OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiShudring tushgan bedazor (ikki injiq haqida hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm54KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shudring tushgan bedazor (ikki injiq haqida hikoya)
Shukur Xolmirzayev

«Men yomon odam boʻlsam kerag-u, buni oʻzim bilmasam kerak...» Keyingi vaqtda Ikromjonning yaxshi koʻrib aytadigan gapi shu boʻlib qoldi. Shu gapni aytsa, koʻngli allaqandy tasalli topar, turmushdagi koʻp mayda-chuydalarga munosabati oʻzgalarnikidan harchand farq qilmasin, «men shunaqa ekanman-da», deganday koʻngli joyiga tushib, ortiq ezilmas edi.

Lekin ayoli Tursunoyga munosabatda... bu hikmatli soʻzning ham «qoʻli kaltaklik» qilib qolardi.

Qanday chiroyli, beozor damlari oʻtib ketdi! Tursunoyni ilk marta qaerda, qaysi koʻcha, qaysi bogʻda koʻrgani esida yoʻq, biroq shu toʻgʻrida oʻylasa, koʻz oldida ajib bir yoʻngʻichqazor namoyon boʻladi. Shudring koʻtarilmagan namxush yoʻngʻichqazor. Naq odamning be-liga uradi. Ba’zi yoʻngʻichqalar och-pushti boʻlib gullay boshlagan. Oʻshandoq joylari ayniqsa baland va gʻovlab ketgan. Past oʻsgan joylari ham bir ajoyib! Unda toʻq binafsharang chuchmomalar boʻy choʻzib turadi. Bogʻ chuchmomalari oʻzi aslida baland oʻsadi. Poyalari sip-silliq va oq. Juda goʻzal-e! Anavi gʻovlab ketgan joylarda ham shunga oʻxshash gullar bor. Aniqrogʻi, ular gul emas, bogʻpiyozning boshlari. Tus piyoladek keladi. Toʻq-qizil yo jigarrang. Badboʻyligini aytmasa, ular ham goʻzal!

Ha, Tursunoy bilan ilk uchrashgan damlarini xotirlamoqchi boʻlsa, xuddi shu manzara koʻz oldiga keladi Ikromjonning. Nechuk, a? Bilmaydi. Balki bu manzarani oʻzlarining chorbogʻida koʻrgandir? Ha, oʻsha yerda koʻrgan. Shunisi qiziqki, bu manzaraning Tursunoy bilan sira aloqasi yoʻq. Aloqasi boʻlsa, hayotning biron burchagida sumbatini koʻrsatar edi-ku!

Yoʻq, gap shundaki, Tursunoy uning eng aziz xotiralari, quvnoq oʻtgan damlari, orzuli va armonli chogʻlari bilan qoʻshilib, omuxta boʻlib ketgan.

Balki Tursunoyni u ilgaritdan koʻrib va allaqachon sezib yurgandir-u, nuqul oʻshandoq toʻlgʻoqli damlarida eslagandir? Balki oʻsha yoʻngʻichqazor jiyagida turib, uning shu yerda jamol koʻrsatishini istagan yo uni shu yerda, deb tasavvur qilgandir?

Kim bilsin odam yuragini!

Turmushning oʻz izmi bor... Bu izm Ikromjonni Tursunoy bilan tutashtirdi. Tursunoylarning dangʻillama hovlisiga Ikromjonning yolgʻiz onasi qiz soʻrab bordi. Qizning otasi «farzandi»ga havola qilganini aytdi. Farzand bilan ichki xonada gaplashib chiqqan Ulugʻoy opa tabassum qilib, Ikromjonning onasi qoshiga keldi.

Tursunoylar Qassob guzaridan, otasi chalasavod, lekin toparmon edi. Onasi xat tanimas, lekin turmushning koʻp sir-asroriga aqli yetadigan, mulohazali ayol. Tursunoy — yolgʻiz qiz. Uchta sherday akasi bor. Savdo sohasida ishlashadi.

Toʻyning xarajatini asosan qiz taraf koʻtardi.

Hozir yashab turganlari kichkina bogʻchani olishda ham oʻshalar bosh boʻldi. Ikromjon toʻqqiz oy deganda qarzdan uzildi. Onasining togʻdagi Berdi choʻponga berib qoʻygan olti bosh qoʻyi ham shu yoʻlda ketdi. Ikromjon goʻdakligida rahmatli otasi ariq boʻyiga niyat qilib ekkan oʻttiz tup terak kesilib, eski hovlining imoratlarini yangilashga ishlatildi. Turmushlari izga tushdi.

Ular hech narsadan nolimasa ham boʻladi. Kunlari el qatori oʻtib turibdi. Oilalarida ba’zan shunday inoqlik, mehr-muhabbat paydo boʻladiki, olti yillik er-xotinni kecha topishgan Tohir-Zuhra deysiz.

Lekin, ba’zan...

Ikromjon shunday «ba’zan» paytlarda shirin oʻtgan damlari, Tursunoy bilan kabutarlar kabi gʻudillashib gaplashganlari, piqir-piqir kulishganlari va shirin-shirin xayol surib yotganlarini eslash bilan koʻngliga taskin beradi.

Oʻshandoq damlar!
— Yoʻq-yoʻq, men sizni hech qachon sevgan emasman! — deydi Tursunoy. — Oʻzingiz shilqimlik qilib oldingiz meni... Uyoqqa oʻtsam ham — tikilasiz, buyoqqa oʻtsam ham — tikilasiz! Koʻzingiz bilan yeb qoʻydingiz-ku?.. Nima? Koshki jimgina tikilib yurgan boʻlsangiz? Volibol maydonchasida Toʻraqulni urgan kim? Toning-a!.. Bekor gap. Men uchun urdingiz. «Oʻyna», deb oʻzi chiqib turdi, bechora. Aybi shu. Siz boʻlsa, kelgan toʻpni setkadan oshirmay, uni «tushit» qilasiz!
— Hadeb bechora deyavermang. Rahmingiz kelyapti chogʻi, — toʻngʻillaydi Ikromjon.
— Rahmim kelsa, nima qilasiz?
— Obbo! Keling, yaxshi-yaxshi gaplardan gaplashaylik... Kecha lesxozda qorovulni haydashdi!
— Yana lesxoz!
— Yoʻ, oʻzi qallob ekan-da, soqoling toʻkilgur! Quyonchilik fermasi tashkil etganmiz-ku. Shundan oʻn bitta quyonni yoʻq qilgan ekan. Oʻzimiz ham soni kamayib ketayotganini sezar edik. Lekin, oʻlgur chol, «er ostiga in qazib kirib ketgan, chiqqanida kelinglar, shu soqolim bilan yolgʻon gapiramanmi», der edi. Direktor qatiq ichgani kapasiga kirib qopti. Burchakdan kadini tortsa, orqasida bir boʻxcha bormish. Yaxshiyamki, chetidan birterining siyrogʻi chiqib turgan ekan. Ochib qarapti. Oʻn bitta teri! Oʻzimizning quyonlarning terisi... Haydab yubordi.

Ikromjon qishloq xoʻjalik texnikumini bitirgan, oʻrmon xoʻjaligida yordamchi injener boʻlib ishlaydi. Ishi yomonmas. Vazifasini vijdonan ado etadi. Bitta qusuri — maoshi kam. Qishloq xoʻjaligi sohasida ishlayotgan yordamchi agronomlarnikidan ancha kam. Yuz soʻmning nari-berisida. Lekin tabiat muhofazasi, oʻrmon xoʻjaliklari toʻgʻrisida koʻp yaxshi qarorlar chikdi. Shoyad ularning maoshi ham oshib qolsa. Umuman, oʻrmon xoʻjaligining ishchilari kam maosh oladi. Qurilishda ishlaydiganlarnikidan ikki-uch baravar oz. Shuning uchun oʻrmon xoʻjaligida ishchi «chidamaydi». Burnidan oshiq gap boʻlsa, qurilishga ketib qoladi. Gʻisht terib, tsement qorib ham oyiga uch yuz soʻm topadi.

Ikromjon esa... bu yerdan ketishni akdiga sigʻdirolmaydi. Unga oʻrtoqlari bir necha marta: «Sovxozga oʻt, ishlab chiqarishning boshida boʻlasan. Uyingga bir qop piyoz, bir qop kartoshka bepul kelsayam harna-da», deyishdi. Ikromjon qizarib ketib: «Rahmat. Meni oʻzimga qoʻyinglar», — dedi.

U qaerdadir eshitgani shu hikmatni mahkam ushlagan: «Kishi ovqat yeyish uchun yashamaydi, yashash uchun ovqat yeydi».

Ikromjonni bu fikridan qaytarish ham mushkul.

Er-xotinning suhbati davom etadi.
— Tursunoy, Galaqoʻtonda zira pishipti!
— Zira pishipti... Pishipti demay, shu topilmagurdan bir kilo-yarim kilo olib keling! Zigʻirchasini yigirma tiyinga olaman bozordan!
— Yoʻq, yarim kilo demang-u, yuz gramm-ellik gramm... Shoshmang! Kelasi bozor chiqsak-chi, oʻsha yoqqa? Ana, eshak bor! Minasiz! Men yoningizda piyoda... A? Xoʻp deng!
— Uf, siz haliyam yosh bolasiz! Men eshak minib yurar emishman! Gaplarini qarang!
— Ha, minmaganmisiz?
— Mingan boʻlsam, vaqtida mingandirman.
— Bilasizmi, nima...
— Bilmayman!

