OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiQariya (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qariya (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Qoʻziboy cholning kasbi betayin. Bozor kunlarida jarchilik qiladi. Xususan, moli yoʻqolgan kishilarga asqatadi: «Oʻzi ola buzoq, bir pochasi qora, ikki yashar! Kimki ushlagan boʻlsa yo koʻrgan boʻlsa, yo bogʻlagan boʻlsa, oʻttiz soʻm suyunchisi bor-ho-o!» deb baqira boshlaganda ovozi yetti mahalla nariga ketadi. Qoʻziboy chol ana shu ishi uchun mol egasidan choʻtal oladi. Biroq hozir bu kasbning omadi ketgan; rayon shaharga aylanayotgani uchun aholi koʻpayib, yer tagʻin torlik qilib, tomorqalarda mol saqlab boʻlmaydigan darajaga yetyapti. Shuning uchun molini yoʻqotib, Qoʻziboy cholga murojaat qiladigan kishilar ham juda oz! Biroq besh-olti yildan buyon Amudaryo yoqasiga yaqin koʻllar boʻyida guruch yetishtirayotgan koreys oʻrtoqlar bozorga serqatnov boʻlib qolishgan. Ular kuzda kelib yotib olishlari bilan toki qishni chiqarmay ketishmaydi! Shundoq boʻlgach, ular qoʻshimcha dastyorlarga muhtoj: keltirilgan qop-qop guruchlarni tushirish kerak, rastalarga joylash kerak. Vaqti-bevaqt ularga choydan qarashib turish lozim. Ishning eng qiyin va «sermahsuli» qishga qoladi. Ayniqsa, sahar paytida bozordan baralla koʻrinib turuvchi togʻlardan shundoq izgʻirin esadiki, toqat qilib boʻlmaydi. Shunda beva xotin «jon olov, jon er» deganidek, sotuvchi oʻrtokdarga kul paqirda keltirilgan lagʻcha choʻgʻ juda ham asqatadi-da! Bu choʻgʻni ularga Qoʻziboy chol qilib beradi.

Bozorda bu qariyadan boʻlak tagʻin beshta xizmatchi bor. Biroq chol sotuvchilar bilan toza elakishib, mijoz boʻlib ketgan. Soʻngra u boshqalardek ortiqcha toʻngʻillamaydi, berganini olib, haqiga moʻl-koʻl duo qiladi. Pishiqchilik mahalida ham Qoʻziboy cholning ishi koʻpayib, qoʻli-qoʻliga tegmay qoladi. Hali qarasangiz, shartta yorib yeb ketiladigan qovun-tarvuz poʻchoqlarini chelakka yigʻib yuradi. Hali qarasangiz, oyoq osti boʻlgan uzum, pomidor, karam poʻchoqlarini terib yuradi. Ba’zan qoʻshni mol bozoriga oʻtib, tezak ham supuradi.

Shu ishi evaziga bozorkomdan maosh oladi, xizmatchilar roʻyxatiga «ishchi» deb yozib qoʻyilgan. Maoshdan tashqari, sotuvchilarning himmatiga qarab tushadigan uch-toʻrt chaqa pul ham cholning choʻntagiga kiradi.

Qoʻziboy chol — oriq, oyoqlari chilchoʻpdek. Yurganda boshini har tomonga burib, xuddi jarchilik qilayotgandek keskin-qaltis harakatlar qilib qadam tashlaydi. Kishilarga benihoya jiddiy nazar soladi. Choyxonaga kirsa, umrida koʻrmagan odami bilan ham nihoyatda quyuq soʻrashib, avlod-ajdodlarini surishtiradi.

