OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiOqtosh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm45KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oqtosh (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Biz Ulkan qishlogʻiga koʻchib bordik. Onam — Shoʻro raisi, men — endi uchinchi sinfni bitirib ta’tilga chiqqan paytlarim edi.

Bizga atab katta bir oʻrikzorning adogʻida oʻtov tikib qoʻyishgan ekan. Jihozlari ham bor: sholcha, bir taxmon koʻrpa-toʻshak. Xoʻsh, oʻtov biqinida yer tandir, undan sal narida — katta ariq, uning boʻyida tollar. Tollarning, lof boʻlsayam, har bir butogʻida chumchuq uyasi bor. Chirq-chirq, chigʻir-chigʻir tovushlar tinmas edi.

Onam menga tushuntirdi:
— Biz Rais boboning uyiga qoʻndik. Bir-ikki yil turamiz. Keyin yana rayonga qaytib ketamiz. — Bu gaplarni tushunganimdan keyin u kishi davom etdi: — Rais bobongni Joʻra degan oʻgʻli bor. Halizamon keladi. Kim bilan oʻynasang — Oʻyna-yu, oʻsha bilan oʻynama!
— Nimaga?
— Ishing boʻlmasin.

Haqiqatan ham hademay Joʻra keldi. Yonida ishtonini lipa urgan, shalpang quloq bir bola ham bor edi. Ularning bir-biriga munosabatidan kimliklarini bilib oldim... Joʻra ariqning u betidagi pastak devorga minib oʻtirdi-da, qoʻlidagi palaxmon bilan tollar shoxiga tosh ota boshladi.

Onam bilan Rais bobo oʻtovning chap tomonidagi supada bir-ikki kishiga nimalarnidir tushuntirishar, ulardan sal narirokda Rais boboning toʻriq oti bilan onamning jiyron oti oʻtlab turardi.

Shuni aytishim kerakki, Rais boboni men ikki yillardan beri bilar edim. Tumanga — hovlimizga mana shu toʻrigʻini minib borib qolar va mehmonxonada yotardi. Meni erkalar, qachon boʻlmasin, oʻzining Ulkan qishlogʻiga tomoshaga olib borishini aytar, soʻng u qishloqni maqtar edi: «Dayrosi bor. Choʻmilasan. Meniyam senday ulim bor, doʻst boʻlasan...»

Albatta, men bu taklifdan quvonardim hamda oʻsha «qachon»dir deyilgan muddat tezroq kelishini kutardim.

Mana, oqibat onam oʻsha qishloqqa Shoʻro raisi etib tayinlandi-yu, biz keldik.

Rais bobo bilan onam anavi ikki kishiga bir nimalarni tayinlashdi-da, oʻtovga qaytishdi.

Rais bobo Joʻrani koʻrib:
— E, nimaga oʻytib oʻtiribsan? Kelib, Sodiqboy bilan tanishmaysanmi? Senga aytar edim-ku? — dedi.
— Ha, Sodiqjon, kel. Akang bilan tanish, — dedi onam ham. Va mening yelkamdan quchib: — Gapim esing-da boʻlsin, — deb shivirladi.

Joʻra devordan tushib, qiyshayib keldi. Men har qalay shaharlik edim: unga qoʻl uzatdim. Uyam qoʻlining uchini berdi-da otasiga:
— Qurtni chumchuq jeb ketayapti, — dedi.
— He, ukkagʻarlar! — Rais bobo etigini yechmoqchi boʻlib qoʻnjidan tutdi-yu, vaqtni boy beradigandek birdan alpang-talpang yurib borib, bitta tolga chiqib ketdi. Keyin ayrida turib olib shoxlarni shunday silkitdiki, chumchuq bolalari yomgʻirdek toʻkila boshladi. Joʻra bilan Oqboyga ergashib men ham doʻppimni oldim-da, palaponlarni terib sola boshladim.

Rais bobo shoxma-shox yurib, boshqa tollargayam oʻtdi. Ulardan ham son-sanoqsiz palaponlar toʻkildi. Endi onam chumchuq bolalariga achinib, qoshini chimirib turar, nuqul:
— Bas endi, oʻrtoq Boboev! Bundan koʻra qurtxonalarga qorovullarni koʻpaytirish kerak, — der edi.

Shu payt deng, qaysi goʻrdan bir maymoq it bilan ikkita mushuk paydo boʻldi-yu, ular ham toʻkilgan chumchuq bolalarini terib, haligiday oshqozonlariga joylay boshladi. It bilan mushuk — bir-biriga dushman: yaqin kelganda, tashlanishib, fishillashib qolishar, keyin tagʻin tirik xoʻrakka tashlanishar edi.
— Yuring-e, yarashmagan ishni qilib!.. — Onam jerkib shunday dedi-da, otlar tomonga yoʻl oldi.

Saldan keyin Rais boboyam daraxtdan tushib va ust-boshini qoqib:
— Esa biz gʻallaning boshiga ketdik. Joʻraboy, ukangni oʻynat! Palaxmon qilib ber. Choʻmilishga olib bor... Moltishni oʻrgat. Xoʻpmi, bolam? — deb va mening kiftimga qoqib qoʻyib, onamning izidan xetdi.

Hademay ular otlarini minib etakka enib keti-sharkan, onam qayrilib qarab:
— Gapim esingdan chiqmasin, Sodiq! Haligi kitobingni oʻqi! — dedi.

O’sha kuni oʻrikzorning u yogʻidagi bahaybat yontoqlar ostida paqqa boʻlmagan yongʻoqlarni toshga urib, poʻstlogʻini archib oʻtirganimizda, Oqboy menga qiziq gaplarni aytdi:
— Enang Rais boboga tegarmish... Joʻraning enasi maraz boʻlgan. Dayrodan normankapada yashaydi.

Joʻra yongoq shoxida edi. Pastga tushgandan keyin:
— Joʻraka aka, — dedim unga. — Enangiz maraz boʻlganmi?

U boshini egib qoldi.
— Doʻxtirga oborish kerak-ku?
— Davosi yoʻq emish, — deb pichirladi u.
— Bi-ir oʻzlari yashaydimi kapada? U bosh irgʻadi.
— Yuring, borib koʻramiz.

Joʻra menga tikildi. Oqboy boʻlsa:
— Bugun bordingmi? — deb soʻradi undan. U boshini chayqadi.
— Kayvoni momo toʻyga ketgan. Non yopmagan.

Biz tuman markazidagi uyimizda gʻamimizni yeb, momom yopgan uch-toʻrtta yogʻli patir-non, kastryulga qovurdoq solib olgan edik. Hali kelib, qora uyga

yasoylashganimizdan keyin ana shulardan biroz tamad-di qilgandik.
— Non bor. Goʻsht ham bor, — dedim. — Uyda! Ana, ishonmasangiz, kirib koʻring!

Joʻra gʻamgin jilmaydi. Oqboy boʻlsa:
— Jur, — dedi. — Olamiz! Boramiz!.. Mana muniyam qidirtamiz! Borasanmi, Sodiq?
— E, boʻlmasamchi, — dedim.

Onam haligi gapni tayinlab ketgan boʻlsa-da, men Joʻraning yonidan jilmagan edim: axir, nima qilay? Kim bilan oʻynay? Ikkinchi tarafdan, Rais boboning tumanda — uyimizda aytgan gaplari yodimda: Joʻra meni daryoga olib borishi kerak edi. Uchinchidan desangiz, ayniqsa onamning gapidan keyin bu yigitga qiziqib qolgandim. Bundan tashqari, bechoraning...

