OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiOzodlik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm153KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ozodlik (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

«
Hikoyalar toʻplamining ikkinchi jildi nashrga tayyorlanayotgan chogʻlarda Shukur aka: «Ozodlik»ning ostiga «Nabijon Boqiyga bagʻishlayman. Muallif» deb yozib koʻying, iltimos», dedi. Bu hikoya, chamasi, oʻn yil burun «Vatan» gazetasida sonma-son e’lon qilingan, lekin oʻshanda bagʻishlov yoʻq edi. Chunki oʻzim oʻsha gazetada xizmat qilardim, endi toʻplamning muharririman...

 

Shukur akaning bunday deyishlariga sabab xrkoyaning yozilishida — gazetachi sifatida «boʻling-boʻling»lab hol-jonlariga qoʻymagan edim. Har bir narsani adolat mezoni bilan oʻlchaydigan yozuvchimizning bu iltifotlarini katta marhamat deb qabul qildim.

Nabijon Boqiy
»

Tashqarida shamol uvullar, burchakdagi tunuka pech otashxonasidan lop-lop etib alanga chiqar, shunda otashxona oʻt purkovchi afsonaviy ajdarning komiga oʻxshab ketardi. Ammo shiftga oʻrlab, tomni teshib chiqqan karnayning chirsillashi va uning ulama joylaridan tutun silqishi koʻngilni tinchitardi, chunki tom uzra esayotgan shamol tutunni qaytarib ichkariga urgani, shuning zarbida otashxonadan olov nafasi chiqib qaytganini unsiz anglatardi.

Issiqqina mehmonxona doʻst-yorlarning nafasi-yu chekkan tamakilari tutuni, yuzlarining tafti-yu qizgʻin suhbat-kulgidan fayziyob, goʻyo olamni burkagan qoru boʻron ichida shu kichik uycha-yu shu yerda jam boʻlganlargina bor edi.

Mansur bu xonaga serqatnov: kirib poygakda choʻkar va boshini eshitmagan askiyaga ham qoʻshilib kular, unga-bunga, «dasturxonga qarang» deb iltifot qilar, kimlarningdir oldini tozalar, soʻng eshik taqillashi zamon oʻkdek uchib chiqardi.

U xursand edi.

Faqat oʻqtin-oʻqtin loy, qor parchalari titilib yotgan ayvonda xotiniga nimadir uqtirgani holda turib qolar, etaklarni chulgʻagan oqlikka, roʻparasidan buralib-shoshib oʻtayotgan qor suruviga qiynalib boqar, «Tinsa edi-e, bas endi-e» deb pichirlar, soʻng oʻn qadam enishda esa-da koʻrinmayotgan ogʻil-qoʻraga koʻz tikib, quloq berardi: mollar tinchmi?

Ana shu alfozda qorongʻi tushdi. Mehmonlar gʻala-gʻovur, oʻyin-kulgi bilan uylariga otlanishdi: zumda ogʻil-qoʻra poyidagi yalanglikda turli mashinalar gurulladi, chiroqlari lovullab, tina boshlagan qor saflariga sanchildi. It hurdi. Mansur «Gazik» ichiga suqilib, doʻsti Omonni quchib: «Rahmat, joʻrajon. Siz boʻlmasangiz, bu oʻtirish ham boʻlmas edi», deya minnatdorchilik bildirgach, bu mashina ham jildi-da, Mansur qorongʻilikda bir zum qoʻlini qovushtirib, etakka shoʻngʻib tushib ketayotgan odamlar ortidan qarab turganidan keyin jadallab iziga qaytdi.

Oʻziga bir yarimta keladigan xotini mehmonxonani yigʻishtirar edi.
— A, balli, kampir! — dedi u eshikdan moʻralagancha. — Rahmat senga. Otangga rahmat, enangga rahmat... Xoʻsh, Polvon uxlab qolgandir?

Kampiri enkaygan koʻyi bosh irgʻadi. Va Mansur halpillab ayvonning u boshiga bordi. Tob tashlagan eshikni avaylab ochib, ichkariga kirdi. Oʻrtaga surib qoʻyilgan qoʻlbola elektr plitaning zanjiri qip-qizarib turar, burchaklardan zax va zang hidi kelar, baland toʻsiqli karavotchada Polvon uxlab yotardi.

Mansur karavot qoshiga suyanib:
— He, bulbulidan! Uxlang, otam, uxlang! — deya birpas tirjayib turdi-da, yon-verini bosib qoʻyib, kaftlarini bir-biriga ishqadi. — Yaxshi, yaxshi boʻldi...

Elning oldidan oʻtdi hisob, ya’ni, yuzi yorugʻ boʻldi-da. Oʻziyam ezilib yurardi. Ayniqsa, toʻy-hashamga borgan, ziyofatlarga tushib qolgan chogʻlarida: axir, oʻn yil yotib keldi — toʻrtta kishini chaqirib oldiga dasturxon yozolmadi: «Ey musulmonlar, umrdan bergan ekan, nasiba uzilmagan ekan. Mana, saflaringga qoʻshildik. Bir duo beringlar», deb. Buyam — koʻnglida armon edi. Otadan qolgan kulbani epaqaga keltirib, hovliga toʻrt-besh tup koʻchat oʻtqazib, tomorqani sotdi; puliga besh-olti bosh sovliq olib, mana shu qirga chiqib keldi: qumtoshdan kesib gʻisht oʻrniga ishlatdi, togʻ daralarida qurib qolgan daraxtlardan vassa-poya kesib yurganida, tashlandiq bir xaroba uchradiki, uning toʻsini-yu sinchlarini — xudo berganday boʻldi; umrida hech kamlik koʻrmasin, Omon doʻsti asqatib, ikki uy-bir dahlizli imoratni tikka qildi; shundayam toʻrt-beshta qariyani chaqirib, duo ololmadi.

Omadni qarangki, qoʻylarini boqib yurganida Qora qoʻtonda qiy supirayotgan bir gʻarib qizni uchratdi va ikki ogʻiz gap asnosi uning oʻzini sirtdan kuzatib yurishini bilgach: «Ey, gʻarib! Men ham gʻarib. Menga tegmaysanmi?» deganda, u jilmayib yelka qisdi. Mansur darhol viloyat markaziga hovliqib borib, goʻsht kombinatiga kirdi, qassoblar boshligʻi Omon joʻrasiga, gap shunday-shunday dedi. Omon bir haftadan keyin kelib, Mansurni qiz yashaydigan qishloqqa olib bordi va xudoning yoʻl berganyush koʻringki, yetim qizini oʻsha kuni Mansurga nikohlatib, uning somonsuvoq kulbasiga keltirdi, he, qoʻl; kaltaligi qursin: shundayam hamqishloqlariga osh berolmadi.

Toʻgʻri, oʻshanda u odamlardan sovub yurgan kezlar edi, zotan, hamyurtlari ham unga qiyo boqishmas, ayrim rahbarlar unga ish berishmas — u qamalib kel gan «turemshik» edi.

Kelinning oyogʻi qutli chiqdimi, sovliqlari egiz: tugʻishi barobarida oʻzi ham salkam toʻrt kilolik Polvonni tugʻib berdiki, Mansur oʻzini, nihoyat, odam sifatida tuydi. Uning qaddi koʻtarilgan kunlarning; birida qirlik poyidan bir zamonlar tortilgan telefon kabellarini yangilayotgan birigadaga yollanib ishga tushdi-yu, ular safida qoldi: bu — kamsuqum, mehnatdan bosh koʻtarmaydigan yigit ularga chunon qoʻl kelganidan toʻqson chaqirimlik masofadagi kabellarni nazorat qilib yuruvchilik amalini berishdi: endi tagida almisokdan qolgani «Gaz-51», yonida shofyor, bortda bitta ishchisi bor — vaqt-bevaqt otlanib qoladi: haftalab kabellarni tekshiradi.

Kuni kecha ana shunday tekshiruvdan qaytdi, ammo-lekin ona suti ogʻzidan keldi: qor qalin, tunlar — izgʻirin, ayoz; kabel jonivor uch chaqirim masofada toʻrt joyidan uzilgan ekan, ya’ni, qor betiga chiqsa darhol tulkiyu sor qushlarga yem boʻladigan, demak, qor ostidan yemish topishga majbur boʻlgan koʻrsichqonlar simlarni kemirib tashlagan ekan.

Ana shu mashaqqatli safardan qaytayotib, karantin postda Omon joʻrasini uchratib qoldi: uyam milisalarning choyidan bir piyola ichgali vagon-uychaga kirgan ekan.

Koʻpdan koʻrishmagan kabi quchoqlashib ketishdi. Keyin elektr-plitaga isinib ahvollashishar ekan, gurungga milisalar ham qoʻshildi va mavzu bozor iqtisodiga oralab, Mustaqillikka taqaldi: qarabsizki, nosqovokdek shisha idishda spirt topildi, unga suv qoʻshib ichdilar.

Omon bu kunlarning oʻtkinchi ekani, pirovard, odamlar uchun sinov kunlari ekani — demak, bir-biriga mehr-oqibatu el-yurtga sadoqat ayni shu zamonda bilinishi haqida pishillab soʻzlar ekan, Mansurning ogʻzidan nogoh chiqib ketdi: «Joʻra, bir oʻtirish qilsam, nima deysiz? Axir, oʻzingizdan qolar gap yoʻq, men qamoqdan ozodlikka chiqqan kunimdayam sizday birodarlarni aytib, bir piyola choy tutolmaganman...».

«Uch yildan beri shu gapni kutar edim sizdan, — dedi Omon iymanib. — Qiling. Bir yonini oʻzim koʻtaraman...» «Yoʻq, hammasi oʻzimdan, — kesib ta’kidladi Mansur. — Armonim shu edi, joʻra. Shu kunlarga nasib etgan ekan. Omin deng!».

Shunday qilib, Omon Mansurga qoʻshilib qishloqqa keldi. Mehmon aytishni ham oʻz boʻyniga olib, kunduzi kelgan moʻysafidlardan tortib, oqshom kelishgan koʻngil yaqin teng-toʻshu shotirvachchalargacha kutib oldi.

Toʻrt yashar bir qoʻchqor bilan semiz serka soʻyildi. Quyruqning yarmi bilan serkaning buzilmagan ikkita sonini, kelishuvga koʻra, qassob sotib berdiki, uning puliga hoʻlu quruq meva-cheva xarid qilindi, tagʻin besh-oʻnta shisha... Ovqatdan — shoʻrva, palov... Ishqilib, bir kichik mavlud oʻtdi hisob: he, qariyalar: «Shu uyda toʻylar boʻlsin!» deb duo berishdi. Tengqurlar Polvonning sogʻligʻi uchun ham qadah koʻtarishdi. Vo ajab, Mansurga ba’zan shunday tuyuldiki, uni hamma qadrlar, hurmatlar ekan-u, oʻzi bilmay yurarkan. Buyam oz: u saxiy, uyparvar, xotinparvar, mehnatsevar va oʻta kamtar yigit ekanki, koʻplar zimdan havas qilarkan.

Turemshik boʻlganini birov ham eslatmaydi-ya!

Mansur kaftlarini ishqagancha tagʻin ayvonga chiqdi. Eshikni zichlabgina yopti-da, nazdida, mehmonlardan biri kakligini oʻgʻirlab ketganday tuyuldi. Garchi bunday boʻlishiga u qadar ishonmasa ham, zanjiri shunday ilib qoʻyiladigan oʻrta eshikka halloslab borib, apil-tapil ochdi. Gʻadir-budir devorni siypalab, chiroqni yokdi. Muzxonadek ombordagi qop-qop un, labi uchgan xum, eski tancha-yu arra, poytesha va uyulib yotgan eski-tuskilar charaqlab koʻrinishi zamon kaklikning churqillagani va qafas ichida tipirchilaganini eshitdi. Rom oʻrnatishga ehtiyoj yoʻqligidan tosh qalab, suvab qoʻyilgan «deraza» pastiga jadal borib, qafasga yopib qoʻyilgan uvada choponini shilib koʻtardi.

Karsondagi tuproqni changitib, gir aylanayotgan yirik, goʻzal qush quralay koʻzlarini chaqnatib, egasiga chaqchayib tikildi-da, endi dik-dik sakrab, qafasning yulgʻun chiviqlariga tumshugʻini ura boshladi.
— He-he, jonidan, — deb chayqaldi Mansur. - Nima boʻldi? Doningiz bor, suvingiz bor... Sogʻindingizmi egangizni? Yo uyga begonalar kelganini sezib, bezovta boʻldingizmi?.. Ketishdi. Oʻzimiz qoldik.

Soʻngra qafasni halqasidan koʻtarib va chiroqni oʻchirib chiqdi. Sovuq, sovuq. Lekin qor tinipti. Ammo kechasi ayoz boʻlsa, o, charsillaydi.

Mansur toʻgʻri mehmonxonaga kirib, qafasni pechka yoniga qoʻydi.
— Sal isinib olsin, jonivor.

Koʻrpachalarni qayta toʻshayotgan xotini:
— Chang qiladi-da, — dedi.
— Ustini yopib qoʻyamiz. — Mansur yopinchiq omborda qolganini eslab, pechka biqinidagi yolgʻiz echki terisiga — poʻstakka oʻtirdi. Qoʻllarini issiqqa tutarkan, birdan irgʻib turib ketdi.

U qoʻra chirogʻini yoqib, qoʻy-echkilarini sanagudek— koʻzdan kechirdi, oxur ichlarini paypaslab, vaqtliroq tugʻishini moʻljallagan ikki sovligʻining qornini-elinini ushlab koʻrdi, soʻng ularni qandaydir doyalik mehri bilan silab-siypab va erkalab, sigiri qoshiga bordi.

Nihoyat, eshikni tambalab, suyak gʻajib yotgan itiga bir nimalarni tayinlagan boʻlib hamda atay yoʻtalib — tomoq qirib, uyga kirganida xotini oʻrin solib boʻlgan, Polvonni ham yotqizib, kiftiga asta-asta urgancha gʻungʻilar edi:
— Alla-yo, al-la.
— Ha-a, yaxshi, — deya yana poʻstak tomonga oʻtdi Mansur. — Lekin, kampir, shu uyni tuzab qoʻyish kerak. Mehmonxona-ku bu... Oʻzimizga kichkina uy ham boʻlaveradi.
— U uy zax, — dedi xotini. — Alla-yo, alla... Bir-ikkita boʻyra boʻlganda kigizni ostidan toʻshar edik.
— Sen chiy toʻqishni bilasan-a? Ey, kampir, kak-likka qara. Koʻzini yumibgina qolipti. Ana, ochdi... He, Qalamqosh... Shuyam tush koʻrsa kerak-a?
— Pechkaga chalmidan sob qoʻying. Alla-yoʻoʻ... Kulxonasini bekiting.

Mansur nos otdi.
— Mehmonlay xuysan boʻp ketdi-ya?.. Ey, kampiy, meni yoʻgʻimda qiynalib qomadingmi? Tuzuk gaplasmadik ham... Lekin men koʻp azob chekdim. Aytmoqchi, shopiy bilan yabochi ettalab keladi. Yaxshilab meymon qilish keyak.

Xotini iymanibgina jilmaydi.
— Nosingizni tupuring.

Mansur qix-qixlab kulib, nosni axlat chelakka tashladi. Pechka ustidagi choynak joʻmragidan bir qult olib, ogʻzini chaydi. Keyin xoʻrsinib:
— Ha, xudoga shukur, — deya oʻrnidan turdi. — Aytmoqchi, seni qishlogʻingdan ham bormidi? Oʻlay agar, men ba’zilarni, umuman, tanimadim.
— Kaklikning ustini yopib qoʻying, tinchroq yotadi... Lekin shuni koʻp erkalatasiz-da, chol. Buning sheriklari hozir togʻlarda, e-he, donsiz, boshpanasiz yurishipti...
— Nega boshpanasiz boʻlarkan? Kamarlar, gʻorlar... Qiziq gapirasan. Donniyam topib yeyishadi! — Mansur yechina boshladi. — Ular sharoitga koʻnikib qolishgan. Koʻnikmaganda, ming yil burun qirilib ketardi.
— Be, odamlarning ahvoli shu boʻlsa, shunday ham qirib yuborishadi, — dedi xotini ham koʻrpaga kirarkan.
— Ovchilarni aytyapsan-da?
— Ovchisiyam, boshqasiyam.

Mansur chiroqni oʻchirdi. Avaylab kelib, oʻringa kirdi-yu, xotinini quchoqlab oldi.
— Uxlaylik. Siz ham charchadingiz, — dedi xotini. — Koʻrasiz, anavi kakligingiz soat toʻrt boʻlmay uygʻotib yuboradi. Nari xonadan ham sayrashi...
— Koʻp gapirma.

Haqiqatan ham, kaklik sayrab va patir-putir qilib, Mansurni uygʻotib yuborganida deraza orti hali koʻroydin edi. Polvon gʻashlanib gʻingʻillar ekan, Mansur xuddi qoʻrasiga boʻri oralaganday hovliqib turib ketdi.
— Aytmovdimmi! — deb injikdandi xotini.
— Nimani, nimani? — Mansur apil-tapil kiyinib va choponini yelkasiga tashlab, ayvonga chiqdi. Sovuuq. It ayvonga chiqib yotgan ekan, kerishib-gʻingshib, egasining yoniga keldi. — He, oʻl! Joyini bilmagan! Tush pastga! Xurmagan itni urib oʻldirsang arziydi-da! — Mansur toʻngʻillab nari-beriga va atrofiga qarandi. Shu qirni makon tutgandan berimi, yo qishloqdan chetdaligi, demak, yolgʻizligi, buning ustiga, besh-oʻn bosh tilsiz mollari borligi-yu, ularning omonligi oʻzlarining hushyorligiga bogʻliq ekaniga tom ishonch tufaylimi — Oʻta sezgir boʻlib ketgan Mansur atrofida qandaydir oʻzgarishmi-sharpami borligini his etgan, tabiiyki, xonaki kakligining bemahal qichqirgan xoʻrozday qiligʻi bunga turtki boʻlgan edi.

Qoʻra bilan mehmonxona orasidan, ya’ni, usti yopiq oʻchokdar tomonidan pir-pir etgan tovush eshitildi-yu, Mansur ilkis qarab, bir-ikkita qora tovuqlarni... yoʻq, yirik-yirik qushlarni koʻrdi. Va tumshugʻini bemalol koʻtarib turgani hamda dumlari yoʻq darajada ekaniga diqqati ogʻdi-yu:
— E, kaklik-ku? — deb shivirladi. U shoshib qoldi: nima qilish kerak?

Shunda ular yaqinlashib borayotgan itdan choʻchishdi chogʻi, pir-pirr uchishdi, shundoq roʻparada uyub qoʻyilgan-qor bosgan yantoq toʻpining poyiga borib qoʻnishdi.
— E, ketadi-ku? Jipak! — deb yubordi Mansur. — Miltiqni opchiq!

Kakliklar birdan vahimali chigʻillab hamda qars-qars qanot qoqib, tom osha uchib ketishdi. Mansur dir-dir titragan holda luqmasini ogʻzidan oldirgan mahluqday yutinib-tamshanib qoldi.

Eshikdan moʻralagan xotini:
— Nima? Kaklik koʻrdingizmi? Endi koʻrishingizmi? — dedi.
— Eh, uyga kepti-ya? — quvonib va ayolini kalaka qilganday kulimsirab uqtirdi Mansur. — Shu-shu yerda, oʻchoqboshida ekan... Voy, buni qara-ya! Voy, jonivorlar-a... Qoʻrqmaganini qara. Mana bu it ham sezmapti...
— Balki oʻrganib qolgandir, tovugʻimiz deb oʻylar, — deya Ipak ichkariga tortildi.
— Hoy-hoy, kampir, bu juda qiziq-ku, a? — Man-sur ham xotiniga ergashdi-yu, tagʻin birontasi pisib qolgan boʻlsa degan oʻyda toʻxtab, yana nari-beriga zehn soldi. Soʻngra uyga kirdi-da, ajab alomatni koʻrdi: usti qoplovli qafasning pastlaridan chang buriqsib chiqar, qafas titrar-silkinar, makiyon toʻlib-toshib sayrar edi.
— E, jinni boʻldimi u? — Mansur shunday deboq behol tortib ketdi. Xotiniga jilmayib: — Tushunarli, — dedi.
— Shu-da, — deb qoʻydi xotini.
— Qachondan beri kakliklar kep turadi?
— Sovuq zoʻrayganda...
— Bechoralar.
— Siz esa ularni otmoqchi boʻldingiz.
— Endi, kim biladi... — U uyalib, yelkasini qisdi. Keyin toʻrga oʻtib, qafasning ustini ochdi. Changga belanib, oqarib qolgan kaklik shunda xoʻrpayib bir silkindi — Mansurning aft-basharasi ham oqarib qoldi. — He, Xoyin! — deb zarda qildi yigit. Va yoʻtalib, yuzini yengi bilan artgan boʻlib, davom etdi: — Jela ovning xumori tutdimi, beka? Balki togʻ-toshni qoʻmsab qolgandirsiz? Hozir yaxlab qolgan kamarlarni, gʻorlarni, a? Menga rahmat deng, sizni opkelib, uyimning toʻriga oʻtqazib qoʻyibman. Sheriklaringiz, ana, bir choʻqim donga, ushoqqa zor boʻlib, ostonamizga kelipti... He, oʻling siz! — Birdan zarda qildi. — Shularni tutishim kerak-da, a? Yo uyning atrofini tuzoq bilan oʻrab qoʻyaymi? Keyin siz ayvonda vaqqillab sayrasangiz, qarindoshlaringiz part-part etib, tuzoqqa tushsa. Siz xursand boʻlasiz-da, a?
— Qoʻying endi. Uniyam ovga oʻzingiz oʻrgatgansiz, — dedi xotini Polvonga guppisini kiydirarkan... — Undan koʻra mollarga qarang. Suv berish kerak.

Mansur bir muddat tek qoldi-da:
— Toʻgʻri aytasan, — deb pechkaga burildi. Choynakni gilamga opqoʻyib, qopqoqni ochdi. Miltillab turgan choʻgʻni sim bilan kavlab yashnatdi-da, chalmadan sindirib tashladi.

Shu asno togʻda — qaysidir archa panasida oʻchgan gulxan qoʻrini qoʻzgʻagani, atrofdan kakliklarning sayrashi eshitilib turgani xayolida jonlanib:
— Ha-a, — dedi birdan. — Demak, kaklik qirgʻini boshlanipti-da, kampir... Togʻda yem boʻlmasa, sovuq — hammasi pastga enadi-da! E, attang... — Soʻng birdan xotiniga yuzlandi. — Piyoda ov boʻlyaptimi?
— Vey, har kuni — ov-ku, — dedi kampiri. — Ana, Boʻrijarga tushing. Choshgohgacha tomosha koʻrasiz... Vey, odamlar-e, ayov nimaligini bilmaydi-ya.
— Tushunarli, — dedi Mansur gʻijinib.

Mansur uyi ortidagi odamboʻyi koʻtarib yasalgan beton «hovuz»dan suv tashib, ushoq mollarini sugʻordi. Sigir bilan boʻgʻoz sovliqlarga chelakda suv ilitib berdi. Keyin uzun oxurga somon solib, qiy-tappilarni kurayotgan edi, moshinasi signal berib kepqoldi. Mansur haydovchi bilan ishchisini ochiq yuz-la qarshi olib va ularning «qorda qolgan izlariga qaraganda, toʻy boʻpti» degan gaplariga kamtarona jilmayib, mehmonxonaga taklif etdi.

Ularning izzatini joyiga qoʻyib: «Uch kun ozodsizlar-e!» deb joʻnatgandan keyin, kirza etigini kiydi. Sariq-baroq junli telpagini boshiga bostirib, yiltirab qolgan dagʻal sharfini boʻyniga oʻradi va zarang tayogʻini olib, ayvondan tushdi.
— Kampir. Men bir aylanib kelay!

Qalingina tuman tushgan, shuning uchun sovuq emas, borliq kechagi shamolu qoru izgʻirindan qutilib, endi sokin-muallaq bir holatda mizgʻiyotgandek edi. Ammo odamlar... qaerlardandir odamlarning baqirgan-chaqirgani tushdagidek eshitilar, oʻqtin-oʻqtin otilgan miltiq sadosidan Mansurning yuragi jiz-jiz etib ketardi: «Otdi, yiqitdi. O, olomonning bu ovi dahshat...».

U piyoda ovni qachon koʻrganini eslolmas, biroq qish shunday qattiq kelib, qor ham qalin tushgan paytlarda gala-gala kakliklarni u qirdan bu qirga quvib, toʻs-toʻpolon koʻtarib yugurganlarini eslar, oʻshandan keyin bozorda qoplab kaklik sotilganiga ham guvoh boʻlgan edi.

Lekin u paytlar — aftidan, ilgari zamonlar edi va tabiatni muhofaza qilish haqidagi oʻyning oʻzi kishilarning xayolida yoʻq edi — shuning uchunkim, oʻsha vaqtlarda shimoldagi togʻ oʻngirlarida kiyiklar ham boʻlar, ularning falon buloqdan suv ichganini koʻrganlar ham koʻp edi.