Lekin Ikromjon shunday damlarda, ya’ni shu suh-batlardan keyin xotini koʻnglidan kechgan oʻylarni bilar, his qilar edi. Har gal Tursunoy Ikromjonning shu kabi har gapiga ters javob bersa-da, keyin xayol-chan boʻlib qolar, ne bir intilish bilan goho uning pinjiga tiqilar va oralarida oʻsha suhbatlarning tamom aksi boʻlar edi.

Endi Tursunoy qizchaligida oʻrtancha akasi bilan pilla qurtiga deb mingbosh oʻrgani chiqqanlarini eslar, allakimning nortuyasi quturgani, ogʻzidan oppoq koʻpikli xalta quldirab tushgani, soʻng uni yana qanday qilib liq-liq yutganini xotirlab kular edi... Soʻng turmush qurganlarining ikkinchi yilimidi, Ikromjon uni eshakka mingashtirib toqqa, Berdi choʻponning ovuliga olib borganini erinmay qaytadan hikoya qilar, oʻshanda yegan qurutlarini yana tatib koʻrayotgandek tamshanar va oqibat orada inoqlik qaror topar edi.
— Adasi, sizni... Siz sal kech qolsangiz, oʻzimni qoʻyishga joy topolmay qolaman, ishoning! Erkalik qilaman-da! Ayol kishiga yoqadi bu! — Yana davom etardi: — Onangizga xoʻp deganimni bilmay qolganman... Qiziq! Sizni qachon yaxshi koʻrganman, bilsam xudo ursin! Ishoning... Menga sizning zirangiz ham, katta maosh olishingiz ham kerak emas! Ishoning...

Tursunoy shu gaplarni aytar ekan, Ikromjon uning soʻzlariga shak-shubhasiz ishonar, illo ishonmaslikka zarra asosi yoʻq edi.

Agar Tursunoy Ikromjonni sevmaganida, agar oʻziga toʻq, beli baquvvat oilada esini tanigan qiz turmushning mana shu jihatlariga qiziqqan boʻlganida yolgʻiz onasi bilan bir nav kun koʻradigan yigitga daf’atan «xoʻp» dermidi!

Tursunoy ham Ikromjonni undan kam sevmas edi!

Darhaqiqat, ba’zida ular, ayniqsa oʻsha — xotiraga aylanib borayotgan vaqtlarni eslaganda bamisoli endi topishgan Tohir-Zuhra edilar.

Keyinchalik... Tursunoydagi qaysarlik, choʻrtkesarlik kuchaygandan-kuchayib bordi. Ikromjon esa unga sari past tushar, ezilar, oʻylarga choʻmar edi.

Nihoyat, oilada boʻladigan tanqischilik ham oʻrtaga tushadigan boʻp qoldi. Tursunoy oʻshanda «tuzukroq yigitga chiqmaganini» bir-ikki marta armon bilan aytdi. Ikromjon tamom boʻldi...

Lekin, ajabo, ba’zida Tursunoy tagʻin oʻzligiga — oʻsha Tursunoyga aylanar, shunda Ikromjon xursand boʻlib ketar, oradan hech narsa oʻtmagandek bir vaziyat vujudga kelar edi.

Lekin bu vaziyat vaqtinchalik esgan koʻklam shamoliga oʻxshar edi. Ketidan qish zahrini olib izgʻirin, goho olamni ostin-ustun qilgulik dovul qoʻzgʻalar edi.

Ikromjon xotinidan yurak oldirib qoldi... Ammo u shu xilda qolavermadi. Erkak odam bunday paytlarda oʻz hamjinslariga intilib, ulardan tasalli topgisi kelar edi. Hasratini faqat «oʻz qavmi»ga aytar ekan. Suhbatni tinglaydigandayam tinglaydigan bor. Bir gal ishdan qaytayotib yuragi oʻz-oʻzidan gup-gup ura boshladi. Oʻrmon xoʻjaligi yoʻlagida yam-yashil boʻlib turgan qaragʻaylardan uchtasi qurib qolgan ekan. Buxgalterning xotini toʻkkan magʻzava shu qaragʻaylar ostiga singar ekan. Shuning mashmashasi bilan kech chiqqan edi... Somsaxona oldidan oʻtayotib sinfdosh oʻrtoqlaridan Shodi choʻtirni qoʻrib qoldi. U shofyor, shaharda yashar edi. Ikromjon toʻxtadi. Shodi turib, yoʻl boʻyiga chikdi. Ular quchoqlashib koʻrishishdi. Soʻng Shodi uning qoʻltigʻidan olib, oʻtirgan stoli yoniga boshladi. Ikromjon, «besh minutdan keyin turaman!» deb, oʻtirdi... Besh minut oʻn minutga choʻzildi.

Ikromjon ichmasdi emas, ichib turar edi. Lekin: «Uyga vaqtli borish kerak... Tursunoy kutib qolmasin? Ertaga ish... Koʻzim qizarib borsam odamlarga qanday qarayman?» — deb me’yorida ichardi.

Shu kuni nima jin urdi uni, qancha oʻtirganini ham bilmay qoldi, qancha ichganini ham, oʻrnidan tursa, dovdirab ketyapti.

«Boʻldi! Baloga qoldim!» — deya kalovlanib yoʻlga tushdi. Yoʻlni qisqa qilish uchun jinkoʻchaga kirdi. Koʻcha oʻnqir-choʻnqir, koʻp joylariga suv toshgan ekan. Tiygʻanib yiqildi. Ust-boshi shalabbo boʻldi... Keyin devorga suyanib, yoʻdla davom etdi. Paxsadevorga tirsagi va biqini suykalib borar edi.
— Voy, nima boʻldi? Kim urdi? — Ayvonga chiqqan Tursunoy qoʻqqisdan yigʻlagudek boʻlib, pastga tushdi. — Voy, shoʻrim! Endi nima qilaman? Hoy, bolalar, buyoqqa chiqinglar!.. — Tursunoy erining yoqasidan ushlab yuziga tikildi-yu, burni jiyrilib, afti burishib, birdan tislandi. — Mast! — dedi yigʻlamsirab. — Piyonista boʻpti! Shunisi kam edi... Voy-do-od, qaerga boray? — U yana otilib erining oldiga bordi. — Pulni qaerdan topding? — U senladi va senlab davom qildi: — Ayt deyapman!.. Hali oʻzingni oppoq qilib koʻrsatarsan, hali davlatning odamiman, deysan! Qaerdan topding pulni?
— Ichirishdi, — dedi Ikromjon. — Kechir...
— Xoʻp, kechiraman! Hozir kechiraman! Tursunoy bolalarni nari-beriga surib, dahlizga kirdi.
— Allo! Allo! — degan tovush eshitildi. — Melisani ol! Melisadaqa melisa-da!

Tursunoydagi oʻzgarishlarning boisi nimada? Nahotki, mol-pulga xuruj qoʻyish yoxud uy-joyim birovlarnikidan kam boʻlmasin deb, yoxud vaqtida toparmonroq yigitga tegmaganidan afsuslanish uning oʻzgarishiga sabab boʻlsa?

U qizligida oʻziga yarasha erka edi. Bundan tashqari, eriga erkalik qilish, unga qandaydir azob berish ham unga yoqardi: buni oʻz ogʻzi bilan ham aytardi.

Balki uning tobora badjahl va shafqatsiz boʻlib borayotganiga shu hol sababdir?

Bir narsa deyish qiyin.

Balki bularning hammasi qoʻshilgandir?

Ammo... Tursunoy erini hamon sevadi! Oʻsha gʻalati «koʻz boylagʻich» sevgisi bilan sevadi! Biroq yillar — yosh ham oʻz ta’sirini oʻtkazganmi, endi uning qoshida koʻp ham yoqimli xayollarga tolavermaydi. Ikromjonning qalbiga malham boʻlgʻusi aziz xotiralarni hikoya qilmaydi.

Hikoya qilmaydi?.. Ichida hikoya qiladi.

Oradan yarim soat vaqt oʻtar-oʻtmas Ikromjonning maktabdoshi, oʻz mahallalarida uchastkavoy, girdigʻum, baquvvat Qayum kirib keldi. Gʻoʻdayib va yoʻtalib, atrofga qaradi. Pastga tushgan Tursunoy yum-yum yigʻlab, hasrat qildi:
— Bunday odati yoʻq edi... Buni yoʻldan qaytaringlar, jon aka! Piyonista boʻp qolsa nima qilaman? Elu yurt, otam, akalarim yuziga qanday qarayman... Oʻzing pishirgan osh, deyishmaydimi ular? Shoʻrginam qursin!.. Jon aka, qoʻrqib ketyapman. Mastlarning kimligi oʻzingizga ma’lum-ku!..

Ikromjon ayvon pastidagi supada gʻujanak boʻlib yotar, bularning gap-soʻzlari zoʻrgʻa qulogʻiga kirar, ammo boshini koʻtaray desa, yeru osmon aylanar, gapiray desa, tili aylanmas edi.

