OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiOt egasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ot egasi (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Inodning uchta boyligi bor edi. Biri — soy boʻyidagi serdaraxt qishlogʻi; qishloq chetida bosmachilar bilan urushda halok boʻlgan otasining qabri doʻppayib turar, Inod goho uni ziyorat qilgani borardi. Ikkinchi boyligi — qishloq oʻrtasidagi tepada oʻrnashgan ikki xonali maktabi edi; bu maktabga togʻning olis-olis burchaklaridan otli, eshakli boʻlib oʻquvchilar qatnar, hammasining yagona muallimi shu Inod edi. Uning uchinchi boyligi — qorabayir oti edi; bu otning olis avlodi muallimning otasiga ham vaqtida xizmat qilgan, uni koʻp jangu jadallardan omon olib oʻtgan edi. Lekin Inodning qoʻlidagi ushbu qorabayir ham unga sodiq xizmatini oʻtardi, ikki bor anavi soyni sel suvi bosganda, egasini olib chiqqan, toʻrt yildan buyon koʻpkarilarda uloqni muttasil shu ayirib chiqar, yana uning bir xosiyati quyidagicha edi... Uzoq yili Inodning bor-yoʻq ikki farzandi beda solingan bostirmaga tuynukdan kirib, gugurt oʻynaydi, bedaga oʻt ketadi. Ularning qiy-chuvini eshitgan onalari borib, eshikni ochmoqchi boʻladi, biroq eshik qulf, u ham jonsarak holatda tuynukdan oʻzini ichkariga tashlaydi. Bolalarini topadi, biroq tutunu olov bosgan xonada kirgan tuynugini topolmaydi. Alangani koʻrib yayov chopib kelgan Inod xotin, bola-chaqasining allaqachon sob boʻlganini koʻradi. Soʻng ularni otasi yotgan qabristonga koʻmib, chorbogʻda yolgʻiz qoladi. U ruhan va jisman harchand kuchli boʻlmasin, gʻam uni eza boshlaydi, qishlogʻu maktabidan ham koʻngli sovib boradi. Nochorlikdan qorabayirni minib, toqqa ketadi. Choʻponlar ovulida sangʻib, marhum otasining jang qilgan yerlarini koʻradi, zumrad qorli choʻqqilar ostidan oʻtib, yashil oʻtloqlarda tunaydi va oʻzi sezmagan holda koʻngli koʻtarilib, dardi pasayib, qishloqqa qaytadi. Shundan keyin darsdan boʻsh kunlarida qorabayirda sayr qilish unga odat boʻlib qoladi.

Oylar oʻtib, yigit qalbidagi yara bitgandek boʻladi. Qishlogʻiyu maktabiga boʻlgan mehri yana joʻsh uradi. U azalgi ahvoliga qaytganday his etadi oʻzini.

Maktab ikki xonadan iborat boʻlib, biri dahliz, biri sinfxona. Ana shu sinfda yetti yashar bolakay ham, oʻn ikki yashar yigitcha ham yonma-yon oʻtirib oʻqishadi, ularning har biri har xil sinf oʻquvchisi boʻlgani holda, bir sinfda oʻtirib saboq olishlari bir-biriga xalaqit bermaydi. Chunki bu atrofda bundan oʻzga maktab yoʻq, shu yerga qatnab, imkoni boricha ilm oladilar. Inodning oʻzi vaqtida oʻn sinfni bitirgandi, xolos. Qolaversa, ular oʻqituvchilarini sevadi, bu — bir qadar xoʻmraygan, ogʻirkarvon va allanechuk odamovi yigitni hurmat qilishadi. Inod boʻsh soatlarda va mehnat darslarida qorabayir otini maktab qoshidagi maydonga keltirib, oʻquvchilarga argʻumoqda yurishni ham oʻrgatadi, miltiq otishni ham koʻrsatadi, goho soy suvini band qilib, bolalari bilan baliq ham tutadi.

Bir kech Inod maktabdan chorbogʻ qorovuli bilan yayov qaytib kelarkan, qorovul Boʻriboy:
— Eshitdingizmi, shaxsiy ot saqlash man boʻlipti. Qaror chiqipti. Bir milisa kecha bizning yonimizdagi yurtdan bir choʻponning otini haydab ketdi, — dedi.

Inodning koʻngli xira boʻldi:
— Yangilik-ku... Lekin men otimni bermayman, — dedi.