Darvoqe, ravoch chiqqanda ham qariyaning omadi yurishib qoladi: chunki eshaklarida qop-qop ravoch olib tushgan togʻlik oʻrtoqlar ham Qoʻziboy cholning mijozlaridir! Ular rayon markazidagi aholi singari ogʻir, «bardoshli»mas. Keltirgan mollarini donalab sotib oʻtirgandan koʻra uni koʻtarasiga sotib, oʻzlariga kerakli narsalarni xarid qilib qaytshpga shoshadilar: togʻ uzoq, kechga qolmay qishloqlariga yetib olishlari kerak. Ana shunda Qoʻziboy chol ularning bamisoli hojatbarori boʻladi. Biroq u bu xil olibsotarligidan kam foyda qiladi. Negaki savdoga qiziqib ketganidan keyin «oʻn tiyinga beshtalab» sotayotgan ravochini «oʻn tiyinga oʻntalab» sotganini ham bilmay qoladi. Shunga qaramay, bu ishni qoʻymaydi. Ayniqsa, kechasi kinoxona yonida chordani qurib sota boshlaganida oʻzi ham juda mamnun boʻlib ketadi, boshqalar ham...

* * *

Cholning ota avlodidan ham, ona avlodidan ham hech kimi yoʻq. Shuni es-es biladiki, bolaligida qishloqlarini qurollangan odamlar bosgan. U somonxonaga bekinib jon saqlab qolgan. Keyin chorbozorchilarga qoʻshilib, koʻmir koni yaqinidagi qishloqqa borgan. Qoʻy boqqan, pochtachilik qilgan. Bir eshonga murid tushib, yetti yil uning izidan yurgan. Qoʻziboy chol bola koʻrmagan. Xotini bundan sakkiz yil muqaddam oʻzining qoʻlida jon bergan. Xotinining qabri Qizil Gazada. Uchiga paxta qoʻshib oʻrilgan qubbali jamalagi bilan kiygichi hamon qariyaning uyida, tokchada...

Shundan beri chol yolgʻiz. Toʻrt yil boʻldiki, uni oʻlim vahimasi chulgʻay boshladi. Koʻzi pishib ketgani uchun oʻlimdan emas, jonkuyari boʻlmagani uchun oʻlganini hech kim bilmay qolishidan qoʻrqadi.

Oʻlimligini tayyorlab, tayinli bir kishiga berib qoʻyishni oʻz burchi deb bildi va bu yillar orasida jamgʻargan pulini Qobil qassobga berib qoʻydi. Onda-sonda qassobning doʻkoniga kirib: «Qalay, zoʻrmi?!» deya pulning omon-eson turganiga shama qilib qoʻyadi. Qassob ham kalta iyagini qashiyotgan boʻlib: «Xotirjam boʻl!» deydi.

...Bu yil kuz barvaqt tushdi. Bargi pastidan toʻkilgan daraxtlar uchi qontalash. Chugʻurchuqlar serob. Mezonlar koʻp — simyogʻoch simlarida, daraxt shoxlarida, tom boʻgʻotidan chiqib turgan yogʻoch uchlarida. Chumchuqlar ham sertashvish. Rayon koʻchalarida odam siyrak. Hamma paxta terimida. Qoʻziboy chol ham bir hafta terimda boʻlib keldi. Juda yayradi! Biroq qaytib kelgan kuni kimsasiz bozorga kirib huvillab yotgan rastalarni ichki bir mamnuniyat bilan aylanib koʻrarkan, bozor odogʻidagi kichkina darcha qattiq itarilib, ochilib ketdi. Roʻmolining uchini ogʻziga tutib olgan toʻlagina ayol qizargan koʻzlarini yashirib, darvozaga qarab yoʻnaldi.
— Bahay? Tinchlikmi? — soʻradi bozor ishchisi.
— Oʻ, akajon... Otamni berib qoʻydik. Bilasiz-ku, qandoq odam edi! — kelinchak oʻtib ketdi.

«E, miskar olamdan oʻtibdi-da... Chakki ish boʻpti. Oʻzi rahmat qilsin», — dedi qariya va bu kelinchak haqiqatan ham miskarning kelinimi-yoʻqmi ekanini bilmoqchidek, uning ketidan tushdi.