Shu asnoda bir-ikki marta oʻrnidan irgʻib turgisi, nimadir kutilmagan ishlar qilgisi kelib ketdi.
— Tur oʻrningdan, Ikrom!
— Olib ketasizmi? — Tursunoy kutilmaganda qoʻrqib soʻradi. — Qamaysizmi?
— Hechqisi yoʻq, — Tursunoyga koʻzini qisdk Qayum uchastkavoy. — Bir kecha yotsa, esi joyiga tushadi... Xavotir olmang, kelin! Bu kecha oʻzim navbatchiman!

U Ikromjonni suyab turgʻazib, qoʻltigʻiga kirdi. Soʻng lipillatib koʻtarib ketdi. Yoʻlakning yarmisiga yetganda Tursunoy halloslab yetib bordi.
— Jon aka, shu yerda bir-ikki ogʻiz gapirib qoʻya qoling.
— Kelin! — Tursunoyga joʻrttaga jahli chiqqandek ma’noli tikildi u. — Menga ishonmaysizmi?

...Tursunoy shu kecha yigʻlab-yigʻlab yotdi. Melisa chaqirgani uchun oʻzini qargʻadi. «Vahimachi boʻlmay oʻlay, erkak odam ichadi-da! — dedi. — Bu gap birovlarning qulogʻiga yetsa, nima degan odam boʻlaman! Erini qamatgan... Koshki meni urgan boʻlsa! Beozorgina, «kechir» dedi... Boyoqish... Shunday mayin, moʻmingina... Mening xarxashalarimga chidab kelyapti. Ikki dunyoda bunday erkak topilmaydi... Oʻzim aybdorman... Uydagi sirni koʻchaga chiqargan xotin xotinmi?»

Shundan keyin u oʻpkasini bosib oldi... Keyin shirin xayollarga toldi. Nima uchundir daf’atan yodiga Ikromjonning eng dilkash oʻtirishlarda hikoya qiladigan manzarasi tushdi. «Yoʻngʻichqazor... Shudringi koʻtarilmagan...»

Ikromjon shu toʻgʻrida koʻp gapirgan, Tursunoy koʻp marta eshitgan, biroq u manzara oʻzidan uzoqligi uchunmi, eslayolmas edi. Hozir oʻshani eslaganidan anchagacha hayron boʻlib, nihoyat, koʻzini yumdi.

Ikromjon... ertasi ishdan vaqtida chiqib, uyga keldi. Tursunoy uning siniqqan rang, botiq koʻzlariga razm solib, undan gap kutdi: «Hozir kechirim soʻraydi... Hamma gapni aytib beradi!» Lekin Ikromjon unga qay til bilan gap qotsin?

U hatto xotinining yuziga boqishga ham botinolmas edi. Yuragi dir-dir titrar, nojoʻya qadam tashlab yubormaslik uchun oʻta hushyor, ayni chogʻda Tursunoyga koʻzi tushsa, u bobillab beradigandek edi.

Yoʻq, yaxshisi, jim boʻlgani tuzuk.

Jim, jim, jim... Balki Tursunoy Ikromning «jim»ligini ichdan azob chekishga yoʻyar?

Axir, koʻrib turibdi-ku?!

Ammo-lekin oʻzi ahmoqlik qildi!

Sharmandali ish boʻldi!

Tursunoy... undan gap, uzr kuta-kuta toqati toq boʻlib ketdi. Ikrom kostyumini yechib, eski shimini kiyib chiqib, oshxonaga kirib ketar ekan, Tursunoy baqirib qoldi:
— Hoʻ, ichadigan yigit! Endi qadamingizni bilib bosing! Xoʻpmi?.. Men oʻzimni oyoq osti qildirib qoʻymayman! Mana shu uyga oʻt qoʻyaman-u, ikki bolamni olib otamnikiga ketaman... Ular meni boshiga koʻtarishadi... Yolgʻiz qizlariman! Kunim oʻtadi. Bu yerdagidek... oʻtmasa, bundan yomonroq boʻlib oʻtar, axir!

Ikromjon boshini ushladi. «Dod!» deb yuborishiga oz qoldi.
— Xoʻp, — dedi asta burilib. — Ayb menda, Tursunoy.
— Albatta!
— Meni avf eting.
— Mayli... Ikki bola hurmati, bu gal kechirdim... Lekin yana shunday boʻlib kelsangiz, mendan oʻpkalamang! Naq oʻn besh sutka berdiraman... Sharmandangiz chiqadi! Ishxonangizga yozishadi... Obroʻyingiz bir pul boʻladi!

Ikromjon bosh irgʻadi.

«Tursunoy haq... Ayb menda, — dedi nimqorongʻi oʻtinxonaga kirib. — Men uning qadriga yetmayapman... Uni kaftimda koʻtarib yursam arziydi... Axir, u meni oʻylab shu gaplarni aytyapti!»

Tursunoy esa, uyga qaytib kirib, ichida biram xursand boʻldi... Keyin Ikromjonning munislik bilan: «meni avf eting», deganini oʻylab, tomogʻi boʻgʻildi. Yigʻlab yubormaslik uchun lablarini tishladi.

Soʻng... labida ogʻriq sezib, buning uchun ham Ikromjonni ichida aybdor sanadi...

Haftalar, oylar oʻtdi... Turmush yana eski iziga tushdi. Ba’zan inoqlik, mehr-muhabbat, shirin suhbat... Ba’zan telba-teskari gaplar, xafagarchilik.

Lekin endi Tursunoyning shevasiga Ikromjon uchun yana bir asos qoʻshilgan edi: ichib kelgani!

Ikromjon — hamon oʻsha Ikromjon. Biroq endi unda ancha asabiyat paydo boʻlgan, garchi Tursunoyning oldida oʻzini tutib tura olsa-da, ishxonasida goho boʻlar-boʻlmasga jahli chiqib ketadi. Direktorga ham ters gapirib yuboradi. Uchastka boshliqlari bilan qoʻpol gaplashadi. Yuragi goho shunday bir toʻliqish sezadiki, nimalarnidir urib-yanchib tashlagisi, qayoqlargadir, olis-olis togʻ oralariga chopa-chopa qochib ketgisi keladi. Shunday paytlarda alamini ishdan oladi. Oʻziga ajratilgan oriq boʻz otni minib, togʻdagi bodomzor, yongʻoqzor yoxud na’matak maydonlarini koʻrgani chiqib ketadi.

Goho haftalab togʻda qolib ketadi. Soʻng Tursunoyga intiq-intizor boʻlib, uni uzoq yolgʻiz qoldirib ketgani uchun oʻzini soʻkib, xotinidan ming-ming uzr soʻrashga shaylanib, qaytib keladi.

Tursunoy ayvonga chiqadi... Ichida erini sogʻingan! Uni sogʻ-omon koʻrib, boshi osmonga yetadi. Tunlar koʻrgan yomon tushlarini unutadi. «Oʻzingga shukur!» — deydi. Ammo tilida:
— Ha, muncha qopketdingiz? Bittasini topdingizmi deyman? Togʻ qizlari chiroyli boʻladi deb eshitaman... Yashang! Bolalaringiz ham esingizga kelmaydi-ya! Qoyilman... Xoʻp erkak chikdingiz-a, umringiz uzoq boʻlsin!

Ikromjonning tarvuzi qoʻltigʻidan tushadi. Uning hamma gaplarini asosli deb tan oladi ichida. Va ortiq javramasin uchun gapni qisqa qiladi:
— Uzr endi... Shunday boʻp qoldi, Tursunoy.
— Xoʻp yaxshi gapni oʻrganib olgansiz-a?

Ikromjon munislik bilan bosh irgʻaydi.

Soʻng... soʻng ular orasida yana inoqlik...

Oʻrmon xoʻjaligi xodimlari ham May bayrami namoyishiga chiqishga qaror qilishdi. Ikromjon ishlamasdan burun ham ular namoyishga chiqishgan, biroq shunchaki oʻzlari... goʻyo safni toʻldirish, raykom, ijroqoʻm rahbarlariga koʻrinish berish uchun yoki shunchaki vaqtichogʻlik uchun... Bu gal oʻzlarining mahsulotlari bilan chiqishga kelishishdi. Ya’ni tagi bilan qoʻporib olingan bir tup archani kuzovining qanotlari tushirilgan mashinaga oʻtqazib qoʻyiladi. Uning yonida tagʻin na’matak nihollari va turli koʻchatlar ham boʻladi. Mashina kabinasi ayni oʻrmon xoʻjaligida yetishgan atirgullar bilan bezatiladi... Bu toʻgʻrida raykomning tashviqot-targʻibot boʻlimi mudiri oʻrtoq Oqboevga xabar berilgan edi, u kishi juda ma’qulladi, hatto tabrikladi.

Ikromjon Tursunoyga: «Boramanu kelaman! Keyin birga chiqamiz», deb saharlab oʻrmon xoʻjaligiga joʻnadi. Xoʻjalikning idorasi, jumladan, bogʻi ham rayonning chetida. Ikromjon yetib borguncha yarim soatcha vaqt ketdi. Qarasa, mashinaga ortilayotgan archa — togʻ archasi! Paqqos kesib kelingan... Bir hisobda togʻ archasini ildizi bilan qoʻporib olish ham oʻzi mumkin emas, ildizi chuqur ketadi va oʻzga archalar tomiriga tutash boʻladi. Umuman, togʻ archalarining deyarli hammasining ildizi bir desa boʻladi.

