OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiQuyosh-ku falakda kezib yuribdi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm55KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Quyosh-ku falakda kezib yuribdi (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

1

... Oʻsha pastlikka egilib oʻsgan gujumcha ostida oʻtirgandim. Kursida. Kursining oyoqlari yerga botib ketgan. Namgarchilik-da. Aytdim-ku, yo sakkizinchi, yo toʻqqizinchi may edi... Jiydalar gullagan. Unisining shoxida bir bulbul sayrasa, bunisining shoxida bir bulbul sayraydi. Xoʻroz-makiyon. U yerda oʻtroq qargʻalar ham bor ekan. Quvq-quv qilib, birining ketidan biri uchib oʻtadi. Umuman, jonli-jonivor juft-juft boʻlayotgan payt. Hatto gujumning chakalak shoxlari orasida ham jiblajibonlar bir-birini quvlab yurishadi. Qanaqa qilib shunday tez uchishadi? Hayronman!

Bir mahal deng, bir-birini quvlab ikkita oppoq kapalak keldi. Shundoq oyogʻim ostida enishda. Qiygʻos gullagan ziralar ustida pildirab ucha boshlashdi. Voy, shunday chiroyli, shunday chiroyli!

Men bunaqa manzaralarni unutib yuborgan ekanman. Unutish ham emas — qandaydir et qotib, bunday manzaralarga beparvo qaraydigan boʻp ketgan ekanman.

Shundanmi, yo yolgʻizlik, bekorchilik, aniqrogʻi, nochorlik tufaylimi, yoki ermak istabmi — oʻtirgan edim-da!

Shunda huv etakda — unda-bunda qaqqaygan tosh imoratlar oldida tomorqasiga pamidor koʻchatimi, karammi — nimadir ekishayotgan qizil koʻylakli qiz-juvonlar u ular qoshida gʻoʻdayishib gurunglashib turgan (aksari) qora choponli erkaklarga koʻzim tushdi. Gʻalati boʻlib ketdim: «Ishlayapti ular. Men esam — bekorchi...»

Ana shunda kallamga gʻalati fikr keldi. «Atrofga qara, — dedim oʻzimga-oʻzim, — hamma jonli jonvorlar juft-juft! Sen esa— yolgʻizsan! Sening hayoting — notabiiy hayot...»

Oʻzim-ku shu yolgʻizlikni istab bu yoqqa kelgan edim! Endi boʻlsa, bu hol menga yomon ta’sir etdi!

Xotinimni esladim, qizimni... «Ular eson-omon Toshkentga yetib borishganmikan?» deb oʻyladim.

Shu payt mehmonxonaga olib chiqadigan toshloq ioʻlda choponini egniga tashlab olgan Misir koʻrindi. Sovxoz direktori, xoʻjalik rahbari.

Oʻrnimdan turdim.
— Ha? — dedi u siz?
— Yoʻgʻ-e, oʻzim... Atrofni tomosha qilib. antiqa paytda kepman-da, Misirboy!
— Ha, endi, bahor-bahor... Lekin siz xapasi aka, — dedi u.
— Qayogʻdan bildingiz, qayogʻdan?
— E, men emas, hamma bilib turipti hisob... Paqat sizda durbin yoʻq! — dedi u. Koʻrishdik. — tak-qittak otamizmi? — soʻradi u.
— Koʻngil tortmayapti, doʻstim.
— Uylamang-e! — deb tirsagimdan tortdi u. Yuring, billiard oʻynaymiz!

Ungayam hushim yoʻq edi. .
— Siz ajoyib insonsiz! — dedim Misirga chin dan ham havasim kelib. — Ishlaysiz, ishlatasiz... Yugurib-elasiz. Vaqt boʻlganda, mendan xabar olasiz.

U yelka qisdi.
— Bizning hayotimiz shul-da... Mana, bitirib olsak, nasib boʻlsa, yoʻl bitsa, ana sizga oʻxshagan akalar, turistlarning kelishi, olishi soz boʻladi. Men choyxonani ham hashar bilan bitqazaman. Fermerlarim va’da berishdi... oʻylamang-e, hayot yaxshi boʻlib ketadi. Bir qoʻy

terining ichida necha bor ozib, necha bor sel ekan.
— Rost aytasiz, — dedim.
— Nima, zerkdingizmi? Markazga tushib kelas mi? Rayonga? Balki, chol-kampirniyam koʻrib deganday...
— Ha, ha, — deganimni bilmay qoldim: men, aftig dan, sharoitning ham qandaydir oʻzgarishiga muhtoj edim.
— Oʻzimam bilib edim-ov, — dedi-da, yogʻoch engag rakdan (qoʻlbola darvoza) keyin eniladigan jarlikning u betidagi xoʻjalik idorasiga qarab shovqin solg di: — Hoʻ-oʻ, Boltabo-oy! — Idora oldida GAZ-69 moshinasi turardi. Yonida kimlardir bor edi. — Boltaboy, beri ke, uka! — deb qoʻlini silkitdi.

Boltaboy — direktorning-boshliqning shopiri. Yaxshi, kamsuqum, kamgap bola.
— Boʻlmasa, biron narsa kiyib oling. Havo aylanayapti. Yogʻib qolar, — dedi Misir.

Bu yerning havosi juda oʻzgaruvchan ekan... Ha-ha, qor deysizmi, doʻl deysizmi — marhamat! Bir parcha bulut mehmonxona ustida paydo boʻlsa, albatta bir narsa tashlab oʻtadi. Saldan keyin qarabsizki, quyosh kulib turibdi!

Mehmonxonaga kirdim. Oʻz xonamga — chetdagi hujraga borib, choponni kiydim. Sigaretni oldim... Bilasizmi, bu uychani qanaqa qilib bezatgan edim! Bitta divan. Qarshida bitga kreslo. Bularning oʻrtasida yozuv stoli. Yozuv mashinkasi. Xoʻsh, burchakda miltiq, birotar. Yostiqning tagida pichoq. Yoki bir parcha non... Onam oʻrgatgan-da bolalikdan. «Yarogʻ — qoʻriqchi, bolam!» deb, hozir ham uyimizga borib yotsam, yostigʻim tagiga yo non, yo pichoq qoʻyadi... Xoʻsh, uycha haqida gapirayotgan edim. Burchakda qandaydir markali radiopriyomnik. Naq oyogʻim ostida — oldimda elektr plita. Yolgʻiz deraza haligi gujum tomonga ochiladi. Gujum orti — etakdagi qishloq koʻrinmasa ham, qishloqning u chetidan oʻrlab ketgan archali togʻ mana men deb turadi. Oshuvgacha. Archalar nayza koʻtarib, afsonaviy qasrga intilib borayotganda toʻxtab qolgan navkarlarni eslatadi. Suv oqadigan oʻyiqlar, oqmalar doʻl tushganda ikki kunlab oqaradi, xolos.

Togʻning pastroq joylariga tushgan uylardan tunlari milt-milt nur koʻrinadi, xolos.

Ammo men xonamdagi chiroqni yoqsam bormi, oʻsha tomonlardan koʻplab itlar hurishadi!

Mehmonxonada mendan boshqa biron kimsa yoʻq-da. Yozda koʻp boʻlsa kerak...

Mehmonxona toshdan yasalgan. Shuning uchun sovuq, yozdayam salqin boʻlishi kerak.

Bitta oʻzim yotib turardim. Qorovulning oʻgʻli har erta bitta non keltirib berardi. Ovqatniyam oʻzim qilardim. Oshxona bor! Gaz bor!

Tunlari faqat kalamushlar bezovta qilardi. Polning tagida bir-birini quvib yugurib qolishadi deng: gudur-gudur etib! Ba’zan tirqishlaridan fish-fish etgan ovoz eshitilardi. Shunda jahlim chiqib, oʻsha yerni tepardim. Bir marta patronning oʻqini olib, dorisini teshikka otmoqchi boʻldim.

Kalamushlarni oʻldirishgan. Lekin yana koʻpaygan... Mehmonxona toshning ustiga qurilgan. Shu toshning yorikdardan hid olib kelsa kerak-da.

2

Xullas, joʻnadik. Kech boʻlib qolgan edi. Qishloqqa tushiboq mashina chiroqlari yorugʻida keta boshladik. Yer notekis, loy. Gazik u yon-bu yonga surilib ketadi. Lekin men goʻyo sezmayman. Mung, mung! Butun vujudim mungdan iboratday!

Men hayotni yaxshi koʻrardim. Vassalom! Boricha: butun tovlanishlari, hatto fojealari bilan...

Ana shu hayotdan koʻngil sovudi-da, birodar!

Sotsializmning barbod boʻlganiga achinmayman. Biroq u bilan birga mening ham nimalarimdir barbod boʻlganiga aminman: men inongan qadriyatlar puchga chiqdi...

Goʻyoki bugungi kungacha behuda yashagan ekanman... Bilaman: inson nimagadir intilib yashaydi, aks holda oʻladi. Chamasi, mening Toshkentda ishdan boʻshab, tugʻilgan yurtga uloqib kelishim ham ana oʻsha nimagadir intilish, hechqursa, yashab qolish, balki yashashdan ma’no topish maqsadida edi.