Kelinchak chorrahadan oʻtib, past koʻchaga enib ketdi.

Qoʻziboy chol choyxonaga kirdi. Kimsasiz, zax xo-naga oʻtib, bitta koʻkchoy buyurdi-da, chorpoyaga chiqib chordana qurdi. Doʻppisi ustidan qiyiqcha oʻragan Gʻoziboy choy olib kelgan edi, uni roʻparasiga oʻtqazib:
— Attang-a... miskar oʻtipti! — dedi. — Dunyo shu ekan-da, birodar!

Choyxonachi shoshib qoldi, surishtira ketdi.
— E, qizishmang, inim, — dedi Qoʻziboy chol beparvolik bilan. — Ajal vaqtiki kelib, har birimizning ham eshigimizni taqillatadi. Musulmon odam oʻlimni boʻyniga olib qoʻygani ma’qul... Meni boshqa bir nima oʻylatadi, inim! Qodirboy koʻp moʻmin-musulmon odam edi. Balli... Uning izzat-hurmatini joyiga qoʻyib chiqararmikan bu kelinchak? Shu yogʻi meni oʻylatadi... Chakki ish boʻpti-da! Balkim tayyorgarligi yoʻkdir? A?.. Unda qiyin! Inim, oʻlim degani toʻy emas, men sizga aytsam. Toʻy degani bamaslahat boʻladi, oʻlim tuyqusdan keladi! Buning farqi katta!.. Attang!

Boʻshashib qolgan choyxonachi Qoʻziboy qariyaning uzun, oq oralagan echki soqoli, choʻkik yonoqlariga oʻychan tikildi.
— Ota, soʻraganning aybi yoʻq. Necha yoshga bordingiz? — soʻradi u.

Chol taltayib har tarafga qarab oldi:
— Nasib boʻlsa, mening hisobimda... ikki kam yetmishga kirdim! Men bilan oʻsgan mana, Qobil qassob paygʻambar yoshiga borganiga naq besh yil boʻldi. Shu hisobda uyam ikki kam yetmishga chikdi.

Choyxonada odam koʻpaydi. Qoʻziboy chol ular bilan

soʻrashib, paxtadan olgan taassurotlarini hikoya qilib xiyla oʻtirib qoldi.
— E, bu Shoymardon Qudrat deganingiz toza zoʻr ekan! Desangiz, paykalda paxta oppoq boʻlib, shu... charv moydek boʻlib oqib yotibdi! Mashinasi bilan bir oralasa bormi, quruq gʻoʻzasini koʻrasiz! U zoʻr ekan... Haloli boʻlsin! Oltita bolasi bor ekan, xoʻsh... bitta qoʻli choʻloq. Oʻzi anavi Shoʻrchidan boʻladi. Qoʻngʻirotdan! Boysun Qoʻngʻirotidan! Alpomishning urugʻi-da, baraka topsin...

Kechqurun uyga bordi. Qoʻshnining echkilari tomor-qaga kirgan ekan, ularni haydab kemtikdan oshirdi-da, oʻylab turib bostirmaga chiqdi:
— Ho-ho-o! — deb baqirdi. — Biri ola, biri qora echki koʻrgan bormi? Suyunchisini olib kelaver — ho-o! Qoʻziboy jarchining makkasini yeb yuripti! Baraka topsin egasi-yo!..

