OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiOlam tortilish qonuni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Olam tortilish qonuni (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Husan akani mahallada katta-kichik hurmat qilar, zero, uning oʻzi ham goho xasdan past, tuproqdan xokisor boʻlib ketardi. Yoʻlda kim uchrasa salom berar, lekin oʻsha odam alik oladimi, yoʻqmi, bu bilan ishi boʻlmas, oʻz vazifasini astoydil ado etgandek, yoʻliga keta berardi. Oilada ham shunday edi. Olti qizining eng kichkinasi bilan ham sizlashib gaplashar, ammo ular oʻzini nechogʻlik hurmat qiladi, bu bilan ham ishi boʻlmas edi. U goʻyo odamlarni hurmat qilish, lekin ulardan buning evaziga bir nima talab etmaslik uchun tugʻilgandek edi.

Bunday odamlarni har qancha maqtasa kamlik qiladi. Biroq u kishining yana bir jihati bor ediki, uni kuzatgan odam ba’zan gʻashlanardi ham. Masalan, oʻzidan amalda sal balandroq kishiga yoʻliqsa titrab-qaqshab turar, goʻyo u odam Husan akaning qismatini shu damdayoq hal etib qoʻyadigandek tuyulardi. Lekin undan ham oʻziga biron bir iltifot kutmas edi.

Hovlida tok kesib yurar edim, Husan aka ochiq darvozani ehtiyotkorlik bilan taqillatib kirdi. Ming yillik qadrdonini daf’atan topgandek shodiyonalik bilan koʻrishib:
— Sizni muborakbod etgali keldim, — dedi.
— E, — dedim men. — Nima bilan?
— Jiyanli boʻldingiz, ogʻajon!
— Q-qanaqa jiyanli?
— Shu... men oʻgʻil koʻrdim. Bilasiz-ku... Shunga xursand boʻlganimdan... kelar hafta tugʻruqxonadan chiqadi yangangiz... Shunga chillasi chiqmasayam mayli, bir ziyofat qilmoqchi edik. Shunga aytib keldim. Yoʻq demaysiz endi. Bilaman, ishli odamsiz. Komandirovkangiz koʻp. Shunga... Iltimos-da. Xoʻpmi? Yoʻq demang.

Husan akaning mana shunday suyilib, hatto chuchmal boʻlib ketishi menga yoqmasdi. Shunchalar qatorlatib gapirib tashladiki, uni tabriklashni ham esdan chiqarib qoʻydim.
— Shu deng... nozik doʻstlardan ham aytganmiz. Ular albatta kelishadi. Shunga...
— Xoʻp, xoʻp. Bir ogʻiz soʻzingiz, Husan aka.
— Qulluq, qulluq. Boshim osmonga yetdi, jon uka. Yanagi shanba. Soat oltilarda. Soat oltilarda. Ishdan chiqadigan paytingizga toʻgʻri boʻldi.
— Tushundim.
— Xoʻp, menga javob.
— Oʻtirsangiz...
— Rahmat. Minnatdorman.

Husan aka ketdi. Men, darvozani yopib, ichkariga kirdim. Negadir xit edim. «Odam ham shuncha suyilib, xokisor boʻlib ketar ekanmi? Nega shunaqa ekan-a!» Borib, yana tok kesa boshladim. Xayolim tagʻin u kishida. Oʻzi shahardan chetda, bobosidan qolgan yerda yoz oylari dehqonchilik qiladi. Vaqtida agronomlik kursini ham bitirgan, bir necha muddat oʻz kasbi boʻyicha ishlagan ham. Keyin nima ham boʻlib, feldsherlik oʻqishiga kirgan.

Oʻsha yillarda u kishi bilna tanishgan edim. Oʻpkam qattiq shamollab kasalxonaga tushdim. Nafas olishim ogʻir edi. Xayriyat, oʻsha kuni Husan aka navbatchi ekan. Yonimdan jilmadi. Lekin meni sal bopladi ham. Nafas olishim ogʻirlashgan sari ukol qila berdi. Nima balo, oʻzim qoʻpol boʻlsam ham, terim yupqa ekanmi, ukol aks ta’sir qilib, badanimga qizilcha toshib ketdi. Bir hafta qashib, boʻlganimcha boʻldim. Lekin Husan akaga bari bir rahmat aytdim. Nima dey? Shunday qilib, tanishib qolgan edik. Uyiga ham boradigan boʻldim. Domino oʻnaymiz. U kishi goho agronomlik qilgan paytlaridan gapirib qolar, ayniqsa, qovun urugʻlarining asl navlari yoʻqolib ketganidan shikoyat qilar, kolxozda ishlab yurgan chogʻlarida nuqul «amiri» navidan ekdirgani, lekin tarozi bosmasligi, brigadaning qovun planini sira bajarmaganidan, oxiri, tanqid eshita-eshita ishdan ketganini soʻzlar edi.

