dedi u tashvish bilan. — Bu yer koʻcha, opketishadi bolalar... Men bolasini hovliga oʻtkazib qoʻyaman, bu uyasiga olib oʻtadi. U yoq yaxshi-ku?

Men xoʻrsindim.
— Ming qilsayam oʻzining uyi-da... Sen kimning oʻgʻlisan?

Odamzod qiziq-da, a? Uning kimga oʻgʻil boʻlishini menga nima ahamiyati bor deng?
— Botir choʻponni, — dedi.
— Ha-a, ordeni bormi?
— Yoʻq. — U gʻamgin tortib qoldi. — Eshimboyning ordeni bor. Lekin qoʻyi kam...

Ana, yosh bolalar ham oʻsha maxinatsiyalarni bilardi.
— Hechqisi yoʻq, — dedim. — Seni otang ham oladi. Botirboy zoʻr choʻpon! A, uylaring shu devor orqasidagimi?
— Ye-e! — dedi u ustimdan kulganday. — Ana-ku! Sizga otam ituzum berganda, men derazadan qarab turib edim... Yana kerakmi? Koʻzingiz yoshlanib ketyapti!
— Yoʻq. Ituzum bor, — dedim. — Aka-ukalaring ham bormi?
— Ukam oʻldi. Doya kampir chala tugʻilgan, dedi. Oʻldi. Koʻmib keldik. Kichkina edi.
— Attang, — dedim.

Shu yerga kelib joylashgandan beri haligi ayol bilan erining yashash sharoiti, yotish-turishini ham koʻrib turardim: ayol tong otmasdan uygʻonardi: sigir sogʻadi, erini kuzatadi, keyin oʻrmak toʻqiydi... Kun koʻtarilaverganda, ariqning u betidagi paxtazorga tushadi: kechgacha bir qopni tikka qilib qoʻyadi. Kechasi ham allamahalgacha ularning kulbasidagi yolgʻiz derazadan ariq boʻyiga nur tushib turardi.

Oʻrmon aka bilan Azimjon aka, tagʻin uch-toʻrt bolalar ularning choyini ichib chiqqan, bir-ikki marta ovqatlarigayam sherik boʻlgandi.

Shu narsalarni oʻylab: «Ishi ogʻir, bola tashlagandir-da», deb oʻyladim.

Bilasizmi, ey qadrdon, koʻzimiz ochiq boʻlgani bilan ojiz ekanmiz-da: siz ham shunday gʻarib kulbalarda yashayotgan dehqonni, paxtakorni koʻrgansiz. Albatta... Lekin buni tan olmas edik-a? Qanday ablah ekanmiz!

Tavba, buni tan olishdan uyalar edik. Birovlardan ham yashirar edik.

Shoshmang-shoshmang, bu yerda gap bor: bu narsa — faqat qoʻrquvdan deb oʻylaysizmi?

Gumonim bor. Bechora oʻzbekni bilasiz-ku: oʻzi yemasdan mehmonga tutadi...

Kambagʻalligini yashiradi. Qiziq-a? Holbuki kambagʻal odam oʻz holatiga koʻnikkan boʻladi. Yashirmaydi. Biznikilar negadir... Xuddi juda boy edi-yu, birdan kambagʻal boʻlib qolganday: shuning uchun oʻkinch bilan buni yashirishga intilayotganday tuyuladi menga... Balki boshqa — bizning aqlimiz yetmaydigan sabablar bordir?

Bolaning ismi Abduqodir ekan.

Birga-birga ayvonga keldik.
— Itga tegma, — dedim. — Senga oʻzingning uying yaxshi, unga oʻziniki yaxshi.
— Bu yerdan yomon bolalar oʻgʻirlab ketadi. Sotadi, — dedi Abduqodir.
— Kimga sotadi?
— Sotadi-da... Bitta gektarchi karis oltita kuchukni sotib olib ketgandi.
— Oʻqiysanmi?
— Beshinchida... Tushdan keyin maktabga boramiz. Hey keyinroq koʻrak chuviymiz.
— Oʻqish nima boʻladi?
— Toʻxtaydi! — deb kuldi u. — Kelasi yildan paxtaga chiqamiz!.. Men hozir ham paxta teraman. Opamga terishaman... Kitob? Oʻqiyman. «Robinzon Kruzo» bor. Bitta felsher tashlab ketgan. Oʻtgan yili... Ukamni koʻrgani kelgandi... Men yigʻladim. Keyin shu kitobni berdi. Yaxshi kitob!