Qoʻshni chiqdi, chol bilan kulishdi. U dahlizga kirayotgan edi, yiroqdan kelayotgan yigʻi tovushini eshitib, turib qoldi. Xafa boʻldi. Siyrak, uzun qoshlarini chimirib, ichkari xonaga oʻtdi. Poʻstakday qotib ketgan palos ustida turib, xonaga razm soldi. Tokchadagi jamalakni koʻrib, qoʻliga oldi-da, tomosha qildi. Yana avaylab joyiga qoʻydi va qornidan ochiladigan yogʻoch sandiq ustidan eski joynamozini olib toʻshadi. Tiz choʻkib, rosa tilovat qildi. Oʻlganlarga jannatdan joy tiladi, tiriklarga insof-adolat... Soʻng pichirlab: «E, rasuli barhaq! Imonimni ber, — dedi. — Birovga yomonlik qilmadim, birovning haqini yemadim... Togʻlik ogʻaynilarni ham aldamadim. Koʻpning duosini oldim... Ha, farzand koʻrmadim. Senga bir yomonligim oʻtgandir-da... Oʻzingga shukur. Qobilboyga ham umr ber, bola-chaqasining boshida omon yursin! Meni koʻmsin! E, Qoʻziboyning hech kimi yoʻq ekan demasin birov!..»

U yengil tortib qoʻzgʻaldi. Biroq tashqariga chiqib, tagʻin yigʻi ovozini eshitdi va tagʻin ta’bi kir boʻldi. Allaqanday vahima yuragiga tushib, tor koʻchaga chiqdi.

Koʻchaning bir boshi markaz tarafga ketar, bir boshi toshloq orqali soyga tushardi. Soyning tik qirgʻogʻida qadimgi qoʻrgʻon vayronalari qaqqayib turar, uning vodiyga qarab ochilgan shinaklarini kaptarlar in qilgandi. Qoʻrgʻonning devori ustida ikkita bola koʻrinar edi. «Xah, shumtakalar! Yiqilib tushsa, kimga qiyin?! Yosh-da, yosh...»

Shu kecha qattiq shamol boʻldi, chol bekorchilikda ekib, yaqinda oʻrib qoʻygan makkajoʻxorilarini har tarafga sochdi. Bostirma eshiga koʻp marta ochilib-yopildi. Allaqayoqda bir it uzoq hurdi, tongga yaqin uvladi.

Qoʻziboy cholning ta’bi battar xira boʻlib uygʻondi.

Shu kuni uning ishi yurishmadi: kecha shamolda toʻs-toʻpoloni chiqqan bozorni supurib, supurindini axlat qutisiga solib qoʻygan edi, bir mashina tislanib toʻkib yubordi. Chol bozorkom raisidan dashnom eshitdi. U Qodir miskarning oʻlimiga ham kechikib bordi...

Kechqurun Qoʻziboy chol gangib, qassobxonaga moʻraladi:
— Hormang, usta? Zoʻrmi?

Qassob goʻsht sotilmayotganidan kuyinib oʻtirgan edi, tumshaydi:
— Bitta xolodilnik bersa, xotini taloq boʻladimi?! Mana, goʻsht buzilib qolsa, nima qilaman?
— E, tashvish chekmang, — dedi Qoʻziboy chol. — Hademay paxtadan odamlar qaytishadi... Buyoqda kun soviyapti!
— Siz ham gapiraverasiz-da!

* * *

Qoʻziboy chol shu oqshom yotib qoldi. Saharda turganda yomgʻir shivalab yogʻar, tevarak tinch, bostirma biqiniga taqab taxlab qoʻyilgan sap-sariq joʻxori poyalari ustida chumchuqlar gʻujgʻon oʻynashardi. Yomgʻirda shalabbo boʻlgan bir it devor tagida iskalanib turardi.
— Tur! Yoʻqol! — Qoʻziboy chol unga kesak otdi. It kemtikdan oʻtib ketdi.