...onasi haligiday kasalga yoʻliqqan, bitta oʻzi bir kapada — daryoning u tomonida yashar ekan...

Shuni aytishim lozimki, oʻshanda — urushdan keyingi, yoʻgʻ-e, elliginchi yillarning oʻrtalarida ham tirikchilik kechirish ogʻir, yetimlar koʻp, anavinaqa kasallar ham serob edi. Va bizning tuman markazida ham pes, maraz boʻlgan kimsalarni jamoadan chiqarib qoʻyish rasm edi.

Oqboyning gapidan keyin Joʻra yelkasini qisib, menga moʻltirab qaradi. Men uning qoʻlidan tortdim.
— Yuring.

Onam oʻshanday degani bilan men bu yigitdan negadir qoʻrqmadim. O’zimga ishonarmidim — bilmayman. Harqalay, maktabda chopish, sakrash, mushtlashish — boks boʻyicha ilgʻorlar qatorida edim. Ishqilib, birovdan tayoq yemasdim...

Patir nondan birini olib, orasiga qovurdoq qoʻydik. Bir qiyiqqa oʻrab, yoʻlga tushdik.

Rais bobo bilan onam otlarini yoʻrttirib ketgan soʻqmoq bilan borardik. O’riklar gʻarq pishgan, yerga koʻrpa boʻlib toʻkilib yotibdi deng. Koʻplari oyoq-tuyoq ostida ezilgan, achigan. Ular ustida arilar va pash-shalar gʻuj-gʻuj. Ana shu — ezilgan oʻriklar hidi anqiydi!

Qandaydir tashlandiq, yovvoyi oʻlkaga kelib qolganday sezasan oʻzingni.

Bu qishloqda oʻzi xonadonlar siyrak ekan: huv unday yerda qora suvoq qilingan bir katalak koʻrinsa, undan ancha narida bir kapa koʻzga tashlanadi. Undan ham narida oʻtov... Keyin bilsam, bu yerliklarda chorva ham moʻl, qoʻy-echkilarini yaylovlarga haydagan yoxud togʻ oʻtloqlariga chiqarib ketishgan ekan.

Ariq labidan bora-bora sholizor yoqasidan oʻtdik. Va birdaniga bahaybat bir jarlik chetiga chiqib qoldik. Jarlik shunday kattaki, u qirgʻogʻi bilan bu qirgʻogʻining orasi biron chaqirim keladi.

Biroq yonbagʻirdan ilonizi boʻlib oʻrmalab tushib ketgan soʻqmoq ham borki, unda mol tuyoqlari va yalang-oyoqchalarning izlari qolgan.
— Ana, dayro, — dedi Joʻra tubanlikni koʻrsatib.

Tubanda — jarlik tubida yaltirab suv oqar, sohillarni yulgʻun bosib ketgan, qizarib gullagan bu yashil butalar orasida — qumda boʻlsa kerak, yarim yalangʻoch bolalar va lozim-koʻylakli qizchalar har xil alfozda oʻtirishar-yotishar edi.

Rais bobo «dayro» deganda, men kitoblarda oʻqiganim kattakon nahrni koʻz oldimga keltirgan boʻlishim lozim — shuning uchun bu daryo menga soy boʻlib koʻrindi. Men unga bepisandlik bilan boqib:
— E, shumi? — dedim.
— Juringlar! Qaytishda choʻmilamiz! — dedi Oqboy. Va biz unga ergashdik.

Qirgʻoq boʻylab sal yurganimizdan keyin shundoq qarshimizda jarlik qirtoqlarini ulab turgan uzun osmakoʻprikka koʻzim tushdi. U ertaklardagi puli sirot koʻprigiday tuyuldi menga! Va yuragim gurs-gurs ura boshladi: «O’tayotganimizda, uzilib ketsa... Xudo urdi! Onam Joʻrani ayblaydi...»

Darvoqe, uzr etasiz, onamning bu yigitchaga ishonmasdan qarashining sababini gʻira-shira tushungandek edim: axir onam Rais boboga tegar emish...

Rais boboning esa xotini anavinaqa ahvolda: oʻgʻli bu... Demak, Joʻra menga gʻayirlik bilan qarashi mumkin-da.

Lekin hozircha bu narsani sezmagan edim. Hoziroq aytib qoʻyayki, keyinchalik ham sezmadim. Joʻra taqdirga tan bergan, buning ustiga, u ham meni tezroq koʻrish va deylik, daryoni koʻrsatish, moltishni oʻrga-tishni oʻylab yurar ekan.

Koʻprikka qadam bosdik. Yoʻldan farqi yoʻq. Ammo oʻrtasiga yetganda, uning nari-beriga borib kelayotgani, ammo bu sezilmas darajada ekanini koʻrib, ha koʻrib qolib, kapalagim uchib ketdi. Joʻraning bilagidan ushlab oldim.
— Qoʻrqma, uka. Uzilmaydi. Mahkam bu, — dedi u tirsagimdan qisib. — Poda-poda mol oʻtadi bundan. Suruv-suruv qoʻy... Bultur bir chol oʻldi. Uning tobuti ortidan minglab odam ergashib joʻnadi. Shuniyam koʻtardi bu...

Joʻraning onasi oxirgi kunlarini kechirayotgan kapa qabristondan berida, qoʻziqoringa oʻxshash ulkan gujum ostida ekan. Unga yaqinlashganda, Joʻra Oqboydan tugunni oldi.
— Qolamiz, — dedi Oqboy menga. — Borib boʻlmaydi.
— Nimaga?
— Boʻlmaydi-da.
— Mayli.

Joʻra ketdi. Borib, kapaga kirdi. Biz har tomonga qarab, tomosha qilib turardik. Yaydoq, xas-xashak bosib ketgan kattakon qabristonda soʻpitoʻrgʻaylar koʻp, ular xush ovozda chuldirashib uchishar, qaysi biri uchmasin — tom boʻyi koʻtarilgach, havoda muallaq turib sayrab olar, keyin yerga-qovjiragan tikanlar, alaflar orasiga qoʻnardi. Bir-ikkitasi atrofimizda pildirab yurardi.
— Bu qushni oʻldirib boʻlmaydi, — deb qoldi Oqboy. — Gunoh boʻladi. Yomon boʻladi.
— Qanday «yomon boʻladi?»
— Yomon-da.

Keyin gujumga qarab dabdurustdan shu she’rni aytdi:

Mullatoʻrgʻay — otim boʻlgʻay.

Meni oʻldirgan

Yetti eshikda yetim boʻlgʻay.
— O’-oʻ, — dedim. — Chumchuqni oʻldirsa boʻladimi?
— Uning turgan-bitgani ziyon, — dedi Oqboy. — Haligi palaponlarni nima qildim, bilasanmi?
— Yoʻq. Nima qilding?
— Bittalab it bilan pishakka jedirdim, — javob berdi u bamaylixotir. — Munday olib tepaga otaman. Yo it ilib oladi, yo pishak. Chumchuqning turgan-bitgani ziyon, — deb takrorladi yana. — G’allaniyam shu quritayapti. Rais bobo bizni mashoq terishgayam qoʻymaydi!

Qamchilab uradi. Chumchuq boʻlsa, jeb ketayapti. Shuning uchun palaxmon bilan...

Joʻra kapadan chiqdi. Koʻzlari nam edi. Yuzlarini kafti bilan arta-arta keldi-da:
— Seni alqadilar, — dedi menga.
— Meni?
— Ha. Koʻpga kirsin. Yaxshi bola ekan, dedilar...
— Rahmat, aka. Ertaga yana kelamiz-a? Joʻra kiftini uchirib soʻqmoqqa tushdi.

