OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiQadimda boʻlgan ekan... (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm35KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qadimda boʻlgan ekan... (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Oʻsar koʻprikchadan shipillab oʻtib ayvon chetidan choydishni oldi, ariq labiga choʻnqayib, qop-qora charmdek boʻlib ketgan kaftiga — hovuchiga suv quyayotgandi, ariqning u tomonida — supada urchuq yigirib oʻtirgan rangpar xotini:
— Momongizga salom bermadingiz-a? — dedi.

Oʻsar yalt etib unga qaradi.
— Momom enangdi... — deb soʻkib yubordi. Va shosha-pisha qoʻlini yuva boshladi — Iloyi, shu kampirning yoshiga yetma... Oʻzing ham-ku boʻlganingcha boʻlgansan... — Keyin ulfati Nurqul nashavandan eshitgan gapini unga uqtirdi: — Hoy, birovga oʻlim tilagandan koʻra, oʻziga umr tilashi kerak kishi!

Hojar urchuqniyam, kalavaniyam koʻrpachaga tashlab, mushtlarini tizzalariga tiradi; eriga oʻxshatib bir nimalar deyishga shaylandi-yu, behol tortib teskari qaradi.
— E, xudo, nima gunoyim bor edi? Muncha meni ezadi bu erkak... Tentak! Suyulib ketgan miyasi... Huvv, shoʻrim qursin. Terakka chiqib imlaganlariga uchippan... Sevadi, suyadi deb oʻylappan. Bu jallod ekan!
— He, enagʻar, — deb iljayib turdi Oʻsar. — Jallod ekan... Kim shu gapga ishonadi? Jallod amir zamonida boʻlgan, savodsiz!
— Siz savodli boʻldingizmi? — xotin unga oʻnglandi. — Siz-a? Alifni kaltak deysiz-u! Qizingiz xatongizni topib oʻtiradi-yu! Gazeta oʻqiyolmaysiz-u!
— Boʻldi. Gazetangni osib qoʻydim! — Oʻsar ayvon oldini toʻsib turgan sholcha tomonga jilarkan, Hojarga yana uqtirdi: — Gazetang bir pul hozir! Hech kim oʻqimaydi... Faqat Nurqul bobo nay qilib, nasha chekadi! — U kulib, allanechuk quvonib, ustunga yetdi. Sholchaning chetini qaytarib, ichkariga qaradi.

Momosi Maqsad beva deraza tagida, shishib ketgan oʻng oyogʻini uqalab oʻtirar, oppoq sochlari qoʻqib ketgan — ajinadan farqi yoʻq edi.
— Momojon, — dedi Oʻsar ayvon labiga asta oʻtirib. — Salomalaykum... Azonda chiqib ketib edim. Uxlayotgan ekansiz. Hozir keldim. Moshina oldim, momo. Eski-yu, eplasa boʻladi. Zavgar uch yuz soʻmimni shilib qoldi, enasini...

Kampir nursiz koʻzlarini gʻiltillatib va xiyol iljayib, qiziq bir narsani tomosha qilayotgandek qarab turardi.
— E, Asaljon? — dedi birdan. Va birdan yuzi tirishib, koʻziga yosh keldi. — Tanimappan... Xayolim joyida emas. Anovu yerda bir xotin mingʻirlagani mingʻirlagan. Kim u oʻzi?

Oʻsarning ham koʻziga yosh keldi.
— Momojon, axir u — keliningiz-ku! — dedi. — Sizdi onasiday koʻradi...
— Uvv, men oʻlay, — dedi kampir va qiqirlab kula boshladi. Koʻrpacha chetida yotgan kir qiyiqni olib boshiga yopdi, sochlarini bostirgan boʻldi. Oyogʻiga koʻzi tushib: — Bod, — deb shivirladi. — Bod bu... Meni opketadi...

«Opketsa, tezroq opketsin-e!» degan oʻy kechdi Oʻsarning koʻnglidan. Ammo tagʻin shu oʻy dilidan oʻtgani uchun oʻz-oʻzidan azoblanib ketdi.
— Yoʻq, momojon, — dedi. — Oʻlimni oʻylamaslik kerak. Kishi oʻziga umr tilashi kerak.
— Hoʻ, umrdi sizlarga bersin, — dedi momo. — Bizdi ishimiz pishgan... Tushimga bobong kiradi. «Haliyam juribsanmi?» deydi. — Momo kulibgina qoʻydi. — «Ha, jurippan, deyman. Omonatini olmasa, nima qilay?» — Soʻngra u Oʻsarga oʻychan tikilib qoldi. — Kenjaboy qaerda?

Nos otib olgan Oʻsar:
— Shahayda, — dedi. Va bir zum boshini burib, hoʻmrayib qoldi. Keyin xoʻrsinib yubordi. — Uniyam isi koʻp-da, momo. Joʻjalayi boy. Etajda tuyadi...

Kampir gap ma’nosini yaxshi uqmagan boʻlsa-da, bosh irgʻadi.
— Omon boʻlsin, qaerda boʻlsayam... Meniki emas, davlattiki. Ha, oʻzginang yaxshi juribsammi? Bolalaring... — Kampir yana oʻylanib qoldi. — Bolam, men xayolati boʻp qoldim... Kelinimgayam koʻp azob beraman. Kecha kechasi darvozadan chiqib ketippan. Bechora koʻtarib olib keldi. «Uyga qama meni! Men oʻlay!» dedim. Keyin u yigʻladi, men yigʻladim. Qarilik shu ekan... — Shunda birdan iliqqina jilmayib, nevarasiga boqdi.— Biron-biron joyga oborib adashtirib kelmaysanmi?
— Nima-a? — dedi Oʻsar va nosini yoʻlkaga tuflab tashladi. — Esingiz joyidami?
— Endi, — kampir iljaygancha davom etdi: — boʻlgan ekan-da qadimda...
— Qadimni qoʻying! Bir narsa yedingizmi?
— Jedim. Ekki boʻlak qand bilan non berdi kelinim. Iloyi, baraka topsin... Hoy, — dedi soʻngra moʻltirab. — Urush-purush boʻladimi yana, bolam?
— Nimaga? Urush yoʻq endi, — dedi Oʻsar oʻrnidan turmoqchi boʻlib. — Davlatlar yarashganiga ming yil boʻldi.
— A, nimaga qimmatchilik boʻlarmish?
— Kim aytdi? — Oʻsar sholcha chetini tutgancha koʻzgʻaldi. — Tavba... Hojar aytdimi, enasini...

