OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiQumrilar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm36KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qumrilar (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Qamoqdan kelgan paytlarim edi. Ishlab yurgan maktabimga yoʻlatishmadi. Ikkinchi klass shofyorlik pravam ham bor edi, harbiyda olgandim. Poʻlat puchuqqa uchrashgandim, — garajda dispetcher edi, — «Joʻrajon, besh yuz soʻm bermasang, moshin ololmaysan» dedi. Menda sariq chaqayam yoʻq. Puchuq koʻp gapiravergan edi, «Asli meni emas, seni qamashlari kerak edi» dedim. Toʻgʻri-da, men bir ahmoqlik bilan qoʻlga tushdim-tushdim. Lekin nomardlik bilan emas, birovning haqiga xiyonat qilish bilan emas. Shunchaki oʻgʻli darsga xohlagan paytida keladigan milisaga qattiq gapirganim uchun. Oʻzi — uchastkovoy, hammani sen-senlar edi. Sal gapirsangiz, «Oborib tiqib qoʻyaman» der edi. Meniyam ogʻzimdan yomon gap chiqib ketganda: «Oʻgʻling sendan ibrat olayapti?» U-bu... E, bu — odamning yomoni-yomon boʻlarkan. Ikkitasi bir boʻlib akt bitishsa, man-man deganingiz ham bas kelolmas ekan.

Oʻshanda shunday edi-da. Hozir-ku, xayriyat, ular ham oʻylab ish qiladigan boʻlib qolgan.

Xullas, Termizda Olim joʻram bor ekan! Shuning oldiga bordim. «Joʻra, kun oʻtmay qoldi. Bir ish topib bermasang, chatoq», dedim. Ana u — odam. Inson. Yo menga sinfdoshlik qildimi, S. rayonida bir oshnasi bor ekan. RAPO degan tashkilotning boshligʻi ekan. Shunga qoʻngʻiroq qildi. Uyam buning gapini ikki qilmas ekan, meni chaqirdi. S.ga bordim.

Bilasiz, u — togʻlik joy, shagʻal karerlari koʻp. Biriga yuborar deb oʻylagan edim, yoʻq, domotdixga yubordi. Rayonning odamlariga moʻljallab qurilgan ekan. Togʻning etagida. Koʻp xushhavo joy. Direktori bizni farrosh qilib oldi. Shungayam shukr dedim. Qamoqda bunaqa ishlarni qilaverib oʻrganib ketgan edim... Lekin qayokdan kelganim qulogʻiga yetgan ekan: «Tek yurasan, tek ishlaysan. Bezorilik qilmaysan. Qilsang — oʻsha kuni dumingni tugaman», — dedi. «Xoʻp», — dedim. Boshqa nima deyman?

Familiyasi — Qoryogʻdiev edi. Lekin oʻzi qop-qora, koʻzlari oʻynab chiqqan, tagʻin qulogʻi ogʻir odam edi. Qachon qaramang, idora oldiga chiqib, sigaret chekib turardi.

Xullas, ish boshladik. Sahar turib yer supuraman, polizda ishlash, keyin suv tarash, gullarning ostini chopish. E, direktorning mashinasini ham yuvish mening boʻynimda edi. Lekin baribir xursandman. Toʻqson soʻm maosh belgilangan.

Farroshlik qilayotganimning uchinchi oyi edi, shekilli, sizga aytmoqchi boʻlganim juftni koʻrdim. Darvozadan kirib kelishdi. Bir-biriga yarashgan. Qizning ismi — Qoʻysinoy, yigitning ismi — Eshvoy ekan.

Buni keyin bildim.

Bir kuni basseynning suvini chiqarib, tozalayotgan edim, shu yigit — Eshvoy hovuz labiga kelib:
— Hormang, — dedi.
— Bor boʻling, mehmon, — dedim.
— Yuvayapsizmi?
— Ha, loyqa bosib ketipti. Kechqurun toza suv qoʻyamiz. Ertalab bemalol choʻmilishingiz mumkin.
— Ertalabgacha toʻlib qoladimi?

Ensam qotib, unga qaradim. Zerikkan. Bir ermakka muhtoj. Buning ustiga, qandaydir siqilgandek koʻrindi. «Ajab, — dedim. — Yonida shunday jononi turib, bu zeriksa!» Oʻziyam charchagan edim, narvondan chiqib, zinaga oʻtirdim. Qoʻlim loy edi, Eshvoyga kostyumimni koʻrsatib:
— Kissada sigaret bor. Bitta oling, oshna, — dedim. U hozirjavoblik bilan aytganimni qildi. Aftiga zehn soldim. Binoyiday yigit. Ust-boshiyam durust. Boshida somon shlyapa, egnida munday — yoʻl-yoʻl oq koʻylak. Galstugi bor. Tuflisiyam yaltirab turibdi. E, juda bashang. Ziyoli-da!

Bechora gugurtniyam chaqib tutdi. Sigaretani tuta-tib oʻtirib, gapga soldim.
— Uqituvchiman. Hind tilidan dars beraman, — dedi.

Tavba! «Brodyaga» filmi tufayli... hind tili fakultetiga kiraman deb Toshkeshta borib, tarix-adabiyot fakultetiga kirgan edim. «Nizomiy»ga-da! (Universitetning sharq tillar fakultetiga hujjat qabul qilish tugagan ekan).
— E, chalakallega! — dedim. — Baxtli ekansiz... Maosh qancha?
— Yaqinda oʻqituvchilarning maoshi koʻpayadi degan gap bor. Lekin hozirgisiyam yetadi, — dedi.

Yaxshi yigit ekan, men sizga aytsam. Qanoat yaxshi-da! Mana, hozir oʻqituvchilarning ham oyligi koʻpayib ketdi. Qishloq xoʻjaligiga boraman — agranom boʻlaman deganlar ham oʻzini muallimlikka uryapti. Keyin u:
— Sizam hind tilini bilasizmi? — dedi. Men kuldim.
— Bilishim mumkin edi...
— Uzr, endi, — deb chaynaldi.