Darhaqiqat, bu togʻ yonbagʻirlari qarashli boʻlgan rayondagi partiya komiteti «nega oʻzimiz togʻlik boʻlib, qimiz ishlab chiqarmaymiz!» degan mulohaza bilan yangi bir sovxoz tashkil etishga qaror qilgan, aholining ortiqcha baytallarini sotib olish uchun tashkilotlardan joylarga vakil joʻnagan edi. Bu tomonlardan biya sotib olish esa kichik leytenant Egamberdi Xudoyberdievga topshirilgan edi. Uning esa dilida boshqa bir pinhoniy istagi ham bor edi: ana oʻsha togʻdagi soy boʻyida joylashgan qishloqda istiqomat qiladigan muallimning koʻp yaxshi, chopqir, chiroyli oti bor-da. Shuni oʻziniki qilishning iloji yoʻqmikin? U oʻylab-oʻylab, ilojini topdi: bir necha biyaning narxini bichib, rayonga joʻnatgandan keyin Tumshuqda bitta choʻponning soppa-sogʻ baytali turgani holda, uning minib yuruvchi otini aldab-suldab, qoʻrqitib, doʻq urib sotib oldi va: «Nega biya olmading, deb soʻrashsa, biyasi yoʻq ekan, otini bera qoldi. Buni almashtirish mumkin-ku deyman-da», deb oʻyladi. U bilardiki, qishloq qorovuli choʻponga qoʻshni, qishloqda esa Inod muallimdan boʻlak kishi yoʻq hisobi. Aholisi boʻz yerlarga koʻchib ketgan. Demak, bu xabarni qorovul chol Inodga yetkazadi...

Inod peshayvonli uyi oldidagi bedapoyada yoʻngʻichqa oʻrardi. Quyosh kunbotarga egilib, kunchiqardagi adirlar bagʻrini yoritar, soyning ham u yer-bu yeri yiltirar edi. Nari sohildan toʻriq ot mingan shapkali, pogoni bor kishi pastlay boshladi. Suvni kechib oʻtib, bu sohilga chiqib keldi.

Inod unga bir qaradi-da, ishidan qolmadi.

Egamberdi pakana jiydalarni oralab, bedapoya adogʻida paydo boʻldi.
— Hov, salomatmi? Qani bu, mehmon keldimi, demaysiz? — dedi.

Inod qaddini koʻtarib turdi. O’roqni oʻrik tanasiga qattiq sanchib:
— Keling, — dedi doʻrillab.

Egamberdi toʻriqni jadal. haydab, oʻrik ostiga keldi, egardan sakrab tushib, tizgindan tutganicha chorbogʻ egasi tomon yoʻrgʻaladi.

Inod u bilan xomush koʻrishdi.
— Qani, bu maza yoʻqmi? — dedi Egamberdi kulib va tizginni oʻrik choʻqmoriga bogʻladi, oʻrib qoʻygan oʻtdan bir qoʻltiq olib ot oldiga tashladi; kaftlarini bir-biriga urib qoqqanicha, Inodga kulimsirab bokdi. — Bilaman, nimadan xafasiz? — dedi, soʻng chuqur xoʻrsindi: — Endi, Inodboy, bu koʻpga kelgan toʻy, joʻra. Biz oddiy ijrochi. Shuning uchun bizdan xafa boʻlmaysiz endi.
— Yoʻgʻ-e, sizdan nimaga xafa boʻlaman, — deb toʻngʻilladi Inod va uyi tomonga burildi. Ayvonga yetib, ichkaridan koʻrpacha olib chikdi. Sholchaga yozib tashlab: — O’tiring, chalob ichasizmi? — dedi.
— Chalobmi, chalobdan ham chakki ma’qul! — dedi militsioner koʻrpachaga choʻkkalab.

Inod dasturxon chiqarib toʻshadi, ustunga iligʻliq qoʻy qornidan qilingan tulum ogʻzini ochib, kosaga yogʻoch qoshiq bilan suzma olib sola boshladi.
— Bu, Inod joʻra, qachon uylanasan endi? — Oʻzini unga yaqin koʻrsatish uchun sen-senlab soʻradi Egamberdi.
— E, oʻlmasak uylanamiz-da bir kuni, — dedi Inod. Kosani keltirib, dasturxonga qoʻydi. Qorovulning xotini yer tandirda pishirib yuborgan uy nonini toʻrt boʻlakka boʻlib, mehmonning oldiga tizdi.
— Oling, dasturxonga qarang.
— Qani, oʻzlaridan, qani.
— Olavering, qornim toʻq... Lekin, Egamberdi, bekor kepsiz bu yerga, men bari bir otimni bermayman. U menga... juda qadrdon boʻlib qolgan.

