OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiQush tili (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qush tili (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

«
Tangrim, bolalar bilan hayvonlarni oʻz panohingda asra.
Amerikalik rejissyor Kramer yaratgan filmning nomi
»

Jahongir bir tavaqali eshikdan tashqari chiqdi. Roʻparada katta bogʻ. Ulkan-ulkan daraxtlar. Osmon ham katta, shishadek tiniq. Tepadan gala-gala qora qushlar uchib oʻtyapti. Havodan turfa koʻkatlarning hidi keladi. Har yokda turli hasharot ovozlari vizillaydi, dizillaydi.

Bola uy biqinidan esayotgan bosiq shov-shuvni eshitdi-da, oʻsha yoqqa oʻtdi. Uzun ariq boʻyida ham azim daraxtlar. Tepa shoxlari osmonga tekkudek. Quyi shoxlari yerga egilgan. Yaproqlari katta-katta, shapaloq-shapaloq.

U daraxt shoxlarida oʻynoqlab yurgan chipor qushlarga hayajon bilan qararkan, bir yerdan qiyq-qiyq etgan ojiz tovush kledi. Jahongir alanglab qaradi. Ariqning u betidagi qalin xazonlar ustida bir qush yalpayib yotar, bir qanoti dumi tomon surilib qolgan, sargʻish tumshugʻini ochib qigʻillar edi. Jahongir uyoqqa ikki qadam bosgan edi, qushcha jonholatda «qiyq-qiyq» etdi-yu tepadan bir balo yogʻildi: barcha chipor qushlar quyilib, Jahongirning ustida charx urib aylana boshladi. Shamollari tyogadi bolaning yuziga! Jahongir koʻzlari ola-kula boʻlib, burila solib qochdi, yoʻlakka kirdi.
— Ada! — deb baqirdi.

Eshik ochilib, birovning tepakal boshi koʻrindi.
— Ada! Anuv yerda bir qush yotibdi! Ucholmaydi! Qanoti mamundoq boʻlib qolgan. Obering menga!

Dadasi ichkariga qarab qoʻyib, eshikni yopdi.
— Yur. Hovliqma... Dam olgani kelgan odam shoshmaydi.

Tashqariga chiqishdi. Jahongir otasining qoʻlidan tortib, ariq boʻyiga olib borar ekan, qushlar yana chugʻurlashib, endi ota-bola ustida quyun boʻlib ucha boshladi: ular goʻyo bularni qoʻrqitmoqchi, orqaga qaytarmoqchi boʻlishardi.

Qamariddin xazon ustidagi qushni koʻrib:
— Mayna-ku! E-e, — dedi. Soʻng arikdan hatlab oʻtib, qushni koʻtardi. Qushcha jonholatda xazonlarga yopishgan ekan, ikki-uch bargni gajak tirnoqlarida changallab tipirchiladi. Qamariddin uning osilgan qanotini tortib koʻrdi. Biqin patlariga puflab qaradi. — Oʻq yegan... Birov otibdi buni... Paq etkazib otibdi! Shu yerga kelib yiqilganga oʻxshaydi.
— Menga bering!
— Yoʻq. Buni davolash kerak.
— Nimaga otibdi?
— Yomon odam-da. Yaxshi odam qushlarga ozor bermaydi.
— Bu oʻlmaydimi?
— Nega oʻlar ekan? Lekin bu yerda yotaverganda oʻlar edi. Yo mushukka yem boʻlardi.
— Uyga opketamiz-a?
— Opketamiz... tuzalsa. Ammo mayna odamga oʻrganadi. Yur... Hamma qushlar ham odamga oʻrganadi. Nima uchun buning nomini mayna deydilar, bilasanmi?
— Yoʻq.
— Hali aytib beraman.

Divanda «Vokrug sveta» jurnalini varaqlab oʻtirgan Ikroma oʻrnidan sapchib turdi.
— Nima u?
— Mayna. Yoding bormi?
— Qaydam... Doka bor.
— Ozgina ber.
— Menga bering maynani!
— Qoʻlingni choʻqiydi, oʻgʻlim. Qara, ogʻzini ochyapti... Yur, bir yerga borib kelamiz.

Uzun, qizil gilam toʻshalgan yoʻlak televizor koʻriladigan zalga eltadi. Qamariddin dermantin qoplangan eshikni tiq-tiq urdi. Xalat kiygan Oqila opa chiqdi.
— Voy, mayna-ku?
— Yarador. Ariq boʻyida yotgan ekan. Oʻgʻilchamiz koʻrib qopti.

Oqila opa Qamariddinning gapini boʻlib, boqqa chiqiladigan ikki tabaqali eshikka qarab oldi-da:
— Kattaning oʻgʻli qilgan, — dedi. — Miltigʻi bor! Har kuni otadi.
— Qanaqa kattaning?
— E, anavi dachada kim turadi?

Ariq boʻyidan oʻtgan devor orqasida bir ministrlikka qarashli dacha bor. U yerda, odatda, odam kam boʻlardi. Temir darvozasi ogʻzida oʻqtin-oʻqtin «Volga»lar tizilib ketadi.
— Ha-a, — dedi Qamariddin. — Yosh bola! Gaplashib qoʻyamiz u bilan... otasi bilan!

