OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiOmon ovchining oʻimi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Omon ovchining oʻimi (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

U oʻzi ham oʻlishi mumkinligini oʻylamasdi. U oʻldirishni... hayvonlarni, parrandalarni, xullas, Olatogʻda ov qilishga arzirli oʻlja borki, u qoʻliga miltiqni olishi bilan oʻzi anglamagan holdd, ulardan nimanidir otish — Oʻldirishni oʻylardi. Ba’zan, masalan, kiyik oviga ketayotgan boʻlsa, yoʻlida duch kelgan kaklik, chillarni ham ayamasdi. Zagʻizgʻonu choʻpon aldagʻich qushi uchrasa ham tirik qoʻymasdi.

Mabodo ovdan qoʻli quruq qaytsa — bunday voqea juda kam boʻlardi — u bamisoli otasi oʻlgandek aza tutar, qovogʻi ochilmas, shunda xotini ham koʻziga yomon koʻrinib, bechora biron-bir yetishmovchilikdan zorlansa, u: «Jonga tegding-ku sen ham!» deya miltiqni qoʻlga olardi...

U odam otmagan, biroq undan koʻplar qoʻrqishardi, uni yolgʻiz uchratganda xushomad qilishar, gavjum joylarda unga yaltokdanib ovi baror olib turganmi ekanini soʻrashardi. Omon sovuqqonlik bilan qisqa javoblar berardi.

Uning otasi Rahmon polvon qirq yoshida ham kurashda yiqilmagan, keyin bir oʻrta yashar oʻrtacha polvon bir qoqmada yiqitib qoʻyganida — dardi shunchalikki, omborga boʻyra toʻshab, ustidan suv sepib, unga bagʻrini berib yota-yota oldin yoʻtalni orttirib, keyin qon qusa-qusa oʻlib ketgandi.

U kishi Omonga oʻn uch yasharligida, «indamas» miltiq — melkokolibr miltigʻi olib bergan, Omon birotar ov miltigʻida emas, shunda qush otishni oʻrgangan, shu tariqa oʻtkir mergan boʻlib yetishgan edi: u bolalikdan yovvoyi qushu yovvoyi hayvonlar otish va yeyish uchun yaratilgan deb oʻylar, har qanday ovchida ham ma’lum bir yoshda paydo boʻladigan rahmdillik unda hamon uygʻonmas, chamasi, uning yuragi ham baquvvat koʻkragidek qattiq ediki, buning sababini ehtimol uning otasiga xos jihatlardan izlash mumkin.

Ular Olatogʻ bagʻridagi uylari bir-biriga mingashgandek kichkina qishloqda yashardi. Atrofda undan boʻlak qishloq yoʻq, rayon markazi sakkiz chaqirim etakda edi.

Maktabda begonalar orasiga tushib qolgandek har kuni markazga tushishda sakkiz chaqirim, qaytishda sakkiz chaqirimni bosib oʻqigan Omon oʻsha paytlarda rasm boʻlgan harbiy darsga qatnashish uchun maktabga boradiganga oʻxshar, chindan ham uning boshqa fanlarga qiziqishi yoʻq, harbiy darsda — otishdan oʻqituvchini ham yoʻlda qoldirardi.

U harbiy xizmatga borganida ham shu jihati bilan darhol mashhur boʻlib ketgan, ularning qismlari oʻrmonga yaqinmasmidi, ofitserlardan ovga ishqibozlari Omonni ergashtirib olar, Omon rus oʻrmonida los, ayiq otishni ham shu asno oʻrgangan, rusak quyonlarini otish — uning uchun ermak edi.

U harbiydan qaytgan yili otasi qazo qilib, Omon uning ishini oldi: qishloqchaga tutash sakkiz gektar oʻrikzor boʻlib, otasi Rahmon polvon unga qorovul, ayni chogʻda unga bogʻbon ham edi.

Ikki yildan keyin onasi uni uylantirdi. Onani ham tuproqqa topshirgan yili oʻgʻil koʻrdi.

Oʻgʻli toʻqqizga qadam bosganda...

... Omon bir kuni ovdan quruq qaytdi: Zovboshida bir qobon, bir megajin va oʻntacha churpani kamarga qamab chiqishini kutib yotgan edi, tepada geologlarning vertolyoti paydo boʻldi-da, naq kamar ustiga pasayib shunday shovqin koʻtardi, shamoli joni qattiq archalarni ham titratdiki, qamaldagi choʻchqalar sel bosganday vahimada chiqib, xuddi Omon pisib turgan archa tagiga oʻzlarini urdi. Omon kalovlanib, archa orqasiga oʻta oldi, xolos. Choʻchqalar odamning beliga uradigan miyazorga oralab, ilonizi yoʻl qoldirib ketipdi. Omon birinchi marta oʻzini oʻq boʻshatishdan tiydi: bunday paytda oʻq qobonga tegadimi, bolasiga tegadimi — boʻldi, qobon burila solib, ovchiga hujum qiladi.

Omonning ta’bi xira boʻlib, qishloqqa qaytgandidi.

Xotini sigir sogʻdirmayotganidan koyinib edi, Omon oʻzi xurmani olib, sigir tagida choʻnqaydi. Endi yelinni ushlaganini biladi, sigir bir qimtindi: oyogʻi koʻzani urib, chil-chil qildi. Omon oʻrnidan turib chetga chiqdi. Soʻng xotirjam kavshanayotgan hayvonga birpas qarab turdi-da, pichanga sanchib qoʻyilgan panshaxani olib, sigirning beliga ikki tushirdi. Jonivor ogʻir moʻrab yuborib, yotib qoldi: dir-dir titraydi.
— Voy, inakni oʻldirdingiz-e, beshafqat! — deb yigʻlab yubordi xotini.

