OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiOlis yulduzlar ostida (voqeiy hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Olis yulduzlar ostida (voqeiy hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Avgust oyining oxiri. Yozuvchi Safo Said bilan Boysun togʻlariga safar qilib, Doʻgʻoba qishlogʻining orqasidagi yantoqzorda adashib qoldik. Adashishga men sababchi boʻldim. Uch-toʻrt yildan beri u yerlarda boʻlmagan edim. Yoʻl oʻzgarib ketgan ekan. Izimizga qaytdik.

Oyogʻimiz ostida yongʻoq barglari gʻijirlaydi. Etakda soy shovullaydi. Boyqushning mungli sayrashi bizni izma-iz ta’qib qiladi. Tun battar qorayganday. Havo boʻgʻuvchan.
— Naq Jyul Vern qahramonlarining oʻzimiz-a? — deydi Safo aka piching bilan.
— Ha, — deyman va atrofni ham, oʻz ahvolimizni ham bir dam unutaman. Uyga borgach, bu sarguzashtlarni yozsam, qiziq chiqadiganday tuyuladi. Ammo, kitobxon uchun bu mutlaqo kulgili narsa boʻlishi esimga tushadi va hafsalam pir boʻladi, gʻashlanaman. Soʻng bu yongʻoqzordan tezroq chiqish, Doʻgʻobadagi biron xonadonga kirib tinchish va bir piyola koʻk choy ustida hozirgi sarguzashtlarimizning qiziq ham kulgili eka-ni, sayohatlarning shunaqasi ham boʻlishi kerakligi xususida soʻzlab, Safo akaning koʻnglini olish — fikr-yodim boʻlib qoladi...

Lekin, biz Doʻgʻobaga bormadik.

Ioʻlda baland oʻt bosib ketgan bir yalanglikdan oʻtayotgandik, soʻl tomonimizdagi katta xarsang toshlar orasidan oʻsib chiqqan yongʻokdar tomondan shatir-shutur tovush eshitilib qoldi. Eshaklar pishqirib, quloqlarini dikkaytirishdi. Men miltiqni oʻqtalib, fonarni tutdim.
— Chiroqni oling, chiroqni! — dedi kimdir boʻgʻiq, kulgili tovushda. Fonarni chetga burdim. Odamning oʻt ustida sudralib kelayotgan chopon etaklarini va belbogʻidan yoniga osilib tushgan pichoq qini bilan sargʻish popuklarini koʻrdim.

Notanish odam roʻparamizga kelib toʻxtadi.
— Adashdilaring deyman-a? — dedi u, goʻyo bizning adashganimizdan cheksiz mamnunday. — Men qirning tepasida edim. Chiroqlaringizni koʻrdim. Geologmi deb xayol qilgan edim. Yoʻq, toʻxtab orqaga qaytdilaring. Bular adashib yuripti-ya deb oʻyladim.
— Ilgari shu yerdan yoʻl bor edi, — dedim.
— Ha, yoʻl bor edi, — dedi u. — Hozir tepadan yurishadi. Gummataka boryapsizlarmi?
— Gummataka boryapmiz.
— Haydanglar boʻlmasa. Bu yerda tepaga chiqadigan soʻqmoq bor. Buni qaranglar-a. Chiroqlaringni koʻrmasam, men ham indamay oʻtib ketaverar ekanman-da. Haydanglar!

U yoʻl boshladi. Biz eshaklarni haydab, unga er-gashdik. Kim biladi, biz yurayotgan hozirgi yerlardan yaqin yillar ichida biron shaharlik yurganmikan. Yongʻoq yaproqlari shunchalik ustma-ust, qalin tushganki, biz goʻng ustida yurib borayotganga oʻxshaymiz. Dimogʻimizga achchiq, eski xazon hidi uriladi. Bora-bora doʻnglikning tepasiga chikdik. Yuzimizga muzdek shabada urildi. Osmonda sonsiz yulduzlar chaqnab koʻrindi.
— Xayriyat-e, — dedi Safo aka. — Bu yer naq jahannamning oʻzi ekan, birodar.
— Hechqisi yoʻq, — dedi yoʻlovchi. Soʻng soʻqmoq yoqasida turgan oqish narsa tomonga ketdi. Fonarni tutdim. Ustiga ikki qopda nimadir ortilgan oq eshak quloqlarini dikkaytirib, bizga qarab turardi.
— Boysunga boryapsizmi? — deb soʻradim men no-tanish odamdan.
— Jun soyuzga, — dedi u. — Jun topshiraman. Gummatakda oshnalaring bormi?
— Bor. Axtamov uyidamikan?
— Yoʻq. Axtamov ovulda. Koʻchib tushgani yoʻq hali.
— Ovuli qaerda?
— Gummatakdan nari. Xiylagina bor. Tunda u yoqqa yurib oʻtirmang. Yoʻllar ham oʻzgarib ketgan. Yana adashishlaring tayin. Gummatakda qoʻna qolinglar. Bitta-yarimta xonadon bor. Erta bilan chiqib borasizlar.
— Rahmat. Shu soʻqmoq Gummataka olib boradimi bizni?
— Ha. Oʻzi olib boradi. Xoʻsh endi.
— Xoʻp, xayr. Rahmat.

