OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiOy yorugʻida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oy yorugʻida (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Samar qoya oraligʻidan oʻtgan soʻqmoqdan yurib yalanglikka chikdi. Oy uning qoq manglayida, soyasi tomon choʻzilgan edi. Soʻqmoq oqarib koʻrinadi. yoʻldan chiqmasa, u tonggacha qishloqqa tushib boradi.

Samar yaqinda xotinidan ajralib, bu yoqqa kelga uni shahar ham oʻzidan bezdirgan, bu yovvoyi togʻ orasida bir-ikki oy yashashga qaror qylgan edi. Bir oqshom garovda yutqazib, aroqqa chuv tushdi. Doʻstining e’tiroziga ham qaramay yoʻlga chiqdi. Mana, yarim kechadan oshganda choʻponlar ovuliga qoʻndi, chalob qovurdoq yedi va ularga rahmat aytib, yana yoʻlga tushdi.

Samar yalanglik oʻrtasiga yetib, ortiga oʻgirilib qaradi, endi choʻponlarning iti ovozlari ham eshitilmas, oʻtovi oldidagi gulxandan sachrayotgan uchqunlar ham tun qa’riga yutgan edi. Atrof jimjit, sirli sokinlik qoʻynida. Uzoqda ukki sayraydi.

U yana olgʻa ketdi. Yalanglikning adogʻida qorayib qoyalar koʻrina boshladi. Yoʻlovchi hademay ularga yetdi. Bu qoyalar orqada qolib ketgan togʻdan qulagan, dumalab shu yerga, soy labiga kelib toʻxtab qolgan. Oy anchagina koʻtarilib qolganidan metin xarsanglarning sirti yaltirar, pana joylardagi soya behad quyuqlashib koʻrinar edi.

Samar qoyaga yaqinlashgan ham edi, yoʻlga egilgay tumshuqda oyoqlarini osiltirib oʻtirgan qora gavdani koʻrdi. U choʻchib ketdi, shuning bilan birga sayohat-sarguzasht talab koʻngliga sirli zavq oqib kirdi; miltigʻini yelkasidan asta oldi.
— Qoʻrqmang, — dedi haligi qora gavda va yengil sakrab tushib, Samarga tikildi.

Samar gʻayritabiiy entikib, oʻzi jinga ishonmasa ham, uni «jin» deb oʻyladi. Soʻng bu mudroq, mungli hayotiga yorqin bir xotira kirganiga iqror boʻldi.
— Qoʻrqayotganim yoʻq. Kimsiz?.. Odammisiz? — dedi.
— Kechiring, — dedi qiz shoshib va Samarni anchadan beri taniydigan odamdek unga yaqinlashdi. — Men sizni anchadan beri poylab oʻtiribman! — davom etdi u, — Siz oʻtovdan chiqqanda izingizdan men ham chiqqan edim, sekin yurar ekansiz.

«Qiz... Tushunib boʻlmaydi bu xalqqa!» koʻnglidan kechirdi Samar va:
— Nima, siz shu ovuldanmisiz? — soʻradi.
— Ha, — dedi qiz va shosha-pisha gap boshladi: — Siz bilan birga choy ichgan choʻtir odam bor-ku, dadam meni shunga bermoqchi. Men xohlamayman. Men oʻqiyman, shaharga boraman. Shuning uchun uydan qochib chiqdim. Malol kelmasa, sizga hamroh boʻlsam?
— Marhamat, menga baribir, — dedi Samar va uning yuzini koʻrmoqchi boʻlib tikildi, qiz kulcha yuz, shahlo koʻz, oʻrta boʻy, xipchadan kelgan, koʻrinishdan ziyoli oilada tarbiya topganligi sezilib turardi.
— Rahmat, — dedi qiz soʻqmoqqa tushib. — Men shaharni koʻrmaganman, qayoqda ekanini ham bilmayman. Goho choʻqqidan qarasam, chiroqlari koʻp bir joyni koʻraman. Shu shahar boʻlsa kerak.
— Ha, — dedi Samar va xoʻrsindi: «Ey, qiz, shaharda nima bor senga?»