Ikrom lov etib olov oldi. Direktorni topib:
— Sizning farmoyishingizmi bu? — dedi. — Ana, bogʻda qancha archa bor!.. Buni nima qilamiz namoyishdan keyin? Oʻtin qilib yoqamizmi? Bultur yangi yilga deb bogʻchaning odamlari soʻroqsiz archa kesgani uchun oʻzingiz nima gaplar qilib edingiz? Hayf-e! Ana, oʻrisi archadan olsak, qaytib keltirib tagʻin oʻtqazib qoʻyardik!..

Direktor Boboqulov unga doʻng peshanasi tagidan vazmin qarab turardi.
— Xoʻp. Shunga shunchami! — dedi. — Qoraboy aka bizga yaxshilik qilaman deb shu archani kesipti.
— Xushomadga deng!
— Juda jizzaki boʻp boryapsiz, ukam... Erkak odam ogʻir boʻladi rasmi.
— E, men ogʻir boʻlmadim.
— Xoʻp, shunday ulugʻayam kunda... a? Bechora kesgan ekan. Kechasi bilan yoʻl yurib, hali yetkazib keldi... Qoʻying, inim, keyin gaplashamiz.

Ikromjon, darhaqiqat, shunday shodiyona kunda bunday qizishgani, ha demasa, birovlarning dilini qora qilishi mumkinligi, demak, jilla boʻlsa-da, nohaqligini sezib turardi-yu, lekin oʻzini bosolmasdi. Toʻngʻillay-toʻngʻillay chikdi. Keyin yogʻoch quti toptirib, archani oʻtqazdirdi. Kishi bilmaydigan qilib, atrofiga tuproq uydirdi. Bu ish tagʻin oʻziga yoqmay, oʻzini koʻzboʻyamachi kabi his etib, namoyishga xotini bilan yetib borishini aytib, yoʻlga tushdi. Kelguncha yana vaqt oʻtdi. Kelsa... darvoza qulflogʻ!

«E, bor-e!» — deb koʻchaga chiqib ketdi. Odam gavjum. Ikromjonning hovri bosildi. Keyin xotin-qizlar orasiga koʻz solib, Tursunoyni izlay boshladi. Topolmadi. Bu orada kolonnaga oʻrmon xoʻjalik xodimlari ham dovdaskagi bilan kelib qoʻshildi. Ikromjon ular safida katta koʻcha boʻylab Poygashboshi adiriga yoʻl oldi.

Tumonat odam!.. Osmon tiniq. Salqin. Oyoq ostida baxmaldek ajriq.

Bu yerdayam qaysi joyda ayollar toʻp boʻlsa, Ikrom-jon ularga koʻz solib yurdi.

Tursunoy... U ham shu yerda edi. Uch-toʻrt marta Ik-romjonga koʻrinarli joyga chikdi. Baxtga qarshi, Ikromjon uni koʻrmadi. Soʻng Tursunoy unga razm solib, erining nuqul ayollarga tikilayotganini payqadi. Beixtiyor u oʻzini izlayotganini bildi. Bildi-yu, zardasi qaynab ketdi. «Kim biladi erkak zotining koʻnglini!»

Ikromjon namoyishdan keyin horib va tagʻin Tursunoy bilan uchrashganda undan gap eshitishni kutib, uyiga bordi. Haqiqatan ham Tursunoy tishini qayrab turgan edi.

Oldi erini! Oldi!

Ikromjon:
— Boʻldi. Boʻldi-i-i! — deb koʻchaga chiqib ketdi.

Toʻgʻri restoranga kirib bordi... Kimlar yoʻq bu kunda restoranda? Kimlar ulfatga ilhaq emas? Ikromjonni yoniga taklif etmaydigan yigit bormi?

«Bayram! May! Bugun hamma narsa kechirarli!.. Oʻyna, kul! Shu bugun xomush boʻlma! Gʻamni yigʻishtir! Oʻylama hech narsani... Olamning ishlari qachon bitib edi-ki!..»

Ichib oʻrganmagan odam koʻp ichmasin ekan.

Ikromjon... darvozaga suyanganini va «yomon boʻldi!» deganini biladi. Soʻng qandaydir sayoq itni siladi chogʻi. Soʻng koʻziga ayvon shiftida osilib turgan lampochka koʻrindi... Esida... Tursunoy nimalardir dedi...

Boshqa hech narsani eslolmaydi! Oʻb-boʻ, yomon boʻldi-ku! Kimlarni soʻkdi? Kimni xafa qildi? Tursunoyni yana... Voy-voy!.. Ayb oʻzida! Kecha nega hovlidan chiqib ketdi? Nega Tursunoyga oʻtgan gap-soʻzlarni yotigʻi bilan tushuntirmadi-ya? Boʻlardi-ku! Ioʻq, oʻrmon xoʻjaligida... direktorning kabinetida telefon bor edi-ku, uyiga telefon qilsa, olam guliston edi.

Ulugʻ ayyom kunida-ya!..

Ikromjon qop-qorongʻi kamerada turib oʻtirib, shu tarzda oʻylar, bir yoqdan boshi zirqirab ogʻrir, oʻyu bosh ogʻriqqa chidolmay, oʻzini osib qoʻyish darajasida edi.

Shunda qattiq chanqaganini sezdi. Suv! Suv qani? Nega suv yoʻq? E! Ikromjon melisaxonada-ku? Qamoqda-ku?!. Kim uni olib keldi? Qayummi?

«E, Ikrom, odam boʻlmading-boʻlmading-da!.. Senga ish ham hayf, xotin ham!

Bolalaring... Ana, bolam bor demaysan! Qaysi kuni Tursunoy rost aytdi: «Bolangiz ham esingizga kelmaydi!» deb... Sen ota nomiga isnod keltirasan!»

Ikromjon turib, paypaslab eshikni topdi. Shunda badaniga sovuq, zax oʻtib ketganini sezdi. Endi birdan tishi takillab, eshikni qoqa boshladi.

Birpasdan keyin naq eshik ortida divan gʻijirladi. Birov tomoq qirdi. Soʻng eshikka kalit solindi. Eshik ochildi.

Qayum! Koʻzlari shishib turibdi. Uyam uxlagan ekan.
— E, Ikrom boʻlmay ket! — dedi uchastkavoy toʻngʻillab. — Suvsadingmi?
— Ha. Chiqsam maylimi?
— Chiq. — Qayum kameraga koʻz solib, iziga qaytdi. — Yerda yotibsan. Senga koʻrpacha solib bergan edim... E, qurib ket! Sigʻsa ichgin-da!.. Oʻzing tuppa-tuzuk yigitsan!.. E! Hamrohing qargʻa boʻlsa, yeganing axlat boʻladi...
— Oʻzim ichdim, — dedi Ikromjon.

Xonaning yarmisi to eshikkacha yogʻoch toʻsiq bilan toʻsilgan, uning ortida, stodda lampa yonib turar edi. Oʻsha yoqqa oʻtgan Qayum alyumin krujkada suv keltirib tutdi. Ikromjon yutoqib icha boshladi. Suv muzdek! Lekin ichgan sari ichging kelar edi. Nihoyat, tagʻin suvsab qolsa ichadigandek krujkada qolgan suvni toʻkmay va uni Qayumga qaytarmay, yoʻlakdagi divanni koʻrsatdi.
— Oʻtirsam...
— Oʻtir, oʻtir.

Ikromjonning hamon boshi ogʻrib turar, yuragi-da ola-toʻfon, lekin vujudida gʻalati bir gʻayritabiiy shijoat paydo boʻlgan edi. Bu oʻsha... qayoqqadir bosh olib chiqib ketishga undovchi tuygʻuning yangitdan jumbishi ediki, bunda mazkur damdagi holati, pushmoni, uyati va oʻziga nisbatan gʻazab-nafrati ham bor edi.
— Kecha nima qilib qoʻydim? Qayum aka, ayting!.. Nojoʻya ish qilgan boʻlsam, javob beraman... Xudo haqqi, tayyorman! — Shunda deraza tokchasida turgan telefon jiringladi. Qayum telefonni oldi. Ikromjon toʻngʻillab jimidi. — Ochigʻini aytsangiz...

Qayum kim bilandir uzoq, asabiy gaplashdi. Soʻng qomatini rostlab gimnastyorka koʻylagi tugmalarini oʻtkazdi-da, Ikromjonga bir muddat ensasi qotib tikildi.

Ikromjon... uyaldi! Yer yorilsaki, kirib ketsa! «E, boʻldi, koʻp qarama, Qayum! Undan koʻra belingdagi qayishingni yechib, ur!..»
— Yana shunday boʻlib qoʻlimga tushsang, yoki xotiningni shikoyat qilganini eshitsam, olti oy berdirmagandayam, oʻn besh kun supurtiraman!.. Tur! Joʻna! Hujjatlaring uyingda! Bor, koʻzimga koʻrinma... Sekin chiqib ket, birov bilmasin. E, seni qara-yu... Rangingni koʻr, qusging keladi.

