OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiSirli militsioner (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sirli militsioner (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Tashqarida yomgʻir quyar, magazin ichida namiqqan tuz va sovun hidi anqir edi. Eshik ogʻzida turgan sovxoz direktori Toʻraev:
— Sel kelar-ov, — dedi. Peshtaxta ortida turgan mudir boʻynini choʻzib, soyni koʻrmoqchi boʻldi.

Koʻcha yoqasiga kelib, bir mashina toʻxtadi. Kabinadan militsioner tushdi. U toʻladan kelgan, shapkasini bostirib kiyib olgan, pogonida uchta yulduzchasi bor, chehrasi tashvishli edi. Shoshib, magazin ayvoniga chiqdi. Etiklarini urib qoqdi va shapkasini boshidan olib, sochini kafti bilan siladi.

Toʻraev unga iljayib qarab turardi: sekin ortidan borib, ikki qoʻllab uning koʻzlarini berkitdi.
— Toping! — dedi.

Militsioner iljaydi, burildi va birdan qovogʻini uydi:
— Salom.
— Yaxshimisan?
— Yaxshi... Yomgʻir ham zoʻraydi!
— Juda!
— Hm...
— E, odammisan oʻzi?! — Toʻraev uning tirsagidan ushlab oʻziga qaratdi. — Nima boʻldi? Tanimayapsanmi?

Militsioner tomogʻini qirib, shapkasini kiydi:
— Tanidim... Siz sovxoz direktori oʻrtoq Toʻraev boʻlasiz.

Toʻraev burnidan nafas olib, boshini orqaga tortdi:
— Hazil qilyapsanmi? —Qanaqa hazil?
— Hali shunaqami?
— Nima?
— Bor, toshingni ter! — Toʻraev burilib magazinga kirdi, bir ozdan keyin qaytib chiqib, ayvondan chiqdi. Tarnovdan oqayotgan suvga parvo qilmay, militsionerga burildi: — Katta boʻp qopsiz-da, a? Zamnachalnik boʻpsiz-da?! Tuzuk, tuzuk... Tanimay qoldingizmi? Oʻzi, eskilar aytishar edi, milisa bilan doʻst boʻlma, xotinga sir aytma, nomarddan qarzdor boʻlma deb. Shu gap rost ekan!

Militsionerning qalin lablari uchdi, burun kataklari qappaydi, lunji shishdi:
— Ha, — dedi xirillab. — Bu rost gap. Milis bilan doʻst boʻlma... Milisa bilan har kim ham doʻst boʻlolmaydi!..
— Endi bildim. Ishondim, — dedi Toʻraev va telpagini bostirib, toshloqdagi koʻlmaklar ustidan oʻtdi va qumloq yoʻlga tushib, idora tomon ketdi.

Militsioner xoʻrsinib, har tarafga bokdi. Soʻng magazinga qarab, ichkarida oʻziga tikilib turgan mudirni koʻrdi. Tagʻin ortiga qarab olib, shitob bilan xonaga kirdi:
— Yuzta quy! — dedi. Magazinchi oʻylanib:
— Bizda... grammlab sotilmaydi-ku, — dedi.
— Quy, quy! Gapni choʻzma! — zamladi militsioner va peshtaxta burchagiga oʻtdi. — Hov, konfetdan ham bitta ol!
— Endi... yangisini ochar ekanmiz-da, — magazinchi toʻngʻillab, rastada turgan aroqdan birini oldi-da, kir doka bilan artib, qopqogʻini tishida ochdi. Peshtaxta ostidan piyola olib, pufladi. Aroqdan gʻuldiratib quyib, mehmonga uzatdi.

Militsioner piyolani bir koʻtarishda boʻshatib, konfetdan tishladi. Shimidagi piston choʻntagini kovladi.
— E, qoʻyavering, — dedi mudir piyolani olib. Militsioner peshtaxtaga pul tashlab, eshikka qarab turdi. Soʻng papiros tutatdi. Doʻkonchi bergan qaytimni shineli kissasiga solib:
— Kofirunga qaysi yoʻl yaqin? — dedi.
— Hamma yoʻl ham, — javob berdi mudir unga hayratlanib qaragancha. — Piyoda borsayam boʻladi-yu, yomgʻirda qolasiz... Soydi kechib oʻtish kerak. Suviyam moʻl.
— Shu yoʻl yaqinroq-a?
— Ha, bunisi yaqin. Qirdan oshsangiz, Kopirin-da.

Militsioner papirosni tashlab, tovonida ezdi. Shapkasini bostirib, yoqasini koʻtardi. Shineli baridan chimdib ushlab, tashqariga chiqdi va shovillab yogʻayotgan yomgʻir ostida yoʻlning narigi betiga oʻtib oldi.

