OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomiSogʻinch (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sogʻinch (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

Azim tabiatan koʻngli boʻsh, ta’sirchan yigit. Lekin, besh yil shaharda yashab qoldi: shahar odamlariga xos ishchanlik, vaqtini tejash, sovuqqonlik va bir qadar takabburlik paydo boʻldi unda.

Azim har yili qishloqqa borganida, izidan Ismat yetib kelar, u, albatta, quchoq ochib talpinar, Azim esa har gal buni unutib, qoʻl uzatayotganida birdan ustalik bilan qoʻllarini kengaytirib yuborar va yigitni bagʻriga olib, ichida kulimsirar edi.

Ota-ona davrasiga oʻtirishgach, ular Azimni sogʻinganlarini, Ismatning ham oʻzlaridan kam ichikmaganini aytishar, shunda Ismat sodda, otashin bir muhabbat bilan Azimga tikilar, Azim esa yana kulimsirash bilan cheklanar edi.

Azim ota-onasiga ham kam xat yozar, Ismatning esa oʻnta xatiga bitta javob qaytarardi, biroq, Ismat shunga ham rozi: quvonchidan boladek oʻynoqlab, maktubni xotiniga koʻrsatar, tanish-bilishlariga maqtar edi...

Ular qachon bir-biriga yaqin boʻlgan, Ismat Azimni qachon sevib qolgan — buni ularning bolaligidan soʻrash kerak: Azim maktab direktori oilasidan, Ismat maktab qorovuli oilasidan; Azim goho darsdan keyin yumshoq kulimsiraganicha Ismatlarnikiga borib, uni ovga taklif etar, ov deganda oyogʻi kuygandek tipirchilab qoladigan Ismat unga jon-jon deb rozi boʻlar va ikkalasi toqqa chiqib ketar edi.

Takdir gʻalati ekan: Azim taniqli rahbar boʻlib, shaharda qolib ketdi. Ismat oddiy xizmatchi boʻlib, qishloqda qoldi.

Ular endi yiliga bir marta uchrashar edi — Azimning istirohat oyida yoxud u ish yuzasidan qishloqqa kelganida...

Lekin, endi Azim Ismatlarnikiga emas, Ismat Azimlarnikiga keladi; endi u ovga taklif etadi. Azim bu taklifni qaytarmaydi. Ular tong qorongʻisida toqqa ketadilar... Endi Azim ilgarigidek ovlay olmaydi, nishonga olgan oʻljasiga oʻqni tegizolmaydi, baland choʻqqilarga ham chopib chiqolmaydi. Tezda char-chab, biron qoyagami, daraxt toʻnkasigami — oʻtiradi, atrofni tomosha qiladi. Ismat boʻlsa, hamon qadimgiday: epchil, chaqqon, mergan... Oʻlja taqsimotida ham oʻzgarish boʻlgan: endi ovni asosan Ismat qiladi-yu, oʻljalar asosan Azimniki boʻladi. Azim esa, buning haqiga oʻzi ham bir narsa berishni istab, Ismat shaniga bir necha kalima maqtov soʻz aytadi: «Haliyam juda zoʻrsiz, Ismatjon»... «Shahar bizni urib tashlapti-da, Ismatjon». Ismat haqiqatan ham katta bir mukofot olgandek, boshi osmonga yetadi.

Azim shaharga ketishi bilan Ismatni izsiz unutadi; u yerga borib kundalik yumushlari, oilasi, oʻzga birodarlari davrasiga shoʻngʻiydi.

Azim bultur ish yuzasidan aprel oyida qishloqqa keldi. Daraxtlar kurtak chiqargan, koʻchalarda yoqimli sovuq shabada esar, bahor nafasi kelar edi. U uyga yetmasdan ortidan Ismat yetib keldi. Quchoqlashdilar. Utirdilar. Gaplashdilar va indini tong mahali ovga chiqib ketdilar.

Tanish adirlar qor qoʻynida jim yotar, archazor togʻdan bugʻdek tuman oqib kelar edi. Tushgacha yurib, hech narsa otolmadilar, toʻgʻrirogʻi, oʻq boʻshatmadilar: na kaklik, na quyon uchramadi. Tushdan keyin qaytdilar.

Soʻngra adirlardan biriga chiqqan yerda tuman orqada devordek toʻxtab qoldi va ular qori yupqalashib, tagidan koʻm-koʻk ajiriqlari koʻrinib turgan betdan tusha boshladilar.

Shunda Azim qor ichidan namozshomgulning soʻla-boshlagan gulidek boʻrtib chiqib turgan boychechaklarni koʻrib qoldi!
— Boychechak! — U bir nechasini uzib oldi. Gul tepasidagi qorlar tezda erib tushdi... Azim gulning sovuqqina bandidan ushlab unga tikilib turar ekan, dili zavqu shavqqa toʻlib toshdi. Gul favqulodda nozik va iffatli edi! Uning haligina qor ichidan chiqib turishi shu qadar xayoliy, ajib va goʻzal edi! Azimning dilida favqulodda bolaligi uygʻondi, u favqulodda shahardan kelganini unutdi: shahar bergan yangi xislatlar ham uni bir dam tark etdi... Soʻng u birdan bularning hammasini esladi va yigʻlagisi kelib ketdi!

Unga kulimsirab qarab turgan Ismat:
— Teraylik boʻlmasam, teraylik! — dediyu chopqillab boychechaklardan tera boshladi; bir dasta qilib keltirib berdi. Lekin, bandini kalta uzgan ekan, Azim uning hurmati uchun bir oz olib yurdi-da, soʻng sezdirmay tashlab yubordi.