U — mening oʻlchovim boʻyicha — Oʻrtaboʻy, yelkalari keng, yuzi ham keng va koʻzlari qiyiqroq edi. Rais boboning oʻgʻli boʻlishiga qaramasdan egnidagi surp koʻylagi tirsaklariga yamoq tushgan, ishtonining bir pochasi uzun, doʻppisiyam hilvillab ketgan edi.

Men, harqalay, tik shimdaman, shohmotnusxa koʻylagimning yenglari kalta, oyogʻimda keti. Soch oʻsgan: toʻgʻrirogʻi, soch qoʻyganman.

Koʻprikka yetgan joyda quyiga enib ketgan eshak yoʻli bor ekan. Anchagina keng. Aftidan, koʻprik qurilmasdan burun odamlar ana shu yoʻldan tushib chiqishgan.

Biz tubanga enishimiz bilan daryoning u qirgʻogʻi-yu bu qirgʻogʻidagi oʻgʻil hamda qiz bolalar tikka-tikka boʻlishib, bizni goʻyo qarshi olishdi.

Yulgʻunlarni oralab oʻtarkanmiz, atrofga qiziqqanim uchunmi har bir narsaga diqqat bilan nazar solardim. Yulgʻunlarning tanasiga har xil xas-choʻplar, ildizlar taqalib qolgan. Ayrimlarining shoxlarida qush uyalari bor, ammo bari boʻm-boʻsh edi.

Tepamizdan chiy-chiylab jarqaldirgʻochlar uchib oʻtadi, ba’zisi yuzimizga tegay-tegay deb ketardi.

Bu yer, ya’ni jarlikning tubi ham hayhotdek makon ekan! Suv ham katta va tinimsiz shovullar, xuddi kuchli bir shamol esmoqda-yu, koʻzga koʻrinmas chinorlar silkinmoqda edi!

Aytganimdek, bolalarning koʻpchiligi yarim yalangʻoch, ya’niki ishtonda, qizlar esa lozim-koʻylakda-yu, ammo kiyimlari badanlariga yopishib qolgan va u-bu yerlariga qum yuqqan, paxtaband qilib oʻrilgan sochlari ham hoʻl, yuzlari qoraygan, shu bilan birga kulib turishar edi.
— Qalaysizlar? — deb baqirdi Oqboy. — Qurtni chumchuq jeb ketayapti! G’allaniyam shoʻri quridi! Sizlar nima qip juribsizlar-a, bekorchilar?

Qotma, murti sabza urgan bir bola:
— O’zing-chi, oʻzing? — dedi.
— Men... — Oqboy Joʻraga, keyin qirgʻoqqa imo qilib qoʻydi-da, past tushmadi. — Jurippizda, mana Shoʻro opaning ulini qidirtib!

Hamma menga tikildi. Men ular bilan qoʻl berib soʻrashish-tanishishga chogʻlandim. Biroq biri ham oʻrnidan jilmadi: bolalar ust-boshimga qiziqib boqishar, qizlar oʻzaro shivirlashar edi.
— Eshitdinglarmi, Ulkanga yangi Shoʻro keldi! Joʻralarning oʻtoviga qoʻndi. Jiyron oti bor. Uli mana... Oti Sodiq! Hozir sizlarga moltishni koʻrsatib qoʻyadi!

«Moltish» soʻzining — suvda suzish ekanini tuman markazidayoq Rais bobodan soʻrab-bilib olgan edim.

Ammo suzish bobida... Menimcha, tuman markazida yashaydigan-oʻqiydigan tengqurlarimning eng katta nuqsoni — suzishni yaxshi bilmasliklari edi. Toʻgʻri, ikki hovlining birida hovuz bor. Unga suv quyilganda, barg-xazonlarni chiqarish uchun bolalar hovuzga tushishadi.

Shu tariqa men ham besh-oʻn qadam suzishni oʻrganib olgan edim.

Ammo bunday vagʻillagan daryoda choʻmilish... Uyalganim ham shu — daryoga qaradim.

Shoshqin, oppoq-serkoʻpik suv toshdan toshga sakrab oqar, ba’zi joylarda oqayotgani bilinmas, ellik qadamlar etakda — daryo qirgʻoq kamaridan aylanib oʻtardiki, u tomonda suv umuman toʻxtab qolganga oʻxshar edi: rangiyam koʻm-koʻk.
— Moltishni bilasanmi? — deb soʻradi Joʻra.
— Sal-pal.
— Shunday koʻringani bilan opketadi, — dedi u suvga termulib. — Oyogʻingdan chaladi... Lekin mana bular oʻrgangan. Markazda dayro yoʻgʻ-a?
— Yoʻq. Rayonni chetlab oʻtadi.
— Otam aytib edilar...
— Qani, bir-bir tashlab olaylik. Keyin ketamiz gʻallaning boshiga! — deb qoldi shunda haligi — murti sabza urgan, qotma yigitcha. — Joʻra aka, chechining-e! Kun isib ketdi!.. Hoʻ, Shoʻroning uli, sen ham choʻmil!

Shu gapdan keyin qizlar burilib, oqimga qarshi tomonga yoʻl olishdi. Bolalar boʻlsa chopa-chopa suvga O’zlarini otib va umbaloq oshib, koʻkarib turgan tomonga suza boshlashdi. Qarasam, Joʻra ham koʻylagini yechyapti.

Men ham shimim bilan koʻilak-maykamni yechib, ustiga qoʻydim.

Biz suv boʻyiga yetganda, qizaloqlar — koʻylak-lozimlarida qiyqirishib-kulishib va umbaloq otishib, oldimizdan oʻtib ketishdi-da, koʻkarib turgan joyga yaqinlashaverib, yulgʻunlardan ushlab-ushlab qolishdi.

Joʻradan keyin Oqboy ham qulogʻiga bir nimani tiqib suvga kirdi. Suv belidan oshganda, oʻzini tashladi va goh koʻrinib-goh koʻrinmay keta boshladi. Men ham suvga kirdim. Muzdek. Ikki qadam bosganimni bilaman, oyogʻim toyib ketib, chalqancha yiqildim-ku! Turaman deyman — dumalayman. Ichimga suv kiryapti. Biron narsadan ushlayin deyman — goh qoʻlim yetmaydi, goh sirpanib ketadi.

Qandaydir vahimaga tushgan paytimda haligi koʻkarib turgan joyga yaqinlashdim-u, oyogʻim yerdan-suv tubidan uzildi! Uzilishi zamon choʻkib ketayotganimni anglab, apil-tapil tepaga intildim-da, qirgʻoqqa qarab suzdim!

Bu yerda oqim sust edi: hademay yulgʻunlardan ushlab, toshloqqa chiqib oldim.

Mening ahvolimni koʻrib havotirga tushishganmi — Joʻra bilan qotma yigitcha izimdan quloch otib kelishayotgan ekan. Ular ham sohilga chiqishdi.
— Qashqa boʻlmadingmi? Aytdim-ku, tezoqar bu, — dedi Joʻra hansiraab.
— Ha, yoʻq, — dedim. — Toshlar sirgʻanchiq ekan... Lekin rost, oyokdan chalar ekan.
— Uf. Manavu iyrimga kirib ketadiyov deb qoʻrqib edim, — dedi murti sabza urgan. — Tagi chuqur. Uch-toʻrt odam boʻyi keladi. Keyin oqim zoʻr. Bir marta oʻzimniyam chirpirak qilib opketgan Huv kechuvga borganda, zoʻrgʻa chiqib olganman. O’shanda oʻn yoshda edim... Uch yil boʻpti!
— Sen yaxshi suzolmaysan, — dedi Joʻra menga. — O’rgataman... Qoʻrqmasang boʻldi.
— Ha, qoʻrqmasang boʻldi, — dedi u yigit ham.