Oqila opa boshini sarkak-sarak qildi.
— Hamma shunday deydi. Bittasiyam yurak yutib bormaydi.
— Biz boramiz! Bizning qoʻrqadigan joyimiz yoʻq... Yod bormi?
— Hozir. — Oqila opa xonaga kirib, qornidagi yozuvli joyi tirnoqda koʻchirilgan shisha idishcha chiqarib berdi. — Ozgina qolgan ekan.
— Rahmat, Oqila opa! Ota-bola orqaga qaytishdi.
— Ada, bitta ushlab koʻray.
— Sabr qil.
— Nega mayna deydilar buni?
— Koʻp usta qush bu, oʻgʻlim. Har qanday jonivorning ovoziga taqlid qiloladi. Xohlasa, mupguk boʻlib miyovlaydi. Xohlasa, it boʻlib hurishi mumkin... Bulbulga oʻxshab sayrab ham qoʻya oladi. Ana shuning uchun buni mayna deb ataganlar: boshqa qushlarni, hayvonlarni mazaxu mayna qilgani uchun.
— Odamniyam mayna qiladimi?
— Buning uchun uni oʻrgatish kerak. — Qamariddin birdan mamnun kuldi. — Buni gapirishgayam oʻrgatsa boʻladi. Hozir aytib beraman.

Qamariddin xonada qushni qagʻillatib qanoti va biqiniga paxtaga shimdirilgan yod bosib, doka bilan bogʻlaguncha, «aytib berdi».
— Rahmatli momomizning bir xolasi boʻlar ekan. Befarzand ekan. Eri bir kelishida choʻloq mayna olib keladi. Oʻshanda bizning yurtda mayna boʻlmagan. Xoʻp de, Ikroma! Mayna keyingi yillarda paydo boʻlib koʻpayib ketdi. Xullas, momomizning xolasi choʻloq maynaga mehr qoʻyib, parvarish qiladi. Keyin tilga oʻrgatadi!.. Ulugʻoy degan qoʻshnisi boʻlarkan. Oʻsha devordan moʻralasa, mayna darhol: «Uluq, Uluq!», deb qichqirarkan. Shunaqa. Keyin mayna oʻlib qoladi. Uni yarim gaz boʻzga oʻrab koʻmishadi. Goʻri ustida oʻsha xolamiz koʻp yigʻlagan ekanlar... Shundoqki, bu taqlidchini gapga oʻrgatish mumkin!.. Soʻngra, bu jonivor goʻshtni yaxshi koʻradi.
— Goʻsht bor-a, opa?
— Kolbasa bor, — dedi Ikroma. — Adasi, endi buningiz shu uyda turadimi?
— Boʻlmasa qaerda turadi? Shkafga solib qoʻyamiz.
— Kechirasiz, va’dangizni bajaring. Bizga alohida xona berishsin... Tutuningizga toqatim yoʻq. Buning ovozini ham oʻzingiz maza qilib eshitib yotasiz.
— E, xotinboy!.. Boʻpti. Va’da berishdi-ku! — Qamariddin roʻparadagi derazadan koʻrinib turgan beton devorga ishora qildi. — Anu yokda bitta amaldor yashaydi. Oʻgʻli otgan emish buni. Hali u arzanda bilan oʻzim gaplashib qoʻyaman!
— Xudo xayringizni bersin, shu yerga tinch keldik, tinchgina ketaylik. Shunaqa qilsangiz, joʻnavoraman. Oʻzim uydan xavotirdaman. Salimlarning eshigini buzishgandan beri...
— Ularning eshigi chiroyli edi, shuning uchun buzishgan. Biznikiga birov qaramaydi.
— Ada, menga bering!
— Xoʻp. Mana... Ikki qoʻllab ushla. Tirnogʻi oʻtkir! Ana shunday. Qoʻrqma!

Jahongir ikkinchi qanoti ham qoʻshib bogʻlangan qushni oʻzidan olisroq tutib tikildi. Kafti ham sezyaptiki qushning biqini qappayib puchayadi. Dokadan issigʻi oʻtadi.
— Boqqa chiqaylik!
— E-e! Bu yotishi kerak!.. Oʻzimiz boqqa chiqamiz. Bunga xoʻrak olib kelamiz. Chigirtka teramiz. Mayna chigirtkani juda yaxshi koʻradi.

Qamariddin shkafni ochdi, quyi tortmasini tor-tib, ichiga qushni qoʻydi. Mayna yotib oldi, soʻng dik-dik sakrab, tortmaning toʻriga qochdi.
— Yuringlar!

Ikroma jurnalni yopib, shippagini kiydi. Jahongir xavotirlanib derazaga qaradi-yu, koʻzlari kattayib ketdi: devor boshida bir necha mayna tizilib oʻirishar, qigʻ-qigʻ degan ovoz chiqarib, buyoqqa qarashar edi. Qamariddin kuldi.
— Buning sheriklari!.. Yod qoʻyayotganimizda, ovozini eshitib kelishgan. Yuringlar, qaytib ketishadi... Qushlar ham taqdirga tan beradi, oʻgʻlim.

