OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiQaytish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qaytish (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Qumrixon opa yetmish yoshdan oshib qoldi. U davladan pensiya oladi, epizodik rollarda chiqib turgani uchun teatr ham oylik toʻlaydi.

Umrining qirq ikki yili shu teatr dargohida kechdi. Bir zamonlar opa oʻrta boʻy, toʻlagina, gajak qoʻygan qizcha edi. Oʻsha kezlarda dongʻi Dogʻistonga ketib, shu kishi oʻynagani uchun ham teatrga tomoshabin yopirilib kelgan paytlar koʻp boʻlgan. Ayniqsa urush yillarida juda mashhur boʻlib ketgan edi.

Mana, yillar oʻtdi. Aktrisa qaridi. Yoshlar yetishib chiqdi. Bir zamonlar u oʻynagan rollarni boshqalar oʻynay boshladi. Opa endi onda-sonda kampirlar rolida chiqadi, shunda ham kampirlar ishtirok etadigan pesa boʻlsa. Boshqa vaqtlarda opa odati boʻyicha har kuni soat oʻnda teatrga keladi. Qorovuldan tortib bosh rejissyorgacha oldiga borib soʻrashadi.

Qumrixon opani teatring yosh aktyorlari hurmat qilishadi. Ehtimol, uni hurmat qilmaydiganlar ham bordir. Lekin teatrning yozilmagan qonun va axloq kodeksiga binoan opa bilan quyuq soʻrashadilar. Albatta, opaga achinib qaraydiganlar ham yoʻq emas, lekin ular ham bu holni bildirishmaydi unga.

Bir kun opa oʻsha kenggina zalda oʻtirgan edi, roʻparasida har xil mavzularda chugʻurlashayotgan artistlar orasida teatrning yosh rejissyori Botirxon Zokirxonov paydo boʻldi-da:
— Hozir chitka boʻladi... Sen, sen, siz, siz ham chitalniy zalga kiringlar! — dedi.

Opaning qulogʻi ding boʻldi. Qanaqa pesani oʻqisharkan? Unga ham bironta rol chiqib qolarmikan?

Botirxon eshikdan moʻraladi, tagʻin kimnidir chaqirdi-da, shoshilinch sigareta tutatdi va burchakda oʻrnidan turib, poldan sumkachasini olayotgan opaga qaradi:
— Siz ham boring!

Qumrixon ayaning yuragi gurs-gurs urib ketdi: men ham boraman ekan...

U kishi jilmayib, rejissyorga yaqinlashdi. Lekin Botirxon sigaretani burqsitib, yoʻlakka kirdi. Opa yoʻlak eshigiga yetganda, rejissyor chap tomondagi zinaning yarmisiga chiqib borgan edi. Qumrixon opa ham alpang-talpang yoʻlakka oʻtdi. Yon tomondagi baland toshoyna oldida toʻxtab, yonveriga zimdan qarab olgach, roʻmolini tuzatdi. Qulogʻiga osilib tushgan oppoq soch tolalarini roʻmol tagiga tiqib, qaddini allanechuk rostladi.

Opa pesalar oʻqiladigan zalga kirganida, rejissyor toʻrdagi duxoba sirilgan toʻgarak stol boshida oyoqlarini chalishtirib oʻtirar, uning yonida tepakal yoshgina bir yigit ham bor edi. «Dramaturg oʻsha boʻlsa kerak», deb oʻyladi Qumrixon opa va oʻtirgani joy izladi. Stullar band edi, opaning hurmati uchun ikkita yigitcha oʻrnidan turdi. Shunda opa Botirxonning ovozini eshitib qoldi:
— Opa, buyoqqa oʻting!

Shunday deb u irgʻib turdi. Pianino yonida oʻtirgan qizga egilib shivirladi: «Pastga oʻting. Opaning qulogʻi ogʻir, pesani yaxshi eshitishi kerak». Qiz turdi. Qumrixon opa kelib, qizga rahmat aytdi. Yuragi hamon gup-gup urgani koʻyi stulga choʻkdi.