Azizim, men ham xuddi shu bolakayning yoshida oʻqigan edim oʻsha kitobni. Siz ham...

Biografiyamiz qanchalar yaqin-a?

Hikoyamni choʻzib yuboryapmanmi? Shoshib qaerga borasiz, qadrdon? Goho miriqib gaplashib, oʻylashib olish ham kerak-ku? Oʻsha damlarni qaytadan yashab, a?

U xotiralar odamning yuragini tozalaydi. Shundoq ham fisqu-fujurga, keraksiz koni ziyon oʻylarga toʻlib ketgan bu koʻkrak... Sigaretdan cheking.

Shunday qilib, Abduqodir bilan joʻra boʻlib qoldik.

Tutzor ortidagi barakda qizlarimiz ham turardi. Ulardan ham ikkitasi kasal boʻlgan ekan, doktor keldi. Meniyam koʻrib, analgin-panalgin deganlaridan berib ketdi.

Uch kun qattiq yotdim.

Toʻrtinchi kun edi, shekilli, ayvonga chiqayotsam, Botir choʻpon bitta tarvuzni qoʻltiqlab pastga tushib ketdi. Shu kuni tushdan keyin, havo ochilib, kun yana qizidi.

Kechga tomon yana uyni supurib boʻlib, ayvonda ustun tagida choʻnqayib oʻtirgandim. Abduqodir yarim palla tarvuzni koʻtarib, pishnab chiqib kela boshladi.

Oʻzi bitta tarvuz olib tushishgan edi...
— Sizga. Yeng, — dedi. — Otam berdilar. Opam, yesin dedilar... Keyin kechqurun uyga kirar ekansiz.
— Yemayman. Rahmat. Qornim toʻq, — dedim.
— Yoʻq. Yeysiz! — dedi u men bilan urishadiganday. — Siz kasal. Bu tarvuz yaxpsh ekan.
— Yemayman.

Abduqodir turdi-turdi-da, tarvuzni shartta yerga qoʻyib, chopib tushib ketdi.

Bolalar terimdan qaytgach, haqiqatdan ham Botir choʻpon chiqib kelib, bizlarni uyiga aytdi:
— Kelinglar, ukalar. Bir osham osh qilgan edik. Sizlarga rahmat. Bu yerda ota-onalaring yoʻq...
— E, uyingizga sigʻmaymiz-ku? — dedi Oʻrmon aka.
— Koʻngil keng boʻlsa, bemalol sigʻishamiz, — dedi choʻpon. — Tushinglar.
— Biz axir yigirma kishi!
— Boʻlmasam, yigitlar, oʻntamiz bugun mehmon boʻlamiz. Oʻntamiz keyin! — dedi Oʻrmon aka.

Meni qoʻymay olib bordilar.

Toʻrt kishi zoʻrgʻa sigʻadigan xona edi. Burchakda gʻishtin pech. Oqlangan. Lekin choyning dogʻi, yogʻ toʻkilgan. Yerga ikki qavat palos solingan. Toʻrda bir taxmon yuk. Ensiz-ensiz koʻrpachalar solingan. Tiqilishib oʻrnashdik.

Botir choʻpon iljayib, quvonib dasturxon yozdi. Qoʻsh-qoʻsh yopgan non qoʻydi. Bir taqsimcha oq qandni sochib tashladi. Keyin ikki hovuch jiyda bilan mayiz ham sochdi. Keyin kattakon xum choynakka koʻk choy damladi.

Ikki tovoq palov hash-pash deguncha yoʻq boʻldi. Keyin bosib-bosib choy icha boshlashdi.

Men... qanday oʻtirganimni bilmas edim. Kasallikdan tuzalmaganim, injiqlik ham sababdir... Lekin bir burda non yeyishga istihola qilardim.