U eshagining boʻyniga tizzasini qoʻyib, qoplar oʻrta-siga minib oldi. Ix-ixlab ketdi.

Yoʻlga tushdik. Toshloq yoʻl. Eshaklar oldinda. Endi ularning ham qadami ildam. Goho tuyoqlari ostidan chirsillab uchqun uchadi. Bu yoʻl yongʻoqzor ichidan oʻtgan yoʻl bilan jar labidagi keksa tugʻdona tagida tutasharkan. Ilgarilari Gummataka kelganimda, shu daraxt tagida toʻxtab, qishloqqa qarardim. Past-baland pista, togʻolcha, oʻrik va yongʻoq daraxtlari orasidan orqa devori toshdan kesib yasalgan guvalak uylar va ular oldida tikilgan oʻtovlar koʻrinardi. Birpasda ularning sezgir itlari hurib chiqar, to egasining hukmdor ovozi eshitilmaguncha yoʻlni toʻsib, qishloqqa yoʻlatmasdi.
— Shu yer Gummatakning boshi, — dedim Safo akaga.
— Gummatakda tunaymizmi endi?
— Tunash kerak. Boshqa chora yoʻq.
— Chiroqlari koʻrinmayaptimi?
— Koʻrinib qolar. Daraxtlar qalin. Pana qiladi. Soat necha boʻpti? — Fonarni yoqib, oʻzimning bilagimga, soʻng u kishining bilagiga tutdim. Bu yerning vaqti bilan oʻn bir yarim boʻlgan edi. Toshkent vaqti bilan oʻn ikki yarim.

Soʻqmoq tuproq yoʻlga tushdi. Lekin, chiroq hamon koʻrinmasdi.
— Odamlar ovulda nima qilisharkan-a?
— Besh-toʻrttadan moli bor. Boqib yurishadi.
— Davlatga foydasi tegmaydi-da bularning?
— Nega? Kolxozning chorvasi ham shularda. Kuzda boʻlsa, mevalarning hosilini yigʻib olishadi. Gʻalla ham ekishadi. Davlatga foyda beradi bular ham.
— Qancha odam yasharkan shu qishloqda?
— Koʻp boʻlsa, besh-oʻn xoʻjalik. Ilgari koʻp boʻlgan. Lekin, koʻchib ketishgan. Yangi ochilgan sovxozlarning koʻpchilik odamlari — togʻliklar.
— Chiroq koʻrinmayapti-ya?
— Koʻrinib qoladi.
— Tasavvur qilasizmi, tunni esimdan chiqargan ekanman. Shaharda tun nima, kunduz nima bilib boʻlmaydi. Keyin qulogʻim ham bitib qolganga oʻxshaydi. Qarang jimjitlikni... Bu yerdagilar erta uxlashadimi?

Nihoyat, tigʻiz daraxt shoxlari orasidan yulduz qurtday yiltillab, nur koʻrindi. Ikkalamiz ham baravariga «chiroq-chiroq» dedik.

Chiroqni qoralab, yoʻldan chiqdik. Chiroq qarshimizda yastanib yotgan katta yalanglikning chetiga tikilgan oʻtovda yonar, chiy oraliqlaridan sitilib chiqardi. Yalanglikni suv bosgan ekan. Uni chetlab, yosh tollar tagi bilan uyga yaqin bordik.
— Chaqirib soʻrang, — dedi Safo aka.
— Toʻgʻri kirib boramiz. Bu yerda shunaqa taomil, — dedim.
— Mayli endi, soʻrab boqing. Toʻgʻri kelmas...