Fahmimcha, bu kishining ichida birovga aytmaydigan gap ham bor edi. Dilida orzulari koʻp boʻlgan. Shubhasiz, bu odam kattakon bir rahbar, arbob boʻlishni orzu qilgan... Lekin buning uchun nima qilish kerakligiga aqli yetmagan. Arboblik zinasidan koʻtarilmoq uchun zarur boʻlgan ichki qobiliyat yetishmagan unga. Oqibat, u kishi oʻzidan sal amali katta odamlarga sirli bir nimaga qaraganday qaraydigan boʻlgan va bu narsa qon-qoniga singib kelgan. Endi u kishi nuqul oʻshandoq odamlar davrasida boʻlishni istar, davrasiga kira olmasa, oʻzi ularni biron-bir bahonada chaqi-rib, oʻtirishni istar edi. Mana, hali meni ziyofatga aytib ketdi. Men aminman, ziyofatda oddiy, oʻzi qatori (oʻzi oʻta hurmat qiladigan) odamlarga nisbatan, oʻzidan «yuqori» odamlar koʻp boʻladi.

Haqiqatan ham shunday boʻldi. Shanba kuni borsam, darvoza ogʻzi turli markali, turfa mashinalarga toʻlib ketgan. Hovlida bamisoli toʻy boʻlyapti. Kirdim. Ziyofat koʻngilxushlik bilan oʻtdi. El qatori chikdim. Uyga kelib, xotinimga gapirib berdim.
— Qiziq odam, — dedi ayolim. — Yana kimlar bor edi?
— Faqat sen yoʻq eding... Uchta sovxoz direktori, beshta brigadir. Ikkita boʻlim boshligʻi. Oltita vrach... Mahalla oqsoqoli, magazin direktori...
— Yana?
— E, qoʻyaber. Oʻziyam boʻlganicha boʻldi deyman. Endi bir oy nonga ham pulni hisoblab sarflaydigan boʻddi!
— Oʻziga ziyon.
— Men ham shuni aytyapman-da.

Oradan ancha vaqt oʻtdi. Husan aka bunaqa ziyofatlaridan keyin xiyla vaqt koʻrinmay ketardi. Koʻrinmay ketdi. Men ham ish deb, komandirovka deb shaharma-shahar yurdim.

Yil deganingiz ham hash-pash deguncha oʻtadigan boʻlib qolgan. Tugʻilgan jiyanimiz Sodiqbekning bir yoshga toʻlgani ma’lum boʻldi. Husan aka erta kuz kunlarining birida uyga kelib, meni ziyofatga taklif etdi:
— Iltimos endi... yoʻq demasangiz... Nozik mehmonlar kelishadi, albatta. Yoʻq demaysiz, jon inim... Ishondim... Shanba kuni. Soat oltida... Naq ishdan chiqib kelasiz... Kutaman-a?

Men odatdagidek koʻngil gʻashlik bilan gapni qisqa qildim. Borishga soʻz berdim. Lekin daf’atan bora olmadim. Qoʻqonda edim. Oʻsha kuni shaharga yetib kela olmadim. Ertasi Husan aka erinmay uyga keldi.
— Uka, sizdan umidimiz bul emas edi-ku, jon uka? Rosa kutdik-da, ogʻajon... Koʻchaga chiqib qarayman deng. Qani koʻrinsangiz... Barcha mehmonlar kelishdi... Sovxoz direktorlari... Vrachlar... Brigadir, boʻlim mudirlari... faqat siz yoʻqsiz-da... Shunday boʻlmapti-da... Oʻzingizning jiyaningiz... Tugʻilgan kuni...

Men Sodiqbekning tugʻilgan kunlari hali koʻp boʻlishi, Husan akam qoʻli ochiq, mehmondoʻst ekanini aytib, oʻshandoq ziyofatlarga jon deb borishga soʻz berdim.

Falokat oyoq ostida deydilar. Kelasi yil ham oʻshandoq tugʻilgan kuniga bora olmay qoldim. Husan aka tagʻin ertasi kelib, koʻp ranjib gapirdilar. Bu gal u kishiga juda rahmim kelib: «Shu dahmazalar juda shartmi!» degim keldi. Lekin nachora. U kishi shunaqa odam. Bir hisobda bunaqa odatning nima yomon tomoni bor? U kishi bundan zavq oladi. Tamom.

Bu gal ham Husan aka ketgach, men u kishi toʻgʻrisida xayol surib qoldim. «Har qalay omadsiz odam deb boʻlmaydi... Yo omadsizmi? — deb oʻyladim. — Qiziq-da... Boʻlmasam, ularni chaqirib, bor budini sarf qilib nima topadi? Bu odamni xushomadgoʻy deb ham boʻlmaydi... Siniq, orzumand odam... Uning dilidagini bilib boʻlsaydi?!»