Koʻrib turibsiz, sodda yigit ekan. Menga yoqib qoldi. Hozir ham shu fikrdaman: unaqangi sodda, pokiza yigitlar kam uchraydi. Biz ham endi oʻzimizcha yashab, uni-buni koʻrdik, har xil odam bilan tanishdik-da!
— Yanga nima ish qiladilar? — dedim.

Ishoning-ishonmang, ogʻzimga tikilib qoldi. Keyin qoʻrqibgina, moʻltirabgina:
— Qanaqa yanga, aka? — dedi.
— Yanga-da! — dedim. — Birga kelgan yoʻldoshingiz!
— E-e. — Uning biqinida sanchiq turgandek nafasi ichiga tushib ketdi. Keyin deng, qizarib-boʻzarib iljaydi. Bunaqangi chuchmal iljayishni koʻrmaganman. Soʻng xuddi yosh boladek tirnogʻini qimirchilab, boshini sarak-sarak qildi. — Yoʻq-yoʻq, — dedi-da, atrofga hadiksirab qarab oldi. Keyin dadillanib, yana: — Yoʻq, — dedi. Undan keyin boʻlsa menga shunday intiq-intizorlik bilan boqdiki, kelganidan buyon menga «ishqi tushib» dogʻimda kuyib yurganday.
— Nima boʻldi? — dedim. — Aptingiz tez oʻzgarar ekan. Artis boʻlsangiz, gapirishingizga hojat qolmasdi.
— Yoʻgʻ-e, nega artist boʻlar ekanman. Uning uchun talant kerak. Menda esa, yoʻq...

Mening yana ensam qota boshladi. Bu yigitni juda ustamon, gap chalgʻitishga ustasi farang, yoxud sodda-mugʻombir deb oʻylash mumkin edi. Lekin qiyofasida shunday samimiyat, tagʻin allaqanday bir miskinlik borki, uning kiftini silaging, «Nima darding bor, uka?» deging keladi.

Uning yoshi mendan katta boʻlsa — katta, kichik emasdi.
— Boʻlmasa yaqinroq tanishaylik, joʻra, — dedim. Bu yogʻiga ismimni aytmoqchi edim, uning koʻzlari al-laqanday chaqnab-ochilib ketib:

Menam shuning uchun kelib edim, aka, — dedi. Dedi-da, bu yogʻiga gap bermadi: — Siz oʻtgan kuni anavi tramplindan suvga tashladingiz. Kalla bilan. Keyin ancha vaqt yoʻqolib ketib, anavi yerdan chiqdingiz... Biz Qoʻysinoy bilan mana bu oʻrikning ostida turgan edik. Hamma hayron boʻldi sizga. Keyin direk-torning mashinasini kavlashtirib, koʻp tarillatdingiz. Keyin he adoqlarga haydab borib keldingiz. Juda tez haydar ekansiz. Undan keyin intelegentcha kiyinib, anavi yerda ruslar bilan bemalol kulishib...

Qarasam, u meni rosa kuzattan. Mening boʻlsa parvoyimga kelmagan.

Endi kamtarlikni qoʻyib, gapning boʻlarini aytsam, bir yigitdan kam joyimiz yoʻq-da! Biz ham uch yil burun oliy ma’lumotli muallim edik...

Bu Eshvoy joʻramiz mening kutubxonaga kirib, kitob varaqlashimniyam kuzatgan ekan. Qaysi kuni ikkita dam oluvchi ichib, shovqin koʻtardi. U qildim — boʻlmadi, bu qildim — boʻlmadi. Qorovulning xotini tugʻib, uyiga ketgan edi. Oxiri piyonlarni boplab karavotga bogʻlab tashladim.

Mulla Eshvoy shuniyam koʻrgan ekan. Xullas, biz uning «kuzatuv ob’ekti»ga aylanib qolgan ekanmiz.
— Namuncha qiziqib qolmasangiz? — dedim.
— Qiziqaman, aka, — dedi u. Siz boshqacha odamsiz... Bizni xonaga bir kirmaysizmi, qoʻlingiz boʻshasa... Sal gurung qilardik. Meni sizdan soʻraydigan maslahatim bor! — deb yuzimga tikildi.

Uning haqiqatan ham soʻraydigan gapi borligiga ishondim.
— Boʻpti. Mana shu loyqani toʻplay. Anavi yerlarni yuvay. Mashina kelsin. Keyin, — dedim. Axlat tashigich mashina loyqa aralash suvni tortib olishi kerak edi.

Yigit xursand boʻlib ketdi.

Ishni bir yokdi qilib, yuvinayotgan edim, yana paydo boʻldi. Harqalay, birovning uyiga tuzukroq boʻlib kirgan ma’qul. Bugungi eng muhim ishim bitgan edi. Bilyardxonaga kirib kiyindim. Ilgari qorovulxonada yotardim. Qoryogʻdievga chaqqonligam yoqib qolganmi, «Bu yer tor ekan. Bilyardxonada yotib yur», degan edi. Koʻpdan beri bilyardning stoliyam, kiylari ham dabdala boʻlgan, siniq-miyriq stol-stullar qalashib yotgan shu xonada turardim. «Intelegencha» kiyinib chiqsam, janoblari kutib turibdi.

Men sizga aytsam, bu yigitning didiyam yaxshi ekan. Haligiday gaplariga oʻxshash — sal chuchmalrogʻ-u, mayli-da. Oʻrtacha xonalardan biri edi — uning nomeri. Karavotni ikkita qilib, ikki kishi yotsayam boʻladigan hujra. Derazaga sariq parda tutilgan. Stol, stul, tumbochka, ikki kreslo. Odatdagi — boshqa xonalarda bor anjom bu yerdayam bor edi. Lekin nima desam ekan, antiqa edi-da!

