OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiOta yurt (boʻlgan voqea)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Ota yurt (boʻlgan voqea)
Shukur Xolmirzayev

I

Mansur degan jiyanim bor. Novchadan kelgan, qotma, oʻzimga oʻxshagan qirraburun yigit. Sovxozda agronom boʻlib ishlaydi. Ishi yaxshi. Lekin qaysi kuni shikoyat qilib qoldi:
— Ariq ustidagi Qudrat boboni bilasizmi? O’shani oʻnta echkisi bor. Tokzorga yaqin turadi. Devorning orqasi — uning uyi. Shu bahorda tokzorni aylangan edim. Qarasam, bir tarafi koʻkarib qolibdiyu bir tarafi qip-qizil, sovuq urib ketganday. Buni nima jin urdi, deb tekshirgan boʻldim. Sovuq-povuq urgan emas — mol yeb ketibdi! «O’laman sattor, mol kirgani yoʻq!» deydi. Axir, koʻrib turibman, mol qiyratgan. U yer-bu yerga belgi qoʻydim. Ertasiga borsam, yana uch tup tokning shoʻrasini yeb ketibdi. Ishga oʻtgan yilim shu toklarni ekdirgan edim. Mehnating singsa, daraxt ham bolangga oʻxshab qolar ekan. Keyingi kuni yarim kechada ot minib bordim. Bilaman, qorovul goʻrsoʻxta uxlab qolgan. Devordan qarasam, oʻntacha mayda mol toklarni kirtillati-ib yeb yuribdi. Bedapoya marzasida birov orqa oʻgirib oʻtiribdi. Asta otdan tushdim. Uni butaga bogʻlab, devordan oshib tushdim. Sekin-asta yoniga bor-sam, oʻsha — Qudrat bobo! Ol-a! O’tirgan joyida uxlayotgan ekan. Yonginasiga oʻtirdim. Echkilar tokni qiyratyapti. Bu kishi uyquni uryaptilar! Baraka topmagur pensioner. Pensionerni soʻkma, dersiz. Qoʻying, shunaqalari borki, bizda ishlasangiz bilasiz. Oxiri chiday olmadim. Axir, sovxozning tokini yeyapti-ya! O’tini ham emas! Bu cholni na sovxoz, na xalq qiziqtiradi, oʻlay agar! Yoʻgʻasam, shunday qiladimi? Tikilib turdim-da, shappa boʻgʻib yerga bosdim. Elovsirab qoldi. Rosti, soʻkdim. Keyin qoʻyvordim. Anchadan keyin oʻziga keldi. «Turing, milisaga boramiz!» dedim. Yigʻlaydi, siqtaydi deng. Koʻnglim boʻsh-da. Javobini berdim. Ammo shu toklarni oʻstirib berasiz, deb shart qoʻydim. Tokni oʻstirolmadi-yu, bir tsentner mayiz keltirib topshirdi. Harna-da. Hozir meni koʻchada koʻrsa, otda boʻlsam ham bukilib salom beradi. «Salomalaykum, Rahmon polvonning oʻgʻli. Yaxshi yuribsizmi?» — deb qoʻyadi.

...Mansurning otasi, ya’ni togʻam haqiqatan ham polvon oʻtgan. U kishining otasi — bobom ham vaqtida bekning polvoni boʻlgan, hatto Afgʻonistonga borib, u tarafning polvonlari bilan bellashib kelarkan. Inqilob oldida qoqsholdan oʻlgan. Zuryod boʻlib onam bilan togʻam qolgan.