Yaxshiyam Misirboyning meni koʻrgali uyimizga, ya’ni chol-kampirning kulbasiga borib qolgani. U mening ahvolimni darhol sezdi, darhol toqqa — oʻzi boshchilik qilayotgan sovxozga taklif etdi. «Tinch, vahimalardan yiroq!» deb turib oldi. Rayonda ham Toshkentdagi gap bor ekan-da: «Endi nima boʻladi?»

Menga shu savolni berishadi. Meni koʻrgani kelgan yor-doʻstlar. Hatto notanishlar ham...

Fuzuliydami, Navoiydami bir gʻazal bor-ku? Bemor davo izlab tabibga borsa, tabibning oʻzi davoga muhtoj chiqadi: bunday gaplar eski adabiyotda koʻp...

Qisqasi, xotinim Toshkentga qaytdi, qizchani olib; ishi bor. Men qoldim...

Ha, may bayramini oʻtkazish bahonasida kelgan edik.

Kechirasiz, sal chalgʻidim.

3

Qishloqdan chiqa boshladik. Mashina chiroqlari nuridan oʻzga nur yoʻq. Soydan oʻtdik. Suvi koʻp. Shunaqayam shovullaydiki, motorning ovozi eshitilmaydi. Ikki marta toʻxtab qolganda, motorning yurgan-yurmaganini bilolmay qoldim.

Narigi bet — toshloq. Asta-sekin koʻtarilib, yuksak toqqa aylanadi. Uning ham bagʻirlari — archazor. Buzuq joylar ham koʻp: shu kunlarda na’mataklar qutirib gullagan edi! Yoʻl oʻsha-oʻsha: notekis, xavfli.

Lekin Boltaboy yurishni biladi. Misir uni bekorga shopir qilib olmagan...

Horgʻin oʻtiribman deng. Xayolimda bir zamonlar — oʻn ikki-oʻn uch yoshlarimda shu joylardan ham miltiq koʻtarib oʻtganim: otam tayyorlov idorasida ishlar edi, mening belimga pul bogʻlab, qoʻlimga miltiqni ushlatib, eshakka mindirib, bu tomondagi qishloqlarga joʻnatardi.

U kishining har bir qishloqda oshnasi boʻlardi. Men aytilgan qishloqqa kelib, aytilgan kishini topib, ikkala qoʻlimni ham baland koʻtarardim. Otamning oshnasi belimdan belbogʻni yechib olar, ana oʻshanda yana pul keltirganimni anglardim. Keyin oshna: «Borib ayt. Falon kundan keyin shuncha eshak olmaqoqi boradi, turshak boradi», der edi. Men koʻpincha oʻsha kuniyoq rayonga qaytardim. Nimagaki, masalan, saharlab markazdan chiqqan boʻlsam, quyosh botishiga biron terak boʻyi qolganda, oʻsha qishloqqa yetib kelardim. Bilasizki, quyon ham, kaklik ham kun botayotgan paytda soʻqmoqlarga, yalangliklarga chiqadi. Ayniqsa, quyonlar!..

Otolmasang ham, ularni quvish, ortidan oʻq boʻshatish, xullas, tomosha qilishning gashti bor-da.

Soʻngra: tunlari miltiqni oʻnglab, archazorlar orasidan yurishni yaxshi koʻrardim. Qulogʻing ding! Sezgilaring oʻtkir! Bamisoli bahaybat bir mahluq chiqib qoladi-yu, u bilan soʻqishasan...

Qolaversa, zim-ziyo tunning ham oʻziga xos goʻzalligi boʻladi-da. Yulduzlar yaqin, boyqush sayraydi, har qadamingdan jir degan tun qushi uchib oʻtadi. Eshakkina beparvo... Oy chiqqan mahallarda archazorlar negadir tinch boʻlardi. Ulkan-ulkan archalar soyaga oʻxshab turadi. Eshakning tuyoq tovushi yiroq-yiroqlardan baayni aks-sado beradi.

Oʻlay agar, qoʻrquv nimaligini bilmasdim. Holbuki, men oʻrmon bilan bogʻliq ertaklarga ishonardim...

Oʻtinaman: hayajonlanib ketib, asosiy maqsaddan chalgʻiyapman, lekin bu izohlar ham kerak.

Boltaboy yoʻlni terib haydab, oʻrkachga chiqdi. Chiroqlar nurida faqat ikki marta tulkimi, shaqolmi koʻrindi: toʻgʻrirogʻi, yiltillagan koʻzlari koʻrindi, xolos.
— Tovushqon qolmaganmi? — deb soʻradim.
— Kamayib ketdi, aka, — dedi Boltaboy. — Lekin bor... Endi, ular ham zamonga qaraydi-da. Hadeganda oʻzini koʻrsatmaydi. Bugun ertalab birovini koʻrdim. Har sakraydi — odam boʻyi! Uni otib boʻladimi? Kakliklar ham daqqi boʻlib ketgan. Qorangizni koʻrsa, bir chaqirimdan qochadi.

Togʻdan ena boshladik. Olisda yulduzlarga qoʻshilib ketgan markaz chirokdari koʻrindi. Lekin ularga yetish uchun... Choʻponlar toʻgʻri aytishadi: nur koʻrgan yeringga borma, it hurgan yerga bor! Zoʻr gap.

Markaz chegarasiga kirganimizda, yomgʻir tomchilay boshladi. Soat oʻnlardan oshgan edi.

Qoʻshtegirmon koʻprigidan oʻtgach, ancha hushyor tortdim. «Rayonda oʻzgarish bormi?» deganday qaray boshladim. Jimjit. Odamlar kunduzgi vahimali gap-soʻzlardan qochib, uy-uyiga, toʻshagiga kirib olganday edi.

Chorrahaga yetganda, Boltaboy:
—Uylariyutami, domla? — deb soʻradi.

Uy... Uyda nima qilaman? Tunda ularni bezovta qilib, nimani gaplashaman?

Qayoqdan kallamga keldi shu gap:
— Pochtaga! Pochtaga! — deb yubordim.

4

Pochta binosi Saritepaning bagʻrida. Oʻrlab borib, engarakka oʻxshash darvozadan kirdik. Odatda, moshinalar darvozadan buyoqda qoladi. Bizniki endi... direktorning ulovi. Qolaversa, meni jumhuriyat oʻquvchilari yaxshi tanimasa ham, tuproqdoshlarim yaxshi bilishadi. Hatto aytishim mumkinki, ayrimlari faxrlanishadi.

Moshinani maydonda qoldirib, ichkari zalga kirdik. Odam siyrak. Oʻrindiqlarda har xil alfozda oʻtirishibdi: bir-biriga orqa oʻgirib.

Endi, kaminani taniydi-da, pochtachilar ham... Toʻrdagi tuynukdan navbatchi yigitning ovozi keldi:
— Salom berdi-ik, Qudrat aka!
— Salom, salom, — deb iljaydim. Uyalaman. Hamma menga oʻgirilib qaradi.
— Toshkent bilan gaplashasizmi? — soʻradi u yigit. Oʻlay agar, koʻchada koʻrsam, tanimayman. Ammo shu bilanmi, boshqasi bilanmi Toshkentda turib ham koʻp gaplashganman: chol-kampirni sogʻinganimda...
— Ha, — dedim.
— Nomer oʻshami?
— Ha, — deb yubordim.
— Hozir! Birinchi kabinaga kiravering!

Endi jilganimni bilaman, tepamdan qaynoq suv quyib yuborilganday boʻldi.
— Nega bu kishi gaplashar ekan? Mening navbatim-ku? — dedi bir... qora duxoba kamzul kiygan qizmi-juvon. U ancha narida derazaga qarab oʻtirgan ekan. Menga burilib olgan, boshqalar qandaydir bezovtalanib qolgan edi.

Aytdim-ku, issigʻim chiqib ketdi, deb!
— Xoʻp-xoʻp, singlim. Bemalol... Bu kishi gaplashsinlar! — dedim-u, yuzim qora boʻlganday izimga qaytdim.

Pochtachi yigit nimadir deb doʻq qildi. Kimlardir haligi qizmi-juvondan nolidi...

Men eshitmas edim.

Toʻgʻri maydonga tushdim. Yomgʻir kuchaydi. Boʻgʻot panasiga oʻtib sigaret tutatdim.

Boltaboy ham men bilan birga.
— He, parvo qilmang. Qishloqchilik-da, — dedi.
— Yoʻq-yoʻq, hammasi toʻgʻri, — dedim.

Qarang-a, Toshkentda shunday joyga kirib qolsangiz, birinchi galda: «Kim oxiri?» yoki «Kto krayniy?» deb soʻraysiz. Bu yerda... Xom sut emgan bandamiz-da.

Boltaboy ichkariga qaytib kirdi. Biron besh minutlardan keyin zinada koʻrinib, meni chaqirdi.