Kampir kuldi.
— Hazil... Soʻk, soʻk. Tus bobongga oʻxshaysan... Umring oʻxshamasin, iloyi. Voy, men sonimdi ochib oʻtirippan-ku, oʻlay men... Bod bu... Bobong oʻlgandan keyin qor kechib, choʻpchak yigʻib, tandir qizitaman deb... Huvv...

Oʻsar sholcha chetini tashlavorib, kerishdi.
— Hojar, nimang bor? — deya koʻprikchadan oʻtib, yarim gaz baland supaga sakrab chikdi.

Hojar urchugʻi bilan eshilmagan kalavasini chetga qoʻyib, ihrab oʻrnidan turdi.
— Nima dedi momongiz? Yana kim yomon — men yomon... Kechasi uyqu yoʻq, kunduzi — tinim. Uf, shu qizingiz ham odam boʻlsin, joyini topib ketsin, men ham ketaman...
— Ha, ketasan... Oʻliging chiqadi bu vatandan, — dedi Oʻsar. U koʻrpachaga chordona qurib oʻtirdi. Keyin, bugun bir necha marta tomiri tortgan oyoqlarini yoniga uzatib yuborib, loʻla bolishni qoʻltigʻiga oldi. — Xudoga shukur, oʻziga shukur, — dedi mamnun tortib. — Kampir! Buyogʻiga yaxshi boʻp ketadi!..

Maqsad momo eridan qolgan uychada yashar, uycha peshayvoni haligi sholcha bilan toʻsilgan edi: kampir hadeganda chiqib ketavermasin hamda... birov-yarim kelganda unga koʻzi tushmasin uchun. Momo shishgan, yuzida okish dogʻlar paydo boʻlgan, buning ustiga, chindan ham xayoli kirdi-chiqdi ediki, uni birovlarga koʻrsatishdan or qilardi kelin, zero kelinning bu tadbiri Oʻsarboygayam oxiri ma’qul tushgandi. Biroq kampir baribir kechasi bir necha marta pastga tushadi...

Kunduzi uxlaydi-da, kechasi uygʻoq: goho oʻzidan-oʻzi (balki qoʻrqqanidan) xassasi bilan eshik-derazani urib, kimlarnidir soʻkadi va goʻyo allakimlar bilan gaplashadi...

Oʻsar Hojarga uylangach (uylanganigayam yigirma yildan oshdi), ana shu eski uychaga taqab bir dahliz va bir mehmonxona-yotoqdan iborat boshpani qurib olgan edi: hamon shu boshpana — bularning qoʻrgʻoni.

Hojar ana shu «qoʻrgʻon» ayvonchasiga chiqarkan:
— Yaxshi boʻp ketadi? Nima yaxshi boʻp ketadi? — deb burildi. — Yana nashani urib avariya qilasiz...
— Boʻldi-i! — boʻkirib yubordi Oʻsar. — He, enangdi... Men nima gʻamda-yu, bu nima deydi! Ogʻzingdan chiqib yoqangga yopishsin, silkasal! Ha?
— Siz meni sil qildingiz.
— Vey, enang nima kasal bilan oʻlib ketdi?.. Boʻl, boʻl! Qorin och...

Hojar uh tortib, chayqalib daxdizga kirib ketdi. Oʻsar yana kerishib: «Ah, qoʻl chiqib ketgan ekan-da, — deb oʻyladi: u moshina pedallarini bosishdan «oyogʻi chiqib ketgani»ni koʻzda tutardi. — Mayli. Ana endi bir moshina tosh — Oʻn soʻm... Yoʻq, hademay yigirma-oʻttiz soʻm boʻladi, — deya oʻyini davom zttirdi. — Xoʻsh, kechasi tashiyman... Zavgarga yana berish kerak. Ioʻgʻasam, moshinani chiqartirmaydi garajdan. He, enagʻar...»

Uning baribir kayfi joyida edi.

Hojar inqillab-sinqillab bir kosa dimlama olib keldi. Chetda chetlari qatlab qoʻyilgan dasturxonga ishora qilib, yana iziga qaytdi. Oʻsar dasturxonni uzalib tortib, ochdi. Qora-qora goʻshtlaridan sargʻish-sargʻish kartoshka va boʻkkan non burdalari koʻp dimlamani qoʻli bilan olib tushirarkan, chodir-sholcha qimirlayotganiga e’tibor qildi-yu: «Momomgayam ovqat berdingmi? — deya soʻramoqchi boʻldi. Xotini yana ayvonga yetgan edi, tilini tiydi: kampir eshitadi. — Lekin baribir hidini sezdi», dedi ichida va ta’bi xira boʻlib, battar jaxdi chiqa boshladi.
— Hoy!
— Choy qoʻydim, — dedi xotini.
— Choying... — «Boʻlmaydi. Bu ishni biryoqli qilmasam boʻlmaydi! — deb oʻyladi-da, qoʻlidagi kartoshkani kosaga tashlab, bunga sari figʻoni chiqib (egisi kelyapti!), irgʻib turdi. Shunda charchoq ham oʻzini bildirib va bir alami oʻn boʻlib, supadan sakrab tushdi.

Yalangoyoq yugurib borib dahlizga kirgandi, ikki otashxonali gaz-plita yonida turgan Hojar tappa oʻtirib oldi.
— Urmang-urmang, otasi.