Keyin kakliklar ham kamayib ketdi va ular sonining qisqarishida Mansurning ham oz boʻlsa-da ulushi bor...

Oʻtgan yilning oʻzidayam avji bahor Qalamqoshni qafasi bilan Qiziljarga opchiqib, bir butaning tagiga qoʻygan va atrofini tuzoq-jela bilan oʻrab, yarim soat orasida toʻrtta xoʻroz kaklikni soʻyib olgan edi. Qalamqosh, ya’ni Xoyinbeka xuddi ozodlikka chiqqanday shaqillab sayray boshladi, uning ovozini eshitgan xoʻroz kakliklar: «Kimsan oʻzing? Bu yoqqa chiq!» deganday vajohat bilan uchib kelib, oʻzlarini tuzoqqa urishdi, qarabsizki, biri boʻynidan, biri oyogʻidan jelaga tushgan.

Mansur esa bir zum kechiksa, unisi boʻgʻilib harom oʻladi-yu bunisi qutilib ketadigandek, shoshilib-hansirab borib...

Ha, ovchilik ham nosning xumoriga oʻxshaydi chamasi: nosvoy otganingni bilmay qolganingdek, ovga joʻnavorganingu qoʻlga tushirgan oʻljani boʻgʻizlaganingni ham bilmay qolasan... Toʻgʻri, keyin murdaning patlarini silab, ochiq qolgan nursiz koʻzlariga tikilib, rahming keladi. Keyin, oʻzingni hechqursa shunday ovutasan: «Bular — xoʻroz-ku? Makiyonlari yuripti-ku...».

Darhaqiqat, bundan roppa-rosa uch yil burun Mansur bir shafyor tanishi bilan jela oviga chiqqanda, yoshgina bir makiyon tuzoqqa tushgan va ov sohibi: «Shuni boqing, joʻra. Oʻzi urgʻochi boʻlsayam mening xoʻrozim bilan urishgani keldi. Bir balosi bor», deb Mansurga bergan, oʻsha makiyon —.ana uyda qolgan jinqarchaning oʻzi, aytilganiday, balo chiqdi: oʻtaketgan hushyor, qoʻrqmas, sayroqi, ovoziyam xiyla yoʻgʻon...

Yiroq bir manzilga yoʻl olgan qalandarday bemalol qor kechib Boʻrijarga enayotgan Mansur tuman ichida tuyqus odamlarga duch kelganday boʻldi: shundoq qarshisida — yerdan oʻsib chiqqandek qabariq qoya ostida tumanni qalinlatib tutun oʻrlar, tutun ostida ivirsib nimadir qilayotgan uch kimsa bor edi.

Yigit beixtiyor tayogʻini mahkam qisib, bir on toʻxtadi-yu, koʻzi ravshan tortdimi — ularni tanidi: choʻkkalab olib, hoʻl bodomcha shoxlari tagiga puflayotgan sargʻish, uzun soqolli qariya — pochtaning qorovu-li, yulgʻun butogʻiga et oʻtkazayotgan, uzun burni qip-qizil, bosh yalang kishi — muzika oʻqituvchisi, qoʻllarini tizzasiga tiraganicha u yon-bu yonga chayqalib, tutunga chap berayotgan yosh yigit — texnikum direktorining muovini.

Mansur ularni tanigach, vujudini tarang tutib kelayotgan asablari boʻshashib ketdi.
— E, assalomu alaykum, birodarlar! — deb baqirdi.

Uchchovlon ham unga koʻz otishdi-yu, chol oʻtni puflashda davom etdi. Direktor oʻrinbosari koʻzini mushtumida uqalab orqaga surildi. Burni qizil muallim:
— Keling, boy ota, — dedi.
— E, mayishat katta-ku!
— Ha, ozodlik gashtini suryapmiz, — yana pinak buzmay dedi muallim.

Bu gap Mansurga nasha qilib, kix-kixlab kuldi. Va borib, ular bilan alohida-alohida koʻrisha boshladi. Muallim unga tirsagini ushlatib:
— Anavi toshlardan birini dumalatib keling, boy ota, — dedi. — Quruq keldingizmi? Kechagi savillardan qolmadimi?.. Bor, sizda bor. Yashashni siz bilar ekansiz, Mansurboy.

Mansur kulib, qor bosgan toshlardan birini qoʻzgʻatarkan:
— He, turmaga dushmaningiz ham tushmasin, — dedi. — Bu yopishib qolgan-ku...

Shu payt etakdan — tuman ichidan miltiq tovushi keldi. Roʻmolchasi bilan koʻzlarini artayotgan direktor oʻrinbosari:
— Bekor qilyapti-da, birovga tegishi mumkin, — dedi xolisona, magʻrur bir tarzda.
— Goʻrniyam otolmaydi shu milisa, — deb toʻngʻilladi muallim. — Butilkani urolmagan-u... Qoʻying, bittasiga oʻqi tegsin. Toʻgʻrimi, boy ota? Sal oshirib gapirsangiz, qamataman, yoʻqotaman deb karillaydi.
— He, yaxshi niyat qilaylik-e, — deya, dumalatib kelgani xarsangga oʻtirdi Mansur. — Ha, omin... Alloh akbar! — Keyin kuldi. — Shotoʻra aka, nimaga bizni munday «boy»ga chiqarib qoʻydingiz? Toʻrt-beshta tirraqi sovliq bilan boy boʻlar ekanmi kishi?
— Albatta, — deb javob berdi Shotoʻra muallim. — Nimagaki, masalan, bizda toʻrtta tovuq ham yoʻq... Holbuki, qush goʻshti parhez taom hisoblanadi. Organizmning ana shunga boʻlgan talabini qondirish uchun, mana, ota-bobomiz qilmagan ishni qilib oʻtiribmiz.
— Ilgari ovga hech chiqmagansizmi?
— Hech qachon!... He, ukam, senikiga oʻxshagan shallaqi kakligim boʻlsaki, butalarning ostiga qoʻyib, babaqlarni zamanit qilib, soʻyib-soʻyib olsam...
— He, menam yilda chiqsam, bir-ikki marta chiqaman.
— Biz yarim martayam chiqmagan edik... Mana, ozodlikdan bahramand boʻlib, a, toʻrvasoqol? — deya qorovulga nuqib soʻzladi. — Sen nima deding, kurra? — Texnikum boshligʻi muoviniga ham achitib dedi. — Xullas, uchta oshna bir boʻldi, ogʻzi-burni kir boʻldi deganlariday, bitta kul kabob qilaylyk deb chiqdik-da.

Direktor oʻrinbosari gʻijinib:
— Odamni kamsitmay gapiring, aka, — dedi. Soʻng Mansurga murojaat qildi: — Ha, ziyofatingiz yaxshi oʻtipti, Mansur aka. Biz chaqirilmagan boʻlsak ham, xursand boʻldik. Mana bu boboy tongdan beri sizni alqagani-alqagan.
— Hoʻ, koʻp savobga qoldingiz, inim, — dedi qorovul koʻrsatkich va boshmaldogʻida burnini siqib tashlagach. — Otangiz hayot boʻlganda boʻyi bir qarich oʻsardi.
— Oʻling siz, — deb kuldi musiqa oʻqituvchisi. — Yaqin-yaqingacha piyonistalik qilib, kechalari vino sotardi. Endi machitga qatnaydigan boʻldi bu kishi. Qarang, tekin tamoq yoqar ekan. Xoʻrozday qip-qizil.
— He, uyingiz bugʻdoyga toʻlsin, — deb iljaydi qariya. — Mansurjon, bular meni ajuv qiladi-da, kechirasiz. Men ham indamayman, mayli, kulsin... Rostini aytsam, shular kuladimi, chehrasi ochiladimi deb ergashib chiqdim...
— Sizning tushunmasligingiz — tabiiy, — dedi direktor muovini. — Siz kechagi odamsiz... Lekin namozingizni bemalol oʻqiydigan boʻldingiz, machitlar ochilib. Shotoʻra akam aytganlariday, saxiy biznesmenlar ham qarashyapti. Buning ustiga, hey boboy, koʻrnamaklik qilmang.
— Ha, endi, pensiyamiz...
— Sizning pensiyangiz bizning maoshimizdan katta, — dedi Shotoʻra kaklikning oyogʻi-toʻshi sanchilgan yulgʻun butogʻini choʻqqa qoʻyib.
— Unday demang-e, ogʻajon.

Shu payt olislardan eshitilib turgan shovqin-u baqiriq-chaqiriqlar daf’atan yaqinlashib kela boshladi-yu churillagan va shuvillagan tovush — kakliklar ovozi va qanotlarining sasi tuman ichidan oʻq kabi chiqib, naq bulardan pastrokdagi qor kurtugiga uchta kaklik boshi bilan sanchilib qoʻndi. Tepalaridan oʻtgan shamoldanoq oʻrinlaridan tura ketgan piyoda ovchilar turfa xil yovvoyi chinqiriqlar ila kakliklarga otilishdi.

Shotoʻra birining dumidan ushlagan chogʻ — qush bir necha patini qoldirib, oʻzini orqaga — qabariq xarsangga urdi. Qorovul bobo burila solib, qorda yotgan kaltagini oldi-yu qushga sermadi. Kaklik tipirchilab, qoyaning orqasiga oʻtdi. Chol uning izidan halpillab yugurdi.

Bu vaqtda kakliklardan birini tutgan direktor oʻrinbosari «voh-voh» — dedi-yu, hovuchini ochvordimi — jonivor uchib ketdi. Muovin soʻkinib, qorni changitib kavlayotgan muallimning yoniga choʻk tushdi-da, uyam qor ichiga qoʻllarini suqib-paypaslab jila boshladi.

Aft-basharasi tegirmondan chiqqandek boʻlib qolgan Shoberdi muallim:
— Oldinga oʻting! Oldini toʻsing! — deya boshi bilan kurtikka shoʻngʻidi-yu u yokdan bir nima yiltillaganday «part» etgan tovush eshitildi. Va shunga barobar vahima ichra qanot qoqqan kaklikning qorasigina koʻrinib gʻoyib boʻldi, ya’ni, etakdagi tumanga yutilib ketdi.

Shotoʻra tiz choʻkkanicha qoʻllarini fotihaga ochganday turib qoldi. Apil-tapil oʻrnidan turgan direktor oʻrinbosari birdan depsinib:
— Ketdi-i, — dedi.

Shunda botiq qoya ortidan kelgan boʻgʻiq tovush mu-siqa muallimini ham oʻrnidan turgʻizdi.
— Kaltak! Kaltakni olinglar! Bu sizlarga tovuqmi... Sizlarga oʻtdi!

Bu ikkisiga ham nafaqat jon, balki aql ham kirgan kabi har qaysi hali oʻtirgan joylarida yotgan tayoqlarini olib, qoyadan oshib tushgan kaklikka tashlanishdi.

Kaklik u yoqqa qochadi-bu yoqqa qochadi qanotini sudrab, uning ustiga sermalgan va otilgan kaltaklar esa qorga sanchiladi, nariga uchib ketadi.

Nihoyat, uchovlonning qurshoviga tushgan kaklik oʻz oʻrnida gir-gir aylana boshladi-yu, endi ovchilar kaltaklarigayam qaramay oʻzlarini tappa-tappa tashlay berishdi qushning ustiga. Jonivor shunda ham jon holatda qutilib-qutilib qolar ekan, qoya biqinidan hansirab chiqqan qariya ustalik qildi: choponining barlarini ochib, uni yopib tushdi. He, jonli jonzot! Kaklik uning butlari orasidan oʻrmalab chiqdi. Ana shunda direktor oʻrinbosari kaltaklardan birini olib jahl bilan urgandi, qushning boʻyni sinib yotib qoldi.

Musiqa muallimi boʻlsa qushni shartta koʻtarib oldi-da, boshini burab tortdi — bosh uzilmadi. Keyin birdan tishi bilan kekirdagini uzdi va, nihoyat, kallasini ajratib otib yubordi. Choʻltoq boʻyindan qon oqar, ammo hamon joni bor ekan, oyogʻi tipirchilar, sogʻ qanoti qorniga urilardi.
— Uf, — dedi Shotoʻra qon va pat yopishgan lablarini kafti bilan artib. — Charchatdi-e.
— Tezroq terisini shilish kerak, menga bering, — dedi qariya. — Ichidagi qoniyam oqsin, yoʻgʻasam uyushib qoladi. Mana, yelkasigayam bir-ikki urgan edim.

U turgan yerida choʻnqayib, boshmaldogʻining qiyshiq tirnoqlari bilan qushning ketini ikki yonga yirtdi-da, qolgan barmoqlarini terining ostiga yubordi. Keyin bir tortgandi, qushning qip-qizil eti-jasadi chiqdi. Terisini boʻyindan chiqarib uzib tashladi va qanotlarini yelka-elkasidan, oyokdarini tizzadan qirs-qirs sindirib hamda burab-uzib tashlagach, oʻsha boshmaldogʻida qornini yordi — ichak-chavaqni ham olib tashlangandan keyin mushtdek qizil goʻshtni qor bilan ishqab yuva boshladi.
— He, yirtqich ekansizlar-e, — dedi Mansur bu manzarani karaxt holda kuzatib turarkan, yoqasini ushlab. — Qoyil boʻldim sizlarga.

Direktor muovini unga qiya qarab:
— Biz harholda odam oʻldirmadik-ku? — dedi. — Yirtqich deysiz... — Soʻng oʻz joyiga oʻtirib, kabobni agʻdarib qoʻydi. — Oʻylab gapirish kerak.
— Hoʻv, menga qara, jiblajibon! — Mansur esini yigʻib olib, unga tikildi. — Sen hali oʻylab gapiradigan boʻldingmi? He, izzat qilsa, oʻzingdan ketasan-a?

Direktor oʻrinbosari hayrat bilan qoshlarini kerib, anavilarga qarab oldi.
— Shotoʻra aka, nimalar deyapti bu odam? Hey, — sekin oʻrnidan qoʻzgʻaldi. — Kim-kimni izzat qilib turibdi shu tobda? Biz siznimi, siz biznimi? — Keyin koʻzlari yiltirab kulimsiradi. — Siz axir odam oʻldirgan turemshik-ku? Xoʻp, aka, besh-toʻrtta mol qilibsiz, ba’zilarni aytib, is chiqaribsiz. Nima boʻpti?.. Bu bilan siz oʻzgarib qolganingiz yoʻq.

Mansur boshini egib turdi-turdi-da, birdan intilib, uning iyagi ustiga chunon urdiki, muovin baayni sakrab tushib, qoyaga suyanib qoldi.

Mansur yana olgʻa bosgandi, Shotoʻra uni quchib ushladi.
— Hoʻv, hoʻv, esingni yigʻ, uka... Mast-past emasmisan? Yoʻq, ogʻzingdan hidi kelmayapti.

Mansur endi Shotoʻraga tikilib qoldi-da, basharasiga tuflab yubordi.

Shotoʻra birdan tislanib ketib, qoʻllarini osiltirgancha tek qoldi. Soʻng chuqur hoʻrsindi-da:
— Ha, rahmat, uka, — dedi. Keyin bir changal qor olib, yuzini ishqay boshladi.

Bir necha marta qon tupurgan direktor muovini:
— Ketamiz, boboy, — dedi. — Yigʻishtiring bularni...

Mansur chayqalib ketdi, ya’ni, uni yana urish, toʻgʻrirogʻi, dabdala qilishdan, oʻzini tiyib qoldi-da, xirillab:
— Hey, munday tur, — dedi. — Shotoʻra aka, siz ham keling. Bir minut oʻtiring... Hoʻv, boboy, siz ham choʻking. Taysallamang. Soqolingizni ushlamang. Shu soqoldan echkidayam bor. Oʻtiringlar deyapman. Bir minut gapimga quloq solmasanglar, aka, unda nima desang deyveringlar meni... Xoʻpmi? — U bir on oʻylanib, hali beixtiyor tashlavorgan zarang tayogʻini qoʻliga oldi. — Qani, marhamat qilinglar!

Direktor oʻrinbosari Shotoʻra muallimga zimdan tikilib turardi. Shotoʻra:
— Mayli, — dedi. — Chol, oʻtiring. Kabobni joyiga qoʻying... Kurra, sen ham oʻtir.

Har kim oʻz joyiga oʻtirdi. Mansur ham toshga choʻkdi-da, boshini egib qoldi: u nima deyishni bilmas, ammo gaplari koʻp, juda koʻp ekanini bilar, buning ustiga, xoʻrligi kelar va endi yigʻlamoqdan oʻzini zoʻrgʻa tutib turardi.
— Ha, uka, boshla, — dedi musiqa muallimi.
— Hozir, — dedi Mansur.

Chol tomoq qirdi va kabobni kaftida yelpigan boʻldi-da, haligi kaklikning etini salmoqlab:
— Semizgina ekan, — dedi. — Men bari ozib-toʻzib qolgan deb oʻylagan edim. — Soʻng dam unga, dam bunga qaradi. Hech kimdan sado chikmagach, davom etdi: — Togʻda don qolmagan-da, boriyam qor ostida... Lekin bu semiz boʻlgani uchun ancha harakat qildi. Kuchi bor ekan-da, bachchagʻar.
— Aljimang! — dedi direktor muovini cholga va yonidan bir dona sigaret chiqarib, chalada tutatdi. — Eshitamiz, Mansur aka... Lekin esdan chiqarmang: bu mushtumzoʻrligingiz, haqoratlaringiz bejiz ketmaydi.

Mansur endi choʻgʻni changallab unga otadigandek pan-jalarini yoyib, qoʻrga qoʻlini yubordi-yu tortdi. «Ogʻir boʻl, foydasi yoʻq», dedi ichida, ammo barmoqlari titrab, til kalimaga kelmaganda uning ishini qilib oʻrgangan qoʻli, o, oʻziga erk tilardi: zotan, qalbi bilan sezardiki, bunga haqqi bor: axir, u yana tahqirlandi, kamsitildi, yoʻq aybi — tuhmat yana boʻyniga tushdi...

Ha, bular — odamlar, ayniqsa, mana bu «jiblajibon» — quruqvoylar unutishmas ekan.

Tagʻin uning qoʻrqitishini koʻring... Ha-ha, shundan boshqa quroli yoʻq.

Ajabo, shu gaplarning gʻirt bema’nilik ekanini, anchayin qoʻrqoqlikni takabburlik bilan yashirish va shu tariqa oʻzini oppoq qilib olish ekanini tushunar-a?

Tushunadi-biladi. Ammo boshqacha yoʻl tuta olmaydi: axir, muppta musht bilan javob berish — buning aqliga sigʻmasa kerak. Buning uchun kishi erkak boʻlishi lozim: bu esa oddiy bir soʻtak, quruqvoy.

Mana bu musiqa muallimi esa — makkor. Va buyam oʻlgudek qoʻrqoq.

Tavba, yuziga tupursang-u, «rahmat» desa... Bu bilan oʻzini madaniyatli, vazmin, odobli kishi qilib koʻrsatadi-da? Boʻlmagan gap: buyam oʻzining nochorligini shu yoʻl bilan xaspoʻshladi va, aftidan, oxirigacha oʻzini shu tariqa tutmoqchi...

Bu chol — galvars, ammo tulkilik ham qoʻlidan keladi. Bunda iymon-e’tiqod degan narsalarning urugʻi ham yoʻq. Biroq oʻrgangan besh-oʻn kalimasi borki, ularni ham tirikchilik joʻnida ishlatadi va lozim paytda oʻziga qalqon qiladi...

Mansur erinib tutayotgan chalalarga jilmayib tikilgancha shu oʻylarni dilidan oʻtkazarkan, direktor muovini endi ancha gʻolibona ovozda:
— Eshitamiz, aka, — dedi va kichkina choʻpni barmoqlari uchida ushlab, qoʻrni kavlagan boʻldi-yu, Shotoʻraga ham ish topilgandek, birdan chalalarni barmoqlari bilan bemalol turtib-turtib, bir-biriga qaladi va:
— Qani, oqsoqol, bir dam bering, — dedi.

Qorovul chol shuni kutib turgandek shart engashib puflamoqchi boʻlgandi, muovin:
— Hay-hay, — dedi. — Changib ketadi-ku? He-e, tegmang, shunisi yaxshi. Kabob singib pishadi... Xoʻsh, Mansur aka, gapingiz boʻlmasa, kechirasiz, bizni holi qoldirishingiz ham mumkin. Rost aytyapman: biz sizni taklif etmaganmiz. Oʻz oyogʻingiz bilan keldingiz. Biz sizni qabul qildik.
— Boʻldi. Boʻldi qil, — dedi Mansur. — Boʻlmasa, gap munday... Sizlar, seni rahbarligingda men haqimda nimani yozsang, yozinglar. Urdi deysizlarmi, surdi deysizlarmi — bemalol. Hatto kaltak bilan soldi desang ham, men boʻynimga olaman. Nimagaki, hali shunday niyatim ham yoʻq emas edi.
— Xudo-ya, tavba, — deb toʻnining yoqasini tutamlab ushladi qorovul.
— Shunday... Sizni serkaga oʻxshatganimniyam boʻynimga olaman. Hoy, muallim, basharangizga tupurganim ham boʻynimda. He, sizlar...
— Rahmat. Bu — mardlikdan nishona, — deb qoʻydi direktor oʻrinbosari.
— Lekin sizlar gʻirt nomardning ishini qilganlaringniyam yozasizlar.
— Nima-nima?
— Sen nomardsan, — ta’kidladi Mansur. — Iljayma... Ogʻzingni yana qonga toʻldiraman. Ana shunday... Quloq sol, soʻtak. Quloq beringlar. — Mansur barmogʻi uchida qorda yotgan goʻshtni koʻrsatdi. — Shu, shu jonivor och qolib, majbur boʻlganidan kelgan edi. Toʻgʻrimi? Toʻgʻri...
— Mansurjon, kechirasiz-u, aytib qoʻyishim kerak, — deb gap qildi chol. — Olamda neki bor, barchasi inson uchun yaratilgan. Hadisi sharifda ham shunday deyilgan.
— Oʻldir, yut, kaltakla... Rahm-shafqat senga yot. Seni yirtqich hayvondan farqing yoʻq, deyilmaganmi, otaxon? He, soqolingiz toʻkilsin! Siz xudogayam chap berasiz.
— Voy-voy, eshityapsizlarmi?
— Eshityapti... Bular ham siz aytgan xudoning bir bandalari. Alhamdulillo, men ham musulmonman... — Mansur muovinning piq etib kulganini sezdi. Va birdan ikkala qoʻlini ham teppasiga koʻtardi. — Xato kildim. Bu yerda bittamiz ham komil musulmon emasmiz.
— «Miz» deb gapirmasang ham boʻlaveradi, — deb qoʻydi musiqa muallimi. — Ha-ha, ukaboy, nimagaki, odam oʻldirish bilan, xoʻsh, ollo-taolo bandalarimning risqi deb yaratgan bir parrandani halol qilishning farqi bor.
— Voʻ, siz ham juda-a usta boʻp ketibsiz-ku, ogʻa? — deb iljaydi Mansur. — Ha, endi, ustozingiz shu qariya boʻlganidan keyin...
— Bas-e! — deb yubordi shunda Shotoʻra. — Boʻlarini ayt. Muddaoing nima?
— Ha, biz kutyapmiz, — deb uni ma’qulladi direktor oʻrinbosari.

Mansur yana ichida ezilib ketdi: ha, sal maydalashdi. Bular esa sezgir.

