OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Shukur Xolmirzayev. Odam (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiOdam (falsafiy hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Odam (falsafiy hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Rahima endi chelagini suvga botirgan edi, orqasidan birov chaqirdi.

Rahima chelagini suv boʻyiga qoʻyib, oʻtov oldida turgan Xosiyat opaning yoniga bordi.
— Buyoqqa kir, bir nimani koʻrsataman. Shahardan opchiqishipti!

Rahima uning ortidan oʻtovga kirdi-yu, taxmon qoshida tik turgan yigitni koʻrib, ketiga tislandi. Xosiyat opa uning yoʻlini toʻsdi:
— Satilingni opqoʻyaman, bermayman!
— Qoching!

Rahima uni itarib yuborib, tashqariga otildi. Chelagining suvini yarim qilib, sohilga chiqib oldi va soy boʻyidagi oʻtovga nafrat bilan qaradi.

Shu kecha uning onasi qazo qildi, oʻlim oldida nevara-chevarasigacha yoniga chaqirib, ulardan rozi-rizolik oldi. «Mendan yaxshilik oʻtgan boʻlsa, unutmanglar. Yomonlik oʻtgan boʻlsa, esdan chiqaringlar. Rostgoʻy, mard, halol boʻlinglar!» — dedi. Soʻng Rahimaga tikilib:
— Bolam, Shodmon shahardan kelgan, — deya entikdi. — Seni deb kelgan. Xosiyat opangni uyiga qoʻngan. Ota-onasiz yetim bola. Oʻzimizdan. Seni oʻshanga bermoqchiydim.

Keyin, yil oʻtgach, Rahimani Shodmon polvonga uza-tishni katta qizlariga tayinlab, koʻz yumdi.

... Yil oʻtib, Rahima Shodmon polvonga xotin boʻldi, uni shaharga tushirib ketdilar.

Shodmon shoʻx, charmgarning beva kelini bilan bordi-keldisi bor ekan. Rahima buni qoʻshni ayoldan eshitib, bir oqshom poyladi va eri devordan oshayotganda, oyogʻidan tortib yiqitdi. Polvon uni bir urib, shaytonlatib qoʻydi. Shunda Rahimaning chap qoʻli sindi. Lekin keyin Shodmon ham bu yurishlarini bas qildi.

Oradan toʻrt yil oʻtdi. «Inqilob boʻlarmish, bek-bekzodalar yoʻq boʻlarmish» degan xabarlar tarqala boshladi. Shodmon oʻshanda yurtdosh polvonlar bilan Afgʻonistonga ketgan edi. Bir haftadan keyin uyokda yiqitgan polvonlari haqqi — bir tuya mol bilan qaytib keldi va uch kun yotib, tirnoqlari koʻkardi, togʻday odam mushtdek boʻlib tirishib qoldi, oʻldi.

Rahima kelin... beva qoldi.

Ikki yildan keyin bozorning farroshi unga odam qoʻydi. Rahima: «Polvon meni qulflab ketgan, kaliti oʻzida», deb sovchilarni qaytardi. Ular tagʻin kelishgan edi, ariq ichida yotgan kaltakni olib boshiga koʻtardi: «Tinch qoʻyasanlarmi, yoʻqmi? Qoʻy, uchta yetimchani boqay!»

Shodmon polvondan uchta farzand qolgan, kattasi bilan kenjasi qiz, oʻrtanchasi oʻgʻil edi.

Bir kuni guzarda «qizillar kelyapti» degan ovoza tarqalib, odamlar togʻlarga qocha boshlashdi. Rahima ham bolalarini olib, yoʻlga tushdi: xurjunning bir koʻzida non, sapcha, tut mayiz, tolqon. Ikkinchi koʻzida kenja qizi Tursunoy.

Togʻda qochqinlikda bir yil yashadi, oʻsha yili qish qattiq kelib, chap oyogʻini sovuqqa oldirdi — shishib ketdi. Bahorda yana shahardan yangi xabarlar kela boshladi: «Qizillar» ham oʻzimiznikilar ekan. Musulmonobodlik boʻpti... Omonlik-omonlik!»