Omon miq etmay rayonga tushib ketdi. Yolgʻiz joʻrasi Hamdamni oshxonada uchratib, u bilan koʻk choy ichayotgan edi, Omonning qisqa boʻlsa-da, birovlar uchun qiziq suhbatiga ishqiboz uch-toʻrt yigit bular stoliga oʻtishdi.

Keyin davraga rayon gazetasidan bir muxbir yi-git ham qoʻpshlib:
— Omon aka, hayvonlarga rahmingiz kelmaydimi? Otar emishsiz? — dedi.
— Shu gapni aytgan bekor aytipti, — dedi Omon.
— Boʻlmasam nimalarni otasiz?
— Nimani otishimni istar edingiz?
— Bilmadim endi, masalan, qutirgan hayvonlarni, molga oʻrgangan boʻrini, ishqilib, odamlarga shikast yetkazadigan jondor borki, u oʻlimga mahkum...

Omon mergan somsaxonani toʻsgan taxta devorga bir nafas qarab turdi-da, sekin hikoya qildi:
— Bir kuni Kuntegmasdan chiqsam, bir eshakli shudgorda chirqillab kelyapti. «Ha?» dedim. Xalachoʻp bilan orqani koʻrsatadi: nima deganini tushunmayman. U yoqqa qarasam, yoʻgʻonligi boldirday bir ilon oʻrmalab kelyapti. Otdim. Ilonni koʻzlamay otsang ham oʻq tegadi, deydilr. Bekor gap... Koʻzlab otdim. Ilon joyida qoldi... — Omon nihoyat kulimsiradi. — Uni otishim mumkin edi-ya?

Mushtumini iyagiga tirab tinglayotgan muxbir ishshayib:
— Yoʻgonligi qanday dedingiz? — deb soʻradi.
— Boldirday.

Muxbir u yoq-bu yoqqa qarab qiqillab kuldi-da:
— Ie bu siz ajdaholarni yeshtan milliy qahramonlarimiz traditsiyasini davom ettirayotgan kishi ekansiz-ku, aka! Sizni maqtash kerak ekan! — dedi.

Narigi stoldagilar kulishdi. Omon unga oʻqrayib turdi-da, piyolasidagi choyni uning yuziga sepib yubordi. Muxbir boshini egib qoldi.
— Ketdik, — dedi Omon Hamdamga.

Omon uyga qaytib kelganida, xotini tagʻin sigirni eslab:
— Jonivorning bir emchagi shishib qizarib ketgan ekan, menam bilmagan ekanman, — dedi.
— Oʻzi qalay?
— Ovqat yemayapti.
— Soʻyamiz.

Omon ertasi kuni sigirni soʻydi. Beli sinib ketgan ekan. Yarim goʻshtni qoʻshnilarga ulashib berishdi, yarim goʻshtni qovurib, xumga solishdi.

Shundan keyin qishloqda Omon sira kutmagan voqea sodir boʻla boshladi: qoʻshnilar birin-ketin janubga — Bandixon choʻliga koʻchib keta berishdi: choʻlquvar boʻlib... Omon ularni gangib kuzatar, bu qishloqni, shimoldagi Olatogʻni va unda bor archazorlaru hayvon-parrandalarni tashlab choʻlga — pashsha qaynagan qiziriq choʻlga tushib ketayotganlarini aqliga sigʻdirolmasdi...

Qovunni koʻrib qovun rang olgani shumi — hademay qishloq boʻshab qoldi.

Bu endi qishloq emas, satti chordevor edi: tomlari buzilgan, yogʻoch toʻsinlari ham olib ketilgan. Tez orada u yerda kalamush va sichqonlar koʻpaydi. Keyin esa ularning kushandalari boyqushlar koʻpaydi: ba’zisi kunduz kunlari ham devor kemtiklarida hurpayib oʻtirar edi.

Omon negadir bularni sira otmas, aksincha, ularni uzoq-uzoq tomosha qilishni yaxshi koʻrar, ba’zan kechalari tashqariga chiqib boyqush sayrashini eshitganda — yurak seskanishi qayda! — parishonxotir boʻlib tek qolardi.

Shunda u bu tun qushlarining mungli hamda nimasi bilandir tunga oʻxshab ketadigan unlariga allaqanday singishar, goʻyo oʻzi ham shu tunga, shu mungli unga, boyqushga aylanib qolardi.

Uyda xotinning gʻishing-gʻishingi koʻpaygan edi.
— Yovvoyi odamlarga oʻxshaymiz... Siz ketganda, kunduz kuniyam qoʻrqaman bu yerda... Yosh bola bir oʻzi markazga qatnaydi. Hademay qish kiradi...
— Men hech qayoqqa bormayman... Men ham shuning yoshida qatnar edim markazga... — deb qoʻyardi Omon.

Bir kecha boyoqish juda zorlandi:
— Shamollapti oʻgʻlingiz. Ichiray desam, sut yoʻq, tomogʻiga malham boʻlardi. Togʻdagi juvanalaringiz inak boʻlguncha kosamiz oqarmas ekan...
— Xotin, chidasang — shu, chidamasang joʻna! — dedi Omon.