Mansur qoʻllarini tizzasiga tirab gapirmoqqa shaylandi-yu, tagʻin tek qoldi: asosiy gashsh aytdi, shekilli... Ha, bular, mana bu «kurra»yam savoliga javob bermadi-ku? Yoʻq-yoʻq: talabini inobatga olmadi.
— Xoʻsh, nimaga hayron qolding, bu yovuzlikni ham qoʻshib yoz deganimga-da — Mansur fikri ravshan tortib va tazyiqli jilmayib, unga tikildi.
— Yovuzlik? — Muovin sheriklariga yalt-yalt etib qarab oldi. — Qanaqa yovuzlik?.. E-ha, mana, boboy ham aytdi-ku hadisni... Qolaversa, nima qipti ovga chiqqan boʻlsak? Ana, tumanda koʻrinmayapti, hokimning yordamchisi ham bor!
— Yoʻgʻ-e? — Mansur chindan ham hayratlanib-ajablanib soʻradi. Va chimirilib, devordek oqlikka tikilib qoldi. — Tavba, — dedi keyin.
— Shunaqa, ukaboy, — sherigining soʻzini oʻzicha davom etgirdi musiqa muallimi. — Buning hayron qoladigan joyi yoʻq. — U hatto yelkasini qisib qoʻydi.— Nima boʻpti? Qor qalin tushipti. Bunday qish boʻlmagan sira. Boʻlgan-u, oʻtmishda... Xullas, piyoda ov sezoni kepti...
— Yoʻq, endi, bu gapingiz toʻgʻri, — dedi Mansur qiynalib va soʻzlamoqqa soʻz qidirib. — Lekin, lekin... kakliklar kamayib qolgan-ku? — Ularni birdan chuv tushurgandek tabassum qildi. — Juda sanoqli qolgan, birodarlar... — Soʻng chiranib tushuntira ketdi: — Men koʻp yuraman. Bilasizlar. Toʻqson kilometr— u yoq, toʻqson kilometr — bu yoq. Orada jar ham bor. Togʻ ham, archazor ham, tekislik ham...
— Qishloqlar ham.
— Balli! — davom etdi Mansur: — Koʻrib yuribmanki, kaklik ozayib qolgan. Oldinlari kiyiklar...
— Bilamiz, bilamiz, — dedi muallim hozirjavoblik bilan. — Qoplonlar, ayiqlar ham bor edi!
— Yashang.
— Xoʻsh, kaklik ozayipti deb tanchaga kirib oʻtiraylikmi shunday kundayam? — U dumaloq oʻzlarini loʻq qilib Mansurga qadaldi. — Uzing ayt. Insof bilan... Bu yoqda odamlar ovlasin. Xoʻp de. Hammasi shu atrofda! Bir haftadan beri kaklik qirgʻini ketyapti... Bunday ov oʻn yilda bir boʻladi.
— Shoshmang-shoshmang. Meni chalgʻitib tashlamang, aka... Men... Shuncha odam... rayonning egalari, yana, mana bunday moʻysafidlar ham ovga chiqqan boʻlsa, kaltak koʻtarib... Toʻgʻrimi gapim? Rahmat. Bu axir qirgʻin keltirish-ku? Yoʻq, siz meni tushuning, aka!.. — Keyin xoʻrsinib yubordi. — Hammang tushunib turibsan. Talmovsirashning nima keragi bor.
— Nima, ovlamaslik kerak deysanmi? — Muallim yana koʻzlarini qadab soʻradi.
— Ha. Yoʻq... Ovlash kerag-u, lekin bunday... Voy, kakliklar ertan-mertan yoʻq boʻladi-ku? Qirilib bitsa! Toʻgʻrimi gapim? Shuni oʻylash mumkinmi-yoʻqmi?

Direktor oʻrinbosari tagʻin qoshlarini kerib:
— Umuman, bu gapingizda jon bor, — dedi. — Kaklik zoti qirilib ketsa, oʻzimizga yomon: tabiatimiz kambagʻallashib qoladi. Bu yaxshi emas.
— Yomon! Bu — fojia! — dedi Mansur. — Ey, xudoyim-e, bularning hammasi zsli-hushli odamlar. Baloga aqli yetadi... Lekin bilib turib, shuning aksini qilishadi.
— Nima, bizning birovlardan ortiq joyimiz bormi? — Qabariq qoyaga qarab soʻzladi Shotoʻra muallim. — Yoʻq, el nima boʻlsa, biz ham oʻshamiz.
— Voy, elni qoʻying! — chiyillamoqdan beri boʻlib dedi Mansur. — Avom xalq endi... Lekin sizlar — Oʻqigan, muallim, rahbar kishisizlar-ku, a? Mana bu qariya boʻlsa, hozir ham kalimasini oʻgirib oʻtiripti.
— Kechirasiz, Mansur aka, bizni dapros qilyapsiz shekilli? — dedi direktor oʻrinbosari. — Yoʻq, bu-naqa huquqni sizga hech kim bergani yoʻq, menimcha.
— E, «menimcha»ngni... Shuning uchun ham huquqli boʻlish kerakmi?
— Shak-shubhasiz, — dedi musiqa muallimi pinak buzmay. — Ha-ha, ukajon, xoʻp de... Koʻrib turibsan, eshityapsan, aytyapmiz hamki, tuman kattalari ham atrofimizda yurishipti. Ovlashib. Chopqillashib! Oti-shib... Shunaqa! Tavba deging keladi! Anavilar soʻroq qilsayam bir navi edi.
— Ha, oʻgʻlim, — deya salmoq bilan bosh irgʻadi chol.
— «Oʻgʻlim» demang meni. Hammalaring buzilgan odamsizlar, — deya oʻrnidan turdi Mansur va yana asta-horgʻin oʻtirdi. — E, xudoyim. Kabob kuyayapti... — Keyin qorga yopishib yotgan goʻshtni olib, u yoq-bu yogʻiga boqdi. Koʻngli buzilib: — Haligina jon holatda tipirchilab qochayotgan edi, — dedi.
— Ha, — tomogʻini qirib, kulmasdan dedi muallim. — Qani, echkisoqol, bir tilovat qilib yuborasizmi?

Mansur gangib unga bokdi, soʻng miyigʻida tirjaya boshlagan cholga bokdi. Keyin muovinga — u nimadandir jirkangan kabi ortga tortilib turardi.
— Meni mazax qilyapsiz, a, Shotoʻra aka? — soʻradi Mansur ovozi titrab.
— Seni? Nima uchun?
— Bilmasam.
— Bilmaysan, — deb ta’kidladi Shotoʻra va gangib tepadagi oqlikka bokdi. — Toʻgʻrisini aytsam, men ham bilmayman... Bilmaysizlar sizlar ham! — deya birdan hamrohlariga bir-bir koʻz tikdi. — Kurra, yo senda bir mantiqli gap bormi? Yoʻq boʻlsa kerak... Boboyda hech qachon boʻlmagan.

Mansurning koʻzlari sezilarli quvonch-la yilti-rab, muallim qaragan kishiga qarar ekan, nihoyat:
— Qiziq, — dedi.
— Hech ham qizigʻi yoʻq, — ta’kidladi muallim. — Seniyam qoʻlingdan kelsa, qirar eding.. Yoʻq dema, uka. He, qirgansan sen ham! Jela bilan ovlab, a? Qorning toʻygan. Hafsalang pir boʻlgan... Xoʻp deyver.
— Yoʻq aka, — dedi Mansur va oʻylanib qoldi. — Ha, umuman, meniyam koʻnglim tusadi-yu, oʻyladim-da... Ana, gap qaerda! Biz, bizlar buni himoya qilmasak, saklab qolmasak, u tomom boʻladi... Hamma narsa oʻzimizga bogʻliq.
— Toʻgʻri aytasan, oʻzimizga bogʻliq.
— Axir shunday boʻlsa ham, sizlar...
— ...Oʻylaymiz, xoʻp deyver. Bitta menda kalla bor deb oʻylama. Bizdayam bor...

Direktor oʻrinbosari birdan xoʻrsinib yubordi.
— Ovniyam tatitmadinglar... padariga la’nat! Ba’zan nima ish qilayotganingni bilmay qolasan... Keyin mana bunday akalardan musht yeyishing ham mumkin ekan.. Lekin, Mansur aka, men sizning samimiyligingizga ishonmayman.
— Nima? Qanaqa samimiy... Oʻlay agar, men bori-ni, koʻnglimdagini aytayotibman.
— Rahmat, — dedi musiqa oʻqituvchisi. — Qani, qariya, savilni oling... Kabob pishibtimi oʻzi? Boʻladi. Bu — parhez goʻsht. — Soʻng kulib qoʻydi. — Buni qanday ovlaganimizni koʻrganingda, a, tayoqlab oʻldirarkansan-da?
— Menga aytayapsizmi? — dedi Mansur va oʻziyam iljaydi. — Qoʻpollik qilgan boʻlsam, kechirim soʻrayman... Xudo haqqi. Boboy, koʻngilga olmang... E, olsangiz ham oʻzingiz bilasiz. Koʻp qilsangiz, bir qargʻaysizda.
— Endi bas. Munozara-gap tamom, — dedi mual-lim. — Navbat undan ham muhimroq narsaga keldi...
— Mayli, men ham ichaman, — deb yubordi direktor oʻrinbosari. — Aytmoqchi, Mansur aka, siz ichmas emishsiz, a?
— He, bir paytlar... — Soʻng sakrab turdi, Mansur. — Opkelaymi? Uyda qolgani boʻlsa kerak.
— O, duo qilamiz-ku! — dedi muallim. — Choping, ukajon. Boʻlsa, bir kosa qatiqmi, chakkimi — teshib chiqmas edi. Choping, he, boʻyidan!

Mansur qaytib kelganida, ularning koʻzlari mastona yiltillar, ichdan bir begona nur urib chiqqandek edi. Harakatlariyam tez. Mansurga ilkis burilib qarab va me’yoridan ortiq iljayish bilan kutib oldilar.
— Boʻyi pastidan qolgan ekan! — deya Mansur kamariga ichidan qistirib kelgani bir juft «Russkaya vodka»ni chiqarib, cholningʻ oldiga qoʻydi. — Qurut bor ekan... Sigir sutdan qolgan-da. Hademay bir-ikkita sovligʻim qoʻzilaydi. Unda ogʻiz ichgali bemalol tashrif buyurishlaring mumkin.
— He, tilingdan oʻrgilay! Oʻtir, boyvachcha ukam, — deb kursitopshi koʻrsatdi muallim. — Saxiysan... Kecha bizni uyingga aytmaganinggayam xafa boʻlmaymiz. Hovliqibgina qolib eding... Qani, starik, buyoqning nasibasini uzating.
— O, ioʻq. Men ichmayman, boshim ogʻriydi, — dedi Mansur. — Oʻzlariga osh boʻlsin.
— Ich-may-man emish. Ichmaydigan odamning aroq opkelishini koʻrdinglar-ku? Ashaddiy alkashlar mana shu yeriga tiqib yuradi butilkani.
— He, bir zamonlar ichganmiz, aka.
— Ha, sen koʻp ish qilgansan... — Muallim aroqqa yarimlatgan piyolani uzatdi. — Muni otgin-da, xoʻsh, qanday qilib, masalan, odam oʻldirganingni aytib ber-chi.
— Obbo, — dedi Mansur chindan-da gʻashlanib. — Yana oʻsha gap! Odam oʻldirgan boʻlsam, shu yerda oʻtirarmidim, oʻrtoq pedagog? Tushunasiz-ku oʻzingiz.
— Tushunmayman. Men gʻalcha boʻp qolganman... Ol endi-e! — deb baqirib yubordi u. — Senga zahar beryaptimi? Obi jamshid-ku bu? Uzingni eski ulfating... Ol! Tarang qilma... Vaabshe-ku, sen bilan gaplashmaslik kerak edi. Tupurding, urding, soʻkding...Bitta kishi endi...
— Yoʻq, — dedi shunda direktor oʻrinbosari. — Biz... Insonni kechirish yaxshi. Oʻtiring, aka. Ammo kishi oʻz qadrini, ya’ni oʻz oʻrnini bilishi kerak.

Mansur oʻtirarkan:
— Men bilaman, — dedi.
— Yoʻq, sizda atklaneniya bor, — deb uqtirdi oʻrinbosar. — Sizga muhit... qamoqdagi muhit ta’sir qilgan. Boʻyningizga oling. Bu — fakt.
— Hoʻp, ta’sir qilgan boʻlsa, qilgandir, — rozi boʻldi Mansur. — Lekin men u yerda juda koʻp mard yigitlarni koʻrdim... — Boshini egib qoldi-da, nihoyat, siniqib ularga boqdi. — Mana, meni odamxoʻr dedinglar. Yoʻ-oʻq, ogʻalar, men oʻshanda hatto chertmagan edim. Axir, Xudo boʻlsa, shu gapimniyam eshitib turipti-ku! Yolgʻon gap — gunoh... Xullas, «gruppavoy»ga qoʻshilib qoldim. Ke-eyin eshitdim — jilmaydi u, — oramizdagi eng qoʻrqoq, ojiz bola pichoq tiqib yuborgan ekan bitta oliftaga...
— Kim edi u — Oʻlgan?
— Bilmayman... Restoranda oʻtirib edik, yelkamizga qoqib oʻtaverdi-da oʻziyam. Kamsityapti. Bilyapmiz. Keyin, bir forishlik joʻramiz bor edi, shu bir alkashni chaqirdi. Hey burchakda uyqusirab oʻtirgan ekan. «Budish pit?» dedi. «Budu!» dedi. «Na» deb shishani uzatdi-da shart qoʻydi: «Naley i padnimi tost. I skaji: «Dazdrastvuet uzbekskiy narod!» — Tinglovchilar angrayib turisharkan, Mansur piq etib kulgach, qariya ishshaydi, muallim boshini qiyshaytirib, «Bor ekan-ku shunday yigitlar deganday boʻldi, direktor oʻrinbosari chimirilgancha qolaverdi. — Xullas, alkash oʻsha gapni aytdi. Oʻrnidan turib, baqirib aytdi. Keyin tashqariga chiqqanda urish boʻp qoldi. Yelkamizni silab oʻtirganning sheriklari qasdlashgan ekan, ori kelib...Savolingizga javob shu... Lekin men bu narsani aytmoqchi emas edim.
— Xoʻsh-xoʻsh?
— Aka, mard odam mard boʻlib qolar ekan-da... Qamoqda bir chol bor edi. Mana bu kishidan qariroq, he, soqoli oqarib qolgan. Nimaga tushganini aytmas edi. Bir kuni haligi-mard joʻrabopshmiz bilipti. Soqoling toʻkulgur oʻzining nevarasini buzib qoʻygan ekan. Toʻqqiz yashar nevarasini...
— Voh! — deb yubordi Shotoʻra muallim.
— Xudo-yo, tavba qildim, — deb yana yoqasini tutamlab ushladi qorovul chol.
— Xoʻsh, keyin... nima boʻldi? Nima qildinglar? — deb soʻradi direktor muovini.
— Nima, boʻlardi, joʻraboshimiz urib oʻldirib, tualetga tashlab yubordi. — xotirjamgina dedi Mansur. — Ana shu... — Boshini ozod koʻtardi. — Shu ishni — odam oʻldirish deysizlarmi, qotillik deysizlarmi, menga baribir, lekin hukmni ma’qullaganman. Aybim shu..
— Tushunarli, — dedi muovin. — Umuman, him, toʻgʻri ish qilibsizlar.
— Ana shuning uchun ichaylik! — tagida ozgina aroq qolgan shishani koʻtardi muallim. — Ol endi, qotil... Sendan qoʻrqqulik! Hoʻv, qariya, eshitdingizmi?
— Xudo-ya, tavba qildim. Oʻzing kechir...
— Oʻzbek edi, — dedi Mansur va piyolani shart koʻtardi-yu, bir qultum olgach, manglayi tirishib, soqiyga qaytardi. — Boʻldi. Oʻtmadi. Rahmat.
— Qurutdan shimi. Hechqisi yoʻq. Yoʻli ochildi. Bu yogʻiga xudo poshsho.
— Da-a, — dedi oʻrinbosar Shotoʻra quyib uzatgan piyolani olib, — Xoʻsh, endi ishlar qalay ketyapti, ishlar, Mansur aka? Bu uyingizgayam kabel tortib kelgandirsiz ?

Mansur kuldi.
— Yoʻq. Telefonni xushlamayman. Kabelning ham hisobi bor... Kechirasizlar, men sizlardan bir narsani soʻrasam.
— Bemalol! — Direktor muovini piyolani quri-tib, chol ta’zim ila tutgan kabobdan bir jaz oldi. — Rahmat, otaxon. Mansur aka, eshitamiz.
— Shu-u, — Mansur oʻylantirib soʻradi: — Mana, yaqin-yaqingacha, masalan, yoz oylarida ovga chiqqan ovchining miltigʻini olishardi. Chunki, — tabassum ila davom etdi, — yozda jonivorlar tuxum bosgan, tuxumini ochib chiqqan boʻlardi. Makiyonlarning ham bolalari yosh — otish mumkin emas... Xoʻsh, men yaxshi bilamanki, bitta ayiq otgan odamga falon ming soʻm jarima bor... — dedi Mansur dam unga-dam bunga moʻltirab. — Axir, bemavrid qaklik otgangayam jarima bor edi-ku? Masalan..
— Maqsad nima, uka?
— Demoqchimanki, mana... ana, milisalar ham, hokimlikdan ham yurishipti...
— Ha-a, tartib-intizom egalarining oʻzi qonunni buzyapti demoqchimisan?
— Shunday deyish ham mumkin, — ma’qulladi Mansur. — Chunki kaklikni otish uchun ham limit boʻlishi kerak. Masalan, beshta-toʻrtta otish uchun...
— Marhamat, — muallim ikki barmogʻi orasidan uchinchisini chiqardi. — Limit-a... Limit qoldimi! Oblo akbar! — dabdurustdan fotiha oʻqidi. — Astagʻfurillo. Kechirasiz starik. Iching-da, oʻzingiz ham. Nuqul yeysiz... Uyalmang. Oling. Xudo oʻzi kechiradi. Ozodlik zamonidasiz. Mustaqillik! Oling. Imomga aytaman ammo, olmasangiz...
— Xoʻp-xoʻp, lekin biz...
— Sizning gunohlaringiz shunchalar koʻpki, mana shu tumanday oʻrab turadi sizni. Jannatning eshigini koʻrsatmaydi. Agar oʻshandayam jindak otib olgan boʻlsangiz, munkar-nakirniyam mana bu mushtumzoʻrga oʻxshab raz-raz solasiz-da, oʻrtasidan oʻtib ketasiz. Qarabsizki, toʻgʻri doʻzaxga tushib, mana bu kaklikday kabob boʻlyapsiz! — Muallim maza qilib kulib yubordi. — Sizni hech kim yemaydi. Chandir boʻp ketgansiz.

Direktor oʻrinbosari ham bukillab kuldi-da, keyin jiddiy tortib:
— Shotoʻra aka, bu kishi savol berdilar, — dedi. — Menimcha, seryozni savol.
— Oʻzbekcha gapir... E, nimaga oʻqrayasan? Oʻzbekiston mustaqil boʻpti. Oʻzbek tili Davlat tili boʻpti-yu, haliyam oʻrischa ishlatadi. Ayniqsa, ichiga yuz gramm tushsa...
— Bas qiling! — deb yubordi muovin. — Shu yuz gramm sizning ichingizga tushsa, mana shunday laqillab qolasiz. Gapni gapga qoʻshing... Akamiz savol berdilar. Him, bu kishi molning ketidan yurgan bir choʻponday gap...
— Toʻgʻri, ba’zi masalalarni tushunishda choʻpondan ham battarman, — dedi Mansur va chiranib portladi: — Bu boshboshdoqlik nega? Hamma tartibni buzsa! Hamma birakoner boʻlsa. Hech kim oʻylamasa tabiatni...
— Juda toʻgʻri gaplarni aytyapsiz, — uni ragʻbatlantirdi oʻrinbosar.
— Hatto sizlar ham...
— Bizga tegma. Bizlar — vintiklarmiz, xolos. Vintiklar. Yo xato qildimmi? Yoʻq, bizlar kichkina odamlarmiz.

Muovin Mansurga burilib oʻtirdi.
— Bu kishi tamom boʻldi. Oʻzimiz gaplashamiz, aka... Xoʻsh, mudlaongiz nimaydi?

Mansur xoʻrsindi.
— Men aytib boʻldim.
— Yoʻq, chalasi bordek.
— Sizlar meni qotil deyapsizlar... Axir, eng katta qotil— sizlar ham-ku? Anavilar ham-ku?
— Oʻx, qattiq ketding, uka. — Yoʻtalib oldi musiqa oʻqituvchisi. — Yaxshi emas. Bu, bu koʻpga kelgan toʻy.
— Nima?
— Kemaga tushganning joni bir. Joni birning — noni bir.
— Hammamiz ham bir goʻr demoqchimisiz?
— Albatta. Sen ham shu goʻrlardan biri... Oʻzingni oqlama. Harakat qilma, ukajon, foydasi yoʻq... Men hozir seni, sening ashaddiy... tabiatning ashaddiy dushmanlarydan biri ekanligingni isbotlab beraman!
— E, hovliqmang, aka.
— Ey, birodarlar, bu devona nima deyapti oʻzi? — Muallim xarsangda engashib oʻtirib va qoʻllarini sermab-sermab gapira ketdi: — Uyingda kakliging bormi? Bor. Boʻlgandayam — xudoning gʻazabi! Voy, unday makiyonni tarix koʻrmagan. Oʻzi «pass!» desa yotadigan xilidan-u, archazorga borsa, babaq kaklikni qochiradi. Ya’ni, sen bilan urishaman deb turadi Shunday sayraydi — shunday sayraydi, oʻlay agar, yetti chaqirim naridagi murruk joʻjaniyam oʻrnidan qoʻzgʻatadi! Bilmayman, u nar-modami, bir balo... Ana shu bilan, — Shotoʻra irshayib Mansurni koʻrsatdi, — ovga chiqadilar akam. Yenlarida jela, kamida oʻtgiz-qirqta tuzogʻi bor... Endi, u yogʻini tasavvur qilaveringlar. Ulay agar, shu togʻning oʻndan bir hissa kakligini shu yoʻqotdi desam, lof boʻlmaydi... — Soʻng qih-qihlab kuldi. — Oʻzing ayt, yolgʻon de.

Siniqib-jilmayib turgan Mansur:
— Albatta yolgʻon, — dedi. — Hali aytdim-ku, yilida bir-ikki marta... — Soʻng baqirib berdi: — Eshitingda-e!
— Qulogʻim senda, ukajon.
— Oʻlay agar, qilichni qindan chiqarasiz... — U oʻzini bosish uchun jimib, chuqur-chuqur nafas oldi. Soʻng: — Kakligim shunday, — dedi. — Yashirmayman, aytganingizday...
— Rahmat, uka.
— Lekin togʻdagi kakliklarning mingdan birini ham olganim yoʻq.
— Balki men hisobdan adashgan boʻlishim mumkin. Deylik, milonta kaklikning yuzdan biri olinsayam...
— Shotoʻra aka! — qichqirib berdi direktor-oʻrinbosari. — Sal bosib oʻtiring, xudo xayringizni bersin...
— Rost, Toʻrajon, jindek sabr qiling, — dedi qorovul chol ham.
— E, men ham bir misol aytdim-da! — baqirib yubordi Shotoʻrajon. — Bu nuqul bizni ayblaydi. Oʻzi oppoqmi? Be-e!.. Ana, yalang qirda turadi. Har tong yuzlab kaklik enadi togʻdan. Buning hovlisiga qoʻnmaydimi? Qoʻnadi. Chunki kaklik qaerda don boʻlishini biladi. Biladi.
— Shu bugun tongda ikkita kaklik koʻrdim, xolos, — deb boʻyniga oldi Mansur.
— Tegmading-a? «Yashasin ozodlik!» deb qoʻyib yubording? Shundaymi? Balki don sochgandirsan oldiga? A?.. Bo-or shunaqa voqealar, boʻlyapti ham. Toqqa bir toʻrva yem opchiqib, biron kamarga sochadi-da, poylab turadi. Jonivor och kakliklar kelib qoʻnadi. Chugʻur-chugʻur qilib yeya boshlaganda paq etadi. Qarabsizki, besh-oʻntasi dumalab, tipirchilab yotipti. Bo-or, shunday qilib ovlayotgan iploslar ham bo-or.

Mansur hayrat-la boshini sarak-sarak qildi. Qorovul chol esa dabdurustdan qargʻadi:
— Undaylarga boqqan balo bor.

Mansur endi hayrat va ich-tubida nurli bir se-vinch bilan ularga bir-bir qarab chiqdi. Keyin:
— Qiziq, — dedi. — Sizlar, umuman, qiziq odamsizlar... — Soʻng oʻylanib, davom etdi: — Men hech qachon bunday gaplarni... Umuman, sizlarni bir qarashda — shafqatsiz deyish mumkin. Keyin, mana bu gaplaringni eshitib...
— Shunaqa, — dedi muallim. — Bizlar hardam-xayol boʻp qolganmiz. Hey, qariya, buniyam sixga torting... Pichoq qani? Boʻlaklang. Jigidan ajrating. Mana buning tuzi pastroq boʻlgan ekan... Shunaqa, mulla Mansur! Bu yerdagi... bu yerda oʻtirganlargina emas, umuman, odamlar haligiday boʻp qolgan.. Toʻgʻrimi? Koʻp qarama menga... Undan koʻra, xulosangni ayt. Hali boshlab eding-ku, bir nimalarni?
— Da, — dedi direktor oʻrinbosari. — Mansur aka, davom eting... Buning ustiga, oʻzimiz ham qiziqayotibmiz.
— Kaltaroq qil, — dashnom berdi muallim. — Shu Mansur akangniyam yelkasidagi qovoqning oti — kalla, bosh. Baloni tushunadi buyam.
— Siz yana xalaqit bersangiz, — dedi muovin, — men ham oʻzimning gapimni tushuntirolmay qolaman... Jim! Otaxon, gʻoʻngʻillamay ishni qiling. Boʻlmasam, texnikumning qorovulligidan umidni uzavering.
— Voy, men bir narsa dedimmi? Muni maydalayap-man, duo oʻqidim..
— Ichingizda oʻqing... Xoʻsh, Mansur aka, mana, siz ham, harqalay, uncha-muncha narsani koʻrgansiz. — Soʻngra birdan boshini xam qilib qoldi, koʻzlari shoʻx charaqlab, Mansurga termilib qoldi. — Aka, xulosadan oldin... Sizga bir savol bersam.
— Marhamat, — dedi Mansur.
— Ayting-chi, qamoqdan chiqqandan keyin, ya’ni, ozod boʻlganingizdan keyin oʻzingizni qanday his qilgansiz?