Kirishim bilan dimogʻimga chuchmoʻmaning hidi urildi. May oyi edi, chuchmoʻmalar xazon boʻlgan payt, «Qaerdan topipti?» deb qarasam, deraza tokchasida, sharbat quyiladigan grafinda bir dasta boʻtakoʻz turibdi deng. Xuddi chuchmoʻmaga oʻxshaydi. Juda gʻalati gul-da! Oʻzi kechroq gullaydi, bogʻning adokdarida bor edi. Grafinning tagida deng qariqizning kattakon yaprogʻi yam-yashil boʻlib yotibdi. Tumbochkaning ustida kichkina yapon magnitofoni.

Divan oldidagi uch oyokdi stolchada talay qoqmevalar: chaqilgan yongʻoq, bir hovuch turshak, bir hovuch qora kishmish. Yana toʻrtta bodring bilan toʻrtta pomidor — bular oʻzimizning teplitsadan chiqqan.
— Oʻ, maishat qilar ekanmiz-da! — dedim. Eshvoy titrabgina soʻradi:
— Ichasizmi? Biron narsa topaymi?
— Rahmat. Ichmayman, — dedim.
— Menam ichmayman, — dedi u.

Kreslolarga oʻtirdik. Menga bir nima yetishmayotgandek tuyula boshladi. «Ha, bu yolgʻiz turarkan-da...» degan mulohaza ekan. Buni anglab... u bilan kelgan jonon «yanga» emasligiga ishondim.

Ana shunda yostiq ustida — karavot qoshiga suyab qoʻyilgan suratni koʻrib qoldim. Oʻsha jonon edi. Lekin paltoda. Yoqasi oppoq — suvsar teri boʻlsa kerak. Boshida deng oqqina jun roʻmol. Roʻmol bilan kulcha yuzini shunday oʻrab olganki, tushmagurning yuzi shu roʻmol ichidan noz bilan chiqib, goʻyo «Yomon qarasang, yashirinib olaman» deganday. Karavot qoshiga suyanib xuddi biz tomonga qarab turibdi.
— U, — dedim. — Endi bildim. Sevgilingiz ekan-da u xonim?

Eshvoy shoshib qolib, qimirlab olib:
— Ha, yoʻq. E, shunday... — dedi-da, birdan boshini egib, xam boʻlib oldi.

Tushundim: dardi bor, sevgi dardi... Tabib — tabib emas, boshidan oʻtkazgan — tabib, deydilar. Biz Ham endi bu dardning tabibi boʻlib koʻrganmiz-da. Ha, maktabdalik chogʻlardayoq oshiqi beqaror boʻlib, bir goʻzalning ismini qorlarga yozib yurganmiz. Uning koʻziga tashlanay deb, qor kurab turgan kuragimizni otib yuborib, tomlardan sakraganmiz. Aksiga olib, qoʻrqib ketib, qargʻab berganlar.

Men oʻzim bolalikdan sal qitmirroq boʻlib oʻsdimmi, bilmayman, ba’zan shafqatsiz boʻlib ketgan vaqtlarim bor. Toʻgʻri, tekkanga tegib, tegmaganga kesak otadiganlardan emasdim. Biroq shu — nohaqlikni koʻrsam, chidolmasdim-da. Shuning uchun maktabdan (yana maktab!) haydalishimgayam oz qolgan. Bir darsga kechikib kelganim uchun domla qatorasiga uchta «ikki»ni bosgan edi! Ha, kechikib kepsan, deb xulqimni muhokama qil, «ximiya»dan ikki qoʻyib oʻtiribdi. E, tutunim chiqib ketgan. Ayol oʻqituvchi edi, erining piyonistaliginiyam yuziga solganman.

Qizlar masalasiga kelsak, keyinchalik ularga sal tepadan qaraydigan boʻlgan edim. Bu — xato, albatta. Lekin nima qilay? Biriga poyi-patak boʻlib nima topdim? Oʻzi, sirasini aytsam, qiz xalqi, xotin xalqi sal magʻrurroq yigitlarni ma’qul koʻrishar ekan. Pushkin ham aytgan-ku, «Ayoldan qancha uzoqlashsang, u senga shuncha yaqinlashadi», deb. Albatta, gap bundayam emas-u, fe’l-da... Tagʻin bu tomonini ham yashirmayman. Institutdayam bir-ikkitasi bilan tanish-bilish boʻlgan edik. Suhbat qurgan edik. Gapning xulosasini aytsam, bu yoʻrikda qamoq menga xiyla ta’lim bergan edi. Diydam qotib ketdimi, nima balo, ozodlikka chiqqanimda, koʻplar, xotin-qizlaram koʻzimga qilcha koʻrinmasdi. Lekin yana takrorlayman: buyam — xato... Chunki sal vaqt oʻtmay, hammasidan oʻzim past va nodon ekanimga iqror boʻlganman.

Ha, chekinish bas, endi.
— Doʻstim, siz oshiqu beqarorsiz! Shu toʻgʻrida maslahat soʻramoqchimisiz? — dedim.

U menga hayrat bilan qarab qoldi. Xuddiki «Qanday donishmand odamsizki, qalbimni darhol bildingiz?» deganday. Albatga, bunday nigohlardan kerilmay boʻlmaydi.
— Aytavering, doʻstim, — deb qora kishmishdan oldim. Xuddi «uch qora»dek. Qayoqdan topgan bu bola? — Qulogʻim sizda, birodar.
— Shu, men, men shu kishini... yaxshi koʻraman, — deb suratga qaradi-da, bip-binoyi yigit yigʻlab yubordi. Ha, yigʻlab, boshini egib qoldi. Xuddi onasidan nohaq kaltak yeganday yelkalari silkinib-silkinib ketadi.

Men ishondim! Eshvoy qizni chindan ham yaxshi koʻrar ekan. Sizga tagʻin bir gapni aytay: bunaqa sevadiganlar hozir har qadamda uchrayvermaydi. Eh-he, qizning aftidan koʻra, muhabbatdan koʻra, uning ota-onasini tanlaydigan yigitlar ham serob boʻlib qolgan. Bilmadim, qizlar, yigitlar hisob-kitobli boʻlayaptimi, ishqilib, bunaqasi kam-kam!