Rejissyor oʻrnidan turdi:
— Yangipesa oʻqiymiz. Mana, yozuvchimiz... Bizga yaxshi pesa olib kelganlar. Buning uchun rahmat. Xoʻsh, sirasini aytganda, bu asar oʻzimizning teatrda yetilgan. Diqqat bilan eshitaylik... Opa, yaqinroq oʻtiring!

Yosh rejissyorning Qumrixon opaga ortiqcha e’tibor qilayotgani oʻzga artistlar nazaridan chetda qolmadi, albatta. Ularning aksariyati, «opaga rol beradi» deb oʻylashdi.

Odatda rejissyorlar rollar taqsimotini sir tutishadi.

Pesa oʻqildi... Unda Ulugʻ Vatan urushi yillaridagi bitta oʻzbek oilasida kechgan voqealar hikoya qilinar, eri harbiyga ketib, qoraxat olgan kelinchak qaynonasining qistovlariga ham qaramay, uydan ketmay oʻtirar, oqibat — eri kirib kelar, ana shu jarayonda qahrmonlar dunyosi ochilib qolar edi.

Asar Qumrixon opaga u qadar yangilik boʻlib tuyulmadi.

Uning oʻzi asardagi qaynonaga oʻxshab ketar, ittifoqo, oʻzining oʻgʻlidan ham qoraxat kelgan edi. Farqi — Qumrixon opaning oʻgʻli urushdan qaytmagan, kelini ham undan izn kutmay ketib qolgan edi.
— Xoʻp, qalay endi? Kim gapiradi? — dedi Botirxon. — Bemalol. Asar hali yana ishlanadi. Maslahatlaring foydasiz ketmas. Kim soʻzlaydi?

Besh, oltita yoshi ulugʻ artistlar oʻz fikrlarini bildirishdi Dramaturg bilan rejissyor ba’zi fikr-larni daftarga yozib olishdi.
— Xoʻsh, endi rollar taqsimotini oʻqiymiz. — Botirxon bir nafas sukut qildi-da, chiqib, oʻrta yashar, oqsoch bosh rejissyorni boshlab keldi. — Soʻz Qobil akamizga!

Qobil Qodirqulov jilmaygancha qoʻynidan ikki varaq qogʻoz chiqarib, tavoze bilan rollar kimlarga berilganini oʻqiy boshladi:
— Qaynona... Qumrixon A’loevaga...

Shundan keyin Qumrixon opa nimalar deyilganini eshitmadi. Yuragi toʻxtab qolgandek, oʻzi parishon edi.

U besh yildan buyon yangi rol oʻynamagan edi! Besh yildan buyon armonda ediki, bu alam-oʻkinch opani tobora qaritib bormokda edi.

Aktyorlarga javob berildi. Zal boʻshay boshladi. Rejissyor Qumrixon opaning yoniga keldi:
— Xoʻsh, opa, rolingiz qalay?

Qumrixon opa oʻrnidan kalovlanib turib ketdi. Xuddi shoh huzuriga kirib qolgan kanizakday qoʻllarini koʻksiga qoʻyib:
— Rahmat, bolam, rahmat, — dedi va qoʻllari birdan qaltiradi, koʻzlari yiltiradi. — Bolam! — U titrab-qaqshab rejissyorning yelkasini siladi. Rejissyor engashdi. Opa uning peshonasidan oʻpdi. — Mingga kiring, bolam!

Botirxon opaning dardini yaxshi bilardi.
— Hechqisi yoʻq... buyogʻi oʻzingizga! — dedi. — Ertadan repetitsiya!
— Xoʻp, bolam, xoʻp.

Ertasi Qumrixon opa toʻqqizda teatrga yetib keldi. X,ali rahbarlar ham kelishmagan, darvozaxonada qorovuldan boʻlak kishi yoʻq edi.
— Assalom alaykum, — dedi opa.
— E, keling, opa! — dedi qorovul. — Choy qaynayapti.
— Rahma-at.

Opa ichkariga kirib, gaz plita yonidagi kursiga choʻkdi. Qoʻllarini tizzasiga qoʻyib, ochiq derazadan tashqariga razm soldi. Gulzordagi atirgullar barq urib ochilib turar, naridagi ishkomdan tok barglari uchib tushar edi.