Miltiqni yelkamga osib oldim. Roʻparamdan otilib chiqishi kerak boʻlgan koʻppakni haydash uchun xalachoʻpni qulay ushlab, uy tagiga bordim. Uyning eshigi yoʻq, u devorlariga tappi yopib tashlangan bostirma edi. Oʻtov esa bostirmaning ustida, naridagi peshayvoni biz tomonga qaragan uyning oldida tikilgan edi.
— Hov, boy bobo! — deb chaqirdim. Javob boʻlmadi. Yana chaqirgandim, oʻtovdan oʻn yoshlardagi bir bola chiqib, tom labiga keldi, qoʻlini tizzasiga tirab, menga qaradi.
— Otang uydami?
— Tovga ketgan, — dedi u.
— Kim bor uylaringda?
— Enam.
— Boshqa hech kim yoʻqmi?
— Men bor.
— Seni-ku, koʻrib turibman. Bu atrofda sizlardan boshqa odam ham yashaydimi?
— Yoʻq. Hamma ovulda, — dedi u.
— Otang kelmaydimi bu kecha?
— Bilmayman. Enam biladi.
— Enangdan soʻrab chiq. Shu kecha bizga joy bermaydimi? Erta bilan ketardik. Ikki kishimiz.

Bola orqasiga qaytib uyga kirdi-yu, yoʻqolib ketdi. Nihoyat, fonus koʻtargan ayolga ergashib chiqib keldi. Fonus yorugʻida ayolning koʻylagi qizil ekanini koʻrdim. Ayol keng yengi bilan fonusdan koʻzini pana qilib:
— Salomalaykum! — dedi past tovushda.
— Vaalaykum, — dedim. — Kechirasiz, bezovta qildik. Axtamovning uyiga kelgan edik. Oshnamiz boʻladi u kishi. Ovuldan hali qaytmagan ekanlar. Ovullari uzokdamish. Shu kechaga joy bersangiz, yotsak. Biz ikki kishimiz.

Xotin javob bermadi.
— Men oʻzim Boysundan, — dedim. — Oʻrtogʻimiz Toshkentdan. Gumonsiramang.
— Shunday-ku, — dedi ayol nihoyat. — Erkagim yoʻq. Boʻlmasam...
— Eshitdik ukamizdan. Lekin, boshqa bir gap ham bor: toshkentlik mehmonimizning andak mazasi qochib qoldi. Yoʻlda shamolladilarmi, bilmayman. Harholda, shahar odami...
— Unday boʻlsa, tushinglar, — dedi ayol. — Chorijon, bor, koʻliklarini ol.

Xotin fonusni shu yerga qoʻyib, qaytib ketdi. Chori pastga kichkina archa yogʻochidan qilingan narvon uzatdi. Narvonning oyogʻidan ushlab, yerga qoʻydim.

Chori pastga tushgach:
— Salomalaykum, — deb, bir yelkasini pasayti-rib koʻrishdi. Uning kichkinagina qoʻli nihoyatda qattiq edi. — Oshnangiz qani?
— Ana. — Fonarni unga tutdim. Chori kattalarday halloslab Safo akaning oldiga bordi. U kishi bilan ham koʻrishdi. Men ham borib Choriga koʻmaklashdim: eshaklardan xurjun va choponlarni tushirib, ayilini boʻshatdik. Chori eshaklarni tushovlab, yalanglikning nariyogʻiga haydab ketdi. Biz chekishib, uni kutdik. U qaytib kelib:
— Oʻtinglar, — dedi va bitta xurjunni koʻtarib oldi.

Tomga chiqib borganimizda yerga sariq gulli kigiz solingan, uzun yakandoz va ikkita quroq loʻla bolish tashlangan edi.

Chori xurjunni yonimizga qoʻyib, oʻtovga ketdi.

Soʻng odatdagicha shol dasturxon keldi: bir tovoq qaymoqday qoʻy qatigʻi, bir juft katta uy noni, bir kosada qovurdoq, bir kosada oq pishar oʻrik bilan paxtaseb olma, bir qumgʻon choy.