Beixtiyor birinchi kabina tomon borarkanman, pochtachi:
— Kechirasiz-da, aka, — dedi.
— Hechqisi yoʻq.
— Liniyada yangam...
— Rahmat.

5
— Tinchlikmi? Qayokdardan telefon qivotsiz? — deb soʻradi xotinim. «Qaerdan?» deganining sababi — oʻsha qishloqqa hali telefon tushmaganini Misir meni koʻrgani kelganda aytgan edi, aftidan, xotinim bundan mamnun boʻlgan edi.
— Rayondan. Markazdan, — dedim.
— Nega? Rayonga tushdingizmi?
— Koʻrib turibsan-ku?
— Nega tushdingiz?

Men unga taxminan yarim oylar oʻsha togʻlar orasida boʻlaman, degan edim. Chamasi, markazga enmasligimni ham ayttan edim. Albatta, bu qaror unga yoqqan edi.

Markazga tushsang, bilasiz-ku, yana yor-doʻstlar bilan oʻtirasan. Haligi isqotidan ketadi. Keyin ranging bir xil boʻlib... Ish ham qolib ketadi...

Xotinim mening ahvolimni, umuman, tushunar edi: tushungani uchun ham xizmatdan boʻshab bu yoqqa joʻnashimga, ya’ni, joʻnashimizga rozi boʻlgandi. Yoʻqsa, bir quti sigaret falon soʻmga chiqqanda, xizmatdan boʻshashga balo bormi!

Xayriyat, eng soʻnggi kitobimga uch-toʻrt soʻm qalam haqi tekkan edi...

Ha, soʻnggi kitobimga!..

Ha-da: shu narsalar ham ta’sir etgandi-da menga... Ma’naviyatning qadri shunchalar tushib ketadimi?

Yeb, ichib, boringki, tugʻdirib, uxlaydiganlar zamoni kelganday: holbuki, bu ish — faqat jonli jonivorlarga xosdir. Axir, bizlar — odam...

Buning ustiga, «madaniy odam?» deyishadi bizni... yam!

Prezident mahkamasidagi mulozimlar ham nuqul «Mafkura tamom! Iqtisodni oʻylash kerak!» deb uqtirishadi. Holbuki, shu — iqtisodni oʻylash ham — demak, mafkura ekanini, insonni oʻylash ekanini tushunishmaydi.

Ha-ha, bu masala hali yuzaga qalqib chiqadi. Shunday qalqib chiqadiki, bu yoʻrigʻda ham biryoqlamalik qilganimizni fahmlab qolamiz. Keyin attang...

Ha-ha: mening mafkuram — hayotni boricha sevish edi. Haliyam undan qaytmagan edim. Ammo...

... shu hayotning oʻzi, nima balo, charchatganmidi, jonga tekkanmidi, bilmayman.

E, doʻstim, meni soʻroqqa tutgandan koʻra, oʻzingiz — oʻz koʻnglingizga nazar tashlang. Nazar tashlang-chi... A-a, balli! Siz ham men kabi uloqib ketgingiz keladi.

Nachora, men shu ishni qipman, balki imkoniyatim borligi uchundir...

6
— Nima uchun, nima uchun? — deb chirsilladim men ham xotinimga. — Balki sening ovozingni eshitish uchun... togʻdan tushgandirman!
— Uydan telefon qivotsizmi?
— Pochtadan! Ishonmasang, ana, navbatchidan soʻra, — dedim. — Uyga bormayman. Nima qilaman chol-kampirning oldida? Bemahalda?.. Ha. Toqqa qaytib ketaman...
— Moshina bormi?
— Tashqarida turipti... Oʻzi, yaxshi yetib bordinglarmi?
— Ha, ishqilib... Bu yerdayam yomgʻir, yomgʻir... Hammayoqni zax bosib ketdi...
— Xoʻp, menga topshiriq bormi?
—Tezroq qaytib keting!.. Hoy, siz markazdagi joʻralaringazgayam koʻp ishonmang. Men sezdim. Toʻqson poyizi qitmir, odamning qoʻliga qaraydigan boʻpti. Ha, pul koʻrmaganlar... Qaytamga ilgari tuzuk edi...
— Xuddi shunday, — dedim.

Bu narsani men ham juda yaxshigina sezgan edim... Nima desam ekan, oʻkingan ham edim: «Esiz yigitlar», deb... Bilaman, ishonaman, bu kunlar oʻtadi!

Nima, mehr-oqibat tiklanmaydi, deb oʻylaysizmi? Bu dahshat-ku?

Unda chindan ham inson insonga boʻri boʻlar ekan-da?.. Ishonmayman: axir, Misir haqida gapirib berdim, shekilli? Unday insonlar bor-ku?

Menga yetadi...

Xullas, xotin bilan xayrlashdim. Pochtachiga gaplashganim haqini uzatgandim — qaytardi. Bari bir tashlab chiqdim. Tashqariga chiqqach, koʻnglim buzildi: nega?

Balki bu tentirashim ta’sir ettandir?

Ammo nega toʻppa-toʻgʻri bu yerga — pochtaga kelganimni oʻylab, ittifoqo angladimki, haligi mehmonxona oldida — gujum ostida oʻtirganimda, oʻsha kapalaklarni, qargʻalarni, chopon kiygan erkaklaru ayollarni koʻrib: «Hammasi juft-juft», deb oʻylaganim ta’sir qilgan boʻlsa kerak: «Mendayam xotin bor-ku?» deb...

Xoʻsh, shlyapani bostirib, moshina oldiga bordim. Borayotganimda orqa eshik oldida turgan bir qora gavdaga koʻzim tushgan edi. «Boltaboy», deb gumon qilganmidim, bilmayman, ishqilib, unga parvo qilmay, ol-dingi eshik tutqichidan tortdim. Shunda u qora gavda:
— Qudrat aka, meni olib keting. Qoʻshtegirmonda tushib qolaman, — dedi.

Koʻzim ilgʻadi: oʻsha — duxoba kamzulli qizmi-juvon... Endi negadir yuragim gʻashlanib:
— Bemalol, — dedim.

Men oʻtirdim. Uyam orqa oʻrindiqqa kirib oʻtirdi. Joʻnadik. Saritepadan ena boshladik.

7

Odam oʻzini bilmaydi: koʻnglini, dyomoqchiman. Togʻda Misir: «Otamizmi?» deganda, rad qilgandim. Endi negadir sal tusab qoldimi, yoki, umuman, mehmonxonaga quruq qoʻl bilan borgim kelmadimi, harqalay, shunday dedim:
— Boltaboy uka, mana, biron haftadan beri sizlarning mehmoningizman. Yeyish-ichishdan zoriqqanim yoʻq. Aksincha... Shu, malol kelmasa, restoranga haydasangiz. Men biron narsa olvolsam...

Shofyor mening shunday deyishimga javobni av-valbahor tayyorlab qoʻyganday:
— Yoʻgʻ-e, domla, — dedi. — Bu moshin — diriktirniki. Otning qashqasidek ma’lum. Restoranning oldida koʻrishsa, «Direktor nima qilib yuripti?» deyishadi...

Men uning boshligʻiga sodiqligi uchun besh ketdim. Ammo bir andisha gʻashimni keltirdi: ilgari, huv ilgari shunaqa deyishsa, e’tiroz bildirmas edim.

Chunki raykom kotibi — hokim, xoqon edi! Panada bilganini qilib, ochiqda odamlarning tirnoqcha «nuqson»ini ham tuyadek qilib koʻrsatar edi: umuman, xoʻjalik rahbarlarining restoranga kirishi istisno hol edi. Ammo xilvat goʻshalarda ular qilgan ishni oʻsha xonlar ham qilolmagan-ov...
— Haliyam hokimdan qoʻrqasizlarmi? — dedim.
— E, domla, hokim-hokimda... Keyin bizning xalqimiz oʻrganib qolgan... Toʻgʻri, betgachoparlar chiqayapti. Boy fermerlar paydo boʻlayapti. Oʻzimizning sovxozdayam bor... Misir aka sovxozning yarmini fermerlarga bergan. Texnikaniyam...

Bunaqa gaplarni ham markazda, xotinim bilan uch kun turgan paytimizda, rosa eshitgan edim.
— Boʻpti. Toʻgʻriga haydayver, — dedim. — Keyin chapdagi tor koʻchaga kirasan. Restoranga orqa tomondan kelamiz.

Boltaboy jim qoldi.

Tor koʻchaga kirayotganda, orqaga qaramasdan soʻradim:
— Singlim, shoshilmayapsizmi?
— E, yoʻq. Qaerga shoshaman, — dedi u gʻoyat beparvolik bilan.

«Zoʻr», deb qoʻydim ichimda.

Torkoʻchadan bora-bora boshqasiga tushib, restoranga yetdik. Orqa tomon qorongʻi.

Moshinadan tushib, oshxonaga kirdim. Oq qalpoq kiyib olgan oshpazlar meni tanib, darrov soʻrasha ketishdi.
— Kechirasizlar, menga bironta ichimlik kerak edi, — dedim.