Shu palla suvning koʻm-koʻk sathida Oqboy paydo boʻldi-da, qoʻllarini yuqoriga koʻtarib shoʻngʻidi. Zum oʻtmay oʻn qadamlar narida, suvning kamardan chiqayotgan joyida paydo boʻldi boshi! Keyin bizga qarab moltib, ihrab-ihrab chiqib keldi.

Shu narsani aytishim shartki, biz oʻtirgan joy juda-a ajoyib edi. Dumaloq koʻk, malla toshlar — kursimiz. Qizaloqlar ham tomoshadan quruq qoladiganday yetib kelishgan. Ular ikkita toshda choʻmilib chiqqan kaklik joʻjalaridek gʻuj boʻlib, goʻyo oʻzlarini oftobga toblab, patlarini quritishar edi.

Shundoq oyogʻimiz ostida — Oʻsha koʻk iyrim. Ya’ni girdob! Biroq uning qirgʻoq qoʻltigʻiga urilib, oʻrama hosil qilib oʻtayotgani sezilmas, aytishlaricha, oqimning zoʻri suvning tubida edi. Sirti esa shunday sokin.

Tepamizda goʻyo ayvon shifti bor. Ya’ni, metin qirtoq daryoga choʻzilib bagʻrini tutib turar, biz uning soyasida oʻtirardikki, haqiqatan ham ayvonda oʻtirgandek edik.

Ustimizda qaldirgʻochlarning chiy-chiylab uchishi-e! Bizni bu yerdan quvib yuborishga ahd qilishgandek!

Xullas kalom, men xiyol mulzam boʻlgan holda, bosh-qalar gʻolibona koʻrinishda edi, haligi murti chiqib qolgan yigitcha:
— Ey, joʻralar! «Oqtosh» oʻynaylik, a? Joʻra aka, xoʻp deng, — dedi. — Keyin toʻgʻri gʻallaga ketamiz!
— O’ynanglar, oʻynanglar! — deb qolishdi qizlar ham.

«Qiziq, qanaqa oʻyin ekan bu?» deb oʻyladim-da, Joʻraga qarovdim, u:
— Oqboy, sen bakovul, — dedi. — Oldin tushuntirgin oʻyinni. Sodiq ham bilsin!
— Men tushuntiraman, — deb toshdan turdi oʻyinning tashabbuschisi va qoʻlidagi oppoq, judayam oq — quyruqdek toshni menga koʻrsatdi.

...Ana shu toshni suvning eng chuqur joyiga otarkan. Otayotganida, hammaning koʻz yumib turishi shart ekan. Keyin bakovulning gapi bilan bolalar koʻzla-rini ochisharkan-da, «Bir, ikki, uch!» deyilishi bilan oʻzlarini suvga otisharkan.

Iyrimning tubidan ana oʻsha toshni olib chiqish lozim ekan.

Kim topib-olib chiqsa, demak, oʻsha — Gʻolib!

Daryoning eng chuqur yeridan u toshni qanaqa qilib topib chiqish mumkin?

Xayolingizga shu savol keldi, a?

Men ham shuni oʻylab, lol qolib turgan edim, bu yogʻini Joʻra tushuntirdi:
— Suvning tagida koʻzni ochib yurish kerak. Bildingmi? Suv tiniq...
— Bildim, — dedim.

Suvning tagida koʻzni ochib, demak, tubidagi toshlarga tikilib yurish?!

Hovuzning loyqa suviga tushganingda hatto burningni, quloqlaringni ham iloji boʻlsa bekitib olasan-u, ajab, koʻzni ochish... Aqlga sigʻadimi shu gap?

Lekin bu yerdagilar uchun bu — Oʻta joʻn gap, oddiy oʻyin ekan!

Oqboy:
— ...Uch! — deyishi bilan ishtonini lipa urib, pochalarini ham himarib olgan bolalar guv-guv etib suvga oʻzlarini otishdi. Va hammasi gʻoyib boʻlib ketdi.

Qizlar bilan men... sohilda qolgandim. Suvga tikilyapman. «Hozir chiqadi... Ana chiqdi. Yoʻq! Nafasi qaytib ketmasmikan bularni?»

Yanoqlari turtib chiqqan va koʻp choʻmilganidanmi shoʻralab ketgan, ammo quvligi shundoq bilinib turgan bir qizcha:
— Huv bola! Oting Sodiq-a? — deb soʻradi.
— Sodiq, — dedim. Va beixtiyor kitoblarda yozilganidek: — Seniki-chi? — deb soʻradim.
— Meni otimni nima qilasan? — U birdan sharaqlab kuldi. — Mayli, oqtoshni opchiqsang, otimni aytaman.

Dugonalari u bilan kelishib qoʻyishgandek kulib-qiqillab yuborishdi.

Men oʻz-oʻzimdan qizib-qizarib ketdim. Va asta oʻrnimdan turdim. Ammo suv tagida koʻzni ochib yurish... Buning ustiga, bunday oqar suvda suzishniyam bilmayman. Tagʻin: daryo tubida oqim bor ekan. Shu narsalar miyadan gʻuvillab oʻtgancha suvga qarab jilayotganimni fahmlab qolganimda...

...suv yuzasiga shoʻlp etib bir bosh chiqdi. Keyin yana bir kalla, soʻng tagʻin bittasi...

Joʻra ham chiqib keldi.
— Oqimga tushib qoldim. Arang qutildim. Oqboy ham chiqdi, kelib kuldi.
— Oqim opketipti deyman!
— G’irrom, — deb toʻngʻilladi Joʻra. — Bakovul boʻlib oʻtirmaysanmi?
— O’tirolmadim-da.

Nazarimda, ikki daqiqalar oʻtdi. Hamma chiqib boʻldi. Faqat haligi murti sabza urgan...

Xayriyat-e!

Boshidan oldin toshni tutgan qoʻli chiqdi suvdan! Va bu yoqda qiyqiriq boʻlib ketdi!

Ayniqsa, qizlarning quvonishgani!

Shunda, ishonasizmi, oʻsha boladek boʻlgim keldi-e! Axir, yaxshi-da.

...qizlar ham chuvvos solib, chapak chalib, olqishlab qarshi olishsa seni!

G’olibni!

Ammo unday boʻlishimga sira koʻzim yetmasdi; yoʻq-yoʻq, suv ostida, nari borsa, yarim daqiqa turarman.

Koʻzni ochib...

Oqimga tushib qolsam...

Obbo, oldin shunchaki suzishni oʻrganishing kerak, xomtama boʻlma, Sodiq!

Qizlar u bolani, oʻzlaricha olqishlab: «Jamol yutdi! Jutdi!» deganlaridan uning ismini bilib oldim. Va u bilan joʻra boʻlish, undan uni-buni oʻrganishga qasd qildim.

Biroq hoziroq aytib qoʻya qolay: u menigina emas, boshqa bolalarni ham pisand etmas ekan.
— Boʻldi qilinglar. Dalaga ketdik, — deb soʻqmoqqa tushdi. Aftidan u, umuman, koʻylak kiymas, shuning uchun badani temirdek yaltirab ketgan edi.

Joʻra menga:
— Hozir, hozir, — deb oʻzini suvga otdi-da, hash-pash deguncha narigi qirgʻoqqa chiqib va yulgʻunlar orasidan mening ham kiyimlarimni olib daryoga tushdi. Va bir qoʻllab suzib, chiqib ketdi.