Yuz qadam yurib, soʻqmoqqa burildi va tiygʻanib ajriqzorga tusha boshladi. Ajriqzor keng maydonni ishgʻol qilgan boʻlib, bir tomoni yulgʻunzor, bir tomoni qamishzor, qamishlar orasidan bugʻ koʻtarilib turardi. Militsioner ajriqzorni kesib, tuzi chiqib yotgan soy sohiliga yetdi. Soyning bu yeri kengayib oqar, suv boʻtana, har yer-har yerda dumaloq toshlar chiqib turar edi. Militsioner oʻylanib, suvga tushdi-da, yana shineli etaklarini koʻtarib, olgʻa yurdi. Soyning oʻrtasiga yetganda, suv uning tizzasidan oshdi. U toʻxtab, orqasiga gʻamgin qaradi. Soʻng yana olgʻa jilib, beligacha shalabbo boʻlib, narigi sohilga chiqib oldi. Ajriqzorga oʻtib, shimi pochalarini siqqan boʻldi. Bir-ikki qadam borib, xarsang toshga suyandi. Etiklarini yechib, suvini toʻkdi, yana kiydi va sal oʻtmay, nari yokdagi gaza oʻrkachiga chiqib bordi. Koʻkatlar nish urgan, yomgʻir arnalardan oqar, yerga singib ketar edi. U adirdan oshib, qishloqqa tusha boshladi.

Qishloq etakdagi daryoning sohilida boʻlib, yalangʻoch, siyrak daraxtlari shuppayib turar, shiferli tomlardan tutun koʻtarilar, pastdan kesib oʻtgan yoʻlda bir otliq bir buqani surib haydab borardi.

Militsioner yoʻlga yetdi. U yoq-bu yoqqa angrayib, koʻrinayotgan uylardan durustrogʻini tanladi-da oʻsha yoqqa yurdi. Biroq bu uyning ortidan ariq oʻtgan edi. Sakrash uchun qulay joy izladi, topolmay toʻxtadi. Soʻng... yonboshida qaqqayib turgan, tomiga shifer yopilmagan uyga yoʻnaldi. Nishab soʻqmoqdan tushib, qoʻy qiylari erib oqayotgan maydonga yetdi. Shunda uy biqinidagi bostirmada yotgan tozi it hurdi, lekin turishga erinib, burchakka tiqildi.

Militsioner chimirilib, toʻgʻri uy eshigiga bordi, taqillatdi:
— Kim bor?

Uycha ikki xonadan iborat ekan, ichkaridan ovoz keldi:
— Hozir... — bir ozdan soʻng eshikdan oq koʻylak kiygan, siyrak soqol oʻrta yashar yigit chiqdi. Militsionerni koʻrib, koʻzlari kengaydi: — Keling, bobo, — dedi.

Militsioner uyga kirdi. Uy qorongʻi boʻlib, ichkari xonada yonayapgan lampochka bunisini yorita olmas, xonadan anor, qatiq va rutubat hidi anqir edi.
— Ichkari kiring, bobo. E, etikni yechib oʻtirasizmi? — dedi uy egasi.

Militsioner shoshmay paltosini yechib, unga berdi. Etigini sugʻurib, yerga yotqizib qoʻydi. Paypoqlarini ham yechib, eshikdan chiqarib siqdi, soʻng etik qoʻnjiga yoyib qoʻyib, oqem boʻlib ketgan oyoqlarini boʻyraga yengil bosib, ichki xonaga oʻtdi. Oʻrtada tancha tutar, devorga doʻmbira ilingan, burchakka oʻrin solib qoʻyilgan, toʻrda bir taxmon yuk, yerga kigiz toʻshalgan edi.
— Oʻtiring, bobo! Sandal ham sovib qogʻan. Oʻt qilaymi? Sovqotgan koʻrinasiz?

Militsioner uning qiyshayib turgan gavdasi, choʻloq oyogʻiga qarab:
— Kerak emas, oʻtiring! — dedi.
— Xoʻsh-xoʻsh, — uy egasi oʻtirgan yeridan yana irgʻib turdi. — Choy qoʻyay, u-bu opkelay!
— Kerak emas! Oʻtiring. Otingiz nima?
— Otim Xushvaqt! — mezbon choʻkkaladi.
— Shamollaysiz, ustingizga bir nima tashlab oling!
— E, shamollab yosh bolamizmi! Qatiq opkelay boʻlmasam! — mezbon dasturxon yozdi, qoʻsh non keltirdi, kosada qatiq qoʻydi. — Qani, oling!

