OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiQish hangomasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qish hangomasi (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Kozim Puxtaev dam olish uyining zinasida boʻynini qisib, qoʻllarini paltosi choʻntagiga tiqib turar, qarshisida — kumush rang «xoda»ga qalpoq qilib kiygizilgan neon chiroq yogʻdusida pildirab-oʻynab yogʻaetgan qor zarralarini iljayib tomosha qilar edi.

U pastga tushishi kerak. Lekin tushsa, tuflisi qorga botadi. Shuning uchun kimdir chiqsa, uning izini bosib yurib, bogʻni aylanish, toza havodan istagancha simirishni moʻljallar edi.

Eshik sassiz ochilib, boʻyi Kozim Puxtaevning boʻyidan ham past va unikidan ham qalin palto kiyib, quloqchinni bostirgan Qoʻldosh Botir chiqdi.
— E, Kozimjon...
— Qorni qarang, — dedi Kozim Puxtaev. — Bolalikda sandalda yotib qor yogʻishini kuzatganim yodimga tushdi. Osmonda kattakon qor togʻi bor-u, undan ushalib toʻkilayotganga oʻxshardi.
— Bolalikda bizam koʻp qor kechganmiz, — dedi Qoʻldosh Botir. — Yalangoyoq yursak ham hech balo boʻlmasdi. Hozir tuflini yechib, karavotga oʻtguncha shamollab qolasan.
— Qani, bir aylanib kelamizmi?
— Albatta!

Kozim Puxtaev ellikdan oshgan, mayin-ipakdek kishi. U — yozuvchi. Asosan, tarixiy mavzuda qissalar yozar, Qoʻldosh Botir esa jurnalist, bitta mashhur paxtakor sovxozi direktorini baayni «monopoliya» qilib olgan, oʻzi oltmishdan oshgan qariya esa-da, hamon dadil edi.

Ular zina pastiga qarashdi. Qor koʻpchib turar, bitta ham pillapoya koʻrinmas edi.
— Qani, Qoʻldosh aka, torting, — dedi Kozim Puxtaev.
— E, oʻzingizdan...

Shunda epshk sharakdab ochildi. Yalang boshida sochlari hurpayib ketgan, boʻyniga oqqina sharfni oʻrab olgan Usar Usmon chiqdi. U yosh shoir, endi yigirma oltiga kirgan, dangal va betgachopar yigit edi.
— Oʻ-oʻ! Qor zoʻr-ku!
— Zoʻr-zoʻr, — dedi Kozim Puxtaev. — Lekin, Qoʻldosh aka deyman, hozirgi yoshlarimiz qiziq-a, soʻzni istagan ma’noda ishlataveradi.
— Oʻzbek tili buzilib ketdi, men sizga aytsam, — dedi Qoʻldosh Botir. — Tilshunoslar nimaga qaraydi, hayronman!.. Qani, Kozimjon, jildik.
— Marhamat, aka.
— Hm, xoʻp. — Qoʻldosh Botir bir oz ikkilandi-da, birdan oyogʻini koʻtarib, pastga bosdi. Toyib ketib, yiqilishiga sal qoldi. Kulib, nariroqqa bordi. — Qorni tagi muzlapti.

Kozim Puxtaev ehtiyotkorlik bilan pastga oyoq uzatdi, qoʻydi. Keyin Qoʻldosh Botirning oldiga bordi.
— Qani, shoir, keling siz ham. Aylanamiz, — dedi Qoʻldosh Botir.
— Yoʻq, men sigaret chekishga chiqdim... — dedi Oʻsar Usmon neon chirogʻiga qarab.
— Cheking, foydasi bor.

Bular uchovlon favqulodda ushbu dam olish uyiga tushib qolgan, yozuvchi Kozim Puxtaev bilan jurnalist Qoʻldosh Botir oʻqtin-oʻqtin tunlari sayrga chiqishar, shoir Oʻsar Usmon yolgʻiz yurishni yaxshi koʻrardi. Tabiiy, ular yoʻlaklarda uchrashib qolishar, shunda bir ogʻiz-ikki ogʻiz gap qotib oʻtib ketishar, gaplari toʻmtoq, har qaysisining gapida oʻzi istagan ma’no boʻlardi.