Xotin bir muddat boshini xam qilib turdi-da:
— Mayli. Taloq qilsangiz... — dedi.
— Bor. Taloqsan, uch taloq! — Soʻng ayvonga chiqib birpas turdi-da, qaytib kirib, oʻgʻliga: — Sen qol... Anaviday miltiq olib beraman, — dedi.
— Menga miltiq kerak emas, — dedi bola.
— Boʻlmasam, sengayam katta yoʻl!

Ertasi Omon tajang holda ovga ketdi. Yoz EDI. PIshiqchilik. Har qanday shafqatsiz ovchi ham bunday paytda toqqa chiqib, endi joʻjasini uchirma qilayotgan kaklikka yoki bolalari mushtdek boʻlgan quyonga oʻq uzmaydi: ularning ham tirik jon, zurriyot qoldirishga huquqli ekanini his etishmi bunga sabab, balki ne bir sirli tuygʻu ularning ham inson qavmiga yaqin ekanini sezdiradimi...

Omon ovchi shu ketishda katta bir burgutni ham otib, soʻng uni xoʻp tomosha qilib, keyin uning xuddi besh yashar bolaning panjalaridek oq-sariq, biqqi barmoqli oyoqlarini kesib olib, uyga qaytib kelganda bari jihoz oʻz oʻrnida, faqat xotin bilan bola yoʻq edi.

«Enam ham otamdan chiqib ketgan edi bir-ikki marta. Keyin qaytib kelib edi. Bular ham keladi hali...» deb oʻyladi u va gʻashlanib esladi: oʻshanda u har gal otasi yonida qolar edi.

Kiyik ovlarga chiqqanda toʻrt-besh kunlab kimsasiz kamarlarda yotib, pistirmalarda tunab, yolgʻizlikka mutlaqo oʻrganib ketgan Omon mergan xotinsiz uyiga ham koʻnikdi. Boladan uning koʻngli xotirjam edi...

Sakkiz gektar chiqadigan oʻrikzorga qarash, qishda qovus suvi berish, bahor ayozlarida chalma tutatish, yoz boshida qurigan shoxlarini kesish (bir mikdor oʻtin toʻplash plani ham bor) va hosilini yigʻib, qoqi qilib berish ham Omonning boʻynida edi.

Ana shu — Oʻrikni qoqib, turshak qilish paytida uning ishi koʻpayar, kunora rayon markaziga qatnashga majbur boʻlardi. Chunki, sovxoz odam bermaydi. Odamni, ya’ni, oʻrikni qoqib teradigan va boʻyralarga yoyadigan «ishchi kuchi»ni u choyxonalarda valaqlashib oʻtiradigan, koʻcha muyulishlarida toʻp-toʻp boʻlib, tekkanga tegib, tegmaganga kesak otadigan bekorchilar orasidan yigʻishi kerak. Yaxshiyam Omon ovchining ov sarguzashtlari koʻplarni qiziqtirardi: koʻplari hikoya eshitish uchun kelardi. Lekin har kun emas-da!..

Uning boshiga bir ogʻir kun tushdi.

Shundan uch oy oldin u qop-qop turshakni mashinaga ortib joʻnatgach, oʻziga tegishlisini ham bir mashinaga yuklab markazga tushdi. Tayyorlov idorasiga topshirib, pulini oldi. Tentirab Hamdamning uyiga bordi.

U televizor koʻrayotgan ekan.
— Ke, ke. «Hayvonot olamida» boʻlyapti, — dedi.

Omon doʻstining xotini bilan soʻrashib, koʻrpachaga choʻkdi. Rangli ekranda Kavkaz tizmalaridan biri bagʻridagi qoʻriqxona koʻrsatilmoqda edi. Och jigarrang yonbagʻirda bir talay yovvoyi echkilar tizilib turardi. Boshlarini magʻrur burib, pastga qarashadi. Pastlikda toshqin daryocha oqyapti. Tepadan tosh koʻchdi. Kiyiklar dik-dik sakrab, yonbagʻirni aylanib oʻtib ketishdi. Keyin, ularni boshlab yurgan shoxi gajak arxar choʻqqida paydo boʻldi. Omon bu manzaraga bir qadar horgʻin koʻz bilan tikilib turarkan, xayolan arxarni nishonga oldi: «Boʻynidan otsam... Yoʻq, oʻq yo kurakka tegadi, yo qulogʻidan pastroqqa... Obbo, bu yoqqa burildi-ku! Oʻq sirpanib ketadi...»
— Yaxshi-ya! — dedi Hamdam. — Oʻzimizning kiyiklardan farqi bormi?
— Yoʻq, — dedi Omon. — Lekin bizda kam qoldi. Operatorlar suratga olib boʻpti!.. Keyin, bular qoʻriqxonada ekan, odamga oʻrgangan, qoʻrqmaydi. Echkiga oʻxshaydi... Biznikilar juda shar. Odamning isini bir kunlik yerdan biladi.

Hamdam doʻstiga choy quyib berdi.
— Bu yil ham kiyik oviga chiqasanmi?
— Chiqaman.
— Bir kiyik uchun besh yuz soʻm shtarap toʻlarmish... otgan kishi. Miltigʻiniyam olarmish... — Hamdam Omonga yuzlanib oʻtirdi. — Sen beparvo boʻlma u muxbirga. Orqangdan tushgan, joʻra.
— Oʻlgisi kelgandir. Otmaganim — odam edi... — Keyin Omon ham unga yuzlandi. — Milisaning nachayligi nima deb edi senga?