Tagʻin, bu — oʻqituvchi!
— Eshvoy! Boshingizni koʻtaring, doʻstim! — dedim. — Qiz uchun yigʻlash — erkak kishiga yarashmaydi!
— E, yoʻq-yoʻq-e, — deb toʻlgʻandi u. — Hech boʻlmaydi... — U koʻzyoshlari orasidan menga bokdi. — Shuni deb keldim... Imtihonni oldim-u, bu yoqqa joʻnadim... Ketayotganini eshitib edim...
— Birga keldilaring-ku?
— Ha-da! Unga hamroh boʻldim-da. Bir ukasi bizda oʻqir edi. Domkulturaga borib oʻtiraman endi, deb qoldi. Nimaga desam, bu kishi — Qoʻysinoy bu yoqqa dam olgani chiqayotgan ekanlar. Oʻzlari... madaniyat uyining direktori-da.
— U kishiyam institutni bitirganmi?
— Ha Madaniyat institutini bitirganlar. Yaxshi bitirgan. Qizil diplom bilan.
— Toshkentda tanishganmisizlar? E, bir joydanga oʻxshaysizlar, chogʻimda!
— Ha, shu yerdanmiz. Qoʻshni maktabda oʻqiganlar. Toshkentgayam birga borgan edik... Man Hindistonga ketishim kerak edi... Shu kishini deb qoldim. Hech boʻlmadi...
— A-a, u kishining munosabatlari qalay endi? — deb soʻradim. Kishmish juda mazali ekan.
— U kishi... — Eshvoy tek qoldi. Birpas qoʻllari qovushtirilgan haykalga oʻxshab turdi-da, bikinida yana haligi sanchiq turganday qattiq qimirladi.
— Xoʻsh?

Eshvoy peshonasiga bir shapati urdi-da, eshikka yegudek boʻlib qarab:
— Men oʻzim boʻlmasam kerak, — dedi.
— Nimaga? Tushunmadim gapingizni?

U xoʻrsinib jimidi. Keyin choʻntagidan toza, oppoq roʻmolcha olib, koʻzlarini artdi. Qandaydir jiddiylashib, nimaningdir xayoli bilan tez-tez bosh irgʻadi. Keyin xoʻrsinib olib, yana jim qoldi.
— E, gapiringda-e, — dedim.
— Boʻshsiz deydi! — Yuzimga tik qaradi. — Tushundingizmi? Bu degani... yigit emassiz degani.., deb tushunish ham mumkin. — U lablarini qatgiq qimtib oldi. Yuzi yana titrab ketdi. — Nima qilay? Shunday tarbiya topgan boʻlsam... Birovga qoʻl koʻtarmaganman. Qaytamga hamma vaqt yelkamni qisib yurganman...
— Ha-a, —dedim men masalaning magʻziga yetganday. — Unday boʻlsa, oʻylab koʻrish kerak ekan. — Lekin nimani oʻylashni bilmasdim. — Koʻzingizni arting, doʻstim. E, erkak kishi... — Oʻzim ham xoʻrsinib yubordim. — Kishining boshiga mundan katta savdolaram tushishi mumkin!

U boshini qimirlatdi.
— Xoʻsh?
— Men u kishi uchun har qanday ishga... qiyinchilikka tayyor edim. Hoziram shunday... Bir qoʻpol, gʻalati yigitlar bor... Qoʻysinoy ba’zan oʻshalardan oʻrnak olmaysizmi, deb qoladi... — Uning koʻzi tagʻin yoshlandi. — Qarang-a!
— Nima uchun?
— Aytdim-ku, ularda... haligiday yigitlikmi, yigitga xos fazilatlarmi, koʻp emish...
— A-a. — Men uning dardini endi tushungan edim. Lekin endi darmon masalasi bor.

Men uni qaydan topaman?

Oʻsha kuni Eshvoyning oldidan chiqqandan keyin uzoq oʻyladim. Shu yigitga yordam bergim kelardi-da. Nima qilay? Oʻylay-oʻylay, unga gʻashim ham kelib ketdi. Xokisorligi, «qizi» aytganidek, «boʻsh-bayov»ligi jinimni koʻzgʻadi. Biroq tan olish kerak, unga qandaydir havas bilan ham qarardim. Axir oʻzim unday emasman-da.

Gapning qisqasi, men u yigitga yordam berishni... qizga qandaydir ta’sir etish, bu xokisor, oliyjanob oshiqning fazilatlari naqadar noyob ekanini koʻrsatish, balki isbotlash, buning uchun... buning uchun yana bir nimalar qilish kerak, degan xulosaga keldim. Koʻrib turibsiz, xulosam hali pishmagan, shunga qaramay Eshvoyni ertasi tutib, qizi bilan meni tanishtirishini soʻramoqchi boʻldim. Lekin buyam noqulay edi: bolaning koʻngliga, kim biladi, qanday gaplar keladi. Shuning uchun qizni bir oz vaqt kuzatish va iloji boʻlsa bir-ikki ogʻiz gaplashishga qasd qildim.

Ana shunda deng, oqshom mahali Eshvoy qorovulxonaga hovliqib kelib qoldi.
— Aka?
— Ha, uka, — deb chiqdim.

U boshini egib, qandaydir hazinlik, yana kinoyaga oʻxshash bir holatlar butun qiyofasida aks etgancha turdi-da, burnida kulib:
— Tavba, — dedi.
— Qulogʻim sizda!
— He, qiziq... Bugun hali... deng, sizni maqtab qoldilar, — dedi endi chehrasi gʻalati bir tarzda ochilib. U bu ishdan xursandmi, gʻashmi — bilib boʻlmas edi. Lekin qattiq hayajonda! — Ha, aka, maqtab qoldilar, — endi yigʻlayman deb turib kulgan kishining toʻlgʻokdi ohangida davom etdi: — Oʻsha men sizga aytgan narsalarni aytdilar. Suvga sakraganingiz bormi, anavi ikki piyonistani yotqizib qoʻyganingiz bormi... «Siz shunday qilolasizmi? Hecham qilolmaysiz-da», — deydilar. Men hayronman. — U qandaydir jiddiylashdi. — Har kimning oʻz vazifasi boʻladi, masalan, sizning ham, toʻgʻrimi, aka? Sportchining ham...
— Albatta, albatta, — dedim. — Men, masalan, hind tilidan dars berolmas edim.
— Balli. Rahmat. Shundayki, men ham...
— Farroshlik qilolmaysiz. U qiynalib kulimsiradi.
— Detdomda qilganmiz. Yetimxonada... yer supurar edik. Devor urar edik...