Oʻsar Usmon gurs etib pastga tushib, sigareta tutatdi. Ular ikkovlon — oldinma-ketin qorda iz qoldirib, eng uzun xiyobon tomon ketishar edi. Oʻsar birpas tutun buriqsitdi-da, toʻgʻriga qarab yoʻnalgandi, qor ostida koʻlmak bor ekan — tuflisi tushib ketdi. Qor betiga suv sachradi. Oʻsar soʻkinib tislandi va anavilarning ketidan qarab xayolchan kulimsiradi-da, asta-sekin ular izini bosib keta boshladi.

Qor yogʻar, atrof tinch, gʻirch-gʻirch ovozlar ham yoqimli va bu tinchlikni ta’kidlar edi.
— Da-a, — dedi Qoʻldrsh Botir yalanglikka chiq-qanlari sari tuflisi qorga tobora chuqurroq botib borarkan. — Shu payt bizning qahramon ham qor kechib yuripti! Shubham yoʻq.
— Yoʻgʻ-e, — deb kuldi Kozim Puxtaev. — Xotinining qoʻynida yotgan boʻlishiyam mumkin.
— Siz ishonmaysiz-da! — Qoʻldosh Botir toʻxtab unga qaradi. — Xotinini bir oylab koʻrmagan paytlarini bilaman. U mehnat uchun tugʻilgan, Kozimjon. Mehnat uchun!
— Qiyin ekan.
— Siz kulasiz-da.
— Nega... Boʻlishi mumkin, Qoʻldosh aka. Men u odamni yaxshi bilmayman. U kishi haqidagi bor tasavvurim — sizning ocherklaringiz bilan cheklangan.
— Men u hakda yana bir kitob yozaman!
— Yozing, aka.

Shunda Qoʻldosh Botir orqalaridan kelayotgan kishini koʻrdi.
— Oʻsarmi? — dedi.

Kozim Puxtaev ham yelkasi osha qarab oldi.
— Shu... Shuni koʻrsam, asabim buziladi, aka.
— Meni aytmaysizmi! — Qoʻldosh Botir keskin burildi. Ikki qadam bosgandi, tuflisi ichiga kirgan qor badaniga oʻtdi. Gʻinshinib toʻxtadi. — He, bundaylar kattalarga hurmatni yoʻqotib qoʻyishgan... Uka, bularning jilovi juda-a boʻsh qoʻyildi-da!
— Lekin hadeb ramkaga solisham toʻgʻrimas... shu, oʻzlariyam oʻylashi kerak-da.
— A, balli! — Qoʻldosh Botir Oʻsarning yaqinlashib qolganini koʻrib, tagʻin shoshib jilgandi, shimining pochasi koʻtarilib qoldimi — boldirlari muzlab ketdi. — Kozimjon, yonma-yon yuring.
— Gapiravering, eshityapman.
— Qaysi kuni liftni bosib, kutib turgan edim. Tushib keldi. Shu payt anavi naynov paydo boʻldi. Yonimda tugun bor edi, koʻtargunimcha, u liftga kirib olsa boʻladimi!
— Ana, odob!
— Tagʻin oʻzini okdaydi. «Nimaga oldin kirib oldingiz? Otangiz tengli odamman-a!» desam, «Ana shuning uchun kirib oldim-da!» deydi. Kirib olmasa, lift ketib qolar ekan!
— He-he-he. Ammo bu gapida jon bor.
— Be, shunday demang-da, Kozimjon! Menga desa, lift bir umr ketib qolmaydimi! Hurmat kerak.
— Lekin sizning gapingizdayam jon bor.
— Gap shunda-da! — Qoʻldosh Botir xoʻrsinib yubordi va beixtiyor oyogʻiga qaradi. Qor... hademasa, tizzasiga chiqadigan. — Vey, shuning she’rlari haqida qanday fikrdasiz?
— Juda qaltis!
— A-a... Tagʻin bosishyapti!
— Bosmaganigayam qoʻymaydi-da.
— A?
— Bosmaganiga...
— Siz oldinga oʻting, uka! Yomon eshityapman. Quloqchin oʻlgur ham...