Rahima jonidan toʻyib yurgan edi, shaharga joʻnagan birinchilar qatorida yoʻlga chikdi.

...Shahar vayron boʻlgan, chet-chetdagi gumbazlar yi-qilgan, devorlar qulagan, lekin tinch, sokin edi. Bodomlar gullab turardi.

Uch oy oʻtib, kolxoz tuzildi.

Rahima el qatori kolxozga kirdi va uning faol a’zosiga aylandi. Gʻalla oʻrimi mahallarida Adolat bilan Abdurahimni ham olib chiqar, ular mashoq terishar edi.

Kenjasi togʻda... ochlikdan oʻlib ketgan.

Bu vaqtda Adolat maktabga qatnar, Abdurahim ham dastyor boʻlib qolgan edi.

Yillar oʻtdi... Rahima endi oʻtgan kunlarini, qizligi, shaharga tushgani, eri, uni poylaganlarini tushdagidek eslar, endi oʻsha kunlar ham unga qiziq, ajib koʻrinar edi.

Urush! Urush!..

Adolatni raykomga ishga olishdi, Abdurahim frontga ketdi. Uning ayoli bilan ikkita farzandi qoldi.

Bir yil oʻtib Abdurahimdan qoraxat keldi, saldan soʻng uning yosh xotini ikki bolasini ham Rahima opaga tashlab, chiqib ketdi. Endi Adolat ham bitta oʻgʻlini uyda qoldirib, dashtma-dasht yurar, erkaklarning ishini qilardi.

Urush tugadi, yana tinchlik, omonlik boʻldi.

Endi Rahima buvi urush yillaridagi kunlarni xotirlar, u kunlar koʻz oldidan tushdek oʻtar ekan, kelinini olti oy oʻtirmay er qilib ketgani uchun hamon kechira olmas, oʻshanda kunlariga yaragan ola sigirni oʻkinch bilan eslardi, sigir sutdan qolgach, soʻyishgandi.

Tagʻin yillar oʻtdi. Uch nevaradan biri institutni bitirib, agronom boʻlib qaytdi. Biri novvoy, biri olis shaharda uylanib qoldi.

Rahima kampir endi nevaralariga qarar, ularga oʻtmishidan ertaklar aytib berar, uning butun hayoti ham gʻalati bir ertakka oʻxshar edi.

Rahima buvi toʻqsonga yaqinlashib qoldi. Adolat opa ham davlat pensiyasiga chiqdi. Uning eri Qurbon bobo — kolxoz bogʻboni. Chorbogʻ torlik qilgani uchun agronom nevara boshqa joydan uy solib chiqib ketdi.

...Kampir ikki yilcha tinch, xotirjam yashadi. Nevaralarini suyar, shular bilan ovunar, endilikda oʻchoqboshiga ham yaqin bormas, roʻzgʻor yumushlari ham Adolat opaning qoʻliga oʻtgan edi.

Keyin-keyin Rahima buvi esdan chiqaradigan odat paydo qildi. Bir narsani bir joyga qoʻyib, keyin topolmay yurar, shunda koʻngli boʻshab yigʻlab ham olardi. Keyinchalik chevaralari bilan jiqillashadigan, tortishadigan boʻldi.

Ezmalik... Rahima buvida ana shu xislat ham paydo boʻldi. Kattalar uning gapini eshitmasa, goʻdaklarni yoniga oʻtqazib qoʻyib gapirar, nuqul tarixdan tushar va shunday aniq qilib soʻzlardiki, oʻsha voqealarni hozir koʻrib turgandek taassurot qoldirardi kishida.

Bu hol bir necha oy davom etdi.

Agar uning gapini diqqat bilan eshitib, oʻzicha tahlil qiladigan kishi boʻlsa, antiqa bir holni sezardi: u dastlab kechagi tarixdan soʻzlardi — urushdan keyingi yillar, oʻzining chopib-chopqillab roʻzgʻor ishlarida yurgani. Soʻng nuqul urush davrida boshidan kechirganlarini hikoya qiladigan boʻldi. Soʻng urushdan avvalgi yillarga oʻtib oldi: kolxoz tuzilishi, quloqlar, kechasi bittasining: «Kolxozga ishga chiqma, soʻyilasan!» — deb qoʻrqitgani, oʻzining: «Yetimlarimni boq boʻlmasa!» deya faryod qilgani... Keyin, bir-ikki kun oʻziga sovchi boʻlib kelganlarni qargʻadi-yu, eri Shodmon polvon tilidan tushmay qoldi: «Togʻdek yigit edi. Tirishma degani vabomi? Afgʻonda bor ekan...»