Qumrixon opa uchun teatrning mana shu qorovulxonasi ham aziz! U kishi vaqt-bevaqt tengqur aktyorlari bilan shu yerga kirib oʻtiradi. Qari qorovul tayyorlagan koʻkchoydan ichadi.
— Oʻtiring, opa.
— Hozir kelaman.

Opa tashqariga chiqdi. Teatrning hovlisi keng. Odoqda bogʻ. Oʻng tomonda teatr binosi, uning kichkina eshigi. Qumrixon opa ichkariga kirdi. Dimogʻiga oʻta tanish hidlar — jihozlarga oʻrnashib qolgan grim hidi, yogʻoch hidi urildi. Opa yoʻlakka oʻtdi. Yoʻlakka qarab ochiladigan eshikdan supurib qoʻyilgan aylana sahna va pastdagi keng zalu undaga behisob stullar yarqirab koʻrinar edi.

Opa yoʻlakning u boshiga borib keldi. Bu boshiga qarab yurdi, direktor kabineti eshigini ochmoqchi boʻldi — hali berk ekan.

Opa tashqariga chikdi. Teatrning yosh direktori yangi «Jiguli» mashinasidan tushmokda edi. Ayni chokda rejissyorlik qiladigan bu yigit teatr dargohida katta boʻlgan, opaning shogirdlaridan.

Ular koʻrishishdi.

Qumrixon opa tagʻin qorovulxonaga bordi va bir koʻngli oʻziga yangi rol berilganini aytgasi keldi. Biroq tomoshalarni koʻraverib, aktyorlar oʻyiniyu spektakl mazmuniga baho berishda manman degan teatrshunos darajasida boʻlgan keksa qorovulga bu toʻgʻrida ogʻiz ochmadi.

Sal oʻtmay, teatr hovlisi, yoʻlaklar gavjum boʻlib qoldi. Koʻrishishlar, quvnoq chehralar va albatta tash-vishli shivir-shivir, allakimdan nolishlar...
— Asar mazmuni sizlarga ma’lum, — dedi Botirxon oʻynovchilarni pesalar oʻqiladigan va koʻpda repetitsiyalar oʻtkaziladigan kichkina xonaga boshlab kirgach. — Jim, oʻrtoqlar! Jim! Vaqtimiz ziq... Pesani pishiramiz deb koʻp vaqtni oʻtkazib yubordik. Qumrixon opa, — opaga murojaat qildi u. — Yukning koʻpi sizga tushadi. Bildingizmi?

Qumrixon opa kecha uyiga borgandan keyin ham qoʻyilajak asar mazmuni va oʻz roli ustida koʻp oʻylagan, lekin asarga munosabati oʻzgarmay qolgan — asar oʻziga tanish, oʻz rolini oʻynash oʻzidan koʻp mehnat talab qilmaydigandek edi.
— Ha, bolam. Juda mas’uliyatli rol, — dedi Qumrixon opa.
— Sobirjon, rollar tayyormi? Olib keling! Menga quloq solinglar! Asarning mazmunini aytib beraman, yana... Keyin har bitta obrazda toʻxtalamiz. Bilasizlar-a? Ish printsipi har galgiday. Kimki mashgʻulotga kechikadigan boʻlsa, aytilgan ishni vaqtida qila olmasa, hozir aytib qoʻya qolsin. Keyin janjallashib yurishga vaqtimiz boʻlmaydi! Qoʻlidan rolni olib qoʻya qolamiz!

Aktyor zoti borki, kuni teatrda kechar ekan, sahnaga chiqishni, rejissyor rol berishini istaydi!

Teatrga borganingizda, bironta xafaqon artistni uchratib qolsangaz, surishtiring, uning dardi rol ustida boʻladi — yo rejissyordan noliydi, rejissyor oʻzini xushlamasligani aytadi, yoki teatr ma’muriya-tidan norozi, hech boʻlmasa, oʻz partnyoridan.