Dunyoda nima koʻp, oʻlim koʻp. Ajal degan yoshu qarini saralab oʻtirmas ekan. Sodiqbek qattiq shamollab qolibdi. Kasalxonaga olib boribdilar. Husan aka uning boshidan jilmabdi. Rosa ukol qipti. Yaxshi soʻzlar bilan ovutmoqchi boʻlibdi. Lekin foydasiz.
— Shunaqa boʻp qoldi, inim, — dedi u kishi oqshom mahali, endi Termizdan kelib oʻtirgan edim. — Ha, uka, ollo koʻp koʻrdi Sodiqbekni... Qarang-a... Nachora, umri qisqa ekan. Bir koʻrsatib, diydoriga toʻydirmayoq oldi-qoʻydi... Quruq jasadim yuribdi, ogʻa...

Men dong qotib turardim. Husan aka haqiqatan ham choʻkib qolgan. Titraydi, qaltiraydi. Rangida rang yoʻq. Boyoqish! Shunda bildimki, bu ota haqiqatan ham Sodiqbekni tilab olgan ekan! Axir, olti qiz koʻrgandan keyin oʻgʻil topgan edi-ya! Nomard falak.

U kishining koʻnglini koʻtarmoqchi boʻldim:
— Sodiqbekning umrini boshqa farzandlaringizga ulashib bergan boʻlsin, Husan aka... Hali yana farzand koʻrasiz, ishona bering. Rasmi, oʻzi shunday boʻladi. Meniyam bir qarindoshim ketma-ket sakkiz qiz koʻrgandan keyin yana ketma-ket toʻrt oʻgʻilli boʻlgan edi.

U kishi jimgina, yumshoq, doʻmpaygan qorni ustiga baquvvat, semiz qoʻllarini qoʻyib, munis turar edi.

Birdan miyamga bir nima urdi: «Nega turibdilar? Biron narsa kerakmikan? Qanday aytsam boʻladi?»
— Xoʻsh, Husan aka, uyga kiraylik.
— Yoʻq, yoʻq. Ertaga ertalab chiqaramiz Sodiqbekni. Shunga sizni aytgali kelib edim.
— Obbo, — deb yubordim. — Shunga ham aytadimi? Oyogʻim bor, oʻzim boraman-da. Quloq bor, eshitdik... Yaxshi emas, Husan aka. Uyga boring. Bu yurish sizga yarashmaydi.
— Boring, — dedi u kishi darvozadan chiqar ekan. — Shunga... doʻst-yoronlar keladi... Nozik mehmonlar... Shunga bir kecha saklab turmoqchi boʻldik...

Yuragim siqilib ketdi. Negadir bu odam shu topda koʻzimga... koʻrinib ketdi. Tezgina izimga burildim.

Buyam oz ekan. Ertalab soat beshlarmidi, toʻrt yarimlarmidi, telefon jiringlab qoldi. Rahbarimiz. «Soat oltiga yaqin samolyot keladi! Mehmonlar bor. Siz kutib olishingiz kerak. Agar bu yerda qolishni istashmasa, toʻgʻri Xorazmga uchasiz!» Obbo, buyogʻi qandoq boʻldi endi?

Uyqu qochdi. Tosh yogʻsayam saharlab Husan akanikiga oʻtaman, deb oʻyladim. Lekin yigirma minut oʻtar-oʻtmas, koʻchada «Volga» signal berdi. Chiqsam, oʻzimizning shofer.
— Ha?
— Keldim, — dedi u. — Xoʻjayin aytdilarki, soat oltiga qolmay kelishi ham mumkin ekan.
— E, shu ishniyam...

Soatga qarasam, oʻn minuti kam olti. Kiyim-boshga ham qaramay mashinaga oʻtirdim. Samolyotlar ba’zan qandoq kelishi oʻzingizga ma’lum. Olti yarim, yetti yarim boʻldi. Sakkizdan oshganda keldi. Mehmonlar toʻrt kishi edi. Yuklarini olish uchun ham yarim soat ovora boʻldim. Mehmonxonaga olib kelganimizda, soat toʻqqiz edi.

Toʻqqiz! Toʻqqizgacha murdani saqlab oʻtiradimi! Aslida kecha koʻmilishi kerak edi!
— Xoʻsh, tamaddi qilamizmi? — deb soʻradim mehmonlardan.
— Ha, choy ichsak boʻladi, — dedi kattasi. — Keyin toʻgʻri Xorazmga. Vaqt oʻtmasin, doʻstim!