Samar ham uning ortidan yurdi. Bir necha qadam yurmay, yigitning koʻngli gʻash boʻldi:
— Bu, ota-onangiz nima deb oʻylashadi? Bir oʻtkinchi yigit qizimni opqochib ketdi demaydimi? Orqamizdan tushsa, sharmanda boʻlamiz-ku... unda oʻzingiz bilasiz, mening ahvolim chatoq boʻladi, janjalni yomon koʻraman!

Qiz orqasiga ilkis qaradi.
— Siz qoʻrqmang, men ularning sharpasini sezib qolsam, qochib ketaman, — dedi. - Oʻzi shunday deyishingizni sezgan edim... Faqat iltimos, tezroq yursak!
— A-a, — dedi Samar. — Ishqilib, javobini oʻzingiz berasiz. Men... mening tez yurishga madorim yoʻq, charchaganman.
— Qatdan kelyapsiz! Bu atrofning odamiga oʻxshamaysiz-ku?
— Uzoqdan. Ha, bu atrofning odami emasman, lekin shu atrofning odami boʻlib qolishni istayman, singlim.
— O! Bu yerda nima bor! — dedi qiz... Hamma yoq togʻ-tepalik! Hamma narsa shaharda-ku!
— Ha, shaharda. Boring, koʻrasiz, — dedi ensasi qotib.
— Koʻramiz, koʻramiz, — dedi qiz, u boshini burib, quchoqqa sigʻmas oyga qaradi. Toshga qoqilib ketdi. Kulib, qaddini rostlab oldi. — Oyogʻimda kalish, shaharliklar kulmaydimi?
— Parvo qilmaysiz-da, kulsayam.
— Toʻgʻri, — dedi qiz bosh irgʻib. — Buvim ham shunday der edilar.

Ular qiyalikdan pastlab, yarqirab oqayotgan sayoz soy boʻyiga tushdilar! Suv betiga chiqib turgan toshlarga oyoq qoʻyib oʻta boshladilar.

Narigi sohilga oʻtganda Samar shagʻal ustida qizga qaradi:
— Singlim, bekor qilyapsiz-da, pushaymon yeysiz, — dedi yuragi hapqirib, — bu joylarni sevish kerak. Siz buning qadrini bilmapsiz. Bir kuni qaytib kelasiz.
— Menmi? — dedi qiz... — Ha, qaytaman... Lekin bir oy-ikki oyga.
— Nimaga?
— Chunki men bu yerda yashamayman-da. Bu yerda choʻponlar, podachilar yashaydi, qoʻy boqadi, poda boqadi. Men nima qilaman batda? Sogʻinganda kelaman, sayohatga kelaman.
— Siz kimsiz oʻzi?
— Menmi? Men oddiy... dadamning qizi. Nima hayron boʻlasiz?
— Xuddi shaharda tugʻilib, shaharda oʻsganga oʻxshaysiz?
— Yoʻq, shatda tugʻilib, shatda oʻsganman. Buvim gapirib berganlar shahar haqida.
— Buvingiz kim? U kishi shaharda yashaydimi?
— Yoʻq, Choʻltoq togʻda... — dedi qiz. — Yuring, yoʻldan qolmaylik, yoʻlakay gaplashamiz. Tagʻin anavilar orqamizdan quvlab kelmasin.
— Toʻgʻri gapingiz.

Soy yoqasidagi oʻpirilib tushgan qumloq tepaga chiqib, yoʻlni yengil changitib keta boshladilar.
— Singlim, bu yurishdan foyda yoʻq, — dedi Samar. — Yoʻldan yursak, haqiqatan ham ular yetib olishi mumkin. Chetdan yuraylik, siz yaxshi bilsangiz kerak bu yerlarni?
— Ha, bilaman, — dedi qiz. — Toʻgʻri aytdingiz, yuring, anavi archazor ichidan ketamiz, hech kim bizni qoʻrmaydi. — Qiz yoʻlni qoldirib, oqarib turgan tikanzorga kirdi, etagini andak koʻtarib olib, tikanlar ustidan sakray-sakray qiya betga oʻrladi. Soʻng yumshoq tuproqda sirgʻala-sirgʻala tepadagi archaga yetdi. Samar ham uning orqasidan chiqib bordi, bu yoʻl davomida u charchaganini yana qattiq sezdi, soni birdan uvushib tarang tortildi. Yigit egilib, uni uqaladi, choʻzdi. Tomir qoʻyvordi. Qiz unga miltiq xalaqit berayotganini koʻrib, dedi:
— Bering miltigʻingizni, men koʻtarib yuray. Siz charchabsiz, ogʻirlik qiladi.