Bufetchini chaqirishdi. Uyam quyuq soʻrashdi va ahvolimdan — chopon kiyib, restoranning orqa eshigidan shumshayib kirgan kishining, ya’ni, tanikli shoirning ahvolidan zavqlanib:
—Aroq yoʻq, akajon. Shampan bor, konyak bor, — dedi.

Qamma bizga tikilib turibdi.
— Bittadan bering, — dedim.

Berdi. Va uyam uzatgan pulimni olmadi. Lekin... choʻntagiga tiqib chiqdim.

Yana yoʻlga tushdik.

Mening, hartugul, kayfim chogʻ edi. Boltaboyga hali — tepadan enayotganda aytgan gaplarimning bari rost edi-da: bir haftadan buyon tirikchiligim shularning boʻynida. Tabiiy: ichimlik ham... Darvoqe, Misirboy mehmonxona oshxonasidagi xolodilnikka uch-toʻrtta turli ichimliklardan ham solib qoʻygan.

8

Ketyapmiz.

Aytganimdek, kayfim chogʻ. Kelayotgan paytimdagi mung meni harqalay tark etgan edi: biroz yayrab qolsin deganday... Lekin ich-ichimdan his etardim: xotinim ayrim doʻstlarimning bozor iqtisodi odamlariga aylanayotganini eslatgani va, darhaqiqat, oʻzim ham bu holni sezganimga zid oʻlaroq...

Misirning oʻzgarmagani, pochtachilarning hurmat-ehtiromi, restoran xizmatchilarining izzat-hurmati — dilimni ancha ravshan etgan edi.

Balki mana bu ichimliklarni olish fikriyam, nima desam ekan, ruhimni koʻtargan, qandaydir pinhona xijolatdan xalos qiladiganday edi.

Ammo sizga ochigʻini aytishim kerak: tagʻin oʻzga, toyat yashirin va sirli bir narsayam dilimga, qandaydir... malham ediki, u narsa shubhasiz — pochtaxonada «oldin men gaplashaman!» deb shakkoklik qilgan qizmi-juvonning tagʻin moshina yonida turib olib, bemalolgina kirib oʻtirishni soʻragani va... kirib oʻtirgani edi. Ha-ha, shu edi.

Oʻzingizdan qolar gap yoʻq: bundoq paytda erkak zoti borki, ma’nosiz mamnun tortadi. Koʻnglida zarracha «qiyshiq fikr» boʻlmasa ham.

Tiling biyron boʻla boshlaydi va aytayotgan gaplaringni «orqada oʻtirgan kishi» ham eshitishini istaysan hamda... unga qandaydir moslab davom etasan.

Lekin kaminaning tiliga gap kelmas edi.
— Ha, gurung bering-e, Boltaboy, — dedim. — Xalqning ahvoli qalay? Bu Ozodlik degan edik, yetishdik! Gorbachyov bobo bir atom urushi qilolmaydigan ishni qip ketdi... Ba’zilar: «Ozodlikni nima qilishni bilolmay qoldik», deyishadi. Toʻgʻri endi, qafasdagi kaklikni chiqarib yuboring-chi? Togʻlarga erkin uchib ketadimi? Yoʻq... Qaytib keladi. Shu ma’noda Navoiy bobomizning «Oltin qafas ichra qizil gul bitsa, bulbulga tikandek oshyon boʻlmas emish» degan baytlari nisbiydir...
— Domla, men bu tomonlarini tushunmayman-u, xalq boyiyapti... Lekin xasis boʻp borayapti! — dedi Boltaboy. — Bundan tashqari, ishsizlar koʻpayib borayapti. Bizdayam ancha bor edi... Misir aka anavi ishlarni boshlab yubordi. Toshkentlik bitta savdogar yigit bor ekan. Qandaydir assasiyaning boshligʻi! Balki tanirsiz? Xullas, oʻsha kishi bilan kelishibdilar shekilli, u katta pul bergan... Xoʻsh, yoʻl qurilishi uchun. Mehmonxonani jihozlash uchun. Milliy choyxona qurish uchun... Mana shu tufayli deng, ancha odamlar ishli boʻlib qoldi. Maoshiyam haligiday!
— Him, xalq Misirdan xursandmi?
— Juda! Misir aka oʻzgarmaydi-da... Yaxshiga — yaxshi, yomonga yomon. Qattiqqoʻlligiyam bor.
— Ha-a, bu yaxshi. Xalqni oʻz boshiga tashlab qoʻyib boʻlmaydi.
— Shu-da: ming qoʻshchiga bir boshchi.

Sirasini aytganda, bu gaplar ham ma’lum haqiqatlar edi: axir, anarxiyaning oldini olish kerak-da!

Biz oʻrganmaganmiz bunday erkinlikka... Shuning uchun ham, nazarimda, insondagi eng tabiiy, insoniyat darajasidagi ojizliklar ham, yovuzliklar ham yuzaga balqib-balqib chiqa boshladi: oʻgʻirlik, shafqatsizlik, poraxoʻrlikning qandaydir oliy shakllari... Mehr-oqibatning koʻplardan koʻtarilayotgani...

Bu yoʻrigʻda «erkinlikka chiqqan» din ham ojizlik qilayotgani... Umuman, diniy ta’limot yoʻrgakdan singishi kerak koʻngilga! Toʻgʻrimi?

Biz esa — suyagi ateizm bilan qotgan odamlar... Ha, endi, koʻngilning tubida nimalardir bor edi.

Mozorning tugʻini olgan bir kommunistning qoʻli shol boʻlib qolganini bilaman.

Balki uning ham koʻnglida oʻsha «nimadir»dan boʻlgan-u nochorlikdan...

9

Yuqoridagi gap-soʻzlar bilan sizni zeriktirmadimmi? Na iloj, birodar? Qaerga borsang, shu xildagi gap...

Nima? Yoʻq-yoʻq, «Orqadagi kishi» suhbatimizga jilla boʻlsa-da, qoʻshilmadi.

Qoʻshtegirmondan oʻtib ketdik. Koʻprikdan ham oʻtgach, orqaga qaragim keldi. Qandaydir xijolat boʻldim. Boltaboy «Qudrat akam bu bilan kelishgan», deb oʻylaydi, dedimmi? Keyin: «Nahot shofyordan soʻramagan?» degan xayolga borib, unga sekin shivirladim:
— Bu ayolni taniysanmi?

U yoʻldan koʻz uzmay tanglayini taqillatdi. Sigaret tutatdim: «Qiziq-ku?»

Bu orada Poda degan qishloqqa yaqinlashib bora boshladik. Men oxiyri oʻgirilib soʻradim:
— Singlim, Qoʻshtegirmon qolib ketdi... Qaerga borasiz?

U allaqachon shunday savol berishimni kutib, ja-vobni ham Boltaboy singari hozirlab qoʻyganday:
— Siz qaerga borsangiz, oʻsha yerga-da, — desa boʻladimi!

Karaxt tortib qoldim. Yurak oʻlgur gurs-gurs ura ketdi. Xayolda haligiday mavhum-qiziq manzaralar...

«Tavba! — deyman. — Bu qanaqasi boʻldi!» Bolta-boyga koʻz qirini tashlasam, miyigʻida tabassum. Uf, uyalib ketdim: bularning oldida men haligiday — pokdomon kishiman-da...
— Bu-a, siz meni taniysizmi? — deb, yarim burilib soʻradim.
— Nega tanimas ekanman? Siz — Qudrat aka-da, — dedi u qandaydir terslik bilan. Soʻngra xotirjam-shaddod bir tarzda davom etdi: — Xotiningiz, qizingiz bilan kelgan edingiz. Birinchi mayda koʻchaga chiqdinglar.. Haligi paraddayam boʻldingizlar. Toʻgʻri, odam oz boʻldi. Qari-qartang. Lekin bayram-da. Shahar hokimi siz bilan koʻrishdi. Keyin uylaringga ket-dinglar... Koʻrgan edim. Taniyman sizni.
— Yurtdosh sifatidami?
— Ha-da, — dedi u keskin. — Lekin she’rlaringizni oʻqib turaman. Qoʻlimga tushganda.
— Him, ma’qulmi?

Ojizmiz-da, azizim. Jindek maqtovga qulmiz... Yoʻgʻasam, bu savolning nima hojati bor edi!
— Yaxshi, — dedi u. — Oʻzimizni yozasiz. Togʻlarimizni... Sizning she’rlaringiz hammasi tushunarli. Sodda.
— Rahmat.

Uning gapi — men uchun katta mukofot edi.
— Toshkentga qachon qaytasiz? — soʻrab qoldi u.
— Him, bilmayman, — dedim. Shunda Boltaboy gapga aralashdi:
— Domla xohlasalar, ertaga ketadilar. Xohlamasalar, bir oy ham turaveradilar.

Bu gap ham mening sha’nimga aytilgan oʻziga xos maqtov edi. Biroq maqtovning tagida meni... nima desam-a, qizgʻanish ham yoʻq emasdi.