Ikromjon kalovlanib va u yer-bu yerini qoqishga shaylanib, eshik ogʻziga bordi. Tashqariga moʻralab qaradi. Soʻng Qayumga boqdi.
— Rahmat, Qayum aka, — dedi. — Lekin nima qilganimni... a?
— Nima qilganingni xotiningdan soʻra! — Qayum chimirilib, trubkani koʻtardi. Nomer terar ekan, toʻngʻilladi: — Shunday xotinni xafa qilib boʻladimi?.. Seni oʻlgudek yaxshi koʻrar ekan. Oʻrnida boshqa xotin boʻlsa, koʻrarding kuningni... Bor, ketaver endi! — u apparat richagini bosdi. — Boshogʻriq qilaman deb yurma... Piyonistalikning boshi — bosh ogʻriq qilish!
— Rahmat sizga.

Ikromjon koʻchaga chikdi. Jimjit. Hali qushlar ham uygʻonmagan. Yoʻl boʻyidagi daraxtlarning serbutoq shoxlari orasidan lampochkalar xira nur sochadi.

Ikromjonning qadam tovushi olislarga taralib, kimlarnidir bezovta qilayotgandek boʻladi.

Bir payt u koʻchaning qoq oʻrtasida turib qoldi. Hoʻngrab yigʻlab yuborgisi keldi.

«Nega bunday boʻlyapti oʻzi? Sen chindan ham yomonmisan, Ikrom? Oʻzingni vijdonli, halol yigit deb bilasan. Ishingda nuqson yoʻq. Xoʻp, keyingi paytda sal asabiy boʻpsan. Nima qipti shunga?.. Ish-xizmatchilik. Boʻladi-da.

Tursunoy... «Seni oʻlgudek yaxshi koʻrar ekan». Nahot shu gap rost boʻlsa? Nega endi «nahot»? U meni sevmasa tegarmidi? Boshqa zoʻr yigitlar qurib ketganmidi unga?.. Sevadi! Bunga shubha yoʻq... Lekin, nega unaqa?»

«Qanaqa?» Ikromjon bu savolga javob berolmadi-yu: «Ayb oʻzimda... Faqat menda! Qayum aka rost gapni aytdi», — dedi. Soʻng butun-butun ayblari... uchun xotinidan yer oʻpib uzr soʻrashga qasd qilib, ildamlay ketdi.

Ikromjon oʻzlarining koʻchasiga kirganda yana yuragi gupillab ura boshladi. Lekin battar jadalladi. Hovlisida chiroq bormikin? Yoʻq, oʻchirib yotishgan boʻlsa kerak... Darvozani taqillatadimi? Qoʻshnilar eshitadi-ku... Qanday sharmandalik! Qamoqdan chiqib kelyapti-ya? Xayriyat, Qayum maktabdoshi...

«E, hovlida chiroq yoniq-ku? Ayvon chirogʻi yoniq!»
— Rahmat senga, Tursunoy!
— Kiring uyga! Yoting, — dedi ayvonda qaqqayib turgan Tursunoy. — Siz bilan ertaga gaplashaman!
— Meni avf etolsang...

Tursunoy chapdagi eshikdan yotoqqa kirib ketdi. Ikromjon shu yerda yechinmoqchi edi, Tursunoyni tagʻin bezovta qilmaslik uchun asta ayvon chirogʻini oʻchirdi. Soʻng eshikdan kirgan yerda ust-boshini yechib, tufli-sini oyogʻiga ildi-da, bir-bir yurib, supadan tushdi. Oʻtinxona biqinidagi vodoprovod krani yoniga bordi.

Shunda bogʻ adogʻida eshak pishqirdi, tepindi. Arqoni olmaga oʻralib qolgan qoʻzi boʻgʻiq ma’radi.

Ikromjon shosha-pisha vodoprovodni ochib yuvinar ekan, nazarida, mollar ham uni yomon koʻrib qolgandek, undan oʻpkagina qilayotgandek boʻldi. Ich-ichidan ezilib: «Endi araqni ogʻzimga olsam oʻlay!» — deya vodoprovodni bekitdi. Sovukda diydirab ayvonga qaytdi. Dordan sochiqni olib, naridan-beri artindi.

Mehmonxona derazasiga qalin parda tutilgan, shuning uchun hamon tong otmagandek tuyuldimi, Ikromjon ertasiga kun yoyilib ketganda uygʻondi. Keyin, kechagi voqealarni esida qolgani boʻyicha eslab va hali katta janjal oldinda ekanini oʻylab, yuzini yana yostiqqa bosdi: hech kimni koʻrmasa, shu boʻyi nimadir boʻlsa!

«Oh! Qaniydi kechagi kun yoʻq boʻlsa, ha, yoʻq — yoʻq boʻlsa! Kechagi voqealar ham yoʻq boʻlsa-da... Boʻldi. Tur, Ikrom! Qilgʻilikni qildingmi, buyogʻiga ham turib ber endi!»

Ikromjon kiyinib, tashqariga chiqdi. «Oh! Bahor!.. Muncha chiroyli bu bahor! Olmalar qiygʻos gullab qolgan! Asalarilar! Ikromboy, shuncha kundan beri qaerda eding? Olamning goʻzalligi oʻz hovlingda-ku? Yoʻq, anavi uychada... Tursunda! Oʻsha... oʻsha tufayli dunyo koʻzingga goʻzal koʻringan! U bor — goʻzallik bor, bahor bor! Sen baxtli yigitsan!»
— Hoy, koʻp serraymay, buyoqqa kiring! Ikromjon birdan boʻshashib ketdi. «Boshlandi!» — deb oʻyladi va butun vujudiga titroq kirdi... Ha, u qachondir, nimalarnidir urib-yanchishi kerak!

Ikromjon ayvon chetidagi choygumni engashtirib, bet-qoʻlini yuvgan boʻldi-da, ichkariga kirdi. Dasturxon yoziq. Choynak, piyola. Non, oqqand, yogʻ... Xona iliqqina. Bunda tunuka pech bor. Tursunoy bugun ham yoqibdi.

Ikromjon toʻrga oʻtib, pechga yaqin koʻrpachaga choʻk tushdi. Oldidagi piyolani olib, choyidan bir hoʻpladi.
— Qulogʻim senda, — dedi. — Gapir!

Tursunoy jimib, dasturxonga koʻz tikdi... Soʻng birdan hoʻngrab yigʻlab yubordi. Ikromjon qotib qoldi. Oʻrmalab uning yoniga bordi. Yelkasini ikkilanib siladi.
— Tursunoy... Jonim, menga qara... boʻldi endi! Qasam ichaman! Boshqa boʻlmaydi.

Kecha Ikromjon qay ahvolda kelganini oʻzi bilmaydi. Lekin Tursunoy biladi... Shunisi qiziqki, kecha chindan ham uning jahli chikdi. Ikromjonga achinmadi ham. Faqat Qayum bitta sherigi bilan Ikromjonni olib ketayotganida: «Jon aka, birov bilmasin... Uyatga oʻlaman! Oʻziga kelsa nasihat qilib joʻnating!» — deb qoldi, xolos... Lekin, hozir yigʻlab yubordi.

Qiziq, Ikromjon uni silab-siypagani, totli

soʻzlar aytgani sari battar yigʻlagisi kelar, oʻzini toʻxtatolmas edi.
— Tursunoy?..
— Biz ajrashamiz... Men bu turmushga toqat qilolmayman! — Tursunoy irgʻib turib ketdi. — Aftingizni koʻrmayin deyman! Ha-ha. Rost... Men sizni hech qachon sevmaganman... Sizga rahmim kelib tekkanman. Siz!.. Meni oyoqosti qilyapsiz endi... Xotinli boʻldingiz-da! Bolali, uy-joyli boʻldingiz-da, a?

Ikromjon karaxt boʻlib oʻtirar, uning yuragi ham toʻxtab qolgandek edi.
— Rosti bilan-a? — dedi sekin.
— Rost! Rost! — Tursunoy shunday deb burchakka, sandiq qoshiga bordiyu daf’atan hushyor tortib, uning nima qilishini kutdi. Soʻng birdan qoʻrqib ketdi: «Ketib qolsa-ya!.. Oʻzimni oʻldiraman! Men bu ikki ergashma bilan qayoqqa boraman? Otamnikigami?.. Ioʻq, yoʻq... Axir men bu yigit oʻlgurni yaxshi koʻraman-ku? Nega shuni bilmaydi? Nuqul meni xafa qiladi... Menga oʻchakishgani-oʻchakishgan... Miq etmaydi! Ichimdan top!.. Ichishni oʻrgandi... Ichganiyam mayli. Kecha koʻzimning oldida ketib qoldi-ya. Avzoyi buzuq uning!.. Yo bittasini topganmi? Yoʻgʻ-e, oʻldimi? Menga qiliq koʻrsatyapti... Koʻrsatib boʻpsan! Odamingni topibsan-ku!..»

Ikromjon hamon karaxt edi. «Ha-a. Gap buyokda ekan... Rost, menga shafqat qilib tekkan boʻlishi ham mumkin... Mumkin! — deb oʻyladi. — Oʻzi aytdi-ku?.. Bunaqa gap tilidan birinchi chiqishi... E, galvars Ikrom!»