Bir kuni Rahima kampir yosh qizalokdek quvonib, uy atrofida timirskilanib yurdi. Soʻng narvonga tirmashib, tomga chiqib oldi va pastga tusha olmay, yigʻilab oʻtirdi. Kuyovi kelib, bir amallab pastga tushirdi.

Shunda qiziq ish boʻldi, kampir kuyoviga birdan yot nazar bilan qarab qayoqqadir qochmoqchi boʻldi va hassasini ham tashlab, emaklab uyga kirdi. Eshikni zichlab yopdi.

U dagʻ-dagʻ titrar edi. Xonaning shiftlariga hayrat bilan boqdi, eshikka yaqin borgandi, eshik birdan tortildi. Rahima buvi: «Voy!» deya cheqindi. Ostonada qizi Adolat opa turardi.
— Xosiyat? Xosiyat opa! — pichirladi kampir. — Qoʻyvor meni... Nimaga uyga qamab qoʻyding? Bari bir qochib ketaman. Satilimni ber!

Adolat opa bir qadam ichkariga bosdi:
— Enajon, sizga nima boʻldi? Jonim enam?
— Haligi erkak qani, yoʻq-ku?

Shu kuni kechgacha Rahima kampir mana shunday, bamisoli oʻn besh yashar qizlik davri bilan yashadi: ona-sini esladi, soyni. Onaning vasiyatlarini.

Adolat opa bilan Qurbon bobo uning xonasida oʻtirishardi. Ular chiqib ketgach, Rahima buvi birdan xayolga tolib qoldi va... koʻz oldidan allaqanday baland minoralar, paranji yopingan ayollar oʻtdi. Keyin oʻzini allaqanday ariq labida koʻrdi: birov devorga tirmashyapti. Kim u? Eri-ku? Oyogʻidan tort!.. Soʻng kampir oʻzicha iljayib, xonada keza boshladi, shipdan osilgan lampochka tagida taqqa toʻxtadi. Boshi aylanib, koʻzi tindi, soʻng koʻzi yumiq boʻlsa-da, aniq koʻra boshladi: dara, katta gulxan yonyapti. Atrofida otlar, eshaklar. Shoshilib u yoqdan-bu yoqqa oʻtayotgan odamlar... Shunda u xudai sovqotayotgandek junjikib ketdi. Beixtiyor yerga oʻtirib, chap oyogʻini uqaladi. Soʻng koʻz oldiga lop etib kirza botinka va fufayka kiygan oʻgʻli Abdurahim keldi. «O, bolam, dushmanga qiron kelsin!» — shivirladi u... Keyin chayqalib oʻtirarkan, sap-sariq bugʻdoyzorda yurgandek his etdi oʻzini. Shunda Rahima buvi birdan hushyor tortib ketdi va nevaralarining nomini tutib chaqira boshladi, keyin oʻz-oʻzidan xijolat tortdi: nega nevaralarini chaqiryapti u? Ular bu atrofda yoʻq-ku? Chevaralarini chaqirmoqchiydi shekilli.

...Adolat qani? Qizi? X,aligina shu yerda edi chogʻi? Kimlar chiqib ketdi boya?