Qoyil!

Kiyinib, Jamolning orqasidan tushdik. Qizlar kulib, gap otib qolishdi. Boyagi quv qizcha boʻlsa;
— Joʻra aka! Sodiqni tashlab keting! Biz moltishni oʻrgatib qoʻyamiz, — dedi.

Joʻra unga qaramay:
— Yuraber. O’rganasan. Qoʻrqmasang boʻldi, — dedi menga.
— Qoʻrqmayman. O’rgating, aka, — dedim.
— Mayli.
— Ertaga yana kelamizmi? Onangizniyam koʻrib ketamiz... Xoʻpmi?

U mening yelkamga qoʻl soldi-da:
— Xoʻp, — dedi. Picha yurganimizdan keyin... — Sodiq, koʻnglishta olmasang, bir gap aytaman, — deb qoldi.
— Hech ham koʻngilga olmayman, — deb toʻxtadim.

U bilagimdan tortdi. Biz tuprogʻi qaynab yotgan soʻqmoqdan oʻrlab borardik.
— Ayting, — deb qistadim.
— Enang meni yomon koʻradilar. Qulogʻim chingillab ketdi.
— Yolgʻon, — dedim.
— Rost.
— A, nimaga? Xoʻp, yomon koʻradiyam deylik...
— Bultur, bultur, — deb mingʻilladi u. — Kechqurun keldilar. Vakil boʻlib. Otam xursand boʻp ketdilar. Keyin enang oʻtovda yotdilar. Men otam bilan tashqarida yotdik. Bir mahal uygʻonsam, otam yoʻq. Xoʻp oʻtirdim. Keyin qoʻrkdimmi: «Ota-a!» deb chaqirdim. Otam oʻtovdan chiqib keldilar...

Meni oʻshanda — «yosh bola» bu, hech narsani tushunmagan demang. Men tushungan edim...

O’zimni qandaydir aybdor sezib, miq etmay qoldim. Qirgʻoq ustiga chiqqandan soʻng:
— Keyin nima boʻldi? — dedim.
— Keyin enang menga yomon qaraydigan boʻldilar... Keyin kelishlarida otam meni kayvoni xolaning uyiga joʻnatadigan boʻldilar. Bilaman, enang aytgan...
— Ha, — deb yubordim-da: — Joʻra aka, meni kechirasiz, — deb yalindim.
— Nimaga-nimaga?
— Onam chindan ham sizni...

U asta bosh irgʻadi. Soʻng tagʻin yelkamga qoʻl soldi. Men uning bu harakatidan qandaydir mehr, ogʻaning inisiga boʻlgan mehrini his etdim. Soʻngra...

...oʻzim ham uning belidan bir qoʻlim bilan quchib oldim.

Daryo jiyagidan, ya’ni qirtoq labidan ipga tizilgandek ketarkanmiz, beixtiyor koʻnglim buzilar, ammo ich-ichimda shod edim.

Xullas, bugʻdoyzor yoqasidagi tashlandiq kapada kunni kech qildik.

Joʻra menga palaxmon yasab berdi. Palaxmon!.. Kildan eshilar ekan. Kapada kigiz parchalari koʻp edi, oʻshalardan qilini sitib oldi. Oqboy boʻlsa, qayoqqadir chopib ketib, ikki changal jun topib keldi: oʻtlab yurgan echkilardan yulib-yulib olibdi. Keyin ularni qoʻshib, uzun-uzun pilta eshdik. Soʻngra qizlarning mayda sochiga oʻxshatib oʻrishdi. Ikki qulochlar boʻldi. Keyin bir uchini halqa qilib, bir uchini dumga oʻxshatib, hatto tarab-tarab qoʻyishdi. Ana undan keyin bu gʻalati chilvirning qoq oʻrtasida yongʻoqdek tosh sigʻadigan chuqurcha toʻqishdi.

Shu!

Keyin deng, oʻsha chuqurchaga toshni joylar ekan-siz-da, chilvir uchlarini juft qilib ushlab, tepada uch-toʻrt marta aylantirar ekansiz. Chilvir qoʻlingizdan chiqib ketay-ketay deganda, haligi dumli uchini qoʻyvorar ekansiz!

Shu! Qarabsizki, haligi tosh zingʻillab uchib ketayapti! Albatta moʻljalga olishniyam bilish kerak...

Tumanda «rogatka» qilardik... Palaxmonning nomini bilardim, xolos.

G’allani qoʻridik-da-e!

Kechqurun bolalar ajralib-ajralib ketishdi: ertaga falon vaqtda «dayro boʻyida» uchrashiladi!

Joʻra ikkimiz oʻrikzorga kirganda, u iymanib menga tikildi:
— Uka, ke bir ish qilamiz... — dedi.
— Xoʻp boʻladi, aka.
— Enangni oldida... bir-birimiz bilan gaplashmaymiz. Arazlashganday boʻp yuramiz.
— Nimaga?

U menga shunday siniq, ta’na bilan bokdiki, gap ma’nosiga darhol fahmim yetdi.
— Hoʻ, onam dalaga ketgandan keyin...
— Aka-ukamiz, — dedi u. — Ertaga dayroning yuqori tomoniga oboraman seni. U yerdayam bir-ikkita iyrim joylar bor... Moltishni oʻrgataman.

Men uning belidan quchib oldim.

Ay, bolalik-a!

Kechasi onam — ikkimiz oʻtovda yotdik. Joʻra bilan Rais bobo tashqarida — Oʻtov biqinidagi somon suvoq Qilingan supada. Mening ancha paytgacha uyqum kelmadi: nazarimda, onammi — tashqariga chiqib ketadigan yoxud Rais bobomi— kirib keladigandek edi... balki men uxlab qolganimdan keyin ular uchrashgandir...

Qiziq, keyinchalik men oʻsha damlarni — kolxoz raisining oʻtov sirtida, Shoʻro raisasining ichkari-da — shundoq yaqin masofada yotishi va ularning pinhona aloqalaridan ayrim kishilar boxabar ham ekanligi, biroq odamlarning bu holga panja orasidan qarashlari haqida oʻylab, oʻzimcha shunday xulosaga keldim: oʻsha vaqtlarda turmushning izmi shu ekan-da? Raislar xaloyiqning, deylik, malomatidan, qoʻrqmas ekanlar-da!

O’zim ham sezardim: bular ikkovlon Ulkan qishlogʻining xonlari — beklari edi!

Shuning uchun ular oddiy odob-andisha deganlaridan ham ustun turishardi chogʻi...

Haqiqatan ham xalq bulardan zirillardi. Oqboyning mashoq tergan, qorni uchun gʻalla oʻgʻirlagan bolalarni ham Rais boboning qamchilab urishi haqidagi gapi haq edi.

Bunday ish, men ishonamanki, onamning ham qoʻlidan kelardi. Oddiy odamlarga shunaqayam doʻq qilib yuborardiki...

Uzr, sal oʻtlab ketdim.

...Soʻradilar, soʻradilar kechasi. «Nima qilding? Kimlar bilan oʻynading? Daryoga borgansan...»

«Bordim. Uzoqdan tomosha qildim Oqboy bilan, — deb javob berdim onamga. — Lekin Joʻra bilan gaplashganim yoʻq. Oqshom dasturxon ustidayam koʻrdingiz-ku?»
— «Ha, senga hoʻmrayib-hoʻmrayib qaradi... — dedi onam. — Shundan ham bilaver. U senga dushman...»