Chol odati boʻyicha soyga yuvinishga tushdi-yu, qaytishga madori yetmay qoldi. A’zoyi badani uvishib ogʻrir, shundoq toza havo ham unga yetishmayotgandek edi. Uyga zoʻrgʻa yetib kelib, koʻrpachaga choʻzilgan edi, koʻzi ilinib, tush koʻrdi. Marhuma xotini emish. «Yuring, yuring!» deb qoʻlidan tortayotgan emish. Chol uygʻonib, bu tushning ta’birini yomon tomonga yoʻydi. Bozorga borishga ham hafsalasi boʻlmadi. Ayvondagi dekchaning tagiga toʻrtta qurigan yogʻochni tiqib, ichiga bir kosa suv, kartoshka bilan ikkita sabzi solib, miltillatib qoʻyishni oʻyladi-yu, erindi. Ovqatga ishtahasi yoʻq edi...

Shu boʻyi yotib qoldi. Xayriyat, ertasiga qoʻshnisi Jamol aka tagʻin buyoqqa tushgan echkilarini haydagani kirganida uni koʻrib qolib, uyidan bir kosa achchiqqina shoʻrva chiqardi. Qariyaning ichi ilib, sal madorlandi.
— Bahay, olamda nima gap? — soʻradi u. — Men... bozorga chiqolmadim, Jamolboy! Andak tobim aynib yotib qoldim deng... Shamol tegdimi, bilolmadim. Xoʻsh?
— Yangilik shulki, rayon odamga toʻlib qoldi, — dedi qoʻshni. — Paxadan qaytishgan, bozoringiz ham gavjum... Koʻchaga chiqing, yaxshi boʻladi.
— Toʻgʻri aytasiz. Yotishdan foyda yoʻq!

Qoʻziboy chol shundoq degani bilan tushgacha koʻchaga chiqolmadi. Kechga tomon umrida birinchi marta hassa tayanib chikdi. Rayon markaziga oralaganda, uning kayfi xiyla chogʻ boʻlib ketdi... E! Chol haqiqatan ham yolgʻiz emas! Oʻgʻli boʻlmasa, oʻgʻlidek izzat qiladigan yoshlar bor... Ana, oʻzi tengi qariyalar ham unga izzat-ikrom koʻrsatadi.. Shu koreys oʻrtoqlar ham eski mijozlarini asti unutishmaydi-da; paxtaga ketayotgan xalq chalgʻimasin, deb ularga ham guruch sotish man etilgan edi, yana mollarini olib chiqishibdi. Hammasi xursand! Qoʻziboy chol ular bilan soʻrashib, choyxonaga kirdi.

Gʻoziboy uning oldiga bir choynak choy qoʻyib, aftiga tikildi:
— Nima boʻldi, ota?
— E, issiq jon... Olloyim sevgan quliga kasal berar ekan, inim. Oʻlimni unutmasin, meni eslab tursin deb. Shundoqki, biz ham andak yotib oldik!

U koʻchaga chiqqanida sovun, tuz xarid qilish uchun togʻdan tushgan tojik oshnalariga yoʻliqdi. Ular gʻoyat soʻzamollik bilan choldan ahvol soʻrashdi.
— Akun in sol ham chukuri moʻl meshad! — deyishdi ular. — Sizga rahmat... Bo bizdi esdan chigʻormang, baxudo xapa boʻlamez. Mana, bir yuzu oltmish panj kundan soʻngra chukuri chiqadu!
— Ha, oʻlimga sabr bersin, hammasi boʻladi, — dedi qariya.

U uyiga qaytar chogʻi qassobxona yonidan oʻtarkan, dili andak ogʻridi. Doʻstining xabar olmagani endi yodiga tushdi...
— Xoʻsh, tani sihatlikmi? — dedi u ichkariga qarab. Yoʻgʻon, baquvvat qassob unga oʻtkir tikildi:
— Oʻzingizni oldirib qoʻyibsiz?..
— Shunchaki...
— Mana, ish ham koʻpayib qoldi, qoʻl qoʻlga tegmayapti.

Chol yoʻlda oʻzini ovutdi: «U ishli odam... Oʻzidan ortib borolmayapti. Hozir birovdan gina qiladigan vaqtmi?»