Jahongir shkafni yana bir ochib qarab, qayta yopdi. Boqqa chiqishdi. Ikroma koʻrinmadi. Ota-bola beixtiyor uy biqiniga oʻtishdi. Ana xolos! Boya mayna yalpayib yotgan xazon ustida bir baroq mushuk choʻnqayib oʻtirar, qoʻlini yalar edi.
— Maynangning baxti bor ekan! — dedi Qamariddin. — Sal kechiksang bormi!..
— Mushuk yomon-a, ada?
— Uni yaxshi koʻradigan odamlar ham bor, oʻgʻlim. damzodning fe’li oʻzi gʻalati. Bir nima deb boʻlmaydi... Bilasanmi, biz — odamlar ham qaysidir hayvonga, qaysidir qushga yoqamiz. Qay birlari bizni yomon koʻrishadi... Xoʻsh, oʻz tillarida bizni muhokama qilishadi...
— Nima?
— Ularning ham oʻzlari tushunadigan tillari bor. E, bu olamda hamma jonli narsalarda til bor! Biz uni tushunmaymiz, xolos!
— Nimaga?
— Bilmasam... Ana, bilmas ekanman! Balki shunisiyam yaxshidir? Har jonzot oʻz sir-asrori bilan yashagani qiziq emasmi?

Ular imorat oldiga oʻtib, toʻgʻri ketgan tekis yoʻlkaga chikdilar. Ikroma teraklar soyasida jurnal oʻqiyotgan ekan, bularga qoʻshildi. Bogʻ adogʻiga tushib, oʻt-oʻlanlar orasidan chigirtka, qoʻngʻiz izladilar. Havo issiq, oʻt-oʻlanning hidi ogʻirlashib qolgan edi. Asta-sekin ota-bolaning mashgʻulotiga Ikroma ham qizikdi. Bir soatlar chamasi izgʻishib, talay chigirtka, bitta qoʻngʻiz, ikkita jigarrang kapalak tutishdi.
— Zerikaman deyayotgan eding, senga ham ish topildi, — dedi Qamaridin Ikromaga.
— Terlab ketdim!.. Maynangiz ham bor boʻlsin! Lekin uning chirqillashiga men chidolmayman.
— Xoʻp!.. Biz chidaymiz-da! Nasib boʻlsa, ishga bir shoʻngʻiylik, Kamoliddinning qoʻshigʻiyam quloqqa kirmaydi keyin.

Qamariddin — texnikumda «Qadimgi dunyo tarixi» oʻqituvchisi. Gazetalarga tarixiy mavzularda maqolalar ham yozib turadi. Maqolalari, albatta, mavsumiy boʻladi. Bu galgi maqolasi «Toshkent — Qoʻshon imperiyasining shimoliy chegara shahri» degan sarlavha ostida yozilgan esa-da, bu haqiqatni shubha ostiga oladigan olimlar ham yoʻq emas. Masalan, Oʻrta Osiyo antik tarixining bilimdoni professor Masson bu masalaga bir oz shubha bilan qaraydi.

Holbuki, u kishining rafiqasi — antik san’at bilimdoni Galina Anatolevna Pugachenkova bu masalaga zarracha shubha qilmaydi... Qamariddin maqolaning bosilishiga ham ishonadi: chunki Toshkent shahrining 2000 yoshga toʻlishi respublikada keng nishonlanadi, demak, u toʻgʻrida maqolalar koʻplab e’lon qilinadi.

Uyga yaqinlashganda, Jahongir oʻzib ketdi. Xonaga kirib, shkafni ochdi. Mayna shay boʻlib turgan ekan, dikonglab toʻrga qochdi.
— Mayna, mayna! Senga chigirtka opkeldim, — dedi Jahongir.

Qamariddin maynani olib, qogʻoz chetini ochdi. Ariqdan topilgan yolgʻiz chuvalchang oʻrmalab chiqayotgan ekan. Mayna boʻynini ichiga tortib unga tikildi-yu, shu zahoti chiq etkazib chuvalchangni choʻqidi. Koʻz ochib-yumguncha yutib yubordi.
— Ada, yedi!
— Yeydi, yeydi!.. Bu goʻsht-ku!
— Menga bering! Oʻzim beraman!
— Qoʻlga ehtiyot boʻl.

Mayna yomon xoʻra ekan, yo juda ochiqqandi. Bular bir soatda tergan luqmani hash-pash deguncha yoʻq qil-di, «yana ber!» degandek sap-sariq ogʻzini ochdi.
— Yosh ekan, — dedi Qamariddin. — Bu yil tuxumdan chiqqanga oʻxshaydi... gapga oʻrganishi oson.
— Gapiradi, a?
— Bilishimcha, bunga bir xil soʻzni takrorlayve-rish kerak. Masalan, «Jahongir!»... Yoʻq, bu boʻlmaydi. Boshqa soʻz kerak. Oʻsha xolamizning maynasi «Uluq» degan-ku! Shunga oʻxshash soʻz topaylik. Uluq, buluq... Baliq... E, jiyanim bor-ku, Xoliq!.. Xoliq de. Boʻldi. Oʻrganadi.
— Xoliq, Xoliq, — dedi Jahongir. Mayna «qiyq», deb qoʻydi.
— Ada, Xoliq, dedi!
— Aldama.
— Xoliq, Xoliq...
— Men juda qiynalib ketyapman, — dedi Ikroma.
— E, tirik jonmiz-da! — deb kuldi Qamariddin, soʻng maynani silab, jiddiy tortdi. — Ana shu tirik jon ekanimiz bizni tabiatga bogʻlab, oʻrtada kontakt oʻrnatib turadi. Bir vaqtlar oʻzimcha tasavvur qilganman. Koʻz oldingga keltir. Togʻ bagʻri! Oʻrmon, unda qush-hayvonlar bor deylik. Odam ham bor. Oʻsha yerga tushib qoldim. Nima qilaman? Turgan gap: birinchi galda «bu yerda odam bormi?» deb oʻylayman, uni izlayman. Odam zoti yoʻqligiga ishonsam, albatta, qushlar yoki hayvonlardan doʻst topishga intilaman. Robinzon Kruzodek! Qushlar ham, hayvonlar ham boʻlmasa-chi? Unda, shak-shubhasiz, bir yashil daraxtni koʻnglimga yaqin olaman. Chunki daraxt — tirik! Tomirida hayot bor!.. Koʻkarib turgan shu daraxt ham boʻlmasa-chi? Menimcha, qoq yalangʻoch qoyalar orasida mendek yolgʻiz, gʻarib kimsa boʻlmaydi...