Mansur buning javobi ancha muhim ekanini uqib, illo, musiqa muallimi ham oʻziga diqqat bilan tikilib turganini koʻrib, oʻylanib qoldi.
— Xoʻsh, chiqqanimdan keyin... shu, qoʻlimga picha pul, yoʻl xarjini berishdi... Shu, qaerga borishimni bilmay qoldim. Holbuki, men bilar edim: institutga olishmaydi. Oʻqish tamom boʻlgan. Uchinchi kursdan ketgan edim-da... Keyin, meni biron ishga olishlariyam mahol — buniyam bilar edim. Soʻngra, uka, koʻp tanish-bilishlarning mendan yuz oʻgirganlarigayam ishongan edim.
— Tushunarli.
— Shunday. Nimaga desangiz, qamoqqa qayta tushgan bir-ikkita yigitlarning gaplarini eshitgan edim. E, ular juda xafa edi...
— Ular alamzadalikdan gunoh qilib qayta tushishganmi?
— Sababi koʻp... Ammo ba’zilar borki, qamoqqa oʻrganib qolishgan. Menga ishoning, ularni bugun ozod qiling, ertaga albatta, qaytib borishadi.

Muovin muallimga ma’noli jilmaydi.
— Sabab?
— Endi, sababi shu-da: qoʻli oʻrganib qrlgan oʻgʻirlikka...
— Ha-a, siz esa koʻnikib ketdingiz-a ozodlikka?
— E, uka-e! — Mansur mayin-yoqimtoy jilmayib chayqaldi. — Ozodlikka nima yetsin... Uning qadriga, masalan, siz ham yetmaysiz. Siz ham, Shotoʻra aka. Boboy ham... Axir, tabib — tabib emas, boshidan kechirgan tabib, deydilar-ku.
— Bu maqolni biz ham bilamiz, — dedi Shotoʻra. — Lekin he-ech qaytib borging kelmadimi?
— Nimalar deyapsiz!
— Da, sizning yoʻrigangiz boshqa ekan, — fikrini xulosaladi direktor oʻrinbosari. — Siz, demak, aql bilan, tadbirkorlik bilan ish tutgansiz. Qolaversa, turmaga oʻrganmagansiz... Kechirasiz, oʻn yil yotdingiz. Nahotki, sal boʻlsayam oʻrganmadingiz? Kechirasiz, bu sinchkovligim uchun.
— Yoʻq, yaxshi savol, — tasdiqladi Mansur. — Oʻrganib qolganlar, ya’ni, ust-ustiga srok olib qolaveradiganlar ham bor... Lekin men kutar edim. Ayniqsa, keyingi besh-olti oyning oʻtishi ogʻir boʻldi. Sal narsada toyib ketish mumkin-da... Uf-f. Him, kutubxonasi bor edi, kitob oʻqirdim. Televizor bor. Ish, ish...
— Tushunarli. — Muovin yana bir xulosa yasadi: — Siz, demak, nisbatan yaxshi muhitda boʻlgansiz.
— E, eslamaslik kerak... — Soʻng nigohi siniqib jilmaydi. — Kelganimdan keyin, toʻrt oydan soʻng bir xat oldim. Tuhmat bilan tushgan domladan.

«Mansurjon, sen ketding, koʻzda yosh qoldi, Orqangdan otilgan parcha tosh qoldi».
— Yaxshi-ya? — Mansurning koʻzlari gʻilq yoshga toʻldi. — Menga ta’sir qildi. Oʻzimizdayam shu odat bor-ku, bir kishining uyga kirishini, kelishini istamasangiz, orqasidan tosh otib qolasiz.
— Bor, bor, — deb tasdiqladi qorovul chol. — Oldi-ortingga qora tosh, yagʻriningga yalpoq tosh. Bora-bora umbaloq osh... — Chol hiringlab kuldi. — Yomonga aytiladi... Shu-shu, turmaga qaytib kelma, deganlari-da?
— Durustsiz-ku, — dedi musiqa oʻqituvchisi. — Bekorga yashamagan koʻrinasiz.

Chol ragʻbatdan mamnun boʻlib:
— Avf etasizlar, bizlar omi odam, — dedi. — Lekin ruxsat bersalaring, yana bir gapni aytsam... Hali qamoqqa oʻrganganlar haqida gapirganlaringda esimga tushib ketdi... Shu, yoshlikda paxtani omoch qoʻshilgan ot bilan kultivatsiya qilar edik-da. U paytlar traktorlar kam...
— Bilamiz.
— Shu ot jonivor oʻrganib qolgan ekan. Paykalning boshiga boradi — buriladi. Bu yoqqa kelib, yana buriladi. Shunday qilaverib, juvozning otiga oʻxshab qolgan ekan.
— Xoʻsh-xoʻsh?
— Keyin traktor keldi... Ot toʻgʻri yoʻlda yurolmay qoldi-da. Sal yuradi-yu, aylanib ketadi. Ba’zida boshqa tomonga ketib qoladi. Boshqa otlarga oʻxshab yurolmaydigan boʻp qolgan edi. Shu bilan oʻlib ketdi.

Chol aytib boʻlib, eshituvchilarga boqdi. Hammaning boshi egik, qattiq hayajonda ediki, ayniqsa, Mansurning hayajoni shoshqin va hayratli, nazdida, direktor oʻrinbosarining-u oʻzining-da halidan beri qiziqtirgan savoliga qariyaning joʻngina misoli eng joʻyali javob boʻlganday edi.

Direktor muovini chuqur xoʻrsinib olib:
— Ozodlik haqida oʻylab qoldim, — dedi. — Toʻgʻrimi, Shotoʻra aka?
— Kaneshna, toʻgʻri, — dedi Shotoʻra.

Mansur unga yalt etib qaradi.
— Nima-nima?.. Ha-ha, tushundim. — Soʻng munglanib qoldi-da, bir muddatdan keyin hamsuhbatlariga yorqin tabassum bilan bokdi. Zoʻr ish boʻldi-ya!
— Ozodlikmi? — gurs etkazib soʻradi direktor muovini.
— Shunday... Axir, Oʻzbekiston mustaqil boʻlishidan oldin Rusiyaning plugida edimi?
— Albatta, — dedi muallim.
— Biz masalaning mohiyatiga yetdik, — tagʻin bir xulosa yasadi direktor oʻrinbosari. — Otaxon, sizga rahmat. Oʻrinli misol aytdingiz. Boshqa oʻrtoqlar ham, umuman, toʻgʻri fikr yuritishyapti... A, Shotoʻra aka?
— Oʻzlari-chi? — Muallim yangi shishani ocharkan, cholga «elping» ma’nosida kabobga ishora qildi. — He, kurrasi tushmagur, oliftasan-da, uka... Lekin savollaring joʻyali boʻldi. Ayrim fikr va mulohazalaring ham ma’noli...

Mansur shoyon mamnun jilmayib bosh irgʻadi-yu:
— Qiziq, — dedi. — Juda qiziq... Endi, shuni bilar ekanmiz, hey, bilaturib, buning aksini qilamiz-a?
— Balli. «Miz» deb gapirganing uchun endi rahmat aytaman senga.

Direktor muovini allanechuk kerishdi.
— Balki shuni ichmasmiz, — dedi. — Koʻplik qiladi... Mansur akam ichmaydilar... — Shunday deb tuyqus iyagini siypaladi. Va xoʻmraydi. — Starik ham tarang qilyaptilar. Texnikumda yordamchi xoʻjalik bor. — Mollar morayotgandir...
— Eshityapsizmi, qariya? — soʻradi muallim. — Safdan qolaversangiz, qolgan umringizni pochtaning beton zalida oʻtkazasiz. U yerda sigir ham yoʻq, sut ham...

Mansur tuyqus zerika boshladi. Bular yana ichishga majbur qilishini, «yoʻq» desa, balki ichishmasligini taxminladi va: «Qaytamga yaxshi», dedi ichida.

Shunda qaerdadir miltiq otildi, odamlarning shovqini eshitildi.
— Kechirasizlar, men ketsam, — dedi birdan. — Uyda ishlar bor edi. Mol-hol deganday... — Keyin yasama iljaydi. — Oʻzi, bir haftadan beri uyda boʻlmagan edim.
— Borasiz, — dedi musiqa oʻqituvchisi.
— Yoʻq, rostini aytyapman.
— Kurra, javob beramizmi? Bu baribir ichida bizni soʻkib-soʻkib ketadi.
— Axir, ahvolni tushundilar-ku? — dedi muovin jiddiylik bilan.
— Bu yil togʻda kaklik qolmaydi.
— Qolmasa senikini yeymiz, — xotirjamgina dedi muallim. — Nar-moda kakligingni... Toʻgʻrimi? Semiribgina turipti. Ana shu bilan togʻda qolgan-qutgan kakliklarniyam saqlab qolamiz. Uning avrashidan...

Mansur xayolan uning jagʻiga tushirdi: jagʻi qiyshayib, ogʻzi qonga toʻldi.

Keyin xoʻrsinib yubordi-da:
— Umuman, men oʻsha kaklikni shartta chiqarib, otib tashlashim mumkin, — dedi. — Oʻlay agar-a... — Ammo ich-ichida bir joyi ogʻrib ketdi: kaklik hayron qolib oʻladigandek boʻldi-yu, boyagi kaklikning nursiz koʻzlari koʻrindi.
— Otasan. Otishing mumkin. Seni qoʻlingdan ke-ladi, — dedi muallim. — Qani, piyolani ol!
— Yoʻq.
— O-ol. Kemaga tushganmiz. Jonimiz ham bir, nonimiz ham... Goʻrimiz ham. Xoʻp de, romantik! Kulma... Oʻn yil yotib kelganing bilan ba’zi gaplaring oʻn yashar bolani eslatadi.
— Boʻlishi mumkin. — Mansur piyolani olganini anglamay qoldi. Keyin anglab: — Lekin men sizlarday boʻlolmayman, — dedi. — Vabshe, boʻlgim ham kelmaydi.
— Hay-hay!
— Chunki sizlarda til boshqa, dil boshqa... Sizlar aqlli, hamma narsani tushunasizlar. Lekin...
— Uh, xom sut emgan bandamiz-da, ogʻajon. Dod! Qoʻshiq aytgim kep ketdi!
— Eshitamiz.
— Sen buni qurit. Mard boʻl, ustozlaringday... Cholni oʻldirganlaringni hech kim bilmadimi?
— Bildirmadik-da... Lekin nachaylik sezganini keyin eshitdik. Yo bizdan qoʻrqqan, yo oʻziyam yomon koʻrarkan uni...
— Ha, iloyi joyi doʻzaxda boʻlsin. Ol, inim. Sogʻligʻimiz uchun! Qolgan kunlarimiz ham... e, yillarimiz ham mana shunday oʻtsin! Xursandchilik bilan.
— Vey, icholmayman.
— Sen mardsan — ichasan, — dedi muallim. — Taning sogʻ, jigaring kasal emas biznikiga oʻxshab... Mana bu kurraning ham buyragi ishdan chiqqan. Cholda quruq jasad bor... Ol, uka. Sipqor-e, dunyo oʻtdi-ku.
— Birgalashib tabiatni quritishimiz uchun-a? — kulimsirab soʻragan boʻldi Mansur.
— Ha, endi, qismat shu boʻlsa, nima qilardik... Oʻlganimizdan keyin hu-u... Oʻ-oʻ, Olloh shunday yaratibdur! — xitob qildi Shotoʻra. — Qoʻlimdan nima keladi?
— Qoʻlingizdan... Uh, prativni odamsiz. — Mansur piyoladagi aroqni uning basharasiga sepib yuborib, oʻrnidan turdi. — Sizda xudoyam yoʻq, vijdon ham... Sadqayi odam keting! — Chetlanib, tayogʻini oldi. — Xayr, kurra, saniyam gapingda turuming yoʻq. Mana bu maddohdan qolishmaysiz... — Cholga ham jirkanib tikildi-da, qoʻlini siltab burildi.

Shotoʻra muallim pishnab koʻzlarini pir-piratar, yengi bilan koʻz jiyaklarini artar va boshqa qoʻli qorni tirnab paypaslar, aftidan, kaltagini qidirar edi.

Mansur uch-toʻrt qadam qoʻyiboq tumanga kirib ketdi va yoshovrab qolgan koʻzlari uni-buni koʻrar darajaga yetganda Shotoʻra muallim tayogʻini ola solib uning orqasidan yugurdi. Muovin bilan cholning xay-xaylashiga jilla parvo qilmadi.

Muallim Mansurga yetishi zamon yelkasiga kaltak urdi. Mansur burilgandi, kaltak koʻkragiga tushdi va u dovdirab qoldi. Soʻng orqasiga chekinarkan:
— Jinni boʻldingizmi? Hozir yomon qilaman... — dedi. Shunda chuqurga oyogʻi tushib ketib, oʻtirib qoldi-yu, sermalangan tayoqni shappa ushladi, ushlab tortdi. Oʻqituvchi bu yoqqa tortdi. Mansur kaltakni boʻshatgan boʻlib, zarb bilan tortgandi u enkayib ketib, yarogʻ qoʻlidan chiqdi. Va Mansurning biqiniga bir tepdi. Mansur yana epchillik qildi: uning toʻpigʻidan ushlab

oldi-yu, muallim keti bilan qorga tushdi, oʻtirib qoldi va birdan boshini egib, hoʻngray boshladi.

Mansur tayoqni koʻtargancha tek qoldi-da, keyin uni chetga otib yubordi.
— Jinni. Quturdingizmi?

Muallim unga yoshli koʻzlarini chaqchaytirib:
— Quturdim! — deya changalini ochib siljigan edi, Mansur uning bilaklariga bir urdi. U «voy-voy»lab, qoʻlini uqalab qoldi. — Quturdim, — dedi yana xirillab. — Sen... He, koʻzing oʻyilsin, boyqush! Turemshik! Boy...

Mansur piqillab kuldi. Shunda bularga yaqin ke-lib toʻxtagan qorovul bilan direktor oʻrinbosari oʻzaro yoʻtalishib va nimalarnidir poʻngʻillashib, Shotoʻraning qoshiga kelishdi.
— Turing oʻrningizdan, Toʻraboy, — deb qorovul qoʻlini uzatgandi, Toʻraboy itarib yubordi.
— Bor, yoʻqol. He, soqol... — Soʻng direktor oʻrinbosariga doʻq qildi: — Sen nimaga ishshayasan?
— Tavba, qachon ishshaydim? Aksincha, sizni tanimay turibman, Shotoʻra aka.
— Tanimaysan... Ha, meni hech kim tanimaydi. Bilmaydi. Ichimga qaysing kirib chiqibsan?

Mansur oʻylanib:
— Albatta, men ham bilmayman, — dedi. — Yuring, oʻtni boshiga boraylik. Shamollab qolasiz.
— Shamollayin. Oʻtib ketsin... Oʻlayin men! Butun umrim yolgʻonchilikda oʻtgan ekan... — Keyin baqirib yubordi. — Aldanib yurgan ekanman!
— Endi, hammamiz ham aldanganmiz, — dedi direktor muovini. — Oʻrningizdan turing, aka. Juda xunuk...
— Oʻlmapsiz sizday xushroʻy. — Shotoʻra inqillab oʻrnidan turdi. Mansurga tashlanmoqchidek bir xezlandi-yu, keskin qoʻl siltadi. — Kelinglar. Eshitinglar... — Tagʻin baqirib yubordi. — Keyin meni tushunasizlar!
— Xoʻp-xoʻp, — dedi muovin. Chol ildamlab oldinga tushdi. Mansur qidirinib tayoqni topti-da, suyana-suyana jila boshladi. Qoya oldiga yetishganida, qariya chalalarni qalab va choʻkkalab, tagiga puflar edi.

Har kim oʻz joyiga oʻtirdi. Shotoʻra muallim shishaga tikilib qoldi-da, shart olib, orqasiga otgandi, shisha bir aylanib, tagi bilan qorga kirib qoldi.
— Yaxshi emas, bu pulga kelgan, — deya Mansur turib borib, aroqni oldi.
— Toʻgʻri aytasiz. Menga bering shuni, — deya qoʻlini choʻzdi direktor muovini va Shotoʻraga tikildi. — Xoʻsh, nima degandi oʻsha shogirdingiz?
— U meni oʻldirdi. Mansur, eshit! — Muallim tutab, alanga olayotgan chalalarga qarab turdi-da, boshini chayqatib, tagʻin piq-piq yigʻladi. — Urugʻlik kartishka olaman deb anavi... doʻkonga kirsam, mudir: «Domla, bu qimmat, tijorat bahosida», dedi. «Omborga kiring, oʻzingizning oʻquvchingiz — mudir. Arzonga beradi. Tanlab olasiz», dedi. Men galvars omborga bordim. Qarasam, haqiqatan ham oʻzimning oʻquvchim... Soʻrashdim. Maqsadni aytdim. Shunday — «bir qop kartishka kerak, — dedim. — Bahor kelyapti. Uch-toʻrt sotix joyim bor, bilasan. Shuni eksam, jiyanlaringga, kunimizga yaraydi. Kim biladi, bahorda narx-navo kanday boʻp ketadi», dedim. U nima deydi deng? «Doʻkondan oling, domla. Men sizga kartishka bermayman», deydi. «Nimaga? — dedim. — Bu davlatning ombori boʻlsa, kartishkang arzon...» dedim. «Yoʻq, hammaga bersam ham sizga bermayman», dedi. «Nimaga?» «Chunki siz menga nuqul ikki baho qoʻyardingiz. Har kuni, sendan odam chiqmaydi, der edingiz. Mana, men odam boʻldim. Siz kim boʻldingiz?» Shunday dedi. Bemalol. Pinak buzmay aytdi.
— Oʻ, ablah! Kim u oʻzi? Kimning oʻgʻli? — soʻradi Mansur.
— E, nima farqi bor.
— Da-da, ba’zi yoshlar ham buzildi.
— Kim buzdi?
— He, qirilib ketsin hammasi! Quy anavindan... Ichim yonib ketyapti. — Soʻng Mansurga oʻychan xoʻmrayib boqdi. — Ana shunaqa, boyvachcha. Men chidab yuribman, oʻlmasdan... Holbuki, oʻzimni oʻldirishim kerak edi. U — mening oʻquvchim edi! Inson... Xudo-ya tavba, bu koʻrguliklar yetti uxlab tushimgayam kirmagan edi... Vabshe, men keraksiz odamman! — deb tuyqus baqirib qoldi. — Ularga oʻgʻrilikni oʻrgatadigan kimsa kerak ekan...
— Albatta. Undaylar bor, — deya muovin piyolani yarimlatib uzatdi. — Xafa boʻlmang, bir kun keladi unday yoshlar ham...

Qorovul yulgʻun sixni olib tutdi.
— Iching, gazak qiling, Toʻrajon... Kuyinmang.
— Aljimang, — deya kabobdan bir boʻlak oldi Shotoʻra. — U vaqtlarda dushman aniq edi, yoʻl ham aniq edi... Hamma bilardi buni.
— Unday emas, — dedi direktor muovini. — Biz bozor iqtisodiga, ya’ni eng tabiiy rivojlanish yoʻliga tushdik. Tarix guvohlik berishicha, insoniyat jamiyati paydo boʻlgandan buyon — shu amalda boʻlgan.
— Siz oʻlgandan keyin bolalaringiz qoladi, — deb gap qoʻshdi Mansur. — Balki ular yaxshi yashab ketishar... Agar aql, tadbir bilan ish tutishsa...
— Senga oʻxshab, a?
— Nima, mening yoʻlim yomonmi? Nabarot... Ana, Olimboy joʻram ayttaniday, eng tabiiy yoʻldaman. Xudo ursin-a... Oʻz-oʻzimdan shu yoʻlni tutdim.
— Qoʻy, seniki menga namuna boʻla olmaydi. Sen endi bir chiqib qolding-da.
— Ixtiyoringiz, aka.
— Boʻpti. Shu zahri qotil, iloyi, zigʻircha boʻlsayam shifo boʻlsin. Iloyi, oh, odamlarga shu qadar ishongim keladi! Shunchaki yaxshilik tilayman... Lekin buning boʻlgan-turgani, nima desam ekan, juda ojiz, xudbin maxluq ekan-da, bu odamzod. Uka, bu gapim — aqlli gap.
— Ammo-lekin «inson — ojiz» deganingizga men ham qoʻshilaman, — dedi muovin. — Bundan shunday xulosa chiqadiki, demak, inson oʻzini oʻzi tarbiyalashi kerak... Bu yoʻrigʻda din ham unga qoʻl keladi.
— Xudo haqqi, toʻgʻri gapiryapsiz, — dedi Mansur jilmayib. — Bitta ariston bor edi. Erta-yu kech namoz oʻqir, tilovat qilar edi. Oʻsha odam semirib, qip-qizil boʻlib qamoqdan chiqib ketdi. Hech narsa mana shu tirnoqchayam ta’sir etmadi unga.
— He, islomiyatda hikmat koʻp, — deb mulohaza aytdi qorovul bobo. — Gʻirt bezorilar, takasaltang, bekorchilar ham machitga qatnab, bir mehnatsevar, odamshavanda boʻlib ketishdi... Oʻzim guvohman, yigitlar. Oqshomlari amri ma’ruf boʻlganda ta’sirlanib ketib, oʻzim ham yigʻlab-yigʻlab olaman. Dunyoning haqiqati bu yoqda ekan-ku, deyman. Kecha hazrati imom mashvarat qilib: «Xudodan qoʻrqmagandan qoʻrqingiz», deb aytdilar. Biz buni koʻp muhokama qildik. Xulosa shu boʻldiki, jamiyatdagi barcha nuqsonlar, buzuqchiliklar — bari...
— Xudodan qoʻrqmaslik orqasidan! — titrab dedi Shotoʻra... — Oʻzingiz qoʻrqasizmi?
— Oʻ, albatta. Nauzanbillohi minazoliman...
— Rahmat.
— Kabob sovudi.
— Bu boshqa gap. — Musiqa muallimi piyolani boʻshatib, cholga qaytardi. — Rahmat. — Chol tagʻin quyar, muallim kaklik oyogʻini etdan tozalar ekan: — Men achinmaymanmi shunga? — dedi birdan qoʻlidagini Mansurga koʻrsatib. — Juda achinaman-da, akasi boʻyidan... Lekin nochorlikdan desang ham haqsan, anavi bolaxoʻrlarga achchikdan-alamdan shunday yovuzlik qildi, desang ham sen haqsan... Ammo men ham achindim. Hali kaltak bilan solganimda, ichimda bir nimalar uzilib ketganday boʻldi. Unga sari alamim kelib, kallasini uzib tashladim... Mansur unga tikilib qolib:
— Qiziq, — dedi-da, yelkasi qimirlab kuldi. — Meni kaltaklayotganda-chi, rahmingiz kelmadimi?
— Yoʻq! — keskin dedi muallim. — Indamasang, uka, ont ichaman, kechgacha seni urishim, urib oʻldirishim mumkin. Ishonasanmi? Hali koʻzimga balo-qazoday koʻrinding... Men, umuman, senda, sening ayrim gaplaringda — Oʻzimni koʻrdim-da. Tushundingmi? Oʻzim ham shu fikrda edim-da!
— Oʻquvchilargayam shunday saboq bergansiz-da? — soʻrov maqomida dedi direktor muovini.
— Albatta. Boshqa nima der edim? — U chayqalib kulimsiradi. — Ana, natijasi, eshitdinglar...
— Kimligini ayting, — soʻradi Mansur. — Men bir koʻray. Panada ushlab, hiqildogʻidan olaman. «Oʻqituvchini yerga urishni kim oʻrgatdi senga?» deyman...
— Xay-xay! — deb kuldi muovin. — Esdan chiqma-sin: ustingizdan akt tuzmagan boʻlsak ham, qilgan qiliqlaringiz esimizda turibdi. Masalan, haliyam mening jagʻim ogʻriyapti...

Mansur yelkasini uchirdi-yu, qimirlab hiringladi.
— Meniyam yelkam ogʻriyanti.