U oʻrnidan turdi. Nima qilishini bilmas, lekin turishi kerak edi. Buni koʻrib, Tursunoy yugurib eshik oldiga bordi. Eshikni toʻsib oldi.
— Qayoqqa?
— Qoch yoʻldan.
— A? Hali menga doʻq qiladigan boʻldingmi? Hoy, kimsan oʻzing? Sizdan soʻrayapman... Dadasi, nimaga oʻzgarib qoldingiz-a? Nima boʻldi sizga? Biron kishi aytyaptimi, a? Rostini ayting... Mayli, unday boʻlsa, men oʻzim uyni boʻshatib chiqib ketaman...
— Qoch deyapman! — Ikromjon ikki qoʻllab boshini ushladi. — Xudo xayringni bersin, ezma meni!
— Men-a?
— Sen...
— Voy tavba! Hali bunday tuhmatingiz ham bormi-di? Astagʻfirullo... Voy, qudratingdan!.. Men aybdor emishman! Men?? — Tursunoyning yuragi tagida sirli bir ovoz: «Bas qil» Boʻldi endi. Oʻzingni bos!» deb tursa-da, battar xuruj qildi: hali Tursunoy aybdor boʻlib qoldimi? Ana! Tuhmat balongdan saqla xudoyim! — Toʻxta! — baqirib yubordi Tursunoy. — Kecha seni... boʻshatib yuboring, deb Abdiqayum akadan iltimos qilganim uchun boʻshatdi! Shuning uchun kelding bir mahalda. Yoʻq! Men endi toqat qilolmayman!.. — Tursunoy eshikni lang ochib chikdi. Yana ortiga burildi. — Hozir dod solaymi? A? Tuhmat qilish qanday boʻlishini koʻrsatib qoʻyaymi? A?.. Hoy, kecha nima ish qilganingiz yodingizdami?

Ikromjonning fikri tiniqlashib, daf’atan unga samimiy nazar bilan boqdi.
— Yoʻq, balki aytib berarsan?
— Aytib beraman... Meni urding! Ha... Guvohim bor! Guvohim — bolalaring!.. Boshimga mushtlading. Tepding!.. Onangni deb soʻkding, tiling kesilsin! — Tursunoy turgan yerida chayqalib ketdi. — Voydod, qaerga boray? Kim eshitadi ohimni!.. Dunyo bedarvoza boʻlib qoldi! Voydod!..

Rangi qum oʻchib, lablari pirpirab qolgan Ikrom-jon bir qadam bosib, ostonada tiz choʻkdi.
— Avf et! — dedi va koʻzidan tirqirab yosh oqib ketdi. — Avf etgin, Tursunoy... Bolalarimiz haqi, meni kechir! Kechirmasang, qamat meni!
— Kerak boʻlsa, qamataman ham!
— Rost... Shunday qil! Oʻzim ham toʻyib ketdim... Uzr, men odam boʻlolmayman chogʻi...
— Hali oʻzingizni odam deb... Astagʻfirullo... Turing oʻrningizdan! Erkakka oʻxshang munday!.. He, mijgov boʻlmay keting!

Ikromjon oʻrnidan irgʻib turdi.
— Nima qilay? — dedi. — Buyur!

Tursunoy burnini tortib, koʻzlarini yumdi. Soʻng eriga, «hozir kelaman», deganday qattiq qarab olib, mehmonxonaga kirib ketdi. Nimyorugʻ xonaga kirgach, tagʻin yigʻlagisi keldi. Endi chindan yigʻlashni istar edi.

Axir, Tursunoy unga, «urding, tepding!» deb mutlaqo yolgʻon gapirdi. Ikromjon boʻlsa tiz choʻkib, uzr soʻradi... «Qiziq! Tiz choʻktirish mumkin ekan-a? Boya nima deyayotgan edi? Yoʻlimni toʻsma! A-a!.. Shunday boʻladi... Xohlasam, maymun qilib oʻynataman sizni... Leqin bechora qiynaldi chindan ham... Buyur, deb turibdi... «Senga rahmim kelib tegib edim» degan gapimni ham esidan chiqarib qoʻydi! Qoʻrqib ketdi shekilli!».

Shunaqa! Erkakni jilovlab olaman desang, qoʻrqitib ol ekan! Endi Tursunoy nima qilishini yaxshi biladi!

Lekin... Ikromjon qoʻrqmasayam boʻlmaydi... Axir, Tursunoy yaxshi biladi-ku, Ikromjon oʻz ishini qanchalik sevadi!.. Tilidan oʻrmon, tabiat tushmaydi! Undan haydalgan kuni choʻlda qoladi. Axir, Tursunoy da’vo qilsa, haydalib ketishiyam hech gapmas!..

E xudo! Shuncha yil!..
— Gapiring. Talqon yutdingizmi?

Ikromjon oʻzida bor kuch-qudratni ishga sola oldi. Oʻzini bosa oldi. Ha, bu tarzda — arosat bir ahvolda ketib qolish — nomardlik! Tursunoy ilgariyam achchiq ustida telba-teskari gaplarni aytib yuboraverar edi!
— Tursunoy, bir gapni soʻrayman... Men soʻramasimdan burunoq oʻzingiz javob berib qoʻydingiz... Lekin yana soʻrayman... Iltimos, oʻylab javob bering!

Tursunoy yuragi poʻkillab olgʻa jildi.
— Xoʻsh, — dedi. — Qanaqa savol ekan?

«Meni zarracha pisand qilmaydi» dilidan oʻtkazdi Ikromjon va oʻsha savolini berishga yana jur’at topdi:
— Meni chindan ham sevmaysizmi?

Tursunoy unga anqayib qarab turdi-da, qah-qah otib kulib yubordi. Soʻng burilib, tizzalariga shapatiladi. Ikromjonning ogʻzi bir zum ochilib qoldi. Keyin asta burilib, zinadan tushdi. Bir, ikki, uch, toʻrt... Beshinchi qadamda oʻtinxonaga yetdi. Hozir orqasidan chopib keladi! Hozir... Balki Tursunoyning oʻzi endi tiz choʻkadi?.. Ikromjon ajab bir titroq kayfiyatda shuni istab, oltinchi qadamni bosdi. Yoʻq, yi-qilish nima! Shunchaki chaqirsin!
— Yoʻl boʻlsin? Ikromjon shart qayrildi.
— Qayoqqa?
— Men savol bergan edim, — dedi Ikromjon, javobingiz oʻshami?

Tursunoy... Tursunoy... «Javobingiz oʻshami?» Ikromjon bu gapni nima uchun aytdi? Aytmasa boʻlardi...

Axir, u asta jilar ekan, Tursunoyning oʻzi chopib ortidan bormoqchi edi-ku?
— Sizga yoqib tushdimi oʻsha javobim?

«Endi bas! Bachkanalik yetar!»

Ikromjon tezgina burilib, darvozaga yetdi. Yana eshakning pishqirgani, qoʻzining ma’raganini eshitgandek boʻldi. Nazarida, uy-joy, olmalari, devorlaru yoʻngʻichqapoyasi ham unga allaqanday xayrlashuv nazari bilan qarayotgandek tuyuldi.
— Hoy!

Ikromjon yana harchand qaramoqchi boʻlmasin, qaray olmadi.

Tursunoy turib qoldi ayvonda... U qalt-qalt titrar: «Ketdimi? Butunlay ketdimi? — deb oʻylar edi. — E xudo! Endi nima qilaman? Eri tashlab ketipti degan gapni qanday koʻtarib yuraman... Meni tashlab ketadi? Ikromjon-a? Xomtama boʻlma! Tursunoy burningni yerga ishqaydi. Tashlab ketar emish! — Tursunoyning alami kelib, yana koʻziga yosh oldi. — Nimalar boʻlyapti oʻzi?.. Shoshma! Hali qoʻrqibgina turgan edi... «Buyuring!» deb turgan edi... Nega birdan?.. Yoʻq, u menga oʻzini koʻrsatmoqchi! Koʻramiz... Hali shunday yalintirayki! Qarshimda «buyuring!» deb turgin!.. Lekin oʻsha gapni chakki aytdim... Qaydan kallamga keldi oʻsha gap?.. Rahm qilib emish! Tavba! Hayronman... Chakki boʻldi... Hechqisi yoʻq!»

Ikromjon katta koʻcha tomon ketib borar ekan, yuragi boʻm-boʻsh va loqayd, shu ketishda tagʻin restorangami, somsaxona yonidagi bufetgami borishini his qildi-yu: «Chindan piyonista boʻlaman!» — deb oʻyladi. Xoʻsh, qayoqqa borish kerak?

Toqqa, toqqa-da!.. Oʻrmonga!

U koʻchaga chiqqach, burilib, oʻrmon xoʻjaligiga yoʻl oldi. Somsaxona yonidan shoshib oʻtib ketdi. Unda odam gavjum!

Bayram davom etmoqda!.. May!.. Hamma yasan-tusan-da! Hamma shodu xurram!.. Tavba! Hayot qiziq... Aytmoqchi, Ikromjon bunday garangsib qadam bosmasligi kerak... Abduqayum koʻrsa, «yana ichibdi» deb oʻylaydi... Odamlar ham e’tibor qiladi. Birontasi toʻxtatib: «Nima boʻldi?» — desa, nima javob qiladi?

Oilasidan nolib, birovlarning ham kayfiyatini buzadimi? Keragi yoʻq! Shoshma! Xoʻsh, toqqa ham chiqib ketdi. Keyin, bari bir qaytadi-ku rayonga?

