OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Shukur Xolmirzayev. Sayr (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiSayr (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sayr (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Joʻra uygʻonib ketib, boshidan oq choyshabni yulqib oldi. Ovoz kelgan tomonga qaradi. Onasi Ruxsat opa oʻchoq boshiga engashganicha oʻgʻli tomonga achinib qarab turar, qoʻlida samovarning malla karnayi bor edi.
— Uxla, uxla, — deb pichirladi u.

Joʻra chalqancha boʻlib, ustiga egilib turgan baland oʻrikning chambarak shoxlariga qaradi. Bosh tomonidagi hovuz boʻyidagi tolda chumchuqlar chirqillar, hovuzning nariga tomonidagi peshayvon ustunida musicha kukulardi. Joʻraning esiga bugun Xoʻjaqoʻchqorga sayrga borishlari tushdi, u gavdasini dast koʻtarib, tirsagiga tiranib oldi. Chap yoniga qarab, uxlab yotgan xotiniga tikildi. Uning toʻzgʻigan sochlariga suykalib, gʻujanak boʻlib yotgan oʻgʻliga qaradi va engashib uning ochiq yelkasidan oʻpdi. Kayfi chogʻ boʻlib, choyshabni koʻtarganicha irgʻib oʻrnidan turib ketdi.
— Uxlayversang boʻlardi, hali erta, — dedi ona achingannamo boʻlib. Baquvvat, yoʻgʻon qoʻllarini boʻyniga chalishtirib, ayvondagi umivalnik tomon ketayotgan Joʻra:
— Armiyada soat oltida turardik, — dedi kerishib, hovuzning yogʻoch panjarasini aylanib oʻtdi.

U peshayvonning xunuk qilib boʻyalgan ustunidagi umivalnik «mix»ini boshi bilan itarib, shapillatib yuvindi. Soʻng ustunlar orasidagi dorga tashlab qoʻyilgan uzun sochiqqa artina-artina chorpoyaga qaytdi.

Otasi mol soʻygani allaqachon kushxonaga ketgan, ukasi Habib uning joyida uzun oyoqlarini koʻrpadan chiqarib yotar edi. Joʻra chorpoyaga ilinib yotgan ukasining ustini shart ochdi. Kiftiga sovuq kafti bilan shappa urdi.

Habib koʻzlarini ochib:
— E, — deb gʻingshidi. — Oliftagarchilik qilmang-da... Ena, bu kishiga ayting! — U yana boshini chit koʻrpaga burkab oldi.

Ruxsat opa Joʻraning yonida toʻxtab, unga jilma-yib tikildi. Soʻng:
— Men oʻlay, koʻz tegmasin senga! — deb oʻgʻlining chakkasidan oʻpmoqchi boʻldi. Joʻra boshini tortdi.
— Qoʻying, ena. Hadeb oʻpaverasizmi?
— Voy, ona toʻyadimi bolaga? Oʻzing bolangni yomon koʻrasanmi? Ho-o! Shunaqa yaxshi koʻrasanki. Men ham shunday!

Joʻra iljayganicha bosh chayqab, chakkasini tutdi. Ona oʻpib-oʻpib oldi.
— Ilohim seni bolalaring bilan pushti panohida saqlasin begona shaharda, — dedi va shoshib, uning yoniga qiyshayib oʻtirib oldi. — Bolam, qishloqni sogʻinmaysanmi? U yoqda ishxonangdagilar bilan yaxshimisan? Dushmaning yoʻqmi, jonim! Shuni esingda tut, doʻstning minggi ham kamlik qiladi, dushmanning biri ham koʻplik qiladi, bolam... Bilaman, darrov qizishib ketasan, ogʻir boʻl endi. Bir bolaning otasisan, gulday xotining bor. Xudoga shukur, obroʻying yaxshi. Qishlokdagilar seni izzat-hurmat qiladi, jonim. Qachon bir oʻyin boʻlsa rasming chiqqan gazetani olib, idoramga keladi odamlar. «Qarang, chempion oʻgʻlingizga qarang, xolajon!» deyishadi. Oʻzingga ehtiyot boʻl, bolam! Xoʻpmi?

Bu vaqt Joʻra oyogʻi uchida ilinib turgan charm boshmogʻiga qarab: «Shuni kiyib boraymi yo tufli kiysammikin? — deb oʻylar edi: — Buning tagi charm, xas-xusda sirpanadi, yaxshisi, tagi rezina tufligimni kiyaman», deb, onasiga anqayib qaradi.

Ona gaplari oʻgʻlining qulogʻiga kirmaganini payqadi.
— Ana, gapimni eshitmading, bolam... Shuning uchun aytadilar-da, onaning koʻngli bolada, bolaning koʻngli dalada, deb. Ha, omon boʻl, dogʻingni koʻrmay.