Hamdam uning tizzasiga urdi.
— Yaxshiyam eslatding... «Satti kiyik goʻshtini Omon polvonning bir oʻzi yeydimi yo sizlarni mehmongayam chaqiradimi?» deb edi. Uni mehmonga chaqirmaslik kerak. Lekin Omon ke, tavakkal-da, bir oqshom uning uyiga besh-toʻrt kilo kiyik goʻshti oborib tashla. Hozir emas, keyin, otganingda-da. He, qishdami...
— Besh-toʻrt kilo goʻsht nima boʻladi. Butunini oborib tashlayman.
— Mayli-yu, Hamdam Omonning joʻrasi deb, qoʻynimga qoʻl solib koʻrgan boʻlishiyam mumkin...
— Oyogʻi sinib yotgan ekan, harom oʻlmasin deb, soʻyib oldim deyman...
— Ha, bu gapingam ma’qul. U yer-bu yerini atay sindirib qoʻysang, a?
— Oʻq yegan bilan darrov oʻlmaydi. Shunda biron joyiga ursang, qon uyushib qoladi. Soʻyganingdayam bilinib turadi... Keyin urib sindirishdan foyda yoʻq.
— Oʻ, sen bilasan.

Oʻriklar bargi qontalash boʻlib toʻkila boshlagan, yomgʻir savalab turgan kunlarning birida Omonni sovxoz idorasiga chaqirib, Bondixonga — paxta terishga borishini ma’lum qilishdi. Omon «Bondixon» nomini eshitib, oyoq tirab turib oldi: «U yoqqa bormayman. Boshqa nima ish buyursangizlar, qilaman... Mayli, boshqa rayonga bor denglar, boraman», dedi.

Oʻrmon xoʻjaligiga qarashi lozim boʻlgan koʻp joylar, archazorlar hamda yovvoyi hayvonlaru ov qushlari moʻl boʻladigan qir-adirlar vaqti zamonida sovxoz chegarasi ichida qolgan, sovxoz unga qorovul qoʻymas, bunday shtat ham unda yoʻq, shu xususda oblast gazetasida bir tanqid — maqola bosilgan ekan.

Sovxoz direktori shuni tilga olib:
— Mana, hademay qish tushadi, uka. Bu yil qish qattiq keladi degan gap bor... Sovxoz oʻz chorvasi bilan parrandasini bir amallab qishdan chiqaradi. Anavi yovvoyilar qirilib ketsa, yana boshimiz baloga qoladi, — dedi. — Shuning uchun, Omonboy, togʻda, xususan bizning yerlarimizda — qaerlarda haligiday yovvoyi hayvonlar koʻp boʻladi, qaerda kaklik, chil koʻp boʻladi, bular sizga ma’lum...

Xullas, Omonning yoniga tagʻin bir kishini qoʻshib beradigan boʻlishdi. Qiladigan ishlari: kiyiklar bor joylarda bitta-yarimta oxur yasab qoʻyish, kakliklar suv ichadigan, demak, oʻrganib qolgan buloqlari atrofini simtoʻr bilan oʻrash... toki ularga sochib qoʻyiladigan donni oʻtkinchilar tashib ketmasin.

Omon merganga bu vazifa juda ma’qul tushdi. Keyin oʻylanib soʻradi:
— Men toʻgʻrimda har xil gap yuradi, direktor bobo... Shu jihatdan meni sinash emasmi bu?
— Insofingiz bor-ku, uka, — dedi direktor. — Agar qoʻyni boʻriga topshirib qoʻydi deb oʻz bilganingizni qilsangizam Xudo bor-ku... Oxiri yaxshi boʻlmasa kerak.

«Nima boʻlardi! — deb oʻyladi Omon. — Izimdan tushgan odam meni qoʻlga tushirmasa, hech nima boʻlmaydi. E-e, tushirib boʻpti!..»

Omon mergan tunda: oʻrmonda, togʻda hech narsadan qoʻrqmagani kabi jin-ajina degan narsalarga ham ishonmas, shu ma’noda «qon tutadi», «gunoh», «koʻz tegadi» degan gaplarning ham uning uchun ma’nosi yoʻq edi.

Masalan, qadimdan qolgan gap bor: ovchi kiyikdan bitta otishi kerak... Aks holda, bir falokat yuz berishi mumkin emish. Omon bu gapga ham panja orasidan qarardi. Chunki bu gap — qadim-qadimdan kiyiklarni asrab qolish, ularni qirib yubormaslik uchun diniy tus berib aytilgan, deb oʻylardi.

Tagʻin, xalqda: «Har kim oʻz kasb-koridan topadi», degan hikmat bor. Buning yaxshi ma’nosi oʻz yoʻliga, yomon ma’nosi — shu kasb-kor yoʻrigʻida olamdan oʻtadi, degani boʻlsa kerak. Masalan, oʻtaketgan zoʻr qassoblar umrining ma’lum bir pallasida shu darajaga yetarmishki, yostiqdoshi ehtiyot chorasi deb uning pichogʻini yotganda yashirib qoʻyarmish...

Shundayki, «ovchiyam ovdan topadi» deyishadi. Bunga ham hayotda misollar koʻp...

Omon mergan bu xil hangomalarga ham panja orasidan qarardi va eshitgan har bir hikmati ta’birini oʻzga bir mantiq bilan izohlab bera olardi.