Chol mastona kuldi.
— Ajoyib odamsizlar-da... Qani, xoʻjayinjon, piyolani olasizmi? Yo boʻldimi?
— Nimasi boʻladi? Oladi! — Buyurgandek dedi Shotoʻra. — Ol, kurra!
— Toʻra aka, yana bir marta shu soʻzni tilga olsangiz, turib ketaman. Siz bilan hech gaplashmayman.
— Gaplashasan. Gaplashmasang, siringni ochaman. Rayonda bosh koʻtarolmay qolasan... Ich, uka! E, hazil-e! Boringlarga shukur! Sizlar boʻlmaganda bilmadim... — Keyin Mansurga yuzlandi. — Nimaga meni urmading? Rosa tushirdim-ku? Xudo ursin, nima qilayotganimni bilmay qoldim.
— Ana shuning uchun, — Mansur yonida yotgan tayoqni olib unga berdi, — marhamat... — Keyin nosqovogʻini olib, tizzasiga urdi. — Umuman, rashchyot boʻldik.
— Menimchayam, shunday, — tasdiqladi direktor muovini.
— Ba’zan sendan ham aqlli gaplar chiqib qoladi, a? — dedi Shotoʻra Mansurga. — Turmada mulla boʻlib olgansan-da! Haqiqatan ham koʻp gaplaringda ma’no bor.
— Qulluq, aka.
— Xoʻy, chinovnik, olsang-chi uni? Sovub ketdi... Oʻzi ichkisi kelib turibdi-yu, noz qiladi... Menga qara, bu ketishda sendan rahbar chiqmaydi. Sababini aytaymi? Marhamat. Sen soddasan — bir. Fikr yuritishing kechagi odamniki — bu ikki. Tijoratni bilmaysan, ya’ni, iqtisodiy savoding yoʻq, qolaversa, poraxoʻr emassan, ya’ni, studentlardan bir nima undirolmaysan. Oʻqishga kirayotgandayam, imtihon topshirayotgandayam... — Shotoʻra kissasidan «Prima» sigaretini pachkasi bilan olib choʻqqa yaqin qoʻydi. — Direktoring — geniy...
— Men odamning orqasidan gapirmayman, — dedi muovin. — Biroq «geniy» soʻzini asrab qoʻyish kerak... — Oʻshangachayam yashab turamiz, — davom etdi direktor muovini chaynalib. — Ammo ideologiya yaratilishi kerak. — Din — miliyon yilning mahsuli. Sosializm ideologiyasi ham — eski edi: boy bilan kambagʻal teng boʻlishi kerak degan gap edi-da. Ertaklarimizdayam bor-ku?.. Shuning uchun odamlar unga ergashdi.
— Oh! — Shotoʻra chindan ham hayrat ila tek qoldi. — Shu gaping koʻp dono gap boʻldi, uka. Him, rahma-at... Shuning uchun ichsang arziydi. Ichmasang, menga ber... E, mana, yosh biznesmen gijinglab turibdi.
— Olaberinglar. Endi menga javob berasizlar, — dedi Mansur. — Lekin suhbatimizning oxiri yaxshi boʻldi...
— Hm, hammamiz ham bir ochildik, — dedi Shotoʻra muallim. — Sen kelganing tufayli. Kakliging...
— Kakligimni yemayman-u... — deb yubordi Man-sur. Ammo qanday yoʻqotishni bilmas edi. Shuning uchun nochor xoʻrsinib, egilganda...

«E, chiqarib qoʻyvorsam-chi? — degan oʻy keldi koʻngliga. Biroq shu zahoti rad etdi: — Odamlar tutib yeb qoʻyishadi. Qoʻlga tushadi, uzoqqa ucholmaydi...»

Musiqa muallimi gʻamgin jilmaydi.
— Yoʻqotma, uka. Bilib turibmiz hammamiz, togʻda kaklik barmoq bilan sanarli qoldi hisob. Agar ob-havo oʻzgarmasa, qolgan-qutganiyam enasining...
— Shunday soʻzlarni kamroq aytsangiz, — deb qoʻrni kavladi qorovul.
— Kechirasiz, ota, — dedi Shotoʻra tezgina. — Bu til buzilib ketgan... Ha, Mansurjon, — endi ovozi ham oʻzgarib va gʻayritabiiy samimiyat kasb etib, davom etdi: — Hademay bahor keladi. Sening sovliqlaring qoʻzilaydi. Kunlar ochiladi, qushlar tuxum bosadi. Ammo togʻlarimizda kakliklar ovozi...
— Eshitilsayam — kam, ahyan-ahyanda, xolos. Bu bi-linib qoldi. Bizga oʻxshagan yovuzlar kammi? Hoʻ-oʻ...

Xullas, aytmoqchimanki, makiyoning hali kerak boʻlib qoladi.
— Rahmat, aka, — deb uning tizzasiga kaftini qoʻydi Mansur. — Men nimanidir tushundim.
— Qulluq.
— Endi ichaman, — dedi direktor oʻrinbosari va piyolani dast koʻtardi.
— Xudoga shukur, — dedi qariya endi xoʻjayinga kabobni uzatib. — Shunday yaxshi gaplar yaxshi-da. He-e, odam bir iliq soʻzning gadosi boʻlib qolipti.

Chol «plug oti» haqida aytgan paytdagidek ulfatlar yana oʻychan va mulzam tortib qolishdi. Ammo shak-shubhasiz, har birining koʻngli tubida iliq hislar, qadr-qimmatnimi, mehr-dildorliknimi eslatadigan, balki bu hislar omuxtasiga yaqin tuygʻular bosh koʻtarib turardiki, bu hol ularning chehrasiga ham tepib, nurli nigohlar ila bir-biriga koʻz solardi.

Shundan keyin ham gurung davom etdi. Ammo endi gʻidi-bidi boʻlmadi: bir-birining yarim gapidan fikrini anglar, bular oʻrtasida qandaydir totuvlik hamda maslaklari bir-biriga yaqin odamlarga xos vazmin bir ahillik paydo boʻlgan ediki, birontasining ogʻzidan bu holga rahna soluvchi bir soʻz chiqsa ham, boshqasi uni eshitmaganga olar yo oʻsha damning oʻzida uni bostirib yuborardi.

Ha, bu davra qandaydir fikrlar davrasiga aylangan ediki, buni har biri ham sezar va beixtiyor qadrlar, uning buzilishi, aftidan, dahshatli tuyulardi.

Ana shu kayfiyat tufaylimi yoki kunning sovuqligidanmi, ikkinchi shisha ham boʻshadiki, kayfi deyarli sezilmadi.

Nihoyat, qariya:
— Birligimiz buzilmasin, mehrli-oqibatli boʻlaylik. Quruq tuhmat, bemahal oʻlimdan asrasin. Yurtimiz obod boʻlib, odamlarga insof bersin! — deb fotiha oʻqigandan keyin qoʻzgʻalishdi.

Bu vaqtda kun allaqaerga koʻtarilib qolgan, atrofdagi shovqin, miltiq otishlar ham tingan, tabiat sokin bir osoyishtalik ogʻushida edi.
— Ha, esa Mansurboy, kelinni soʻrang. Kecha koʻp xizmat kilgan, ota-onasiga rahmat. U yetim qiz-a?.. Ha. Ogʻirlikni koʻtargan-da, oilaning qadriga yetadi, — deb Mansurga qoʻl berdi Shotoʻra muallim.
— Rahmat, aka, — dedi Mansur chin koʻngildan. Illo, xotini haqidagi iliq gap uning koʻngliny yana-da koʻtarib yuborgan edi. — Oʻzingiz ham yangamizni soʻrang.

Muovin Mansurning qoʻlini qattiq qisib:
— Sizga omad yor boʻlsin! — dedi. — Fe’lingiz shaxsan menga juda yokdi. Biz bir-birimizni bilmas ekanmiz-da. Him, aftidan, buning uchun mana shunday sharoitlar kerak boʻlar ekan... Xoʻsh, akaboy, bilib qoʻyganingiz yaxshi, biz ham shaytonlik qilmay oʻrtahol yashaymiz. Chunki qanoat qilamiz, yaxshi kunlar kelishiga ishonamiz.
— Albatta keladi, — dedi Mansur. — Vapshe, bu oʻzimizga bogʻliq.
— Ha, Mansurjon, omon boʻling, — deya qoʻsh qoʻllab uning barmoqlarini tutdi qorovul chol. — Nevarani oʻpib qoʻying... Bobosiga ketipti. Rahmatli padaringiz podachilikdan boshqa narsani bilmas edi. Esimda «Oshalo-ol!» deb kelganlari...
— «Oshalol» emas, «oshi halol!» — deb tuzatdi musiqa muallimi. — Yolingiz oqarib ketipti-yu, shu soʻzniyam toʻgʻri aytolmaysiz.
— Biz endi eski odam.

Bular bari yoshlikdan togʻi-toshning ushogʻini sanab, archazorlarda yotib — gulxanlarda pishiriq qilib-eb oʻsgan odamlar ediki, bu yer yalanglik, oʻt ketsa yonadigan bir tup moyli giyoh boʻlmasa-da, beixtiyor gulxan chalalarini tepkilab oʻchirishdi. Kulga oyoqlari bilan qorni surib bosishdi.

Shunday qilib, ajrashdilar.

Mansurning dimogʻi chogʻ edi. Ammo yarim yoʻlda: «Boshim ogʻrib qolmasin tagʻin» deb, barmogʻi bilan tomogʻini qitiqlab, qayt qildi. Yuzini qor bilan ishqab, qip-qizil boʻlib, hovli engaridan kirdi-yu, ogʻil ogʻzida toʻkilgan somonni titkilab, qaqolab yurgan tovuqlariga koʻzi tushishi zamon tonggi kakliklarni esladi. Keyin Qoraqoshni koʻrgisi keldi va mana shu hovli-yu, mol-hol tashvishi hamda kaklik bilan bogʻliq oʻylar omuxtaligida ishga tushib ketdi.

Kurakni olib, supa pastlaridagi qorni kuradi, engarakkacha yoʻl ochdi. Keyin havo iliyotgani va tuman tobora siyraklashayotgani uchun darrov narvonni tomga qoʻyib, chiqdi. Eskichasiga — tuproq toʻshab, somonli-tuzli loy bilan suvalgan tomni orqa tomoniga qorini kurab tashlab, xotini pastdan otgani supurgi ila supurib tashlagach, qor kurtugiga sakrab tushdi. Uning kayfiyati yana-da koʻtarilgan, yuz-koʻzidan hovur taralar, oʻzi issiqlab ketgan edi.

Pechka biqinida omonat oʻtirganicha issiq choy hoʻplar ekan, oʻziga oʻychan-oʻychan qarab qoʻyib, karson-da xamir mushtlayotgan xotiniga:
— Ha? — dedi. — Jindak ichgan edim, sezdingmi?

Xotin kulimsiradi.
— Shuning uchun xoʻrozday qizarib kelgan ekansiz-da? Kimlar uchray qoldi?
— E, soʻrama! — Mansur jilmayib, yoniga oʻrmalab kelgan oʻgʻlini tizzasiga oldi. — Anavi muallim bor-ku? E, kecha shu yerda boʻlishmagan. Sen ularni bilmaysan... Ammo-lekin, kampir, kaklik qirildi-da! Hoʻ, sen ham rost aytgan ekansan, odamlar juda-a boshqacha... Qalamqosh u xonadami?
— Ha..
— He, Polvon oʻgʻlim.. Odamlarning yovuzligini siz koʻrmang. Xafa boʻlasiz. Nasib boʻlsa, koʻrmaysiz ham!.. Kampir, shu odamzot ham shu qoʻy-echkilarga oʻxshash zot boʻlar ekanmi, deb qoldim. Bularning ham qorni ochsa, ma’rab olamni buzadi. It och qolsa, uyga kirib kelishi mumkin. Rost, oʻgʻirlikni oʻrganadi. Hatto ba’zan ovchi tozilar egasi oʻq otib, oʻljani topishavermasa, egasiga tashlanar ekan... Ha, ishonmaysanmi?
— Nimaga, ishonaman. Lekin odamni hayvonga oʻxshatmang.
— Ha-a, malades... Eshitdingmi, enangni gapini? Bu — inson! Buning gapiyam, qalbiyam boshqacha.
— Ha, kimlar edi ular?
— E-e! — Mansur xayollanib, davom etdi: — Umuman, shu odamning yomoni boʻlmaydi, deb qoldim. Katlavandan bir qirgʻiyning joʻjasini opkelishgan edi turmaga. Joʻraboshi uni tarbiya qila boshladi. Qush katta boʻldi. Paxanga oʻrganib qoldi. Hushtak chalsa, kelib yelkasiga qoʻnadi. Bir kuni bir kavkazlik yigit qirgʻiyni qoshiq bilan uripti. Nonini choʻqilagan ekan. Qurgʻur, qanoti choʻrt sinipti. Paxan kelib qoldi. Haligi yigit turib qochdi. Paxan oʻshani quvib, qoʻlini sindirdi.
— Voy, bechora.
— Qoʻy, unga achinma. Ya garyachiy krov deb mengayam koʻp tegajogʻlik qilardi. Ovqatning goʻshtini opqoʻyardi. Bir kuni «ya toje garyachi krov» deb shunday miskadagi issiq ovqatni yuziga... yoptim. — Mansur maza qilib kuldi. — Chiyillab qoldi. — Soʻng yana oʻgʻliga murojaat etdi: — Katta boʻlsang, oʻzingni himoya qilishing kerak, Polvon. Boʻlmasam...
— Shunga bir kurra olib bering, — dedi xoti-ni. — Eshakni koʻrdi, minaman deb talpinadi.
— O, zoʻr taklif! Oʻzim ham yoshligimda eshak minishni yaxshi koʻrardim. Yantoqqa borganda. Ey, kampir, qoʻylarni bir jadratib-aylantirib kelaymi?
— Soz boʻlardi, — dedi xotini. — Boʻtoz sovliqlarning biri yotaloq boʻp qolgan. Unda bolasi shamollaydi, oʻpkasi shamollaydi. Oʻzi-ku, molni sira yotqizmaslik kerak.

Mansur oʻgʻlini poʻstakka tupshrib:
— Biz ishga! — deb oʻrnidan turdi. Va xotini uzayotgan zuvalalarga tikilib qoldi. — Hey, uch-toʻrtta patir qil. Yogʻ qoʻshib. Gap bor. Him, goʻshtdan qoldimi?
— Serkaning bir soni bor.
— Yaxshi.

Saldan keyin Mansur uyi ortidagi oʻrkach tutashgan qirlar osha kattagina toʻp boʻlib qolgan qoʻy-echkilarini haydab, qor kechib borar, jonivorlar qordan chiqib turgan yantoq va jangshox butoqlarini kemirar, togʻdan esa boshlagan sovuqqina shamol ularning oʻsiq junlarini yotqizar, ayrimlari pishqirar, dik-dik sakrab ketardi.

Qirning u tarafida qor yupqa — kechagi shamol yalab-uchirib ketgan, bulturgi oʻt-oʻlanlarning qoldiqlari shunday ochilib qolgan zkanki, mollar juda yayrab-yoyilib ketishdi.

Mansur bitta nos otib olib, tayogʻiga qoʻltigʻi ila suyangancha tevarak-atrofniyu qoʻy-echkilarni koʻzdan kechirarkan, bultur chamasi shu mahallar edimikan, shu yerdan bir-ikkita kaklik uchib ketganini xotirladi.

Jonivorlar qor ketgan joylarga qoʻnishadi-da, unday yerlarda giyohlarning urugʻlari toʻkilgan boʻladi, tagʻin ular yeydigan allanimabalolar bor.

«Qayoqqa? — dedi munglanib, goʻyo oʻsha manzarani boya koʻrgandek. — Odamlar oʻldirishdi yoki zada boʻlib, janublarga enib ketishdi...» .

Soʻng turgan yerida janub tomonga — ya’ni, qishloq yoyilib yotgan etakka boqib, tuman tarqab boʻlganiga ishonch hosil qildi va janub ufqining oʻta oq ekani, quyosh esa tikkadan enayotgani — uning nursiz gardishi alohida ajralib-oqarib turganini koʻrib: «Ha, bahor yaqin», dedi. Haqqatan ham xash-pash deguncha qorlar erib ketib, yomgʻirli kunlar keldi: shar-shur etib tarnovdan suv tukiladi, koʻklam shamoli tunlari tom ustida izgʻib yurib, tagʻin karnay tutunini ichkariga qaytaradi.

Keyin esa yer-u koʻkni larzaga solib va oʻz qudrati ila koʻngillarda sirli hayajonlar uygʻotib momoguldiraklar guldirayotir: goʻyo osmoni falakning qandaydir bosqichlarida afsonaviy agʻdarma moshinalar tosh toʻkishmoqdaki, u toshlar, qayoq nishob boʻlsa, oʻsha yoqqa dumalab ketishmoqda.

Soʻng esa chaqmoqlarning oʻtkir xanjar-la tilgandek oqish chiziqlari koʻkka singib yoʻqola boshladi. Va kun oʻtli oq gulxan oʻz yoʻlida muallaq toʻxtab qolgandek porlamoqqa tushdi. Uning atrofidagi moviylikda qora-qadrdon nuqtalar, qay-bir shoir aytganidek, samoviy qush — turnalar koʻrindi.

Yerda — adirlarda yashillik unib chiqaetir: maysalar, shuvoqlar, qoʻzigullar...

Hur-hur shabada... Shabada qiyalikdagi charsillab tutayotgan gulxanni egadi, yer bagʻirlatib tagidagi alangani lovullatadi. Atrof oʻtkir va sogʻingan qalbni yigʻlatar darajada xushboʻy hidlarga toʻlib ketadi.

Gulxandan chaprokda — nishobda qiyshayib oʻsgan va hali qurib qolgandek sargʻish butoqlaridan kurtakchalar nish otmagan boʻritikan ostidan qorin junlari osilgan va hoʻl qora sovliq oʻrnidan turishga intilayotgan moʻ’jaz qoʻzichoqni yalamoqda; shunday shoshib yalaydiki, koʻzlari toʻymayotganidan kattarib ketganday, tagʻin qisqa-qaltiroq ovoz chiqarib — ma’rab ham qoʻyadi. Beriroqda-teparokda qoʻyning eshini, ya’ni qoʻzichoqni oʻrab tushgan pardani qoʻlida osiltirib turgan Mansur uy tomondan — soʻqmoqdan gushsh kiygan Polvonni yetaklab, boshqa qoʻlidagi kichkina chelakni oldinroqda tutib kelayotgan qizil koʻylak xotiniga:
— Tezroq-e! Manovu quzgʻunni koʻrmaysanmi! — deya chiranib baqiradi.

Chindan ham, tepada bir juft qargʻa aylanmoqda va beton hovuzning qirgʻogʻiga qoʻnib turgan zagʻizgon jon holatda chagʻillab, goʻyo u ham kelinga: «Joning bormi? Chop!» deganday boʻlardi.

Nihoyat, kelin oʻgʻlini qoʻyvordi-da, chelakni bu qoʻliga olib ildamladi.

Buni koʻrib, tavba, Mansur ularga peshvoz yugurdi.

Xotiniga yetdim deganda, yoʻldoshni tashlab:
— Yuv, — deya oʻtdi va bolasini koʻtarib, koʻksiga oldi. — Aylanib ketay... Ana, qoʻylari tugʻdi. Hozir qagʻanoq pishiramiz. Ana, quzgʻunlarni koʻring. A-na! Uchayapti! Yeymiz deydi. Qoʻzichogʻingni yeymiz, deydi. Bular — juda ablah. Koʻzini oʻyadi, bildingmi? Toʻgʻri kelsa, otish kerak bularni.

Xotini shilliq pardani chimdib koʻtargancha sovliqning boshiga bordi va oʻsha yerda choʻnqayib, qoʻzichoqqa jilmayib-jilmayib qaragancha va nimalar deya erkalagan holda, yoʻldoshni yuvarkan:
— Otasiga ketipti. Kallasini qarang, — dedi. — Yaxshi qoʻchqor boʻladi.
— Boʻladi-i. Bizga qoʻchqor ham boʻlaveradi, — deya oʻgʻlini tushirib, Mansur ham qoʻzichoq qoshida choʻnqaydi. — He, jonivor. Yala, yala... Kampir, ajoyib-a, yalamasa boʻlmaydi... Bilasanmi, tovushqon ham bolasini yalab, anavinday qitiqlab ichni ketkizmasa, ichi qotib qolarkan.
— Hammasi shu, — dedi Ipak va kulimsiradi. — Nimaga uyda ochilgan kakliklar oʻladi?
— Ha-e, oʻladi, kampir. Mushtday boʻladi-yu, oʻladi, — hayron boʻldi Mansur.
— Siz bilmaysiz, — dedi xotini. — Mening eshitganim bor. Yovvoyi kakliklar togʻda qandaydir tosh yer ekan. Balki giyohdir. Ishqilib, bir narsa yer ekanki, u ichini surib turar ekan.
— O-o, buni qara-ya!

Mansur sovliqning boshini ushlab turar, xotini uning ortiga oʻtib, hayvonning orqa oyoqlarini kerib qoʻygancha, paqirga sogʻar ekan:
— Hoy, chol, qagʻanoq qilgandan koʻra, shu ogʻizsutdan haligi joʻralaringizni uyiga bir-bir piyola yuborsak-chi? — dedi. — Bolalarining ogʻzi tegadi.

Mansur bir dam angrayib qoldi-da:
— Ey, toʻgʻri aytasan, — dedi. — Ha. Shu narsaning meni xayolimga kelmaganini qara... Oʻzi, ming yildan beri ogʻizni tatib koʻrishmagandir.
— Bir-bir kosa sut ham beraman, — davom etdi kelin. — Quruq ogʻizdan nima qilardi ular? Sigirni sutiga qoʻshib qaynatsa, gelagay boʻladi.
— Ha! — deb yubordi Mansur yana hovliqib. — Juda ma’qul oʻylading-da. — Shu payt yonida qoʻzichoqning boʻynidan quchib oʻtirgan Polvon ingrab qol-di: qoʻzichoq yiqilib, oyoqlarini tipirchilatar edi. Buni koʻrib, sovliq ham intildi. Va Mansur qoʻzini tagidan koʻtarib, turgʻizdi. — Boʻ-oʻldi. Mana, bolangiz. Yalang... Sutda haqi bor deyapsizmi? Bilamiz. Lekin bizniyam haqimiz bor. Sizni bekorga boqib, parvarish qilmayapmiz. Soʻysak, allaqachon hazm boʻlib ketar edingiz... Polvon, tur! Yer zax, zax, bildingmi? Ana shunday... Sen ham qoʻzichoqdan qolishmaysan. — Mansur zavqlanib kuldi. — Ikkisiyam endi toy-toy boʻlayapti-da.
— He, qoʻzichoq hademay dikillab ketadi... Shu hayvonlar juda moslashgan-da yashashga. Qoʻzining ham oyogʻi chiqmay yotaversa, nima boʻlardi.
— Rost. Tabiat dono, dono... — Keyin kulimsiradi Mansur. — Muovinning xotini juda uyatchan ekan, kampir. Huv, patir yopib bergan eding-ku?.. Shunday-shunday, opangiz yoʻqladilar. Tomoqlaridan oʻtmay shuni yubordilar, desam, turgan yerida aylanib qoldi. — U xaxolab kuldi. — Keyin bechora yigʻlagudek boʻlib oldi: «Biz boʻlkaga oʻrganib qolganmiz, aka», dedi... E, qoyil emasman shu yigitga. Oʻzi zamdirektor. Kulturni kishi. Oʻzbek. Tandiri yoʻq ekan-a! Shuyam oila boʻldi-yu!
— Non yopishni bilmasdir-da.
— Bilar ekan! Kurraning oʻzi aytdi. Keyin... Uchrashganimizda. Bu qanaqasi, dedim. Ana, tegirmonlar ishlay boshladi. Don topiladi, dedim... Oʻzlari yalqov boʻlib qolishgan. Dangasa... Vabshe, odam oʻziga ishonishi kerak.
— Bolasini emizing. Iysin... Vuy, koʻz tegmasin, qarang, qanday quyuq.
— Jindak qagʻanoq ham qilamiz. Mana, Polvon koʻrishi kerak, yeyishi kerak.
— Mayli. Moshina signal berayapti... Rabochilar kelishdi. Bu gal necha kunga ketasiz?
— Bilmadim, kampirjon. — Mansur qoʻzichoqni onasi tagiga kiritib, ogʻzini emchakka tutdi. Va u yutoqib soʻra boshlagach, oʻrnidan turarkan, bir yoʻla Polvonni koʻtarib oldi. Uy tarafga qaragancha: — Tez qaytishga harakat qilamiz, — dedi. — Sel kelgandir, ba’zi joylarni olgandir. Kabelga ziyon yetgan boʻlsa, ovoragarchilik-da, kampir.
— Haligining xotini kechga qolmay kelsin.
— Keladi. Oʻzi oʻsha qaynonasidan bezor... Farzand koʻrsa-ku, oʻralashib qolardi.
— Miltiqni oʻqlab keting.
— Albatta. Lekin xalastoydan joylayman. Dorisi bor, oʻqi yoʻq. Odamni qoʻrqitsa, boʻldi-da... Qara, — yonbagʻirda shiddat-la oʻtlayotgan qoʻy-echkilarga yuzlandi, — ogʻzi koʻkka tegdi jonivorlarning. Endi muttasil koʻk yedirish kerak. Somon bersang, ichi ketadi...
— Menga aytayapsizmi shu gaplarni?
— He-he-he. Oʻzimga-oʻzimcha... Gapirgim kelyapti-da, kampir. Ey, eshit, Xoyinbeka sayrayapti! Ayvonda edi...
— Moshinangizni tanigan-da.
— Vey, vey. Toʻgʻri aytasan! Oʻzinikiday bilib qolgan!
— Qaysi kuni ayvonda jurib edi, moshina kelishi bilan kuzovga chiqib oldi.
— He-e, yaramas. Toqqa boramiz degani-da bu?

Mansur yonbagʻirda soʻppayib-soʻppayib turgan olma nihollarini chetlab va simtoʻr devorni koʻzdan oʻtkazganicha ildamlab borarkan, bir yelkasi tushib ketgan, taqamoʻylov, malla kishi qiyshayib chiqib kelardi.
— Assalom alaykum! — deb koʻrishdi Mansur u bilan. — Qalay?
— Shu, keldik, — dedi u. — Keliningiz ham keldi.
— Voy, siz avliyo-ku, ogʻa!
— Endi, shu-da.