II

Mansurjonning hamma ishi joyida-yu, lekin koʻnglida kishi bilmas bir dardi bor. Togʻam urushga ketib, «bedarak yoʻqoldi» degan xabar kelgan edi. Boyaqish momom: «Kafan kiygan kelmaydi, kepata kiygan keladi», deb togʻamning yoʻliga koʻz tuta-tuta dunyodan oʻtdi. Onam ham yaqin yillargacha yolgʻiz ukasining omon qaytishini kutardi. Togʻamni ikki-uch yil kutgach, yangamiz er qilgan. Lekin yolchimagan. Undan chiqib, hozir ukasining uyida yashaydi. Gap-gurung ustida u ham togʻamning qachon boʻlmasin kirib kelishini kutayotganini sezar edim.

«Bedarak yoʻqoldi». Juda mavhum gap-da!

Xullas, jiyanimning dardi ham shu edi. Bir kuni men:
— Mansurjon, bir soʻratib koʻrmaysizmi? O’sha xat kelganiga oʻttiz yildan oshdi. Bedarak ketganlarning koʻplaridan darak chiqdi, — dedim.
— Yoʻq-yoʻq. Kerakmas, — dedi. Soʻng munglanib, aybdordek jilmaydi. — Asir tushib ketgan boʻlsa-chi? Yoʻq. Bu isnodga chidolmayman.

Bobomizning Farmon degan ukasi ham yelkasi yer iskamagan polvonlardan ekan. Lekin bekning polvonlari safiga qoʻshilmagan, temirchiligini qilib yuravergan. «Unday magʻrur odam urugʻimizdan chiqqanmas», derdi rahmatli momom.

U kishini oʻsha magʻrurligi olib ketgan. Bir kuni temirchilikda oʻtirsa: «Rais janoblari kelyapti!» deb ovoza boʻlibdi. Rais — qozi huzuridagi bir mansabdor, asosan savdo-tijorat ahlining arzini tinglab, ajrim qiladigan kishi. U bozorga ot oʻynatib kirganda, savdogaru xaridor rastalardan tushib, ikki bukilib qarshi olarkan. Hamma pastga tushibdi-yu, Farmon polvon doʻkoni supasida qaqqayib turaveribdi. Kimdir uning etagidan tortib: «Polvon, pastga tushing. Bir baloni orttirmang», debdi ham. Polvon parvo qilmabdi. Rais oʻziga qarashli yasovul va navkarlar bilan bozorga kiribdi. Odamlar bilan soʻrashib, ahvollashib oʻtaveribdi. Farmon polvonga yetganda toʻxtab, hayron boʻlib soʻrabdi: «Nega pastga tushmaysiz, polvon?» «E, taqsir, — deb javob beribdi temirchi, — siz ham xudoning bandasi, men ham xudoning bandasi. Bandasi bandasiga ta’zim qilsa, farqimiz qaerda qoldi?» Rais navkarlariga: «Ushlanglar. Bandixonaga olib ketinglar!» debdi. Polvon zindonda yotaveribdi. Akasi, qarindosh-urugʻlari, muxlislari ham bekka borib yolvorishibdi, xunini soʻrashibdi. Bek bir kuni: «Buni rais janoblaridan soʻrangiz. U kishi afv etsa, polvon hozir chiqib ketadi», debdi. Ular raisga borishibdi. Rais uzoq mulohazadan soʻng: «Farmon polvonni bozorjoyga olib chiqamiz. Mening xoki poyimni oʻpib tavba qilsin. Toki bu ish fuqaroga ibrat boʻlgay, minba’d ulugʻlar sha’niga dogʻ tushirguvchi gumroh ana shunday jazoga tortilajagini tushunib olurlar», debdi. Naql qiladilarki, polvon shartga rozi boʻlmagan. Ikki oydan keyin uni zindonda joynamozga muk tushib, oʻlib yotgan yeridan olib kelgan ekanlar...

Mansur: «Otam asir tushgan boʻlsa... bu isnodga qanday chidayman», deganida shu voqeani esladim. U odamlarning fe’li-atvori menda yoʻq. Lekin mana shu jiyanimda bor chogʻi.

III

Bultur hayotimda katta bir oʻzgarish boʻldi. O’ttiz toʻrt yildan beri birinchi marta ota yurtimga bordim.