Ertasi Raislar ishga ketishi zamon biz Joʻra ikkimiz yana daryoga otlandik.
— Non-pon olamizmi onangizga?
— Tushdan keyin, — dedi Joʻra. — Dayro yoqasida shotutlar bor. Yaqinda kallaklab ketishgan edi... Shu kunlar yana pishib qolgandir...
— O’shandan ham teramiz-a?
— Ha..

Kun biron terak boʻyi koʻtarilmasdan biz daryoning «yuqori» tomoniga borib qiyalikdan endik. Bu joydagi jarlik tomonga oqayottan suv kichkina koʻprikning ostidan shovullab oʻtar va yoyilib ketar, suv ostidagi barcha toshlar baralla koʻrinib turardi.

Gapning qisqasini aytsam, peshingacha suzishni ancha oʻrganib oldim. Tagʻin suv ostidagi silliq toshlarga oyoqni qoʻyavermaslikni ham...

Daryo(cha)ni suzib-kesib oʻtishga toʻgʻri kelsa, albatta, oqimga qarshiroq yurish lozim ekan. Chunki oqim baribir seni surib, koʻzlangan joyingga yetkazmaydi. Shunchaki suvni kechib oʻtayotganingda ham hadeb oqim boʻylab qarayversang, boshing aylanar ekan...

Suv ostida koʻzni ochib yurish...

Daf’atan koʻzni ochganingda, qarshingdanmi, yon-veringdanmi koʻzingni nimadir bosar ekan: suv albatta! Keyin chakkalaring sal-pal ogʻrir ekan. Soʻngra...

...qiziq, mavhum-xayoliy bir olamda seza boshlar ekansan oʻzingni.

Asta-sekin oyogʻing ostidagi toshchalarni ham koʻrar ekan. Ular qandaydir yapasqidek! Qoʻlingni uzatsang, barmoqdaring ham kalta-kalta boʻlib «qolarkan». Hatto oyoqlaring ham maymoqlanib koʻrinarkan.

Pakana-xunuk bir mahluqqa aylanar ekansan.

Oradan besh-olti kun oʻtdi.

Kamina biron daqiqalar nafas olmay — suv ostida suzadigan boʻlib qoldi.

Koʻz deganingiz ham suv tagida narsalarni balodek koʻradi. Bu jarayonda haligiday hayratlanishlar ham yoʻq boʻldi; qiyofamga koʻnikdimgina emas, koʻzning oʻziyam haligi bosimga oʻrgandi chogʻi — chakkalarimning loʻqillashi ham qoldi.

Biz har kuni yo tushgacha, yo tushdan keyin lopillagan osma koʻprikdan oʻtib, Joʻra akaning onasidan xabar olgani borardik: ul-bul yegulik bilan...

Keyin oʻsha aylanma yoʻldan yulgʻunzor sohilga tushardik. Tabiiy: bolalar-qizlar qatori oʻzimizni «dayroga tashlardik», moltib yurardik...

Jamol oʻqtin-oʻqtin meni maqtab ham qoʻyardi: «Qoʻrqmasang boʻldi. Dayro oʻzimizniki...»

Qizaloqlar ham mendan kulishlarini bas qila boshlagan, ammo koʻzi suzuk, yanogʻi chiqiq oʻsha qizchagina quvligini tashlamas, turib-turib: «Otimni aytmayman!» deb qolardi.

Nimagaki, birodar, men hali oʻsha iyrimning tagiga shoʻngʻib yetib borolmas edim!

Rost, bir-ikki marta yaqinlashgandek boʻldim. Ammo nimadir bir kuch meni qayoqqadir surib ketayottanini sezib, apil-tapil tepaga chiqib oldim.

Oqtoshni esa, Joʻra ham, Oqboy ham bir-ikki marta olib chiqishdi. Fahmimcha, bu topqirlik qandaydir darajada omadga ham bogʻliq ekan: agar oʻsha tosh tushgan yerga borib qolsang, marra seniki!

Biroq...

...yana bitta nozik joyi borki, bunaqa oqtoshlar suv ostida ming bitta!

Sen otilgan toshni topib chiqishing kerak!

U esa — quyruqdekkina yapaloq tosh. O’ta silliq. Bironta joyida kemtigi-choʻtiri yoʻq.

Xoʻsh desangiz, bu yerda choʻmilib shoʻngʻib-moltib olishgach, yana gʻallaning boshiga, keyin qurtxonalarga borardik: qorovullik-qoʻriqchilik qilardik.

Oqshomlari onam meni tergab qolar, men albatta yolgʻon gapirardim: «Joʻra bilan gaplashmayman!» Ammo onalar oʻzi shunaqa boʻladimi, nazarimda, u sezar edi. Shuning uchun menga olayib-olayib qarardi-da: «Pushaymon boʻlasan, bola. Ana, meni aytdi dersan. U seni bir balo qiladi...» derdi.

Aytmoqchi, bu — «Oqtosh» oʻyini juda qadim-qadim zamonlardan qolgan emish. Jamolning aytishicha, bir zamonlar bu yurtning odamlari yov bosganda, hatto haligiday iyrimlarga tushib, bemalol... nafas olmasdan oʻtirisharkan. Yev oʻtib ketgandan keyin suvdan chiqisharkan.

Eshityapsizmi, birodar?

Axir, bu juda gʻalati, gʻirt foydali oʻyin... ekan-da! Uning yoshlikdan bolalar, hatto qizaloklar orasi-da ham urf boʻlgani shundan dalolat emasmi?

Toʻgʻri, tabiiy sharoit, ya’ni daryoning yaqinligi ham shunday oʻyinning yaratilishiga turtki boʻlgan...

Biroq, oʻlay agar, foydaning koni bu! Vujudni chiniqtirishini aytmaysizmi?:

Bir kuni oʻsha koʻm-koʻk iyrim yonida — kamar soyasida oʻtirishgandik. Ustimizdan qaldiryuchlar chiy-chiylab oʻtar-aylanar, biz — beparvo, daryoning bosiq shovullashidan muloyim tortib (qizlar ham shu yerda edi, odatdagicha), Jamolning hikoyasini tinglardik.

U sel kelganda, «Dayro»ning qutirishi — qora uylar, kapalarni olib kelishi, daraxtlarni tomiri bilan yulishi, sohillarning bahaybat toshlarga va ba’zan qoʻy-qoʻzilarning oʻliklariga toʻlib qolishi, qoʻyingchi, beshiklar ham topilishi haqida soʻzlar ekan:
— Ey, men suvchi boʻlaman-e! — deb qoldi. — Hozir Ulkanda bittayam suvchi qolmadi...
— O’qimaysanmi? — deb soʻradi Oqboy.
— Mana, Shoʻro opaning uli oʻqiydi... mening uchun ham, — deb qoldi-ku birdan. — Nimagaki bundan suvchi chiqmaydi. Shu oqtoshniyam topib chiqolmaydi...

Men shahd bilan oʻrnimdan turdim. Joʻra qoʻlimdan ushladi.
— Yoʻq. Hali erta, uka.
— Tushaman! Toshni tashlasin! — deb turib oldim. Ammo butun vujudim dir-dir titraydi: axir, suvning tubiga tushishim lozim! Tubiga!

Bular kamida uch-toʻrt yillab moltigan, shoʻngʻib, koʻzni ochib yurishni mashq qilishgan! Jamol menga qarab qoldi-da:
— O’tir joyingga, — dedi. — Tegib ketdimi? Men bor gapni aytdim-ku? Men suvchi boʻlaman. Sen oʻqiysan.

O’ylab koʻrsam, gapi rost.

Biroq bularning yonida oʻtirgim kelmay qoldi. Se-kin chetlanib, chetdagi toshga borib oʻtirdim.