* * *

Qoʻziboy chol oʻnglanmadi. Tagʻin uch kun yotib, koʻzlari doʻlayib, olti oylik kasaldek boʻlib qoldi. Yarim kechada tagʻin tush koʻrib uygondi va xotinini eslab oʻtirgandi, tashqarida joʻxorilar qattiq shitirlab, it gʻingshidi. Soʻng choʻzib uvladi, chol dang qotdi.

«He, endi vaqt yetipti, — deb oʻyladi u toʻshakda chordana qurib, engashib oʻtirarkan. — Kun toʻlipti endi... Rahmatli kampirim ham sezipti. Ana, it ham... Bekorga uvlamaydi-ku? Ovqatdan ham qoldim... Rizq-nasiba uzilyapti. Endi tayyorgarlik koʻrish kerak».

Ertalab u xotirjam bir holatda hovliga chikdi. Odamlardan rozi-rizolik olish, qoʻshnilarning uyiga moʻralash, keyin bozorga borib, tanish-bilishlar bilan ham xoʻshlashish, Qobilboyga uchrab, xotinining qabrini qanday qilib topishi va uchinchi kuni xaloyiqni chaqirib, yettisini ham, qirqini ham, yilini ham biryoʻla oʻtkazib yuborishni tayinlash, soʻngra bozorkomga yoʻliqib, u bilan ham vidolashishni diliga tugdi...

Odamlar ham qiziq-da!.. Qoʻziboy chol bilan vidolashib, undan rozi ekanlari, bemalol oyogʻini uzatib oʻlaverishi mumkin ekanini aytish oʻrniga nuqul kuliщdi. Hatto bir-ikkitasi «vos-vos boʻpsiz, oʻqiting oʻzingizni», deb hazil ham qildi. Yoshlar esa, dangaliga: «Qoʻying-e! Boʻydoq odam ham shunday deydimi? Avval uylaning, bola-chaqa koʻring, keyin bir gap boʻlar-da!» deyishdi. Lekin cholning bukchayib, behol qadam tashlab ketishini orqadan kuzatgan ba’zi bi-rovlar achinib xoʻrsinishdi ham.

Albatta Qoʻziboy chol koʻplarning gapi, kulgisidan mamnun boʻldi. Bu narsa oʻlimning avval sezilmay kelgan hayajonini ham bosdi...

Nihoyat, yoshlik doʻsti Qobil qassobning doʻkoniga kirdi.
— E, gapirmang-e! — dedi u.
— Xoʻp deyvering, doʻstim! — dedi Qoʻziboy chol kursida qoʻzgʻalib qoʻyib. — Menga ayon boʻldi...

Yoʻgʻon yongʻoq toʻnkasi ustidagi goʻsht parchalari, suyak siniqlarini sidirib terib olayotgan qassob unga tikilib qoldi va birdan xoʻrsinib, skameykaga oʻtirib qoldi.

Bu baquvvat, barvasta, sogʻlom odamga — Qoʻziboy avvallari ham oriqligi, qotmaligi uchun kasaldek koʻrinar, ming soʻm pulni keltirib sanab berganida, «shu oʻladi-yov» deb koʻnglidan oʻtkazgan edi. Hozir uning botib ketgan koʻzlari, za’faron yuzi, qoʻlidagi dagʻal hassasiga tikilib: «Ha, oʻladi», deb oʻyladi.
— Shuning uchun, doʻstim, — davom etdi qariya, — men avvalambor, sizdan rozilik olmoqchiman. Soʻngra... andak vasiyatim bor.
— Vasiyat?!