Bu oila — kambagʻal oila edi.
— Ha, paxtalar ham oyoqlab qoldi... Qani, bu yashash qalay endi? — dedi Oʻrmon aka. — Yigʻayapsizlar deyman-a? Ha-ha-ha! Oʻzbekning odati shu-da: bolamga boʻlsin, deydi...
— Ha, endi bizning otalar ham qilgan-da, — dedi Botir choʻpon. — Opangizga uylantirib qoʻyishdi. Elni oldidan oʻtdik. Toʻy deganday, xarajati bor-da...
— Lekin bizni aldashyapti, choʻpon aka! Kunlik meh-natimiz ovqatimizni qoplamaydi. Bir kiloga oʻn tiyin toʻlaydi. Hozir oʻn kilo terish oʻlimdan qiyin.
— Ha, endi chidaymiz-da, ogʻajon. Oʻzimizni paxta, oʻzimizni hukumat.
— Hey, tushunmay qolaman-da, bu ishlarni!

Ayol meni kuzatib turgan ekan.
— Shu ukamiz hech narsa tatimadi-da, — deb qoldi. — Yo bizni pisand qilmayaptilarmi?
— E, nimaga... — Olovim chiqib ketdi. — Oʻzim shu...
— He, ishtahasi yoʻkdir-da, — dedi Oʻrmonjon aka. — Boʻlmasa ovqatdan ham tortinadimi odam!
— Ha, ishtaham yoʻqroq... — dedim.

Tezroq chiqib ketgim kelardi. Oʻrmon akaning gaplari, soʻroqlari jonimga tekkan edi... Nima? E, qadrdon, meni nahot tushunmaydi deb oʻylaysiz? Ha-ha! Oʻrmonjon akayam oʻzicha haq edi... Masalaning boshqa tomoni ham bor: biz oʻzimiz ham qornimiz toʻyib yashamasdik. Bittasi yarim kilo qand obkelgan boʻlsa, boshqa bittasi oʻgʻirlardi, birovning kosasidagi goʻshtni birov... Aytishga til bormaydi. Tutab ketasan, kishi.

Nima qilishim kerak boʻlmasa? Xadeb qoʻl uzataveraimi? Qoʻying bu gaplarni.

Ogʻa! Oʻsha sharoitda siz ham mendan oʻzgacha tutmasdingiz oʻzingizni!

Shu-shu, bularning uyiga qayta kirmadim. Choʻpon gapiradi, xotini aytadi, oʻgʻli chaqiradi. «Xoʻp» deyman. Paysalga solaman.

Ularning kulbasiga kun ora kirib chiqadigan, dasturxonini quritadigan bolalar koʻzimga yomon koʻrinib qoldi. Asta-sekin ular bilan ham hamdardlikni uza boshladim.

Shunda, siz tasavvur ham qilolmaydigan bir voqea sodir boʻldi.

Surunkasiga yomgʻir quya boshladi. Ikki kun ovqatsiz qoldik. Shundoq ham koʻp bolalar qarzdor boʻlishgan edi.

Asta-sekin elchilarimiz qishloq koʻchalarida izgʻiydigan odat chiqarishdi: kechasi bir mahalda oʻntalab, oʻn beshtalab qovun-tarvuz koʻtarib kelishadi.

Ertasi shtabda janjal: kimdir hovlisiga oʻgʻri tushganini aytib shikoyat qilib kelgan...

Ana, oʻgʻrilikkayam oʻrgana boshladik.

Ammo eng katta oʻgʻirlik... Kechasi dovul boʻldi. Bir payt eshik qattiq ochilib, shalabbo boʻlgan Botir choʻpon koʻrindi.
— Mollar chiqib qochdi! Yordam beringlar!

Qoʻy-echkilarni nima hurkitgan — bilmay qoldim.

Boshqalar qatori chiqib, izlab ketdik. Qishloq koʻchalarda deng, it koʻp. Balki boʻri oralagandir? Yomgʻir boʻlsa chelaklab quyayapti... E, koʻp izladik. Dabdalamiz chiqib, qoʻy-echkilarning bir boʻlagini paxtazordan, besh-oltitasini koʻchadan, ayrim xonadonlardan topib keldik.