Bu gapni eshitib, Oʻsarning urgisi kelib ketdi. Hatto qoʻliniyam koʻtardi-yu, soʻngra oʻziyam shilq etib, kigizga oʻtira qoldi.
— Hoy, menga qara, — dedi xirillab. — urmayman. Ursam, qoʻlim sinsin.
— Nima?
— Kampir, menga ayt, — dedi Oʻsar boshini egib. — Shu momom ortiqchalik qilyaptimi, a? — Bu gapni ilk bor tilidan chiqargani va, demak, qulogʻiyam eshitgani uchunmi butun vujudi titrab ketdi. — Ayt, xotin, — dedi yigʻlamsirab. — Ayt... Enasini uray bu dunyoni, birim ikki boʻlmadi. Ertadan kechgacha ishlaysan, qizingga bir tupli oberolmaysan. Bu nima... — Keyin oʻng qoʻlini choynakday musht qilib, oʻzining chakkasiga bir tushirdi. — Bu kallayam vaqtida ishlamagan. Kenja oʻqisin, shu odam boʻlsin deb rabochilik qilib ketdim. Mana, uyam oʻz kunini koʻrib ketdi...
— Bachadan nolimang, — dedi shunda Hojar. — Chorbogʻdi tashlab ketdi-ku?
— Gapti boʻlma! — Oʻsar endi kigizni mushtladi. Kigizdan koʻtarilgan chang dimogʻiga urib, negadir nasha chekkisi keldi. Biroq bir tutun olsayam toʻpigʻiga suv chiqmay qolishini yaxshi bilgani uchun, yoʻq, momosi yoʻrigʻidagi «ish»ni, nihoyat, «bir yoqli» qilish ahdida turishni va «bir yoqli qilish»ni shart deb bilib: — Ayt! — deya yana xirilladi. — Aytmasang, yo seni, yo oʻzimni bir balo qilaman.

Xotin devorga tiqildi.
— Mening u kishiga yomonligim bormi?
— Yomonliging yoʻq... Bilaman. Kampir ham sendan rozi... Lekin seni oʻylaganing bor... — Usar xotiniga koʻzlari qonsirab tikildi. — Men sezib yurippan... Ha, meni ahmoq dema! He, sen ushlagan tovuqning dumpatini uzib qoʻyganman!
— Axir...
— Gapir. Ichimdi yeb ketyapti... Ochman. Seniyam yeb qoʻyaman, enagʻar.
— Enamdi soʻkmang.
— Boʻpti, soʻkmayman.
— U rahmatli men baxtsizni tuqqanki, sizdi uyingizda choʻrilik qip jurippan...
— Uh! — Oʻsarning yuragi ezilib ketdi: Hojarni yaxshi koʻradi, Hojarni yaxshi koʻrib olgan... — Meni kechir, — deb yubordi birdan. — Seni chertishga qoʻlim bormaydi, shunday yaxshi koʻraman! Lekin... tiling yomon...
— Men ham sizga... azob beray deb gapiramanmi... — Hojar piq-piq yigʻlab yubordi.

Uni koʻrib Oʻsarning ham koʻngli buzildi.
— Gapir, — dedi hiqillab. — Muddaoni ayt... Boʻldi, yigʻlama. Yigʻlama deyappan! — deya baqirib yubordi. — Yana piq etsang, aylantirib solaman, enang... Astagʻfurillo! Odamni kopir qilib yuborasan-a!
— Men, men sizga... — Chaynalib gapira boshladi Hojar. — Sizga momongizni u qiling-bu qiling deganim yoʻq. U kishi — meniyam momom... — Uning koʻzidan yana yosh quyila boshladi. — Qizingiz texnikumiga ketadi. Oʻzim kasal...
— Endi seni doʻxtirga koʻrsataman. Boshingni koʻrsataman! Toshkentga oboraman! — deb yubordi Oʻsar va ayolining siniq jilmayganini koʻrib, endi chap mushti bilan oʻzining bu chakkasiga soldi. — Oʻlay agar, qasam ichaman!
— Mayli, rahmat. Oʻzingizni urmang, — dedi Hojar. — Oʻzi siz kallaga urishni odat qipsiz.
— Bas! Xumori tutayotgan boʻlsa...
— Voy, xudo.
— Ayt!
— Uf, endi bir marta ogʻzimdan chiqib ketib edi-da.
— Ha, balli!
— Axir, tuzuk-tuzuk kishilar ham...
— Ha-ha.
— Anavi... — Ayol tagʻin ingrab yigʻlashga tushdi. — Oʻlay agar, men oʻylab topgan boʻlsam...
— Oʻylagansan. Oʻylamagan boʻlsang, oʻsha gapti aytmas eding! Xoʻsh, nima edi u?
— Axir, bilasiz-ku? — Battar hoʻngrab yubordi ayol. — Boshda... Oʻzingiz topib kelgan edingiz oʻsha gapti!
— A-aa, oʻzimmi?
— Ha!
— Malades. Keyin siz nima deb edingiz? A? — Tagʻin hayqirib qoldi Oʻsar.
— Astaroq gapiring, e, — yolvordi kelin. — Kulogʻim ochiq axir. Menga qarang, choljon... Ovqatingizni jeng. Qorningiz och, jahlingiz chiqyapti.
— Yoʻq, Hojar, — dedi Oʻsar. — Pichoq borib suyakka qadalgan. Endi bu ishni orqaga surib boʻlmaydi... Bugun hal qilamiz, bugun! Eshityapsanmi? Hozir...
— A yana nima deyin?
— Hali aytdingmi gapingni?
— Uh... — Ayol birdan eriga baqrayib qoldi-da: — Ha, — dedi soʻngra ovoziyam oʻzgarib. — Shu momongizdi... shu qariyalar detdomiga oborsangiz... nima boʻladi deb edim. Siz nashani urib olgan edingiz, xoʻp kuldingiz. Ertasi urho-ur... Mana, chakkamdi yordingiz.
— Ha-a, xoʻb ish qilgan ekanman-da. Qani, qaysi chakkangdi yoribman ekan? Endi sogʻini koʻrsat... — Shunday dedi-da, ikki qoʻllab kigizni mushtladi. Yana gup etib koʻtarilgan chang aftiga urildi. — He, enasini... bu hayotti...

