OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiQorbobo keladi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qorbobo keladi (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

«
— Qorbobo qaerda?
— O’rmonda.

Jiyanlarimning suhbatidan
»

Hovlimiz Kuytan togʻining archazor yonbagʻrida boʻlib, tevaragi pastak devor bilan oʻralgandi. Lekin, ayvondan turib qarasangiz, devorlar koʻrinmaydi: daraxtlar shunaqa qalin. Bu daraxtlar orasida bir tup archa ham bor edi.

Men shu hovlida toʻrt faslni kuzatib, toʻrt faslni qarshilardim. Lekin, bular orasida eng yaxshi koʻrganim — qish fasli edi. Gap shundaki, men qish mahalida, qish boʻlganda ham qirchillama kunida, birinchi yanvarga oʻtar kechasi, Qorbobo kelishidan sal oldin tugʻilgan ekanman. Shuning uchun mendan biron kishi, dunyoga kelib, koʻzingni ochib, ilk bor koʻrgan narsang nima, deb soʻrasa, onamdan keyin qishni, qorni, Qorboboni koʻrganman, deyman. Xullas, bu toʻrttalasini ham yaxshi koʻrardim.

Biroq, koʻp oʻtmay bularning bittasiga shubha tugʻildi-yu, hammasiga boʻlgan muhabbatim shubha ostida qoldi.

Hovlimiz etagidagi doʻnglik ustida joylashgan maktabda Yangi yil bayrami boʻldi. Qorbobo keladi, degan gapni eshitiboq, oʻsha yoqqa qarab uchdim.

Maktab zali, oʻrtada archa... Atrofda oʻquvchilar. Hammasining ogʻzi qulogʻida. Bayram!

Nihoyat, Qorbobo keldi! Oppoq kiyingan, soqollari ham oq. Qoʻlida savatcha. Unda turli-tuman, qiziq-qiziq oʻyinchoqlar... «Bayramlaring muborak!» dedi Qorbobo. U uzoq yurtlardan, notanish bolalardan salom aytdi, ke-yin bizga sovgʻalar ulashdi, keyin ketdi... Ketdi!
— Qaerga ketdilar? Qaerga? — deb soʻradim. Kimdir:
— Oʻrmonga, — dedi.
— Oʻrmonga!
— Nimaga oʻrmonga ketdilar?
— Qorbobo oʻrmonda yashaydi.

Maktabdan chiqib, toptalib, sargʻayib qolgan qorli soʻqmokdan hovlimizga borarkanman, oʻrmonga qarardim.
— Qorbobo oʻrmonga ketdi! — dedim onamga. Onam kulimsiradi.
— Qachon keladilar?
— Yanagi Yangi yilda.

Men kuta boshladim. Bahorda ham, yozda ham, kuzda ham kutdim. Yana qor tushdi. Yana Yangi yil keldi. Maktabga yugurdim. Usha zal. Oʻquvchilar. Archa... Yana Qorbobo keldi! Bizni tabrikladi, salomlar aytdi, sovgʻalar berdi, yana... ketdi!

Tashqariga chiqib, oʻsha qorli soʻqmokdan atrofga alanglab, uyga borayotgandim, oʻquvchilarning gapini eshitib qoldim:
— Mana, Qorbobo. Shu odam — Qorbobo.
— Qani? — soʻradim men alang-jalang boʻlib.
— Anovi ketayotgan muallim-da.
— Yolgʻon! Qorbobo oʻrmonga ketdi.

Bolalar mendan kulishdi, meni mazax qilishdi.
— Nega Qorboboning oʻzi kelmadi?
— Kelibdi-ku maktabga.
— Yoʻq. U odam muallim ekan. Bolalar shunaqa dedi.
— Shunaqa boʻladi-da rasmi, — dedi onam.
— Nega? — alam bilan qichqirdim men. — Axir u kishi Qorbobo emas-ku. U kishi muallim-ku! Qorbobo oʻrmonda-ku!

Onam menga qarab turdi-da:
— Rost, Qorbobo oʻrmonda. Bu kishi muallim, dedi.
— Nega kelmadilar oʻzlari?
— U kishi boshqa maktablarga ketgan. Quvonganimni koʻrsangiz! Hovliga chikdim. Devordan osha oʻrmonga roʻpara boʻldim. Sovuqda diydirab «Qorbobo, nimaga kelmadingiz?» dedim. Nazarimda, u kishi javob berganday boʻldi: «Kelgusi yil kelaman!» Lekin, kelgusi yili ham kelmadilar. Undan keyingi yillarda ham. Bu orada oʻzim ham oʻquvchi boʻldim va tushundim: Qorbobo degan kishi oʻrmonda boʻlmas ekan, oʻshanda meni aldashgan ekan, oʻzim-oʻzimni aldab yurgan ekanman. Lekin bari bir ishonmasdim: Qorbobo bor, u oʻrmonda yashaydi, yangi yilda keladi, sovgʻalar olib keladi, tabriklaydi, deb oʻylar edim. Shuni oʻylasam, oʻrmon ham, yangi yil ham, tugʻilgan kunim ham, qish ham, hammasi sirli boʻlib koʻrinardi, yosh boladay quvonar edim. Qorbobo yoʻq, desam-chi? Sir toyib boʻlar, oʻrmon-oʻrmondek, qish-qishdek, yangi yil — shunchaki bir bayramdek, tugʻilgan kunim esa, tugʻilishim kerak boʻlgan bir kundek tuyular, yuragim boʻshab qolardi. Soʻng yana zoʻr berib shivirlardim oʻzimga: «Qorbobo bor... u oʻrmonda...»

Mana, oʻsmirlikdan ham oʻgib qoldim. Qishlogʻimdan, maktabimdan, hovlimiz, oʻrmonimizdan yirokdaman. Endi koʻp narsaga aklim ham yetadi. Kishi oʻzini-oʻzi aldashi yaxshi ish emasligini ham bilaman. Lekin nima qilay? Hamon oʻsha ikkilanish bor menda. Hatto, endi koʻproq ishonib qolganman: «Qorbobo bor, u oʻrmonda, u sovgʻa olib keladi, u salom olib keladi, u bizni tabriklaydi...»

Bilmadim, bu xayol chol boʻlib bukchayib qolganimda ham oʻzgarmasa kerak.

1967