Choʻpon eshik ogʻzida fonar yoqib, koʻzlari javdirab turibdi. Nuqul rahmat deydi. Ayol alqaydi. Oʻgʻilchasi xursand... Lekin bitta qoʻzi topilmagan edi.
— Uni oʻzim topaman. Sizlar dam olinglar endi... Topsam, oʻzimning ikki qoʻyimdan bittasini soʻyib, qovurib beraman sizlarga, — dedi Botir choʻpon.
— Shunday qiling-e, bir goʻshtga toʻyaylik, aka! — dedi Oʻrmon aka.

Biz yotoqqa qaytdik. Endi... yana burnim bitdi desam, sizniyam gʻashingiz keladi.

Mayli, bunday deyin: shu kecha besh-oltita yigit ham qattiq shamollagan ekan.

Soat ikkimidi-uchmidi, nafasim qaytib, uygʻonib ketdim. Eshik qiya ochiq, gʻuvillab shamol kirayotgan ekan. Tagidan tortdim, yana ochildi. Tob tashlaganmi, nima balo. Irgʻib turib tutqichdan ushlaganimni bilaman, birov eshikni naryoqqa tortdi. Men buyoqqa. Qoʻrqdim. Keyin lang ochib yuborgandim, Azimjon aka turgan ekan.
— E-e! Baqqa ke. Ustingga bir narsa il, — dedi u kishi.

Choponni yelkaga tashlab chiqsam, ustun yonida Oʻrmon aka, Mirzagʻolib degan polvon yigit ham turishibdi.

Mirzagʻolibning ham yoshi mendan ulugʻ, «Rais» degan laqabi bor, oʻzi ehtiyotkor, «qirqoyoq kiradi» deb, kechasi qulogʻiga paxta tiqib yotadi.

Azimjon aka eshikni zichladi-da:
— Yur. Gap bor. Boʻlgan ish boʻldi... Sen shoʻrlik ham bir maza qil, — dedi.
— Lekin guldurgup, — dedi Oʻrmonjon aka.

Ularga ergashib, yoʻlga chiqdim. Oʻrmonjon aka oldinga tushdi. Yomgʻir tingan, ammo sovuq kunlardan darak beradigan shamol esar, u ust kiyimlarimiz oʻngirlarini ochar, bagʻrimizga oʻzini urar edi. Endi itlarning tovushi ham oʻchgan.

Biz yoʻl yoqasidan orqaga — qishloqqa bizni olib kelgan «tomon»ga ketardik.

Ancha yoʻl yurib qoʻydik. Dimogʻim ham ochildi ancha. Bir-ikki marta:
— Qayoqqa boryapmiz oʻzi? — deb soʻradim.

Ular aytishmadi. Keyin boʻlsa... Xursand boʻlib ketdim... ha, zimziyo tunda qandaydir sirli ish bilan qayoqqadir ildamlab ketishning ham zavqi bor-da!

He, qishloq orqada qolib ketdi... Boshda aytganim — qiyoqlar bogʻ-bogʻ qilib yerga oʻtqazib qoʻyilganday ajriqzorga yetib keldik. Bu tomonda bir-ikkita it uchradi, qochib ketishdi.

Biz Oʻrmonjon akaning orqasidan boryapmiz. Ayrim joylardagi qamishlar yondirilgan ekan: namiqqan kulning hidi anqiydi. Namchil yer gʻij-gʻij etadi.

Alqissa, qamishlar odam boʻyi oʻsgan, jangalga oʻxshash yerga borib qoldik. Shunda bir qoʻzichoqning ojiz ma’raganini eshitdim. Ammo hali gap nimadaligini, bu safardan murod neligini bilmasdim. Oqibat, qamishlarga oraladik va Oʻrmonjon aka qoʻl fonarini yoqdi. Zumdan keyin biz toʻrtovlon oyoqlari kuliklab bogʻlab, yotqizib qoʻyilgan qoragina, jiqqa hoʻl boʻlgan, koʻzlari yiltirab zoʻrgʻa ovoz chiqarayotgan qoʻzichoq tepasida turardik.
— Xayriyat, — dedi Oʻrmonjon aka. — Men daydi itlardan qoʻrqqan edim... Ergashvoy, chorvani bilasan, it ham qoʻzichoqlarni yeyishi mumkin-a?
— Shunday voqealar boʻladi, — dedim. — Lekin, bu kimning qoʻzisi?
— Bizniki... Bizniki endi. Mirzagʻolib, boshlang endi! Mana, mening pichogʻim oʻtkir. Lekin suyakka urmang.