Rejissyorning soʻnggi gapidan keyin artistlar hushyor tortishdi, qiyshiqroq oʻtirganlari ham unga oʻnglanib yuzlariga jidliy tus berishdi.
— Opa! — Rejissyor asar mazmunini qisqacha qilib aytib bergach, tagʻin Qumrixon opaga murojaat qildi. — Koʻrib turibsizki, rolingaz ogʻir... a?

Endi Qumrixon opa oʻz roli haqida gap koʻpayib ketganidanmi, sezilarli xavotirga tushgan edi. Koʻzlarini pirpiratdi:
— Ha, ha, bolam.
— Uning mohiyati shundaki, opa, — Botirxon stuldan turib, pianino qoshida nari-beri yura boshladi, — bunda siz Ulugʻ Vatan urishi yillari front orqasida qolgan oʻzbek ayollari siymosini yaratasiz! Mas’uliyati shunda... Buning ustiga, siz haqiqiy ona va haqiqiy qaynona siymosini yaratib berishingiz kerak. Bu asardagi voqealar sizga tanish boʻlsa kerak? Urush yillarini eslang-chi?

Artistlar duv oʻgirilib, Qumrixon opaga qarashdi. Opa negadir quti oʻchib roʻmolchasi bilan lablarini artdi.
— Juda tanish-da, bolam. Juda tanish, — dedi.
— Ana! Bu yaxshi... Demak, rol chiqadi. Lekin, — u yana stol qoshiga qaytdi, — siz juda irodali, bardoshli inson obrazini yaratishingaz kerak? Ana shu yogʻiyam muhim!

Opa bosh irgʻadi.

Rejissyor yordamchisi Sobirjon kirib, ayrim-ayrim koʻchirilgan rollarni egalariga taqsim qildi. Aktyorlar quvonishib olib, Botirxonni ham bir zum unutgan holda, oppoq qogʻozga mashinkada yozilgan soʻzlarga diqqat qilishdi.

Rejissyor ularni tagʻin oʻziga qaratdi:
— Gapni kelindan boshlaymiz! — dedi va Sobirjonga choy buyurdi. Soʻng charm portfelidan arablarning shippagiga oʻxshash jez kuldon, «Rostov» sigaretasini chiqarib stolga qoʻydi. Kostyumini yechib, stul suyanchigʻiga ildi. Oʻrnashib oʻtirib oldi. — Siz! — deya kelin rolini ijro etadigan aktrisaga qaradi. — Siz... rolni qoʻying! Hozir oʻqimang!.. Kerak emas... Avval tushunib olishingiz kerak...

Har bir rejissyorning oʻziga xos yoʻli boʻladi, ya’ni xoh asarni boʻlsin, xoh rolni boʻlsin, oʻziga xos tushuntirish usuli bor. Biroq hammasiga xos bitta jihat shundaki, ular voqeani boʻrttirib hikoya qilishadi. Maqsad — aktyorlar yuragiga choʻgʻ solish, ularning tuygʻularini uygʻotib yuborish, pirovardida, butun kollektivni asar atrofiga uyushtirish, bitta maqsad sari yoʻnaltirish boʻladi.

Botirxon asar mazmuni va mohiyati toʻgʻrisida yana bir bor izoh bergach, kelin obraziga oʻtib, uni tushuntira ketdi:
— Mana! — Qumrixon opani unga koʻrsatdi u. — Bu kishi sizning jondan sevgan qaynonangiz... Aytaylik, bunday! Yoʻq-yoʻq. Shunday! Qaynonam deb biling... Qarabsizki, eringiz oʻlibdi! Ha, sevimli eringiz oʻlibdi, uni fashistlar chavaqlab tashlashibdi.

Artistlar kulimsirab kelin rolini oʻynovchi artistga qarashdi. Botirxonning jahli chiqdi:
— Jim, jim! Opa, siz ham gaplarimni eshityapsiz-a? Yaxshi... Kelin, quloq, soling! Siz shundan keyin toʻrt yil kutdingiz. Toʻrt yil! Urush tamom boʻldi... Tamom! Eringiz yoʻq! — U allanechuk boʻlib, Qumrixon opaga qaradi.

Opa endi obrazini tushunayotgani uchunmi yo oʻgʻli esiga tushib ketdimi, koʻzlarini artib piqillamokda edi.