U sapchib turib eshikdan tashqariga qaradi, beixtiyor koʻzi katta yongʻoqning bargi toʻkilib soʻppayib qolgan shoxlariga tushdi. Bir shoxga qoʻnib turgan chugʻurchuqlar duv koʻtarildi. Oʻsar mahzun tortib: «He-e ketdi... Momoyam ketadi. Shu, shu yongʻoqniyam ekib oʻstirgan-a! — dedi. — Ha-ha, anavi oʻriklarniyam, behi, qizil olma, loyxonadagi olchalar... Bu daraxtlar ham kampirning bolalari. Oʻzi shunday der edi... Ajab, daraxtlar odamzotdan erta qarir ekan-a? Yoʻq, bular teng qartayibdi, chamamda. Biroq baribir momom oʻlgandan keyin ham bu daraxtlar hosil beraveradi: bizga...»
— Chol, — dedi Hojar.
— Nima? Koʻr boʻlgir! — dedi Oʻsar. — Qara, biz uchun oʻstirgan bu bogʻni! Se-ening bolalaring uchun, gʻalcha! Mevasiga nevaralarimning ogʻzi tegadi deb... E-e, falak! — Oʻsar titrab-qaqshab, bir nimalarni ostin-ustin qilib yuboradigandek shishinib ketdi. Soʻngra mingʻirlayotgan xotiniga qarab: — Hoy, nokas, oborib... oborib tashlab kelolmaymanmi? — deb yubordi birdan. Bu gapidan oʻzi hayron qolib hamda nihoyat, topolmayotgan nimarsasini topgandek boʻlib avj qildi: — Yoʻq, men hazillashayotganim yoʻq.
— Voy, bas, — dedi kelin. — Yaxshisi, meni oborib tashlang oʻsha gʻaribxonaga.
— Seni? Seni boʻkirtirib ishlatadi-ku u yerda! — Hayqirib kuldi yigit. — Nodon! Buning topgan gapini qarang!
— Boʻ-oʻldi, boshqa gapirsam, oʻlay.
— Sen oʻlmaysan, ming gapirsang ham oʻlmaysan. — Gʻudirlagan koʻyi boz otashin boʻla boshladi Oʻsar. — Shu kecha... Yoʻq, ertagayoq mingʻir-mingʻirni boshlaysan yana.

Shunda Hojar yana eriga boqib qoldi-da, sekin turib eshikka yoʻl oldi.
— Ha? — dedi Oʻsar uzalib.
— Torting qoʻlingizni...
— Yana nima boʻldi? — Shunda yigitning yuragi qattiq siqilib ketdi: nimaga buncha gapiryapti? Mayda-chuyda gaplar... Axir, muddao aniq-ku.

«Shoshma, biron haptaga oborib qoʻysam-chi, oʻsha yetimxonaga?» — degan oʻy keldi xayoliga. Va bu «reja» unga shunchalik ma’qul tushib ketdiki, bu oʻyning ilgariroq kelmaganidan hatto hayron qoldi: axir, bir haftada kampirning qadri oʻtadi, pushaymon yeydi bu... Buning ustiga, qoʻni-qoʻshnilarning ta’nasiga chidolmaydi... Yoki, ularga bildirmaydimi? «Ukalari Kenjanikiga oborib qoʻydilar. Sogʻingan ekanlar», deydi. Lekin Kenja bu «ish»ni bilsa, rosa yigʻlaydi... Balki kampirni oʻz uyiga olib ketadi...»

Bu orada xotini Hojarning gʻoyat iztirobga tushishi — Oʻzini ming bor la’natlashi va, demak, Oʻsar «tantana» qilishi — xotini ustidan mardona kulishini oʻylab:
— Boʻldi! — dedi. — Momomning uyiga kir. Ul-bulini yigʻishtir... — Xotini unga baqrayib qoldi. — Senga aytyapman, koʻzing oʻyilgir! — Oʻdagʻayladi Oʻsar. — Boʻldi, muddaongga yetding... Ennasini... bu dunyoni! —

Keyin oʻzining gaplari oʻziga kor qilib, koʻzlariga yosh toʻldi. — Bu hukumat nomard ekan, enagʻar... Kampirni ishlatib-ishlatib, oxiri pensiya ham bermadi... Xayriyat, otam urushda oʻlgani uchun oʻttiz soʻm beradi...
— Boʻldi qiling, shahdingizdan tushing, — erining yelkasigami-yoqasigami qoʻl uzatgan edi, Oʻsar tislanib ketdi.
— Yoʻqol! Bor, aytganimni qil!

Hojar iziga qaytdi-da, gazni shartta oʻchirib, boyagi joyiga oʻtirib oldi.

Oʻsar uni tepadigandek xezlandi.
— Turmaysanmi?
— Yoʻq,

Oʻsar bir zumda uni sulaytirib tashlashni oʻyladi, ammo oʻzi kasalvand, oʻlib qolsa...

«Yoʻq» deyapti-ku? Pushaymon yeya boshladi hozirdan. Toʻxta, bir ish qilamanki, oʻzi yugurib qoladi»...

Ana shunda Oʻsar shodon qahqaha otadi.

U ildam yurib ayvonga chikdi-da, ayvonchani bu yokdan ham toʻsib turgan sholchani shart tortib yuborgandi, sholchaning supaga qaragan tomoniyam shalop etib yerga tushdi. Ayvonga quyosh nuri yopirildi.