Omon sovxoz idorasidan qoʻshilgan yigit bilan bir hafta Olatogʻ atrofidagi sovxoz yerlarida kezib, topshirilgan vazifani ado etib qaytdi-da, bu ishga beixtiyor qiziqqani uchun uyidan ikki doʻng naridagi Quriqsoy yoqasida ham kakliklarga bir kichik qoʻriqxona yasashga kirishdi: Hamdamning yordamida yuz gaz simtoʻr topib kelib, soy jiyagidagi Yolgʻizbuloqning atrofiga tutdi.

Soy bejiz Quriqsoy deyilmas, u koʻklamda toʻlib oqqani bilan yoz oʻrtasiga yetmay, suvi qurib qolar, tevarak-atrofdagi bir necha gala «oʻtroq kakliklar» shu — Yolgʻizbuloqning sal nariga oqib borib, yerga singib ketadigan suvidan ichardi.

Omon ovchi bu kakliklarni oʻz xoʻjaligidek bilar, toqqa chiqishga xushi boʻlmaganda, ulardan uch-toʻrttasini otib olib, xumorini bosardi.

Shu orada — shu qish ichi uning boshiga ogʻir kun tushdi.

Qor tingan, havo ilmiliq edi. Omon «indamas»ni zanglatmaslik uchun oʻrikzorga oraladi. Bitta zagʻizgʻon otdi. Soʻng uni olvolish, togʻda tulki koʻrgan yerlariga qoʻyib poylashni oʻyladi-yu, buni oʻziga ep koʻrmadi. Otilgan zagʻizton otvarildi...

U kiyik oviga joʻnadi. Uy orqasiga oʻtganda boʻri izini koʻrdi. Iz naridagi choldevorlar tomon ketgan, qorda baayni bitta boʻri yurgandek edi. Biroq, Omon bitta emas, kamida ikkita boʻri yurganini izning kattaligidan bildi: odatda, boʻrilar ovga chiqqanda, bir-birining izini bosib yurishadi.

Omon jilmayib qoʻydi. Ertalab ovchiga boʻri uchrasa, ovi baror oladi, deydilar. Shuni eslagan edi. Keyin, bu udumning aksini qilishni istab, qishloqni chetlab oʻtib ketdi.

Qor qalin va yumshoq edi. Omon mergan mahsi ustidan choriq kiyib olgan, oyogʻi yengil, qorga botmasdi.

U Olatogʻning ilk choʻqqilaridan biriga yetguncha havo ochilib, kun chiqdi: ayni kaklik ovlaydigan payt bu. Kun sovuq emaski, kakliklar kamarlardan chiqmasa. Tuman ham yoʻqki, uni koʻrish qiyin boʻlsa.

Omon mergan Olatogʻning oʻzi toshini sanagan soʻqmoqlaridan biriga tushganida, yuqoridagi choʻqqilardan qor koʻchdi. Guvillagan tovush tingach, jarlikdan oq toʻzon koʻtarildi. Shunda qarshisida bir kiyik oʻynoqlab chiqdi-ku!

Omon uning qoq manglayini nishonga olib otdi. Jonivor tepaga bir sakrab, pastga qulab ketdi. Shunda... uning oʻrnida yana bir kiyik paydo boʻldi. Omon miltiqni oʻqlay solib, uni ham otdi. U ham tepaga bir talpinib, quyiga uchdi. Keyin esa, shoxi gajak bir arxar koʻrindi. Omon miltiqqa oʻq joylar ekan, allanechuk shoshar edi. Arxarning ham ajali yetgandek qochmasdan quyiga qarab turib qoldi. Omon uni ham otdi...

Keyin, ancha kutib yotdi. Boshqa jonzot koʻrinmadi. Oʻz-oʻzidan ma’lum: bu kiyiklar koʻchkidan vahimaga tushib qochgan, orqasidan boʻri-moʻrining quvgan boʻlishi ham ehtimol. Aks holda oʻzini oʻqqa tutib bermasdi bular.

Omon otishga... shunchalik berilgandiki, kiyiklarning qaerga yiqilib tushayotgani haqida ham oʻylamasdi: yana otgisi, jonivorning sakrab tushib ketishini tomosha qilgisi kelardi.

Nihoyat, u iz tushmagan soʻqmoqdan qoplondek yengil yurib borarkan, ular yiqilgan joy suv urib ketgan arna ekani, kiyiklar u yerda boʻlmasa, etakka uchib ketganlarini tusmolladi. Borib qarasaki, uchovi ham shu yerda, ostin-ustun boʻlib, qonga belanib, hamon tipirchilab yotishibdi.

Omon ular yotgan joyga bir qur koʻz yugurtirib, birini ham ola bilmasligiga ishondi: ular besh-olti gaz pastda — tokchada, ikki tomon esa tik devor.

Omon mergan ular koʻp tipirchilasa, pastga tushib ketishlari uchun har biriga yana bittadan oʻq boʻshatishni ma’qul koʻrdi. Masofa arzimls darajada. Choʻnqayib, birining qulogʻidan, birining yuragidan otdi.

Kayfi chogʻ holda kechki payt qishloqqa qaytib keldi.

... U kiyik otishga berilib, ularning qaerga tushayotganini oʻylamagani singari, buning shavqi orqasida tagʻin bir narsani xayoldan faromush qilganini ertasi kuni doʻsti Hamdam bilan bir eshakka arqon va qop tashlab shu joyga kelganida bildi.