Juda joʻn ekanman deyman-da!
— Vey, shuni soʻyasizlarmi? — depman.
— Bor. Hey u yerdan yoʻlga qarab tur!
— Yoʻq, axir bu kimniki? Balki kolxozniki, balki... E? Botir akaning yoʻqolgan qoʻzisi emasmi?
— Obbo, senga nima deyapman! — deya Oʻrmonjon aka yelkamdan ushlab orqaga burdi. — Bor-da endi! Kolxozning yonini oladiganni koʻrdik! Kolxoz... Padariga la’nat! Bizni ochdan oʻldiradi! Botir ham bir qoʻzidan ayrilsa, ochdan oʻladigan kimsa emas!
— Axir, insoflaring...

Shu gap bilan bu yigitlar tarbiyalanib qolarmidi? Yoʻq! Men oʻshanda faqat nafratlanar, nochorlikdan figʻon chekar edim.

Toʻgʻri, qishloq tomonga bir-ikki qadam bosdim. Lekin chamasi, kursdoshlar orasida yolgʻizlanib qolish, ming bir ta’nalarni eshitishdan ham qoʻrkdim, shekilli.

Bundan tashqari, anglab olmagan esam-da, bu yigitlar toʻqlikka shoʻxlik qilmayotganlarini ham tushunib turardimki, garchi bu hol ularni oqlashga tirnoqcha asos boʻlmasa ham, koʻnglimga tasalli, oʻz-oʻzini aldash deysizmi — shularning biri edi.

Xullas, men oʻsha qoʻzining goʻshtidan bir boʻlak yemagan esam-da, baribir oʻgʻirlikka sherik boʻlgan edim.

Oʻrmonjon akayam, Azimjon akayam bir haftalargacha mendan xavfsirab ola qarab yurishdi.

Men ular bilan gaplashmay qoʻygandim, xolos.

Nima dedingiz?

Ha, oʻsha yerda soʻyishdi, Mirzagʻolib soʻydi. Hash-pash deguncha terisini pshlib, kalla-pochasini otvorishdi. Keyin bir toʻp qamishni yondirib, qoʻriga jigarini pishirib yeyishdi.

Yemadim dedim-ku. Oʻzimni ishtahasi yoʻqqa urdim-da... Juda boʻlmagandan keyin: «Hammalaringdan jirkanaman!» deb chetga chiqdim. Keyin kutdim.

Be-e, choʻponga borib siz ham aytmasdingiz. Keyin ketdim. Yotoqqa kirib yotdim...

Nuqul yigʻlagim keladi, ukkagʻar. Botir akaga, ayoliga achinardim. Keyin, yigitlarimizgayam achindim... Ha! Ular qachon kirib yotishganini bilmayman. Biroq uch-toʻrt kun goʻsht qovurib yeyishdi. Yoʻq... Qizlar yotogʻida yeyishdi. Endi, ular ham jannatda emas edilar-da, qadrdon.

Siz yozuvchilar, injiq odamsizlar. Yaxshi odam deganda, albatta sutdek oq, musichadek beozor odamni tushunasizlar. Holbuki, unaqalar hayotda yoʻq: undaylar, menimcha, gʻoya... xolos. Ha-ha-ha. Sizning gapingiz ham «Kommunistik jamiyat odamining axloq kodeksi»ga oʻxshab ketadi.

Kodeks chiqdimi, demak, bas, odamlar unga amal qiladi: risoladagidek boʻladi, deb hisoblashadi ba’zilar. Bular — chipuxa gaplar.

Kunlar oʻtdi.

Qor uchqunlay boshladi... Bizning, oʻzingiz bilgan togʻlarda bunday paytlar izgʻishlarimiz, sayru sayohatlar — endi ertak edi. Biz sovukda tors-tors yorilgan koʻsaklarning paxtasini suvga ivitib olgandek sugʻurib olardik.