Eshik taqillab, oq xalatli Oqila opa koʻrindi. Ikroma:
— Keling, opa — deb shoshib qoldi.
— Bir minutga kirdim, — dedi Oqila opa. Eshikni yopib, yopganiga ishonmagandek yana qarab qoʻydi. — Qamarjon uka, bir narsani eslatib qoʻyay... Direktorimiz Oloviddinxoʻja injiq odam, oʻzingiz ham sezgandirsiz... Vannaxonaning oldida, shiftga bir juft qaldirtoch in solgan edi. Vijir-vijirini eshitsak, quvonib ketardik. Bir kuni Oloviddinxoʻja: — «Yoʻqotinglar buni!» deb qoldi. Men bilmas ekanman, shiftdan axlati toʻkilar ekan. Klava supurib tashlar ekan. Oloviddinga: «Beziyon-ku, u-bu», degan edim, oʻzi shvabra bilan inni buzib tashladi. Jonivorlar yana in qura boshlagan edi, Oloviddin vannaxona oldidagi derazani yopib, orqasidan mixlab qoʻydi. Qaldirgʻochlar ikki kun deraza orqasida uchib vijirlashdi. Keyin ketishdi... Demoqchimanki, maynaga ehtiyot boʻlinglar. Endi, Qamarjon uka, koʻpchilik keladigan joy-da bu. Qush ovozini yoqtirmaydiganlar ham uchraydi...
— Bizning Ikromaga oʻxshab!
— Hazilmas. — Oqila opa Jahongirning boshini siladi. — Xoʻpmi, yigitcha?
— Rahmat, opa! — dedi Qamariddin.
— Sizlarga yana bitta xona kerak-a?.. Ochib qoʻydim. Devor ortidagi xonani. Yigʻishtiryapti.

Oqila opa chiqib ketdi. Qamariddin sigareta oldi. Tutatishga ikkilanib:
— Ajoyib ayol! — dedi. Soʻng oʻgʻlini bagʻriga tortdi. — Odamzod ana shunday, mulla Jahongir! Bu hayot kutilmagan ziddiyatlarga toʻla!
— Falsafangizni ertaga qoldiring, — dedi Ikroma. — Men nimalarni olay? Jahon mening yonimda yotadi. Mayna... siz bilan.
— Ho-ho-ho!
— Men mayna bilan... — deb yigʻlamsiradi Jahongir.

Ota uni ovutdi:
— Ana, shkafda turadi. Uyoqda boʻlsa, opang qoʻyvoradi. Bu yerda bexavotir... Koʻrging kelsa, bemalol kiraverasan. Ana, direktor ham qushlarni yomon koʻrar ekan.
— Yomon odam, a?
— Yaxshi emas, menimcha.

Ikroma chamadonni ochdi. Jahongir shkafning oldida choʻnqayib oʻtirdi.
— Ada, qanoti ogʻriyapti-ya?
— Ha-a! Albatta!.. — U endi bemalol sigaretani tutatdi. — Daraxtlarni kesganda, ularning ham joni ogʻrir ekan. Daraxt suvsiz qolsa, ingragan ovoz chiqararkan. Fan aniqlagan!.. Faqat biz — odamlar buni sezmaymiz!
— Buni dadasi, opasi bor, a?
— Ha! — Qamariddin ta’sirlanib, derazaga qaradi. Endi devor boshida ikki mayna qolgan, biri hurpayib turar, biri panjalari orasidagi allanarsani choʻqib yer edi. — Balki anavilardir? Aka-ukasiyam bor buning!... Yasha, oʻgʻlim. Ana shunaqa oʻyla! Bu yaxshi odat.
— Ular yigʻlayaptimi?
— Ey, sen geniy boʻlasan! — deya xitob qildi Qamariddin. Keyin past tushdi. — Yoʻq, sen tarixchi boʻlasan. Tarix juda qiziq! Qadimgi davrlar qiziq... E, oʻshanda koʻp narsalar boshqacha boʻlgan. — Qamariddin xotini chamadondan olib qoʻygan kitoblarni koʻzdan kechirar ekan, shoshib qoldi: — Pugachenkova qani?
— Hammasi shu yerda.
— Pugachenkova! Buyuk ayol!... E, mana-ku!.. Ammo lekin, oʻgʻlim, qushga qarash, uni davolash ham koʻp zavqli! Nima deding? Umuman olganda, hayotning har qanday koʻrinishi ham qiziq, gʻaroyib!.. Tushunyapsanmi?
— Chigirtka opkelamizmi yana?
— Albatta!.. Bir donishmand aytgan ekan: «Inson hamma narsadan baxtsiz boʻlganda ham, bari bir shukur qilishi kerak. Tugʻilganiga — yorugʻ dunyoni koʻrganiga shukur qilishi kerak. Chunki shuni ham koʻrmasligi mumkin edi». Zoʻr gap-a! Tushunyapsanmi?.. Ochma dedim-ku! Jindek yotsin boyaqish!