Uchala oʻlja ham dabdala boʻlgan, besh-oltita bahaybat, boʻyni tuksiz gʻajirlar ularni «hashar» qilmoqda edi. Omon miltigʻini oʻnglaguncha, ular oʻzlarini jarlikka «tashlab» uchib ketishdi. Shunday esa-da, Omon ular orqasidan oʻq boʻshatib qoldi.

Uning ta’bi xira boʻlgan, ikki kiyigu bir arxardan ajralgan edi. Bu yerda ortiq turmay, orqaga qaytishdi.
— Uvol boʻpti-e, uvol, — dedi Hamdam. — Yomon ekan-ku, bular, a? Arxarning koʻzini oʻyib yeyayotgan ekan bittasi.

Togʻdan ena boshlaganda Omon mergan, nihoyat, tilga kirdi:
— Otam aytgich edi, urush yillari togʻda yolgʻiz qolgan odamlarni ham yeb ketishgan bu qushlar. Rost aytding... Boʻriga tashlansayam koʻzini oʻyadi oldin. — Keyin u siniq kulimsiradi. — Biron joyda shikastlanib yotib qolsang, hech chalqancha yotma...

Qishloqqa yetishgan edi.

Yoʻlni kesib suv urgan arna oʻtadi. Uning tubidagi suv allaqachon muzlab qolgan, eni ikki gazdan oshiq esa-da, Omon undan bemalol sakrab oʻtib ketib yurardi.

Eshak qurgʻur ariqning tor joyidan ham oʻtmay taysallayverdi. Hamdam narigi betga hatlab, noʻxtadan tortdi. Omon uning quymuchidan zoʻr berib itargandi, hayvon lipillab oʻtib ketdi-yu, Omonning oyogʻi ostidagi qor koʻchib, toʻp etib muzga tushdi. Arnaning bu tor yeri ancha chuqur edi. Undan ham chuqurroqqa Omon sakrab tushsa, hech narsa boʻlmasdi. Chunki, tabiiy hol, u tizzalarini bukibroq sakrar edi. Hozir esa, muzga tikka tushdi.

Oyoqlari sal ogʻridi, xolos. Biroq oʻrnidan turgan edi, toʻpiqlarida ogʻriq shunday zoʻraydiki, u engashib qoldi. Shu koʻyi qirgʻoqqa tirmashdi. Hamdamning qoʻlidan ushlab, arnadan chiqib oldi. Biroq yana oʻrnidan tursa ogʻrishini tusmollab qorda oʻtirgancha, mahsisini yechib qaradi. Ikki oyogʻining toʻpigʻi ham shishib ketgan, yon-verida jigarrang dogʻlar paydo boʻlgan edi. Omon mahsini kiyib:
— Joʻra, hech munday boʻlmaganman. Eshakni qaytar, — dedi.

Hamdam eshakni qaytarib kelib, unga oʻng qildi. Omon bir qoʻlini doʻstining yelkasiga tirab, eshakka minib oldi.
— Oyogʻim chiqqan boʻlsa, chatoq... Eski siniqchi ustalardan qolganmi?
— E, ustani nima qilasan! — dedi Hamdam. — Balnisaga boramiz. Eng zoʻr ustalar oʻsha yerda. Rengin qilishadi. Bilishadi...
— Boʻlmasam koʻchadan yurmaylik.
— Mayli, Ichaksoydan boramiz.

Ichaksoydan borib, kasalxonaning etagidan chiqishdi. Omon miltiqni qopga solib, qorga koʻmdirdi-da, nihoyat, toʻqimda boshini egib oʻtirgancha kasalxona darvozasidan kirdi. U garaj oldida Hamdamni bir oz kutib qoldi. Hamdam borib, xirurg va rengenchilar bilan gaplashib keldi.

Omon eshakdan tushib yurolmay qoldi. Uyalganidan ter chiqib ketib, doʻstiga suyana-suyana tegishli xonaga yetdi. Uni tanish hamshira tepasiga qandaydir apparatlar engashib turgan muzdek karavotga yotqizdi.

Oyoqlari shishib ketgan edi. Mahsilar qoʻnjini yorib chiqarishdi. Keyin oyogʻi uchini dam shiftga qaratib qoʻyib, dam yonboshlatib, rengenga tushirishdi.

Bir ozdan keyin hoʻl, yaltiroq-sargʻish qogʻozni keltirib, Omonga koʻrsatyshdi.
— Ana. Katta boldir suyagingiz singan. Bolshoy bertsoviy kost singan... Toʻpiqning ustidan. Ikki oyogʻingiz ham... Yomon boʻpti, Omon aka. Ochigʻini aytamiz, buning tuzalishi qiyin boʻladi. Oyogʻingiz gipsdan chiqqandan keyin ham besh-olti oy qoʻltiqtayoqda yurasiz. Gavdaning ogʻirligi toʻpiqqa tushadi-da...

Omon merganning oyoqlarini oq tsement aralashmasi shimdirilgan qalin dokalar bilan tizzasigacha oʻrab gipslashdi. Gips tezda qotar ekan.

Keyin Hamdam eshakni deraza pastiga olib keldi. Omonni oʻtqazib joʻnadi.
— Kelgan yoʻlimiz bilan ketamiz, joʻra. Qop bilan miltiqni olib berib, oʻzing qolsang ham, mayli.
— Gapirma. Mening boshimga shunday kun tushsa, nima qilarding sen?