Ruxsat opa karavotdan siljib tushar ekan, Joʻra ham sakrab tushdi va:
— Enajon, xafa boʻlmang! — deya bir oyogʻida turib, ikkinchi oyogʻini tizzadan bukib kutardi, boshmoq bogʻichini oʻtkazdi, soʻng ikkinchi oyoqda sollanib turib, unisining bogʻichini mahkamladi va havoni suzgan kabi qoʻllarini aylantirib, bir sakradi-da, loʻkillab, osho-supa orqasidagi bedapoyaga tushdi.

U birov bilan urishadigandek qoʻllarini koʻksida tutib olib, loʻk-loʻk sakrab, pushtadan yurdi, soʻng qadamini tezlatib, bedapoyani aylana boshladi.

Soat yetti yarimlarda chorpoyada jamoat jam: toʻgarak qilib toʻshalgan koʻrpachalarda Joʻra, xotini Manzura, oʻgʻilchasi va xoʻmraygan Habib qoʻr toʻkib oʻtirishar, Ruxsat opa keltirib qoʻygan alyuminiy tovoqchadagi qovurdoqni non bilan yeyishar edi. Ruxsat opa katta, tumshugʻi artilmagan choynakda choy olib kelib, Habibning yoniga oʻtirdi.
— Ayajon, oling oʻzingiz ham, — dedi Manzura qaynanasiga, — hech narsa yemayapsiz.
— Bolam, kelinjonim, — deb boʻynini choʻzdi Ruxsat opa. — Sizlarning diydorlaringni koʻrib turishning oʻzi menga ovqat, bolaginam... Ha, sizlar hali bolaning qadrini bilmaysizlar. Qani, olaveringlar, issigʻida olinglar. Yana qovurib kelaman. Xudoga shukur, goʻsht serob, a, Habibjon? — U kichkina oʻgʻliga qaradi, — xudo umrini uzoq qilsin. Otang omon boʻlsa, biz dard qolmaymiz. — U endi katta oʻgʻliga qarab gapida davom etdi: — Joʻrajon, mening topadiganim chirt-pirt boʻlib yoʻqolib ketadi. Shu otaginang topgani barakali...
— Siz qizlaringizga joʻnating, — deb toʻngʻilladi hamon koʻzi uyqudan arimagan Habib, keyin jilmayib turgan akasiga qaradi. — Bu kishini bilasizmi? Xuddi oʻgʻriga oʻxshaydilar, otamdan bekitib, opamlarning uyiga narsa yuboradilar. Opamning kichkinasiyam oʻrganib qolgan, ikki kunning bi-rida: «Salom, momajon!» deb kirib kelaveradi... Unaqada pul chidaydimi? — U dagʻal, uzun qoʻlini uzatib, qovurdoqning yogʻligʻidan oldi, ogʻziga tiqib yuborib, «uyat boʻladi», deganday bosh chayqab turgan onasiga oʻqraydi.
— Bolam, shipiyon oʻzimizdan chiqqan, — dedi Ruxsat opa. — Bizga boshqa shipiyonning keragi yoʻq, ha!
— E! — deb baqirib yubordi Habib. — Ularning bizga nima foydasi tegadi? Aka, bir kuni opam «erim urdi», deb yigʻlab keldi. Bu kishi darrov yalang oyoq boʻlib, yoʻlga tushdilar. Men ham bordim nima gap ekan deb. Bir vaqt deng, bu kishi kuyovlariga nasihat qilayotsa, opam erining yonini olsa boʻladimi... Nima keragi bor aralashishni? Otam ming marta aytadi, bu kishi quloq solmaydi, odam ham shunday boʻladimi? Yo yolgʻonmi gapim! Ayting, mana... oʻqigan oʻgʻlingizning oldida!

Ruxsat opa oʻsal boʻlib, bir nafas bosh chayqab qoldi.
— Boʻldi endi, Habib! — dedi Manzura. — Bola degan hadeb onasini ayblayvermaydi. Bu kishi sizniyam yaxshi koʻradilar.

Shunda koʻchada choʻzib-choʻzib mashina signal berdi.
— Kelishdi! — deb Joʻra chorpoyadan tushdi. — Habib, sen bor, opke ularni. Manzur, yur, kiyinaylik.

Habib chorpoya suyanchigʻiga qoʻlini qoʻyib, nari tomondan sakrab tushdi. Ruxsat opa:
— Voy-y, goʻshtni yemadilaring. Joʻrajon, bir narsaga oʻrab beraman-da, oʻsha yoqda yeysizlar, — deb qoldi.
— Mayli, mayli. Nondan ham qoʻshib oʻrang, kerak boʻladi, — deya Joʻra oʻgʻilchasini olib, xuddi ayvon ustunlaridek chala-chulpa boʻlgan zinapoyadan bolaxonaga chiqib ketdi. Eshikdan daxdizga kirib, deraza tomonga engashib qaradi: — Hey! — deb boʻsh qoʻlini koʻtardi.