Qor tugab, koʻkalamzor boshlandi.
— Azimjon, Azimjon, kaklik! — deb, Ismat choʻnqayib, olisni koʻrsatdi. Azim ham choʻnqaydi. Olisdagi bir uyum, hoʻl, malla toshlar orqasidan bitta kaklik chiqib, boʻynini choʻzganicha naridagi tosh uyumi tomon chopib borar edi.
— Oting, Azimjon!

Azim koʻzlab otdi, oʻq tegmadi. Buning ustiga, u yerda qochqoq kaklikning sheriklari ham bor ekan, chugʻurlashganicha duv koʻtarilib, etak tomonga pastlab ketdilar.
— Borasizmi, Azimjon?
— Charchadim.

Ismatning oʻzi tiygʻona-tiygʻona kakliklar orqa-sidan ketdi. Azim haligina kaklik qochib chiqqan-joyda oʻtirib, atrofni tomosha qila boshladi. Yarim soatlardan keyin ustma-ust oʻq ovozlari eshitildi va Ismat ikkita oʻljaning qanotidan ushlab, halloslab qaytib keldi.
— Mana!

Azim olib tomosha qildi, kakliklar hali issiq-qina edi. Keyin qaytarib uzatgandi, Ismat uni Azimning belbogʻiga osib qoʻydi.
— E, Ismatjon, — dedi Azim. — Siz hali-hamon oʻsha Ismatsiz. Bizni shahar urib tashlapti...

Ismat achinib, mehr toʻla koʻzlari bilan doʻstining ma’yus chehrasiga bokdi.

Uch kundan keyin Azim shaharga ketdi.

Bu yil Azim istirohat oyini xotin, bola-chaqasi bilan Issiqkoʻlda oʻtkazdi, qishloqqa borolmadi.

Erta aprel kunlarining birida Azim ishdan kel-gan edi, xotini unga telegramma koʻrsatdi, unda: «Priglashaetes na razgovor s...» deyilgan edi. Yana «17.00» yozilgan. Demak, Toshkent vaqti bilan soat 8da borishi kerak pochtaga (shundoq rahbar boʻlgani bilan uyiga telefon olib kelolmagan, bunga zilzila katta toʻgʻa-noq boʻlgan edi).
— Kimdan ekan bu?
— Bilmadim, — dedi xotini.
— Onamdanmikan?
— Onangizdan yaqinda xat kelgan edi.
— Shu... javob yozish kerak edi-da.
— Balki ukangizdandir?
— Ehtimol.

Azim issiq uydan chiqib, pochtaga borishga erindi, oqshomgi gazetani oʻqishga tutindi, oʻqirkan, «Kim boʻlsayam... kutadi-kutadi, ketadi-da, keyin... vaqti yoʻq ekan... deb oʻylaydi».

Biroq, soat yetgi yarimlar chamasi oʻtgach, xotini uning xonasiga kirdi:
— Menga qarang. Borib keling. Shu yarim soat vaqtingiz ularning kutishiga arzimaydi, — dedi.
— Toʻgʻri, — deb gazetani stolga tashladi.

Pochtaga bordi.

Navbati yetdi...

Qishloq pochtasining navbatchisi: «Gaplashing!» de-diyu Azim olisdan kelayotgan tanish, titroq ovozni eshitdi:
— Azimjon, Azimjon!.. — deb chaqirar edi Ismat. — Sizmi bu?
— Men, — dedi hayron boʻlgan Azim. — Men.
— Sogʻmisiz, Azimjon, salomatmisiz?
— Rahmat, oʻzingiz yaxshimisiz? — dedi Azim ensasi qotib.
— Azimjon!.. Sizni... sogʻindim! Eshityapsizmi?
— Himm... Men ham, — dedi Azim ichida kulimsirab.
— Qachon kelasiz endi? Nimaga kelmadingiz?
— Vaqt boʻlmadi, Ismatjon... Boraman nasib boʻlsa.

Azim uyga qaytib kelib, chaqirgan Ismat ekanini,

sogʻinganini aytdi. Er-xotin yosh bolaga jilmayganday bir-biriga jilmaydi...

Azim shu kecha uxlash oldidan chekkani hovliga chiqqan edi, eti totli junjikib ketdi. Atrofga gangib qarab, yumshoq shabada esayotgani, koʻklam nafasi ke-layotganini sezdi va hali ensasi qotgani uchun eslamagan narsasini esladi: Ismatni, ovni... Uning koʻzi oldiga bultur shundoq kunda ovga chiqqanlari keldi: tumanli kun, qor bosgan adirlar... Boychechaklar... Boy-chechak!!! Azim birdan tek qoldi: boychechak, sovuqbandli boychechak shundoq roʻparasida turgandek, uni ushlab koʻrgandek boʻldi!!! U shu qadar goʻzal, iffatli va xayoliy... Azimning koʻnglida yana oʻsha his — bolaligi uygʻondi, u endi shaharda turganini unutdi: beixtiyor yigʻlagisi kelayotganini sezdi!!!

Keyin, birdan jiddiy tortdi va Ismatning ataylabdan shundoq kunda telefonga chaqirganini taxmin qildi, keyin birdan oʻzini qishloq bilan, bolaligi, ov bilan, yoqimli, ma’yus tuygʻular bilan bogʻlab turgan narsa, unga Ismat boʻlib tuyuldi... va endi Ismatdan hech qachon, hech yerda ajralolmsligini his qildi!!!

Shu his ta’siridami, unga xat yozish kerakligini, uni sogʻinishi kerakligini oʻyladi.

1965