Samar yelkasidan miltiqni oldi-yu, qizga tikilib qaradi, koʻnglida gʻalati shubha paydo boʻldi: «Yoʻq... bu yerlik emas bu, — deb oʻyladi. — Tiliyam, muomalasiyam boshqacha... Qiziq, nima qilib yuribdi ekan bu yerlarda? — Samar battar hayron boʻldi: — Men erkak boʻlsam, seskanmaydimi mendan? Hech narsa koʻrmaganday kelyapti... Bir sir bor!»
— Rahmat, — dedi Samar, — Oʻzim koʻtarib yuraman, — u iljaydi. — Momongiz aytgan boʻlsa, yigit kishining yonida qiz kishining yuk koʻtarishi odobdan emas...
— Ha, buniyam gapirganlar, yana koʻp gaplar aytganlar. Bechora, bir oy boʻldi, qazo qildi, — qiz parishon boʻlib, olisdagi ufqqa, qora qalam bilan chizib qoʻyilgandek toqqa qaradi.

Soʻng tepalik oʻrkachidan odimladi.
— Aytmoqchi, anavi yoʻl shaharga olib boradimi yo boshqa yoʻlgayam chiqamizmi?
— Oʻsha olib boradi, — dedi Samar.
— Unday boʻlsa, undan uzoqlashmay yuraylik-da?
— Darvoqe, ular quvib kelganda tutqich beradigan darajada yaqin bormasligimiz kerak.

Ular tepalikdan qiyalab tushib, boshqa tepaga koʻtarildilar, bundan chiqish ham Samarga azob boʻldi. Soʻngra qop-qora archa soyasi bosib yottan arnaga duch kelishdi. Qiz shu arna yoqalab yoʻl boshladi. Oʻrmon jimjit, goho qaerdadir jir-jir qushi uchadi, uning yangroq ovozi tun sukunatini buzib yuboradi. Soʻng yana oʻrmonga jimlik choʻkadi. Faqat yoʻlovchilarning qadam tovushlari, ular qimirlatib oʻtgan shoxning shildirashi eshitiladi. Goho qiz yoʻlga koʻndalang choʻzilgan shoxni iziga qaytarib turadi, yigit oʻtib olgach, uni qoʻyvoradi va tagʻin olgʻa chiqib, oʻtkir koʻzlari bilan bexato yoʻl topib boradi.
— Hm, bir vaqtlar boyagi soyning boʻylarida archa oʻsardi deng, — dedi Samar va tajanglanib ketdi. Texnika shu yerlargayam yetib keldi... singlim, ana shu hozirgi shaharning, texnikaning sharofati. Bora-bora bu texnika degan narsa butun tabiatni yutib yubormasa, deb qoʻrqaman.

Qiz hayratlanib hamrohiga qaradi:
— Tushunmadim gapingizga, nimaga? — dedi. Choʻltoq toqqa birinchi marta vertolyot kelganda ba’zi odamlar, odamxoʻr qushlar bu deb qon chiqarishib, xudoyi qilibdi. Buvim bechora kular edi... Hozir vertolyotdan koʻpi yoʻq. Odam yurolmaydigan choʻqqili togʻga chiqadi, geologlarga yuk tashiydi. Bultur qish qattiq keldi, kiyiklar ham oʻtovimiz yoniga kelib qoldi.