Otam qoʻshni oblastning choʻldagi Bulgʻur degan qishlogʻidan. Buyoqqa kelishidan avval u Bulgʻurda maorif mudiri ekan. O’sha kezlar qandaydir anglashilmovchiliklar orasida, ba’zi bema’ni odamlarning tuhmati bilan, otamga oʻxshash bir necha ziyolining hayoti xavf ostida qolgan ekan. Otam vaziyatni sezib, Toshkentga joʻnabdi. U yerda bir yilcha yashagach, doʻstlarining maslahati bilan bu tarafga, onamning yurtiga kelibdi. Ozgina muddat rayon gazetasida ishlagan. Tagʻin oʻshanaqa gaplar qoʻzgʻalib, otam... ketganida men ikki yashar bola ekanman.

Otam bilan birga ketganlar qaytib, onamga: «Bandalik ekan, u kishini oʻz qoʻlimiz bilan yerga qoʻydik», deyishgan.

Shuni aytishim kerakki, onam tekkan kishi uyimizga kelib yurgan chogʻlaridayoq unga mehr qoʻyib qolgan edim. U kishi bizni nuqul oʻz qishlogʻiga koʻchib ketishga undar, goho otga mindirib olib ham borar, lekin onam: «Yoʻq, men bu joyni tashlab ketolmayman. Bu yerda ota-bobolarim oʻtgan. Xilxonamiz shu yerda», der edi. Nihoyat, u kishining oʻzi biznikiga koʻchib keldi. Yil oʻtmay, men uni ota deb ketdim.

Chogʻimda, tez bunday deb ketishimning bir sababi — u kishini juda yaxshi koʻrib qolganim boʻlsa, soʻngra — bizning oilada, men tushunmaydigan sabablarga koʻra, oʻz otamning nomi tilga kam olinar edi.

Yillar oʻtdi.

Men oʻz otamni, uning yurti Bulgʻurni tez-tez es-laydigan boʻlib qoldim. Lekin buni oʻgay otamdan yashi-rardim, sezdirsam, u kishi xafa boʻladi: «O’gay oʻgayligini qiladi-da, bari bir menga farzand boʻlmadi», deb oʻylaydi, der edim.

Dam olish bahonasida bola-chaqamni olib borganimda, bir kech ziyofatdan sarxushroq boʻlib qaytdim. Nima deganimni eslolmayman, bir vaqt hushyor tortib ketdim. Qarasam, otam boshimni silab:
— O’gʻlim, toʻgʻri oʻylabsan. Ota oʻgʻil shunday boʻladi. Puling boʻlmasa pul beray, ota yurtingni borib koʻr, — deb turibdi.

Negadir yigʻlab yubordim. Nazarimda, shu damdan boshlab bu mehribon odam bilan oramizda bir choh paydo boʻlgandek edi.

Bulgʻurga bordim. Urugʻlarim, ammalar, amakivachchalar shod boʻlib qolishdi. «Seni koʻp oʻylar edik. O’sha yokda bir tirnogʻimiz qolgan, deb armonda yurar edik. Amakilaring ham urushga ketib, qaytmadi. Buyokda qoʻlimiz kaltalik qilib, seni izlab borolmadik. Bizni kechir», deb yigʻlaganlar ham boʻldi.

IV

Bulgʻurdan qaytib kelgan kunim Mansurjon ham uyimizda ekan. Dasturxon atrofiga yigʻilganimizda, boʻlgan ish boʻldi endi, deb Bulgʻurga borganim va koʻrgan-bilganlarimni aytib berdim. Otam birpas xayolga toldi-da:
— Ajab qilibsan, oʻgʻlim. Mening ham yuragimda armon qolmaydigan boʻddi. Shu bola ichida koʻp oʻksinar, deb oʻylar edim, — dedi.