Egamberdi suzmaga bulab olgan nonni ogʻziga solib, duduqlanganicha bidillay ketdi:
— Bilaman, bilaman, joʻrajon. Sizlarga ot suv bilan havoday zarur! Lekin iloj qancha... Lekin menga bermasang, boshqasi kelib olib ketadi. Shunday emasmi? Masalaning boshqa jihatiyam bor. Mendan, Inodning oti qani, deb soʻraganda nima deb javob beraman? A? Toʻgʻrisini aytaman-da, shuni talab qilishadi, toʻgʻri soʻz aytganda jazoyam kamaytiriladi. Unda, joʻrajon, oʻzingga qiyin boʻladi... Qarorni bajarishdan bosh tortgan, deyishadi seni. Bu yomon gap, bilsang.

Inod boshini quyi solib, ancha vaqt jim oʻtirdi. Nihoyat:
— Shundaymi? — dedi.
— Ha, albatta! — dedi Egamberdi.

Inod yana jim qoldi. Soʻng mehmonga manglayi ostidan qaradi.
— Bilishimcha, sizlar kelishuvchilikkayam koʻnasizlar, — dedi.
— Qanday? — Oʻsmoqchiladi Egamberdi.
— Shu... joʻra deyapsiz meni, rahmat bunga... Egamberdi, menda bir sogʻin sigir bor, shuni ola keting, oʻzingizga... Lekin shu ot qolsin menda, a?

Egamberdi chaynayotgan nonini yutmay: «E, bir sigirli boʻlaman-ku?»— deb oʻyladi va govmish sigirga egalik qilish hissi uning qorabayirga boʻlgan ishqini susaytirdi. Shundan keyin u jiddiy tus oldi:
— Bu poraxoʻrlik-ku, davlatni aldash-ku?
— Bilaman, — dedi muallim nochorlik bilan. — Bilaman... Lekin sizning koʻnglingizni olay deyman-da. Bu... sizga bogʻliq-ku? Mayli, men uch-toʻrt yilgacha otni rayonga yoʻlatmayman, hov toqqa, tanishlarning qoʻliga berib qoʻyaman, oʻsha yokda tursayam koʻnglim toʻq.

Egamberdi manglayini changalladi: «Hozir sigirning ustiga oʻn besh qoʻy ber desam ham beradi!»— deb koʻnglidan oʻtkazdi.
— Xoʻp, lekin oting yoningda qoladi, deb va’da berolmayman, bironta katta payqab qolsa, oʻzing javob berasan! — dedi.

Egamberdi kosani yalab, turdi.
— Men anavi qirning ortidagi Eshmat podachining uyida boʻlaman, qosh qoraygandan keyin... sigirni yetaklab oʻt. Cholga berib qoʻysang, oʻzi podasining ichida boqib yuraveradi. Lekin shu gap shu yerda qolsin, — dedi. Soʻng tahdid bilan davom etdi: — Birovdan shu gapni eshitsam, Inodboy, bilib qoʻy, ayb oʻzingga tushadi. Organning odamini yoʻldan urmoqchi boʻlgan deyishadi seni. Men uni sinagan edim, qancha shaxsiy moli borligini bilmoqchi boʻlgan edim, deyman... Menga ishonishadi.
— Toʻgʻri gapingiz, — dedi Inod.

Egamberdi ketgandan keyin qorabayirga egalik qilish istagi unga yana tinchlik bermadi, hafta oʻtkazib, xafaqon bir kayfiyatda tagʻin toʻrigʻini yoʻrttirib, Inodning chorbogʻida paydo boʻldi.
— Bu ishimiz oʻtmadi, joʻra, — dedi u Inodga. — Senda ot borligini rayonning yetti yasharidan yetmish yasharigacha bilarkan. O’lgan desam ham ishonishmadi. Yashirgan, topib keling... boʻlmasam, ishga sovuqqonlik bilan qaragan, deb oʻzingizni javobgarlikka tortamiz, deyishdi. Mana, keldim.
— Yana bir marta yoʻq deb yuboring, — dedi Inod. — O’n bosh qoʻyim bor, shuyam sizniki... Otni bersam, kunim qattiq boʻladi, Egamberdi. Otamdan yodgorlik. Er yigitning oti boʻlishi kerak, der edilar. Shu ot... mening ogʻir kunimga yaradi.

Egamberdi yana manglayini ushladi, qoʻylarni oʻziniki qilganidan keyin ham yana ot xumoriga tushib kelishini his etdi va:
— Yoʻq endi, joʻrajon! — dedi. — Shu sigiringni olganimdan beri koʻnglim qora. Xohlasang, borib podachidan qaytib ol.
— Shundaymi?
— Ha! — dedi Egamberdi va koʻngliga gʻashlik tushib, uning nima qilishini kutdi.