Shunda vertolyotlar beda-pichan tashlab ketdi. Shu boʻlmaganda mol qirilib ketardi. Shuyam... texnikami?
— Ha, buyam texnika, — deb qoʻydi.
— Shuning uchun siz uni yomonlamang, — dedi qiz yoʻlida davom etib. — Buvim aytar edilarki, odamning hayvondan bitta farqi bor, uyam boʻlsa aqli, der edilar. Rost-da, hayvonda aql nima qiladi. Shuning uchun aql yaratgan moʻ‘jizalarni hurmat qilish kerak der edilar... Shu vertolyotni ham aql yaratgan-da? Qani bir ayiqning oldiga shu miltiqni qoʻyib koʻring. Ichida oʻqi boʻlmasayam sindirib tashlaydi, negaki, aqli yoʻq. Odam boʻlsa bu miltiq bilan oʻzini qoʻriqlaydi, molini qoʻriqlaydi. Miltiq boʻlmasa, siz ham shu yurishdan qoʻrqardingiz... Oʻrmonda jondor koʻp, silovsin bor, toʻngʻiz bor.

Samar zimdan tevaragiga qarab qoʻydi:
— Mulohazalaringiz chakki emas, siz oʻqisangiz..! oʻqib ketasiz, — dedi.
— Ha, men oʻqiyman, — dedi qiz. — Shaharni koʻraman, dunyoni koʻraman. Men tushunmaydigan narsalar koʻp, shularni tushunib olaman. Buvim rah matlik armonda ketdi, ikki oyoqdan qolmaganimda bu yerga kelmas edim, oʻlim quvlab keldi meni, der edilar.
— Momongiz... bu momongiz ham antiqa odamga oʻxshaydilar, — dedi Samar.
— Ha, u kishi dono ayol edilar, — tasdiqladi qiz. — U kishining ayalari otinoyi boʻlgan.
— Nahotki? — hayron boʻldi Samar. — Bu yerlardayam otinoyilar oʻtganmi?.. Siz aldayapsiz, singlim, bir sirni mendan bekityapsiz? Tilingizda boʻlsa atda, batda, buvim, ayam...
— Dukillayotgan narsa nima?

Samar ham qoʻshni adirdan kelayotgan bu tovushni eshitib, miltigʻini oʻngladi. Tuyoq tovushlari borgan sari uzoqlashib ketdi.
— Toʻngʻizlar, — dedi qiz. — Biz bilmaymizu, ular bizni sezishgan, qochib ketdi. Ana, aytmadimmi hayvonlar koʻp deb? Miltigʻingizni oʻng qildingiz... Texnikani yomonlamang.

Samar kerishdi:
— Boʻpti, yomonlamayman! — u behad holdan toygan edi, tomiri yana tortishib borardi; chuqur nafas olib toʻxtadi, qiz ham toʻxtadi. Shunda u Samarga yana ham sirli boʻlib koʻrinib ketdi... Endi u bu gʻalati qiz bilan kelayotganiga ishongisi kelmadi: «Nima, bu tasavvurimmi?» deb koʻnglidan kechirdi. Goʻyo qizning tasavvur yoki tasavvur emasligini bilmoqchidek, gapida davom etdi: — Otinoyilar bu yerlarda boʻlmagan hisob. Mening tarixdan bilishimcha, janubda din qadim zamonlardan beri sust boʻlgan, ba’zi manbalarda bu oʻlka odamlarini «tabar musulmonlar» deyishadi, — u qizning diqqat bilan quloq solayotganidan ilhomlanib, soʻradi: — Tabarni tushunarsiz, bolta degani?
— Ha, tojikcha-da, — dedi qiz.
— Musulmon dinini bizga arablar olib kelgan, ular qilich, bolta, tigʻ kuchi bilan buni aholi oʻrtasiga singdirishga harakat qilgan. Lekin bu togʻliklar boʻyinlariga bolta qoʻyganda ham, oʻzlarining otashparastlik dinlaridan qaytmagan, shuning uchun bularga «tabar musulmonlari» deb nom berishgan. Ana shuning uchun bu yerlarda islomning ta’siri qadimdan sust boʻlgan, singlim... Siz boʻlsa otinoyi, deyapsiz. Bu soʻzni... bu oʻlkada eshitish qiyin. Anavi gʻalati soʻzlarni qaerdan oʻrgangansiz, hayronman!
— Axir, mening buvim Pargʻonadan boʻlganlar, buvam Qashqardan qaytayotib, opqochib kelganlar.
— E, shunday demaysizmi? — Samar qizni oʻziga ancha yaqin his etdi. — Tilingizgayam oʻshalarning ta’siri oʻtgan deyman?
— Ha, batdagilar bizning gapimizdan kuladi, dadam kulgi boʻlmaslik uchun bizday gaplashmaydi. Siz ayamni koʻrmagansiz, u kishiyam yaxshi xotin.
— Onangiz ham bilmaydimi bunday qochib yoʻlga chiqqaningizni?
— Ha, bilmaydilar, —dedi qiz olislarga koʻz tashlab. — Lekin u kishiyam meni erga berishlariga norizo edi. Dadam meni maktabdan olib ketganlarida urishganlar.