Otamning gaplari qulogʻimga kirmadi. Koʻproq oʻz tuygʻularimga quloq solar, ularni tahlil qilar edim. Oqibat, hayron boʻldim: otam bilan oramizda endi hech qanday choh yoʻq edi!

Mansur dasturxon boshidan turib ketdi. Biror yoqqa chiqdi, deb oʻyladim. Ammo kelavermadi. Uyoq-buyoqqa qaradim — yoʻq. Momomning chorbogʻimiz etagidagi bir uy, bir dahlizli boʻsh kulbasi derazasida chiroq shulasi koʻrindi.
— Ena, momomning uyida kim bor?
— Hech kim, — dedi onam. — Boʻsh. I-e! Chiroq yonyaptimi?
— Siz qimirlamang. O’zim borib kelaman, — dedim.

Haqiqatan ham momom qazo qilgandan beri uyida birov yashamas, Mansur bir-ikki oy ayvonda yotib turib, uylangach, joy qilib ketgan edi.

Bu uylar keyin qurilgan. Asl uyimiz oʻsha! Onam ham, togʻam ham oʻsha uyda tugʻilgan. Keyinchalik u yerda momom bilan Mansur yashadi, goho men ham borib yotardim.

Koʻnglim gʻalati boʻlib, har xil xotiralar yodimga tushib, uyga yaqinlashdim. Bir necha yildirki, bu uychaga kirganimni bilmayman. Biroq hozir qaerda tosh turtib chiqib turibdi, qaer chuqurcha — ixtiyorsiz bir tarzda bilib, shunga mos qadam tashlab borardim.

Mana, supa. Tarnovdan oqqan suv supaning lablarini yemirib yuborgan edi. Hamon shunday boʻlsa kerak. Ana, yogʻoch karavot. Men ham shu karavotda, momomning yonida yotardim. U dam Mansurning, dam mening boshimni silab, hangomalar aytib uxlatar edi.

Ana, ayvon boshida oʻchoq. Unda bobomdan qolgan mis choydishda choy qaynatilardi. Momom choynakka choy damlagach, choʻqqa qoʻyar, joʻmragidan pirqillab suv tosha boshlasa, qozonsochiq bilan tagini artib, dasturxonga keltirar edi. Dasturxonda turshak, olmaqoqi, shaftoliqoqi, yongʻoq, patir boʻlardi. Biz nonni choyga boʻktirib yer edik.

Momojon! Xotira mulkim! Eng aziz, goʻzal daqiqalarim siz bilan oʻtgan. Hayotni sizning koʻzingiz bilan koʻrganman! Sizdan bir umr minnatdorman, momoginam.

Derazadan qarasam, Mansur palosda oʻtiribdi. Oldida qandaydir surat. Bir qoʻlini yerga, birini beliga tirab, suratga tikiladi. Sekin eshikni tortdim.
— Kim u? — deya boʻgʻilib baqirdi u.
— Men, men, — dedim. Eshikni ochib kirdim. Tanish hidlar dimogʻimga urildi. — Nima qilyapsiz, Mansur?

U menga loqayd nazar tashlab, suratga ishora qildi. Egilib qarasam — togʻam! Qora choponda, koʻkragi ochiq. Sochi olingan. Kichkina murti bor. Togʻam bu suratni urushga ketishdan bir kun oldin oldirgan ekan. Momom borligida deraza bilan eshik oʻrtasida, devorga osigʻliq turardi.

Tavba! Nega ilgari tuzukroq qaramagan ekanman! Bu odam mening togʻam-ku! Hozir hayot boʻlganida meni jiyanim deb suyardi. Togʻajon, biz koʻp narsalarni oʻz vaqtida emas, keyin suyamiz shekilli... Koʻkragi ochiq.

Qandaydir chapaninamo. Lekin mardligi, yigitligi mana men deb turibdi! Urush yedi bu odamni.