Soat oʻn birlarga yaqin ularni olib vokzalga chikdim. Endi orqaga qaytgim kelmadi. Tuzuk kiyinmagan boʻlsam-da, uyga bir telefon qildim-u, mehmonlar bilan «Samarqand — Urganch» poezdiga oʻtirdim. Ketdim.

Toʻrt kun deganda qaytib keldim. Hamon kayfiyatim yaxshi emas edi.
— Xotin, setkani ol. Men Husan akaning uyiga chiqib kelay.
— Shunaqa qiling, — dedi ayolim. — Oʻzlari ikki marta chikdilar. Ishonmaysizmi?!
— Nima deb?
— Qaydan bilay.

Uchrashuvni qarang!

Endi koʻchaga chiqib edim, mungʻayibgina kelayotgan Husan akani koʻrdim.
— E, — dedi Husan aka. — Him...
— Uzr, shu... — deb chaynaldim. — Ish degani... Yaqinda boʻshamoqchiman...

Husan aka mungʻayib bosh irgʻatdi. Soʻng oʻzicha mingʻillab gapira ketdi:
— Koʻp kutdik. Koʻchaga chiqib qaradim... Yoʻqsiz... Nozik mehmonlar kelishdi. Ikkita sovxoz direktori. Uchta vrach... Toʻrtta agronom... Rahmat ularga... Sizni deb marhumni bir oz kuttirdim ham... Faqat siz... uka...

Men quruq surat boʻlib, u kishiga qarab turardim.

Husan aka tagʻin shu ohangda ancha gapirdi-da, meni daf’atan unutgandek boʻlib, oʻtib ketdi. Nima qildim endi? Udum. Sekin u kishining uyiga bordim. Gʻamboda boʻlib oʻtirgan qariya qarshi oldi. Ta’ziya bildirib chikdim. Endi men Husan aka bilan baqamti oʻtirib gaplashishni istardim. Lekin u kishi odamovi boʻlib qolgan, ba’zan meni koʻrmagandek oʻtib ketardi.

Shunda... «Husan aka ogʻir yotibdi», degan gapni eshitib qoldim. Borsam, sob boʻp qolgan. Koʻzlarida nur yoʻq. Doktorlar bilan gaplashdim. «Shol, — deyishdi. — Tanasi ishlamay qoldi. Yordam berib boʻldik. Endi parhezgayam hojat yoʻq. Nima istasa yesin, nima gapirsa gapirsin».

Husan akaning yonida biron soat oʻtirdim. U kishi bir ogʻiz ham gapirmadi, bir nima yemoqchi ekanini aytmadi ham. Tasodifni qarangki, joni uzilayotganida ham u kishining boshida edim.

Yolgʻonchi qilmasin, u kishining uyida koʻrganim koʻpgina rahbar shaxslar oʻsha sovxoz direktorlariyu vrachlar, boʻlim boshliqlari ham shu yerda, bu xokisor, mehmonnavoz odamning qazosi yaqinligini eshitib kelishgan ekan.

Lekin Husan akaning tabiatidagi eng dahshatla narsa shu ediki, na menga, na-da anavilarga parvo qilmas, onda-sonda ayoli bilan, qizlari bilan soʻzlashar, ularga tegishli gap qilar edi.

Falon kishidan qarzi bor ekan, uzgani yaxshi boʻpti. Katta qizi oʻgʻlini tabibga koʻrsatishi kerak. Koʻz ogʻrigʻi bor. Oʻzi oʻlsa, katta amakisi qabri yoniga qoʻyishsin. Shuni aytishim kerakki, Husan aka tamomila hushyor edi. Meni ham, mehmonlarni ham tanib turar edi. Biz — u kishidan hammavaqt iliq-issiq soʻzlar eshitib oʻrgangan edik! U odamning mana shular bilan oʻtirishdan olam-olam zavq olishini ham yaxshi bilardim! Bu — uning ushalmagan orzulari, armonlari haqqi koʻngliga malham boʻlishini ham tushunib yetgan edim. Hozir yana hammamiz uning qoshida edig-u, lekin shu topda uning uchun yoʻq edik.

Men u kishining oxirgi soʻzini eshitib qoldim.
— Bolam Sodiqbek, meni tashlab ketding-a... Sensiz... Yoningga boryapman... Yolgʻiz eding... Men ham yolgʻiz... — Shunday deb yuzini chetga burdi.

Nazarimda bizdan — mendan va anavi mehmonlaridan yuzini burdi. Sezdimki, biz bu odamga hech mahal kerak boʻlmaganmiz! Yoʻq, aniqrogʻi, kerak emas edig-u, buni endi sezgandi.
— Sodiqjon... — dedi u yana.

Ha, biz unga kerak emas edik.

Uning uchun eng kerakli, bor narsalar — farzandlari, oilasi, eng tabiiy-insoniy tashvishlar edi.

1978