Rahima kampir ertasi kuni bir necha odamga oʻxshab, har xil qiyofada yashadi: goh Rahima qiz boʻladi, goh Rahima kelin. Birdan Rahima onaga aylanadi. Keyin Rahima buviga... Soʻng yana Rahima qizga.
— Enajon, bizni qoʻrqitmang, enajon, — dedi Adolat opa kechqurun tagʻin uning uyiga kirib. — Bu ovqatni yeng... Mana, choy! Kecha meni yomon qoʻrqitdingiz.
— Nima? Nima dedim? — soʻradi u parishon boʻlib.
— Axir meni tanimay qoldingiz-ku? Sizni uyga qamab qoʻygan emishman. Meni Xosiyat dedingiz... Bunaqa qilmang, enajon? Siz yosh bola emassiz-ku? Eshityapsizmi? Yosh bola emassiz... Sochlaringiz qayta qoraya boshladi, tishlarirgiz qaytadan chiqyapti. Piri badavlatsiz, enajon?
— Mening enam qani?.. U kutib qoldi-ku? Nimalar deyapsan?
— Jon ena...
— Satilimni opqoʻydingmi?
— Uf...
— Enam kasal edi, oʻladigan boʻlib yotipti... U oʻladi! Ketaman uyimizga.

Adolat opa yigʻladi. Chiqib eriga yolvordi:
— Choljon, qanday kunga qoldim? Enam yosh bola boʻlib qopti. Choljon... nahotki odam oxir-oqibatda shunday boʻlib qolsa-ya? Bu dahshat emasmi?.. Boyoqish enam! Yomon ayolmas edi. Bizni deb yashadi, umri oʻtdi. Endi hech narsani bilmay, eslolmay oʻtiripti. Bilgani, eslagani — bolaligi!.. Men qoʻrqib ketyapman, choljon? Menga qarang, nimani oʻylayapsiz?
— Kampir... odam bola boʻlib oʻlmaydi.
— Yoʻq, yoʻq! Bunda bir sir bor... Xoʻp deng. Men nakdini ham eshitganman. Topishmoq borku: toʻrt oyoqli boʻlib tugʻilarmish, keyin uch oyoqli boʻlarmish...
— Keyin ikki oyokdi.
— Toʻgʻri-da, odam tugʻilganda oʻrmalab yuradi, keyin bir nimaga suyanib yura boshlaydi, uch oyokdi boʻladi. Keyin ikki oyokdi, a?
— Soʻng qoʻliga hassa oladi, tagʻin uch oyoqli boʻladi. Keyin...
— Yana turt oyoqli bola... Bola! Choljon, haqiqatdan ham enam bola boʻlib qoldi-ku? Erta-indin hassaga tayanib ham yurolmay qoladi. Rostkamiga bola boʻladi... Nimaga ishonmaysiz?
— Kampir... odamzod bola boʻlib oʻlmaydi. Unda yashashida ma’no boʻlmas edi.
— Men ana shundan qoʻrqyapman-da?
— Hovliqma, kampir... Sabr qil.

* * *

Uch kundan keyin Rahima kampir birdan oʻziga keldi. Unga qaragan, gapini eshitgan kishi kuni kecha qilgan ishlariga sira ishonmas edi.

Momo qizini chaqirdi, unga ma’yus tikilib, yigʻladi:
— Konsert koʻrsatdimmi? Nimalar dedim... Eslolmayman.
— Hozir tuzukmisiz, enajon?
— Xudoga shukur... Bolam, taraddudingni koʻr, men ketaman endi.
— Enajon?
— Xoʻp de, yolgʻizim. Sezib turibman... Qil ustida turganga oʻxshayman... Bolaga oʻxshab qoldimmi?
— Sal...
— Sal emas. Rahmatli enam ham shunaqa boʻlgan edi. Keyin oʻlar chogʻida aytgan ediki...
— Nima degandilar?
— Odamzod hayoti oxirida... soʻnish oldidagi shamga oʻxshar emish. Odam oʻlim ostonasida birdan kuch yigʻadi ekan. Sham ham soʻnish oldida birdan alanga olib yonadi-ku? Keyin soʻnadi...
— Enajon.
— Men xiyla aljib qoldim-a? Esim bor... Keyin juda boʻshashib ketdim, jin urdi-qoʻydi. Xayriyat, hozir es-hushim joyida, bolalarni chaqir, vasiyat qilay.

* * *

— Bolalarim, mendan rozi boʻlinglar. Yaxshiligim oʻtgan boʻlsa, unutmanglar. Yomonligim oʻtgan boʻlsa... esdan chiqaringlar. Men hayotimdan roziman, sizlardan roziman. Mendan ham rozi boʻlinglar.

1975