Ular kiyinib pastga tushganda, Joʻraning yoshlik doʻstlari — oʻzidek loʻppi, lekin boʻyi past, xushchaqchaq militsioner Nodir va redaktsiya xodimi — burni uzun, qoracha Imom chorpoya yonida bittadan ustuxonni kemirib turishar edi.

Nihoyat, Ruxsat opaga «bir fotiha bering, safarimiz yaxshi oʻtsin!» degan taklif tushdi.
— Omin! Oy borib, omon kelinglar. Mazza qilib dam olinglar, lekin Xoʻjaqoʻchqorning suvi koʻp boʻlsa, tushmanglar. Xoʻpmi, Joʻrajon? Kelinjon, siz, koʻz-quloq boʻlib turing. Men u sharsharani bilaman, toshday kelib uradi odamning yelkasiga. Xoʻpmi... Aytmoqchi, sizlarning xotinlaring ham boradi-ya?.. Ha-a, ha, ularning ham esi bor. Kechga qolmanglar, togʻ sovuq boʻladi, kelinjon, tayinlang bularga. Bular hazil-hazil bilan qop ketaveradiyam. Xoʻpmi? Men kechqurun popukli palov pishirib turaman. Villis-a moshinalaring?

Nodir ham, Imom ham piqillab kulishdi.
— Ana, duolarimniyam mazax qilyapti bular... Xoʻp, omin! — deb fotiha tortdi Ruxsat opa.

Tor koʻchadan chiqaverishdagi mahalla bolalari toʻp oʻynaydigan yerda artel raisining «villisi» orqasini oʻgirib turar, shoferi — Nodirning jiyani kir doka latta bilan uning yonverini artar edi.

Ruxsat opa koʻzlarini moʻltiratib, allanimalarni oʻylab turdi-da, Joʻrani turtdi.
— Ulay men, bu yoqqa qara, — deb uning orqasiga oʻtdi. Joʻra ham gir aylandi. Onaning salqiz yuzlari ayanchli jilmaydi, qisiq koʻzlari javdiradi, — Bolajon, men ham sizlar bilan borsam, nima qiladi?
— Mayli, mayli! Xoʻp! — dedi Joʻra, — mashinaga sigʻishamiz. — U mashinaga qarab, unga oʻzlari zoʻrgʻa: sigʻishlari mumkinligini angladi. — Enajon, sigʻmay qolasizmi deyman?

Ona mashinaga yeb qoʻygudek tikildi.
— Qaydam, bolam...

Joʻra onasini mashinada tiqilib oʻtirgandek tasavvur qildi: ular ochilib gaplasholmasliklari mumkin...
— Enajon, siz qoling, nima qilasiz yoshlar orasida? — dedi endi. — Bugun yakshanba, uyda joningizni chaqirib dam oling. Biz kechqurun kelamiz, maza qilib palovni uramiz, a?

Ona hadiksirab, moʻltirab:
— Mayli, bolam, mayli... shunchaki aytdim-da, jonim! — dedi, endi bolasi, onamni op ketolmadim, xafa boʻldilar, deb achinishini gumon qilib jilmaydi. — Meni oʻylama, bolam.

Mashina ketdi, Ruxsat opa xoʻshlashib, yana nasihat qilib qoldi, xomush uyga qaytdi. U oʻzicha gʻamgin kulimsirab, boshini sarak-sarak qilar edi...

Har yili shu ahvol takrorlanadi: Joʻra bola-chaqasi bilan qishloqqa kelgan vaqtda togʻning xushhavo joylariga oʻrtoqlari bilan sayrga chiqadi. Ona ularni kuzatganda, oʻzining ham borish isgini bildiradi. Joʻra oldin rozi boʻladi, soʻng onaning bormasligi uchun bironta sabab topiladi.

Ruxsat opa hovuz boʻyiga kelib, bedapoyada qurigan yoʻngʻichqalarni oʻroq bilan surib, bogʻ qilayotgan Habibni koʻrdi. Ona chorpoya suyanchigʻiga suyanib, uni loqayd kuzatdi... Oʻzining yoshligi: komsomol tashkilotlarini mustahkamlash uchun togʻ qishloqlarida otliq yurganlari, quloqlarni tugatishda faol qatnashganlarini esladi. Urush yilidagi voqealar — bolalar uyi direktori boʻlgani holda novvoyga kalava berib, non olganlari yodiga tushdi... Yana Habibga qaradi.

Joʻralarning safarga ketganini esladi va yengil xoʻrsinib: «Shunisigayam shukur, shu kunlarga yetkazganiga shukur... Shular oʻynasin, shular kulsin. Axir: mening umrim ham shularni deb oʻtdi-da, deya gʻururlanib chorpoyadan tushdi.

Ona tevarakka bir nafas magʻrur qarab turdi, soʻng choyi sovugan choynakni olib, Habib tomon ketdi.

1971