Shunda Ikromjon ba’zi tanishlarning oʻziga qarab oʻtayotganiga diqqat qildi-yu, shart chetga chiqdi. Togʻ tomonga ketguvchi toshloq yoʻlga tushdi. Bu yoʻlda ham odam koʻp... «Muncha koʻp! Kecha bayram edi! Bugun yana koʻchaga toshib chiqishibdi... Bekorchi boʻlgandan keyin shu-da... Yoʻq. Axir, nima uchun uyda oʻtirishlari kerak? Ikromjon, nohaqsan! Qoʻy, kim nimani istasa, shuni qilaversin!.. Lekin sen chetroqda yur!»

Ikromjon yoʻlning soʻl yogʻidagi endi asfalt toʻshalgan xiyobonga chiqdi-yu, bu xiyobon tugagan joydan ajriqli soʻqmoq boshlanishi, soʻqmoq toʻgʻri Yakkatol chashmasi boʻyiga borishini esladi... E, oʻsha Yakkatol taglarida bolalar bilan koptok oʻynardi bir vaqtlar!

Yakkatol — qari tol. Jarlik boʻyida. Tanasi kovak boʻlib ketgan. Jarlikning buyogʻida havo stantsiyasiga qarashli oppoq imorat bor, bir tomoni sovxozning olmazori.

Ikromjon soʻqmoq bilan yurib, jarga kirdi. Sohillari past, yemirilib ketgan. Betlarini qariqiz oʻtlari bosgan. Oyoq osti nam. Lekin Ikromjon xursand!

Bu yerda hech kim yoʻq!..

Ikromjon soʻqmoq bilan jarlikning havo stantsiyasi tomondagi tekis maydonga koʻtarildi-yu, bir entikdi... Keyin oyoq-qoʻli boʻshashib, butun vujudidan madori ketib, turib qoldi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, maydonga yoʻngʻichqa sepilgan ekan, yoʻngʻichqazor naq tizzaga uradi. Shudringi ham koʻtarilib ketgan boʻlsa kerak... Chuchmomasi-chi? Bogʻpiyozi-chi? Ikrom gangib parishonhol koʻzlari bilan yoʻngʻichqazorga tikilar, oyogʻi ham oʻziga boʻysunmay, oʻtirib qoladigandek boʻlardi... U asta choʻnqaydi... Bir tup yoʻngʻichqani olib tikildi. Hali gullamagan. Yosh ekan. Shundoq boʻlsa-da, uni hidladi. Ogʻir, sof, toza bir hidni tuydi... Yigitning tagʻin yigʻlagisi kelar, lekin koʻzidan yosh chiqmay, faqat qisqa-qisqa entikar edi.

U birdan oʻzini yerga otdi. Ancha yoʻngʻichqani bosib tushdi. Qulochini kerib, yuzini hoʻl tuproqqa bosdi.

«Oh! Qanday yaxshi!.. Alvido endi, yoʻngʻichqazor!.. Yoʻq-yoʻq, men oʻlmayman. Lekin endi sen men uchun yoʻqsan... Tursunoy yoʻq — sen ham yoʻq!»

Ikromjon ancha vaqt shu alfozda yotdi... Keyin: «Bu jinnilik. Ahmoqlik, — deb turib oʻtirdi. — Er-xotin oʻrtasida gap qochadi-da... Shunda bir-birining ogʻzidan nima gaplar chiqib ketmaydi! Nahotki Tursunoy bilan shuncha yil yashab!.. Xoʻsh, uydan chiqib ketganim bilan nima topaman?.. Bekor gap! Hechqursa bolalarim hurmati — yashashim kerak. Mayli, Tursunoy sevmasin meni... Nachora! Hayotda aldangan erkak yo ayol yoʻqmi? Men ham aldangan ekanman... Baxtim shu ekan... Qiziq! Oʻsha yoʻngʻichqazor qaerda? Bilmayman... Tursunoyni qachon sevib edim? Bilmayman... U-chi?.. U yolgʻon-chi... Mayli! Noma’lum narsalar yoʻq boʻldi. Ma’lumi shu: bizning oilamiz bor. Yashamoq kerak! Ishim, sevgan ishim bor: ishlamoq kerak...»

Ikromjon uyga qaytdi. Tavba! Nahot ketgan boʻlsa Tursunoy? Eshik yana qulflogʻ!

Shu payt muyulishda mototsiklning ovozi eshitildi. Ikromjon burilib qarab, oʻtirgʻichda Qayum uchastkavoyni koʻrdi. Jilmaydi. U shu tomonga kelmoqda edi.
— Assalom alaykum.

Qayum salomiga alik olmay mototsiklni chiyillatib, shu yerdan orqaga burib oldi.
— Chiq! Oʻtir! — dedi. Ikromjon yana jilmaydi.
— Tinchlikmi?
— Tinchlik.

Ikromjon mototsikl kajavasiga oʻtirib oldi. Qayumga yana bir jilmaydi-yu, allaqanday boʻlib ketdi: «Nima gap? Tagʻin Tursunoy... Yoʻgʻ-e... Axir... E, Ik-rom! Ikrom! Bolasan!.. U seni qutqargan edi-ku! U qamatishi mumkin yana!.. Galvars!» Ikromjon shunday oʻylagan esa-da, bari bir ishonmadi oʻz oʻylariga. Ammo nima uchun Qayum uni olib ketyapti? Uni izlab yurgani aniq! Koʻrgach, mototsiklni burib oldi. Ikkilanmay: «Chiq! Oʻtir!» — dedi.

Katta koʻcha. Qayum mototsiklni tez haydab borar ekan, Ikromjon endi vahimaga tusha boshladi: «Yana oʻsha kamerami?.. Qorongʻi xona! Qayum kechirmayman deb edi... Tursunoyning qadriga yetmayapsan deb edi. Lekin u seni oʻlgudek yaxshi koʻradi» degandi ham... Kulgili gap! Boʻpti... Peshanada borini koʻraman-da... Umuman, men yomon odam boʻlsam kerag-u, buni oʻzim bilmasam kerak... Lekin Tursunoy ham meni aldab...»

Ikromjon birdan oʻylariga barham berdi: «Oʻydan foyda yoʻq... Rost... Melisaxonaga boryapmiz! Ana, ana... Endi tamom! — yana oʻylay boshladi Ikromjon. — Ishxonagayam xat yozishadi...»

Mototsikl daraxtlar tagiga burilib, xiyobonga kirdi. Toʻxtadi. Roʻparada katta, qizil, temir darvoza... undan chap tomonda navbatchilar xonasi bor... Unda telefon, divan... Toʻrida eshik. Eshik orqasida...
— Kir, kir!

Ikromjon bir qadam bosib, divanning nari chetida boshini egib oʻtirgan Tursunoyni koʻrdi. Soʻng divanning bu chetida omonatgina oʻtirib, hayratlangan koʻzlari bilan toʻsiq ortiga, unda ikkita stulda qomatlarini tik tutib oʻtirishgan tanish militsionerlarga qaradi.

Qayum shahd bilan stol yoniga oʻtib, unda ochiq yotgan qogʻozga oʻtkir tikildi. Soʻng Ikromjonga oʻqraydi-da, shart tortmasini tortib, ikki varaq oq qogʻoz oldi. Stolga qoʻyib, ustiga taq etkazib avtoruchkani qoʻydi.
— Kel, — dedi Ikromjonga. — Kecha nima voqea yuz bergan boʻlsa, yoz! Esimda yoʻq deb tentaklik qilma!.. Har qanday mast odam ham u-bu narsani eslaydi!

Ikromjon oʻrnidan turdi.
— Lekin mening esimda qolgani sizga hech narsani anglatmaydi, Qayum aka.
— Bari bir!
— Rost aytyapman!
— Boʻlmasam, Tursunoy nimani yozib bergan boʻlsa, shunga qoʻshilasanmi?
— Albatta! — dedi Ikromjon. — Bu kishi biladilar... Him, bu kishi nimani yozgan boʻlsalar, shu gap toʻgʻri... Chunki shunday boʻp qolgan ekan...

Qayum stoldagi qogʻozni olib tikildi. Bir oz mingʻillab, oʻqib boshladi:
— ... Xoʻsh, «Boshimga urdi... Him, oyogʻi bilan tepdi... Otam-onamni haqorat qildi... Bezori! Ichib keladi... Halol ishlashiga ishonmayman...» — Qayum Ikromjonga qaradi. — Toʻgʻrimi? Mana, oʻqib koʻrishing mumkin! — U qogʻozni uzatdi. — Toʻgʻri boʻlsa, toʻgʻri

deb imzo chek!

Ikromjon qogʻozni oldi. Xotinining xatini tanidi. Yuragi allaqanday boʻlib toʻlgʻanib ketdi... «Endi nima boʻladi?» — deb oʻyladi va oʻzini dahshat qoʻynida his qildi.

Soʻng Tursunoyga qaragisi, undan nimanidir iltijo qilgisi keldi. Shunga barobar Yakkatol yaqinida, yoʻngʻichqazorda oʻylagan qarorini aytish fikri tugʻildi.