Men unga achinib ketdim: demak, bu yigit yetim oʻsgan... «Nega bunga azob beradi, a, u? Boshida toji bormi! Uni deb chet elga borishdan qolipti. Endi borib yalinsayam yuborishmas... Uni... Seni deb oʻqituvchilik qilib yuripti! Falon soʻmga qanoat qilib... Shoshma, qandoq odamsan oʻzi? Bolalikdan sevar ekan seni! Munday yigitni... doriga topib boʻlmaydi. Nimangga ishonasan? — E, toza qizishib ketgan edim. Goʻyo u jonon bilan olishardim. — Oʻzingizam sal demasa, qari qiz boʻlib qopsiz, xonim! Erta-indin bozoringiz kasod boʻlib, xotin qoʻygan oʻrta yashar kishigayam tegishga jon deydigan boʻp qolasiz... Yo shunchalik magʻrurmisiz? Shoshmang...»

Nazarimda, qizning boshqa yigiti bor-u, Eshvoyni laqillatib yurganday tuyuldi.

Keyin bu gapga chippa-chin ishonib qoldim: «Boshqacha boʻlishi mumkin emas!»
— Eshvoy joʻra, — dedim. — Men sizdan katta emasman. Keling, joʻralashamiz.
— E, yoʻgʻ-e...
— E, tuzuk turing-e! Mingʻirlamang... Kechirasiz, bu yaxshi odat emas. Nimadan hayiqasiz?.. Mard boʻling-e! Odam bir marta dunyoga keladi. Koʻkrakni kerib yurmaysizmi!

Men shunaqa qilib sayrar edim. U menga sezilarli hurmat bilan, ayni choqda «Bu gapingizni bilaman, tushunaman, aka» deganday bir kamtarona xayrixohlik bilan eshitardi.

Nima demoqchi ekanimni unutib qoʻydimda:
— Keling, bir oʻtirishaylik. Bizdan nima ketdi! — dedim. — Xohlasangiz, men tashkil qilaman. Lekin pulim yoʻq.
— O, o, o! — xuddi bir yeriga qaynoq suv quyilib ketdi-yu, mendan koʻra u koʻproq azob chekkandek tus oldi. — Menda bor... Uzim... Nega shunday deysiz? Pul...
— Boʻpti. Ertaga kechki payt.
— E, ertaga surib nima qilasiz? — dedi u. — Shu oqshom... Mana, biron soatdan keyin. Men u kishini taklif qilsam, xonamga keladilar...
— Olam guliston! — Lekin ichimda: «Tavba, — dedim. — Xonasiga kelibam laqillatib oʻtirsa kerak».
— Soat, soat...
— Yettidan keyin, — dedi. — Mehmonam kelmaydi. Kelsayam qabul qilmaymiz. Sestra xozyaykalar ketib boʻladi.
— Boʻlmasam, yarim soat qopti.

U iliqqina iljayib, tez qaytib ketdi.

Men uning nima qilishini oʻzimcha tasavvur etardim: shoshiladi, nimalarnidir tushirib yuboradi. Anavi suratni nima qilar ekan? Oʻsha yerda turgani ma’qul.... Qiz xalqiga ta’sir etadi. «Meni sevar ekan», deydi. «Rasmimga qanoat qilib yurgan ekan, bechora», — deydi.

Alqissa...

Xonaga kirsam, xonim toʻrdagi kresloda oʻtirgan ekan. Yonboshdagi kreslodan Eshvoy irgʻib turdi. Albatta, oʻzaro kelishganimizni bildirmay:
— E, keling-keling, mehmon aka, — dedi. Soʻng shoshib, meni tanishtirdi: — Shu yerda ishlaydilar... — Qizga tikilib qoldi-da:
— Koʻrgansiz-ku, — deb qoʻshimcha qildi. — Ismlari Xoliyor.

Men ham endi rol oʻynashim kerak edi.
— Bemavrud kirib qolmadimmi? — dedim. — Kechirasizlar... Odam zerikadi. Sizlar bu yerda — eng ziyoli odamlar. Boshqalarning koʻpi — kolxozforma...

Shu narsani alohida qayd etishim kerakki, Qoʻysinoy bugun men haqimda Eshvoyga gap ochgani, taxminan maqtagani holda, tuyqus kirib kelishim, shubhasiz, unda gʻalati bir fikr uygʻotganini tusmolladim. Ya’ni, nazarimda, qiz: «Men buni maqtaganim uchun chaqirdi», deb oʻylardi.

Demak, bizning oʻzaro bitishuvimiz ham unga ma’lum boʻlsa kerak.

Endi, yana bir muhim gap: Qoʻysin nemis qizlari kiyadigan shaxmatnusxa oq-qora koʻylakda, kalta yengi qappayib turar...

Qoyil! Onalar bor-da, shunaqasiniyam tugʻib qoʻyishadi... Yuzi — kulchagina, sochini yelkasiga tegar darajada kestirgan ekan, yoyib qoʻyibdi. Qandaydir Italiya qizlariga oʻxshab ketadimi-e. Lekin ogʻzidagi oldingi uchta tishi tilla ekan.
— Keling, — dedi.

Shunday deyishi bilan ovozi ancha oʻktam, dadil ekanini sezdim. Harqalay, yigitlar haqida, yoʻgʻ-e, «haqiqiy yigit» haqida haligiday deyishlari bejizga oʻxshamaydi.