Omon gʻamgin kulimsiradi.
— Bilmadim.
— E, toshni yesa boʻlmasmidi goʻsht oʻrniga oʻsha nachalnik! Qani, endiyam izingdan tushib koʻrsin!
— Boʻlmasam, men bilan uygacha bor... Sandikda moʻmiyo bor... Olib bersang, boʻldi. Keyin, he-e, Qizilqishloqda Mazifa ammam turadi...
— Bilaman, bilaman. Senga birov qaramasa boʻladimi!

Shunday qilib, Omon mergan arzimagan bir ehtiyotsizlik orqasida ikki oyoqni nogiron qilib, yotib qoldi.

Amma kelib yigʻladi.
— Senga koʻz tegdi, — dedi. — Keyin — hadeb jonlini jonsiz qilishingniyam xosiyati yoʻq. Qusham xudoning maxluqi... Uyam bir vaqtlar odam boʻlgan emish...

Omon oyoqlarining singan joylarini solayotganda ham inqillamagan edi. Endi ixrab yubordi.
— Miltiqni obering! Yonimda tursin...

Amma qoʻrqa-pisa «indamas»ni, keyin u aytgan yerdan bir changal oʻqni olib berdi.

... Kun degani shundayki, boshingga ogʻir savdo tushganda ham, oʻynab-oʻynoqlab yurganingda ham — Oʻtave-radi.

Omon mergan birinchi kunlar, kishi bilmas, juda siqildi. Keyin bu siqilishni oʻzidan ham yashirishga boʻlgan beixtiyor intilish tufayli ahvoliga koʻnika... boshladi.

Hamdam ikki-uch kunda bir kelib ketardi. Mazifa opa esa kunora ayvondagi oʻchoqda bir issiq piyova qilib, Omonning oldiga bir kosa tortadi-da, qolganini sandal qoʻriga qoʻyadi.

Omon mergan sandal yonida, ichkarida oʻtirgan odamga tashqari bemalol koʻrinsin uchun past qilib qurilgan deraza tagida yotardi.

Iigirma kunlar oʻtib, Omon toʻpiqlari usti qichishayotganini seza boshladi: bu — tuzalish alomati edi. Lekin boshqa narsa uning gʻashiga tegardi: oyoqning shishi qaytib, «kichraygani» sari gipsga yopishgan tuklar tortilar...

Omonning oʻzi tizzasida choʻkkalab yurib, hojatga chiqib kelardi.

...Oʻlimidan bir kun oldin kechasi bilan qor yogʻib chiqdi. Keyin qattiq shamol esdi: qor uchqunlari deraza oynasiga pshtirlab urilardi. Oʻrikzorda ikki-uch marta boʻri uvlagani epshtildi. Ertalab havo tund, osmonni past tushgan bulutlar qoplab olgan, ayvonda chumchuqlar chirqillashar edi.

Omon ittifoqo kaklik sayrashini epshtib qoldi!

«Ha, qor qalin. Yemish uchun qishloqqa engan», deb oʻyladi va shunday paytlarda choldevorlar ichida kezib, ham kakliklarni uchirib otgani, qanotlari muzlab qorga kirib qolganini tayoq bilan urib olganini... eslab, shunday betoqatlandi! Darhol turib oʻtirib, miltiqqa oʻq joyladi. Keyin derazadan boqka uzoq tikildi. Ammasi bilan Hamdam bosib keladigan soʻqmoq ham koʻrinmas edi.

«Kak-kiba, ka-kiba, kak-kak-kak!..»

Kaklik uyi orqasidan, chamasi, oʻsha Quriqsoy tomonda sayrardi. Omon aqlini yoʻqotgandek kalovlanib, tik kiteli kissasiga ham uch-toʻrtta oʻq soldi-da, choponining yenglarini ham kiyib, oʻrmalay ketdi. Ayvonga chiqdi.

Kaklik haqiqatan ham Quriqsoy tomonda sayrardi. Shunda u Qamdamning yaqinda sovxozdan ikkita odamni yoʻlda uchratgani, ular ikki eshakka bugʻdoy toʻla xurjun ortib, toqqa ketayotganlarini aytganini eslab miyigʻida jilmaydi. «Soy boʻyidagi qoʻriqqayam don sepishgan...»

Boshqa payt boʻlganda Omon bu tariqa ovdan or qilardi.

Hozir...

U shahd bilan supa labiga emaklab bordi-da, qorga tushsa, gipsi nam tortishini oʻyladi. Keyin: «Sandal-da quritib olaman-da!» — deya bir qoʻlini qorga botirdi — qor tirsakdan keldi. Keyin ikkinchi qoʻlini botirdi. Keyin, sudralib tushib, oyoqlarini tizzadan koʻtarib oldi.

Shu tobda uzokdan qaragan kishi uni koʻrmas edi.

U ketarkan, harbiyda shunday qilib — «po plastunski» yurgan chogʻlarini ham esladi...

Omon birinchi tepalik ustiga chiqqanida, oyogʻini tizzadan bukishni unutgani, bemalol sudralib kelayotganini koʻrdi. Garangsib uni siypab koʻrayotgandi, kaklik narigi doʻng ortida sayrab yubordi yana.

Omon mergan burila solib yana oʻrmalay ketdi. Bu yoq enshp edi. Tez tushdi. Soʻng oxirgi kuchini toʻplab olmoqchidek birpas hansirab, boʻyniga osigʻliq miltiqni pastdan koʻtarib turdi-da, yana shaxd bilan tepalikka tirmasha ketdi. U ba’zi joylardan sirgʻalib tushar, yana emaklar, bunga sari koʻziga qon toʻlib bo-rar edi.