Chori roʻparamizda choʻqqayib oʻtirar, boshini u yon-bu yonga solib, bizni tomosha qilar, ammo, na taomga taklif qilar, na oʻzi qoʻl urardi dasturxonga. Lekin, biz buni koʻnglimizga ogʻir olmasdik. Chunki, uning oʻrnida otasi boʻlganida ham shunday qilgan boʻlardi. Biroq, yemasak-ichmasak xafa boʻladi bu odamlar.
— Kelmadi-yu xoʻjayin? — dedi Safo aka menga.
— Kep qoladi, — dedim men. — Choriboy, otangiz kim boʻlib ishlaydi?
— Oʻrmonga axranik, — javob berdi u, boshi bilan orqasiga ishora qilib.
— Bu ayol onangmi?
— Enam.
— Qoʻrqmaysizlarmi ikkovlaring?
— Nimadan qoʻrqamiz? — iljaydi u. Shu payt eshaklarimiz hangrab yubordi. Chori irgʻib turib, tom labiga bordi. Qoʻlini tizzasiga tirab, qorongʻilikka tikildi va qaytib keldi.
— Nima? — dedim.
— Hech narsa. Oʻzlari, — dedi.
— Boʻriyam bormi bu atrofda?
— Bor. Kelsa, eshaklar hangrab bildiradi.
— Nima qildik endi? Dam olamizmi? — dedi Safo aka.

Chori turib ketdi. Biz ham oʻrnimizdan turib, chetroqqa chikdik, chekishib, atrofni tomosha qilib tur-dik. Bu yerdan Boysun chiroqlari yulduzday miltillab koʻrinardi.
— Huv koʻrinayotgan chirokdar Boysunniki, Safo aka.
— Necha kilometr chiqadi oramiz?
— Oʻttiz.
— Oʻttiz kilometrni bosish uchun bir yarim kun yurdikmi-a?
—Ha.
— Samolyotda necha minut bosardik?

Biz shunga oʻxshash gaplardan gapirishib turdik. Ayol koʻrpa-yostiq chiqarib, bizga teskari turib, oʻrin soldi.
— Sizniyam bezovta qildik, — dedi Safo aka ayolga, u ketarkan.

Ayol javob bermadi.

Toʻshakdamiz. Koʻrpaning ustidan gilam tashlangan. Kechasi bu yerlar sovuq boʻladi. Chalqancha, osmonga qarab yotibmiz. Osmon toʻla yulduz. Koʻz qamashadi, jimir-jimir. Somon yoʻli yulduzlari boshimiz ustidan oʻtib, oyoq tomonimizdagi qop-qora togʻning orqasiga egilgan. Osmonning goh u yerida, goh bu yerida yulduz uchadi. Uchiga kichkinagina tosh bogʻlab otilgan bir qatim oq ipakday. U uchib borayotganida, goʻyo dumidan bir alanga tushadi-yu, to manziliga yetguncha uni yondirib kul qiladi.

Tom ustiga egilib turgan togʻolchaning qip-qizil mevalari va yaproqlarida oʻt shu'lasi oʻynay boshladi. Bostirma biqinida oʻt yonardi.
— Rosa charchabmiz. Bu kecha shu yerda tunamaganimizda boʻlganimizcha boʻlarkanmiz.
—Ha.
— Lekin, xoʻjayinning kelmayotgani yaxshi emas.
— Kep qoladi. Pastda bir narsa pishirayotganga oʻxshaydi-ya.
— Xoʻp, uxladik.
— Uxladik.

Shu payt oyoq tomonimdan sharpa eshitdim. Chori roʻmolga tugilgan bir narsaning uchidan chimdib ushlab, oyoq uchida yurib kelardi. U Safo akaning yoniga oʻtdi-da, u kishiga bir nima dedi.
— Nima bu? — dedi Safo aka.
— Qum. Issiq qum, — dedi Chori. — Shamollaganni yaxshi qilarkan.
— Menga ber, bu yoqqa keltir, — dedim. Qumni olib, koʻrpaning tagiga soldim va badanimdan xolisroq qoʻydim.
— Shamolladingizmi? — soʻradi Safo aka.
— Ha, — dedim. — Biqinim sanchib qoldi.
— Yongʻoqzor zax ekan.
— Rahmat, Chorijon, — dedim.
— Sovusa, meni chaqiring, — dedi.
— Rahmat. Shuning oʻzi bilan yaxshi boʻlib qolaman. Chori ketdi.