Maqsad momo tagʻin ochilib qolgan boshiga qiyigʻini yopmoqchidek paypaslanib, oxiri kaftlari bilan tepasini pana qilgan boʻldi.
— Momo! — dedi nevara ovozi xirillab va tuyqus yigʻlamokdan beri boʻlib baqirdi: — Kenjangiz chaqiryapti ekan sizni! Kenjaboy!.. Bittasi aytib ketdi...
— Kim? — deb pichirladi kampir va yuzi yorishib, koʻzlari yolqinlanib ketdi. — Kenja?
— Ha! Sizni mehmonga aytipti! — dedi Oʻsar bir tabaqali, zanjiri tepaga ilinadigan eshik tomon yurib. — Munday odamga oʻxshab borishingiz kerak. Boshqa kiyim-bosh bordir... — Keyin narigi uyga qarab baqirib yubordi: — Hojar! Baqqa ke!

Hojar eshik ogʻziga kelib turgan ekan, darrov qaradi.
— Nima?

Oʻsar koʻzlarini ola-kula qilib, kampirga ishora qildi.
— Kiyintir momomdi! Axir, axir... aytdim-ku.

Kenja uyiga chaqiripti deb! — Soʻng jilmaydi. — Yoki...

Er-xotin uzoq muddat birga yashasa, bir-birining vajohatidan nima demoqchi boʻlayotganiniyam soʻzsiz bilib ketishadi. Shundayki Hojar angladi: eri «Yoki... hazar qilasanmi?» demoqchi.

Hojar kalovlanib buyoqqa yoʻnaldi.
— Qani, tez boʻl! Him, yana ul-buli boʻlsa, uniyam ol... Boʻgʻcha qil!

Oʻsar shunday deb ayvondan tushdi. Koʻprikchaga yetganda supadagi dasturxonga qaradi-da, jadal borib uning chetidan tortdi. Dimlamani apil-tapil yeb olib, barmoqlarini yalay-yalay darvozaga qarab ketdi.

Uning koʻngli xiyla tinchib qolgan edi. Momoni Kenjaning uyiga obormasligi aniq. Lekin yetimxonagayam obormaydi-yu...

Biron oʻn daqiqadan keyin Oʻsar bodomgulli chit koʻylak kiyib, boshiga doka roʻmolini oʻragan kampirni koʻtarib yuk mashinasining kabinasiga oʻtqazmoqda edi.

Kampir oʻrnashib olgach, qoʻllarini koʻksida tutib, koʻzida halqa-halqa yosh bilan oyoqqoʻygich qoshiga kelgan Hojarga:
— Men sal kunda qaytaman, kelinjon. Bu bogʻdan, sizlardan ajralib yasholmayman, — dedi. — Ke, bir oʻpay... Oh!
— Momojon, tez kelmasangiz, oʻzim borib opkelaman, — dedi Hojar.
— Be, mana moshina... Asaljonimdan aylanay! Gʻir etib boradi-yu, obkeladi-da momosini. Selsovetdan telefon qilib tur. Ovozingni eshitib turay... Kelinjon, nevaralarimga ena suti bermagan boʻlsam ham, ena boʻlib boqqanman... Huv, u kunlarni xudo koʻrsatmasin!

Oʻsar xotinini tirsagi bilan turtib yuborib, eshikni yopdi.
— Qolganini menga aytasiz!

Momo qiyqillab kulib, mashina derazasidan qoʻlini chiqarmoqchi boʻldi: barmoqlari oynaga tegib qaytdi. Va keliniga: «Buning gapiga parvo qilma. Hazilkash-da» deganday jilmayib, har ikkala koʻziniyam qisib qoʻydi.

Kampir behad shod edi. Shodligi shunchalikki, esi-yam butkul oʻziga kelganday...

Hojar roʻmolning uchi bilan koʻzini artdi, soʻng uni ogʻziga bosib tislandi.

Oʻsar mashinani tartarlatib va birdan silkitib haydab ketarkan, negadir choʻzib-choʻzib bubuplatdi.
— Momo!
— Labbay, jonim.
— Anavi yerdan ushlang. Ushlang deyapman... He, enagʻardi momosi! — Oʻzi oʻng qoʻli bilan kampirning dast-panjasini olib, gʻaladonning tutqichiga qoʻydi.
— Ha, mundaychikisiyam bor ekan-da... Aylanay mehribonimdan... Sizlarni halol yedirdim, halol kiydirdim. Xudoga shukur. Eshitgansan, bobongdi «virag narog» deb otishganda, bizdan yetti chaqirim tgariga qochib edi qarindoshlar ham. Ha, «xalq dushmani»ning bevasi edim-da.
— Xalq dushmani emish...
— A? Ha, uning nimasi dushman edi? Ikkita qoʻsh xoʻkizi bor edi bor-yoʻgʻi. Otang bilan lalmikorda yer haydar edi...
— Bobom hukumatga bermaganmi oʻsha hoʻkizlarni?
— Saman otini berib edi. Nuqra juganlari bilan... Huv, optoʻymas, yebtoʻymas ekan bu hukumat. Oxiri hoʻkizlargayam koʻz...
— Davlat deb gapiring!
— Ha-e... Lekin davlat baribir adolatli ekan. Bobongdi oqladi-ku oqibat.
— Ha. Oʻldirib boʻlib keyin oqladi.
— Hammasi xudodan... Shukur qil, bolam, shukur qil. Urushdan keyingi ocharchilikda beshtalab bolasi oʻlganlar boʻldi. Bir kechada. Xudoyo, tavba qildim...
— Tavba qiling, tavba qilavering... — Oʻsar mashinani surib tor koʻchadan chiqararkan, chambarakka shap-shap urib: — Dod! — deb qoʻydi. — Urdim nashani, surdim pashani degan ekan bir Nurqul degan avliyo!