Lekin men oʻzimni undan ham dadil, oʻktam, hatto bir oz chapaniroq tutishim kerak edi. Nima uchundir bu qiz bilan gaplashishga oʻzimni tayyorlar ekanman, shunday tutishni ma’qul koʻrgan edim. Qolaversa, Eshvoydek yigitga azob berib yurgan bu takabbur — gʻalati, bechora yigitni kamsitib yurgan shaddod xonimga nisbatan koʻnglimda allaqanday bir adovat ham uygʻongan ediki, hech narsani oʻylamay xonaga kirib kelganimdayam oʻzimni hali aytganimdek tutib ketgan boʻlardim.

Kechirasiz, tagʻin bitta nozik masala: men endi uni Eshvoyga ogʻdirish yoki doʻstimning qimmatli fazilatlarini biron-bir tariqada koʻrsatishniyam unutayozgandim.

Undan qandaydir oʻch olish, iloji boʻlsa, uning oʻzini kamsitish istagi tugʻilgan edi.

Bu istak esa mening haligi... ayol zotiga balanddan qarashdek yomon odatimga mos tushardi.
— Xoʻsh, oʻtiribsizlarmi? — dedim-da, shartta divanga choʻka qoldim. Lekin qurgʻurning prujinasi ishdan chiqqan ekan, chindanam choʻkib ketdim. Uzingiz yaxshi bilasiz, raqibingiz balandroq yerda oʻtirgan boʻlsa, u bilan munozara qilish ancha ogʻirlashadi. Zero, oʻsha balandlik ham uni koʻtarib, gaplariga salmoq bagʻishlab turadi. Shuning uchun ayrim amaldorlar atay stol boshiga yalang stul qoʻyib oʻtirishadiki, qarshisida kreslolarga choʻkib oʻtirganlarga tepadan qaray oladi. Qolaversa, quruq stulda oʻtirish bilan oʻzlarining «kamtar»ligini namoyish ham qiladilar. Ha-a, buyam bir gap-da... — Eh, — deb oʻrnimdan turdim. — Eshvoy doʻstim, aytmaysizmi divanim chatoq deb? Yangisidan keltirib qoʻyardik!

Qoʻysin Eshvoyga ta’naomuz bir qaradi-yu, darhol koʻzini oldi. Chamasi, u bu yerda... menga qiziqardi.
— Balki bu yoqqa oʻtirarsiz? — deb kreslosi su-yanchiqlaridan ushladi.
— Yoʻq-yoʻq, — deb alanglagandim, tumbochka qoshida turgan yalang stulga koʻzim tushdi. — Doʻstim, oʻshani olvoring, — dedim.

Kalovlanib qolgan Eshvoy:
— E-e, siz, mana... — deb qandaydir surilib, kreslosini men tomonga itardi. Keyin koʻtarib qoʻydi. Keyin stulni olib, tappa oʻtirdi-da, qat’iy iltijo qildi: — Marhamat, aka...

Men ortiqcha mulozamat qilishni lozim topmay, kresloga choʻkdim. Xayriyat, haligiday choʻkib ketmadim.

Qoʻysin meni Eshvoyga maqtagan boʻlsa, demak, meni undan ustun qoʻyadi. Demakki, shunday odam — men kirib kelgan ekanman, undan oʻzimga nisbatan anchagina dildorliklar, hatto xushomad, qandaydir faxrlanishni anglatadigan muomala-munosabatlar kutishga haqlimanmi?

Biroq, u... yoʻq, undan bu narsalarning zigʻirchasi sezilmasdi. Harqalay hozirgacha sezilmadi. Kirib keldim, oʻrnidan qoʻzgʻalmadi hisob...

Joyim noqulay edi, darhol joyini boʻshatib bermadi.

Tagʻin chehrasida kinoyaomuz ifoda bor.

Bu nimadan deb oʻylaysiz?

Eshvoy bilan oʻzaro bitishganimizni anglab qolganidanmi?

U holda, aksincha... Eshvoyga meni yana-da koʻz-koʻz qilish, oʻzining «asl yigitlar»ga qoʻyadigan talabini yanada namoyish etish uchun ham menga boyagidek iliq-issiq, jozibali mezbonnavozlik koʻrsatishi kerakmasmi?

Xullas... tagʻin, xullas deyaman, ana shunday qarama-qarshi fikrlar kallamdan kechdi.

Biroq hali aytganimdek xatti-harakat, gap-soʻz bobida «qaytish» yoʻq endi.
— Qani, dasturxonga qaranglar! — dedim. O, bu kishmishni! Ana shu «uchqora» boʻlsa, kosmonavtlar yeydigan kishmish!
— Olsinlar.

Qoʻysin aytdi bu gapni. Yalt etib qaradim. Yana... endi ochiq kinoya qilardi.
— Olamiz, rahmat, — dedim. — Lekin taom egasi bilan shirin! Qani, Eshvoy?.. Yo, kechirasizlar, chindanam bemavrud kirib qoldimmi? — Nihoyat, shunday deyishga majbur boʻldim.

Axir gap-gapga qovushishi kerak-da.
— Biz yeb oʻtiribmiz, — dedi Qoʻysin.
— Kechirasiz, siz oʻzi nima kasb qilasiz? — dedim Qoʻysinga dangal.

Qoʻysin Eshvoyga beozorgina qaradi.
— Aytmadingizmi? Eshvoyning kallasi qayoqda!
— Nimani? — dedi.
— E, bu kishidan soʻramang! — deb gapning ochigʻiga oʻtdim. — Bu kishi sizning ishqingizda devona boʻlib, hozir yegan ovqatiniyam unutib qoʻyadigan boʻp qopti. — Gʻashim kelib ketdi. Bemalol sigareta olib tutatdim. — Kechirasiz, chekmasam oʻtirolmayman.
— Yaxshi odat.
— Xoʻsh, — dedim. — Bu, domkulturada ishlar ogʻirmi deyman? Dam olishga chiqibsiz?
— Ishlar siz oʻylaganchalik yengil emas, — dedi u. — Ikkinchidan, otpuskaga chiqdim. — Soʻng tabassum qildi. — Kurort, sanatoriy, Qrim, Kavkaz boʻylariga borishga bizning qurbimiz yetmaydi. Ana shuning uchun uzoqdagi quyruqdan yaqindagi oʻpka yaxshi deb, shu yerga chiqa qoldik. Endi tushundilarmi?