Mansurga qaradim. Daf’atan uning yuragidagi pinxoniy dard yodimga tushdi. Endi yomon ta’sirlanib ketdim. Mansurga yana tikilib qaradim. Chehrasida alamzadalik ifodasi namoyon edi.
— Mansur! — dedim. — Bu oʻtirish yarashmaydi sizga! Men togʻamning asir tushib kettaniga ishonmayman. Toʻgʻri, yarador boʻlib, oʻzi bilmay asir tushib qolganlar bor, albatta...
— Ioʻq! — dedi u. — Erkak odam asir tushmaydi!
— Shu tobda oʻz darajangizga munosib fikr qilmayapsiz.
— Men oʻz fikrimni aytyapman.
— Boʻlmasa, nimadan qoʻrqasiz? Soʻrang, surishtiring.

U suratni olib oʻrnidan turdi. Joyiga ilib qoʻydi.
— Ketdik.

Mansur tanchada yonib turgan, — momomdan qolgan, — yettinchi lampani tepasidan puflab oʻchirdi. Chikdik. Atrof zim-ziyo, pastga tushib, oʻngga burildi. Uyimiz esa roʻparada.
— Qayoqqa? — dedim.
— Men bir... — U chaynalib turgach, nihoyat aytdi: — Shu... opamni bir koʻrib kelay...

U yangamiz er qilib ketgani sababli hamon uni yoqtirmas, yangam oʻrtaga odam qoʻyib, necha marta «yarashtiringlar», degan, onam ham Mansurga koʻp marta: «Qoʻy endi, jigarim. Onangdayam ayb yoʻq. Taqdir ekan, yarash», degan, lekin Mansur u kishi bilan hatto gaplashishni ham istamas edi.
— Shunday qiling, Mansurjon. Hayotda hamma narsa boʻladi. Urush aybdor, — dedim.

U yerga tikildi. Shu boʻyi burilib, bogʻ oralab ketdi.

V

May bayramini Toshkentda bola-chaqam bilan oʻtkazib, tugʻilgan yurtimga joʻnadim. Buyokda yana bayramlar koʻp. Yoʻlakay Bulgʻurga ham tushdim. Ammamlar, amakivachchalar — barchalari xursand boʻlib ketishdi. Endi ular: «Yo bizni ham oʻsha yoqqa olib bor, yo ularni bizga ola kel. Bordi-keldi qilaylik», deb qolishdi.

Bulgʻurdan chiqayotib, koʻnglim koʻtarilib, bagʻrim

kengayib ketganini his qildim. Bu koʻnglimga ona yurt ham, ota yurt ham sigʻar ekan. Sigʻibgina qolmay bagʻringni kengaytirib yuborar ekan.
— Mansur qalay? — dedim onam bilan soʻrashar-soʻrashmas. — Ota, Mansurning kayfiyati qalay?

Ular bir-birlariga qarab, soʻng bir-birlariga gap bermay:
— Choshgohda bir koʻrindi. Kayfi bor edi chogʻi... Yana chiqib ketdi. Lekin onasi bilan yarashgani yaxshi boʻldi-da. Momongning uyiga koʻchirib kelmoqchi. Nasib boʻlsa, balki oʻz uyiga koʻchirib ketar... Kayfiyati tuzug-u, biz bilan yaxshi gaplashmadi, — deyishdi.

Yangamiz bilan yarashgani yaxshi. Ammo... Choy-poy ichib, dam olgan boʻldim-da, koʻchaga chikdim. Toshkentdan yilda bir kelgan tanishi yo sinfdoshini koʻrganlar nima qiladi? Buning ustiga, bugun 9 may — G’alaba kuni!

Restorandan chiqib, istirohat bogʻiga oʻtdik. Koʻchada maktab tomon ketayotsak, taxta ombori oldida odam gavjum! Qandaydir haykalning ustidan surp chodirni tushirishyapti. Atrofida pionerlar koʻp. Koʻpining qoʻlida lolaqizgʻaldoq.