Samar shoshmas edi, u choʻnqayib oʻtirmoqchi boʻldi, biroq soni qotib qolishidan qoʻrqib, yonboshidagi archaga suyandi, archaning chayir shoxlari silkinib, koʻtarib qoldi.
— Qanday maktabdan?.. Shahardanmi? – soʻradi Samar.
— Yoʻq, aytdim-ku, shaharni koʻrmaganman, — dedi qiz. — Olatumshuq qishlogʻidan, — u tez-tez gapirdi: — Qishloqda maktab bor-da! Bitta oʻqituvchi oʻqitadi, birinchi sinf bolasiniyam, beshinchi sinf bolasiniyam, men yettinchiga oʻtgan edim, meniyam shu oʻqituvchimiz oʻqitardi. Keyin dadam katta boʻp qolding, dedi-da, oldi-ketdi. Men bilan oʻqigan bolalar shaharga ketishdi, u yoqda — internatda turib oʻqishni davom ettirarmish. Shunda... ayam dadam bilan urishgandi.
— Tushunarli, — dedi Samar va qizga tikilib savol berdi: — Ayting-chi, singlim, nimaga bir oʻtkinchiga ergashdingiz! Men yomon kishi boʻlishim mumkin-ku!
— Yoʻq, ishonmayman, — dedi qiz. — Siz gaplashib oʻtirganda, men chiy orasidan sizga qarab turdim, qobil-moʻmin odam koʻrindingiz. — Soʻng qizning ovozida boshqa ohang paydo boʻldi: — Xoʻp, yomon boʻlsangiz... qoʻlingizdan nima ish keladi? Charchab kelyapsiz. Shaharlik odamlar qoʻrqoq boʻladi.

Samarning koʻnglida qizga nisbatan iliqlik, hurmat paydo boʻldi.
— Yoʻq, singlim, men yomon odam emasman, — dedi u ta’sirlanib, — meni turmush xafa qilgan, xolos, — shunday deb oʻzining shaharu madaniy olamni tashlab kelganini esladi: — Umuman, kishi kam narsani bilgani yaxshi, — qoʻshimcha qildi u.

Qiz choʻchib qaradi:
— Nimaga, men koʻp narsani bilgim keladi. Qiziq. Ozgina narsani bilib yashash... bu zerikarli!

Samar unga havaslanib boqdi:
— Nechaga kirdingiz! Aytmoqchi, tanishmadik ham, ismingiz nima, sir boʻlmasa?
— Ismim Hidoyat! Oʻn yettiga kirdim. Hali yoshman:.. Siz qarib qolgan koʻrinasiz.

Samar kulimsiradi:
— Nega, men... yigirma beshga kirdim. Bu ayni yigit yoshi.
— Bilmadim, — yelkasini qisdi Hidoyat. — Qandaydir cholga oʻxshaysiz, ogʻir... La-anj. Charchadingizmi chindan ham?

Samar kuldi:
— Ha.

Yana yoʻlda davom etdilar. Arnaning ikki labida tigʻiz boʻlib archa oʻsgan ekan, uni aylanib oʻtaman deb balanddigi belga uradigan miyazorga kirib qolishdi. Oʻsimlikning shoxlari oyoqlariga oʻralashib, taqir yerga chiqqanlarida, etak tarafdan yana tuyoq tovushlari eshitila boshladi. Bu — bir maromda chopayotgan ot tuyogʻining dukillashi edi. Yoʻlovchilar burilib qarab, oy ravshan yoritib turgan soy sohiliga otilib tushayotgan ikki otliqni koʻrishdi.