Qamariddinning ilhomi qoʻzib turgan edi, boʻgʻildi. Qaniydi, oʻgʻli yosh emas, uncha-buncha narsaga aqli yetadigan boʻlsa! Shu tobda unga bu zoʻr hikmatni Budda aytgani, Budda dini bundan ikki ming yil muqaddam Oʻrta Osiyo tuprogʻida yoyilgani, naq Toshkentning Oqtepasidan buddaparastlarning ibodatxonasi topilgani, bunday ibodatxona Fargʻonaning Quvasidan ham chiqqanini soʻzlab, mana shu faktlar ham Qoʻshon imperiyasining shimoliy chegara shahri Toshkent ekanini isbotlashini aytsa!

Tushdan keyin sayrga chiqishdi. Qamariddin tanishlarini uchratdi. Ikroma bilan Jahongirni ularga tanishtirdi. Ob-havo, kuz haqidagi gaplar aylanib, qoʻshni dachada miltiq paqillatib yuradigan «arzanda»ga taqaldi.
— Boʻriboy tezroq kelsin-da! — dedi bir pensioner. — Hassasini doʻqillatib oʻtib turardi Boʻriboy qaysar!

Moskvaga — televideniening «Hayvonot olami» redaktsiyasiga xat yozishni ham kimdir maslahat berdi.
— Kerak boʻlsa yozamiz! — dedi Qamariddin va Ikromaga qarab olgach, injiqlanayotgan oʻgʻlini turtdi: — Nima deysan?
— Biz ovqat yedik-ku? Maynayam...

Qamariddin asta-sekin ishga shoʻngʻiy boshladi. Ikroma ham bu yerga xiyla oʻrganib qoldi. Uy tashvishi yodidan chiqdi. Ona-bolaga ermak ham topilgan edi: zerikdilarmi, bogʻ adogʻiga izgʻib ketishadi. Hasharotlar terib kelishadi.

Maynaning yarasi bitib, qanotini osiltirib yuradigan boʻlib qoldi. Jahongir hamon uni qoʻliga oldimi: «Xoliq, Xoliq!» deydi. Mayna tutilgan xoʻrakni koʻrdim demaydi-yu, nuqul «qiyq-qiyq», deb ovoz chiqaradi.

Jahongir Oloviddinxoʻjani yaxshi tanib olgan. Unga yov koʻz bilan qaraydi. «Yomon odam», deb oʻylaydi va uni koʻrishi hamono yodiga kulrang, baroq mushuk tushadi.

Goho mayna bilan «gurung» qiladi:
— Xoliq, sen gapimni tushunyapsan. Yashirma... Dadang bilan opang ham ketib qolishdi-ya! Sogʻinasanmi ularni? Boqqa opchiqaymi? Bilasanmi, direktor yomon odam... Bir kun boqqa opchiqaman. Sheriklaring bilan oʻz tilingda gaplashasan. Xoliq, de. Xoliq...

Bir kuni u yoʻlakda, xolodilnik oldida atrofga alanglab kelayotgan Oloviddinxoʻjaga toʻqnashdi.
— Mayna yoʻq. Yoʻq! — dedi shosha-pisha.
— Nima?

Jahongir unga birpas baqrayib qarab turdi-da, xonaga chopib kirdi.

Qamariddin ishga berilib ketdi. Xonada dik-dik sakrab, goho pir-pir qanot qoqib yuradigan maynaga endi parvo qilmaydi. Juda joniga tegsa, «kisht», deb qoʻl siltaydi. Yoki devorni mushtlab: «Jahon! Bunga qara!» — deb baqiradi.

Mayna qoʻshnilarga ham yoqib qolgan. Qushni koʻrganlar «arzanda bola» haqida gapirishadi, uning miltiq otishini kutayotganlarini soʻzlashadi, soʻng Jahongirga Oloviddinxoʻjadan ehtiyot boʻlishni uqtirishadi: bir juft qaldirgʻochning ini buzilgani koʻpchilikni xafa qilgandi.

Bir kuni ona, bola, ota xonada gaplashib oʻtiri-shar, Qamariddinning kayfi chogʻ, gapdon boʻlib qolgan edi:
— Maqola yarmidan oshdi!.. E, ishlash kerak! Rosti,boshda xatoga yoʻl qoʻyganman. Na chora! Endi boriga bozor deb koʻnikishga majburman... Ba’zan hayron boʻlaman-da. Biz — juda loqaydmiz, xotin! Yoki oʻtmishimizda ulugʻ allomalarimiz shu qadar koʻp boʻlgan, tariximizda porloq odamlar shu qadar behisobki, biz ularga beparvo qarashga oʻrganib qolganmiz... Chalgʻib ketdim... Lekin, xotin, men oʻzimga tasalli berayotganim yoʻq.
— Faraz qilamiz.
— Kim biladi deysan...
— Bilasizmi, siz tabiatshunos yoki tsirkchi boʻlganingizda, shu maynani allaqachon toʻtiqushga aylantirib yuborardingiz.
— Ana! Men bogʻdan kelsam, bu togʻdan keladi.
— Gap uqtirishdan tolmaysiz, demoqchiman.
— A-a! Ammo sen ham noshukur banda. Kecha oʻzing: «Tuxum bosgan bu adang», deb yurgan eding.
— Gapimni egri tushundingiz. Qushni aytyapman. Jahongirning oʻrnida boʻlganingizda, unga allaqachon «falsafa, tarix» degan soʻzlarni ham oʻrgatib qoʻyardingiz... Oʻgʻlingiz esa, nihoyati... Jahon, maynani chaqir!