Togʻning oʻrkachi oqara boshladi. U yerda gʻoʻdayib turgan archalarning qorasi koʻrindi. Sal oʻtmay, archaning orti sargʻaydi va bir chekkasi uvalanib ketgan oy chiqib keldi. Uning yonida Zuhro yulduzi tevaragida bir qancha yulduzlari bilan yarqillab nur sochardi. Oy unga yaqinlashgani sari Zuhroning hamrohlari asta-sekin gʻoyib boʻla boshladi. Nihoyat, oʻrkachda yashnab, oy bilan Zuhro qoldi. Bir ozdan soʻng esa, togʻ tarafdan nay chalganday choʻziq-choʻziq, yoqimli bir ovoz eshitila boshladi.
— Nima sayrayapti? — choʻchib soʻradi Safo aka.
— Hilol, — dedim. — Juda kamyob qush.

Qalbim hayajonga toʻlib, butun vujudimga yoyildi va elitdi meni.

Koʻzim endi ilingan ekan, kimdir koʻrpa ustidan turtdi. Qarasam, Chori. Engashib turipti.
— Qumni bering, enam isitib beradilar, — dedi u.
— Kerak emas, tuzalib qoldim, — dedim. Bola qaytib ketdi va tagʻin keldi.
— Berar ekansiz.
— Men tuzalib qoldim. Rahmat de, enangga.
— Yoʻq, bering.
— Hali issiq, mana, oʻzing koʻr.

Olib unga koʻrsatdim. Qum haqiqatan ham iliqqi-na edi. Lekin, u na qoʻlini tegizdi, na qaytib ketdi.

Noiloj qumni uzatdim. Sal oʻtmay, olcha shoxlari-da yana nur oʻynay boshladi. Safo akaga qaradim. U kishi bir tekis nafas olardi. Uxlab qolgan. Astagi-na oʻgirilib, bolishni koʻkragimga tortdim-da, choʻzilib, boʻgʻotdan pastga moʻraladim.

Toshoʻchoq yonida qizil koʻylakli boyagi ayol — chiroyli bir kelinchak oʻtirar, archa butogʻi bilan oʻchokdagi oʻtlarni kovlar edi. Qizgʻish biqqi bilagidagi kumush bilaguzuk oʻtda tovlanyapti. U esnab, birdan seskanib tushdi va togʻ tarafga qaradi. U kulcha yuzli, nihoyatda oq, qoshlari esa qora, dilbar juvon edi. Qoniga tojik qoni aralashgan togʻli qizlargina shunday boʻladi. Aytishlaricha, bu yerdan yigirma kilometr ichkaridagi, ikki togʻ oraligʻida joylashgan Sangardak qishlogʻini «Parilar makoni» deyisharkan qadimda. Shunday goʻzal boʻlarkan u yerning qizlari. Lekin, chet yigitlarga qiz berishmaydi. Xosiyatsiz bir ish boʻlarmish... Juvon yana oʻchoqqa oʻgirildi-da, kapgir bilan qozon ichidagi masalligʻni kovlay boshladi. Qozonda qum qovurilardi. Shunda koʻzim birdan uning xiyolgina ochilib qolgan yoqasiga tushdi-yu, tezgina boshimni tortdim. Yon-verimga koʻz tashlab, koʻrpaga burkanib oldim.

Chori shu kecha yana ikki marta qumni mendan olib ketdi. Uxlay olmadim. Bir yokdan badanim qumga tegsa jizillab kuydiradi, ikkinchi yokdan oʻy kemiradi.

Tong otay deganda qulogʻimga otning kishnashi eshitildi. Boshimni koʻtarib qarasam, bostirma pastida miltigʻining milini quyiga qaratib yelkasiga ilib olgan durkun bir yigit qora otdan tushyapti. Oʻtovga qaradim. Eshik ogʻzida ayol, qoʻllarini koʻkragiga alla-nechuk qovushtirib, yigitga qarab turipti. Ayol uyga qarab, bir nima dedi. Kalovlanib Chori chiqdi, yigitni koʻrdi-yu, naryoqdagi tosh zinadan irgʻishlab tushib, unga otildi. Yigit uni tortib, yelkasiga urib qoʻydi va eshiklarni koʻrsatib, bir nima dedi. Chori ham bir nima deb, biz tomonga ishora qildi. Yigit biz tomonga qaradi. Men koʻzimni yumib, yuzimni bolishga bosdim. Koʻzimni ochib qaraganimda yigit kichkina xurjunni bilagiga osib, qamchin bilan kirza etiklarining qoʻnjiga urib-urib kelar, Chori otni yetaklab, eshaklar tarafga ketardi. Yigit zinadan yugurgilab chiqib, xotinga roʻpara boʻldi. Unga oʻtkir bir tikildi-da, xurjunni tutqazib uyga kirdi. Xotin ham uning izidan kirdi. Men hayajon ichida nimalar boʻlishini kutdim. Lekin, men kutganimni emas, kutmaganimni eshitdim: yigitning dagʻal kulgisini va xotinning nozli ovozini. Bir payt yigit oʻtovdan chiqib, uy orqasiga oʻtib ketdi. Sal oʻtmay, semiz bir toʻkdining boʻynidan gʻijimlab ushlab qaytib keldi. Biz toʻshakdan turganimizda qoʻy soʻyilib, oʻtovga kiritilgan edi. Safo aka uygʻoniboq:
— Eri keldimi? — dedi.
— Keldi, — dedim men kulimsirab.
— Qalay? Janjal qilmadimi?
— Qaydam! Hali koʻrasiz!