Ular bu kishilarning kimligini aniq bilishdi.
— Ana, — dedi Samar vahima qilib.
— Ha, shular. Bilardim quvlashini, — dedi Hidoyat. — Baribir topisholmaydi, bu archaning ichidan kunduz kuniyam topisholmaydi. Siz qoʻrqyapsizmi?
— Yoʻgʻ-e, — dedi Samar. — Ishqilib, janjal chiqmasa boʻlgani.
— Janjal chiqmaydi, bizni tutib olishsa, oʻzim javob beraman! Men baribir ovulga qaytib bormayman, yo shaharga ketaman, yo oʻlaman shatda... Shaharga yetib olsam, bas edi! Keyin meni tutsayam obketisholmasdi. Meni himoya qiladigan qonun bor, a? Militsiya...
— Yaxshi oʻqigansiz chamamda?
— Ha, yaxshi oʻqiganman... Keyin ham yaxshi oʻqiyman! Internatga boraman, atda qizlar ham boʻlsa kerak-a?
— Bor, albatta.
— Ana oʻshalarning yonida oʻqib yashayveraman. Forma beradimi?
— Oʻtib ketishdi, — dedi Samar gangib quloq solar ekan. — Formami?.. Bermasa kerak.
— Mayli bermasa, biror ishgayam kiraman, — Hidoyat osmonga qarab gapirardi, u Samarga koʻz tashladi: Nima, ishlolmaymanmi? Ishlayman. Sigir sogʻaman; pishaman, teri oshlayman! Bunaqa narsani shaharliklar bilmas emish. Haqiga kiyim-bosh qilaman!

Samarning bu yerdan jilgisi kelmas edi, birinchidan, anavi otliqlarga yoʻliqishdan qoʻrqar, sal gʻalati tabiatli qiz bilan suhbatlashishga ishtiyoqi oshib borar edi.
— Oʻtiramizmi, Hidoyat?

Hidoyat unga ilkis nazar tashladi:
— Siz oʻzi, juda horibsiz, ovozingiz ham xirillab qopti. Oʻtirishdan nima foyda? Qaytamga keyin yurolmay qolasiz. Miltiqni bering menga, ogʻirlik qilayotgan boʻlsa!

Samar qizning gapi ta’siridanmi vujudida quvvat sezdi.
— Yoʻq, ketdik! — dedi. — Qorongʻida qishloqqa yetib olish kerak, sizgayam yaxshiroq boʻladi.

Hidoyat jildi. Samar ortiqcha horimaslik uchun savol-javobni ham bas qildi, shuning uchunmi yoki oldida beixtiyor sirli bir majburiyat sezayotgani uchunmi, undan orqada qolmaslikka qaror berdi.

Ular arna yoqalab, tepaning oʻrkachiga chiqib borishdi. Bu yer gilamdek yalanglik boʻlib, tuprogʻi oʻynab yotar, qiyshaya boshlagan oy nurida unda behisob izlar koʻrinar edi.
— Uf-f! — dedi Samar ixtiyorsiz va ortidagi archaning qattiq shitirlashidan choʻchib tushdi, qoʻlidagi miltiqni shu yoqqa qaratdi. Archa ostidan otilib chiqqan quyon bular oldidan oʻtib, oʻn qadamcha naridagi archa yonida toʻxtadi. Soʻng yana dik-dik sakrab, gʻoyib boʻldi.
— Quyon, — dedi Hidoyat. — Tinmaydi kechasi bilan. Goʻshtini yomon koʻraman, qip-qizil boʻladi.

Samar miltiqni yoniga suyab qoʻyib kerishdi, xoʻrsinib olislarga qaradi. Qarshida qiyshayib-buralib, tobora pasayib ketgan archazor adirlar. Etakdagi d-rani oqish tuman bosib yotibdi. Hamon kakkuning mungli sayrashi eshitiladi...
— Chiroyli-ya? — dedi. Hidoyat oʻsha tomonlarga qararkan.
— Juda chiroyli, — dedi Samar. — Men bir umr shu yerlarda qolishni istar edim...