Qoʻldosh Botir birdan chetlanib, qorga battar botdi. Kozim Puxtaev tomoq qirgancha uning izlarini bosib oʻtdi-da, koʻpchib-koʻpirib yotgan oppoq soʻqmoqqa qaradi.
— Qoʻldosh aka, balki orqaga qaytarmiz?
— Yoʻ-oʻq, yoʻq! Oxirigacha boramiz! Kunlik normamiz shu-ku! Qor yogʻdi deb...
— Qalin tushdi-da.
— Qalin-qalin. Ammo-lekin, dalaning joni... Bizning qahramon xudoga shukur deyotgan boʻlsa kerak hozir!
— U kishi xudojoʻymi?
— Gʻirt ateist! Gap-da bu...

Oʻsar Usmon yaqinlashib qoldi.
— E, Oʻsar? Sizam kelyapsizmi? — dedi Kozim Puxtaev.

Oʻsar ikki tufli bosilgani uchun kengayib qolgan izlardan bemalol yurib kelarkan:
— Ha! — dedi.
— Zoʻr qor boʻldi-ya!
— Juda!
— Qani, shoshilayotgan koʻrinasiz, oldinga oʻting. Oʻsar unga, keyin Qoʻldosh Botirga qaradi. Soʻng oldinga — asfaltga yoyilgan paxtadek boʻlib yotgan qorga koʻz tashladi-da:
— Shoshib qayoqqa borardim, — dedi. — Oʻzlaringdan... Sizlar katta. Bizlar orqalaringdan yurishimiz kerak.

Qoʻldosh Botirniki tutib ketdi:
— E, qachondan buyon orqamizdan yuradigan boʻlib qoldingiz? — dedi. — Oʻting.
— Baribir... Ayb boʻlar-ov.
— He-he-he. — Kozim Puxtaev engashib kuldi.

Qoʻldosh Botir birdan oldinga oʻtib, qor kechib ketdi. Kozim Puxtaev Oʻsarga «marhamat» degan boʻlib, Botirga ergashdi. Lekin endi uning iziga qadam bosganda ham tuflisi ichiga qor kira boshladi.
— Qoʻldosh aka, tulki qorda yurganda dumi bilan izini siypab yoʻqotib ketaverar ekan-a?
— Ha! — dedi Qoʻldosh Botir. — Lekin hozir boʻri yuradigan payt!
— Men boʻrini bir marta koʻrganman.
— Men — ming marta.
— Siz alomat!.. Tavba, qachon shuncha qor tushdi-ya? Hayronman!
— Oqshom boshlagan edi, koʻrmagan ekansiz-da.
— E, mening xayolim oʻn sakkizinchi asrda edi!.. Oʻsar! — Puxtaev birdan burilib soʻradi: — Nimalar yozayapsiz?
— Menmi? — dedi endi rosmona izdan yurib kelayotgan Oʻsar Usmon. — Sizlar yozmagan narsani yozyapman.
— O! Nima ekan u?

Qoʻldosh Botir ham toʻxtab qaradi.
— Hayot, — dedi Oʻsar. — Bugungi kunni yozyapman. Nihoyati shu.
— Nihoyati shu... — Ishshaydi Qoʻldosh Botir. — Bizlar nimani yozib yurgan ekanmiz?
— Siz anavi... poraxoʻr, koʻzboʻyamachi bor-u, oti nima edi? Shuni yozyapsiz-da.