Podaning sertosh soyidan moshinaning taraq-turuq qilib oʻtishidanoq Boltaboy ayolni yomon koʻrayotgani yoki yomon koʻrib qolganini aniq sezdim.

Ammo, meni soʻksangiz — soʻking, bu gaplarni xotinimga yetkazsangiz ham — mayli, miq etmay oʻtiraverdim: Nega? Nimaga? Yolgʻiz Ollohga ma’lum.

10

Podadan keyin oʻr boshlanadi. Oʻr, oʻr! Taqir toshloqlardan aylanib oʻtadi yoʻl. Va nihoyat, togʻ oʻrkachiga chiqib boradiki, ana u yerdan men yashab turgan oʻsha qishloq bir tup qora daraxt kabi koʻrinadi.

Qarasam, Boltaboy «Gazik»ni surib, sakratib oʻrlatib borayapti. Shuncha tikilaman aftiga, bir qaramaydi!
— Boltaboy, bir minut toʻxta, uka, — dedim.

U moshinani taqqa toʻxtatdi-da:
— Domla, siz oʻylamayapsiz... Sizni hamma durbinda kuzatib turadi! — dedi. — Bu kishi borsa, darrov koʻrishadi. Keyin gap-soʻz... Misir akaning ham sha’niga yaxshi boʻlmaydi...

Xudo haqqi, men bu ayolni qishloqqa — mehmonxonaga borishini tasavvur ham qilmagandim: shunchaki, uning yonimizda ekani zavqli edi.

Va boshqa jihatlarni oʻylagim ham kelmasdi.
— Toʻgʻri, toʻgʻri aytasiz, — dedim. Shunda orqadan sado chiqishini kutdim: chiqmadi.

Nima qilish kerak?

Bu yonbagʻirlar ham men uchun qadrdon, yoshligimning shoshqin davrlari kechgan manzil edi. Bu adirlarda kaklikdan kichikroq, ammo goʻzallikda undan sira qolishmaydigan chil degan qushlar koʻp boʻlar, ulardan talayini otgan ham edim.

Yomgʻir tomchilarini nari-beriga surayotgan oyna choʻtkasiga qarab turdim-turdim-da:
— Qaytar. Pastga — soyga endir, — dedim. — Soyga. Biroz oʻtiramiz.

Xonimdan yana sado chiqmadi. Boltaboy esa moshi-nani chapdastlik bilan burib olib, orqaga qaytdi. Soʻngra boʻrtib-boʻrtib turgan toshlar ustidan avaylab haydab, hayhotdek soylikka endira boshladi.

Poda qishlogʻida kichrayib qoladigan soylikni boshi — kengayib ketgan, har qirgʻogʻi bamisoli toqqa aylangan va shimoldagi ulugʻ qirralarga tutashadigan bu makon ham mening suygan manzillarimdan biri edi.

Gap shundaki, soy tubida, suv jiyaklarida bir qavatli, ikki qavatli uy baravari keladigan bahaybat harsangtoshlar dumalab yotadi. Tabiiy, ularning koʻpi anavi togʻsimon qirgʻoqdan qulab tushgan va tekis joyda turib qolgan. Koʻpchiligyning yon-veridan archa, togʻolcha, achchiq bodom shoxlari chiqib turadi. Tagʻin, bunday xarsanglar tagida kamarlar koʻpki, ularga bemalol kirib oʻtirish, gulxan yoqish va hatto yotib qolish mumkin.

Kamarlarga yomgʻir-qor tushmaydi. Oʻt yoqish uchun esa xas-xashak, oʻtin-choʻp serob.

«Gazik» soyga tushib, suvdan oʻtdi. Narigi betdagi eng katta qoyaning qoshiga yetdik.
— Tushamiz... Qarshilik yoʻqmi? — dedim orqaga sal burilib.
— Menga baribir, — dedi ayol oʻsha dangalligida.
— Yaxshi, — dedim. Va beixtiyor, balki tabiiy tarzda shu fikrga keldim: «Buzuq ayol... Mayli, biroz oʻtiraylik. Qaytarib yuboraman. Boltaboy oborib Qoʻshtegirmonga tashlab keladi. Oʻzim oʻ-oʻtiraman gulxan yoqib...»

11

Moshinadan tushdik. Chiroqlar yoritib turgan kamarni koʻrsatib, odob yuzasidan:
— Borib turing, — dedim xonimga.

U «borib turish»ni oʻziyam yaxshi biladigandek indamay oʻsha tomonga yoʻnaldi. Biz Boltaboy ikkimiz nima qilardik? Soʻzsiz oʻtin jamgʻarishga tushdik.

Bu yerda bulturdan qolgan kavrak, qurigan bodomcha, tagʻin allaqanday tikanlar moʻl edi. Xash-pash deguncha xonimning oldida oʻrtacha odamning koʻkragi baravari oʻtin-choʻp yigʻildi. Boltaboy uning ustiga chiqib, biroz tepkilagach, pasayib bosilibgina qoldi. Nihoyat, kamardan sal berirokda, yomgʻir tushmasdan qiyalab oʻtayotgan yerga oʻtin-choʻpdan bosib, gugurt chaqib tutdik. Zum oʻtmasdan chirsillab, tutun chiqarib gulxanimiz lovullay boshladi...

Men benihoya xursand edim: axir, bolaligim davomida ming bir marta qilgan ishni tagʻin takrorlayotgan edim. Va menga shunday tuyulardiki, Toshkentda ham, anavi tuman markazida-yu togʻdagi qishloqda ham mana shunday yovvoyicha gulxan yoqish yetmagan ekan.

Buning ustiga, yoningda — kim boʻlishidan qat’i nazar, ayol kishi boʻlsa...

Gulxanning atrofiga uchta yirik-yirik toshlarni dumalatib keldik.
— Marhamat! — deb oʻtirdim-u, ayolga qaradim. Va... lol qoldim.

Qoya bagʻridan oppoq, yoniq bir chehra oʻta qiziqish bilan qarab turardi!

Roʻmolini boshidan tupshrgan (issiq oʻtgan boʻlsa kerak), boʻyinlari, sochlari ham baralla koʻrinar, bu qiz-juvon... nari borsa, oʻn sakkiz-oʻn toʻqqiz yoshda edi! Bilasizmi, bunaqa yuzni uchratish qiyin: koʻzlari sal qiyiq hamda bir-biridan xiyla yiroq joylashgan. Moʻgʻillarning koʻzini eslatadi. Ammo yanogʻi bilinmaydi, buning ustiga, iyagi chuvakroq.

Bu bir gʻalati — koʻp qonlar tomirida qorishib yurgan, nima desam ekan, moʻ’jiza edi.

Hayron boʻlib qopman. Men uni «qiz-juvon» deb atadim, «ayol» deb gumon qildim, «buzuq xotin» dedim. Bu boʻlsa...

Ha, aytmoqchi, lablari yupqadan kelgan va ularda mayin xayrixohona, ayni chogʻda, qiziqish toʻla tabassum bor edi.

Tavba, lekin gaplari dangal, ovozi oʻktam. Hatto qandaydir qoʻpol eshitiladi...
— Keling, oʻtiring, — dedim-u, u yonboshida boʻy choʻzib turgan archani surib, bu yoqqa chiqishi hamon boshim aylanib ketgandek boʻldi...

12

Qoyaning bagʻri — kamar juda qorongʻi joyga, aniqrogʻi, qora oʻrmonga aylandi. Qizning egnidagi qora duxoba kamzul... yupun bir koʻylak tusini oldi. Oyokdari yon-verida xas-xashaklar emas, balki chuchmoma, boʻtakoʻz va shular kabi chechaklar ochilib turardi.

Qiz qandaydir qiynalib yorugʻlikka chiqqandek, shundan labida tabassum oʻynar, tabassumi ham... yorqin va shodon tuyular va umuman, u oʻzligini yoʻqotib...

... Zumradga aylangan edi!

Zumradning kimligini bilasizmi?

«Ikki sandiq» ertagini eslang... Balli! Oʻsha yetim qiz. Oʻz onasi oʻlib ketib, oʻgay onaning qoʻlida qolgan... kunlarning birida oʻrmonda adashib, sehrgar kampirning hujrasiga borib qolgan...

Bilar ekansiz... Shoshmang, oʻshanda aytiladi-ku: Zumrad yurgan yoʻllarda chechaklar bosh egib unga salom berardi... Qiziq-a? Gullar salom bersa...

Lekin, ishoning, azizim, men shu gaplarga yuz foyiz ishonardim! Shuning uchun gullarning menga salom bermaganlarini koʻrib, hayron qolgan, alamim kelgan paytlar ham koʻp boʻlgan... Yaxshi eslayman! Oʻsha esdaliklardan qolgani, aftidan, shu ediki, gullarni... qanaqa boʻlmasin, yaxshi koʻrardim!

Afsuski, yillar, bu yoqda har xil turmush tash-vishlari, ustiga-ustak, yovuz saltanatning inqirozidan keyin paydo boʻlgan tentirashlar...