Mashina katta koʻchaga tushgach, toʻgʻriga yoʻl oldi. Oʻsar tezlikni oshirib va har qadamda signal berib, goʻyoki oʻzining qandaydir «Borsa qaytmas»ga borayotganidan oʻtkinchilarni ogoh etayotgan kabi koʻzi ilgʻagan tanish-bilishlarga beixtiyor bosh irgʻab, qishloqdan chiqa boshladi. Nihoyat, qishloq soyi qirtogʻiga — qizgʻish tovatoshlardan iborat qir bagʻriga ilonizi boʻlib oʻrlagan yoʻlga tirmashtirib, hademay oʻrkachga chiqardi mashinani va u yogʻi — adirga tushirdi.

Bepoyon tekis dasht. Asfalt buzilmagan, biroq yozda erigani boʻyi qat-qat boʻlib qolgan. Yoʻlning oʻng tomonida — yiroqda Qoratogʻ tizmalari tuman ichida mudrab yotardi. Choʻqqilarda bulut karvonlari sudraladi.
— Momo!
— Ha. Jon... Voy, qoʻllaringdan! Bir haydayapsan, belanchakda yotganday maza qilyapman... Hi-hi-hi. Qarilikka yoʻrgʻalik... — Keyin Oʻsarga angrayib qaradi. — Sen Asaljon-a?
— He, enagʻar... Boshladingizmi yana?
— Nimani?
— Talmovsiramang.
— Voy... — Kampir jimib qoldi. — Kenjaning uyiga oboryapsan-a meni? Nechta bolasi bor uning? Uf, esar boʻp qoldim, bolam.
— Borganda, sanab bilasiz, — dedi Oʻsar, — Sanaysiz... — Shunda jigarbagʻri boʻgʻziga sapchigandek boʻlib entikib ketdi: «Kenjanikiga oborsam mabodo... Nima deb topshiraman buni? Oʻzi toʻrtta bolasi bilan domda siqilib... Gap shu! Momomni biron joyda bir-ikki soatga qoldirib, qaytaman! Shuning oʻzi Hojarga yetadi...»

Soʻngra kampirni shu atrofda... biron yerda qoldirishga joy izlab, oldinga va yon-atroflarga koʻz sola boshladi: anavi yulgʻunzordagi oq tugʻ koʻtarib yotgan qabr — Xotin shahid... Ioʻltoʻsarlar oʻldirib ketishgan bechorani. Him, xavfli joy...

Buyoqdagi soylikda pana joy yoʻq: toshlokda oʻtirgan kampirga oʻtkinchilarning koʻzi tushadi, qiziqishadi.

Shunda olisda — yoʻlning ikki chetida ikkita pakana gʻujumdek boʻp koʻrinayotgan daraxtlarga — qoʻsh tutga koʻzi tushdi-yu, tuyqus shodlanib ketdi.

Qoʻsh tutni shofyorlar «darvoza» deyishar, u qandaydir darajada bekat ham edi. Oʻsar esini tanigandan beri biladiki, shu tutlar bor: bundan oʻn-yigirma yillar burun ham ular — qari, tomirlari yer bagʻirlab-bukchayib oʻsgan, quchoqqa sigʻmas tanasida poʻstloqlari kam qolgan, doimo chakalak-kallaklangan shoxlari orasida mitti jiblajibonlar chuv-chuvlab yurishar edi; hamma vaqt otli-eshakli yoʻlovchilar tuman markaziga kelishayotgandayam, chiqib ketishayotgandayam shu tutlar tagiga qoʻnib, biroz hordiq olishar, ulovlarini sugʻorish uchun yoʻldan sal narida qoq bor ediki, yozning jaziramasida ham unda suv boʻlardi.

Oʻsarning «GAZ-157» mashinasi ana shu «darvoza»ga yetgan chogʻda birdan tormoz berdi-da, sapchib ketgan kampirni bir qoʻlida quchganicha ulovni yoʻldan chiqarib toʻxtatdi.
— Voy, nima boʻldi, bolam?
— Hech nima, hech nima... — dedi Oʻsar va xuddi oʻgʻrilikka tushayotgan singari allanechuk qoʻrquv-hadik ila: — Tushaylik, momo, tushaylik, — deya eshiklarni lang ochdi. — Men radiatorga suv quyib olay.

Buyoqdan aylanib kelib, qoʻlini choʻzdi va birdan kampirni koʻtarib olib, tut ostiga eltdi. Oyoqqa qoʻyib: — Suyaning! Oʻtirmang, — degancha iziga qaytdi.

Kampirning boʻgʻchasiniyam keltirgach:
— Buning ustiga oʻtiring!.. — deb qandaydir dagʻdagʻa qildi-da, tislanib, yoʻlning uyogʻi va buyogʻiga boqdi: hech qora koʻrinmasdi.

Maqsad kampir tuguniga oʻtirib-oʻrnashib, tutning tanasini siypaladi.
— Voy, qabigʻini mol gʻajigan, a? — dedi. Keyin Oʻsarga qarab kuldi. — Nashaga choʻgʻ boʻladi deb olishgan.. Sen nasha chekmaysan-a, Asaljon?
— Chekaman! Bilasiz-ku — dedi Oʻsar. — Xoʻsh... — U oʻzi anglamagan holda koʻzlarida boyagi qoʻrquv, tagʻin hayajon-xijolat va oʻta sergaklik bilan kampirning qoshiga keldi. Unga qattiq tikildi-da: — Qimirlamay oʻtiring, eshittingizmi? — dedi.
— Oʻtirippan-ku, Asaljon.
— Ana, qoqti suvi qurigan ekan. Ana... Orqaga qaytmasam boʻlmaydi. Oʻn minutda kelaman.
— A, qaerga borasan?
— Aytdim-ku, suvga!
— Mayli-mayli. Bor, bolam. Men oʻtiraman... Moshinang koʻp loʻxshidi. Damimdi olaman... Aylanay sendan. Muni qara, dunyo keng-a, tavba...
— Dunyo — torga tor, kengta-keng ekan, momo! — Oʻsar ixtiyorsiz bir holda Nurqul nashavandning hikmatlaridan yana birini aytib yubordi va bu gap ittifoqo oʻziga ta’sir etib: «Biz — tor, men — tor... — deb oʻyladi. — Kenjayam biladi meni. Bekorga «injiqsiz» demaydi. Bu hayot nervinniy qilib qoʻygan boʻlsa, nima qilay? Axir, Hojarniyam yaxshi gap bilan ovutsam boʻlardi. Nuqul unga achchiqma-achchiq gapiraman. Qoʻlim ham...
— Besh minut! — deb barmogʻini oʻqtaldi kampirga. — Xoʻp, yarim soat... Tushundingizmi? Birov gap soʻrasa, javob bermang!