«Ularni otmasam, qaytmayman!»

Omon oʻrkachda!..

Simtoʻr bilan oʻralgan «qoʻriqxona» ichida, qordan chiqib turgan yapaloq xarsang ustida uchta chiroyli oqish kaklik chugʻur-chugʻur, gʻut-gʻut qilib donlashar edi.

Omon gʻayritabiiy olayib, bittasini nishonga oldi. Shoshilmasdan otdi. Kaklik nariga surilib ketib tek qoldi. Omon miltiqni oʻqlay solib, ikkinchi kaklikni ham otdi. U tipirchilab qoldi. Shundan keyin uchinchi kaklik uchmoqchi boʻlib, chetga bordi-da, sheriklariga, keyin tevarakka bir oz qarab turib, tagʻin tez-tez donlayverdi.

Uning nihoyatda och ekani koʻrinib turardi.

U ham choʻzilib qolgach, Omon mergan tezroq tushib bormasa, uchovi ham tirilib uchib ketadigandek shitob bilan pastga ena boshladi.

Endi...

Yapaloq tosh. U yonboshlab yotgan koʻyi kakliklarni bitta-bitta terib oldi. Nihoyat, ularga jilmayib qarab, patlarini titdi: oʻq tekkan joylarini koʻrdi.

Soʻng oʻzidan qanoatlanib, hali... tuzalib, oyoqqa turib ketsa, yana ovlarga chiqishi, mayli, hozir kakliklar kamayib, kiyiklar yuksak choʻqqilarga chiqib ketgan boʻlsa ham, oʻzining oʻsha yerlarga ham chiqib borishini xayol qilib, bir muddat rohatlanib oʻtirdi.

Keyin tuyqus xayoliga bir gap keldi: «Olatogʻda jonvor zoti qurisa, nima qilaman? — Uning koʻziga Hamdamning uyida televizorda koʻrgani Kavkaztogʻ manzarasi, kiyiklar koʻrindi. — Boraman. U yerlargayam boraman...»

U mana shunday xayol bilan band ekan, qor yana uchqunlayotganini koʻrdi. Shunda yana... oyogʻi esiga tushdi: chamasi, bu shunday ikki oyoqli maxluq ediki, yarim tanasi uzilib qolgan chogʻda ham, ruhi ovda... Oʻldirishda... boʻlar, chamasi, shuning oʻzi unga bas, shu hayot edi.

...Omon mergan shu oʻylaridan keyin besh minut ham oʻtar-oʻtmas nobud boʻldi.

U miltiqni tagʻin boʻyniga osib, kakliklarning bittadan oyogʻini bir qilib tishida tishlab, kelgan izi bilan oʻrmalab ketar ekan, simtoʻrni tagidan koʻtarib oʻtgan yeriga yetganda, bir sirpandi-yu, ogʻzidan kakliklarning oyoqlari chiqib ketdi. Omon ularga qoʻl choʻzganda yonbagʻirga koʻndalang boʻlib qoldi. Soʻng asta-sekin dumalay boshladi.

U dumalagani sari bir oʻram oq kigizga oʻxshab koʻrinar, biroq, kigiz tobora yoʻgʻonlashar edi. Oqibat, ajabtovur paxta toyidek boʻlib borib, yulgʻunlar ichiga kirib toʻxtadi.

... Omon bu paytda ham tirik edi. «Nima boʻlyapti? Nimaga?» deb oʻylardi. Nihoyat, nafasi boʻgʻildi. Koʻtarilmoqchi boʻlgan koʻksini qor bosib, dami ichiga tushib ketdi. Miyasida esa oʻsha savol javobsng qoldi.

Qor yoqqandan yogʻib, kechasi boʻron turdi. Qorni toʻzitib, tekis yerlarda kurtuklar paydo qildi, qori qalin betlarni yalab-supurib ketdi.

Erta koʻklamda oʻrikzorga qorovul etib tayinlangan Ulton piyon degan kishi qishloqda buzilmay qolgan yakka-yagona uy — Omon ovchining uyini koʻrgani kelib, uni xosiyatsiz deb topdi: egasi gʻoyib boʻlgan axir. Keyin, yonida olib kelgani yarimta aroqni maydalash uchun Quriqsoy boʻyidagi tepalikka koʻtarildi. Ancha oʻtirdi. Kun bota boshlab, pgasha ham yarimlaganda qoʻzgʻaldi. Soy ichi bilan ketishni ma’qul bilib pastga enayotgan edi, hali barg chiqarishga ulgurmagan yulgʻunlar orasida doʻmpayib yotgan gʻalati qor qurtugiga e’tibor qildi. Unga yaqinlashib oʻtarkan, undan chiqib turgan bir juft oppoq...

Burila solib soy ichi bilan qochdi. Uyiga yaqinlashganda, oʻpkasini bosib olish uchun shishada qolgan aroqni ham simirdi-yu, uyga yetib uchib qoldi.

...Ertasi Ulton piyonning vahimasiga «ergashib» rayondan chiqib kelgan bir toʻda odam Quriqsoy yoqasiga enaverib, koʻngil aynituvchi manzarani koʻrdi.

Bir gala masliqxoʻr gʻajirlar yulgʻunzor ichida, goʻyo qor supasida yotgan bir kimsani choʻqib-choʻqib yer edi.

1985