... xalkning ham gangib qolgani, arboblarning tezda yoʻl topolmasliklari...

Ha-ha, mening oxir-oqibat xizmatdan boʻshab, darvishnamo boʻlib bu tomonlarga kep qolishimning buyuk boislari oʻsha-oʻsha chechaklarga mehrni ham oʻtmaslashtirib qoʻygan-yuborgan edi.

Bugun — kechki paytdagina men tabiatni favqulodda oʻtkir his eta boshlagandim, xolos!

Endi boʻlsa, men uchun eng suyumli, balki mening she’riyatga havas qoʻyishimga, tabiatni-yu hayotni boricha — barcha tovlanishlari bilan yaxshi koʻrishimga va tasvirlashimga sabab boʻlgan aziz ertagim (ertaklarimdan biri) ham jonlandi. Va bir necha daqiqaga boʻlsada, meni...

...yosh bolaga aylantirdi. Yoʻgʻ-e, oʻsmirga! Nimalar deyapman? Zumrad oʻn ikki-oʻn uch yashar boʻladi. Demak, mening togʻ-toshlar kezib yurishim ham oʻsha davrga toʻgʻri keladi: ha-ha, qorongʻi oʻrmonlarni yaxshi koʻrishim, boyqush sayrashlariga ishqibozligim, oy...

Xullas, qiz kelib, menga yaqin toshga sal qiyshayib oʻtirdi. Oyogʻida eski shippak, lekin paypogʻi oppoq. Lozimi atlasdan ekan. Qulogʻida sirgʻa-pirgʻa degan narsa yoʻq.

Boltaboy ham bu yondagi toshga oʻtirib, qoʻllarini oʻtga tobladi-da:
— Domla, nima qilay? Anavini opkelaymi? — dedi.

Men hamon parishon edim.
— E, opkeling! Opkemaysizmi? — dedim.

U turib ketdi.

13
— Nimaga munday tikilib qoldingiz? — soʻradi qiz quruqqina qilib.
— Sizni bir kishiga oʻxshatdim, — dedim.
— Kimga?
— Zumradga...
— E, oʻzim Zumrad-ku? — dedi u.

Men... ogʻzimni ochib qoldim. Negadir Uvaysiyning «Anor» she’ri esimga tushdi: «Bu na gumbazdir, eshiga-tuynugidan yoʻq nishon...» Nega bu bayt xayolimga keldi? Tushunsam, oʻlay... Ammo ogʻzim ochilib qolganini tushunsa boʻladi.

Nima qilishimni bilmay: «E, xudo, — dedim keyin. — Bu qanday sir-sinoat? Yoki favqulodda ismlar bir-biriga mos keldimi? Ha, ha. Boshqacha boʻlishi mumkin emas!» deb oʻzimga uqtirgach, sal-pal hushimga keldim.
— Siz «Ikki sandiq» ertagini oʻqiganmisiz? — deb soʻradim.
— «Ikki sandiq»? «Zumrad bilan Qimmat» emasmi? — dedi u. Va mening shoshib bosh irgʻaganimni koʻrib, davomini aytdi: — Maktabda oʻqigandim. Qimmatni ajdaho yutib qoʻyadi...
— Shu-shu.

Shunda u birdan boshini oʻgirib kuldi.
— Oʻsha Zumradga oʻxshatdingizmi meni?
— Ha, ha.
— Yaxshi qizga oʻxshatgan ekansiz, — dedi u. Soʻng «xirmon»dan bir dasta tikan olib, gulxanga tashladi. Va xoʻrsinibgina qoʻydi-da, shishalarni koʻtarib kelayotgan Boltaboyga qaradi.

Boltaboy bitta piyola ham olib kelgan ekan. Shampanni oldim-u, Zumraddan soʻradim:
— Ichasizmi?

U yelkasini qisdi. Men darhol shishani ochib piyolani toʻlatib, uzatdim.
— Piyolamiz bitta... Men konyak ichaman.

U piyolani olib, koʻpigi pasayguncha tikilib turdi-da, soʻng qandaydir iymanib-kulimsirab:
— Xoʻp. Omon boʻlinglar, — deb yutdi-qoʻydi.

«Ha, ichib oʻrgangan, — deb oʻyladim. — Yoshiyam... Demak, maktabni bitirgan... — Erga tekkan yoki bola tuqqan-tugʻmaganini tusmollash uchun yuziga tikilib qaradim: lof boʻlsayam, naq olma... — Qiziq, meni tanisa, nega pochtaxonada unaqa qildi?»

Konyakdan quyib oʻzim ham ichdim. Soʻz aytmadim. Aftidan, Zumradga: «Sizning sogʻligingiz uchun!» deyishga istihola qildim: axir, u juda yosh-da!

Boltaboy moshinaga ishora qilib, ichmadi.

Ana shunda kamina katta bir xatoga yoʻl qoʻyganini angladi. Ya’niki, toʻgʻri aytasiz, gazak olmagan ekanman: umuman, gazak xarid qilish xayolga ham kelmagan edi.

Siz hozir: «Bu Bolta shopirni gazakka yuboradi.

Maqsadi parivash bilan yolgʻiz qolish...» deb oʻyladingiz. Rost! Lekin siz oʻylagan ma’noda emas: gazak haqiqatan ham kerak! Ikkinchidan, bu ertakdan chiqqan gʻalati qiz bilan...

... hayhotdek darada — soy boʻyida, choʻng xarsang tagida, gulxan atrofida, sim-sim yomgʻir ostida oʻtirish — yosh oʻspirin boʻlib oʻtirish men uchun...

hayotning ajabtur oʻzgarib ketganidan kuyib va sovub, «Biron narsa toparmanmi?» deb togʻlar qa’riga yoʻl olgan kimsaning bemalol gurung qilib oʻtirishi...

... axir, menga, dardimga jilla boʻlsa-da, davo edi-da!

Ha, endi, koʻngilning qaysidir burchagida boshqa niyat ham tugʻilgandir?

Harqalay, Zumradga «ayol kishi» deb qarash — mening uchun oʻninchi darajali gap edi.

14
— Shaharga tushguncha restoran bekiladi. Uyingizga borish noqulay, — dedi Boltaboy. — Qishloqqa borib kelguncha, soat... toʻrt boʻladi, domla.

Men soatga qarab nimalarnidir chamalagan boʻldim. Shunda Zumraddan «sado» chiqdi-ku:
— Men ayol boshim bilan shu kishini deb kelib oʻtiribman. Siz yigitsiz-ku!

O, ayolning ta’nasi!

Boltaboy irgʻib turib ketdi. Moshina qoshiga yetganda, qayrilib soʻradi:
— Qorovuldan olaymi, yo mehmonxonada bormi?
— Xonamda, xonamda bor, — dedim. — Eshikdan kirgan joyingizda bir qoʻltiq ravoch bor. Stol tagida — kastryulda qovurdoq, tortmada non.

Boltaboy moshinani vangillatib soydan oʻtkazib ketdi. Hademay chiroqlari ham koʻzdan pana boʻldi.

Atay oʻsha yoqqa qarab oʻtiribman. Zumradga qarashga yurak yoʻq. Ha-ha, endi u bilan oʻtirish menga qandaydir qoʻrqinchli boʻlib qoldi.

Shunda shamol esdimi, yomgʻir qiyalab ustimizga quyib oʻtdi. Men negadir choponni yechib, qizning egniga tashlab qoʻyishni oʻyladim. Ammo bunga ham jur’at yoʻq: bu-ku — arzimas dildorlik. Ammo shu asno nimadir va’da etadigandek boʻldim shekilli. Gulxanga choʻp-xashak bosib, yana lovullatdim-da, yana Zumradga koʻzim tushib, oʻlay agar, yana boshim aylanib ketgundek boʻldi.

Gap shundaki, azizim, men mana shu bahaybat soyning, aniqrogʻi, daraning har ikkala qirgʻogʻidagi archalar ichida miltiqni oʻnglab, gangib yurgan chogʻlarimda koʻpincha shunday tuyulardiki...

... Zumrad archalar orasidan chiqib keladi! Men unga nimadir yaxshilik qilaman!

Choʻng qoyalar ustida dam olib, sukutga tolib oʻtirgan chogʻlarimda ham tuyqus-tuyqus shunday tuyulardi. Va men atrofga alanglab qolardim.
— Siz necha yoshga kirdingiz? — shu savol tilimdan chiqdi.
— Oʻn sakkizga, — dedi u xotirjamlik bilan.
— Him, turmushga chiqqanmisiz? — Ha..
— Bolalar...
— Bola qaydan boʻladi! Bor-yoʻgʻi olti oy yashab qochib keldim. Otamning uyiga...
— Ishlayapsizmi?
— Ish yoʻq. Hozir ish topish qiyin. Lekin... yaqinda bogʻchaga oʻtaman...