Kampir shunda qiqillab kula boshladi.
— Nimaga kulyapsiz? — deb birdaniga doʻq qildi Oʻsar. Va yana koʻngli buzilib ketdi. — Momojon...
— He, oʻzim... Qadimda boʻlar ekan-da, — dedi momo koʻrsatkich barmogʻini bukib, koʻzlarini artib. — Shu-shu... qarigan chol-kampirlardi oborib-adashtirib...
— Aljimang!
— Xayolimga keldi-da.
— Boʻlmasa siz ana shunday xayol suri-ib, oʻzingizni aldab oʻtiring, men tezda qaytib kelaman.
— Xoʻp-xoʻp, otajon, — dedi kampir va gangib qoʻlini fotihaga ochdi. — Iloyim, eson-omon borib kel. Yoʻling oq...
— Hey-hey! Nimalar deyapsiz? Hozir kelaman deyapman-ku, enagʻar!
— Yana xayol...
— Xayoldi joyiga qoʻyib... a? — Oʻsar yana tahdid qilgan boʻlib tislandi-chetlandi va yana bir daqiqa bu yerda tursa, kampirni olib uyga joʻnaydigan kabi otilib mashina yoniga bordi. Oʻtoldirgich kalitini izlamoqchi boʻldi-yu, motor tir-tirlab turganidan vaqti xush boʻlib, kabinaga kirib oʻtirdi.

Keyin shaloq mashinani gurillatib, «darvoza»dan toʻgʻriga oʻtkazib ketdi: kampirga qaragisi keldi — Oʻzini tiydi. Biron yuz qadamlar olislagach, yana qarashni istadi: ammo qarasa, tagʻin bir kor-hol boʻladigan singari tezlikni oshirdi-yu, soylikka enaverib, taqqa toʻxtatdi: qayoqqa boryapti?

Oʻziyam xayolati boʻlib qopdi.

Axir orqaga burib, tagʻin kampirning oldidan oʻtkazishi kerak-ku mashinani?

Tezroq uyga yetishi kerak!

Shunda uning yana yigʻlagisi kelib ketdi: «Butun hayotini bizlarga bagʻishladi shu kampir. Bobomdan qolganida yosh boʻlgan-ku! Lekin er qilmagan... Enagʻar enam boʻlsa, otamdan kelgan izvishenini oʻkiboq fe’li aynigan. Ukam bilan meni tashlab, bir dizirtirga ergashib ketgan...

Momom chapak chalib qolavergan.

Kuygan banda bu... «Endi men ham mazax qilyapman!»

Oʻsar shu alfozda yana mashinani toʻgʻriga haydab ketganini bilmay qoldi. Mashina toshloqda chindan ham uf-uflab toʻxtab qolganidan keyin oʻziga keldi.

Ha, radiator ish koʻrsatmokda edi...

U yigʻlab yubordi-da, kopotni ochib qoʻyib, qaynoq bugʻning koʻtarilishini bir oz tomosha qilgach, pachoq chelakni olib buloq izlab ketdi.

Alqissa, allaqancha vaqtdan keyin shaloq mashinani qaytarib qishloq yoʻliga tushirdi. Tutlar orasidan shitob bilan oʻtdi. Va qishloqqa yaqinlashganda...

...Qay koʻz bilan koʻrsinki, qarshisidan kelayotgan tanish yuk mashinasi ustida...

Hojar tik turgancha kabina tomiga qoʻllarini tirab kelmokda, roʻmoli uchlarini tishlab olgan edi.

Oʻsar mashinani yoʻl oʻrtasiga burib toʻxtatdi.

Kabinadan boshini chiqargan tanish qariyaning salomiga ham alik olmay, oynadan qoʻliniyam chiqarib baqirdi:
— Hey! Baqqa tush, enagʻar!

Hojar erini tanib, titroqli iljaydi-da, kuzov ortiga qarab ketdi. Oʻsar uning yerga tushishi mushkul ekani uchun oʻzi kabinadan chiqdi, aylanib borib, xotinini koʻtarib oldi. Yoshli koʻzlariga tikilib:
— Ha? — dedi va... uning nega yoʻlga chiqqanini tusmollagani holda: — Gapir! Qaerga borayapsan, enagʻar... a? — deb baqira boshladi.
— Sekin, sekin, — dedi xotin boshini egib va chap qoʻlini koʻksiga bosib.

Shunda narigi mashina qimirladi. Yoʻl yoqasiga chiq-di. Oʻsar beixtiyor xotinining bilagidan ushlab, oʻz mashinasi tomon yoʻnaldi. Anavi «ZIS» oʻtib ketgach, ikkisiyam changga belanib va qoʻllarini pashsha haydaganday qilib kabina qoshiga yetishdi.
— Xoʻsh? — dedi Oʻsar. — Uyga qaytamiz-a? Momo qo-oldi... Yuraging sovudimi, haromi? Endi yaylov keng boʻladi senga! Bogʻda javlon urasan, silkasal! Xotin uning qoʻllarini oʻpa boshladi.
— Unday demang... Yolton gapiryapsiz... Borsangiz, oʻzingiz boring oʻsha boqqa... uf, oʻlaman. — Keyin Hojar chinqirib yubordi. — Qaytaring moshinani! He, nevara boʻlmay oʻling! Mashinani qaytaring!