Men sal gangib qoldim. Uning gaplarida ogʻir joylar ham bor edi. Lekin u juda bemalol aytdi. Ikkinchidan, men oʻzim unga nisbatan adovat bilan kelganim holda, uning menga qandaydir adovati bordek tuyula boshladi.

Bu — nimadan?

Oʻylasang, bosh aylanib ketadi.

Yaxshisi, oʻylamay suhbatning oqimiga qarab ketaverishni ma’qul topdim.
— Tushunarli, — dedim. — Chunki domkulturalar serdaromad joy emas. Shtatingiz ham unchalik koʻp boʻlmasa kerakki, bitta-ikkita oʻlik jonning maoshini olish mumkin boʻlsa!

Uning koʻzlarida duv etib oʻt chiqqandek boʻldi.
— Qanaqa «oʻlik jon»? — dedi.
— Harqalay, Gogolning «oʻlik jonlari»ni koʻzda tutmayapman, — dedim.
— Tushundim, — dedi u. — Oʻzingiz nima kasb qilasiz?

Men kuldim.
— Bu masala ayon-ku?
— Yoʻq, siz... uborshitsaga oʻxshamaysiz?— dedi.

Bir seskanib ketdim.
— Ey, xonim, menga qarang, — dedim. — Koʻrib turibsiz, bu yerga bejiz kirmadim.
— Albatta, — dedi u.
— Balki, maqsadimniyam bilarsiz?
— Sal-pal.
— Boʻlmasam, men butunasicha aytay.
— Xoʻsh-xoʻsh?
— Nega bu yigitga azob berasiz?

Ana shunday qilib, maqsadni aytib yubordim. Oʻzi maqsadim shumidi? Yoʻq-yoʻq! Bu — indallosi.
— Sizning nima ishingiz bor? — dedi u. Tavba, xotirjamgina aytdi. Sal achchiqlansa boʻlardi-ku?

Damim ichimga tushib, haroratni koʻtarmoqchi boʻldim.
— Nega ishim boʻlmasin? Bunday yigitni yana qaerdan topasiz? — «Bor-e!» dyob davom etdim. — Bu inson-ku! Bunaqasi topilmaydi, men sizga aytsam... Masalan, men qoʻpollik qilishim mumkin. Birovga azob berishim mumkin... Lekin bu odam musichagayam ozor yetkazmaydi!

Qoʻysin unga qaradi-da:
— Shundaymi? — dedi. Qiziq, basharasida jilla iliqlik paydo boʻldi. Ma’nosini tushunolmadim: kinoyamidi?

Gangib-garangsib, dam unga, dam menga qarab oʻtirgan Eshvoy:
— E, yoʻq, men... Bu kishi meni maqtab yubordilar... — dedi. Keyin qip-qizarib ketib, menga qaradi. — Aka, nima keragi bor shu gaplarning? Men... menda kamchiliklar toʻlib yotipti. Uni... mana, Qoʻysinoyning oʻzlariyam yaxshi biladilar. Toʻgʻri, u kamchiliklar menga bogʻliq emas. Lekin shunday...
— E, koʻp mijtovlanmang-e! — bu gapni aytib yuborgandan keyin sal pushaymon yedim. Axir, uni soʻkish-da bu... — Kechirasiz, — deb gapimni tuzatdim. — Kamtarlik ham evi bilan, doʻstim. — Keyin yana Qoʻysinga murojaat qildim: — Xoʻsh, xonim afandi? — Shunda uning koʻzlaridan yana oʻt chaqnadi-yu, men shodlanib ketdim. Endi butunasiga hujumga oʻtdim: — Men sezib yuribman, — dedim. — Siz bu sodda yigitni oyoq osti qilyapsiz!

Tavba, unda hech kutilmagan holat yuz berdi. Chuqur hayrat bilan Eshvoyga qaradi.

Eshvoy qurmagʻur esa, yana menga qarshi keldi:
— Qachon, qachon meni oyoqosti qiliptilar? Nega shunday deysiz, Xoliyor aka? — dedi.
— Men buni sezdim. — Koʻzimni yumib qoʻpolikka, balki muttahamlikka oʻtdim. — Sezdim... — Yana nimadir deyishim kerak. Qurib ketgur, tilimga gap kelmadi.
—Bas, bas, — dedi shunda Eshvoy. — Bu gaplarni qoʻyaylik... Menda hindcha muzika bor...
— Eshitmayman, — dedim. — Men — shu masalaning tagiga yetishim kerak. Chunki buni... burchim deb bilaman! Ha, Qoʻysinoy, boʻlari gap shu!

Qoʻysin birdan chuqurgina xoʻrsindi. Soʻng koʻzimga tik qarab:
— Siz buning sababini nimada deb oʻylaysiz? — dedi.
— Nimaning?
— Bu kishiga... deylik, siz aytgandaqa, muomalamni. Axir, bu kishi sizga aytgan-ku?
— A-a, unimi? — Ha..
— Sizga ochigʻini aytaymi?

U tek qoldi. Aytmadi. Nazarimda, butun vujudi quloqqa aylandi. Endi asl gapni aytish vaqti kelgan edi. Sekin Eshvoyga qaradim: bu gapni u qanday qabul qilar ekan?

U boyoqish jim.
— Menimcha... — dedim.
— Xoʻsh?
— Sizning boshqa yigitingiz bor.

O, nazarimda zilzila boʻldi. Uy silkinib ketdi. Eshvoy gʻalati qimirlab, toʻlgʻanib, alanglab qoldi. Qoʻysin... unga nima boʻldi? U ham Eshvoyga yalt etib qaradi, keyin boshini egdi, labini qimtidi. Soʻng chuqur nafas oldi.