Ayvon pastida ogʻirligini dam u-dam bu oyogʻiga so-lib, sollanib turgancha papiros chekayotgan shofyor Abulqosim qomatini tiklab:
— Keling, shef, — dedi va barmoqlari changakdek qoʻlini uzatdi. Mansur bilan ham qoʻsh qoʻllab koʻrishib, jinsi shimi-yu kurtkasiga zavqlanib boqib:
— Zoʻr-zoʻr, — dedi.
— Kecha mishigʻi oqib yurganlar kiyganda, biz kiysak, nima qipti. — Kulib qoʻydi u. — Tijoratchiman, deydi. Ishbilarmon... Mana, ish biladi! Davlatning magazinidan olib, oʻzining doʻkonida oʻn baravariga pullaydi, aroqniyam...
— Hay-hay, hozir shunday zamonki, azizim, koʻp odamlar juvozdan chiqqan otday aylanib qolishgan, — dedi Mansur. — Tushundingmi gapimni?
— E, oʻtgan safar ham aytgansiz... Mine ot etovo ne legchi! Yaramaslar.
— Yoʻlga shaymisan?
— Kaneshna.
— Bu, fason boʻlib olibsan?
— Joʻrttaga kiydim... Qani, ustimdan yechib olsin-chi... Kecha restoranda bittasidan tortib oldim. Chetga chaqirib: «Yechin, davay, — dedim. — Hozir tiqib olaman. Keyin biznesing ham qoladi, doʻkoning ham. Sen tovlamachisan, shuni boʻynishta ol», dedim. Nima der edi?
— Eh, — Mansur bosh chayqadi, — yaxpga emas... — Soʻng oʻylanib, birdan qoʻl siltadi. — Vobshe, toʻgʻri qipsan. Tov-la-ma-chi deganing rost... Ularga bari-bir — xalq qanday yashaydi, mayishati tushib ketayotganiyam...
— Ular parazit! — xitob qildi Abulqosim.
— Endi shaytonga hay ber, ukajon. Yana shu ishni qilsang, oʻzing eng buyuk tovlamachiga aylanasan. Undan keyin: «Esiz Abulqosim!» deb fotiha oʻqishga toʻgʻri keladi.
— Bandaligini bajo keltirdi, deb, a?

Uchovlon chagʻ-chagʻlab kulishdi.

Shunda mehmonxonadan chiqqan qotma, dumaloq koʻzlarida qichiq yashirin, qoʻngʻiroq soch tolalari kulcha yuzini baayni oʻrab olgan kelinchak:
— Salom alaykum, Mansur aka, — dedi.

Zinaga qadam bosgan Mansur unga yalt etib qarab:
— A-a, singlim. Xush kepsiz, — dedi. — Anavi adirda opangiz qoʻy sogʻayapti, boring... It tegmaydi. Bilasiz-ku?
— Rahmat. Xoʻjayin, xoʻsh-da boʻlmasam?
— Ha. Shu, — dedi takamoʻylov xoʻjayin.
— Aytmoqchi, Mansur aka, — deya uni toʻxtatdi Abulqosim. Va juvon uy orqasiga oʻtgach, davom etdi: — Oʻtbosar aka aytdiki, qoʻylaringizni Qiziljar tomonga haydamas ekansiz. Oʻsha joylarni archa-parchasi bilan sotib opti. Fermer... Dam olish uyi qilaman, deydimi-e. Giyohlar, qushlar haqidayam bir nimalarni gapirdi. Uncha tushunmadim-u, lekin u yigit qiladi.
— Voy, oʻshancha joyni sotib optimi? — hayrat bilan soʻradi Mansur.
— Ha. Kimning puli boʻlsa, kim haqiqiy ishbilarmon boʻlsa, oladi. Oʻtbosar aka huv bekatdagi choyxonani sotib olganini bilarsiz?
— Eshituvdim. Ammo shu-uncha joyni... Necha gektar yer u! Voy boʻ-oʻy! Demak, oʻsha joylarning egasi — Oʻtbosar-da, a? Endi unikida?
— Uniki. Shuning uchun, kattashta ayt, molini bosh-qa yerdan oʻtlatsin, dedi-da.
— O, hozirdanoq... Puxta ekan. Men turib-turib, shu joyimni tortib olmasmikan, deb oʻylab qolardim. Tarixda shunday ishlar boʻlgan-da.
— U tarix oʻldi. — Shofyor papiros qoldigʻini tashlab, tovonida ezdi. — Yeringizdan koʻnglingiz toʻq boʻlsin. Kimning kallasiga kelgan edi — shu yerga chiqib, tom-tosh solish, yashash, a, Gʻiljaygan doʻstim? — ishchiga qarab oldi. — Keyin, siz bu yerga egalik qilganda bu gaplar yoʻq edi.
— Boʻpti. Joʻnaymiz! Eh! — Mansur zinadan qaytib tushdi. — Bir iltimos bor...

Bu iltimosi bajarilib, yoʻlga chiqqanlaridan keyin ham Mansur iltimoslar qildi:
— Pochtaga hayda, Qosimjon.

Pochta oldidagi atirgullar tagini yumshatayotgan qorovul cholga krujka opchiqishini buyurib, soʻngra kastryulchadagi ogʻizsutdan quyarkan: «Texnikumga qachon oʻtasiz?», deb soʻradi. Chol qiyshanglab: «Tungi storojlikka-da, — dedi. — Maoshni ikki karra oshirib qoʻyishdi. Olimboy yaxshiligini koʻrsin...»
— Endi anavi maktabga haydang, Qosimbek, — dedi Mansur. Va maktab darvozasi ogʻzida toʻxtab surishtirsalar, Shotoʻra muallim shamollab qolgan, uyida ekan. Uyiga bordilar. Darvozaga chiqqan qizining qoʻliga idishni tutqazib: «Zam direktor Olimboy bilan baham koʻrar ekanmiz, de. Men shoshib turibman...» dedi. Qizaloq: «Otam sizni yoʻqlayotuvdi. Zerikkanlar...» dedi.

Mansur kallasiga kelgan oʻyni dangal aytib yubor-di: «Mansur amakim yoʻldan kelsalar, toqqa taklif etmoqchi, de. Uch-toʻrt kishi boʻlib, bir aylanib kelar ekansizlar, de...»

Nihoyat, katta yoʻlga qaytib chiqib, odatdagi marshrut boʻyicha ketdilar.

Hademay toqqa safar muddati yetib, kelishilib, ushbu yukmoshinga tushib, ya’ni, Qorovul chol — shofyorning yonida, qolgan ulfatlar kuzovda, toqqa joʻnadilar. Ertalab yomgʻir sevalab oʻtgan, bahor koʻrki ila uygʻongan, oʻsgan-yashillangan va yuvilib — chiroyi ochilgan tabiat, ya’ni, archazorlaru yonbagʻirlar, soʻqmoqlaru yoʻllar, soylar va ular bagʻridan chiqib kelayotgan gʻuborli togʻlar quchogʻini ochib-yoyilib, bularni qarshi olmoqda edi.

Moviy osmon ham artilgandek tiniq, quyosh nuri yoqimli, roʻparadan togʻlarning telba shabadasi esar, sayohattalablar issiq kiyinib olgan boʻlishlariga qaramay — burun uchlari qizargan, ayrimining koʻzidan yosh oqqan holda, kabina tomiga taqalib koʻtarilgan yotoch toʻsikdan tutib borisharkan, kayfiyatlarida ham bir umumiylik bor edi.

Mansur toʻng-xoʻmrayib olgan, atroflarga manglayi ostidan sinovchan-oʻqrayib qarar, qulogʻi esa ding — kaklik sayrashini shabadaning gʻuv-gʻuvidan ham ilgʻamoqqa shay edi: axir, u necha kunlardan buyon uyi atrofidan u — togʻlar koʻrkining sasini eshitmadi, eng alamlisi — telefon kabellarini tekshirish vaqtlarida ham kaklik sayrashini ikki-uch marta eshitdi, xolos.

Bir zamonlar bashang kiyinganidan nishona — guli toʻkilib-taqirlanib qolgan qorakoʻl yoqali paltosiga oʻranib olgan Shotoʻra muallim gʻoyat jiddiy tortib, sumraygancha yiroqlarga boqar, goho gʻudranib soʻkinib qoʻyar — illo, uning ham quloqlari kaklik qoʻshigʻiga mahtal edi.

Texnikum direktorining muovini esa, lablari koʻkargancha qaqqayib borarkan, ikki gapning birida: «Shilakbaum koʻrinmayapti-ku?» deb qoʻyardi.

Kuzov burchagida yana bir hamroh bor, u qafasdagi Qalamqosh yoxud Xoyin beka ediki, ustiga koʻrpacha tashlab qoʻyilgani uchun sasi chiqmas, faqat boshpanasi ila nari-beriga surilib-surilib ketardi.

Ichaksoyga tushib-chiqib, yerdan qaynab chiqqancha qotib va tors-tors yorilib qolgandek uzungina tizma ostidan bir oz yurganlaridan soʻng yoʻlni bemalol toʻsib — koʻndalang turgan olayotochga duch kelib toʻxtadilar. Yoʻlning chap tarafi — tik enish boʻlib, pastda boʻtana suv oqar, faqat olgʻa jilish uchun tayoq koʻtarilishi lozim ediki, uning ayri qoziqqa tushib turgan uchida shapaloqdek qulf osilib turar, qulf ochilmasa, orqaga qaytishga majbur edilar: yogʻochni sindirib, birovning mulkiga kirib boʻladimi?

Gʻashlanib, toʻngʻillashib, «Kim bor-oo!» deyishib, Abdulqosim esa bosib-bosib signal bergancha atrofga qaranib turisharkan, shundoq qarshidagi burilishdan tar-tarlab pagʻa-pagʻa tutun otgancha kichkina traktor chiqdi. Va kela-kela chetlanib toʻxtadi-da, kabinadan bozorning pattachisi — barvasta, koʻziga qarasang vahima bosadigan Eshquvvat tushdi.

O, egnida banoras chopon-u ichida — montana yozuvli yaltiroq koʻylak-ishton, oyogʻida qoʻnji uzun rezina etik, shahardan endi chiqib kelgan tijoratchiga oʻxshar va koʻz oʻrganmaganidanmi, togʻ manzarasiga yopishmas edi.
— Salom berdik, akalar! — dedi u.
— E, oʻzimizning Eshquvvat ekansan-ku! — dedi Shotoʻra muallim. — Qullugʻ boʻlsin.
— Nimasi, aka? — Yigit ola tayoqning tizmaga tegib turgan joyidan oʻtib keldi.
— He, shilagbaum oʻrnatibsiz? — Muallim birdan engashib u bilan koʻrishdi.
— Shunday qilmasak, hamma yoq oyoqosti boʻlib ketadi, aka, — deya Eshquvvat Olimboy bilan ham koʻrishdi. Keyin Mansurga qoʻl uchini berib: — Oʻzlari-ku, boy bobo? — dedi.
— Boy deb sizlarni aytsa boʻladi, — dedi Mansur uyalib-gʻijinib. — Shu-uncha yerni opsizlar. Qoyil... Oʻtbosar qani?
— Shef u yoqda. — Eshquvvat kelgan yoʻlining davomi burilib-oʻralib ketgan archazor ichida oqarib turgan uycha bilan chodirni koʻrsatdi. — Qurilish boʻlyapti... U kishi sizlarni tanib ham boʻldi. Durbini bor. Ha, yoʻl boʻlsin, akalar? — Eshquvvat shunday deb, kuzov labidan ushlagancha gʻildirakka oyoq qoʻyib koʻtarildi. Bularning oyoqostilariga qarab: — U nima? Kaklik-ov, — dedi. — Olimboy aka, xizmat boʻlmasa, shu koʻrpachani koʻtaring.
— Kaklik u, — dedi Mansur. — Lekin ovga kelmadik, uka.
— Baribir, aka. Shefdan ruxsat boʻlmasa, oʻtkazmayman. — Eshquvvat yerga tushdi.
— Boʻlmasa, chaqir shefingni! — doʻq qildi musiqa muallimi. — Tomosha qilish ham mumkin emasmi togʻlarimizni? Hoʻ, Abulqosim, signal ber!

Kabinada miq etmay oʻtirgan haydovchi boshini chiqardi.
— Hoʻ, polvon, oʻtaylik. Shepingni oldiga boramiz... Mehmonmiz, axir!
— Qosim aka, men aytilgan ishni qilaman, — dedi Eshquvvat va istar-istamas unga qoʻl uzatdi. — Yaxshimisiz? — Shofyor ham unga qoʻl uchini berdi. — Esa, kutib turasizlar. Men borib kelaman... E, ana! Oʻzlari enyapti. Huv, mataseklda... Kechirasizlar, ayniqsa miltiqli, kaklikli odamni oʻtkazmaymiz. Mana buni koʻringlar! — U olatayoqda osilib turgan qandaydir pachoq uskunani koʻrsatdi. — Shu — mikrafon. Tuban qishloqdan bir bolakay lentaga kaklikning sayrashini yozib opkelib, buta tagiga qoʻygan ekan. Shef eshitib, xursand boʻpti. Shu yerning kakligi deb oʻylagan-da. Keyin asta poylab kelsa, ahvol shu. Ovchi archaning tagida oʻtirganmish. Shef miltiqni opkelib, mikrofonni otipti. Mana shu... Ibrat boʻlsin deb osib qoʻydilar. — Eshquvvat shundan keyin qorovul chol bilan soʻrashdi. — E, siz nima qilib yuribsiz, boboy?
— Qarilikka yoʻrgʻalik, — deb kuldi chol. — Oʻlaylikmi endi, otam? U yoq-bu yoqni koʻrib qolish ham gʻanimat-da... Qalay, kaklik koʻpmi togʻda?
— Kaklik, — deb toʻngʻilladi Eshquvvat, — toʻlib yotipti. Quloq soling, barmatuxa ichib, mast boʻlganday sayrayapti! — Yigit tayokdan hatlab nariga oʻtdi. Mototsikl yetib kelib toʻxtadi, undan oyogʻida krassovka, egnida qop-qora tivit jempir, boshiga soyavoni uzun, qizil shapka kiygan malla yigit — Oʻtbosar tushdi.

U yaqin yillarga qadar matlubot jamiyatida ekspe-ditor boʻlib ishlar, otasi shu jamiyatning eski raisi edi; yoshligidan katta yeb, yaxshi kiyinib hamda uncha-muncha yigitga gap bermay oʻsgan oʻgʻlon favqulodda Afgʻonistonga, ya’ni, urushga ketgan va uch yil deganda kapitan boʻlib qaytgan, keyin aroqqa berilgan otasi bilan aytishib qolib, mehmonxonada istiqomat qilgani holda harbiy komissariatda ishlar edi.

Ota oʻldi-yu, uyiga yigʻlab bordi va beixtiyor uning, balki oʻzining eski kasbini tutdi.

Tabiiy, uning boyvachcha, badavlat ekanini hamma bilar va tumandagi eng katta oshxonani sotib olgani-da hech kim hayron qolmagan edi.
— Kelinglar, mehmonlar! — deb hayqirdi u oʻziga toʻq, mamnun kishining ovozi bilan. Va tinimsiz soʻzlab, soʻrashib kela boshladi: — Oʻ-oʻ, Abulqosim tantiboy, qalaysan, uka? Bilib qoʻy, baribir seni ishga olaman. Mansur akaga mundayroq shopir ham boʻlaveradi... Eshquvvat, koʻrishdingmi bu bilan? Yarashinglar endi. Baribir bir-biringni yengolmaysan. Sizlar emas, aroq aybdor... E, Ibn Xattabich? Tushmang, oʻtiravering. Baribir qaytarib yuboraman sizni. Konkurentga toqatim yoʻq: oʻzimiz ham aroq sotishni bilamiz... Qani, Shotoʻra domla, xush kepsiz. Shu yoqangizni yo sotib olaman, yo tortib olaman. Keyin muzeyimga qoʻyaman. Mana shunday qorakoʻl yoqali paltolar kiyishardi... Oʻ, texnikumning boshqoniga salomlar. Siz ham chiqar ekansiz-da, a? Durust, chopon ham yarashipti.

Bu gaplar davomida kuzovdagilar birin-ketin yerga tushishgan edi.
— Omin! — dedi birdan musiqa muallimi hovuchini ochib. — Ishingizga qut-baraka bersin. Bekorchilar siz tufayli ishli boʻlib qolsin!
— Rahmat, aka, — dedi Oʻtbosar ham fotiha oʻqib. — Yaxshi duo berdingiz. Men buni qadrlayman.
— Qadrlasangiz, qani, siz ham bir duo bering, — dedi muallim. — Bi-ir tomosha qilib, gullar terib kakliklaringizni sayrashini eshitib ketaylik.
— Marhamat... Oʻ-oʻ, kaklikning sayrashini dedingizmi? — Uning manglayi tirishib va gʻijinib da-vom etdi: — Biz ham sizga qoʻshilib eshitar ekanmiz-da?
— Ey, Oʻtbosar uka, eshitilmayapti-ya lekin? — dedi Mansur beixtiyor shivirlab.
— Uning sababini siz ham bilarsiz? — istehzoli jilmaydi fermer. Va Eshquvvat:
— Kuzovda kaklik bor, — dedi. — Ov kakligi... Eshitganman. Juda olagʻon emish.
— Oʻ-oʻ, shundaymi? — dedi Oʻtbosar. — Marhamat, marhamat, Mansur aka.
— Biz ovga kelmadik, — dedi Mansur gʻashlanib. — Shunchaki tomoshalab keldik... Shu Qiziljar boʻyida bir-ikki soat oʻtirsak. Toʻrtta kabob qib yesak. Kaklik... Bu kaklik shunchaki... qancha kaklik omon qolganini sal-pal bilish uchun kerak. — U birdan asablanib ketdi. — Bu yerda gʻarazli oʻy yoʻq! Shunchaki... Axir, qishda qirildi-ku?
— Nima, ovlading demoqchimisiz?
— Balki.

Oʻtbosar labini qimtib siniq iljaydi.
— Tushunaman... Shunaqa. — Soʻng birdan Eshquvvatga buyurdi: — Koʻtar buni, polvon! Och yoʻlni!.. Biz Qiziljarning ustida boʻlamiz. Koʻrasan... Tushunarlimi? Traktirni qoʻy. Mataseklni haydab joʻna! Men bular bilan ketdim!

Yerdagilar beixtiyor kabinaga, kuzovga chiqa boshladi. Olatayoq koʻtarilishi zamon moshinani gʻingʻilla-tib turgan Abulqosim shahd bilan haydab ketdi.

Qiziljar — etakdagi loyqa suvli soyning yalang choʻqqiga tutashgan yerida, chaproqda boʻlib, u gʻoyat buzuq, seroʻyiq joy; bu yerda alohida bir zilzila boʻlgandek sohillardan surilmalar koʻp tushgan, qanchalab archalarning ildizi ochilib yotar va bir talayi uy baravari palaxsalarning tagida qolganki, uch-uchlari moʻralab chiqib turardi. Jarlik tubida kamsuvli buloqlar ham bor — ularni atrofida gʻuj-gʻuj oʻsgan qiyoqlarga qarab bilish mumkin edi.

Jarlikning tuprogʻi qizil, shu jihati bilan ham u atrofdan farqlanib turadi.

Mashina oʻrlab borgan qirda archalar past boʻyli esa-da, tigʻiz va oʻta yashil ediki, lof boʻlsayam koʻngilga bir gap kelardi: shu archalarning ostidan bir yashil nur taralib tursa kerak-ov.

Bu jarlikning Mansurga yoqishiga yana bir sabab — shu yerda tubjoy tulkilarning tez-tez uchrashi va terisining-da juda qizgʻish ekani edi. Hamda oʻta shaytonligi ediki, uning nazdida, bu yerning tulkisini otib olish mumkin emasdek edi: shundoq nosvoy otib oʻtiribsan-u, uch-toʻrt qadam naridagi tosh yo buta bi-qinidan tulkivoyning moʻralab, kiprik qoqmay turganini koʻrmaysan. Koʻrganingdan keyin hayron qolasan-u, yoningda miltiq boʻlsa, unga qoʻling asta uzaladi. Ammo miltiqni olishing hamon hayvon turgan yeridan gʻoyib boʻlib qoladi.

Mashinadan tapir-tupir tushisharkan, Mansur qafasini koʻrpachaga oʻrab koʻtarib, Abulqosimga uzatdi.
— Ochma ustini... Bir joyga qoʻygandan keyin sayrashini koʻrasan.
— Bilaman.

Mansur ham pastga tushgach:
— Fermer janoblari, endi ruxsat etasiz-da, Qoraqoshni bir sayratamiz, — dedi.
— Xohlagan butangizning tagiga qoʻying... Anavi yolgʻiz archa tuzuk, atrofga koʻrinib turibdi, — dedi Oʻtbosar. — Biz mana bu ayri archaning tagida oʻtiramiz... E, qaerda oʻtirishning farqi yoʻq-ku!
— Ha, ha, — dedi Mansur. — Yovvoyilarning sayrashini eshitsak boʻldi-da.
— Ana, koʻkalamda oʻtiramiz, — taklif qildi Shotoʻra muallim. — Kursitoshlari ham bor ekan. He, kul ham bor-ku? Mansur, oʻtirganmisan deyman shu yerda?
— E aka, bizning makkamiz mana shu yer edi, — deya endi qafasni halqasidan koʻtarib, Oʻtbosar koʻrsatgan yosh archa tomon yoʻnaldi Mansur. — Tavba! Oʻtbosar, aytgan archangni qara! Oʻlay agar, oʻzim ham qachon kelsam, Xoyin bekani shuning ostiga qoʻyardim. Qanday bilding-a? Qoyilman. — Ikki qadam bosgach, taqqa toʻxtadi. — Birodarlar, ont ichamanki, shu jonivor joʻjaligida shu yerda tuzoqqa tushirilgan. Kechagiday esimda... — U chindan ham hayratlanib hamrohlariga bir-bir qaradi.

Uning bu qadar hayratga tushishining boisi shu ediki, uni oʻzidan ham yashirmoqchi boʻlar, shuning uchun eslashni ham istamas, goʻyo sharoitga qarab tavakkal ish tutadigandek edi.
— Shoshma, shuningni bir tomosha qilay, — deya yirik-yirik qadam tashlab yaqinlashdi musiqa muallimi. Va koʻrpasini koʻtardi. — Voy, gijinglagan toyga oʻxshaydi-ya! Uning tipirchilashini koʻringlar... He, ablah, Xoyin... — Mansurga tikildi. — Nominiyam topib qoʻygansan. Xoyin beka. — Keyin qaddini tiklab, xayolchan kulimsiradi. — Shu oʻzining xoinligini bilarmikan-a? Sotqinligini?.. Sayrab, yovvoyi sheriklarini tuzoqqa tushirib...
— Bilmaydi, — deya Oʻtbosar ham qafas qoshiga keldi. — Bultur melkachka bilan ikkita kaklikni otdim. Birini urdim, tipirchilab qoldi. Ikkinchisi unga sal qarab turdi-da, tagʻin donlayverdi. «Oʻl sen ham!» deb uniyam otdim... — Keyin hiringlab kulib, jamoaga bokdi. — Bruler tovuqlari yarador boʻlgan, biron joyi qonagan sheriklarini choʻqib yeb qoʻyishadi-.a?
— Ha, ularning organizmiga qandaydir modla yetishmas ekan, — dedi direktor muovini. — Oʻsha sheriklarining qoni bilan etidan olarmish oʻsha modda-ni.
— He, ularni gapirmanglar, — deb chekindi muallim. — Na otasining tayini bor, na onasining. Kishtiniyam bilmaydi, pishtniyam... Inkubatordan chiqqan manqurt-da! Holbuki, holbuki, joʻralar, masalan, ochib chiqishiga yaqin qolgan joʻjalar tuxumning ichida turib, qirgʻiydan qoʻrqadi. Amerikaliklar aniqlagan: qirgʻiy qiyqillasa, joʻja pisib qolar ekan. Chunki, onasining haligiday tovushidan xavfni sezarkan.
— Lekin men bir narsani kuzattanmanki, — deya qoʻllarini beliga tirab soʻzladi Oʻtbosar. — Qaerda bir gala kaklik qoʻnib turgan boʻlsa-yu, noxos ustiga borib qolsangiz, uchgani shunday qanot qoqadiki, choʻchib tushasiz. Nimaga?
— Birinchidan, sizni_ qoʻrqitish uchun, — deb jilmaydi Abulqosim. — Yoʻq, aka... Birinchidan, oʻzi qoʻrqib ketgani uchun. Ikkinchidan, sheriklarini ogohlantirish uchun.
— Bilar ekansan, — dedi Oʻtbosar. — Demak, kaklik qirgʻinlarida boʻlgansan?
— Siz ham boʻlgansiz.
— Oʻrtoqlar, birodarlar! — deb qoldi Mansur hovliqib. — Gapimiz nima toʻgʻrida edi? Qushlar rahmshafqatni biladimi-yoʻqmi? Shu haqda edi-ya?
— Bilmaydi, — dedi Oʻtbosar. — Ular tabiiy harakat qiladilar, xolos. Bu harakatda yashash uchun kurash ham bor, boshqa narsalar ham...
— Yoʻq, biladi, — deb ta’kidladi Mansur. — Men safarda yurganimda bir qirgʻiy bolasini boqqanmiz. Oʻsha kunlar ona qirgʻiy oʻsha joyning ustida koʻp aylanardi... Bu nimani koʻrsatadi, fermer janoblari? — Keyin yayrab kuldi. — Oʻsha qirgʻiy tovush chiqarsa, qaysi tovuq joʻjalarini qanoti ostiga olmaydi? Hozirgina Shotoʻra akayam aytdilar-ku, tuxum ichida turib ham koʻp narsani sezarkan joʻjalar...
— Siz uloqib ketdingiz, — dedi Oʻtbosar. — Ota-ona oʻrtasidagi munosabat — boshqa masala. Buyam oʻsha— tabiiy yashash, yashash uchun kurash, xoʻsh, zuryod qoldirish qonuniga amal qiladi... — Keyin birdan gʻijinib soʻradi: — Agar kakliklar rahm-shafqatni, deylik, ongli ravishda bilsalar, nega bu Xoyin bekangiz shafqatsizlik qiladi? Xoʻsh, sheriklarini pichoqqa tutib berib?
— Men ana shuni aytmoqchi edim, — dedi Mansur shodlanib. — Toʻgʻrirogʻi, shuni tushungan edim... Mana, qaranglar-da, mana shu kaklik qafasda zerikadi. Uyda, ayniqsa... Xoʻsh, dalaga chiqarganingizdan keyin toʻlib-toshib sayrab ketadi. Nima uchun? Birinchidan, toʻliqib ketgani uchun sayraydi. Balki shu asnoda dodlar, balki quvonar. Ishqilib...
— Xoʻsh? Maqsadni ayting, sayrashi kerakligi-uchun sayraydimi?
— Balli! Otangizga rahmat... Endi deng, azizlarim, — Mansur nihoyat qafasni oʻtga qoʻydi. — Biz, oʻzimiz, ya’ni insonlar bu jonivorning ana shu jihatini bilib olib, oʻz maqsadimiz yoʻlida foydalanamiz-da.
— Him, oʻsibsiz, aka, — deb qoʻydi Oʻtbosar. Va kuldi. — Unday boʻlsa, bu shoʻrlikka nima uchun Xoyin beka deb ot qoʻydingiz?