Oʻsar qanoatlanib — tomoq qirib, kabinaga kirdi. Motori tagʻin oʻchiruvsiz qolgan ulovini yurgizib, aylantirib keldi. Hojar yoʻlning bu tomoniga oʻtib, ichkariga arang kirib oʻtirdi-da, tutqichdan mahkam ushlab, boshini egdi.
— Ha? Pushaymon qilyapsizmi? — dedi Oʻsar mashinani haydab. Xotin miq etmadi. — Battar boʻl! — keyin yana mamnun boʻlib ketdi...

Soʻng... momosini qoʻsh tutda sargʻaytirib... qoldirib kelganidan...

Yigitning chunonam alami kelib ketdiki:
— Uh, — deb ihradi. — Nimaga tugʻildim men? Shu azoblarni chekish uchunmi?.. Birovlar tugʻilganidan shod, dimogʻi chogʻ! Uyida tinch, qulogʻi tinch... — Keyin, nosqovoqni tishlariga tiq-tiq urib nos otdi. — Gapiy!

Xotin yana churq etmay oldinga boqdi. U qandaydir shishinqiragan, qovoqlari osilib ketgan, faqat koʻzlari gʻiltillar edi. Oʻsarning ayoliga yana rahmi keldi-da, tuyqus uning egnidan oʻng qoʻli bilan quchib qoʻydi.
— Bilardim.

Hojar koʻzini yoʻldan uzmay soʻradi:
— Qaerga oborib tashladingiz u kishini?
— Qaerga, qaerga... Detdomga-da! Bildingmi? Xursanddirsan?

Xotin mingʻirladi:
— Yoʻq. Detdomga emas.
— Kenjaning uyiga! Boʻldimi?
— Bekor gap. Uydan chiqqaningizga bir soat ham boʻlmadi.

Oʻsar oʻng qoʻli bilan xotinining basharasiga urib yubordi.
— Anavi shopir bilar ekan, — dedi Hojar.
— Nimani? Nimani?
— Sizni, fe’lingizni!
— Hali unga aytib berdingmi, enagʻar?
—Ha.
— Voy, do-od!

Oʻsar gazni bosdi-ya! Bosdi. Boyagi «ZIS» qaytib kelayotgan ekan, toʻqnashib ketishiga oz qoldi. Nihoyat, juft tutlar koʻrindi. Asta-sekin kattalasha boshladi. Keyin Oʻsar ogʻzini ochib, lablarini yalay boshladi: goh yutinadi, goh xotiniga yalt etib qarab qoʻyadi.

Oʻsar mashinani sekinlatarkan, kampir suyanib oʻtirgan tutning toqqa qaragan yogʻigayam boqdi: hech narsa yoʻq. Soʻng mashinani sal nariga oʻtkazib toʻxtatdi-da, sakrab yerga tushdi. Chopib daraxt tagigabordi, nega-dir tutning shoxlariga qaradi. Keyin esa tanani gir aylandi va kampir oʻtirgan yerga tikildi: chumolimidi—erga kirib ketsa?..

Qojar kabina eshigini ochib, eriga qarab turardi.
— Nima qilyapsiz? — deb soʻradi.
— E!.. E, xu-do, enagʻar... — Oʻsar ogʻzini kappa-kappa ochib nafas olgancha, qoq tarafga koʻz otdi-yu, koʻlning u sohilida uyulib yotgan toshlar, bodomcha va yantoqlarga tikilib qolib, chuqur xoʻrsindi. — Tush endi... Yetib keldik! — dedi. — He, poʻkka... Senga kim qoʻyib edi yoʻlga chiqishni!

Hojar oʻrdak yurish kilib keldi.
— N-nima gap oʻzi?
— Nima, nima... — Oʻsar tagʻin tosh uyumlari yoqqa boqdi. Va yana xoʻrsinib yubordi. — Xudo urgan badbaxtlarmiz... Oʻ, u kampirning biz uchun qilgan ishlari! Hisobi yoʻq... — Shunda koʻngliga boz xavotir tusha boshladi. — Ey, boʻgʻchasiyam yoʻq-ku!
— Nima? Shu yerda qoldirib edingizmi?
— Momo-a! — deb chinqirib yubordi Oʻsar. Soʻng yugurgilab qoqning beri tomonidagi tosh uyumlari ustiga chiqdi. — Momo-oo! Hoʻ, enagʻar, momo-o! — Shunda payqab qoldiki, nariyoqdagi qalama toshlar orti baralla koʻrinib turibdi: hech zogʻ yoʻq. — E, enangdi... Yerga kirdimi, osmonga chiqdimi? — Oyogʻi ostiga va koʻkka qarab olib, hovliqib pastga tushdi.

Tut tagiga kelib, yoʻlning u boshiga koʻz tikdi, keyin bu boshiga. Soʻng kampirni oʻtqazgan yeriga.
— E, xudo! Bu nima koʻrgulik? Mana shu yerga...

Bukri tomirga endi Hojar oʻtirib qoldi. Oʻsar yoʻlning u betiga oʻtdi. Keyin toʻgʻridagi soylik tomonga chopib ketdi. Yetdi. Buloq suvi toshchalar oralab oqar, qandaydir oʻtroq qushchalar chiy-chiylashar edi.

Oʻsar dodlab, yana orqaga qarab chopdi. Tut ostidan oʻtib, yana toshlar ustiga chiqdi.
— Momo-o... — dedi endi ovozi boʻgʻilib. — Axir... — Shunda kamshfning boya (Oʻsar ketayotganda) kulgani, «Qadimda boʻlgan ekan-da...» deganini eslab: «Tagʻin birov-yarimga aljigan boʻlsa...» deb oʻyladi. Va oʻzini — Usarniyam tanimay qolishi yodiga tushib, holsiz shivirladi:
— Obketishibdi.

Yigit xotinining yoniga keldi.
— Balki anavi shopir obketgandir, — dedi xotini.
— Ha, enagʻar-a, sharmanda kilding-ku! Yuqolgan kampir «topildi». Ammo, u yogʻini yozib oʻtirish shartmi?

1990