Botirxonga bu holat ma’qul boʻldi va opaning bu kayfiyati kelinga ham yuqishini taxmin qilgani uchun voqeani yanayam boʻrttirib hikoya qila boshladi.
— Ana shunda... Tinchlik davrida, kelin, bitta gʻarib kimsa sizga oshiq boʻldi. Oshiq boʻldi... Opani ham u odam juda hurmat qiladi. Opa ham uni izzatlaydi! Lekin siz unga tegishni istamaysiz. Ana shunda opa... qaynona nima qiladi. Sizga yolvoradi: shunga teg, deydi... Eshityapsizmi?

Botirxon shu mazmunda yana koʻp gapirdi, har bitta soʻzini turli misollar bilan rosa chaynab gapirdi. Nihoyat, kelinga bir nafas tikilib turdi-da, yangi sigareta tutatib olib, opaga yuzlandi:
— Opa, gaplarim sizga yetdimi?
— Yetdi, bolam, — piqilladi Qumrixon opa.
— Yetgan boʻlsa, juda soz! Yigʻlang... Mayli, yigʻlang. Oʻrtoqlar, xalaqit bermanglar... Yigʻlayvering. Lekin mening soʻzlarimga quloq soling. Xoʻsh, gap bunday: sizning yagona oʻgʻlingiz bor edi. Uni ne-ne umidlarda urushga joʻnatdingiz. Ne-ne umidlarda kutyapsiz! Toʻy qilmoqchisiz u kelsa! Siz nevara koʻrishni orzu qilasiz... Ana shunaqa! Shunda birdan qoraxat kelib qoldi... Shunda nima boʻlasiz! Butun dunyo siz uchun qorongʻi boʻlib qoladi, a? Tamom! Bu sizning oxirgi umidlaringizni barbod qildi. Sizni koʻmadigan kishingiz yoʻq... Shunday! Bu narsa siz uchun bitta udar! Tushundingiz-a? Davom etamiz. Lekin siz mardona ayolsiz. Ha-ha, — iziga qaytib, stolning u boshiga oʻtib oldi: — Siz juda chidamli ayolsiz! Yigʻlab-siqtab oʻtirganingiz bilan hech narsa bitmaydi, opa! Buyoqda ishlar oshib-toshib yotibdi. Qurilish ketyapti!

Kimdir bir nima degan edi, Botirxon eng zarur uchta aktyorni olib qolib, boshqalarga javob berdi:
— Chiqib turinglar... Ketib qolmanglar... bitta-bitta chaqiraman. Xullas, opa, ana endi siz oʻzingizni koʻrsatishingiz kerak! Axir, sizga oʻxshagan — bolasidan ayrilgan onalar kammi? Buni sizning obrazingiz yaxshi tushunadi... Shunday qilib, kunlar oʻtyapti deylik!

Shunda Botirxonning yana jaxdi chiqa boshladi. Chun-ki opa mudom koʻzyoshlarini tiya olmas edi.
— Bas, bas! Buyogʻini eshiting, opa... Shunda sizga yana bitta udar tushadi! Keliningiz... oʻgʻlingizning oʻrnida qolgan qizingizni endi uzatish payti keldi! U — inson, hayotdan, bola koʻrishdan umidvor inson. Toʻgʻrimi? Buni yaxshi bilasiz... Shunisi qiziqki, u sizni tashlab ketishni istamaydi... Siz esa, uni majbur qilasiz! Buning uchun kishiga qancha kuch, qancha iroda kerak? Toʻgʻrimi? Inson sinaladigan daqiqalar bu.

Qumrixon opa endi oʻziga keldi. Botirxon yana soʻzida davom etdi va: «Endi rolni oʻqishingiz mumkin. Sizga javob!» dedi.

Opa chikdi. Hovliga chiqdi. Koʻchaga chikdi. Atrof jimjit. Bu, roʻparadagi yoʻlda mashinalar ham kam-qatnov.

Qumrixon opa uyiga yoʻl oldi.