Botirning jigʻi-biyroni chiqib ketdi.
— Bu... Kozimjon, buning gapini eshityapsizmi?
— Eshitolmadim... Oʻsarboy, biz-chi, nimani yozayotgan ekanmiz?
— Siz oʻn sakkizinchi asrni. Xonlarning buzuq-ligi, beklarning poraxoʻrligi, xalqning qiynalgani...
— Xayriyat-e!..
— Shoshma, hey bola! — dedi Qoʻldrsh Botir. — Men haqimda nimalar deding?
— Eshitdingiz-ku? — dedi Oʻsar. — Nima, uning poraxoʻrligi, amalparastligi yolgʻonmi? Hamma biladi. Oʻzingizam... Faqat koʻrib koʻrmaslikka olasiz.
— Bu qanaqa gap, a, Kozimjon?
— Orqaga qaytsakmi deyman? Siz ham qor kechib...
— Meni qoʻying...
— Boʻlmasa, jildik.
— Ha!.. — Qoʻldosh Botir tagʻin ikki odim otdi-yu, nima uchun odim otganini unutib, tagʻin burildi. — Sen Oʻsar, gapingni qaytib ol! U odam... geroy-a! Deputat! Shu gaping qulogʻiga yetsa...
— Ana shu-da...
— Uni kazo-kazolar qoʻllab turganda... E, uyatsiz! Adabsiz! Kozim, toʻxtang! Bu bola bilan yurmaymiz!
— Menam yurmas edim-u, yoʻl bitta-da, — dedi Oʻsar.
— Yoʻl bitta... Boʻlmasa, oldinga oʻt!
— Yoʻq. Biz kattalarni hurmat qilamiz.
— E, hurmatingni...
— Axir, oʻzingiz hurmat qilish kerak deysiz. Liftga ham ulardan oldin kirma deysiz... Bir gapda turish kerak-da!
— Hay, oʻrtoqlar, arzimagan gap uchun... — Kozim Puxtaev taraflarni murosaga keltirmoqchi boʻldi. — Qoʻyinglar. Qoʻldosh aka, siz kattasiz...
— He, katta boʻlmay ketay! Bu mening butun ijodimni bir pulga chiqardi-ku!

Oʻsar unga tikildi.
— Xafa boʻlmang. Shunga arzisa kerak-da.
— Men arz qilaman!
— Bemalol.
— Qoʻrqmaysan, a?
— Haq gapni aytishgami?
— Buning makkorligini koʻring, Kozim!
— Qoʻldosh aka, Usarjon yosh... Yoshlik qilyapti endi. Oʻsar, siz ham bir gapdan qoling, uka... Nima foydasi bor. Qaranglar, havo qanday yaxshi!
— Anavi qarasin! — dedi Qoʻldosh Botir. — Bularni bilaman... Mana shu havodanam ayb topishadi. Senlarnimi...
— Qoʻldosh aka, yetar, — dedi Oʻsar. — U davrlar oʻtib ketdi. Men ishonaman, hozirgi davrlar ham oʻtadi.
— Bu nima deganing?
— Siz maqtab yurgan qahramonlarning davriyam oʻtadi, deyapman.
— Voy-voy. Kozimjon?