Boshqalar qatori Mansur ham kulib yubordi. Soʻngra:
— Xom sut emgan bandamiz-da, — dedi qiyshayib. — Oʻz qarichimiz bilan oʻlchaymiz... Tulkiniyam ayyor deymiz. Holbuki, uyam, siz aytganday, yashash uchun kurashadi.
— Tushunarli! — Oʻtbosar oʻng qoʻlini keskin koʻtardi. — Siz buni oborib qoʻying joyiga. Ayting, tuzoqqa tushgan damlarini eslab, bir faryod qilsin. Bizlar... — U qurdoshlarga qarab, kursitoshlar tomonga surpga oʻralgan karsonni koʻtarib borayotgan qorovul cholga e’tibor qildi. — Tirikchilikmi u? Goʻsht marinavat qilinganmi? Qilingan boʻlmasa, bizda tayyori bor, — deya makkorona kuldi. — Faqat soqqasini toʻlaysizlar.
— Tovuq semirsa, keti torayar emish, — dedi muallim. — Obroʻyingiz ketadi. Xudoga shukr, koʻrgan odamlarning farzandisiz... Bu gaplardan koʻra, bizni, masalan, yaxshilab siylang, mehmon qiling. Biz sizga duo beraylik. Boylik olma, duo ol deydilar... Ana shundan keyin ishingiz yanayam rivoj topib ketadi... Eng muhimi, eshitib oling: haqiqiy ishbilarmon,

xoʻoʻsh, milliy biznesmen, el-xalqiniyam manfaatini koʻzlaydigan savdogar chiqipti, deb mashhur boʻlasiz!

Oʻtbosar miyigʻida jilmaydi.
— Men tushunaman. Hazillashdim. — Keyin Mansurga baqirib yubordi: — Oborib qoʻying endi bu aygʻoqchini! Eshitaylik munday... — Soʻng bugʻlanibmi, siyrak tuman bosibmi mudrab turgan togʻlarga qaradi va birdan siniqib: — Kaklik boʻlmasa bir pul ekan bu tabiat! — dedi.
— Kaklik kamayib qolgan boʻlsa, uni koʻpaytirishga toʻgʻri keladi, — deb nihoyat gapga aralashdi direktor oʻrinbosari. — Koʻp mamlakatlarda shunday qilishyapti: masalan, tuyaqush-u tustovuqlarniyam koʻpaytirishyapti-ku!.

Mansur oʻychan tortib, qafasni koʻtardi va butaga yoʻnalarkan, Qoraqosh taqir taxta ustida gir aylanib, qisqa-qisqa sayray boshladi. Mansur jadalladi.
— Boshlandi-i!

U pakar archa ostiga — koʻrpa boʻlib toʻkilgan ninabarglar ustiga qafasini qoʻyib, atrofini shox-shabba bilan oʻray boshlashi zamonoq Qoraqosh murvati buralgan mikrofondek chunonam kakillay ketdiki, Mansur shoshib qoldi: goʻyo gala-gala kakliklar uchib kelib, oʻziga uriladigandek.

Keyin buta tagidan pasayib chiqib, anavilarning qoshiga yoʻnaldi. Ular ham oʻtirgan joylaridan bu yoqqa hayrat va hayajon ila qarab turishardi.
— Oʻ, qoyil, — dedi Oʻtbosar va oʻrnidan dik etib turdi. — Oʻrtoqlar, bunday qilaylik. Ana, archalar... Har bittamiz bittasining ostiga kirib yotaylik. Xudo haqqi, men shuni istayman! Bu nima oʻtirish? Maqsad— kakliklarning uchib kelishini kuzatish-ku, a, Mansur aka?

Mansur mamnuniyat bilan ma’qulladi.
— Albatta shunday qilish kerak.

Abulqosim:
— Men anavini tanladim, — deya oʻrkach biqinida qiyshayib oʻsgan pakana archaga yoʻl olishi bilan jamoaga ma’lum boʻldiki, uning tanlagan joyi — naq pistirmaning oʻzi: u yerdan Qoraqosh yashirilgan archa tugul, nariyoq, ya’ni, quyidagi Qiziljar ham burchak-burchagigacha baralla koʻrinib turadi, demak, oʻyiqdagi qoyatoshlarga chiqib sayray boshlagan xoʻroz kakliklarni ham bemalol koʻrish mumkin.

Alqissa, har kim bir archani tanlab, uning tagiga pisinib borisharkan, rezina etigi qoʻnjigacha loyga belangan Eshquvvat ham tubandan bir kaltakka suyana-suyana chiqib keldi. Mansur uning boʻynida sollanib turgan durbinni koʻrdi-yu:
— Ukajon, shuningni ber, — deb oldiga bordi.

Eshquvvat durbinni berib, yelkasidagi osmaxaltani toshkursiga qoʻydi. Mansur hansirab:
— Mana, durbin. Mana, uka... — deya yurt egasining ortidan archa tagiga kirdi. Va jarlikka qaraboq uning kiftiga qokdi. — Yaxshi. Joyiniyam topibsiz.

Oʻtbosar oliskoʻrgichni olib, koʻziga tutdi.
— Sizlayapsizmi?
— Ha endi, hurmat qilamiz-da... — Uning yoniga choʻkkalab va oʻychan tortib davom etdi: — Ishbilarmon, korchalonlar kam deysizmi — chiqyapti. Hamma joyda shunday... Lekin, — boz uning kiftini silab qoʻydi, — sandaqalarni bilmadim, nechta ekan... Qara, uje territoriyangni qoʻriqlayapsan... Him, ammo-lekin Eshquvvat bizni toʻxtatganda, sal malol kelgandi. Hozir oʻylab qarasam, sizlar haqsizlar... — Soʻng: — Axir, axir, — deya miyasining qat-qatidan qiynalib chiqqan fikrni ayta boshladi: — Bilamiz-ku oʻzimiz: ilgari hamma yer — davlatniki der edik. Toʻgʻrirogʻi, Rusiyaniki edi... Keyin ham mulk davlatniki boʻlib qoldi.

Biroz vaqt... Soʻngra, mana, kishilarga boʻlib berila boshlandi... Hoy, Oʻtbosar, — u birdan hayajonlanib ketdi: — Tarixdan oʻzing ham bilasanki...

Oʻtbosar durbinni yotqizib qoʻydi-da, yonidan «Malboro» sigareti chiqarib:
— Cheking. Gapiring, gapiring, — dedi. — Alaqsimang...
— Shu-da, — dedi Mansur shunday boyvachcha fermerning diqqatini oʻziga ogʻdirgani uchun ichdan shodlanib, hamda uyalib.
— Tushundim. — Oʻtbosar yana durbinni olib, koʻziga tutdi va quyiga qaratdi.

Mansur yana muddaosi haqida oʻylanib qolib:
— Ammo-lekin shu mulkni, yerni, mana, togʻ-toshlar, oʻrmonlarni unga qayishadigan kishilarga...
— Jim! — dedi Oʻtbosar. — Bittasi chiqdi. Chil emas-ov... — Darhol durbinni Mansurga berdi. — Yorilgan qoyaga qarang. Chaprokda. — Soʻng xoʻrsinib yubordi.

Mansur durbindan birinchi bor qarashi edi: ulkan, yalang choʻqqi koʻrindi. Keyin kattakon archa va birdagina ayri qoya labida qanotlarini silkitayotgan yerrang qushga koʻzi tushdi. Tikildi: u hurpayib olib, oʻzini oftobga toblay boshladi.
— Chil-ku, — dedi. — Ukaboy, u chil. Menimcha, kurk boʻlgan. — Durbinni Oʻtbosarga uzatdi-yu, uning malla qoshlari azobli chimirilganini koʻrib, aytganiga pushaymon yedi: kaklik desayam boʻlardi... — Menimcha,— deb chaynaldi. — Lekin durbinni birinchi marta ushlashim. Armiyada ham...

Shunda yonlaridagi archa panasini makon tutgan Abulqosim:
— Bitta chil chiqdi, — dedi.
— Kaklik! — alam bilan dedi Oʻtbosar durbinni yana koʻziga tutib.
— Kaklik boʻlsa, sayramas xilidan ekan-da, — toʻngʻilladi shofyor.

Oʻtbosar durbinni koʻzidan oldi.
— Rost. Chil ekan... — Soʻng ne bir ilinj ila dedi: — Chilni dala kakligi deyishadimi?
— Ha, ha, — darrov tasdiqladi Mansur. — Kak-likning ukasi-da u! — Soʻngra oʻzining yuragi siqilib ketdi va dunyo koʻziga tor koʻrinib qoldi: «Kaklik yoʻq-ku? Nimaga sayramayapti? — Keyin qishki piyoda ov esiga tushib, koʻngli buzildi. — Yeb bitirdik. Quritdik oʻzimiz. Yoʻq, biz emas...»

U beixtiyor yuragi ustiga kaftini bosgandi, undan koʻz uzmay, xoʻmraygancha sigaret tutatayotgan Oʻtbosar:
— Ha? — dedi. — Pushaymon qilayapsizmi... ovlagan kakliklaringizga? — Soʻng baqirib yubordi: — Eshquvva-at!
— Labbay, aka!
— Miltiqniyam obkeldingmi?
— Yoʻq. Opkelaymi?
— Ha..
— Nima qilasiz? — qandaydir xavfsirab soʻradi Mansur. — Oʻsha chilni otasizmi?
— Yoʻq, men anavi shallaqi kakligingizni otaman, — dedi fermer va joyidan irgʻib turib, archa shoxlarini nari-beri surgancha bu yoqqa chiqdi.

Mansur ham uning ortidan intildi-yu, tagʻin durbinni koʻziga tutib, jarlikka qaray boshladi: u ich-ichidan bitta kaklik koʻrishni va baqirib ma’lum qilishni istar, shuning uchun: «E, xudojon, — deb pgavirlar edi. — Nahotki, a?

Koʻrsat bittasini... Axir butunlay qirilib ketgan boʻlishi mumkin emas! Bu — togʻ... Albatta bor. Hozir chiqadi...»

Shu payt uningtina emas, balki barchaning koʻngliga hayajon, zavq, surur va allaqanday vahima solib, bular sira kutmagan tarafdan, ya’ni, chapdagi Ichaksoy yokdan churr-chuvv etgan qadrdon-tanish tovush eshitilib, naq tepalariga yetganda pasayishdi bir juft kaklik. Ammo parokanda boʻlib, pisinishni unutgan toʻpdan kimnidir koʻrishdimi — yerga qoʻndim deganda, qiyalab jarlikka quyilib ketishdi.

Ana endi Qoraqoshning sayrashini koʻring!

Pisinib oʻtirganlar ham ixtiyorsiz bir tarzda ishshayishib va hovliqishib, xoli yerga chiqishdi.
— Tabriklayman, fermer bobo, — dedi Abulqosim. — Bor ekan. Mulkingiz boʻshab qolmagan.
— Uf-f, — deya kursitoshga oʻtirdi Shotoʻra muallim va qandaydir choʻkkan koʻzlarida nurli bir iztirob ila unga-bunga boqib: — Oʻlay agar, yomon qoʻrqqan edim, — dedi-da, keyin dabdurustdan munglanib qol-Di. — He, qirilib ketaylik biz... Odam-podam emasmiz... Nimaga munday, a?
— Eshquvvaat! — shunda chopib-enib ketayotgan yigitning orqasidan chaqirdi Oʻtbosar. — Qayt!

Mansur yolgʻondakam shodumonlik ila:
— Rahmat-e, — dedi. — Boy bobosi, ana, Xoyin bekaning sayrashlari bekor ketmadi.
— Baribir shuningizni yeyman, — dedi Oʻtbosar. — Nimagaki, bu baribir bir kuni goʻsht boʻladi yo harom oʻladi...
— Uning-ku boʻladigani shu, — dedi musiqa muallimi ogʻir xayollarini esdan chiqargandek, azalgi quv-shoʻxchan ovozda. Keyin birdan hayqirib yubordi: — Kelinglar, bir oz oʻtiraylik! Hoʻv, starik Xattabich, qani, sizni sharafli mehnat kutyapti! Shu yerda oʻtirib ham tomosha qilaveramiz.

Davradan chetda qandaydir giyohni barmoqlari orasida ezib hidlayotgan Qorovul chol:
— Zira. Zira ekan, — deya jildi. — Oʻtbosar, zirangiz koʻp ekan. Ehtiyot boʻling, xomligida oʻrib ketishadi... Keyingi vaqtlarda joʻgilar ham bunga oʻch boʻlib qolishgan. Qaergaki qoʻsh tashlasa, bilingki, oʻsha yerda zira bor.
— Eshitdingmi, Quvvat? — deb qoʻydi Oʻtbosar hansirab turgan yigitga va oʻsha tasmali xaltaning zamogini chizillatib ochib qaradi-da, ichidagilarni birin-ketin chiqarib, kursitoshlardan biriga qoʻya boshladi: non, olma, aroq...

Chol ham karsonni ochib qoʻydi-da:
— Shopir oʻgʻlim, toʻrtta choʻpchak teraylik, — dedi. — Archaning choʻgʻi soz boʻladi-da.

Shu payt Qiziljar ichida ovozi oʻta yoʻgʻon, pircha kaklik voq-voqlab sayradi-yu, boyadan beri koʻksini paypaslab turgan Mansur taltayib ketib:
— Men makiyonni mana shu xoʻrozga olib kelgan edim, — dedi. Degach, bu gapning zamirida pishgan oʻy-qaror yotsa-da, bunchalik tez aytvorganidan hayron qolib hamda endi oʻz soʻzida turadigan yigit ekanini darhol isbotlaydigan kabi Qoraqosh sayrayotgan butaga yoʻrta ketdi.
— Hoʻv, — dedi Oʻtbosar parishon tortib. — Siz chini bilan qoʻyvorasizmi?
— Albatta! — Orqasiga bir qarab qoʻydi Mansur va bu ishni tezlikda amalga oshirmasa, aynib qoladigandek battar jadalladi. Buta ostiga enkayib kirdi. Qafasning taxtaga bogʻliq joylarini timirskilab tugunni izlarkan, barmoqlari titrar, tomogʻidan hiq-hiq etgan tovush chiqardi.

Nihoyat, qafasini koʻtarib va «kisht-kisht»lab kaklikni yerga tushirdi-da, uni koʻrishga ortiq toqati qolmagandek shoshib burildi. Koʻnglining tag-tagida Qoraqoshning bu boshpanadan chiqmasligiga umid. uygʻongani holda, uning qafasini koʻtarib, bu yoqqa chiqdi.

Ba’zilari kursitoshlarda oʻtirgan, ayrimlar tik turgan holda oʻziga qarab turishgan ekan.
— Boʻldi, — deb pichirladi-yu boʻlmadi: oʻzicha kuldi, keyin qafasni tashlavorib, qoʻllarini yozdi va: — Yoʻ-oʻq! Obosh boʻldi! — dedi. — Xursandmisizlar? A? — Endi qandaydir alamini qurdoshlardan oladigan singari ikki qadam bosdi. — Hoʻv, Shotoʻra aka, koʻrdingizmi, ana, uyam ozod boʻldi... — Soʻngra bu sirli soʻz ogʻziga ta’m berib, takrorladi: — Ozodlikka chiqdi! Oʻzimizga oʻxshab...

Keyin Mansurning yigʻlagisi keldi-yu, churq-churq etgancha ortidan ergashib kelgan kaklikka qarab qotib qoldi. U boshini bemalol koʻtarib, oʻziga boqdi. Soʻngra qattiq silkinib, qoqindi va oyoqlarini beoʻxshov, kerib-kerib bosib, yerga tumshugʻini urgan boʻldi. Oʻzicha donladi.

Qoʻshxonadagi tomoshatalablar ham qushga sumrayib qolishgan, uning har bir xatti-harakatini diqqat bilan kuzatishar va aksari oʻzicha bosh qimirlatib ishshayib qoʻyar, ayni chogʻda parrandaning hoziroq qanot silkitib uchib ketishidan qoʻrquv hissi ham yoʻq emas edi.

Nega? Undan ayrilib qolishdan achinishmi yo undan keyingi xavotirlanishmi, balki chin bir xudbinlik sabab edi bu holga...
— Yo qudratingdan! Tovuqdan farqi yoʻgʻ-a, — dedi negadir choʻnqayib olib, tergan archa butoqlariga kaftini bosib turgan Qorovul chol.
— Bu, bu baribir hech qayoqqa ketmaydi, — dedi Abulqosim sezilarli hayajon bilan. — Ilgariyam qafasdan koʻp chiqqan. Hovlida aylanib yurib, yana qaytib kirgan.
— Bu safar ketadi, — deb pishilladi Mansur birdan. — Ketadi! — dedi keyin zoʻriqib va kaklikni kisht-kishtlab hayday boshladi. — Joʻna! Makoningga kelding-ku, yaramas! Kisht... Vey, qanaqa surbetsan! Bu yerda odamlar oʻtiripti. Sening dushmanlaring... Ana, jarlikka uch!

U shu alfozda qoʻllarini sermab va chapak chalib kaklikni quvlar, demak, haydar ekan, u dikkillab chopar, aylanar — goʻyo egasi bilan oʻynar edi.
— Hoy, tek turing, Mansur aka, — deb qoldi Oʻtbosar. — Sal tomosha qilaylik.
— Ana, seni kushandang tomosha qilaylik deyapti. Qayda! Soʻyib yemoqchi!
— Obbo! Mansur aka! — Endi baqirib yubordi Oʻtbosar. — Ketsa, oʻzi ketadi!
— Ketadi. Ketkizaman! Bas!.. Shuncha malomatga qoldirdi... He, senday Qoraqoshni qara-yu... — Soʻngra birdan toʻxtab, baralla yigʻlab yubordi-da, shart qayrilib, bularning yoniga keldi. Eshquvvat keltirgan yemishlar qoshidagi toshga tappa oʻtirib olib, etaklarga tikila boshladi.

Shotoʻra oʻtirgan toshini unga yaqinroq surib, tizzasiga qoʻl qoʻydi.
— Xafa boʻlma, uka. Oʻzi, shunday qilishingni sezar edim... Rahmat. Niyating yaxshi. Him, hammaga saboq. — Keyin yon-veridagilarga jahl bilan tikilib-tikilib qaradi-da, koʻzi Oʻtbosarga qadalib: — Ana, permer bobo! — dedi. — Siz boʻlsangiz, bizni ovga keldi deb oʻyladingiz... Sen ham Eshquvvat! — Keyin direktor oʻrinbosariga boqdi. — Hoʻv, rahbar, sen nega gapirmaysan? Bu sinoning bahosini ber endi!
— Aka, xalaqit bermang, — dedi kelganidan beri deyarli gap qotmagan va buta ostiga kirgandagina sal choʻnqaygan Olimboy muovin. — Uni qarang. Tabiiy hayotdagi harakatlarini kuzatish kerak, axir. Masalan, Anderson xonim yovvoyi tabiat bagʻrida xonaki yirtqichlarni oʻrgataman deb... Oʻrganishga butun hayotini sarflagan ekan. Bu, masalan, yigirmanchi asrning...
— Shef, — deb qoldi shunda etiklarini bir-biriga ishqab loyini tushirgancha qushni kuzatayotgan Eshquvvat hali oʻzi chiqib kelgan enishga tuyqus boqib.

Bu oddiygina soʻzning aytilishidagi xavf sasi barchani u qaragan tomonga qaratdi va Mansur ham asta boshini burarkan, ellik qadamlar pastda chaman boʻlib ochilgan na’matak panasida pisinib turgan qip-qizil tulkini koʻrdi.

Koʻrdi-yu, sapchib turdi.
— Yemoqchi!
— Rost, — dedi Shotoʻra. — Ovozini eshitib kelgan... — U ham asta qoʻzgʻalarkan, tulki gʻoyib boʻldi.

Eshquvvat uni quvadigandek tayogʻini koʻtarib jilgandi, Utbosar toʻxtatdi.
— Nima qilmoqchisan?
— Shu, u yomon... — chaynaldi barvasta yigit xoʻmrayib. — Kecha yoʻqolib qolgan joʻjaxoʻrozniyam shu yegan deyman... Mazaxoʻrak boʻlib qoladi.

Oʻtbosar bosh irgʻab, sigaret tutatdi.
— Hu, archa ostida durbin qopti, opke. — Keyin oʻychan tortib soʻzlandi: — Tulki koʻpayib ketipti. Bari och. Tovushqon ham kam. Kakliklar pastlab ketgan...

Keyin hammaning diqqati makiyonga ogʻdi. U qorovul cholning karsoni yoniga kelgan, sixbop jazlarga boshini goh u yonga, goh bu yonga burib qarar edi.

Shotoʻra muallim nondan sindirib, ushogʻidan tash-ladi. Qalamqosh sal tislandiyu uvoqni choʻqidi. Tum-shugʻiga olib, chetga otdi.
— Bunga nima berarding, Mansur? — soʻradi muallim. — Nonni pisand qilmayapti.

Mansur bir muddatdan keyin:
— Noʻxat, — dedi. — Qaynatib, ezib... Tuxumning sarigʻini ushatib... — deya xoʻrsinib yubordi. — Endi toshni yeysan, — dedi qushga. Tagʻin doʻq qildi: — Ye! Topib ye endi... Oʻrtoqlar, bu nimani yeydi endi?
— Aytganingizdek, toshni yeydi, — dedi papirosning tamakisini ezib kaftiga toʻkayotgan Abulqosim. — Yemasa, anavi sarivoyga yem boʻladi.
— Eshitdingmi? Ochdan oʻlasan, — zugʻum qildi Mansur kaklikka. Va hiringlab kuldi. — Endi senga issiq uy qani? Hoʻoʻ... Boshpanang ham yoʻq. — Keyin jinninamo ishshayib, tepasidagilarga qarab oldi. — Haqiqatan ham, turmadan chiqqan mahbusga oʻxshay-di, a? Ozod boʻlgan. Endi nonini topib yeyishi kerak... — Yana qushga bokdi. — Topib yeyalasanmi?
— Bu, qoʻyib yuborishdan burun sal oʻrgatish kerak edi, — deb mulohaza bildirdi muallim. — Ozod yashash-ga... — Soʻng xayollanib siniq jilmaydi. — Axir, oʻzimizdan qiyos-da: mana, ozodlikka erishdik...
— Men tushundim fikringizni, — dedi Oʻtbosar birdan. — Siz judayam yaxpsh aytyapsiz, aka... — Unga tan berganini bosh irgʻashi bilan ham tasdikdadi. Soʻng xoʻrsinib yubordi. — Lekin bizlar odamlarmiz. Har holda, aqlimiz bor... Bundayam aql bor-u, ammo odam-zot yashovchan...
— Da, — dedi shunda direktor oʻrinbosari. — Shuning uchun ham odamzot aqlli, tadbirliki, uni qushlar, hayvonlar emas, u hayvonot-u parranda zotini qoʻlga oʻrgata oladi. Him, oʻz izmiga soladi. Sirk arenalariga chiqaradi.
— Oʻ, hammalaring faylasup ekansizlar, — dedi Abulqosim. — Toʻgʻri gapirayapsizlar-e, xudo ursin... Nima deding, Eshquvvat?
— Akalar bilishadi-da, — dedi u va paytdan foydalanib durbinni shefiga berdi.