Bilasizmi, odamlar gʻala-gʻovur qilganda, shovqindan gangib qolasiz-ku ba’zan? Ba’zan esa, mana shunday soʻzsiz talvasa, koʻzlarning ola-kula boʻlishlari, yuraklarning gupillab urishi, xullas, mana shunaqa holatdan ham kishi gangib qolishi mumkinligini shunda sezdim.

Biotoklarda gap bor deganlari rost.
— Chiqib keting.

Nihoyat, Qoʻysinning gapini eshitdim. Yuragim shuvillab ketdi.
— Nima-nima?
— Chiqib keting deyapman!

Qoʻysin, ishonasizmi, oʻrnidan yarim turib ketgan edi. Nima qilishim kerak? Indamay chiqib ketsam... Yoʻq, men bunaqa holda yutqazgan boʻlaman.

Qolaversa, men unga asl gapni... eng asosli gapni aytdim. Eshvoyga qarasam, boshini egib qolgan.
— Chiqmayman, — dedim.
— Chiqasiz.
— Oʻtiring, koʻp hovliqmang... E, toʻgʻri gapni aytsang ham yoqmaysan.
— Boʻlmasam men chiqib ketaman! — deya Qoʻysin oʻrnidan butkul turdi.

Eshvoy... e, bechora! Shoshib, hovliqib qoldi-ku! Yaxpsh koʻrish ham bir mashaqqat ekan-da!
— Yoʻq-yoʻq, siz oʻtiring, Qoʻysinoy, — dedi u va menga... menga qaradi. — Aka, chiqing...

Gangib qoldim.
— Nima?
— Chiqing. Hayronman.
— Esingiz joyidami? — dedim.
— Esim joyida! — deb baqirib yuborsa boʻladimi. — Chiqing degandan keyin chiqing-da, axir!.. Nima? Nimaga, bu kishiga doʻq qilasiz? — Tavbangdan ketay. Xuruj qilib, koʻzlari yoshovrab menga yuzlanib oldi. Nazarimda, meni koʻrmas edi. — Nega bu kishini haqorat qilasiz? Nega?
— Qachon? Qachon? — dedim.
— Sizning yigitingiz bor... U-bu... Bu haqorat emasmi, axir! Chiqing, aka!
— E, bechora! — shunday deb yuborganimni qulogʻim eshitdi-yu, tasavvur qilasizmi, basharamga bi-ir shapaloq kelib tushdi: bu yogʻi planimda yoʻq edi. Eshvoyga qarab angrayib qoldim. — He, joʻra?
— Men joʻrangiz emasman!
— E, bor-e!

Voh! Yana tushdi oʻsha shapaloq. Oʻlgurning qoʻli qattiq ekanmi, yo buni kutmaganimdanmi, koʻzim oldi qorayib ketdi. Endi meni hech narsa tutib qololmasdi.

Biroq shunda... birdan kalla ishlab qoldi-da, azizim! Ha, kalla ishladi.

Nima qilding deysizmi?

Hech narsa.

Men qilishim kerak boʻlgan ishni, umuman, qilib boʻlgan, ya’ni, Eshvoyga katta yaxshilik qilgan edim!

Tushunyapsizmi ?

Axir, u meni urdi! Hozir qoʻyib bersam yana uradi!.. Bu bilan u Qoʻysinga nimani koʻrsatadi? Yoʻq, isbot qiladi? Axir, qizning undan talabi nima edi?

Endi tushundingizmi?

Ana shuning uchun:
— E, bezori ekan-ku bu? Buning qoʻlidan odam oʻldirisham keladi! — dedim. — Yumshoq supurgi deb yursam...
— Oʻldirama-an! — Eshvoy chindanam menga tashlandi. Chamamda, kimlardandir, balki Qoʻysindan ham olish kerak boʻlgan alamini mendan olmoqchi... shuni olmoqda edi.

Vaqtni boy bermay, qochib chiqdim.

Ertasi choshgoxdarda ularni bogʻ adogʻidagi yoʻlkada koʻrdim. Qumrilardek boʻlib — ku-kulashib yurishardi. Shunday qizgʻin gurung bilan banddarki, teplitsaning biqinida turibman-u, meni koʻrishmadi.

Shu bilan hikoyam tamom boʻldimi? Yoʻq. Davomi bor.

U shundan iboratki, Eshvoyjon bilan Qoʻysinoy ertalab Qoryogʻdievning kabinetiga .kirib, men hakda nima deyishgan boʻlsa, deyishgan ekan. Tushdan keyin oʻrtoq direktor bizni chaqirdilar. Tikka turgʻizib qoʻyib, shunday «taxtaga oldilar»ki, qani, bir gapdan toʻxtatib boʻlsa. Gapirgan bilanam foydasi yoʻq edi.

Kar eshitganini qoʻymaydi, deganlar-ku. Oʻzinikini ma’qullab, bizni «bezori»ga chiqardi.

«Birovning xonasiga bostirib kirgan» — biz, «haqorat qilgan» — biz.

Oxiri: «Men nima degan edim senga? Oramiz ochiq boʻldi, uka. Bugʻgalteriyaga kir...» dedi.

Ishonasizmi, uchalasi birlashib, ustimdan akt tuzishganda, nima boʻlardi?

Oʻshanda yana qamalib ketishim hech gapmas edi.

Qolaversa, keyin... Qoryogʻdievga masalaning mohiyatini aytib bergach, u menga ajoyib xarakteristika yozib berdi.

Lekin men xafa emasman.

Aksincha, ularning bir-birini sinashiga sababchi boʻlganimdan xursandman.

Darvoqe, hozir Qoʻysinoy oblast san’at boshqarmasida ishlayapti. Eshvoy — «Afgʻoniston bilan Aloqa qilish Doʻstlik jamiyati»da. Oʻsha yurtga bir-ikki marta borib ham kepti. Hind tiliga yaqin lahjada gaplashadigan qabila bor ekan.

Kamina yana Omon-Inson yordamida eski maktabimdaman...

1986