U mamnun edi: u katta rol oʻynaydi! Juda muhim rolni ijro etadi! Spektaklning yutugʻi koʻproq ana shu rol ijrosiga bogʻliq boʻladi.

Rolni tushunib yetgan edi. U oʻynashiga ishonadi: oʻsha voqealar naq oʻzining boshidan kechgan-ku! Bunaqa paytda qaysi aktyor «huzur» qilib oʻynamaydi? Qoʻshimcha detallar, ishontiruvchi belgi topish uchun izlanmaydi ham. Bari oʻzida bor. Oʻz yuragiga nazar tashlasa, kifoya!

Biroq obrazdagi bitta nuqta uni andak parishon qildi: u qaynona juda mardona ekan! Keliniga oʻzi javob beribdi. Oʻgʻlidan qoraxat kelgach, kuyipti-ku, lekin... oʻtirib qolmapti.

Qumrixon opa oʻshanda oʻgʻlining nobud boʻlgani haqidagi xabarni olib, oʻzidan ketib qolgan, uch-toʻrt oy davomida ham oʻzini oʻnglay olmagan edi. Buning ustiga, kelini undan soʻroqsiz, oʻtkinchi yigitga qoʻshilib uydan chiqib ketgan...

Obrazning kelinga qiladigan murojaatlari qandoq chiqar ekan?

Odatda, manman degan aktyor ham rejissyorga suyanadi, nafsilamri, aktyor rejissyor belgilagan yoʻldan boradi, uning qarashlarini ifodalaydi, faqat... oʻziniki qilib yetkazadi — koʻnglidan oʻtkazgani uchun u narsalar jonli va mustaqil boʻlib maydonga chiqadi.

Shuning uchunmi, opa rolning davomi haqida koʻp ham bosh qotirmadi. Buning yana bir sababi shundaki, ba’zida rejissyor asar tayyor boʻlgan paytdayam dramaturgga aytib, bitta sahna yozdiradi-da, shunga qarab, boshqa obrazlar talqinini ham oʻzgartirib yuboradi.

Kunlar oʻtdi.

...Opaning obrazi uch bera boshladi. Anavi, oʻgʻlidan, qoraxat kelish sahnalarini opa yaxshi ijro etar, uning tevaragida kichkina xonani toʻldirib oʻtirgan aktyorlar hali bu aktrisaning «hayot ekani, koʻp ishlarga qodir ekaniga» imon keltirishardi. Qumrixon opa yangitdan ijodkorga aylanayotgandek edi.

Biroq opa anchayin gapgayam yigʻlab olar, anchagina oʻzini bosa olmas ediki, bu hol yosh rejissyorning goh jahlini chiqarsa, goho quvontirar edi.

Bir kuni u:
— Yoʻq, opa! Endi yigʻini bas qilasiz! — dedi. Qumrixon opa Botirxonga moʻltirab qaradi:
— Axir, yaxshi boʻlmaydimi?
— Yoʻq, — dedi rejissyor. — Kechirasizlar, — u bitta chekib olib, opaning yoniga keldi. Stulini yoniga surib, oʻtirib oldi. — Yaxshi boʻlmaydi, opa... Chunki qoraxat kelganda munchalik yigʻlasangiz, kelinni chiqarayotganda nima qilasiz? Unda gap-soʻzsiz qolishingiz kerak boʻladi. Siz esa, oʻgʻlingiz armiyaga ketayotgani uchunoq shunaqayam koʻz yoshi toʻkyapsizki, yoʻq, opa... Siz juda kuchli, mardona onasiz! Shuni unutmang... Siz eng zoʻr irodali ayollardan birisiz! Esdan chiqarmang, opa... Yigʻloqilik ketmaydi! Men obrazga kirib oling deb indamay yurdim... Endi, yigʻini bas qiling.

Qumrixon opa rejissyorning oʻgitlarini tushundi. Lekin, lekin... oʻsha-oʻsha!

Oʻzini tuta olmaydi! Koʻzidan duv-duv yosh qoʻyilaveradi.

Nega oʻzini tuta olmaydi! Axir, oʻshanda — oʻgʻli urushga ketgandayam bunchalik yigʻlamagandir? Nima boʻlyapti oʻzi?