Qassob Qoʻziboy cholning pulini oʻshandayoq ishlatib yuborgan va bu odamning hech kimi yoʻqligi, oʻzi xudojoʻy hamda urish-janjaldan nari yurishini bilgani uchun oʻshandayoq quvonib: «Bu oʻzimniki boʻldi», deb qoʻygan edi.
— Ha, esim borida vasiyat qilib qoʻyay, doʻstim. Bir haftadan beri mazam yoʻq! Siz ish bilan ovorasiz... Inchunin, oʻlib oʻqolganimni bilmay qolishingiz ham mumkin, labbay? Shuning uchun har uch kunda anavi dastyoringizni yuborib, mendan ahvol soʻratsangiz, haqiga oʻsha puldan bir soʻmdan bering...

Qassob piyolasidagi choyni toʻkib tashlab, peshtaxtani tushira boshladi. Xona qorongʻi boʻlib qoldi. — Tashqariga chiqaylik.
— Xoʻp boʻladi... Yo siz ham menga ishonmayapsizmi? Undogʻ boʻlmasin...

* * *

Yarim soatdan keyin Qobil qassob darvozaga qarab borar, bozor xizmatchilarining yordami bilan rasta taxtasiga chiqib olgan Qoʻziboy chol koʻzidan shashqator yosh oqizib, atrofga xira ovozda jar solar edi:
— Eshitmadim demanglar! Suyunchisi bor... Qobil qassob past odam ekan. Men oʻlimligim deb ming soʻm berib qoʻygan edim, tondi! Xaloyiq! U pul sizlarning pullaringiz edi. Mening halol mehnatim uchun soʻmlab, tiyinlab bergan edingiz. Ana shu odamga berib, oʻlimimga yarat deb edim... Tondi. Yeb ketadi endi... Odamlar, Qobil qassob haromxoʻr! Odamning haqini yeydi bu... Xudodan tilagim shuki, oʻligi koʻchada qolsin, bekafan boʻlsin, xaloyiq... Meni bekafan qildi, odamlar!

Qobil qassob darvozadan chiqqan joyida orqaga qarab chopdi. U yetib kelganida yoshlar, qariyalar uning yoʻlini toʻsishdi. Cholni himoya qilishdi. Ishga militsionar aralashdi. Qassob bilan Qoʻziboyni bozorkomning idorasiga kiritib, soʻroq qildi.
— Bunda pul boʻladimi, oʻzi oʻn tiyinga zor-ku?! — baqirdi qassob. — Jinni boʻpti bu... Olibsotar! Guvohing bormi? Asti birovga yaxshilik qilma ekan... Hech kimi yoʻq deb doʻkonga chaqirardim, choy quyib berardim! Mana, tovon toʻla, deb turipti... Ketmaydi! Haqiqat bor!

Oraga bozorkom raisi ham qoʻshildi. Natija chiq-madi. Qassob qutulib ketdi. Qoʻziboy tashqariga chiqib, gujum ostiga oʻtirdi.

Janjalni uzokdan kuzatib turgan — baland boʻyli, qozoqbashara, oʻrta yashar Mirgʻozi qassob kelib, cholning tirsagidan koʻtardi.
— Ota, xafa boʻlmang... Oʻlimni oʻylamang... Siz bekor gʻavgʻo koʻtardingiz, shu hassa bilan boshiga solishingiz kerak edi.
— Oʻ, bolam...

Mirgʻozi Qoʻziboy cholni uyiga eltib qoʻydi. Qoʻshnilariga choldan xabar olib turishni tayinlab qaytdi.

* * *

U jimjit uyda, palos ustida choʻzilib yotib, shu fikrga keldi: «Bu ahvolda men qandoq qilib oʻlaman? Asti mumkin emas, sirayam... Men yana mehnat qilishim kerak. Halol pul topishim kerak. Oʻlimlik qilishim kerak... Undan keyin oʻlsam, boshqa gap...»

U qoʻshni chiqargan ovqatni zoʻrlab yedi. Yarim kechada turib, goʻsht qovurdi. Sahar uygʻonib, soyga tushdi. Yuvindi. Tetiklanib, koʻchaga yoʻl oldi...

Qoʻziboy chol avvalgidek boʻlib ketdi.

1975