Chori kelib, bizga salom berdi. Kechagi qumgʻondan qoʻlimizga suv quyib turdi. Yuvindik. Endi artinib boʻlgan edik, oʻtovdan jilmayib yigit chiqib keldi. U oʻttiz yoshlarda edi.
— Kelinglar, mehmonlar, — dedi u. — Yaxshi uxlab turdinglarmi ?
— Rahmat. Oʻzingiz yaxshi keldingizmi? — soʻradi Safo aka.
— Endi bizning yurishimiz shu.
— Kechirasiz. Biz bemahalda keldik. Bezovta qildik oilangizni.
— E, bezovtasi bormi! — menga qaradi yigit. — Tuzalib qoldingizmi?
— Rahmat. Kelinoyim qum qizitib berdilar.
— Kecha yongʻoqzorda adashib yurgan sizlar emasmi?
— Biz, biz, — dedik hayron boʻlib.
— Men koʻrib edim, — dedi yigit. — Togʻda edim. Chiroqlaringizni koʻrdim. Oʻsha yerda qoʻnganlaringda yetib borardim. Keyin orqaga qaytdilaring. Bular Doʻgʻobaga ketdi deb oʻyladim.
— Bormadik. Bir odam yoʻlga solib yubordi. Bu yoqqa keldik. Lekin, bu kishining doʻsti oʻrtoq Axtamov ham hali ovulda ekanlar.
— Yaxshi qilibsizlar shu yerda qolib. U yoqqa joʻnasalaring, yana adashardinglar.
— Kelinoyimiz yaxshi qabul qildilar. Rahmat.
— Lekin, kasal boʻlganlaringiz qoʻl kelibdi, — dedi yigit. — Boʻlmasam, qoʻymas edi uyga. Xotin xalqi oʻzlaringga ma’lum-u. Qani, uyga kiraylik.

U bizni barcha rasm-rusumi bilan mehmon qildi. Joʻnash oldidan men ularni suratga tushirdim. Lekin, eri har qancha zoʻrlasa ham, xotini yuzini ochmadi.
— Kerak emas, kerak emas, —dedi u.

Chori boʻlsa, otasining qoʻlidan mahkam ushlab, koʻzlarini loʻq qilib qarab turdi. Suratni olib boʻlgach, u dam otasiga, dam onasiga iljayib qoʻyib, oldimizga keldi-da, uyalinqirab turaverdi.
— Ha? — dedim.
— Bering endi, — dedi u.
— Nimani?

Qoʻlimdagi fotoapparatga ishora qildi.
— Suratni.

Hammamiz kulib yubordik.
— Hozir tayyor emas. Uyga borganda ishlab yuboraman, — dedim, — Oʻqiysanmi?

Chori ikkita barmogʻini koʻrsatdi.
— Doʻgʻobaga otda qatnab oʻqiydi, — dedi yigit.

Xayrlashdik. Yigit bizni baland yaylovda bir toʻda oq oʻtovlar koʻringuncha piyoda kuzatib bordi. Soʻng:
— Axtamov shu yerda, — dedi. — Endi bu yogʻiga adashmaysizlar. Mening ishim bor. Kechqurun oʻtib boraman. Xayr.

Yigit burilib ketdi. Birpasda archali doʻng orqasiga oʻtib, gʻoyib boʻldi. Biz bittadan chekishdik.
— Kecha meni kasal deganingiz uchun joy berganmidi? — soʻradi Safo aka.
— Ha, — dedim. Soʻng qiynalganim, uxlay olmaganimni aytdim.

Safarimiz tugab, Toshkentga qaytib kelgach, sayohatlarimizni eslab, bir necha bor gurung qildik.

1965