Ha, ikki kishi arqon bilan gʻoʻzalarning bir chetdan surib, qorini tushirardi. Keyin diqillab egatga kirardik. «Oq oltin»ni terardik. Bu qurmagʻur «oq oltin» etakka tushgach, tugilib, mushtdek boʻlib qolardi. Jiqqa hoʻl-da.

A? Qanday qilib quritib topshirishlarini bilmayman. Lekin bir-ikki xonada uyulib, sasib yotganini koʻrganman.

Keyin koʻsak terish boshlandi.

Endi, bizning qadrdonlar — Oʻrmonjon aka, Azimjon aka, Mirzagʻolib, tagʻin ularning safdoshlari — bari sal sovuq oʻtdi deguncha, yo vaqtida bak qaynamasa, Botir choʻponning kulbasiga kirib tiqilib olishardi.

Choʻpon bilan xotini esa... xursand!

Biz endi yakkamoxov boʻlib qolgandik. Yoʻq, sira kirmadim. Qanday qilib kiraman!

Bu yogʻiga quloq soling.

Qaytadigan boʻldik. Oʻzingiz bilasiz, bunday kunni hech bir oʻqituvchi, brigadir aytmaydi... Negaligini hamon tushunmayman. Balki terimdan sovub qoladi, deb oʻylashadimi.

Lekin, kulgili joyi shundaki, bolalar baribir bilishadi. Botir choʻpon ham bilgan ekan. Erta joʻnaydigan kunimiz oʻzlari xotinlari bilan kelib qoldilar. Yotoqqa... Men qandaydir xavotirga tushgan boʻlsam kerak, har holda.
— Assalom alaykum, kelinglar, mehmonlar! — deb yubordi Oʻrmon aka.

Azimjon akayam bolalarga toʻshakcha solishni buyurdi. Botir choʻpon qulluq qilib, xuddi kirib oʻtirmasa— biz u dunyo-bu dunyo yuz koʻrmas boʻladigandek, ta’zimlar bilan yana uyiga aytdi:
— Shu, labz ekan, ukalar... Tilga olib qoʻyib edik. Bitta qon chiqaramiz deb... Shunga qadam ranjida qilsangizlar. Mana, opalaring ham iltimos qilyapti, — dedi.

Men tamom boʻldim.
— E, qandoq boʻlarkan... — dedi Oʻrmonjon aka. — Qoʻzingiz topilsa, boshqa gap edi...
— Ha, oʻsha kecha biz ham yaxshi izlamagan koʻrinamiz, — dedi Azimjon aka ham. — Andak xijolatdamiz.
— E, ogʻalarim-ey, — deb kuldi choʻpon. — Biz xijolatda edik. Ishonasizlarmi, biz?.. Endi, gapni koʻp chuvaltirmaylik, ukalar. Qoʻzi topildi hisob. A, xotin? He, Shoditoʻqaydan topdik. Ul-bulni... Oʻzimiz tusmollagan edik daydi itlarga yem boʻlgan-ov, deb... Endi bizni xursand qilamiz desanglar, ketar jafosiga bir mehmonimiz boʻlasizlar...

Keyin, oʻzlari ham endi terimga chiqmasliklarini, faqat gʻoʻzapoya yulishlari va uyda oʻtirib, koʻsak chuvishlarini aytdi.
— Qishlogʻimizda ikkita grek bor, — dedi xotini keyin. — Bir chelak haligiday suvdan ham oldik.

Hayronmisiz, qadrdon? Men ham hayronman! Albatta.

Shu kechasi bir mahalgacha kulbada oʻyin-kulgi qilib oʻtirishdilar. Tashqarida ham davom etdi. Men oʻzimni uxlaganga solib yotar edim. Yigitlar kelib, chiroqni yoqishgach, men toʻgʻrimda toʻngʻillay-toʻngʻillay, oʻtirishdi.

Koʻpchiligining kayfi bor edi. Kayfdagi odamning gapiga ishonish qiyin-u, lekin... ha-ha, oʻsha, xuddi oʻylagan gapingiz boʻldi: pushaymonlik... E, biri qoʻyib, biri oladi, biri qoʻyib, biri...

Chamasi, hammasining ogʻzi tekkan ekan oʻsha goʻshtga.