Qiz yigitga qiya qaradi:
— Siz bu yerlarda kam boʻlgansiz-da, qishda juda zerikarli boʻladi.

Oy botishiga bir quloch qolganda ular daraning tugash yeriga yetib borishgan, orqadan izgʻirin esar, pastlikdan elas-elas it ovozlari eshitilar edi.

Samar toʻxtagan yerida oʻtira qoldi, Hidoyat ham hansirar edi.
— Pastda qishloq bormi? — deb soʻradi.
— Ha, — dedi Samar va «men shu yerdan aroq olib qaytmoqchi edim», deya gapini davom ettirmoqchi boʻldi, biroq qizni dam olishga taklif etdi.
— Yoʻq, — dedi qiz. — Tong otadi hozir... Ketish kerak, yoʻl qishlokdan oʻtadimi?
— Ha.
— Shahar qatda oʻzi? Shahar?
— Shahar... — Samar qishloq chetida oqarib turgan togʻni koʻrsatdi. — Shuning orqasida.
— Shunaqami? Boʻlmasam ketaylik, yaqin qopti-ku, biratoʻla oʻsha yokda dam olasiz. Dadamlar shu qishloqda boʻlishi kerak, bizni poylab yotishgandir, shundaymasmi? Qishloqni chetlab oʻtamiz-da?

Samar kafti bilan peshanasini siladi:
— Men shu qishloqda qolsam-chi? — dedi.
— Qolasizmi? — unga shart oʻgirildi qiz. — Nimaga kelayotgan edingiz oʻzi, siz ham sirli ekansiz-ku?
— Bir narsa olib qaytmoqchi edim, — dedi Samar va qishloq chetlarini qoplab yotgan archazorlardan qizning yolgʻiz ketishini oʻylab, xavotirga tushdi. Ayni chokda oʻzining unga bogʻlanib, bu qiz bilan yoʻlakay suhbat asnosi, mudroq ruhi ancha tetiklanib qolgani, U ketsa, usiz oʻz ahvolini tasavvur qilolmasligini his etdi. Biroq... unga qol deyishdan ham, orqaga qayt deyishdan ham ojiz edi.
— Hidoyat...
— Ha.
— Oʻzingizga ehtiyot boʻlasiz-da, singlim.
— Albatta, lekin miltiq boʻlgandamidi. Sizning miltigʻingizni soʻrardimu, oʻzingizga kerak... Munday botirroq yigit boʻlganingizda...

Samar allanechuk choʻkib ketdi, zoʻrgʻa oʻrnidan turdi. Endi oʻzi orziqib kelgan bu togʻ-tosh orasida piyoda yurish ham joniga tekkan, asrining, anavi aytmoqchi «aqlning» yaratgan imkoniyatlariga oʻrgangan vujudi bu ibtidoiy harakatni inkor eta boshlagan edi. U shahdamlik bilan miltiqni uzatdi:
— Oling...
— Nima qilasiz, qoʻying! — dedi qiz. — Bu qoʻrqinchli boʻlmasa kerak... Qishloq yaqin, shahar yaqin. Nega menga unaqa qaraysiz?
— Oʻzi, qarashim shunday. Men ishonaman, siz shaharga borasiz, oʻqiysiz ham... Lekin shaharda oʻzingizga, tuygʻularingizga yana ham koʻproq ehtiyot boʻling!
— A-a, shahardami? Albatta-da!.. Nima, shahar yomonmi? Yoʻq, shaharda odam aqli bilan yaratgan moʻ‘jizalar koʻp. Xayr boʻlmasam.
— Oq yoʻl.

Qiz boshidagi oqqina qiyigʻini qayta bogʻladi. Yon-bagʻir tuprogʻini changitib tushib ketdi. Samar oyga qaradi, botib borar, kunchiqar tobora oqarar edi.

Shunda yigit birdan bezovtalandi, unga Hidoyatning nimasidir yuqqan edi...