Qaerda boʻlmay, Mansurni surishtirdim. Idorasiga, boʻlimlarga telefon qilib, uni qidirib ham kelishdi. Mansur hech qaerda yoʻq edi.

Doʻstlarim meni kuzatib qoʻyishdi. Darvozaxonada ham bir oz gaplashib turdik.
— Haykal yaxshi boʻpti, — dedi Boʻronbek degan sinfdoshim. — Faqat bir jihati menga uncha yotishmadi. Noma’lum soldat deyilgan, bu toʻgʻri-yu, shu... haykal oʻzimizning togʻlik yigitlarga oʻxshamabdi-da.

Har kim har xil fikr aytdi. Oqibat — qishloqda haykal oʻrnatilishining oʻzi yaxshi gap, deb xayrlashdik.

Mansurdan koʻnglim alagʻdaligi uchunmi, uyda uzoq oʻtirolmasligimni sezardim.
— Ena, Mansurdan darak bormi? Darak yoʻq? — Momoning uyiga yoʻl oldim. Nazarimda, Mansur uyda yotgandek tuyuldi. Chiroqni oʻchirib yotgandir, deb oʻylab supaga chikdim. Derazadan qaradim. Eshikni ochdim. Gugurt chakdim. Uy boʻm-boʻsh.

Aytganimdek, uyda oʻtirolmadim. Yana koʻchaga chiqib ketdim.

VI

Qaytib kelayotsam, birov salom beradi. Qarasam, Qudrat bobo!
— E, salom! — dedim. — Rahmon polvonning oʻgʻlini koʻrmadingizmi?
— He, — deya chol kulib qoʻydi. Soʻng hovlikdi: — Nima edi?
— Yoʻq, koʻrdingizmi bugun?
— Shu... qaerdayam... Qizilning boshida koʻrdim shekilli. Otliq edilar. Gilamday ochilgan lolaqizgʻaldoq ichida turgan ekanlar. Men bilan yaxshi soʻrashdilar...
— Boboy, u menga jiyan boʻladi, bilasiz.
— Albatta, albatta.
— Shuni menga topib berasiz endi.

Tong qorongʻisi ekan. Birov chaqirdi. Boloxonadan chiqsam, darvoza tarafda oʻsha Qudrat bobo. Qoʻli bilan meni imladi. Kiyindim, tushib bordim.
— Ha?
— Mana buni koʻring.

Bir surat berdi. Tikildim. Qandaydir marmar ustun, atrofida oʻzbeklarga oʻxshamaydigan kampir, chollar, yosh bolalar.
— Nima bu?
— Yaxshiroq qarang.

Qaytib boloxonaga chikdim. Lampochkani yokdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, marmar ustun — halok boʻlgan askarlarga qoʻyilgan yodgorlik boʻlib, unda oltita ism yozilgan, toʻrtinchisi — «O’rmonov Rahmon» edi. «1943 yil, 3 oktyabr». Atrofda yodgorlikka ta’zim qilib turgan kampir, chol va bolalar — ruslar.

(Keyin bilsam, Mansur otasini harbiy komissar-lik orqali surishtirgan, natijada Rostovdan xat bilan birga shu surat ham kelgan ekan. Komissarlikdagilar atay G’alaba kuni berishibdi.)

Chopib pastta tushdim.
— Buni qaerdan topdingiz?
— Yonida yotgan ekan.
— O’zi qaerda?
— Hozir koʻrasiz.

Qudrat boboga ergashdim. Koʻchaga chikdik. Chol meni maktabga boradigan yoʻlga boshladi. Yogʻoch omborga yetmayoq:
— Ana, ana! — dedi.

Mansur soldat haykali tagida, marmar zinada bo-shini haykalning poyiga qoʻygancha yotar, yonida bogʻlanmagan bir dasta lolaqizgʻaldoq bor edi...

1978