Jahongir kaftida qisib turgan kapalakni tutib koʻrsatdi. Stol lampasi tagida turgan mayna bir choʻqishda uni yutib yuborib, yana ogʻzini ochdi.
— Xoliq, Xoliq, — dedi Jahongir. Maynaning ochiq ogʻzidan tovush chiqdi:
— Xoliq, xoliq...

Qamariddin yuragi gursillab urib, qushga tikildi.
— Ey, men nima degandim! — dedi baqirib. Yana qushga tikildi. Qush koʻzini asta yumdi. — Qiziq! — dedi u. — Insonning otini aytdi bu! Lekin beparvo!... Nima deganini bilmaydi! Buyoqda biz quvonyapmiz...
— Kecha aytgan edi, — dedi Ikroma. — Sizni chalgʻitmaylik dedik. Bugun Jahongir chidamadi.
— Jahon, yana bitta «Xoliq», de.
— Xoliq, Xoliq!

Qush koʻzini ochmasdan takrorladi:
— Xoliq, xoliq...
— Tagʻin bitta ayt, oʻgʻlim!.. Men toza xursand qilding-ku! Tavba! Qushlar ham ajoyib jonzot-da! Lekin, oʻgʻlim, sen bu soʻzni mayna uchun refleksga aylantirasan endi. Tushunyapsanmi? «Xoliq», deb chaqir. Oldingga kelmaguncha xoʻrak berma. Keyin, bir chaqirim joydan ham «Xoliq!» deb baqirsang, uchib boradi. Xoʻrak berar ekan-da, deydi... Umuman, bu boshqa narsalarniyam oʻylashi mumkin.

Bir kech Qamariddin maqolaning ba’zi olimlarga malol keladigan joylarini yumshatish haqida oʻylab oʻtirarkan, xona tutunga toʻlib ketganini koʻrdi. Tura solib, eshikni ochdi. Shu zahoti alangladi. Mayna... boʻlsa chiqardi. U joyiga qaytib oʻtirdi. Nihoyat, de-raza tepasidagi darchadan yelvizak esa boshladi. Qama-riddin oʻrnidan turdi-da, yoʻlakdan pir etib uchib oʻtgan qushni koʻzi ilgʻab qoldi. Shkafni shart ochib, tortmaga qaradi: mayna yoʻq... Shunda yoʻlak adogʻidan kelayotgan shovqin diqqatini tortdi:
— Nima gap bu? — deya zoʻriqib gapirardi Oloviddinxoʻja. — Klava, oʻlganmisan? Eshikni nega ochib qoʻyding? Vey-ve-ey! Gilam rasvo boʻldi... Shvabra qani? Hayda uni!... Bultur nima degan edim senlarga?!

Qamariddin yoʻlakka chikdi. Shunda xolodilnik us-tiga kelib qolgan mayna burila solib, xonaga kirdi. Qamariddin eshikni yopib, qoʻl qovushtirdi.
— Bir qoshiq qonimizdan kechasiz, — dedi u Oloviddinga.
— Siznikimidi?
— Ha... Qoʻshni bola otgan ekan. Davolab oldik. Oʻgʻilchaga oʻrganib qoldi.

Oloviddinxoʻja boshini tez-tez silkitdi-da:
— Mumkinmi? — dedi. Qamariddin eshikni ochdi. Oloviddin kirib, stol lampasi qoshida qanotini tumshugʻi bilan titkilayotgan qushga qovogʻi ostidan tikildi. Soʻng: — Hidi oʻrnashib qopti. Sizga bilinmas ekan-da, — deya enkayib karavot va stol ostiga qaradi. Oʻtirib qoʻyipti jonivor. Oppoqqina qilib... — Soʻng qomatini rostlab tomogʻini qirdi. — Oʻqigan, mulla odamsiz, domla. Bilmadim, oʻz oʻrningizni bu ahvolga solib qoʻymas edingiz, deyman. Oʻylash kerak ekan-da. — U yana tez-tez bosh chayqab chiqib ketdi.

Qamariddin eshikni tepib yopdi. Xoʻrsinib, xonada nari-beriga yurdi. Maynani shap ushlab, tortmaga soldi. Boqqa chiqib, xotini bilan oʻgʻlini topdi.
— Ha, adasi?
— Chatoq boʻldi.
— Nima gap?
— Sezmay qopman, mayna koridorga chiqipti... Oloviddin olovimni chiqardi. — Keyin jahli tutib ketdi. — Bir kun xonangda tursa, bir nima boʻp qolmasding! Mening xayolim joyida emas! Oxirgi abzatsni ishlayotgan edim.
— Bir nima qildimi u?
— E-e... Sen ham koʻp javdirama! Maynang shkafda! Bor, ol. U menga kerak emas, senga kerak!

Jahongir chopib ketdi. Yoʻlakdan oʻtayotib, Oloviddinxoʻjaga toʻqnashdi. Birdan toʻxtadi-da:
— Siz yomon odamsiz! Yomonsiz! — dedi.