«Farrosh boʻlib...» koʻnglimdan kechdi va xafa boʻlib ketdim: oʻzim kal, koʻnglim nozik deganday, unga achindim-da... U esa xotirjam!
— Xoʻsh, nima ish bilan shugʻullanasiz? — deb soʻradim. Haliyam koʻnglimda uni «haligiday...» deb oʻylash bormidi.
— Uyda ish koʻp, — dedi u va oyokdarini sal uzatib, yonboshidagi toshga tirsaklab oldi.

Uning gavdasi kichik, oyoqlari boʻliq, oʻzi baquvvat va miqti edi.
— Ichasizmi? — deb soʻradim.
— Soʻrab nima qilasiz. Boʻlar ish boʻldi, — dedi u. Va bahaybat xarsangga qarab allanechuk kulimsiradi.

Peshonamdan ter chiqib ketdi, shampandan quyib tutdim. U tagʻin yutdi-qoʻydi. Oʻzim konyakdan otdim. Sigaret tutatdim. Shu tariqa haligi uyat-andisha pardasi yuzdan tusha boshladi. Ha, labda tabassum, koʻzlar biyo-biyo...

Nihoyat soʻradim:
— Pochtaga kirganimda meni tanibmidingiz?

U birdan sergak tortdi.
— Yoʻq-yoʻq, — dedi. — Egningizda chopon... Tanimadim. Keyin uyaldim. Keyin nima boʻlsa boʻlar deb moshina yoniga chiqib turdim. Onam bilan gaplashgandim. U kishi opamni koʻrgani qoʻshni rayonga ketib edilar...
— Him, tushundim... Bu togʻlarimizni sevasizmi?
— Vey, albatta! — dedi u gapimga hayron qolganday. — Otam choʻponlik qilganda, men qoʻzi-uloq boqqanman... Keyin bari molimizni sel oldi. Otam kasal boʻlib qoldi. Oʻnglanmadi. Markazga tushib ketdik... — U toshga oʻmrovini tirab soy tomonga boqdi. — Shunday tunlarda bemalol yurardim... Hozir uyda svet oʻchsa, shabkoʻrga oʻxshab qoladi odam. Yomgʻir ham yaxshi: odamni oʻstiradi... Archanint hidi kelayapti!

Sezmadim. Lekin: «Siz ham shoir ekansiz!» deyishimga oz qoldi. Qiziq-da: tun, archa, yomgʻir toʻgʻrisida shunday joʻngina qilib gapirgandiki, shu joʻnligi bilan meni larzaga solgandi.

Axir, birodar, men ham sevardim-da: tunni ham, oyni ham, yomgʻir, qoyalar, archa...

Sezayapsizmi, uning tabiatga qarashi mening qarashlarimga mos kelayotir!

Men — dorilfununni bitirgan, hayot tajribasiga ega, oilali-farzanddi, tagʻin mavjud turmushning pastu balandiga baholi qurat aqli yetadigan odamning...

...tabiatga munosabati bu qiz-juvon — Zumradnikidan deyarli farq qilmas edi.

15
— Siz, singlim, bu turmushdagi, mana, koʻrib turgan oʻzgarishlarga qanday qaraysiz?

Bu savolimdan kulmang, hayron ham boʻlmang: axir, oʻquvchilar bilan uchrashuvlarda oʻn-oʻn bir yashar bo-lalar ham shu ma’noda savol berishadi.

Ana shu koʻnikma tufaylimi yoki Zumradning bu masalalarga ham munosabatini bilish menga qiziq tuyuldimi, balki uning bu yoʻrigʻidagi qanoatlarini ham oʻzimnikiga mos tushishini istadimmi — shu savolni berdim.
— E, meni qiziqtirmaydi, — dedi u charslik bilan. — Poshsholar kep ketaverar ekan. Siyosatchi deganlaringiz ham... Raykomlar ham! Bari... — Keyin menga boqib, mayingina kulimsiradi. — Men gazeta oʻqimayman. Televizordayam... kino boʻlsa koʻraman. «Hayvonot olamida», «Olamga sayohat».
— Yaxshi, juda yaxshi, — dedim.

Zumrad endi oyoqlarini bemalol uzatib, yonboshlagan edi, men:
— Choponni toʻshay, choponni, — dedim.
— Oʻzingiz shamollab qolasiz, — deb qoʻydi u.
— Ha. Toʻgʻri.
— Bilasizmi, nimaga ergashdim sizga? — deb qolsa boʻladimi shunda.
— Bilsam, har narsa boʻlay!.. — dedim-u, boshni koʻtarolmadim.
— Bola-chaqangizni Toshkentga yuborib, bir oʻzingiz toqqa ketganingizni eshitgan edim. Buni koʻplar biladi... Har kim har xil gapiradi. Buning ustiga, nuqul xafa koʻrindingiz. Sizni koʻplar kuzatdi...
— Tushunarli, — dedim. Va, tasavvur etingki, buning menga qiziqib, hatto ergashib chiqishi ham menga anavi... deylik, Misirning mehr-oqibati, pochtachi-yu restoran xizmatchilarining dildorliklariga oʻxshab ketdi.

Ammo, tabiiy, buning qiziqishi — istisno edi!

Bu, tabiiyki, menga yaxshilik niyatida emas, oʻzining qiziqishini qondirish uchun chiqqandi: endi, bu holga uning qandaydir zerikishi va ana shu hisni ham bir miqdor qondirishga ehtiyoji sabab boʻlgandir...

Men tagʻin bir narsani aniq tuya boshlagan edim: hozir oʻrtamizda nimadir boʻlishi kerak.

Shu meni hayajonga sola boshlagan va oʻsha qandaydir ish sodir boʻlgandan keyin «nima boʻlajagi» qiziqtirar edi.

Tagʻin bittadan ichdik. Shunda yigʻilgan oʻtin-choʻp kamayib qoldi. Yomgʻir esa kuchaydi: demak, tezroq oʻtin jamgʻarmasam, boriyam nam tortib qoladi.

Choponni yechib tashlab, sapchib oʻrnimdan turdim-da, atrofda qolgan tikan, kavrak va bodomchalarni yula ketdim.

Zumrad esa turib, toshga oʻtirib oldi: koʻzlarida shunday qiziqish va yorqin kulgi bor ediki, meni tomosha qilar, hamda, nima desam ekan, bu ishlarni...

...goʻyo faqat uning uchun qilayotgandek tuyulardim shekilli!

Bu holatni aniq sezganimdan keyin tikan yulishga bot kirishib ketdim va hademay toliqib qoldim: men Boltaboy emasdim... Lekin yulayapman! Shu, ba’zi bodomchalarni qisimlab tortsam, la’nati jilla sugʻurilmaydi deng, qoʻlim sirgʻalib chiqib ketadi. Kaftimga qarasam: qon...

Shunda fahmlab qoldimki, uning — oʻn sakkiz yashar juvonning oldida oʻzimni yosh, baquvvat koʻrsatmoqchi boʻlayotgan ekanman!

Nega?

Bilmayman.

16

Oqibat talaygina oʻtin jamgʻarib va Boltaboydek tepkilab, qoʻlni ham choʻng qoya yorigʻidan sizayotgan suvga chayib olgach, joyimga oʻtirdim. Choponni egnimga yopdim.

Zumrad esa, berigi tosh yoniga oʻtirib yonboshladi-da, oyoqlarini biqinimdan orqaga uzatib yubordi.

Uning butun vujudi-borligʻi qarshimda edi: mana men, deb yotardi...

Tagʻin bitta otganimdan keyin koʻnglim buzildi: «E, xudo, — dedim. — Butun bolaligim davomida shunday bir qizni... shunday togʻlar orasida, archazorlar bagʻrida koʻrishni orzu qildim! Mana bugun u baayni qoya bagʻridan chiqib keldi. Lekin...

.. bugun!

Bu yosh, tajribasiz...

Men esam, daqqiyunusdan qolgan... Ya’ni, har qanday ishning oqibatiga aqlim yetadigan kishiman: agar yanada ochiqroq aytsam, munday:

Deylik,men hozir unga qoʻl uzatsam, shubhasiz, qoʻlimni ushlaydi. Keyin...

Undan keyin buning menga qizigʻi qoladimi? Mayli, bir necha minut yoki soatga boʻlsa-da?

Mening asl maqsadim nima?

Sal-pal tirilish... ruhni tiklash, ma’noliroq yashay boshlash va ijodga qaytish-ku?

Mana keldim: ruhimda ozmi-koʻpmi oʻzgarishlar boʻla boshladi. Ya’ni, kimlarnidir daf’atan yoqtirmay qolgan boʻlsam, kimlarnidir yoqtira boshladim. Va yana muhimi...

«Endi nima boʻladi? Hayot qanday yoʻldan ketadi?

Ertangi kun qanday boʻladi?» degan injiq savollardan xalos boʻla boshladim». Misirning odamlarni ish-latishi va oʻzining ham tinmasligi, boz ustiga, «parvo qilmang, hayot yaxshi boʻlib ketadi», degan gaplari ham menga ta’sir etgan edi.