Kozim Puxtaev xoʻrsindi.
— Endi hayotda har narsa boʻlishi mumkin, Oʻsarning gapidayam jon boʻlishi mumkin.
— Nega mumkin deysiz? — Oʻsar Puxtaevga tik qaradi.
— E, endi menga yopishasizmi? — dedi Kozim Puxtaev. — Gʻalati ekansiz. Sizlarni murosaga chaqirmoqchi boʻlsam...
— Kerak emas.
— Kerak boʻlmasa... ana, katta yoʻl!
— Esiz, Kozim aka. Yaxshi talantingiz bor. Lekin qoʻrqoqsiz. Bugungi kun haqida yozishdan qoʻrqasiz, keyin bir gap boʻlib qolmasmikan deb...
— E! — Kozim Puxtaev turgan yerida gir aylanib ketdi. — Qoʻldosh aka, bu yigit boʻlganicha boʻlgan ekan-ku!
— Men nima deyapman, uka!
— Siz oʻzi adabiyot nimaligini bilasizmi? Bilmas ekansiz. Birov tarixiy mavzuda yozadi...
— Sizam ilgari zamonaviy mavzuda mashq qilgansiz.
— Siz oʻzi nimani qotirib qoʻydingiz-a? Nimaga muncha karillaysiz? Sizga kim huquq berdi?
— Huquqni... kasbim berdi. Bir narsani qotirib qoʻygan boʻlmasam, bunga birinchidan sizlar aybdor... Sizlarning izingizdan yurib yozolmaganmiz.
— Ana xolos!
— Lekin kelajakda yozaman.
— Oldin yozib koʻrsating. Keyin gapirasiz.
— Nichevo... Endi yozaman.
— Yozib boʻ-oʻpti! — dedi Qoʻldosh Botir. — Hozirgi yoshlarning hammasi shunday.
— Koʻramiz-da.
— Boʻlmasam... bizgayam koʻrsat! Yoʻl koʻrsat!

Ular ittifoqo sergak tortishdi. Sovuq Kozim Pux-taevning ham jonidan oʻtdi. Qoʻldosh Botir esa, tizza boʻyi qor ichida turardi.
— Nega toʻxtab qoldik? — dedi Oʻsar Usmon.
— Seni oʻtishingni kutib!
— Yoʻq. Yurolmay qoldingiz.
— Boʻlmasa, sen yur!
— Darvoqe, siz yoshsiz-ku? Bir yoʻl ochib bering-chi. Qor qalin ekan, — dedi Kozim Puxtaev. — Shu yergacha bizning izimizdan keldingiz. Sira qiynalmay...

Oʻsar Usmon bir soniya sukut qildi-da, shaxd bilan qaytib ketdi. Imorat yertoʻlasidan kurakni olib kelib, bulardan oldinga oʻtdi va yoʻlkaning qorini kuray boshladi.

Qor qalin. Kuralgan qor oldinda kurtuk boʻlib qolar, Oʻsar uni goh oʻngga, goh soʻlga otar va tagʻin oldinga surar edi. Nihoyat, soʻqmoq oxiriga yetdi. U terga botgan, boʻyin-boshidan bugʻ koʻtarilar edi.

Kurakni yelkaga qoʻyib qaytdi.

Kozim Puxtaev bilan Qoʻldosh Botir qori ilk bor surilgan yerda depsinib turishardi.
— Marhamat! — dedi Usar. — Yoʻl ochiq! — Ikki qadam oʻtgach, burildi. — Yoʻl ochish mana bunday boʻladi... Nima demanglar, bari-bir, katta yoʻlni yoshlar ochar ekan.

U ketdi.
— Da, — dedi Kozim Puxtaev. — Qoʻldosh aka, nima qildik, yoshlik ochgan yoʻldan yurib koʻramizmi?
— Yurmayman! — dedi Qoʻldrsh Botir. — Kerak emas... Qor kechsam kechamanki, bundan... yoʻq!
— Qoʻldosh aka, qaysarsiz.
— He, endi... boshqacha boʻlib nima topardik!.. Tavba! Men poraxoʻr, amalparastni yozib...

Kozim Puxtaev mayingina kuldi.
— Endi, aka, uning gapidayam jon bor... Lekin sizning fikringizgayam toʻla qoʻshilaman!
— Sizniyam tushunish qiyin-da, Kozimjon... Juda-a ba’zan ogʻib ketasiz...
— Qayoqqa?
— Hm... Oʻtmishga-da, masalan... Siz ham bir vaqtlar zamonaviy mavzuda yozardingiz. Keyin birdan...
— Buyogʻini bizga qoʻying, aka.
— Esa bizning yozish bilan ham...

Ular beixtiyor adoqqa qarab ketisharkan, toʻxtab qolishdi. Bir-biriga qarab jilmayishdi va orqaga qaytishdi.

Ular baribir yoshlik... ochgan yoʻldan kelishardi.

1987