Oloviddinxoʻja uning... choʻgʻdek gilamga tushgan izlariga qarab qoldi. Soʻng eshikdan chiqib, marmar zinadagi nam toʻshamaga tikildi. Jahongirning oyogʻi albatta unga tegmagan edi. Oloviddin roʻparadan kelayotgan Qamariddin va Ikromani koʻrdi-da, burilib, devor yoqalab ketdi.
— Ketvoraylik! — dedi Ikroma. — Shuning qovogʻiga qarashimiz qolganmidi!
— Mening ishim chalaroq.
— E, sizdan olim chiqmaydi!
— Senga quloq solsam, tarixchiyam chiqmas edi mendan.

Qamariddinning maqolasi bitdi. Endi uni Toshkentga yuboradigan boʻlsa, qaysi gazeta tezroq bosib chiqarishini oʻylar edi. Ikroma tagʻin uy qaygʻusiga tushgan, kunora shaharga qoʻngʻiroq qilib, uyim tinchmi, deb qoʻshnilardan soʻraydi.

Jahongir esa «Xoliq»ni shaharga olib ketganda, qachon balkonga chiqarish, qachon qoʻyvorish va chaqirib olishni oʻylaydi.

Bularning safari qarib qolganidan xabardor qoʻshnilar xonaga serqatnov: maynani — ermakni koʻrib, jilmayishadi; uni shaharda qanday boqish xususida Jahongirga maslahatlar berishadi.

Kechki payt. Bogʻ adogʻidagi anhor. Qamariddin: «Ketar jafosiga», deb yechindi, suvga tushdi.
— Oh-oh! Ikroma, sen ham yuvin!
— Odamlar bor-e... Jahon, sen choʻmil!

Jahongir oʻt-oʻlanlar orasidan chigirtka ovlayotgandi, birdan baqirib yubordi:
— Muni qarang! Gʻij-gʻij chigirtka!

Ikroma oʻgʻlining yoniga bordi. Chindan ham sarimsogʻi kavlab olingan joʻyakka anhordan suv toshgan, joʻyak pushtalari, xas-choʻp aralash oppoq koʻpiklar ustida chigirtkalar gʻujgʻon, uyoq-buyoqqa pitillab uchishar, suvga botib «suzishar» edi.

Qamariddin choʻmilib chiqquncha ona-bola bir doʻppi chigirtka terishdi.
— Dadasi, shu chigirtkalargayam odamning rahmi keladi-ya!
— O! Ana tabiatning kuchi! — deb xitob qildi Qamariddin. — Faylasufsan, xotin!
— Jahon! Boʻldi qil, ketamiz. Ovqat mahal boʻp qoldi. Bu qurgʻurning shirasi boʻlar ekan-a! Nega qoni chiqmaydi muning? Ushlasang, oyogʻini tashlab uchib ketaveradi.
— Tabiat shunaqa. Shunaqa, xotin!... Bilasanmi, nima uchun tabiatni yaxshi koʻraman? Bunda bepoyon bir mangulik bor!.. Mana, juda xafasan, deylik. Yoki tarixda yuz bergan bir xatolikdan qalbing yara. Yoki juda xursandsan. Sababsiz xursandsan, deylik. Ana shunda tabiat qoʻyniga chiq — birdan xotirjam boʻlib qolasan, birdan! Dunyoning asli haqiqati mana shunda, deysan, xotin.

Shimining tizzalarigacha loy boʻlgan Jahongir hansirardi.
— Adavoy, shaharda chigirtka yoʻgʻ-a?
— Juda oz. Boshqa narsa berasan-da. Masalan, goʻsht.
— Kolbasa.
— Ammo-lekin, Jahongirboy, sizniyam bu yerga kelganingiz zoʻr ish boʻldi!

Biroq xonada ularni xunuk fojia kutayotgan ekan.
— Xolik! Xoliq!

Mayna javob bermadi.

Shunda Qamariddin bilan Ikroma ham xonaga kirishdi.
— Ada, Xoliq yoʻq!
— Eshik ochiq ekanmi?
— Salgina... ochiq ekan! Topib bering! Siz chiqargansiz!
— Jinni! — Qamariddin shkafni ochdi. Divan, stol, karavot tagiga qaradi. Isitgich batareyalari orasiga boqdi. Burilib, eshikni ochdi-yu, itarib yopdi. Eshik zichlanib qoldi. — Mana, eshik yopildi!.. Qattiq itargan boʻlsam, ochilib qoldimikan, deb oʻyladim. — U xotiniga tikildi. — Oloviddinning ishi!.. — Yana tashqariga chiqdi. Ikkita qoʻshni tashvishlanib turar edi. — Mayna yoʻq.
— Biz ham yaqinda keldik... Yoʻqmi?
— Yoʻq. — Qamariddin vannaxona tomon ketdi. Derazaga qaradi: berk.

Shunda yoʻlak adogʻida Oloviddinxoʻja koʻrindi. Ham-ma unga tikilib qoldi. Jahongir yigʻlab yubordi:
— Shu kishi oʻldirib qoʻygan!.. Otgan! Oloviddin koʻzlari pirpirab:
— Nima gap? — dedi.
— Tinchlik, — dedi Qamariddin. — Mayna yoʻq, xolos. Yerga kirganmi, koʻkka uchganmi — yoʻq. — Soʻng birdan kinoyali jilmaydi. — Oʻzlari bir balo qildilarmi-yov? Aytavering... Biz oʻlib qolmaymiz. Faqat bolaga qiyin boʻladi-da.