Sezib turibman, qizlar ham menga achinishar edi. Anavi koʻzi suzuk quv boʻlsa, ishshayadi.

Hech kimga parvo qilmay, atrofni tomosha qila boshladim. Bir mahal qarasam, tepamizda parvoz qilayotgan qaldirgʻochlarning biri shuvillab kamarning shiftiga kirib ketgandek boʻldi. Tikilib boqsam, huv unday qatning devorida chiporgina ini bor: undan bir-ikkita mallarang boshchalar sariq tumshuqlarini ochib tepaga talpinishar, uya labiga qoʻnib olgan qaldirgʻoch ularga navbat bilan xoʻrak yedirar edi. Tumshugʻidan-a!

Ogʻzini katta ochib tutadi. Anavi jinqarchi boʻlsa, boshini suqib yuboradi. Naq jigʻildonidan oladi yemakni! Qiziq: tumshugʻi onasining boʻgʻzini tilmasmikan?

Jonivor, butun umr boʻyi shu tariqa toʻydiradi-ya bolalarini! Keyin bolalari ham...

Men chumchuq deganini tumandagi uyimiz-hovlimizdayam koʻraverib koʻzim shshgab ketgan edi. Xoʻp, ana soʻpitoʻrgʻaylarni ham bu yerda koʻp koʻrdim: ularni «Dasht bulbuli!» deyisharkan. Ular inini buzish yomon ekan...

Ammo jarqaldirgʻochning bolasini koʻrish... Yaqindan koʻrish unga tikilish menga shunchalik qiziq tu-yuldiki, oʻsha inga chiqib borish yoʻlini qidira boshladim.

Qidira boshladim-u, topdim! Ha... Shundoq yonimdan qatga oʻrmalasam, bemalol chiqib borar ekanman.

«Qat» degani — togʻ bagʻrilarida boʻladigan koʻndalang kesim deyish mumkin: oʻsha kesimning tepasidan toshlar uvalanib toʻkiladi. Keyin unday joylardan mundayroq kishi engashib yurishi ham mumkin: aytishlaricha, ovchilar yurarmish...

... Axir, ushbu daryo oqib tushayotgan togʻ tumanimizning shimolida-da!

Ha, toqqayam koʻp chiqqanman.

Shoshmang-shoshmang, «koʻrpaning qatiga qoʻydim» degan gapni eshitganmisiz?

Koʻz oldingizga kelgan boʻlsa, bas.

Shunday qilib, qatga chiqishga qaror qilgan paytimda, Jamol Oqboyga baqirdi:
— Bakovul! Toshni ot!

Oqboy irgʻib turib:
— Koʻzni yuminglar! — deb hayqirdi. — Bir, ikki, uch!

Bolalar «gup-gup» etib, suvga sakrashdi. Girdobga yaqinlashganda shoʻngʻib-shoʻngʻib ketishdi.

Men angrayib turarkanman: «Jamol topib chiqmasin-da!» der edim. Negadir...

Qarangki, Jamol ham.. oqtoshni topib chiqolmadi! Joʻra ham, Oqboy toshni qaerga tashlaganini bilardi, albatta. Shuning uchun uyam oʻzini suvga otib, ikki marta shoʻngʻib chiqdi. Qoʻli boʻsh... Bolalar hansirashib, yana joy-joylariga oʻtirishdi va toshning nima boʻlganini oʻzlaricha taxminlay boshlashdi.

Qizlar boʻlsa endi bularga achingandek oʻtirishar va odatdagicha shivirlashar edi.
— E, topmasam, shu yerdan ketmayman! Ketsam, shu yerning suvini ichmayman! — deb yubordi Jamol va tagʻin oʻzini suvga otdi. G’oyib boʻlib ketdi. Undan keyin boshqalar ham boz suvga sakrashdi: guv-guv-v...

Qizlar iyrim sathiga diqqat bilan tikilisharkan, mening xayolim tagʻin qaldirgʻoch iniga ogʻdi: endi katta qaldirgʻoch yoʻq, uyachadan sargʻish tumshuqlargina koʻrinardi.

Qatga oʻrmalay ketdim. Yumshoq undek tuproq toʻkilgan. Mitti qushchalarning panja izlari bor, xolos. Qatning ayrim joylari juda tor — ya’ni, shifti past boʻlib, u yerlardan boshimni xam qilib oʻtardim.

Ayrim joylari keng, shift ham baland: bemalol chordana qurib oʻtirsang boʻladi.

Nihoyat, yetdim. Mana qarshimda: tomchi-tomchi loydan yasalgan hovuchdek in. Negadir chipor. Mitti-mitti somon qipiqlari ham qoʻshib yuborilgan.

Tavba, imoratni suvashga, xususan, tom suvoqqa ishlatiladigan loyga somon qoʻshishlarini bilardim: suvoq mustahkam boʻladi... Nahot bu narsani qaldirgʻoch ham bilsa?

Darvoqe bu shoʻrlik qush loyni ham.. tumshugʻida keltirgan-a?

Bolalari uchta ekan. Uchchalasi ham meni onalari deb oʻylashdimi, chiy-chiylab ogʻizlarini kappa-kappa ochishdi. Voy, ogʻizlari shunaqayam kattaki, biri ikkinchisining ogʻziga boshini tiqsa, bemalol sigʻadi. Lekin koʻzlari yumuq. Haqiqattan ham malla.

...Men hali uyaga qoʻlimni uzatmagan ham edim! Birdan tevaragim chiy-chiy ovozlarga toʻlib qoldi va bir juft qaldirgʻoch zingʻillab aylanayotganini koʻrdim. Koʻrdim-u, ular naq koʻzlarimni choʻqib oladigandek chovut solishdi!

Men boshimni egib qoldim. Ular naq tepamda charx urishar, quloqlarimga, boʻynimga, hatto yuzimga ham qanotlarining shamoli urilardi. Tagʻin koʻzimni ochgandim, tagʻin...

...Yana boshimni egib qoldim-u, shu bosh oʻlgur aylanayotgandek boʻldi.

«Bas! Tushish kerak!»

Ya’ni, qochish kerak...

Men yuzimni bir qoʻlim bilan toʻsib, kelgan yoʻlimga qaradim-u, yuragim orqaga tortib ketdi. Yoʻlak juda tik va juda tor boʻlib, uning shundoq pastida...

...koʻm-koʻk iyrim kilkillab, xuddi bir afsonaviy mahluqqa oʻxshab turardi.

Uni koʻrdim-u, tamom boʻldim.
— Tush! Pastga! Sodiq! — ana shunday chaqiriqlar kelayotganini ham shunda eshitdim. Va qirgʻoqqa koʻz Qirimni tashlasam, bolalaru qizlar tik turishib, meni imlashayotibdi.

Tavba, ular juda yirokda turishgandek, kichkina boʻlib koʻrinishdi.

Men tushish uchun bir amallab burildim-da, demak, toʻgʻri tushishim lozimligini anglab lol qoldim: qanaqasiga toʻgʻri tushaman? Yoʻq: boyagidek boʻlib olib, demak, surilib-tislanib enishim mumkin, xolos! Boʻlar ish boʻldi!

Tagʻin uyaga oʻnglanib olganimni bilaman, qaldirgʻochlarning endi qanotlari yuzimga tegib oʻtdi. Va yana bosh oʻlgur aylana ketdi. Shunda siljidim-u, u yogʻi...

Qatdan quyiga uchdim!

Boshim bilan...