Mansur beixtiyor haligi tulki koʻringan na’matak tagiga qaradi-yu, olapar itini esladi: «Oʻshancha bor ekan, uyam kichik, — deya dilidan kechirdi. Keyin birdan hayron boʻldi: — Axir, tulki jonivor ham tabiatga moslashishi kerak-ku? Mana, bahor boʻldi... Nega uning terisi jilla oʻzgarmaydi?»

Soʻngra Qiziljarning tulkisi shunday boʻlishi yodiga tushib: «Ha, bu oʻtroq-a», degach, qurdoshlarning jimib qolganini sezdi, hayratlanib burilgandi, oʻzining ham koʻzi — ular hayajon-la qarab qolishgan tomonga, ya’ni, hali Qoraqosh yashirib qoʻyilgan butaga tushdi-yu, boyagi beor tulki endi oʻsha buta biqinidan moʻralab turganini koʻrdi.

Endi oʻrnidan sapchib ketmadi. Balki unga qiziqish ila tikilarkan, Qorovulning yonida chuq-chuqlab yurgan kaklik birdaniga yoʻrgʻalab qoldi. Tulkiga qarab.
— Hoy, kisht! Qayt! — deb baqirdi Oʻtbosar va Eshquvvatga: — Joning bormi? — deya uni qoʻzgʻatib, Mansurga yuzlangan chogʻida tulki bir sakradi-yu, Qalamqoshning naq boʻynidan tishlab oldi. Ammo Qalamqosh shunday vahima bilan chinqirib-qigʻillab yubordiki, tulki uni qoʻyvordimi yo oʻzi qutilib chiqdimi, qarsillatib qanot qoqqancha tepaga koʻtarildi. Keyin negadir bir yoniga mayishib ketdi-yu, shu boʻyi Qiziljar tomonga pastlab ketdi.

Ochkoʻz tulki esa shuncha odamning oldidan oʻtib, uning orqasidan tushdi.
— Tamom, — deb pichirladi Mansur. Keyin titrab-qaqshab va ma’nosiz iljayib Oʻtbosarga qaradi. — Obosh boʻldi, fermer bobo. Goʻsht boʻldi hisob. Armonda qoldingiz... — Fermer bobo dong qotib turardi. Mansur kalovlanib uning yonidan oʻtdi-da, jarlik tomonga ikki-uch qadam bosdi. Keyin yuragi ogʻrib ketganday koʻksiga qoʻl qoʻyib, toʻxtadi. Keyin boshini koʻtarmay iziga qaytdi.

Soʻngra angrayib turgan cholning yonidagi toshkursiga oʻtirdi.
— E, bu nima gap? — dedi endi Oʻtbosar barchaga tegishli qilib. — Oldimizdan olib ketsa... U kaklik oʻzi... Tavba!
— Bizning shefni iti deb oʻyladi-da, — dedi Abulqosim alamini beparvolik bilan pardalab. — Shunaqa it... uyam. Munday pakana. Dumiyam kesilmagan. Oʻzi malla.
— A-a, — dedi qariya. — Oʻsha it deb oʻyladimi?
— Ha! — keskin dedi Abulqosim. Keyin Mansurga dashnom berdi: — Shef, atay qildingizmi? YO shunday boʻlishini bilarmidingiz? Tavba, bu odam sal gʻalati boʻp qoldi.
— Menimcha, bu odamga hech narsa boʻlgani yoʻq, — dedi musiqa muallimi.
— Ha-ha, yoʻq, — dedi Mansur tagʻin gangib. Keyin muallimga siniq-dilkash jilmaydi. — Rost, shunday boʻlidai kerak edi... E, yoʻq. Men buni bilmas edim, aka. Anigʻi, oʻylamagan edim. Ammo Abulqosim rost aytdi, Xoyin beka itimdan hayiqmas edi. Itim ham buni begonasiramas edi. — Shunda hayrat-hayajon ichra oʻtgan qish, boʻronli tunda, mehmonlarni joʻnatgandan keyin... tongda itining yovvoyi kakliklarga ham befarq qaraganini eslab qoldi-yu, uning sababini endi anglagani uchunmi, allaqanday shodlanib kuldi. — Shunday, Shotoʻra aka!

Shotoʻra aftidan nimadir deyish uchun:
— Buni aytish kerak edi-da, — deya tansiq sigaretdan bitta oldi. — Esiz.. — deb pichirladi. Pichirladi-yu, daf’atan koʻzlari yogʻdu sochib, hammaga qarab chiqdi. — Tushundinglarmi? — Mansur unga boqdi. — Oʻsha tumanli kundagi gurungimiz esingdami, uka? U bema’ni gap edi. Shunchaki, oʻzimizning qiligʻimizni, vahshiyligimizni yashirish uchun aytgan edim. Lekin, — u oʻylanib qoldi, — lekin shu gapning tilimga kelganini qara... Xudo haqqi, men oʻshanda sidqidildan ovga chiqqandim, manavu shotirlar bilan. Gapim toʻgʻrimi, kurra? E, kechirasan... Oʻshanda hammamizning dardimiz ichimizda edi. Toʻgʻrirogʻi, oʻylamas, oʻylamagan edik. Barcha harakatlarimiz alamdan, achchiqdan... — U cholning qoʻlidagi gugurtni tortib olib, sigaretni tutatdi. — Uzr, chalgʻib ketdim. Oʻtbosar, kechirasan, sigaretingdan...

Oʻtbosar uning soʻnggi gapiga parvo qilmay:
— Ishonasizlarmi, — dedi ovozini qoʻyib. — Men nimagadir xursand boʻldim hozir... Ont ichishim mumkin! Toʻgʻri, kaklikdan ayrilib qoldik...
— Uni eslamang endi, — dedi Mansur. —. U qurbon boʻldi... Him, uni biz, ya’ni men, qurbon qildim. Qafasda saqlab...
— Yashang! — deb yubordi shunda Olim muovin. — Mening koʻnglimdayam shu gap endi pishayotgan edi. — Soʻng Oʻtbosarga qaradi. — Siz nima deysiz, aka? Shu tobda, menimcha, Mansur akamdan uzr soʻrayman, oʻzlarini, aytaylik, totalitar rejimga oʻxshatdilar... Gaplaridan shunday xulosa chiqadi.
— Ha-ha! — dedi Mansur hovliqib. — Shunday xulosa chiqadi. Lekin men munchalik chuqur ketmagan edim. Umuman, men beixtiyor yashadim, yashayapman... Kechirasizlar, men ham chalgʻidim. Oʻzlaring gapiringlar, Qosim?
— He, nima der edim! — dedi u. — Kaklik ketdi. Fakt shu. Lekin baribir oʻlar edi. Don topib yeyolmas-di-ku? Ochdan ham oʻlib ketardi. Hozirgi ba’zi ish-bilmas, dangasalarga oʻxshab, toʻgʻrirogʻi...
— Oʻlay agar, sen zoʻrsan, — dedi Mansur. — Menimcha, eng tushunarli gap shu.

Oʻtbosar kursitoshga oʻtirib, Abulqosimni imladi.
— Choʻk bu yerga... Hoy, Xattabich, bermasning ovqati pishmas ekan. Hozir Eshquvvat kelsin, oʻzi qiladi... Qani, Olimboy joʻra, oʻtiring siz ham. Toshni suring... Ana bu boshqa gap! Shotoʻra aka, nimani oʻylayapsiz? Rostini aytsam, sal oʻzgarib qopsiz. Bir qop yongʻokdek dali-gʻuli edingiz... Roʻzgʻor tashvishlari bosib tashladimi?
— Uyam bor, — dedi muallim. — Lekin oʻylab-choʻylab yashaydigan zamon keldi-da... Vabshe, u yogʻini soʻrasangiz, men hayotdan roziman. Him, biz oʻzimiz ming yildan buyon ozodlikni orzu qilardik. Shu yoʻlda ne-ne aziz odamlarimiz qurbon boʻlib ketishdi. Xalq dushmani deb, tavba!
— Rahmat, — dedi direktor oʻrinbosari.
— Senga shunaqa gap boʻlsa... Bu gaplarim qanchalik rost boʻlsa, shunchalik tasalli-ku, kur...
— Davom eting! — Oʻtbosar shishaning ogʻzini ocharkan, safarxaltaning ichiga qaradi-da: — E, bor ekan-ku! — deya mushtdek qoyuzga oʻralgan narsani chiqarib ochdi: yaxna et ekan. — Qosim, buni maydala.
— Uchinchidan, — deya oʻylanib qoldi musiqa oʻqituv-chisi, — yashash kerak. Iloji boricha halol...
— Juda toʻgʻri, — deb qoʻydi Mansur. — Keyin mehnat qilish kerak. Ishlagan — tishlaydi degan gap endi ma’qul keladi. Ilgari ishlamagan ham...

Har kim oʻz joyiga oʻtirib, gulxan ham gurillab — archaning xushboʻy tutuni tarala boshlaganda, Eshquvvat hansirab, yiqilgan boʻlsa kerak — tizzalari ham loy boʻlib, enishdan chiqib keldi. Kaltakka tayanib:
— Ketdi. Halollab ketdi, — dedi. — Keyin bir tulki oldimdan chiqib qoldi. Oʻshami deb quvsam, ogʻzida kaklik yoʻq. Meni chalgʻitdi shekilli.
— Albatta! — dedi Oʻtbosar. — Ulargayam jon kerak, yashash uchun «urashadi. Makkor... Ammo, koʻrdingmi, sherigini qutqarib yuborish uchun seni chalgʻitgan. Ma’lum boʻldiki, ularning bolalari bor. Menimcha, Xoyin bekani opqochgani — urgʻochisi. Boʻrining ham qanchigʻi olgʻir boʻladi. Bilasizlarmi, qoʻraga koʻpincha qanchiq boʻri oldin kiradi.

Eshquvvat ham bir palaxsa toshni dumalatib kelib, davraga qoʻshilgach, Oʻtbosar unga-da piyolani uzatib:
— Boʻlmasam, men bir tost aytay, — dedi. — Xoʻsh, birinchidan, xush kelibsizlar... Endi kelib turasizlar. Oʻylashimcha, shoʻrlik Qoraqoshning kismati hammamizni yanayam yaqin qildi. Shu bahonada ancha gaplashib, bir-birimizni tushunib oldik... Umuman, hamma yerda shu xil gaplar...
— Shunday, — deb tasdiqladi Shotoʻra.
— Biz ham gaplashdik. Hammasi tabiiy... Endi, oʻrtokdar, gap shundan iboratki, yurtimiz mustaqil boʻlibdi ekan, ozod boʻlibmiz ekan, shuning qadriga yetaylik... Tushunaman ahvolni! Juda yaxshi bilaman. Ammo-lekin mening gaplarim ham fakt... Nima dedingiz, Olimboy? Rahmat... Xoʻsh, aytganimizdek, eng tabiiy yashash yoʻliga tushgan ekanmiz, shu yoʻlga ham sodiq boʻlaylik, ya’ni, buning oʻz qonunlariga boʻysunaylik. Chunki buning qonunlari, mana bu yerimiz-da! — U boʻsh qoʻli bilan koʻkragini nuqib, davom etdi: — Bunga quloq solsak, bas.
— Ha, balli. Hamma narsa oʻsha yerda, — dedi Xattabich. — Alloh taolo koʻngilda, ha.
— Rahmat senga, starik!.. Xoʻsh, oʻrtokdar, e’tirof etish kerakki, bu yoʻrigʻda machitlarimiz, din arboblariyam, umuman, yaxshi ish oborishyapti.
— Matbuot, radio kamchiliklarni tanqid qilyapti, — deb gap qistirdi direktor muovini. — Adabiyot ahli esa jim.
— Keyingi gapingiz toʻgʻriroq, — dedi Oʻtbosar. — A, tanqidga kelsak, bulturgi kaklik qirgʻinini kim tanqid qildi? Tanqid qiladiganlarning oʻzlari ovga chiqishdi-ku?
— Shunday, — dedi Shotoʻra.
— Xoʻsh, gapni qisqa qilsam, munday: kelinglar, hechqursa oʻzimiz, mana shu torgina davramiz ahli aql bilan, insof bilan qadam bosaylik. Him, sabr-toqat bilan... Nimagaki, bu boy, qadimiy oʻlkamiz-mamlakatimiz va shunday qadimiy xalqimiz ming-ming yillardan buyon yashab kelayotgan ekan, hamda ne-ne ogʻirliklarni yengib kelayotgan ekan, bu tangchilik kunlarniyam ortda qoldiradi-qoldiramiz: buyam — hayotning qonuni.
— Bu tostmi, leksiyami? — dedi Abulqosim.
— Quloq sol. Boʻlajak shefingman, — deya oʻylanib qoldi Oʻtbosar va boshini dangal koʻtardi. — Mansur aka aytganidek, eng tushunarli gap shulki, shu-u ozodlikka erishdik. Shu saboq bizga hamisha yoʻldosh boʻlsin!
— Koʻp rahmat, — dedi Shotoʻra. — Ammo tulkilar asosan bizneschilardan chiqadi. Toʻgʻri, kechagacha oʻzimiz ham...
— Men tushundim. Shu yoʻlga sodiqmiz, chunki boshqa yoʻl yoʻq.

Mansur ham ichdi-yu, saldan keyin uzr soʻrab turdi. Tanish butaning orqasiga oʻtib, qayt qildi. Keyin izlanib, jarlik labidagi yoriqdan yumshab qolgan qor olib, betiga surtdi. Keyin toshga oʻtirib nos otdi. Havo salqin, ammo peshinga ogʻayotgan quyosh nurida Qiziljar tubidagi novvatdek qoyalarning rangi ochilib jozibali koʻrinar, ular orqasidagi archalarning yashil rangi alohida koʻzga tashlanar, qoʻltiqlarda uzun-uzun kesilgan quyruqdek qor yiltirar va qaerdadir kaklik sayrab qoʻyardi.

Yigitning oyogʻi ostidagi oʻt-oʻlan gʻoyat tigʻiz, unda mitti-mitti chumchuqkoʻzdan tortib qoʻngʻir qoʻzigullaru oq-sariq boychechaklar ham ochilib yotardi.
— Yaxshi, — deb shivirladi Mansur va boz koʻngli negadir buzildi, boz yigʻlagisi keldi: nega? Kakligi uchunmi? Yoʻq, boshqa nimalarningdir ta’siri ham bor ediki, ularni tushunib-anglab olayotgani va oʻzining koʻnglida mavjud qandaydir tabiiy qanoatlariga bu mulohazali «narsalar»ning ajabtovur mos kelayotgani va bundan pinhona quvonayotgani bunga bois edi.

Shuning uchunmikan, endi uning nazarida, bu togʻu toshlaru archazorlar, soylar, koʻkatlar, keng osmon-u yorqin quyosh nurlari oʻzgacha yaqin-u azizlikda koʻrinar, bu holni shunday izohlash ham mumkin edi: uning, huv, qishloq chetidagi yalang qirda uyi bor, qoʻrasi bor, bogʻchasi bor, biroq bular — bu kengliklar-da uniki, demak, uning mehriga sherik, qaroviga umidvor, demak, bular ham oʻzinikidirki, buncha «narsa»ni qalbga sigʻdirish uchun endi boshqacharoq boʻlishi, boshqacharoq oʻylashi lozim.

... Nihoyat, qariyaning fotihasi, ya’ni:
— Omin, murod-maqsadlaringga yetinglar. Yurtimiz tinch, boy-badavlat boʻlsin, iloyi. Ozoddikning nashidasini, sizlar aytgandek, surib yuraylik bizlar ham... — deganidan keyin sayohatchilar qoʻzgʻalishdi.

Gulxanni oʻchirib, mashina yoniga tushisharkan, Mansur qafasni Oʻtbosarga berdi.
— Esdalik.
— Oʻ-oʻ, zoʻr gap, — dedi Oʻtbosar. — Eshquvvat, muni boʻlajak muzeyga qoʻyamiz.

Ularning gurungi mashina ustidayam davom etdi: Oʻtbosar Shotoʻra muallimning machit-pachitga borish-bormasligini soʻragach: «Men ham uchramoqchiman imomga, — dedi. — Shu atrofda toʻrtta qabriston bor ekan. Mol oralab yuradi... Atrofini simtoʻr bilan oʻrab qoʻymoqchiman. Eshquvvat surpga yozdirib keldi: «Ey, inson! Keladigan joying shu yer ekan-ku oqibat. Toptama!» Axir, bu qarovsizliklar ham kecha ateist boʻlib yurgan kunlarimizdan meros...»

Shotoʻra muallim vazmin bosh irgʻab, uning qarorini ma’qulladi.

Keyin maktabda milliy sozlar-asboblar yetishmasligi, xarid qilishga kuch yoʻqligini hasrat qilgandi, yosh biznesmen uning belidan quchib qoʻydi: «Boʻladi. Bir-ikkita joʻralarim bor. Mard yigitlar. «Tuman gazetasini otaliqqa olamiz», deb yurishipti. Ularga aytaman... Aka, hamjihatlik, oʻzaro ishonch kerak, xolos».
— Hamjihatlik...
— Mana, bizam hamjihat boʻldik, — deb Eshquvvatning biqiniga tirsagi bilan turtdi Abulqosim. Eshquvvat esa:
— Oʻh, — dedi. — Yana bir turt. Bortdan uchib tushasan!

Tengqurlar kulishdi.
— Ey, yurtimiz keng-a! — deb qoldi Olimboy. — Muni qaranglar!.. Oʻtbosar, shu-u amerikaliklar demakratmiz deydi. Qaerda bir urish chiqsa, hoziru nozir — gijgijlaydi. Otaday... Ammo oʻzlarining shiori bor: «Prejde vsego — Amerika!»
— Ha, — dedi Oʻtbosar manglayi ostidan tevarakka boqib. — Biz ham shunday boʻlishimiz kerak. Axir, har birimiz ham, avvalo, Mansur akaga oʻxshab uyim-joyim deymiz-ku? Bu tabiiy yoʻl. Demak, hammamiz uchun Oʻzbekiston yagona vatan. Prejde vsego... Boshqasi — keyin.
— Yunonlarning Lukian degan yozuvchisi oʻtgan. Eramizdan avval. Uning «Vatan sha’niga» degan asari bor. Undagi birinchi jumla shunday ekan: «Oʻz ona-otasini sevmagan farzand oʻzga ota-onalarni hurmat qila bilmaydi. Va oʻz vatanini sevmagan kishi oʻzgalar vatanini hurmat qila olmaydi!»
— Uh, zoʻr aytgan ekan. Yozib olaman. Shior qilib, qoqib qoʻyaman, — dedi Oʻtbosar.

Mansur oʻz-oʻzicha tamshanar, yutinar, ichki-azobli bir shodlikdan koʻngli toʻliqib-toʻlishib ketarkan:
— Ey, birodarlar, — dedi ovozi birdan xira tortib. — Oʻgʻri oʻgʻrining qoʻliga suv quyar ekan. Ular bir-birini qorongʻida topar ekan. Axir, bizlar toʻgʻri odamlarmiz-ku? Nimaga oʻshalarday doʻst, hamfikr, hamjihat boʻlmasligimiz kerak? Ioʻq, kechirasizlar, shunday boʻlyapmiz-u...
— Bu oʻzimizga bogʻliq, Oʻtbosar. Ammo, aka, siz ham oʻtkir gap qildingiz.
— Bugun oʻzi faqat aqlli gaplar aytiladigan kun ekan, — deb toʻngʻilladi. Abulqosim. — Lekin bir kishidan aqlli gap chiqmadi-da, a, Eshquvvat?

Eshquvvat uni qisib-quchoqlab oldi.
— Otvoraman!

Mashina sekinladi.

Shunda mutlaqo kutilmagan moʻ’jiza sodir boʻldi: mashina ortidan uchib, ammo bir soniya ham toʻxtamasdan churillab kelayotgan bir kaklik (kakliklar odatda sheriklarini ham xavfdan ogoh etish uchun, ayniqsa, yerdan koʻtarilganda juda qattiq ovoz chiqarishadi va qanotlarini ham behad qattiq qarsillatishadi) mashinadagilarni oʻziga qaratgani holda keldi, keldi, keldi-yu... bortga pasaydi. Qoʻndim deganda surilib ketib, naq qafasga urildi. Uning boʻynidan qon oqar, u — Qoraqosh edi. Buni qarangki, qush urilganda, qafas dumalab ketib, yonboshlab qolgan jonivor ...qafasiga kirib oldi. Koʻkragiga tuf-tuflayotgan chol asta qoʻl uzatib, qafasni tikka qilib qoʻydi. Butun pat-u parlari tik turib ketgan, nafas olishi shundoq bilinayotgan qush bagʻrini bortga berib, yotib oldi.

Nihoyat, hamma Mansurga qaradi. Mansurning koʻzlari gʻilq yoshga toʻlgan edi. U astagina choʻnqayib, qafasni siladi. Keyin qafasni koʻtarib, kaklikning oʻzini silamoqchi boʻluvdi, jonivor bir sapchib, egasining tizzasiga chiqib oldi-da, yana pisib qoldi.
— E, seni qara-yu, qadrdon, — deya Mansur uning boshini siladi. Keyin roʻmolchasini chiqarib, qushning boʻynini artdi. Soʻng tulkining tishi kirgan joylarini ochib bokdi. Va: — Moʻ’jiza, a, birodarlar? — dedi hamrohlarining bu gapni ma’qullashlarini istab.
— Undan ham badtar, — dedi Oʻtbosar qushdan koʻz olmay. — Ishonasizlarmi, mening hurmatim oshib ketdi bu kaklikka... — Keyin kaklikka tikilgancha soqolini chimdib tortayotgan Qorovulga doʻq qildi:
— Bu siru sinoga nima deysiz endi, qariya?
— Ogʻajon, mening yodimga plugdan chiqqan choʻbir ot tushdi, — dedi chol. — Oʻrgatish yomon boʻlar ekan-da. Endi xayol qilamanki, bu jonivorni ham erkinlikka oʻrganishi kiyin boʻladi...
— Men nima deb edim?! — deya kuchanib poʻpisa qilgandek boʻldi musiqa muallimi. — Sen oʻzing ayt, ey, turemshik?
— Men tushundim, — dedi Mansur. — Buniyam ozodlikka oʻrgatish kerak ekan. Jonivor, mengayam, qafasgayam judayam...
— Ana bu boshqa gap! — dedi Omonboy. — Anderson xonim bir qoplonni erkinlikka oʻrgataman deb...
— Bas, jindak gapirmay turaylik, — deb qoldi shunda Oʻtbosar. — Hey, hayda moshinangni! Fermaga hayda... Muni davolaylik. Keyin oʻylashib koʻramiz... Mansur aka, shuni baribir ozoddikka oʻrgatasiz-a?
— Oʻrgatmasam, har narsa boʻlay! — dedi Man-sur. — Shunday kaklikning tor qafasda yashashi uvol... Men aybdorman. Men... Lekin erkinlikka oʻrgataman. — Keyin birdan hayajonlanib ketdi. — Endi, endi kelishida tulkiga hazir boʻladi...
— Bu tabiiy hol, — dedi muallim. — Demak, erkinlikka oʻrgatish mumkin. — Keyin hammaga bir-bir qarab chiqdi. — Bizlar axir, odam boʻlaturib, arang oʻrganyapmizu ozodlikka... Toʻgʻrimi, Xattabich? Ey, oʻsha choʻbir otingiz keyinchalik toʻgʻri yurishni oʻrganib ketganmidi?
— Ha, asta-sekin, — dedi chol. — Keyin jarga uchib...
— Gap tamom.

Shunda Mansur Oʻtbosarga yalindi:
— Ukajon, toʻgʻri uyga ketaylik. Buni oʻzim davolayman. Giyohlar bilan...

Oʻtbosar boshini qiyshaytirib, yelkasini uchirib qoʻydi.
— Mayli, unchalik boʻlsa.

Yoʻlni toʻsgan olatayoqdan narida Eshquvvat bilan Oʻtbosar qoldi. Boshqalar moshinga chiqisharkan, har ikki tomon ham tezda yana uchrashishlariga koʻz tutib, goʻyo shunday qilmasalar — nimagadir xiyonat etadigandek kabi xoʻshlashar edi.

Ichaksoyning u qirgʻogʻiga chiqqan moshina enishga shitob bilan tushib ketdi.

Abulqosim — Abulqosim-da: moshinani tobora tezlatib, loʻkillatib ketarkan, tepadagilar beixtiyor bir-birlarining bellari, yelkalaridan quchishar, edi: aks holda... Mansur esa Qoraqoshni bagʻriga bosib oʻtirar, unga nimalarnidir shivirlar edi.

1994