Oloviddin qoʻllarini yozdi.
— Oʻqigan odamsiz, domla. Oʻshanda bu toʻgʻrida gaplashgan edik. Sal achchiq qilib chiqdim. Shunchalik ham deymaymi? Siz mehmonsiz, ketadigan odam...

Topib be-er! Topib bering maynamni! — Jahongir qancha koʻp yigʻlasa, mayna shuncha tez topiladigandek yer tepina boshladi.

Qamariddin:
— Oʻchir! — deb tashqariga chiqdi. Uy biqiniga oʻtdi. Jahongir ham chiqib, ariq boʻyidagi xazonlarga tikildi. Yana chinqirdi. — Yigʻidan nima foyda! — deya baqirib yubordi Qamariddin. — Chaqirsang-chi! — Soʻng qoʻshnilarga qarab, «faylasufona», mungʻaydi: — Bir narsaga mehring tushmasin. Tushgandan keyin yoʻqolib qolsa, yomon kuyasan-da.
— Xoliq, Xoliq!

Birdan devor ustidan ovoz eshitildi:
— Xolq, xolq...
— Ana! Xoli-iq!

Shu payt ariq boʻyidagi chinor ayrisidan otilib chiq-qan baroq mushuk qanotini endi yozgan maynani shart tishlab, pastga tushib ketdi. Ariq yoqalab ura qochdi.
— Mushuk!
— Hoy!
— Choping, adasi!
— Dada-a!.. Xoli-iq!

Mushuk chinorlar ortida koʻzdan pana boʻldi. Lekin maynaning nolasi baralla eshitilardi:
— Xolq, xolq...

Mushuk maynaning belidan tishlagancha piyozpoyaga qochdi.

Qamariddin simga chalinib yiqildi. Jahongir dadasidan oshib, ariq boʻyiga borib qoldi. Yana yigʻlab, kesaklar ustiga oʻtirib oldi. Qamariddin ariqdan hatlab oʻtdi.

U bogʻ oxirida keza-keza horib qaytdi. Jahongir ariq boʻyida oʻtirgancha hiqillar edi.
— Yoʻq, oʻgʻlim. Nachora. Birniki oʻtdan, birniki suvdan deganday...
— Yoʻ-oʻq!

Ikroma oʻgʻlining bilagidan tortdi.
— Boʻldi. Bas endi!
— Xoliq, dedi, opa! Bizni chaqirdi.
— Men ham eshitdim... Bas endi! Yana bitta mayna topamiz...
— Yoʻq. Menga Xoliq kerak.

...Qamariddin ovqatga zoʻrgʻa chiqdi. Xayoli chalgʻiganini sezib: «Unutish kerak endi, — deb uqtirdi oʻziga-oʻzi. — Vassalom. E, bu olamga nimalar kelib ketmaydi. — Bu-ku bir mayna ekan... Odam oʻladi! Butun-butun xalqlar qirilib ketishi mumkin...»

Ikroma ham ovqatdan nomiga tatigan boʻldi. Oqila opa stol qirrasiga qoʻlini tirab:
— Men aytgan edim-ku, aytgandim-a! — dedi.
— Iloyo, uning bolasiyam shunday...
— Unda bola yoʻq.

Nihoyat, Ikroma ham Oloviddinni ichida qargʻay-qargʻay, erini urisha-urisha hovridan tushdi.

Ketadigan kunlari Jahongir yana ariq boʻyiga bordi.

«Xoliqning adasi bilan opasiyam yigʻlagan. Bolalarini mushuk opqochganini bilgan». U ariq yoqalab jildi. Piyozpoyada toʻxtab qoldi. Yana Xoliqni topib olgan joylariga keldi.

Tepasida chinor shoxlari, qushlar chugʻurlashar, nozik hiddar kelar, biroq Jahongir bularni his etmas, yurakkinasi boʻm-boʻsh edi.

Shunda tepadan uchib oʻtgan maynalarga diqqati ogʻdi. Nazarida, Xoliq oʻsha kuni mana shu devor ustiga qoʻnib turganda, sheriklariga oʻz tilida ancha-muncha gapirgandek tuyuldi. Albatta, «men Xoliq», degan. Bular bir-birining soʻzini tushunadi-ku! Meniyam aytgan... «Chigirtka terib berdi», degan. «Oloviddin yomon», degan. «Haydab chiqarib, derazani bekitib qoʻydi», degan...
— Xoliq, Xoliq!
— Qiyq-qiyq!

Maynalarning ovozi endi Jahongirga «Xoliq» boʻlib eshitildi. Keyin: «Albatta-da, — dedi yana. — Xoliq deyishyapti... Yaxshi oʻrganmagan-da bular. Ular-gayam koʻp-koʻp «Xoliq» desa, oʻrganib olishadi. Lekin ular bilishadi: xoliq — yaxshi degani. Sizlar — Xoliq. Men — Xoliq».
— Xoliq, Xoliq!
— Qiyq-qiyq!

Qoʻshnilar ularni avtobusga kuzatib qoʻyishdi. Ular uylariga yetmasdan Qamariddin Toshkentga tushib-chiqishga ahd qildi.
— Bozorga kirib oʻtaylik. Uy qoq-quruq, — dedi Ikroma.

Jahongir derazadan olislarga boqar, olislarda... xoliqlar uchib yurar, oʻzaro gaplashishar, Jahongir ularning soʻzlarini tushunar edi.

1982