17

Endi boʻlsa, yoshligim bilan betma-bet oʻtirardim: ha, qarshimda Zumrad...

...mening orzularim, hayajonli xayollarimning bugungi kundagi roʻyobi edi.

Men ham koʻnglimning allaqaerida yoshgina oʻspirin edim! Ammo mohiyatim, umrim, borligʻim bilan oʻzga, yoshi oʻtinqirayotgan kimsa edim...

Demak, shunday boʻlib qolishim kerak. Va bu uchrashuvni Allohning ne’matidek qabul qilmogʻim darkor. Hamda buni buzmasligim-bulgʻamasligim shart, degan fikrga keldim: ana shunda qalbimning alla-qaeridagi yoshlik — tabiatga va uning turfa koʻrinish-tovlanishlariga mehrim yangilanganicha qolsa kerak.

Zumradning menga, oʻzi bilmay hadya etayotgan zavqi bugungi kapalagu bulbullaru jiblajibonlarning bergan zavqidan kam emas, ortiq boʻlsa ortiqdir!

Mening ularga boʻlgan mehrim qandaydir darajada tirilgani kabi unutilgan, balki unutilayozgan bolaligim ham tirilib qoldi, axir...

Shundan boʻlsa kerak-da: yomgʻir ham, tun ham boshqacha koʻrina boshladi: xususan, Zumrad ushbular haqida oʻychan soʻzlagandan keyin...
— Siz yaxshi koʻrib uylanganmisiz? — oʻtdan koʻz uzmasdan soʻradi u.
— Ha, albatta, — dedim.
— Men erimga koʻngilsiz edim, — dedi u. Va qandaydir chalqancha boʻlib uf tortdi. — Mayli.
— Nima «mayli»?
— Baribir yashash yaxshi, — dedi u va boshini orqaga solib, endi togʻdek yuksalib turgan qoyaga boqdi. — Kichkinaligimdayam shu xarsangni turishi shu edi... Ana togʻlarning ham turishi oʻsha-oʻsha! Hech narsa oʻzgarmagan. Osmon ham. Bulutlar, yomgʻir... He, nimasini oʻylayman... — U hamon menga qaramay davom etdi: — Sizlarni... kattalarni turmush, undagi toʻpolonlar xafa qiladi. Otam ham nuqul: «Endi nima boʻladi?» deb oʻylaydi... Shunday paytda men shoir Gʻafur Gʻulomning maktabda yod olgan bir she’rini eslayman:

Quyosh-ku falakda kezib yuribdi,

Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy...

Ajabo, birodarim, men ham ushbu satrlarni bir necha bor takrorlagan, lekin tasalli topmagan edim: axir, biz falakdagi haligi azon uchib ketayotgan «qora tuynuk» nimaligini ham, Yer kurrasidagi ekologik holatning ham buzilib ketganini bilamiz. Va shu ham ruhimizga ta’sir etib, oshimizga zahar qoʻshib turadi-da!

Bu juvon esa bu narsalarni oʻylamaydi: u boriga — koʻrib turganiga inonadi, vassalom.

18
— Qudrat aka, siz tarixni yaxshi bilasiz, shoirsiz, — deb qoldi keyin. — Mana shu sotsializmga oʻxshagan tuzum oʻtganmi oldin?
— Maktabda aytishmaganmi? — dedim.
— Aytishgan-e, — dedi u qandaydir siltab. — Lekin ba’zi odamlarning gapini eshitsang, ilgari oʻtgan zolim tuzumlardan farqi yoʻq emish-ku?
— Ha-ha, — dedim beixtiyor hayajonlanib. — Zolimlikka qurilgan tuzumlarning hammasi bir-biriga oʻxshash boʻladi...
— Shu ekan-da, — deya shampanga qaraganini sezdim va yana piyolaga quyib, unga uzatdim. U idishni olib: — Bunisiyam oʻtipti. Shungayam gʻam tortishmi! — dedi-da, bu piyolani ham boʻshatdi. Keyin kuldi. — Shunday emasmi? Odamlarning qoʻlidan nima keladi? Tagʻin bitta tuzum boʻladi-da: yaxshimi, yomonmi... — Soʻngra yana koʻksini toshga berib, soyga — qorongʻulikka boqdi. — Lekin bu yerlar qoladi. Shu soy ham, suv ham, mana bu gulxan... Kechirasiz, sizning she’rlaringiz ham...

Men karaxt edim: goʻyo bu yoshgina qiz meni ovutmoqda, menga mangu haqiqatlardan dars bermoqda edi: ajabo, bu gaplariyam naqadar joʻn!

Ishonasizmi-yoʻqmi, endi u men uchun qizligini-ayolligini yoʻqotgan, aniqrogʻi, unga nisbatan dilning pinhon goʻshalarida bosh koʻtarib turgan haligiday hislar ham gʻoyib boʻlgan edi.

Bilasizmi, bu holatni nimaga oʻxshatish mumkin?

Deylik, ayolingiz bilan ham haligiday munosabat ustida roʻzgʻorning hal boʻlmagan bir tashvishi haqida bahs chiqib qolgandagi holatga oʻxshatish mumkin...
— Qudrat aka.
— Labbay!
— Moshina kelsa, meni Qoʻshtegirmonga oborib qoʻyasizlarmi?
— O, albatta! — dedim.
— Rahmat... Men juda maza qildim, — davom etdi u. — Xudo ursin agar, sizni... shunaqa boʻlsalar kerak, deb oʻylab edim. Rost chiqdi.

Men fikrini tushungan edim. Konyakdan yana otdim-da, dadillanib:
— Yaxshi tushunmadim, — dedim.

U basharamga boqib turdi-da, bu yomgʻirli tunni toʻldirib kulib yubordi.

Tasavvur eting, men ham unga qoʻshilib kula boshladim. Tabiiy, qandaydir aybimnimi-gunohimni yashirib kular edim. U boʻlsa... balki u ham oʻshanday aybinimi-gunohinimi bekitib kular edi.

... Boltaboy kelgach, yana biroz oʻtirdik. Soʻngra Zumradni Qoʻshtegirmonga optushib qoʻydik.

U xoʻshlashayotib:
— Yozib turing. Yozmay qoʻydingiz, — dedi.
— Albatta yozaman! — dedim.

Ammo hali nimani qanday yozishni bilmas edim.

Bilmas edim-u, tezroq toqqa-qishloqqa ketgim kelar, poli ostida kalamushlar gudur-gudur etib chopadigan hujramga kirishni, kursiga oʻtirib, derazani ochish va chirogʻim yongani tufayli... soyning u betlaridan hura boshlagan itlar tomonga tikilishni istar edim!

... Tong yorishaverib, qishloqqa yetdik!

Mehmonxona oldida Misir aylanib, aftidan, xavotirlanib turgan ekan.
— Xoʻsh koʻrdik-e! — deb baqirdi.
— Xoʻshvaqt boʻling, — dedim.
— Bulbul rosa sayrayapti-da! — Ha..
— Hidi kelyapti. Otibsiz-da? — Ha..
— Dam olasizmi, yo shu yerda besh-oʻn minut oʻtiramizmi? Bulutlar ham tarqab ketdi.

Boltaboy mehmonxonadan Misirga kursi chiqardi. Gujumcha ostiga qoʻydi. Oʻtirdik.

Men holdan toygan edim: uyqusizlik, yoʻl azobi... Lekin ruhim tetik, kayfiyat yuksak, tagʻin bir kunlar uxlamasam va yoʻl bossam mumkindek edi.

Endi xulosa qilaymi?

Xulosa shulki, azizim, dunyo oʻtar ekan! Tuzumlar oʻtar ekan! Shayxzoda domla aytganlaridek, el-ulus qolar ekan. Anavi sodda qiz-juvon aytganidek — tabiat, tun, togʻlar, oʻrmonlar, borliq qolar ekan!

Biz har qancha mavhum-mungli xayollarga choʻmib, ruhiy tushkunliklarga tushmaylik, yashashga mahkum ekanmiz va borliqni sevib yashashimiz lozim ekan!

Ertaga nima boʻladi? Ahvolimiz qanday kechadi?

Bu savollar oʻz-oʻzidan yechilaverar ekan. Chunki inson ming-ming yillardan beri yashab va son-sanoqsiz saltanatlarning inqirozini koʻrib, demak...

Oʻshanda ham koʻp gʻamlar chekib, koʻp savollarga javob bera olmasdan va Misir aytganidek, «bir terining ichida necha bor ozib, necha bor semirib» kelayotgan ekan, demak, ertamas-buruskun yana yangi va mislsiz bir saltanatda yashashi aniq: insonning tabiati oʻzi shuni taqozo etadi.

Va uning tabiati yashashdan zavqlanishni ham, ruhiy tushkunlik yaxshilikka olib bormasligini ham, juda nari borsa — menga oʻxshash kishilarning hayotdan bir muddat sovib...

... qandaydir toʻxtamga yetib kelishini ham taqozo etar ekan.

U toʻxtam nimaligini aytdim shekilli?

Rahmat.

1992