Bir kuni Botirxon opaga ancha-muncha nasihat qilgach, unga oʻychan tikilib xoʻrsindi:
— Opa, meni xafa qilmang.
— Voy, nahotki...
— Mening odatimni bilasiz-a?
— Ha, endi...
— Asar siz bilan tirik! — U irgʻib turdi. —Men yigʻloqi kampirni sahnaga chiqara olmayman.

Qumrixon opa anqayib qoldi. Atrofdagi artistlar boshlarini egishdi. Botirxon boʻgʻilib, obraz mohiyati va asar mazmunini opaga qayta boshdan tushuntira boshladi.
— Ukdingizmi? — dedi. — Endi sizga bitta sirni aytaman: menga qolsa, siz yigʻlamay oʻynang! Ha-ha, — stolga qoʻllarini tirab engashib oldi u. — Yigʻlamang... Yigʻlash oson, yigʻlamaslik qiyin! Kishi oʻzini tutishi qiyin... — U odaticha nari-beri yurib, bir misol keltirdi: — Bitta ogʻaynimning otasi oʻldi. Ular aka-uka edi. Ukasi otasini yoqtirmas, darbadar, piyonista edi. Darvozadan kirib, shunday hoʻngradiki, yigʻlagan ham yigʻladi, yigʻlamagan ham. Keyin u nima qildi? Koʻchaga chiqib ketdi. Oʻsha kuni bitta tanishini toʻyiga bordi. — Aktyorlar shivir-shivir qilishdi. Rejissyor qoʻlini koʻtarib qoʻydi. — Anavi akasi-chi! U otasining vafotini eshitiboq, tildan qoldi. Hovlida jim yurdi. Odamlar nima deb ketdi? «E, kattasi bemehr ekan, koʻzidan yosh chiqmadi-ya!» deyishdi. Kichkinasini, piyonistani rosa maqtashdi... Hm, davomini aytaymi? Keyin «bemehr» oʻgʻil oilaga bosh boʻlib qoldi. Otasining barcha marosimlarini oʻsha oʻtkazdi. Kichkinasi qorasini koʻrsatmadi. Aytmoqchimanki, yigʻlash-siqtash hali kishining bir narsadan qattiq kuyganini anglatmaydi!

Qumrixon opa bu soʻzlarni mulohaza qilib, ichida qoʻshilgan esa-da, jilmayib qoʻydi.

Rejissyorning figʻoni chikdi:
— Opa, men sizga sirayam yigʻlamang deyayotganim yoʻq. Lekin me’yorida boʻlsin deyapman! Siz oʻzingizni... obrazning mohiyatini unutyapsiz!

Qumrixon opa asta oʻrnidan turdi:
— Meni afv eting, koʻnglim boʻsh, bolam... Endi undoq qilmayman, — dedi.

Haqiqatan ham keyingi kunlarda opada oʻzgarish boʻldi: u yigʻini kamaytirdi, kamaytirdi-yu, obrazini buza boshladi — obrazdagi haqiqat yoʻqola bordi.

Rejissyor uchun bundan ortiq dahshat yoʻq edi.
— Opa, sizni oxirgi marta ogohlantiraman, — dedi u navbatdagi mashgʻulotda. — Menga qarang, nahotki, yigʻini tiyish, jindek ogʻirroq boʻlish uchun oʻzingizda kuch-qudrat sezmasangiz? Axir, asardagidek qaynonalar, ayollar boʻlganmi, yoʻqmi? Yoki butun oʻzbek xotin-qizlari erlari oʻlgach, hayotini yigʻi-sigʻi bilan oʻtkazganmi?
— Yoʻgʻ-e, bolam.

Qumrixon opa shu kuni uyga borgach, rol ustida yana uzoq oʻyladi va obrazini rejissyor aytganidek yarata olmasligiga iqror boʻldi: buning uchun opada allanarsa yetishmas, uning nima ekanini oʻzi ham bilmas edi.

Aktyor shundoq odamki, u rolga sira-sira yaramasligini bilsa ham, rejissyorga: «Men bu rolni eplolmayman», demaydi.