...suvga kirdim-ketdim: ketyapman, ketyapman. Bir narsani bilamanki, bunday paytda ma’lum bir joyga borganingdan soʻng tashlanishdagi zarbaning kuchi susayadi-da, beixtiyor toʻxtaysan. Ana shunda tepaga intilasan: qoʻl-oyoqlaringni qimirlatsang, bemalol chiqib ketasan.

Hozir esa... toʻxtaydigan siyogʻim yoʻq edi. Birdan koʻzimni ochdim. Ochdim-u, sutdek oq narsani — suvni koʻrdim. Keyin u tiniqlashdi. Keyin baliqmi — bir narsa oldimdan suzib oʻtdi. Undan keyin quyiga tikildim-da, beixtiyor yana...

...quyiroqqa tushish uchun intilganimni sezmay qoldim. Chunki turli-tuman oq-qora toshlar koʻrinib turardi.

Toshlarga qoʻlim tekkan zamon menga tanish... haligi oqim zarb bilan surib yubordi. Alpang-talpang bir toshga yopishdim. Qoʻlim chiqib ketgan edi, bir tomirni ushlab oldim. Toʻxtadim. Ammo butun tanam buralib qoldi.

Tomirni qoʻyvorsam, ketaman...

Qoʻyvormasam, hademay nafasim qaytadi.

Shu oʻy-shu qaror menga quvvat boʻldi chogʻi, bir muddat koʻnglim tinchib qoldi va beixtiyor oq toshlarga tikila boshladim, Ishonasizmi...

...O’sha oqtosh shundoq roʻparamda — tomirning takkinasida chigʻanokdek boʻlib yotgan ekan!

Tomirdan bir qoʻlimni boʻshatib, toshni oldim.

Esimda: men butun dahshatni unutgan edim!

Endi, mayli, iloj qancha: bunaqada uzoq turolmayman. Bu yogʻiga — suvosti oqimi qay manzilga oboradi noma’lum-u, agar biron joyda meni chiqarib tashlaydigan boʻlsa, ungacha ham, demak, nafas olmasligimga toʻgʻri keladi.

Bu mulohazadan soʻng: «E, bolalar bor-ku, Joʻra aka bor! Jamol bor!..» deb oʻyladim. Va damim ichimga tushib ketayotganini payqadim-u,.. tomirni ushlab turgan barmoqlarim boʻshashdi va men oqimga tushib ketdim. Ketayapman. Koʻzim ochiq...

...Oqlik va tiniqlik olamidaman. Ammo bu olamning yashil giyohlari ham bor. Ular ham uzunasiga oʻsgan: suv yoʻli boʻylab. Shuning uchun meni tutib qolisholmaydi. Men esam, ular orasidan sirgʻalib oʻtaman.

Bu ajab bir olam edi: ha, ha! Bunday manzarani faqat tushda koʻrish mumkin! Tushdayam xuddi shunday boʻladi: ixtiyoring goʻyo birovning qoʻlidadek.

Sen uning izmida: aqling-hushing oʻzingda boʻlsa-da, hech ish qilolmaysan...

Kitoblarda yozishadi-ku, «koʻzimni ochganda, oʻzimni kasalxonada koʻrdim», deb.

O’zimga kelibman chogʻi, koʻzimni ochsam, chalqancha yotibman. Joʻra belimga mingandek turib olib, qoʻllarimni nari-beriga oborib-obkelyapti. Koʻzlarida... suv tomchisi emas: yosh.

Atrofimda — tepamda bolalar-u qizlar: birlari tik turishibdi, birlari choʻnqayib oʻtirishibdi.

Bilmadim, uyalganimdanmi, birdan hushyor tortib ketib, oʻrnimdan turmoqchi boʻldim. Ammo koʻnglim aynib, suv qusdim. Soʻngra bir nafas egilib qolib, yana qoʻzgʻalmoqchi boʻluvdim, barmoqlarim ogʻrib ketdi: qarasam, qoʻlimda, ya’ni, kaftimda oʻsha... oqtosh!

Kaftni ochmoqchi boʻldim-ochilmaydi: qarishib qolgan.
— Hozir uqalaymiz. Hozir... — dedi Joʻra va mening turib oʻtirishimga koʻmaklashdi. Soʻngra ogʻib ketmasligim uchunmi Oqboy orqamga oʻtib, kiftimga tiralib oʻtirdi. Qizlardan kimlardir kuldi: xursand boʻlgandan albatta. Axir, bir narsa boʻlsam, men — Shoʻro opaning oʻgʻli... Tasavvur etasizmi... Tasavvur etasiz.

Xuddi shu vaqt... yiroqdan bir qiyqiriq eshitildi! Hamma alanglab qaradi.

Baland qirgoq ustida — chamasi bizni quyiga olib tushadigan soʻqmoqda bir jiyron otliq turar, ot negadir sapchir, chavandoz yuganni tortib oʻrnida aylantirar edi.

Shak-shubhasiz u kishi — mening onam edi.
— Shoʻro opa! Shoʻro... — deyishib qoldi bolalar. Qizlar ham shivir-shivir qilishdi-da, otliq soʻqmoqqa tushib va chang-toʻzon koʻtarib enar ekan, hamma...

...Joʻradan boʻlak, hamma zim-gʻoyib boʻlib ketishdi: qochishdi! Yulgʻunlar tagiga, qabriston tarafdagi jarlik kamarlariga oʻzlarini urishdi.

Ana shunda qirgʻoq ustida toʻriq otli ham koʻrindi. Va birpasdan soʻng u ham ena boshladi.
— Joʻra aka, — dedim behol. — Meni... Sizdan iltimos, keting, aka...
— Yoʻq, uka... Nimaga? Seni yaxshi koʻraman... Yaxshi bolasan...
— Meni kim opchikdi?
— Kim boʻlardi.
— Siz-da?

Onam otdan tushib, meni bagʻriga bosdi.
— Nima boʻldi?... Nima?... Nima qilib qoʻyding, hoy, dushman? Senimi? Uyga borib boʻpsan...
— Ena, Joʻraka meni opchiqdi, — dedim. — Qaldirgʻoch bolasini koʻraman, deb...

...Rais bobo ham yetib keldi. Har yoqqa razm solib, chamasi bolalar va qizlarni koʻrib, oʻgʻliga ham razm solib, menga jilmaydi.
— Qalay, moltishni oʻrgandingmi? Qoʻlingdagi oqtosh-ku? O’, opchiqqan boʻlsang...
— Gapirmang, oʻrtoq Boboev! O’lishga sal qolipti-ku buning. Xayriyat, xudo bir asrapti...
— Yoʻq. Meni Joʻrakam...
— Tashla u toshni! — deb doʻq qilib qoldi onam. — Nimaga uni ushlab oʻtiribsan?

Men barmogʻimni ochmoqchi boʻluvdim... ochilib ketdi! Kulib, Joʻra akaga qaradim. Uyam jilmaydi. Shunda onam:
— O’rtoq Boboev, buni mingashtiring, — dedi-da, oʻzi jiyronga mindi.

* * *

Oqtosh hamon mening xonamda turibdi. Suzish boʻyicha musobaqalarda olgan har xil sovgʻa-kuboklarim safida.

Lekin bu tosh ularning hammasidan aziz.

Onamning Joʻraga munosabatini soʻraysizmi?

Jilla oʻzgarmadi: shunaqayam boʻlarkan-da, birodar... Joʻra hozir doʻxtir.

Rais bobomdan uchta ukam bor. Onam ularni yaxshi koʻradi, albatta.

Ammo Joʻrani...

Mening esa tugʻishganlarim orasida ham... eng sirdoshim, suyganim Joʻra aka.

1992