Inod yirik gavdasini ogʻir burib, uyi orqasiga oʻtib ketdi. Archazor yonbagʻridagi qoʻrikda boyloq turgan qorabayirni yetaklab keldi. Uni oʻrik ostida qaqqaygan Egamberdi yonida toʻxtatib, qashqali peshonasidan oʻpdi-da, bedapoyaning oʻrtasiga olib borib, tizgini uchini tikanga bogʻladi, uyga qaytdi.

Egamberdiga Inodning harakatlari juda sirli koʻrinib, koʻngli vahima tushdi. «Nima qilmoqchi oʻzi u?» — deb orqasidan qarab qoldi. Soʻng koʻm-koʻk yoʻngʻichqazorda suvsardek yaltillab, odatdagi otlarnikidan yoʻgʻon boʻynini gajak qilib, odatdagi argʻumoqlarnikidan keng oʻmrovini kerib va odatdagi chopqir otlarnikidan ingichka oyokdarini yerga qattiq tirab turgan qorabayirga qaradi. Uning koʻzlariga koʻzi tushib, eti jimirlab ketdi.

Ot xuddi dahshatli bir xavfni sezgandek olayib, egasi kirib ketgan uyga qarar, hayratda qotgan antiqa haykalga oʻxshar edi. «Yopiray!» — dedi Egamberdi va xona eshigida Inodning qorasini koʻrdi. Ot birdan titroq tovushda kishnab yubordi.

Shunda uy eshigidan otilgan miltiqning tutuni choʻzilib chiqdi, argʻumoq balandga sapchishi hamon oʻq ovozi eshitildi. Nihoyat, eshikdan qoʻlida miltiq tutgan Inod chikdi. Qorabayir yonboshlab yotib oyoqlarini silkir, qisqa-qisqa kishnar edi, Egamberdi oʻq uning peshonasiga tekkani, qon u yerdan tirqirab chiqayotganini koʻrdi-yu, ham dahshat, ham achinish bilan koʻzlarini yumdi. Inod miltiqni sholchaga tashlab, supa labiga oʻtirdi.

«Buning avzoyi buzuq», deb koʻnglidan kechirdi Egamberdi Xudoyberdiev va miltiqqa nazar tashladi: bir tigʻli. «U oʻq chiqarib joylaguncha ancha yerga borib olaman», deb oʻyladi... Yigitning karaxt gavdasiga bir qarab olib, toʻrigʻini yechdi, oʻzini egar ustiga olishi bilan bu manzaradan yuragi yorilgudek boʻlib turgan ot uni olib qochayotgandek yugura ketdi.

«Meni qamashadimi?!» — loqayd oʻyladi Inod otliq orqasidan qarab va bu oʻyi kor qilmay, ustunga suyandi. Qorabayir xirillar, hamon ingichka oyoqlarini silkir, issiq qon hidi atrofga yoyilgan edi.

Ot jimib qolgandan keyin Inod uning boshiga bordi va birdan uning boʻynidan quchoqlab, koʻzlarini yumdi. Ot badani sovidi. Inod oʻrnidan turdi: qarshisidagi archali togʻlar ham, chorbogʻi, daraxtlari ham, anavi soyu olisda oqarib turgan maktabi ham ma’nosini yoʻqotgan, yigitning koʻzlari loqayd boqardi. U tagʻin ot boshida choʻnqaydi-yu, qishloq yoqasidagi qabristonning oq yalovi, tugʻ uchidagi qoʻchqor shoxini koʻrdi. Beixtiyor ot tizgini bilan uning oyoqlarini kulliklab, bilagiga soldi. Yonboshiga yiqilgudek mayishib sudray boshladi. Qabristonga yetib, jigarlari goʻri yonida otni qoldirib qaytdi. Ketmon olib borib, yorma goʻr qazidi va qorabayirni tushirib koʻmdi.

Soʻng kechgacha shu yerda oʻtirdi, otasi va bola-chaqasining ham ruhiga tilovat qilgan boʻldi. Keyin uyga qaytib, eshiklarini qulfladi-da, soyga tushib bordi.

Uning yoqasi bilan yurib, qosh qorayganda suv oqib chiqayotgan bogʻ betiga yetdi. O’tirdi. Oy chiqib, olisda qolgan qishloqniyu tepadagi maktabni ravshan yoritdi. Shunda Inod bosh olib ketib, qaerda ham yashashi mumkinligi haqida oʻylab qoldi.

Inod bir necha oydan keyin Egamberdining oʻshandagi niyati nima ekanligini payqadi. Lekin bu vaqtda uning koʻnglida qolgan ikki sevgilisi — qishlogʻiyu maktabi yana tomir otib ulgurgan edi.

1971