Militsioner nondan sindirib tishladi:
— Xushvaqtboy, — dedi oʻylanib. — Kim boʻlib ishlaysiz sovxozda?
— Biz... iskaladga qorovul, bobo, — javob berdi mezbon.
— Nimaga uyingiz munday xarob? Xotin bormi?
— Xudoga shukur, bor. Uchovgina bolayam bor... Ammasinikiga qidirib ketgan edi. Kep qolar... Uyni soʻraysizmi? Nima qipti, vaqtinchaga boʻladi bu!
— Nimaga vaqtinchaga? Boshqa uy solyapsizmi?..
— Ha, bitib qogʻanda qish tushib qoldi. Yozda bitirib olamiz endi.
— Qaerda?
— He, dayradan norman. Bobolarding yurtidan. Choʻpon boʻgʻanmiz-da aslida.
— Hm... direktor yordam beryaptimi?
— Ey, men sizga aytsam, milisa bobo, bu direktorimiz koʻp qoruvli bola chikdi. Koʻz tiymasin, boʻlali bola!
— Nimasi yaxshi? Siz bunday uyda oʻtiring, u tipovoy uyda tursin, yana uchastka solayotgan boʻlsin!.. Shumi yaxshiligi?!
— E, uni aytasizmi? Lakin, milisa bobo, tipovoydan bizgayam birovini beramiz deyishgandi. Kampir koʻnmadi, yurtqa boramiz, deb. Oʻzlarining lakin uchastka sogʻanini bilmayman. Tepamda xuda bor, yolgʻon gapiralmayman!
— Yoʻq... Bizga, rayonga ma’lumot borgan! Direktor boʻlganiga bir yil toʻlmay, uchastka soldi deb... Yashirmang! Biz biribir aniqlaymiz!
— E, milisa bobo, biz yashirib nima qilamiz. Yashirsak, direktor kun tugʻdirib beradimi bizga... Bor gap. U yogʻini soʻrasangiz, u bola asli shu qishloqdan, milisa bobo. Bir kambagʻaldan chiqqan. Koʻp qiynaldi bechora. Qiyinchilik bilan oʻsgan... Uni bilgan biladi, bilmagan bilmaydi!
— Asli shu yerda tugʻilgan-a? Xoʻp... Oʻsha tugʻilgan yerida nima bor hozir?
— U yerda hech gap yoʻq, oborib koʻrsataman xohlasangiz. Zatexnik boʻgʻanda, bir kulba solaman, deb jurdi. Hasharga chaqirdi odamlardi. Paxsa devor qilib, uyi tikka boʻgʻanda, direktor koʻtarilib ketdi... Shuytib, u kishi tipovoyga koʻchdi. U kulba shu ahvolda qolib ketdi.
— Qani, menga koʻrsatasizmi? Yoʻq, siz turmang... Oʻzim topib olaman!
— E, oyoq choʻlaq boʻgʻani bilan jurishga yaraymiz, milisa bobo. Qani, qatiqdan oling... Boramiz-da! Choy qilay. Goʻsht bor...

Militsioner soatiga qarab oldi:
— Yoʻq... Boʻlmasam menga bir kalish bering, — dedi. — Payafzal qurib tursin. Sovuq oʻtib, burinni tortib yurmay.
— Xoʻp-xoʻp. Kalishdan boshqa nima bor. — Mezbon halloslab turib, sandiq ustidan koʻrpalarni tushira boshladi. Qopqoqni koʻtarib, bir juft kalish olib militsionerning oldiga tashladi. — Boʻladimi?
— Boʻladi, boʻladi.

Bir ozdan soʻng ular baland oʻriklar ostidagi bir yon devori yomgʻirda yuvilib ketgan uy oldida turishar, uning supalari ham yemirilib tusha boshlagan edi. Ayvonga chiqishgan edi, ichkaridan bir it chiqib qochdi. Militsioner ichkariga moʻraladi, suyak, jun, teri parchalari, rom qoʻndirilmagan derazadan sovuq shamol kirar edi...

Militsioner qishlokdan chiqib, soydan oʻtdi. Magazinga keldi. Doʻkon berk, qorovulxonada odam koʻrinardi. Militsioner budkaga yaqinlashdi:
— Direktor qani?
— Idoraga ketgan edi, — dedi doʻkonchi.
— Borib... chaqirib keling! Birov soʻrayapti deng.

Direktor militsionerni koʻriboq toʻxtadi va shart burilib keta boshladi. Militsioner unga yetib olib, tirsagidan ushladi:
— Oʻrtoq Toʻraev!
— Ha, men oʻrtoq Toʻraevman! Sen zamnachalnik boʻlsang, men direktorman... Nima deysan?! - deya burildi direktor.
— Yoʻq... Sen Abdushokirsan, sen mening oʻrtogʻimsan.
— Senday oʻrtogʻim yoʻq.
— Yur magazinga. Ish bor...

Toʻraev burildi. Bir necha daqiqadan soʻng ikkovlon kulishib yoʻl yoqasida turishar, doʻkonchi magazin eshigidan ularga hayratlanib qarardi...

1966