Azimjon akaning bir nidosi yodimda qoldi:
— Biz ablahmiz! — dedi ingrab. — Koʻra-bila turib ablahlik qilamiz. Biz qanaqasiga oʻzbekmiz-a? Ana ularni oʻzbek desa boʻladi. Nima deding, Oʻrmonjon?
— Biz ancha buzilganmiz, — deb poʻngʻilladi Oʻrmon aka. — Lekin hayotning oʻziyam majbur qiladi-da, kishini.
— Ularni majbur qilmayapti-ku?
— Nimaga?
— Shu, endi... Balki pul yigʻib berarmiz-a?
— Boʻlsa!

Keyin yana men haqimda gapirishdi. Bittasi, ovozidan bilolmadim, tik turgancha:
— Shu Ergashvoyning ichiga tepsang-da — dedi. — Koʻzimga itdan battar koʻrinyapti... Endi, bir umr kulib yuradi bizdan, yaramas. Yovvoyi...
— Parvo qilma, — dedi Oʻrmonjon aka. — Bunaqalar hayotda boʻladi...

Men bu hikoyani oʻzimni maqtash uchun aytmayapman. U yogʻini soʻrasangiz, hozir ulardan ham beshbattar boʻlganman: haqqimni yedirmayman. Har qanaqa avtoritetni odam demayman... Shu-shu. Hozir hammamizning koʻzimiz ochilib qolgan...

Ha, ertasi... laylak qor yogʻib turardi. Xuddi togʻlarda yogʻadigandek!

Koʻchada avtobuslar tizilib ketgan. Yigitlarning boshi osmonda. Nihoyat, universitet auditoriyalariga qaytishadi!

Ayvonda turgandim. Xaltam yonimda. Shu Botir choʻpon bilan xotiniga bir yaxshi gap, minnatdorchilik bildirgim kelardi. Men ularni juda yaxshi koʻrib qolgandim-da!

Ha, kelib qolishdi.
— Xush koʻrdik! Sizlarga ming-ming rahmat, Oʻrmonjon! — dedi Botir choʻpon. — Azimjon, sizgayam...

Hammalaringizga. Qaranglar, bir mayizni qirq boʻlib yeganday yashadinglar... Sizlarning qadringizga yetolmadik biz.

U kishi hamma bilan qoʻl berib xayrlashdi-da, menga qolganda, burilib ketdi. Shunda ayoli ham xoʻshlasha boshladi. Qadoq qoʻllarining uchini berib xoʻshlasha-xoʻshlasha menga yetganda, uyam burilib ketdi.

Men titrab-qaqshab ularning oldiga bordim.
— Botir aka, opa... men sizlarni juda yaxshi koʻraman, — dedim. — Xafa boʻlmangizlar.
— Yoʻq, siz bizni yaxshi koʻrmaysiz, — dedi xotini. — Boshdan yomon koʻrib edingiz.
— Rost, uka. Pisand qilmadingiz bizni, — dedi shunda choʻpon ham. — Anavi yigitlar boshqacha...
— Axir men sizlarni juda-juda hurmat qilaman.
— Bekor gap, — dedi ayol.
— Ha, — dedi eri.

Abduqodir menga yotsirab qarab turardi.
— Shunaqa.

Xoʻsh, bu yerda nimani koʻrding, nima xulosaga kelding, deb soʻrarsiz?

Men bu yerda... oddiy-jaydari, sodda oʻzbekning kengligi, toʻporiligini koʻrdim.

Ishonasizmi, avtobusga oʻtirganimdan keyin sovuq oynadan laylakqorga qarab yigʻlar edim: ana shu oʻzbeklarning bagʻri kengligi uchun, ne-ne qiyinchiliklarga, faqirlikka qaramay, fe’li tor boʻlmagan, ajib-afsonaviy mehmondoʻstligi instinkt kabi mavjud qolgani uchun... ichimda, ich-ichimdan quvonib yigʻlardim.

Uzr, suhbatimiz «oʻzbek xarakteri» haqida edi. Sizlar aytgan zoʻr-zoʻr hikoyalardayam haqiqat bor. Ammo mening bu joʻngina, oddiygina hikoyam — koʻnglimdan oʻtgan narsa edi, azizim. Shuning uchun buning menga ta’siri mutlaqo boʻlakcha.

1988