Bunga avvalambor, gʻururi yoʻl qoʻymaydi, soʻngra, axir shuning uchun teatrga keladi, bu yerda kunini oʻtkazadi, pirovardida, aktyor degan nomi borki, u hech qachon rejissyorga «oʻynolmayman» demaydi.

Bundoq deyishi — uning uchun fojia.

Qumrixon opa ana shunday fojiani ochishga shaylanib teatrga kelgan edi. Hayhot, buni Botirxonning oʻzi aytib qoʻydi:
— Opa, men sizdan rolni olishga majburman! — dedi. Soʻng burilib deraza yoniga bordi. Chekib, bir oz turdi. Yana shart oʻgirildi: — Siz ishonsangiz, bu rolni sizga moʻljallab yozdirgan edim. Buni oʻynash uchun sizda quvvat bor deb oʻylagan edim... Yoʻq ekan. Sizga javob!

Qumrixon opa oʻzi oshkor aytmoqchi boʻlgan fojiani oʻzi tushunib yetmagan ekan shekilli, hozir tushundi-yu... endi teatrda ortiqcha boʻlib qolganiga ishondi-qoʻydi.

Opaning ruhi tushdi, u rejissyorga bir soʻz demay, xonadan chikdi. Hovliga chikdi. Koʻchaga chiqdi... va yigʻlab yubordi. Bu tamom boshqacha yigʻi edi. Opa, shunda xavotirlanib, yon-veriga qaradi-da, ariq yoqasidagi chinor panasiga oʻtdi. Unga suyanib, bir nafas tek qotdi.

U qotib turar ekan, koʻp narsani his qilar edi: orqasida baland imorat bor, u teatr! Unda opaning yoshligi qoldi, hayoti qoldi. Opa, ehtimolki, shu dargohga kelib qatnab yurgani uchun ham hayot edi! Endi bu yerdan ketadi... Qaerga?

Uning uchun yoʻl ham, goʻsha ham yoʻq, uning bori-borligʻi shu yerda edi.

Aktyor boʻlsin, rejissyor boʻlsin — bu ijodkor xalqning ruhini tushunish qiyin. Qiyinligi shundaki, ular koʻp fikr qiladi — koʻpincha oʻz qilmishlari, holatlari haqida oʻy suradi, uni tahlil qiladi, kimlarningdir holatlariga solishtirib, bularning barchasidan bitta ma’no topmoqchi boʻladi.

Shunisi qiziqki, ijodkor bu narsalar ustida oʻy surayotganida undan: «Nimani oʻyladingiz?» — deb soʻrang, javob bera olmaydi. Buni keyin... uning navbatdagi xatti-harakatidan tushunib olasiz, zeroki, oʻzi ham keyin tushunib yetadi.

* * *

Qumrixon opa teatrga qaytib borganida hovlida artistlar gaplashib turishar, bir chetda teatrning yosh direktori, ikki yonida ikkita yoshi ulugʻ aktyor — chamasi, ular Qumrixon opa toʻgʻrisida suhbatlashar edilar. Eshikda koʻringan bosh rejissyor baqirdi:
— Botirxon!

Botirxon qorovulxona derazasi tagidagi skameykada choy ichib oʻtirardi. U turishi bilan darvozadan kirib toʻxtagan Qumrixon opani koʻrdi. Unga oʻqrayib tikildi. Opa bir-bir bosib, rejissyorga yaqinlashdi va gʻayritabiiy bir mardona ovoz bilan:
— Oʻgʻlim, oʻzimni yana bir sinasam boʻladimi? — dedi.

Botirxon unga tikilib qoldi. U hozir opaning holatini tasavvur qilib oʻtirar, nazarida, opa oʻtkinchi mashinaga oʻtirib, uyiga yetgan va yotib qolgan edi. Chunki u... Qumrixon opaning qandoq artist ekanini bilar, uning uchun teatrdan ketishdan ortiqroq jazo, fojia, baxtiqarolik yoʻkligini yaxshi tushunar edi.
— Xoʻpmi, bolam? Ruxsat eting!

Botirxon allanechuk tamshandi va qarshisida... mardona bir ayolni koʻrdi.

1976