Ikromjon, qara! Qara unga!.. Tursunoy shunga ilhaq edi! Ha-ha! U erining «tumshugʻini yerga ishqamoqchi» boʻlib keldi. Jahl va koʻzyoshi bilan arznoma yozdi. Biroq endi uning oʻziga qarashini... koʻzlarini koʻrishni istar edi!..
— Boʻldimi? Ruchkang bormi?
— Bor-bor! — «Imzo cheksam, bari ayblarimni boʻynimga olgan boʻlaman, — oʻyladi Ikromjon ichida. — Erim qitmir emas ekan deydi keyin... Imzo chekmasam, yuzimga tupuradi!.. E, qarab turibdi menga! Tezroq qoʻl qoʻysang-chi!» Ikromjon kissalarini timirskilab, ruchka topolmadi. Qayumga siniq jilmayib, ruchkasiga ishora qildi. Ruchkani olib: «Shunda yozilgan soʻzlar toʻgʻri! Aybimga iqrorman», deb yozdi-da, katta qilib imzo chekdi. — Marhamat!

Qayum olib, tikildi. Soʻng tortmasini shart ochib solib qoʻydi-da:
— Tursunoy singlim, sizga javob! Sizga rahmat, — dedi. — Eringiz qoladi!

Tursunoy oʻrnidan turdi. Juda vaqti xush kishidek roʻmolini tuzatdi. Asta yoʻtalib oldi. Soʻng:
— Sudga kelamanmi endi? — dedi.
—Ha.

Tursunoyning labi pirpiradi.
— Qachon boʻlar ekan?
— Boʻladi-boʻladi.
— Rahmat, akajon... Shu odamni bir jazosini beringlar! Hukumatimizning qonunlaridan aylanay! Rahmat sizlarga... — Tursunoy eshikka yetdi.

«Voy, nimalar boʻladi? Buni kesib yuboradimi? — oʻyladi-yu, iyaklari titradi. Labini qimtidi. — Axir... Nima uchun? Toʻgʻri, buning aybi bor... Ammo mendan uzr soʻradi-ku! Yoʻq, — yana qaysarligi tutdi. — Uydan chiqib ketdi bu! Shu boʻyi uyga qaytib kelmas edi... Endi qoʻlimga tushdi!»
— Rahmat, akalar, — dedi Tursunoy va qoʻqqisdan Ikromjonga qarab baqirib yubordi. — Gung boʻp qoldingizmi? Nimaga gapirmaysiz? Chiqib, qaergacha bordingiz?! He sizni!.. Koʻryapsizlarmi bu odamning kesakday boʻlib oʻtirishini! Shunaqa-da! Nomard... Bevafo! Bir adabini yesin!..

«Bevafo!» — Ikromjonning miyasiga nina sanchilgandek boʻlib ketdi. — «Bevafo» dedimi? Men-a!.. Voy-voy! Tursunoy naqadar haq! Oʻsha ketganimda

haqiqatan ham bevafo boʻlardim. Rost... Lekin men boshqa qarorga kelib uyga qaytgan edim-ku?»
— Kechirasiz, Tursunoy, — Ikromjon tilga kirdi. — Ha-ha... Qariyb bevafolik qilgan edim... Lekin hozir fikrim oʻzgardi...
— Hozirmi?
— Yoʻq, hozir emas... Yakkatolda... Oʻyladim... Siz meni sevmasangiz ham bari bir yashashimiz kerak... Men shu fikrga keldim. Rozi boʻlsangiz, him...
— Rozi boʻlsangiz?!
— Ha-da! — Ikromjon turib ketdi. — Xoʻp deng, Tursunoy... Oʻrtoq melisalar, bizni kechiringlar... Bu oilaviy gap...
— Gapir, gapir, — dedi Qayum. — Sizlarning gap-soʻzlaringiz oiladan tashqariga chiqdi... Endi u oilaviy gap boʻlmay qoldi. Yana gaping bormi?

Tursunoy uning yana gapirishini, iltijo qilishini, qandaydir va’dalar berishini kutardi... «Gapir, Ikrom! Boʻl tezroq!» Ikromjon Tursunoyga qaradi-yu, uni qaytadan tanigandek boʻldi: «Oʻsha Tursunoy bu! Menga shafqat yuzasidan tekkan...»

Ikromjon bir daqiqaga bugun darvozadan chiqib ketayotgandagi holatiga tushdi.

«Bas endi! — der edi ichidan bir ovoz Tursunoyga. — Boʻldi qil! Shikoyat xatingni ol! Yirtib tashla!.. Axir, bu Ikromjoning-ku? Tagʻin ish chappasiga ketib qolmasin... Yoʻq, nega chappasiga ketadi? — dedi Tursunoy hushyor tortib ketib. — Agar melisalar yomonlikka oladigan boʻlsa, achchikdan yozib edim, deyman... Ikromjon hech narsani bilmay — man nima desam, shu toʻgʻri, deb turadi... Qutqarib olib ketaman! Shu bilan bir umr oʻzimniki boʻlib qoladi...»
— Qoʻying, Qayum aka! — deb yubordi Tursunoy. — Bu odamning shu gaplariyam yolgʻon.

Ikromjon shu tobda hech narsani oʻylayotgani yoʻq edi. Lekin oʻrnidan sapchib turdi.
— Xayr boʻlmasam, — dedi Tursunoyga. — Lekin bilib qoʻying, men hammavaqt sizga rost gapirib kelganman!.. Ba’zi gaplarni gapirolmay qolgan boʻlsam, kim biladi, sababi bordir...

Tursunoy yana turib qoldi.
— Kecha urganlaringiz, soʻkkanlaringiz-chi? Nega esimda yoʻq deysiz? — Tursunoy eriga battar tikildi. Yana lablari titradi. — A, yolgʻon gapryapsiz-ku? — «E tavba, nimalar deyapman? — koʻnglidan oʻtdi Tursunoyning. — Tuhmat-ku bu!.. — Qaerdan miyamga singib qoldi bu gap?.. Hali bu gapni yolgʻonga chiqarishim kerak-ku?» — Xoʻsh?.. Ana, shunaqasiz! — Bu gap ham ogʻzidan chiqib ketdi. — Tilingiz yoʻq gapirgani!

Ikromjon havo yetishmayotgandek entikib nafas oldi. Qoʻllari qaltirab:
— Nega tilim yoʻq? — dedi. — Urdimmi — urdim!.. Soʻkdimmi — soʻkdim! Ana, xatgayam imzo chekdim-ku?

Tursunoy qandaydir zavqlanib:
— Ana endi oʻzingizga keldingiz, — dedi.
— Voy!.. — Ikromjon oʻzini idora qilolmay qoldi. —Abduqayumaka!..Jon Tursunoy! Urdim! Soʻkdim! — birdan koʻz oldi tumanlashib qichqirib yubordi: — Urdim! Soʻkdim! Tepdim!.. Xotirjam boʻling! Suddayam shu gapni aytaman. Til tortmay oʻlayki — aytaman!

Ikromjon divanga oʻtirib qoldi. Tursunoyning zavqi zim-gʻoyib boʻldi. — «Nima dedi bu? Suddayam aytadi?.. Qanaqasiga? Bekor gap! Jinni boʻp qoldi bu... oʻl, Tursunoy! Nimalar qilib qoʻyding?.. Ol xatni, yirt, uloqtir! Yashayman dedi-ku? Yashaydi... Bu yolgʻon gapirmaydi! Meni sevmaysiz emish... Sevaman! Sensiz menga hayot harom... Bir kun ham yasholmayman sensiz!.. Otingdan oʻrgilay! Mening butun hayotim sensan-ku!»

Tursunoy Qayumga qoʻlini choʻzdi.
— Xatni bering. Qayum unga oʻqraydi.
— Nega?
— Bering deyapman!
— Berilmaydi.
— Unda yozilgan bari gap yolgʻon!

Ikromjon Tursunoyga yalt etib qaradi va xuddi dahshatli bir narsaga koʻzi tushgandek tez surilib, divanning u chetiga borib oʻtirdi.
— Ikrom, xatdagi gaplar yolgʻonmi? — soʻradi Qayum.
— Qanaqasiga! Hammasi rost!
— Oʻylab gapir!
— Rost-rost!

Tursunoy Ikromjonga burildi.
— Ikrom aka!

Ikrom kamera eshigiga qaradi.
— Ikrom aka deyapman!
— Rost!

Qayum oʻrnidan turdi.
— Tursunoy, bu yerda baqirish mumkin emas... Boring! Uyingizga boring! Vaqti kelganda, chaqiramiz!..
— Kelmayman!.. Ey, yoʻq, kelaman... Yoʻq, menga qarang, bu xat, axir?..
— Sizga javob!

Tursunoy tashqariga chikdi. Telbalanib, deraza pastidagi skameykaga oʻtirmoqchi edi, ortidan chiqqan militsionerni koʻrib, darvozaga yoʻnaldi.

Koʻcha. «Nima qilib qoʻydim? Voy, Ikrom! Ikromjon!.. Tursunoying oʻlsin!.. Voy, nima qilay? Qaytayinmi? Yoʻq!.. Haydashdi-ku? Kiritishmaydi endi...»

Qayum chuqur xoʻrsinib, sigareta tutatdi. Xatni tortmadan olib, yana bir koʻz yugurtirdi. Keyin ensasi qotgandek yana joyiga soldi-da, yonidagi militsionerga buyurdi:
— Opchiqing!

Ikromjon Qayumga xayollanib qaradi.
— Bu kamera-chi?
— Bunda bir sutkaliklar yotadi.

...Shunday qilib, Ikromjon ikki yilga kesildi. Tursunoy: «Mendan kechdi endi», deb otasining uyiga koʻchib ketdi.

1976